Sakkizinchi moʻjiza

0
700
marta koʻrilgan.

Qalamkashga qishloqning qalbi, shaharning aqli kerak.

* * *

Badiiy ijod shunday daraxtki, shoxida umuminsoniy mevalar yetiladi, ildizi esa milliy zaminda yotadi.

* * *

Adib qaysi tilda asar yozsa, oʻsha xalqning yozuvchisi hisoblanadi. Bu oʻrinda millatning daxli yoʻq.

* * *

Yozuvchilik-ikki foiz talant, toʻqson sakkiz foiz mehnatdir, degan gap toʻgʻri boʻlsa, dunyodagi hamma chumolilar yozuvchi boʻlardi!

* * *

Haqiqiy dengizchi ummonda oʻzini qanchalik erkin his qilsa, haqiqiy yozuvchi ham soʻzlar ummonida shunchalik erkin suzishi kerak. Toʻrtta jumla yozmay turib, u yogʻiga soʻz topolmay qoladigan odamdan yozuvchi chiqmaydi.

* * *

Iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib oʻqiladi.

* * *

Tasavvur qiling: siz tasviriy sanʼat muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni, odamlarning qiyofasini koʻzingiz bilan koʻrib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling: siz magnitafonda muzika tinglayapsiz. Cholgʻu ohanglari, xonandaning ovozini qulogʻingiz bilaneshitib, hayajonga tushasiz… endi tasavvur qiling: siz kitob oʻqiyapsiz. Oq qogʻozda qora chiziqlar-harflardan boʻlak hech qanaqa rang yoʻq. hech kim kuy ham chalmaydi. Ammo asarni oʻqishga kirishishingiz bilan koʻz oʻngingizda rangin manzaralar paydo boʻladi. Qulogʻingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. Oʻzingiz bilmagan holda qattiq hayajonga tushasiz…

Hech shubhasiz, badiiy adabiyot-dunyodagi sakkizinchi moʻjiza!

* * *

U- zoʻr ijodkor. Shunchali “polvon”ki, qayoqqa borsa, bir qop “paxta” orqalab yuradi.

* * *

Oʻz xalqi tanimagan, oʻz xalqi sevmagan yozuvchini jahon kitobxoni sevishiga ishonmayman.

* * *

Qogʻoz oq boʻlgani uchun unga Soʻz bitadilar. Paytava kr boʻlgani uchun unga Soʻz bitib boʻlmaydi. Qogʻoz pok boʻlgani uchun zarracha choʻgʻ tushsa, yonib ketadi. Paytava kir boʻlgani uchun tutaydi-yu, yonmaydi. Yozuvchi boʻlish uchun isteʼdodning oʻzi kamlik qiladi.

Qalbi qogʻozdek oq, qogʻozdek yonadigan odamdangina chinakam yozuvchi chiqadi.

* * *

Shoir har kuni aqalli bitta sheʼr yozishi kerak, adib har kuni aqalli bitta sahifani toʻldirishi kerak, degan gaplar yuradi.

Chindan ham tikuvchi har kuni aqalli bitta koʻylak tikadi. Oshpaz har kuni aqalli bir qozon osh damlaydi. Novvoy har kuni aqalli bir tandir non yopadi… shaunday ekan, shoir nega har kuni aqalli bitta sheʼr yozmasligi kerak?

Shunaqa-ku… Tikuvchi doʻkondan tayyor mato olib, tayyor bichim bilan koʻylak tikadi. Oshpaz bozordan tayyor masalliq olib, tayyor qozonda osh damlaydi. Novvoy kappondan tayyor un olib, tayyor tandirda non yopadi…

Qalamkash esa, “mato” bilan “bichim”ni ham, “masalliq” bilan “qozon”ni ham, “un” bilan “tandir”ni ham oʻzi yaratishi kerak. Boshqalar bor joydan bor qilsa, ijodkor yoʻq joydan bor qiladi. Buning uchun esa, Xudo bergan isteʼdod, Xudo koʻngliga slogan ilhom kerak!

