Sarob

0
109
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 27 yilligiga

 

Ming toʻqqiz yuz sakson uchinchi yilning kuzi. Choshgoh. Tiramoh quyoshi yerni qizdirib turibdi. Yaxlatgich oʻrnatilgan salqin xonada tumanning birinchi rahbari telefonda kim bilandir gaplashmoqda. Shu payt xona eshigi ochilib, oldinda sargʻishdan kelgan uzun boʻyli, ozgʻingina kishi bir qoʻlida plash, ikkinchisida qop-qora sumka koʻtargancha kirib keldi. Uning izidan ikki yigit ham kirdi. Rahbar oʻrnidan turib, ular bilan iliqqina koʻrishdi va oʻtirishga taklif etdi. Moskvadan kelgan nufuzli xodim oʻzi bilan viloyatdan ikkita malakali taftishchini ham ola kelgandi. U kresloga yastanib oʻtirgach, choʻntagidan qip-qizil guvohnomani olib, rahbarga uzatarkan, shu asnoda oʻzini tanishtirdi:

– Sergey Akimovich!

Uning vajohatidan ot hurkardi. U qattiq topshiriq olgandi: ayovsiz tekshirish oʻtkazasan, jazoga torttirasan! Sergey xizmat safarining boisini bildirdi va tuman rahbari oldiga jimjimador yozuvli besh-olti varaqni surib qoʻydi. Bular Moskvadagi obroʻli idoraga yoʻllangan shikoyat xati edi. Rahbar ariza bilan obdan tanishdi. Unda “Guliston” xoʻjaligining bosh hisobchisi Nodir Sharipovning xoʻjalik mablagʻlarini talon-toroj qilayotgani, atrofiga oʻzining yaqin qarindoshlarini toʻplab olgani, yaqinda hayhotday uy qurgani, xonalar zarhallangani, har bir xonaga qimmatbaho qandillar osilgani va chet el garniturlari bilan jihozlangani bayon qilingandi. Lekin shikoyatnomaga hech kim imzo qoʻymagandi.

– Qarshiligimiz yoʻq, – dedi tuman rahbari vazminlik bilan bamaylixotir. – Men bosh hisobchi Nodir Sharipovni juda yaxshi taniyman. U kishi insofli va diyonatli inson. Bu – koʻrolmas, ichiqoralarning ishi.

“Diyonatli emish, – Sergey Akimovichning xayolidan oʻtdi. – Sizlarda oʻzi diyonatli odam bormi? Baring oʻgʻri-muttahamsanlar-ku!”

– Noyob kadr desangiz-chi! – deya Sergey kesatdi.

Birinchi rahbar uning kesatigʻiga eʼtibor bermadi.

– Haqiqatan ham noyob desa boʻladi. Oʻz ishini puxta biladi, kasbini vijdonan bajaradi. Arizaga ism-familiyasiniyam qoʻymapti, nomardlar! Imzosiz!

Sergey istehzo bilan iljaydi: “Bechoralar qayoqdanam ismi-familiyasini oshkor etsin. Avlodi bilan yoʻq qilib yuborasanlar-ku!”

Tuman rahbari oʻrnidan turdi:

– Bari – tuhmat gaplar. Ishonchim komilki, shikoyatdagi vajlarning birontasi ham oʻz isbotini topmaydi!

– Bari boʻhton deng, – Sergey Akimovich yana zaharxandalik bilan luqma tashladi. – Tuhmatmi, tuhmat emasmi – bu tekshirishda ayon boʻladi.

– Mayli, tekshiring, tekshirganda ham yaxshilab tekshiring. Bizdan nima yordam kerak boʻlsa, bariga tayyormiz!..

Sergey Akimovich birinchi rahbarning xonasidan chiqdi-da, toʻppa-toʻgʻri “Guliston” xoʻjaligi idorasiga keldi. Xoʻjalik rahbarlari bilan uchrashdi va oʻzining maqsad-muddaosini aytdi.

– Nodir Sharipov kecha sanatoriyadan qaytdi, – dedi direktor. – Mayli, siz nima desangiz shu…

Sergey yalt etib, xoʻjalik rahbariga qaradi:

– Sanatoriyadan qaytdi?! – u mamnun iljayib qoʻydi. – Mazza qilib dam olgandir-da!

Demak, shikoyatnomaning ham isboti topila boshlandi!

Xoʻjalik rahbari arizani qoʻliga oldiyu burnini jiyirib qoʻydi.

