Sarishtali odamlar

0
171
marta koʻrilgan.

Murtoz aka – akamning oshnasi boʻlsa ham menga koʻproq yovuqmi – baʼzan bilmay qolaman: akam bilan sinfdosh boʻlgani bilan menga koʻngilsozligi bor. Buning sababi menga noayon desam, katta gapirgan, balki oliftalik qilgan boʻlaman. Chunki Murtoz aka qishloqda tugʻilib voyaga yetgani bilan choʻl hududda, qisqasi, Jizzaxning ham qaqragan bir chekkasida yashadi. Qattiq ishlar edi. Ammo doim oʻziga toza, oʻziga pishiq, biror nojoʻya ish qilmas edi. “Chestniy Murtoz” degan laqab oʻz odamlari tomonidan toʻqib yopishtirilgan edi. Kasaba uyushmasi boshligʻi, hisob-kitob ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, bosh buxgalter, yoʻq, direktor boʻlmagan, shu-u, shu bosh buxgalterligi eng katta vazifasi edi. Koʻpni mehmon qildi. Koʻp bilan ulfat boʻldi, “chestniy”ligi sabab hujjatlaridan biror katta ishkal chiqmadi, voy, boʻ-oʻ, boshqa koʻplarning uyi kuydi, “naryoqqa”, ha, undan ham “naryoqlarga” borib taʼzirini yeb, yemagan somsaga pul toʻlaganlar qancha boʻldi.

Murtoz aka vaqtida etagini yigʻishtirdi. Ha, oʻz vaqtida. Oʻzi choʻl degan joyda non tugab boʻlgan edi. Qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, sugʻorish tizimlari birin-ketin izdan chiqib boʻlayozgan, ahvol oʻnglanish oʻrniga yomonlashayotuvdi. Yigit qoʻlini yuvib qoʻltigʻiga urdi. Toʻrt qizi bor edi, beshinchi qizi va nihoyat, oltinchisi – oʻgʻli Toshkentda tugʻildi.

Shaharda suyangan odamlari boʻlgan, albatta. Goho sizga koʻp suyanganman desa, bu menga ortiqcha koʻpirtirayotganday, “paxta qoʻyayotgan”day tuyulib ketadi-da, qoʻying aka, boʻlarini ayting, deb chalgʻitaman.

Aka dilkash, pokiza inson. Oʻzi ham, yuzi ham, koʻzi ham, kiyimi ham – hamma narsasi toza, chiroyli. Shunaqa odamlarni koʻrganmisiz? Oʻsha – eslaganingiz: Chexov aytganiday-da.

Akamga sinfdosh boʻlaturib men bilan oshnochilik qilishining sabablari bor. Meni poytaxtga kelib, birovga oʻligini tashlamay, oʻmganini koʻtarib yurganlardan, birovning oldida tili qisiq emas, yetarli obroʻyi bor deb oʻylaydi. Oʻzi, masalan, shunaqa odam. Boring, ana, kamina ham shundaydirman. Lekin bor-yoʻq xislatlaringni tilga olaversa, shaharga shu odamlarga suyanib kelganman-da, deyaversa, odamga ancha malol keladi.

Aka, qoʻying, vaqti-soati boʻladi, oʻshanda basharamga qarab rosa maqtaysiz, deyman. Lekin bir hisobi, maqtov yoqib ham turadi. Xudbinlikka yoʻymasangiz, shu jihatiniyam aytib oʻtganim maʼqul.

Sirgʻalining bir chekkasidan uch xonali uy olganida, uy toʻyi qilganida koʻpchiligimiz borganmiz, mehmoni boʻlganmiz. Ishi oʻzgardi, uylari kengaydi, koʻpaydi. Bu ham emas, odamning iqboli – farzandlari, xususan, qizlari tufayli kulishi mumkin ekan. Men buni Murtoz aka misolida koʻrdim.

Besh qizi bor, oʻsha kuni toʻrtinchi qiziga sovchi keladigan boʻldi. Oʻzining aytishicha, quda juda katta joyda, zoʻr vazifada ishlaydi. “Uzr, hozircha sizga ham sir tutaman”, xuddi shunday dedi. Garchi qiziqsang ham avvaldan gapni aylantiraversa, ha, deysan-da.