* * *

Yozuvchi oʻzi his qilgan hamma narsani toʻla toʻkis qogʻozga tushira olmaydi. Kitobxon qogʻozga tushira olmaydi. Kitobxon qogʻozga tushganlarning hammasini toʻla-toʻkis his qilolmaydi. Binobarin, kitob yozayotgan qalamkash hayajoni kitob oʻqiyotgan oʻquvchi hayajonidan oʻn karra kuchliroq boʻladi.

Asar oʻqiyotganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, oʻsha sahifalarni qalamkash rostmana kulib yozgan. Kitob oʻqiyotganingizda koʻzingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, qalamkash oʻsha sahifalarni rostmana yigʻlab yozgan.

* * *

Asar binoga oʻxshaydi. Faqat bino gʻishtdan quriladi, asar esa soʻzdan. Endi bir narsani tasavvur qiling: bitkazilgan binodan bitta gʻishtni sugʻurib olsangiz, uning husniga shikast yetadi. Oʻnta gʻishtni koʻchirsangiz, bino bosib qoladi…

Shunday asarlar borki, butun-butun jumlalarni olib tashlasangiz ham, yuzta soʻzni oʻchirsangiz ham, mingtasi oʻrnini almashtirsangiz ham hech nima oʻzgarmaydi…

Bunaqangi “asar” bino emas, vayronadir!

* * *

Talantsiz yozuvchi tovuqqa oʻxshaydi. Yongʻoqdek tuxum tugʻadi-da, qaqogʻlab olamni buzadi!

* * *

Ijod-yuz metrli masofani kim oʻzarga yugurib oʻtiladigan sprinterlik musobaqasi emas, uzoq va mashaqqatli yoʻldir.

* * *

Bir hamkasbim nolidi:

-Bugungi kitobxon nodon, savodsiz. Mening qadrimni biladiganlar yuz yildan keyin tugʻiladi.

Men yupatdim:

– Gapingiz toʻgʻri… Faqat uni notariusdan tasdiqlatib, poʻlat sandiqqa solib qoʻying… yuz yildan keyin soʻzingizga guvoh topishingiz mushkul…

* * *

Ikkita eng xolis hakam-Kitobxon va Vaqt sinovidan oʻtgan asar haqiqiy asardir.

* * *

Uchta bolasi bilan xotinini tashlab ketti-da, “Bolalar baxtini oʻylang” deb shigʻir yozdi.

Qoyilley, shovvoz!

* * *

Adiblar ulugʻ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu soʻzlarini ijodxona peshtoqiga yozib qoʻysalar arziydi. “Adabiyot atomdan kuchli.uning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak!”

Munaqqidlar ustoz Ozod Sharafuddinovning ushbu soʻzlarini shior qilib olsalar arziydi. “Tanqidchi ijod bogʻiga bolta emas, tokqaychi koʻtarib kirishi kerak!”

* * *

Dehqon tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: koʻp hosil oladi.

Quruvchi tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: chiroyli imorat quradi.

Jarroh tajribasi oshgan sayin yumushi yengillashadi: yaxshi operatsiya qiladi…

Ijodkor tajribasi oshgan sayin yumushi ogʻirlashadi.

Uning oʻzini takrorlashga haqqi yoʻq!

* * *

Haqiqat havoga oʻxshaydi. Rangini koʻrmaysiz. Ovozini eshitmaysiz. Hidini bilmaysiz… Ammo bir lahza havosiz qolsangiz, boʻgʻilib ketasiz. Kitob ham shunday. Yolgʻonga duch kelgan kitobxon boʻgʻilib ketadi.