– Arizadagi gaplar… – rahbar bosh chayqadi, – bari behuda gaplar, buni igʻvogarlar yozgan…

“Topgan gapini qarang, dabdurustdan igʻvogarlar yozgan deydi-ya. Tavba? Sen qayoqdan bilasan igʻvo ekanligini? Yonini olasanlar-da. Baring – hamtovoqsan. Tumanning rahbarigacha sheriksan. Hali koʻramiz, men ishni bir boshlab olay, sichqonning ini ming tanga boʻlib, hammang qochishga joy topolmay qolasanlar!”

– Mehmon siz, avval bir piyola choy ichib oling. Undan soʻng bemalol ishga kirishaverasizlar! – xoʻjalik rahbari uni taomga taklif etdi.

Sergey Akimovichning peshonasi tirishdi.

– Yoʻq, – dedi asabiylashib, – mumkin emas. Biz hozirdanoq ishga kirishamiz!

Xoʻjalik direktori yelkasini uchirdi:

– Ixtiyoringiz…

Choy ichamiz emish. Bular “hunari”ni koʻrsatishni boshlayapti, shekilli. Ustozi Andrey Denisovich toʻppa-toʻgʻri aytgan ekan. Quyoshli yurtga joʻnashi oldidan “Sasha, juda ehtiyot boʻl! Ular ahil-inoq xalq. Bir-birovini oʻlgudek himoya qilishadi. Qanday qilib boʻlmasin, seni “sotib” olish payida boʻlishadi. Zinhor-bazinhor ularning choyini ham icha koʻrma, sovgʻalarini ham olma! Rasvo boʻlasan”, degandi.

* * *

Taftishchilarga idoraning oʻzidan eshik-derazalari panjarali alohida xona ajratib berildi. Ular shu vaqtning oʻzidayoq xoʻjalikning moliyaviy ishlarini tekshirishni boshlab yuborishdi. Tagʻin bir komissiya tuzildi. Sergey Akimovich komissiyani olib, ikkita yengil mashinada dabdabali “koshona”ni oʻz koʻzi bilan koʻrmoq uchun oldinma-ketin joʻnadi. Bosh hisobchi Nodir Sharipov yashaydigan qishloq xoʻjalik idorasidan nari borsa, oʻn-oʻn ikki chaqirim uzoqlikda joylashgan ekan.

Sergey avtomashina oynasidan yoʻl chetini tomosha qilib borardi. Pastak, loysuvoq va koʻrimsiz uylar. Har joy-har joydan tomi shifer bilan yopilgan uylar ham koʻrinadi. Hov, toshlari koʻrinib turgan uy yonida erkak kishi hadeb loy qoriyapti. Har-har zamonda manglayidagi terni yengi bilan artib qoʻyadi. Xotini esa loyga chelakda suv quyib turibdi.

“Voy, bechoralar-yey! Zaril keptimi, shunday jaziramada ishlab? Haqiqatan ham kambagʻali – kambagʻal, Nodir Sharipovga oʻxshaganlari esa davrini surib yotibdi” – koʻnglidan kechirdi Sergey.

Oʻnqir-choʻnqir yoʻl avtomashinani silkitib yuboradi. Sergeyning boshi “qars” etib mashina salonining shipiga uriladi. Roʻparadan yon tomoniga hashak toʻla qanorlar bogʻlangan eshak ustida yupun kiyingan bir bola bor ovozi bilan qandaydir qoʻshiqni kuylab kelayapti. Murgʻakkina bolaniyam ishlatishadi, egoistlar, deb qoʻydi Sergey ichida.

Mashinalar tepalikdagi bir uyning oldiga kelib toʻxtadi. Mashinalar toʻxtagan zahoti orqadan chang-toʻzon ham yopirilib keldi. Nariroqdagi uydan ellik yoshlar atrofidagi bir kishi ularga peshvoz chiqdi va mehmonlar bilan birma-bir qoʻshqoʻllab koʻrishdi. Hamrohlari Sergeyga uni tanishtirdi: bosh hisobchi Nodir Sharipov ekan.

Bosh hisobchi tavoze bilan chap qoʻlini koʻksiga bosib, oʻng qoʻlini uy tomonga yoyib, ularni ichkariga boshladi. Sergey indamay ular izidan yurdi. Bor-yoʻgʻi bitta ayvonli va oltita xonadan iborat uy ekan. Koʻrinishidan yangitdan qurilganga oʻxshaydi. Meni qayerga olib kelishdi oʻzi? Bu – qitmir xalqning galdagi nagʻmasi! Oʻrgildim, senlarning dahmazalaringdan. Meni kim deb oʻylayapsanlar? Senlar shoxida yursalaring, men bargida yuraman!