Birinchi qizi oʻzining joʻrasiga kelin boʻldi. Kimlardir ha endi qishloqqa tushsa shunday “kamtargina” toʻy qilingani tuzuk deb kulish qilishgan. Qizi oʻqiganligiga yarasha uncha-muncha doʻstlarini ham kulmasin, deb qishloqdagi bazmga chorlamagan va tabiiyki, kelin ortiqcha dahmazasiz uyidan oq “Neksiya”ga oʻtqizib opketilgan. Ishonasizmi, uch yilda ikki oʻgʻil nevara koʻrdi. Kuyovi ham shaharga kelib tuzuk ish topib oldi. Hademay qaynotasining yonidan oʻzi uy olib joylashdi.

Katta qizi Shoiraning baʼzi dugonalari hali ham baxtini topmagan. Shoiradan besh-olti yil burun shaharga koʻchib kelgan, demakki, “votti-votti” deyishga koʻproq haqi boʻlgan “Pari” – uning asli ismini birov atamaydi – institutdaligidayoq Tosh Rahmon degan estrada qoʻshiqchisiga ikkinchi yo uchinchi xotin boʻlib tegib olgan, mana shuni katta martaba bilib, boshqalarni nazar-pisand qilmay yurar edi.

Ota-onasining uyidan toʻy boʻlib chiqmaslik uyat. Buning isnodini oʻzbek biladi. Qiz bolaning ishi ogʻir savdo. Qoʻshiqchiga tekkan Parining ortida ancha gap bor edi. Qoʻshiqchining Ruxsorbek ismli oʻgʻli borligini ham qoʻshnilar va qarindoshlar bilishdi. Andijonda emish, hovli-joyi tuzuk emish. Tagʻin yangi gap chiqdi: Pari ota uyidan “pok qiz” boʻlib uzatilmayotganmish. Eri Tosh Rahmon ikki yuz dollarga bir talaba “kuyov” topibdi. “Qiz”ni uyidan rasm-rusumini qilib, nikoh oʻqitib, toʻgʻri Andijondagi Toshvoyning hovlisiga tushirishibdi. Bu yoqdagi “qiz bazm”da Toshvoyning shaxsan oʻzi “kelin-kuyov”ga baxt tilab, oʻnta qoʻshiq aytibdi, qizning “oʻrtoqlari” toʻyda obdon eshilib-buralib oʻynagan. Toʻydan keyin “kuyov” martabadan tushib, sekin liboslarini yechib, uzr soʻrab, koʻchaga chiqib taksi tutayotganmish…

Xoʻjakoʻrsin toʻyning bu xil sirlarini asli bilmagan odam qoldimi? Gap yerda yotarmidi? Pari Shoiraga ham taklifnoma berib kelgan. Lekin borsang toʻy vahimasini koʻrib izza boʻlib kelasan, degan. Shoira toʻyga bormasa ham tafsilotini eshitdi. Endi… odam zoti halol ishlar qilishi kerak-da. Bu koʻzboʻyamachilik kimga kerak?

Ikkinchi qizi Toshkentga, uchinchisi Buxoroga, toʻrtinchisi Fargʻonaga kelin boʻldi. Ammo kechagina qishloqda yashab yurib, bu-uncha joylar bilan quda-anda boʻlaman deb oʻylamagan akaning boshi garang edi. Qizigʻi shundaki, barcha qizlari baxtli, kuyovlarining hammasi u odamni, qizlariga oʻxshab “adajon!” deyishardi. Qishloq odamiga birda erish eshitilib, qulogʻining qitigʻi kelsa-da, bora-bora moslashib qolarkan.

“Uka, hali koʻraverasiz, qizning baxtdan tingani zoʻr boʻlarkan. Ustingizdan togʻ agʻdariladi, togʻ! Mana, uchta togʻ agʻdarildi ustimdan. Toʻrtinchisi, mana hammasidan oshib tushdi. Hey, uka, falon joyda ishlaydi, huv anov yerda!” (deb osmonning ham naryogʻini koʻrsatadi, kuyovning xususiy banki bor emish – e, qudaning mol-mulkini boshqarishga bir bank kerak emish-da, toʻgʻriyam-da).

