Sadoqatning suvrati

0
98
marta koʻrilgan.

Yangasi unga ohistagina soʻzladi: “Ergash togʻamizning oʻgʻlidan sovchi keldi… Shunga siz nima deysiz?”.

“Sovchi?!”. U quloqlariga ishonmadi. “Axir, men hali yoshman-ku… Ergash togʻaning oʻgʻli… Oti nima edi-ya? Ha, topdim, Murodilla”. U eslashga urindi.

“Baland boʻyli, polvon yigit, ot chopadi, egnidan chopon tushmaydi. Necha marta uloq chopib sovrin olgan. Yana… yana”. U harchand eslashga urinmasin, qiyofasini koʻz oʻngiga tiniq keltira olmadi.

U koʻzlarini yerdan oldi. Yangasi unga zimdan nazar solib turardi. Uning dilida xavotir bosh koʻtardi. “Voy, yangam ichimdagi gaplarni bilib olgan boʻlsalar-a”. Ikki yuzi uyatdan qizardi. Soʻngra hayo muhrlangan nigohlarini yana yerga qadadi. “Oʻzlaringiz bilasizlar”. Hamma qizlar aytadigan bu soʻzlarni tilidami, koʻnglidami aytdi, bilolmay qoldi. Yangasi quvonganicha dahlizga chiqdi.

Toʻylari boʻldi. Murodilla qayligʻiga termilib toʻymasdi.

Koʻnglida ne gapi bor – aytmasdi. U uyiga yuzlari qoraygan holda, horib-tolib kelardi. Qayligʻiga koʻzi tushishi bilan, beixtiyor jilmayardi. Shunda oppoq tishlari yuzini yanada qoraytirib koʻrsatardi. Dilida soʻz bilan taʼriflab boʻlmas tuygʻu gʻimirlay boshlardi.

U xotinining qoʻliga suv quyishi-yu, oldiga ovqatini olib kelib qoʻyishidan choy uzatishigacha, hovlida bir-bir qadam tashlab yurishi-yu, uyalinqirab koʻz tashlashigacha beparvo boʻlolmasdi. Xotinining ibo bilan qarashi togʻ dilini yanada koʻtarardi. Shunday oqila, mehribon ayolni taqdir unga roʻpara qilgani uchun Allohga shukronalar aytardi ichida.

Kelinchak ham erini har kuni darchadan ishga kuzatar ekan, boqqani sari dilida sevgi kurtaklari gʻunchalar, sadoqat epkini esar, oqibat gullari barq urib yashnardi. Yostiqdoshining qoʻllarini silkib-silkib, katta-katta qadamlar bilan yurishi zavqini keltirardi. Yuragida hali oʻzini butkul koʻrsatib ulgurmagan sohir hislar maysalar misoli boʻy choʻzardi.

Urush boshlandi. Shu kuni Murodilla uyga chuqur oʻyga choʻmgan holda qaytdi. Ayolining koʻzlariga qaray olmadi. Urush boshlangani uchun, bir kuni ayolini yolgʻiz qoldirib ketishini oʻylar, oʻylagani sari oʻzini aybdor sanar, yuragi, joni, jahoni alam yogʻida jizgʻanak boʻlardi. Urush soʻzi dillarga oʻzining tim qora soyasini solib ulgurgandi. Ular har qancha urinishmasin, ayriliqdan qutula olmasliklarini bilishardi.

Nihoyat, tahlika bilan kutilgan kun ham yetib keldi. Murodillasini koʻp qatori harbiy komissariatga chaqirishdi. Oxirgi tunni birga qarshilashgan ikki dil bir-biriga rozlarini aytdi. Dillar dillashdi, muhabbat ahdlari izhor qilindi. Eri ketdi. U ilk marotaba oʻksib-oʻksib yigʻladi. Yigʻisiga yolgʻiz tun guvoh boʻldi. Bolishi koʻzyoshlarini yutoqib-yutoqib ichdi.

U tong sahar ketmonini yelkasiga qoʻyib dalaga otlandi. Uning hijron yara solgan qalbiga dalasi malham boʻldi. Uning gʻamlariga dalasi sherik boʻldi. Murodillasidan xat kelganida quvonchiga, shodlik koʻz yoshlariga dalasi guvoh boʻldi. Uning vaqtidan ilgari oqargan sochlarini, bemavrid tushgan ajinlarini ilk bora dalasi koʻrdi.

Nogahon kelgan “qora xat”dagi soʻzlarga ishonmadi. Ilk bora koʻngli, tili hayqirdi uning: “Yoʻq, mening Murodilla akam oʻlmaydilar! Bunday boʻlishi mumkin emas!”.

U kutib yashadi. Erining qaytishiga ishonib yashadi.

U bugun keksaygan, kuchdan qolgan. Lekin hijron quyuni dilining tub-tubiga ildiz otgan Umid daraxtini yiqita olmadi. Ayriliq qurita olmadi.

U devordagi askar surati – Murodilla akasiga, yonidagi nasibasi – nonga uzoq tikilib oʻtiradi. U bilan xayolan gaplashadi. Uni shu surat, shu nasiba hayotga mahkam chirmab bogʻlab tashlagan. Soʻng qoʻlidagi uchburchakli xatni qoʻliga olib minginchi marta hijjalab oʻqiydi. Koʻnglida mudragan, ilk bora bosh koʻtargan hayqiriq qayta uygʻonadi: “Yoʻq, mening Murodilla akam oʻlmaydilar!”.

 

Oygul UBAYDULLA qizi

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.