* * *

Isteʼdodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga oʻxshaydi. Har bir yulduzning oʻz mehvari boʻladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga kirmaydi ham. Isteʼdodsizlar esa bir zambil shagʻaldek gap. Darrov toʻdalashadi. Toʻda boʻlib jim yotsa-ku, mayli… Baraka topgurlar isteʼdodlilarga tosh otaverib bezor qilgani chatoq…

* * *

Hamkasblarim meni kechirsin-ku, baʼzi qalamkashlar varrakka oʻxshaydi. Shamol qayoqqa essa, oʻsha yoqqa qarab, shox tashlaydi. Shamol qancha qattiq essa, dumini shuncha shitob bilan likillatadi. Qancha havolansa, dardaragi shuncha qattiq varillaydi.

* * *

“Muhabbat” degan soʻz hamma tillarda bor. Inglizlarda-“Lav”, nemislarda-“Libe”, lotin tilida “Amor”, rus tilida “Lyubov”… “Lyubov k Rodine”, “Lyubob k jenshine”, “Lyubov k materi”… Albatta, barcha tillarda bu soʻzning bir necha xil ifodasi ham bor.

Ammo oʻzbek tilida “Muhabbat” degan soʻz shu qadar rango-rang maʼnolarga egaki, hayratda qolasiz! “Yoqtirib qolmoq”, “Koʻngil bermoq”, “Moyil boʻlmoq”, “Xushtor boʻlmoq”, “Oshufta boʻlmoq”, “Dil bermoq”, “Bedil boʻlmoq”, “Mubtalo boʻlmoq”, “Maftun boʻlmoq”, “Mahbub boʻlmoq”, “Oshiq boʻlmoq”, “Yaxshi koʻrmoq”, “Ishq”, “Ishqi tushmoq”, “Ishqi foniy”, “Ishqi boqiy”, “Sevgi”, “Muhabbat”, “Mehr” va hokazolar… Tabiiyki, bular orasida boshqa tillardan kirganlari ham bor. Biroq ularning barchasi- teng huquqli oʻzbek soʻzlari!

Gap faqat bunda ham emas. Bu iboralarning hammasi umummaʼnoni anglatadi va … har biri alohida maʼno tashiydi!

Mumtoz adabiyotda “ishq” soʻzining oʻzi ikki xil maʼnoni ifodalaydi. “Ishqi foniy”-mahbubaga nisbatan sevgi. “Ishqi boqiy” –Tangrining diydoriga yetish…

Bugungi kunimizga kelsak… Boshqa tillarda uchrashi mushkul boʻlgan gʻalati holatlarni koʻramiz. “Vatanga moyil boʻlmoq” degan ibora kulgili tuyuladi. “Vatanni sevmoq” deyiladi. “Ota sevgisi” degani shakkoklikka oʻtib ketadi. “Ona ishqi” degani gunoh hisoblanadi. Farzandning onaga “Xushtor boʻlmogʻi” doʻzaxiylik sanaladi. “Ota-ona mehri”, “Farzandning ota-onani yaxshi koʻrishi”, “Farzand mehri” deyiladi…

Shunday qilib, “Yoqtirib qolmoq” bilan “Koʻngil bermoq”, “Koʻngil bermoq” bilan “Oshiq boʻlmoq”, “Oshiq boʻlmoq” bilan ”Sevmoq”, “Sevmoq” bilan “Muhabbat”, “Muhabbat” bilan “Yaxshi koʻrmoq”, “Yaxshi koʻrmoq” bilan “Mehr” orasida uzoq, juda uzoq masofa bor…

Tilimiz naqadar rango-rang! Tilimiz naqadar boy!

* * *

U yovvoyi gul edi: dashtda tugildi.

Bahor yomgʻirlari shivirlagan pallada yerni tirmalab, yorugʻ dunyoga chiqdi. Barq urib oʻsa boshladi.