Soʻng:

– Bildingiz-a? – deydi oʻsmoqchilab.

– Ha, bildim, – deyman hech narsani tushunmasam ham.

– Keyin, toʻydan keyin bilasiz, oʻzi yonida kimlar kelganidan ham tasavvur qilaverasiz.

Ha, fotiha kuni yonida kimlar boʻldi, dersiz. Falon eshon, fiston sudur, avliyosi yoʻq, vallohi aʼlam, lekin, qiziq, maʼraka oxirigacha quda kimligini sezmabmiz. Bir kichkina odam, uyam ikki kishi – aka-ukalar emish, farqiniyam ajratolmadim, tashqariga chiqqanlarida biri choʻntagidan ikkita konvert oldi, konvertning birini unisiga uzatdi, unisi qudaga uzatib yubordi-da, darhol duoga qoʻl ochib “toʻy boʻlsin!” deb qoʻyaqolishdi. “Sut puli”dir deb qoʻyaqoldim. Biroq…

Kechqurun Murtoz aka yuragi yorilib telefon qilayotir:

– E, uka, nega ketib qoldingiz, juda zoʻr yangiliklar bor bu yoqda, tez yetib keling!

Borsam, aka bir litrlik aroqni stolga qoʻygan, yonida ikki kuyovi, oʻzidan-oʻzi tutab, oʻzidan-oʻzi yonib yotibdi.

– Endi doʻstim, qizlarimning hammasi baxtli boʻldi hisob, Xudoga ming qatla shukr, million marta shukr! Mana, kuyovlarim yonimda, dada, toʻyga, oshga bir soʻm sarflamaysiz, uch kuyov syurpriz qilamiz deyapti, e, uka, buni siz tasavvur qiling-da. Hoy, Bek, akangga bir toʻldirib quy, ha, toʻldirib, toʻl-di-rib! Malades, indamang, koʻtaring! Yana bitta!..

Bu jarayonlardan ham oʻtib boʻlgach, aka koʻzlari alang-jalang, qabatimga obdon yaqinlashib keldi, tumshugʻi ham tumshugʻimga deyarli tegib turardi.

– Bazm uniki, osh – “pap”, mayda-chuyda, mebel, savat, togʻora – hech narsa kerak emas ekan. Bunisiyam mayli, qancha toʻyona qilganini soʻrang…

Kimdir orqasidan turtdimi, chimchiladimi, koʻzlari bir qur hushyor olayib ketdi. Xotini yo qizi telefonga chaqirayotganini aytdi.

– Hozir, hozir… – deya ruschalab yengil soʻkindi aka.

Kamina bilan hasratlashmoqchi edi-yu, bular beliga tepishdi: nega axir, kimgadir yaxshi gapingni ham aytsang, quvonchingni boʻlishsang boʻladi-ku.

– Uka, buyogʻi voobshʼe besh…

– Ha, tushundim, besh…

– Uka, undan koʻp… beshdan ham koʻp!

– Qoyil, baraka topsin, buning hammasini nima qilasiz, tavba, qiz sotib boyiyotgan odamni birinchi koʻrishim…

– Hali, uka. Hammasi “vo” boʻladi!..

Aka “telefonga” ketdi va… shu bilan qaytib kelmadi – kayfi oshib qopti. Har qalay, shunday xabar kelsa ishonasan-da odam…

Uyning, ayniqsa, ustoz Omon Muxtor aytgani kabi “ayollar saltanatining” oʻz siru asrori boʻladi. Uni birov bilib qolsa maza qilmaydi. Men buni toʻgʻri tushunaman, shu bois vaziyatni payqagan madaniyatli odam sifatida uyga qaytdim. Balki besh, balki oʻn mingdir, har qalay akaga yaxshi boʻpti, toʻy xarajati kam yo yoʻq, kuyovlari oshni koʻtarayotgan boʻlsa, demak, ancha yengillik deb oʻyladim. Havasim keldi.

Ota-ona, ayniqsa, qiziga har qanday sharoitda obroʻyim tushmasin deb yurak hovuchlab toʻy qiladi, borgan joyida tosh qotsin, baxtini topsin, bori niyati – shu.

