Sakkizinchi mart bayrami

0
225
marta koʻrilgan.

Shunaqa odat bor – menga oʻxshagan oʻgʻil bolalar Sakkizinchi mart kuni oʻzicha totli-tatimli gaplarni toʻqib yozib, oyisi yoki buvisini, opasi yoki singlisini, oʻqituvchisi yoki sinfdosh qizlarni yoniqib qutlashga tushadi. Oʻqiganning koʻngli yashnaydi.

Chinmi yo yolgʻonmi, jonzotlar olamida ham oʻziga xos qutlovlar bor emish. Mana, shulardan bittasi, yaʼni kuchukchaning tabrigi: “Mehribondan mehribon oyijonim, bayramingiz vov-vov boʻlsin!”

Mushukchaniki sal boshqacharoq: “Avvalo odobli boʻlishimni istovchi aziz buviginam, Sizga juda-a uzoq umr, koʻpdan koʻp miyov-miyovlar tilab qolaman!”

Chigirtkaniki yana-da koʻtarinkiroqdek: “Mendan hech narsasini qizgʻanmaydigan suyukli opajonim, quvonchli chiriq-chiriq, chiriq-chiriq, chiriq-chiriqlar doim yoʻldoshingiz boʻlaversin!” Oʻrdakchaniki esa qisqagina, lekin rosayam joʻshqin bitilgan: “Maktabdagi hamma qizlarga – gʻa-gʻa!”

Endi navbat sizga, oshnajonlar. Qani, qalam bilan qogʻozni oling-da, oʻzingiz uchun oʻta qadrli boʻlgan ayollarga, qizlarga qutlov bitishga yurak-yurakdan urinib koʻring. Yozayotganda iymanchoqlikni chetga surib, ich-ichingizda ranggo-rang chechaklardek potranib ochilayotgan shirin-shirin soʻzlarni qogʻozga duvillatib toʻkavering, toʻkavering…

Men doim shunaqa qilaman. Zoʻr chiqibdi, deb maqtashadi!

 

Anvar OBIDJON

 

2016-yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.