Biroq… Qurgʻoqchilik boshlanib, yer toshdek qotdi. U jizgʻanak boʻlib, soʻldi. Ustiga-ustak allaqanday mol uni toptab oʻtdi…

Ketidan achchiq-achchiq shamollar esdi. Qor yogʻdi… Tamom!

… Ammo u tirik edi!

Yana bahor keldi. Ilq-iliq yomgʻirlar yogʻdi. U jamiki koʻrgiliklari evaziga qaytadan bosh koʻtardi. Qaddini rostlab yana barq urib oʻsdi. Gʻuncha tugdi… olov parchasidekyal-yal yondi. Shu qadar muattar boʻy tarata boshladiki, hamma hayratdan yoqa ushladi!…

Shunda…

Uni koʻchirib keltirdilar-da, qimmatbaho tuvakka solib, uyning toʻriga keltirib qoʻydilar.

Qandoq yaxshi! Qurgʻoqchilik qovjiratmaydi. Mol toptamaydi. Izgʻirin shamollar vujudini qaqshatmaydi. Boshiga qor yogʻmaydi… Hammaga koʻz-koʻz qiladilar…

Shunaqa-ku… Negadir u endi muattar boʻy taratmay qoʻydi…

Oradan kun oʻtdi…

Hafta oʻtdi…

Oy oʻtdi…

… Uni uloqtirib yubordilar-da, qimmatbaho tuvakka boshqa gul keltirib oʻtqazdilar…

* * *

– Isteʼdodsiz isteʼdodsizni yomon koʻrsa nima boʻladi?-Hech nima boʻlmaydi!

_ Isteʼdodsiz isteʼdodlini yomon koʻrsa nima boʻladi?

– Hech nima boʻlmaydi!

-Isteʼdodli isteʼdodsizni yomon koʻrsa nima boʻladi?

– Hech nima boʻlmaydi.

-Isteʼdodli isteʼdodlini yomon koʻrsa nima boʻladi?

– Fojia boʻladi!

* * *

Koʻpchilik qalam ahlining bitta ojizligi bor: hammasi-“birinchi”!

Holbuki, kim “birinchi”, kim “yuzinchi”, kim umuman “hech nechanchi emas”- kitobxon hal qiladi.

* * *

Yozuvchining oʻquvchiga aytadigan dardi qancha kuchli boʻlsa, asar tili shuncha biyron boʻladi.

* * *

Bolta bilan qalam bir-biriga oʻxshaydigan buyumlar emas. Ammo xizmati jihatidan anchayin yaqin turadi.

Bolta- qotil qoʻlida oʻlim quroli. Oʻtinchi qoʻlida mehnat quroli. Hunarmand qoʻlida sanʼat quroli.

Qalam-hasadgʻoy qoʻlida oʻlim quroli. Savodxon qoʻlida mehnat quroli. Isteʼdod qoʻlida sanʼat quroli.

* * *

Qadimgi kimyogarlar oltinning sof yoki qalbakiligini aniqlash uchun mohaktosh qoʻllar ekanlar. Yozuvchining soʻzi mohakka oʻxshaydi. Bir ogʻiz Rosti uchun minglarning duosini oladi. Bir ogʻiz Yolgʻoni uchun minglarning qargʻishiga qoladi… qalamkashning buyuk baxti ham, buyuk baxtsizligi ham shunda!

* * *

Chinakam asar tugʻilmasdan oldin uning ohangi, muzikasi paydo boʻladi. Bu- gʻoya emas, syujet ham emas, aynan OHANGdir. Mana shu ohang adibni qoʻlidan sudrab kelib, stolga “mixlab” qoʻyadi. Asarning joni degani shu boʻlsa kerak.

* * *

Tanqiddan bezor boʻlgan shoir aytibdi:

-Siz nuqul birovlarning asarlarini tanqid qilasiz. Oʻzingiz bironta sheʼr yozganmisiz?

Tanqidchi aytibdi:

– Men kunora tuxum yeyman. Ammo uning mazasini bilish uchun oʻzim tuxum tugʻishim shart emas.