Aka baribir kimgadir yorilgisi kelgan. Mendan boshqa biror sirdosh topolmaganmi, ishqilib ikki kun oʻtgach, kechki nonushtaga chorlab yorildi:

– Oʻn ming beribdi!

– Koʻkidami?

– Ha-da!

– Yoʻgʻ-e?

– Hech kutmagan edim, qiziq boʻldi, – deb bosh qashladi.

– Toza niyatda bersa – beribdi-da. Biti toʻkilsin debdi-da.

– Mayli-ku, otasiga rahmat-ku, lekin bu sabil qolgur… koʻp-da, juda koʻp. Qudalar odatda u kam, bu kam deb talashib, yozgʻirib, nima qilishini bilmay yotishadi, buyogʻi necha puldan tushdi endi?

– Mendan soʻrayapsizmi?

– Endi, yosh boʻlsangiz ham, uka, koʻpni koʻrgansiz, shaharga avval kelgansiz, mening boʻynimda qolib ketmasin deyman-da.

– Qizingizga kattaroq sep qilib yuborsangiz-chi?

– Sepni sira gapirtirmayapti-da qudamiz. Oʻzlari yasatib-tuzatib qoʻyibdi, hech narsa opkelmanglar deyapti.

– Bitta yoʻli bor, – dedim.

– Qanaqa-qanaqa? – deya koʻzlari olayib ketdi akaning.

– Yarmini bizga choʻzasiz, sengayam yuqsin deganingiz boʻladi.

– Ob-bo, nima gap ekan debman. Lekin jiddiy gap: haqiqatan oʻylanib qoldim.

– Oʻylanmang, odamlar yoʻqlikdan, yetishmovchilikdan zorlanadi, sizniki yengil, koʻzni yumib oʻzingizga ishlatavering.

Shunday qilish mumkinligini aka mensiz ham biladi, biroq joʻyali maslahat chiqib qoladimi, deb oʻylagan.

Toʻyga Erali-Sherali, Yulduz-Pulduz, yana allaqancha manaman degan xonandalar kelib qoʻshiq aytdi. Ulay-bulay toʻy boʻlmadi. Anov-manov deganlarning ogʻzi gʻorday ochilib qoldi. Boshqa dahmazalarini aytib oʻtirmayman.

Odam obroʻ olsa, obroʻni agar toʻydan olsa, quda bir qop, oʻn qop semirib ketadi. Ammo, oʻlay agar, maydagina, jikkakkina bir odamcha, koʻrsang urging keladi, tuzukroq, maʼniliroq gap ham eshitmaysan ogʻzidan, boʻlgan-turgani shu: begunoh, beziyon bir odam. Boʻyi ham pakana. Gaplashib iching ilimaydi. Shu odamchaga Xudo soʻraganini osmondan yogʻdirib tashlaydi.

Bu dunyoda Vaqt degan eng katta hukmdor bor. Uning qilichi hammanikidan keskir. Oʻzganni toʻzdirib, toʻzganni ozdirib qoʻyadigan ham janobi Vaqtdir. U olovni soʻndirib, sevgini olovlantiradi, jonlini jonsiz, jonsizni jonli qila oladi.

Binobarin odam bir toʻy deb yillab hayajonlanib yurmaydi: boshqa tashvishlar qancha?! Murtoz aka ham avvalgi oʻrtanishlar oʻtib, tabiiy hayot oʻzaniga tushib oldi. Qizi baxtini topdi, oʻrganishli kelin boʻldi. U ota uyga necha bor mehmon boʻldi. Bir gal u kuyovining gapini eslabdi. “Otam oʻshanda boshqa konvertni berib yuborgan, boshligʻiga bermoqchi boʻlgani buyoqqa ketib qolgan, lekin otam bu gapni eslagisi kelmaydi”.

Bugunning odami tushungan odam. Boylari undan ham madaniyatli. Murtoz aka undan ham oʻtib tushgan. Shu bois qudasi uch qavatli hovli qurib uy toʻyiga aytganida, belni mahkam bogʻlab borib qudasiga konvert uzatgan.

Unda necha pul boʻlganini yangam va oʻzi biladi. Xabari bizgacha kelgani yoʻq.

Qanday sarishtali odamlar-a!

 

Sobir OʻNAR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.