Sergey Akimovich hech narsa demasdan ular boshlagan joyga boraverdi. Xonalar ichiga birma-bir kirib chiqishdi. Xonalar pol-potolok qilinmagan, devorlarining toshlari koʻrinib turibdi, ayrimlarning devoriga loy urilib, gʻadir-budir iz qolgan. Sergey qoʻli bilan uy ichidagi chuqur handaqqa ishora qildi:

– Barcha xonalarda shunaqa chuqurlarni koʻrayapman. Bu – nima? – deb soʻradi u.

– Bu yerdan tuproq qazib, hov anovi koʻrinib turgan somonni aralashtirib, loy qilishgan, – tagʻin unga uqtirishdi.

Shunday qilib, ular tashqariga chiqishdi. Safardoshlaridan biri unga “Endi koʻngling joyiga tushdimi?” degandek nigoh tashladi.

– Endi mening ham bir gapim bor, – dedi Sergey koʻzlari mugʻombirona qisilib, – Meni ajoyib “sayohat” qildirdilaring. “Sayohat”dan bir dunyo taassurot oldim. Buning uchun sizlarga mingdan-ming tashakkur! Biroq… biroq menga shikoyatda bong urilgan naqshinkor saroyni koʻrsatsalaring, iltimos!

“Iltimos” degan soʻzni u ataylabdan mazax qilib aytdi va soʻngra qoʻshib qoʻydi:

– Adashib meni boshqa uyga olib keldilaring chogʻi. Men oʻsha dabdabali uyni oʻz koʻzlarim bilan koʻrishni istayman!

– Bosh hisobchi Sharipovning yangidan qurgan uyi – mana shu! Oilasi bilan yashab turgan uyi esa, – yuz qadamcha narida joylashgan eski bir uyni koʻrsatishdi, – ana!

Sergey Akimovich soʻlish olganicha:

– Nahotki? – dedi bir eski uyga, bir yangisiga razm solarkan. – Nahotki, shunday boʻlsa? Boʻlishi mumkin emas! Axir-axir…

Idoraga yetib kelganlarida taftishchilarning oldida bir uyum buxgalteriya hujjatlari, qogʻoz titkilab oʻtirishardi. Shu turish ikki hafta hujjat titishdi. Sergey Akimovichning esa battar xunobi oshardi. Shuncha kunni behuda sovurganiga, eng asosiysi va alam qiladigani – unga ishonch bildirgan kishilar oldida yuzi shuvut boʻlayotganiga ezilgandan-ezilardi.

Oʻn beshinchi kuni subhidamda taftish qiluvchilardan biri xoʻjalik idorasiga kelib, xona eshigini ochganida, gʻalati manzaraning guvohi boʻldi. Xona eshigi ochilishi bilanoq achchiq hid dimogʻiga urildi. Xona oʻrtasidagi linoleumning bir parchasi kuygan edi. Nihoyatda koʻngilsiz manzara…

Taftishchi shu zahoti bu haqda Sergey Akimovichga xabar berdi. Sergeyning oʻzi shoshganicha kelasolib, xona ichini sinchiklab koʻzdan kechirdi. Birdan uning xayoliga shu fikr keldi: buni bosh hisobchining hamtovoqlari uyushtirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida hujjatlarni yoqib yubormoqchi boʻlishganu xonaga oʻt qoʻyishgan. Biroq ulgura olishmagan. Endi tugun yechiladi!

Zum oʻtmayoq operativ guruh yetib keldiyu, tekshir-tekshir, surishtiruv boshlab yuborildi. Sergey esa tuman rahbarining huzuriga oshiqdi. Bosh hisobchining bu qilmishi himoyachilariga qanaqa taʼsir etarkin?

Xayriyat, birinchi rahbar xonasida ekan. Shartta kirib bordiyu voqeani tantanavor tarzda bayon qildi. Rahbar xotirjam tarzda:

– Xabarim bor! – dedi qoʻllarida sharikli ruchkani oʻynatib.

– Xabarim bor? – Sergeyning koʻzlari kosasidan chiqquday boʻlib katta-katta ochildi. – Nima, yoqmoqchi boʻlishganidanmi?

– Yaxshi ish boʻlmapti, Sergey Akimovich! – dedi rahbar vazminlik bilan. – Xoʻp, mayli, siz oʻylagancha boʻlaqolsin, shu ishni qiladigan odam nega tekshirishdan avvalroq hujjatlarni yoʻq qilmadiykin? Buning iloji bor edi-ku, chamamda!

Sergey Akimovich ham boʻsh kelmadi:

– Qiziqmisiz, oʻrtoq… axir unda… Unda ularning jinoyatchiligi ayon boʻlib qoladi-ku!