Shoir aytibdi:

– Men ham kunora odamlar haqida sheʼr yozaman. Ammo odamni bilish uchun kunora uning goʻshtini yeyayotganim yoʻq-ku!

* * *

Hech oʻylab koʻrganmisiz? Nima uchun eng teran falsafiy asarda koʻpincha telba qatnashadi.

Nima uchun eng jiddiy asarda masxaraboz oʻralashib yuradi?

Faylasufning yeti uxlab tushiga kirmagan dono fikrni telba bilmaydi, deb oʻylaysizmi?

Dunyoning ustuniman, deb yurgan azamatlar oʻylashga ham qoʻrqadigan haqiqatni masxaraboz aytmaydi, deb oʻylaysizmi?

* * *

Olimlar hisoblab chiqishgan. Pushkin oʻz asarlarida 21 ming 197 ta betakror soʻz ishlatgan. Shekspir salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher Navoiy esa 1 million 378 ming 600 ta betakror soʻz ishlatgan. Boisi, buyuk bobomiz faqat turkey emas, forsiy, arabiy, urdu, xitoy, moʻgʻul va boshqa tillardagi soʻzlardan ham mahorat bilan foydalangan.

* * *

Hasad oʻsib oʻsib gʻarazga, gʻaraz-fitnaga aylanadi. Fitna esa har qanday razolatning onasidir.

* * *

Hasadgʻoyning fikrlash tarzi gʻalati. “Agar falonchi boʻlmaganida mening ishim yurishib ketardi”, deb ichidan ezilaveradi. Boshqa jabhalarni bilmadim-ku, lekin ijob sohasida bu bemaʼni xomxayol. Ijod amal kursisi yoki davlat kvartirasi emaski, birovning oʻrnini birov egallasa. Kitobxon mehrini zoʻravonlik qilib ham, tilanchilik qilib ham olib boʻlmaydi.

* * *

Shuhrat-yoqimli, ammo aldamchi narsa. U togʻ choʻqqisiga oʻxshaydi. Qancha baland koʻtarilsangiz, shuncha koʻzingiz tinadi. Hushyor boʻling! Bitta nojoʻya qadam qoʻysangiz, jarlikka uchib ketishingiz aniq!

* * *

Maktab oʻqituvchisining Soʻzi oʻttiz bolaga yetib boradi.

Dorilfunun domlasining Soʻzi yuz talabaga yetib boradi.

Notiqning Soʻzi ming tinglovchiga yetib boradi.

Qalamkashning Soʻzi bir yoʻla oʻn ming, yuz ming kitobxonga yetib boradi. Demak, uning soʻz masʼuliyati ham boshqalarnikidan ming hissa ortiqroqdir.

* * *

Yozuvchi oʻzi his qilgan hamma narsani qogʻozga toʻla-toʻkis tushira olmaydi. Oʻquvchi kitobdagi hamma narsani toʻla-toʻkis his qilolmaydi… kitob oʻqiyotganingizda bir marta jilmayib qoʻysangiz, bilingki, yozuvchi oʻsha satrlarni rosmana kulib yozgan. Koʻzingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, yozuvchi oʻsha satrlarni rosmana yigʻlab yozgan…

Har qanday muhim gʻoya ham inson qismatiga aylanmasa, quruq gap boʻlib qolaveradi.

* * *

Modomiki talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi niyatda birlashmogʻi lozim.

* * *

Isteʼdoli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan oʻtadi. Birinchisi – nimaki yozmasin chiqarishi mushkul palla. Ikkinchisi- nimaiki yozmasin, chiqarishi oson boʻlgan palla. U birinchi bosqichdan omon-eson oʻtadi. Ammo ikkinchi bosqichdan oʻtishi ogʻir, juda ogʻir…

* * *

Katta isteʼdod avval xalq eʼtiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq eʼtiqodini qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.