– Sergey Akimovich, hamma gap – ana shunda-da! – dedi birinchi rahbar suhbatdoshining zahil aftiga tikilib. – Men bu ishni kim qilganligini bilmaymanu, bu ish albatta surishtiruv va tergov jarayonida aniq boʻladi-qoladi. Biroq… biroq bu ishni siz shubhalanayotgan bosh hisobchi Nodir Sharipov sodir etmagan! Ikki dunyodayam bunaqa ishni qilmaydi u kishi! Men bunga aminman!

Bu gapdan Sergeyning ensasi qota boshladi: ol-a, ana, “Orqatogʻ” tagʻin bosh hisobchini himoya qilishni boshladi. Kim nima desa, desinu lekin Andrey Denisovich oʻta aqlli, oʻta dono inson-da! Hamma narsani miridan-sirigacha biladi. Ustozining gapi rost chiqayapti. Bular bari bir-birini himoyalashadi. Bularning hammasi – oʻgʻri, hammasi – muttaham. Bir-birlariga koʻrinmas zanjir orqali bogʻlanib ketishgan.

Sergey Akimovich “Guliston” xoʻjaligi idorasiga yetib kelganida, uning taʼbini tirriq qiladigan xabar kutib turardi.

Surishtiruvlar natijasida bir parcha linoleumning kuyishi taftishchilardan birining eʼtiborsizligi oqibatida sodir etilgani ayon boʻldi. Ulardan biri chekuvchi edi. Kecha kechqurun oʻsha taftishchi yarmi chekilgan sigaretini qandaydir xayol bilan stol ustiga tashlaganu xona eshigini bekitib, zarur ish bilan viloyat markaziga joʻnavorgan. Deraza fortochkasi ochiqligicha qolgan. Chala chekilgan sigaret linoleum ustiga tushgan va kuydira boshlagan. Lekin alanga olmagan.

Shunday qilib, shov-shuvlar puchga chiqdi. Sergeyning shunchalik jon koyitgani qayoqqa ketayapti oʻzi? Haligacha u kirishgan “ish” bunaqangi barbod boʻlgan emasdi. Koʻzlari oldidan uni intiq boʻlib kutayotgan hamkasblari oʻta boshladi. Ular kalaka qilib, uning ustidan kulishayotgandek, ayniqsa, ustozi Andrey Denisovich xumdek kallasini chayqaganicha teskari oʻgirilib, afsus bilan “Sasha, sen ishonchimni oqlolmading! Suf, senga-yey!” deyayotgandek edi. U zulmat ichida qolgandek sezdi oʻzini. Keksa hamkasbi esa boshini sarak-sarak qilayapti: “Sasha, aytmabmidim. Senga doimo sabrsizliging pand beradi. Hamma narsaga qora koʻzoynakda qaraysan!”

Sergey Akimovich qoʻqqisdan jigʻibiyroni chiqib, tutoqib ketdi-da, tizzalariga qattiq shapatiladi. Keyin taftishchiga qarab, tomogʻi yirtilgudek chiyillab baqirdi:

– Natija nima boʻldi, natija? Nima, men shamol haydab yuribmanmi? Axir men nima degan odam boʻldi-ii-im? Oʻh-hh, laʼnatilar-yey!..

Taftishchi yelka uchirdi. Sergey esa chidab boʻlmas darajada jigʻibiyroni chiqdi va qoʻllari bilan stolga qarsillatib musht tushirdi va kursiga behol oʻtirib qoldi. Avzoyi odamning oʻta rahmini keltirar darajaga tushib qolgandi. Bu holni koʻrib taftishchi darhol unga piyolada sovuq choy uzatdi. Ammo Sergey kafti orqasi bilan piyolani nari surdi.

– Qonunga xilof hech qanaqa ishni topolmadik. Oʻzlashtirilganlik alomatlari ham yoʻq! – dedi-da, taftishchi Sergeyga maʼlumotlar bitilgan va unga ilova qilingan bir talay hujjatlarni uzatdi. – Axir yoʻq joydagi narsalarni yopishtirolmaymiz-ku! Xohlang, boshqatdan tekshirish oʻtkazdiring. Unda ham shu natija chiqadi!

Sergey taftishchining koʻzlariga baqrayib tikildi va hafsalasi pir boʻlib, asabiy holda qoʻlini siltadi. Sergey Akimovichning tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, dami chiqqan pufakdek shalvirab qoldi. Endi shikoyat xatida bayon etilgan barcha vajlar sarob ekanligiga aqli yetdi. Jon achchigʻida siltanganicha qogʻozlarni olib, sumkasiga tiqdi. U ish oʻzi kutganichalik yuz bermaganligidan nihoyat darajada afsus-nadomatda edi. Ashqol-dashqollarini apil-tapil yigʻishtirib, darhol juftakni rostladi.

 

Abduqayum BEKKAMOV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.