Sadoqat toshi

0
268
marta koʻrilgan.

1

Makiyon burgut tepalikdagi yirikkina tuyatoshga qoʻnib, oʻzidan tahminan ellik-oltmish qadamcha quyidagi kichikroq uyday keladigan tuyatosh yonida barra maysalarni chimdiyotgan kulrang quyonni diqqat bilan kuzatardi. Unga hayallamay chovut solardi. Lekin quyondan atigi ellik qadam naridagi oʻtlar orasida pusib yotgan ovchini ham koʻrgan. Qoʻlidagi gʻalati qurol unga tanish. Paqillab eshitiladigan baland tovushidan juda qoʻrqadi. Uning koʻp jonlilarni jonsizga aylantirganini koʻrgan. Shu sababdan hozircha qimirlamay qulay fursatni kutmoqda.

Ovchi quyonni allaqachon otgan boʻlardi. Atrofidagi toshlar, anchagina boʻy tortib qolgan oʻt-oʻlanlar aniq nishonga olishiga halaqit berayotgan boʻlsa kerak, ochiqroq joyga chiqishini sabr bilan kutib yotardi…

Bir mahal quyon oʻziga doʻnayotgan xavfni payqadi shekilli, kutilmaganda oʻt-oʻlanlar hamda toshlarni panalab ura qochdi. Makiyon zuvillab quyiga uchdi. Qachondan buyon sabr bilan kutayotgan naqdinasining qochib ketayotganini koʻrib, ovchini unutib qoʻydi. U esa oʻrnidan dast koʻtarilib, burgutni nishonga oldi. Paqillab oʻq ovozi eshitildi. Burgut jon talvasasida bir marta charxpalakday aylandi-yu, quyidagi tuyatoshga boshi bilan qattiq urildi va qum-shagʻalli yerga shalvirab tushib qimirlamay qoldi.

Ovchining butun diqqati quyondaligiga qaramay, tepasida aylanib uchayotgan Chiporni nazardan qochirmagandi, u ham quyonni poylab yurgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Ammo ortiqcha eʼtibor bermadi. Quyon qulayroq joyga chiqsa otmoqchi boʻlib, qoʻshotar miltigʻini shaylab yotaverdi. Oʻq ovozini eshitgach, ikkala burgut ham qoʻrqib, koʻtarilib uchib ketishiga ishonardi. Biroq bunday boʻlmadi. Ovini u qochirib yubordi deb oʻyladimi, alamdan beixtiyor oʻrnidan turib, Makiyonni nishonga oldi.

Bu paytda nar burgut yuz metrlar chamasi balandlikda davra yasab, sassiz-sadosiz uchib yurardi. Toʻshidagi va boʻyni tagidagi patlar yaqinroqdan qandaydir chiporroq rangda koʻringanidan, odamlar uni boshqa burgutlardan yaxshi farqlar hamda oʻzlaricha Chipor deb nom qoʻyib olishgandi. Ancha tajovuzkor edi u. Baʼzi-baʼzida odamlarning tovugʻu joʻjalari, qoʻziyu uloqlarini olib qochishdan ham tap tortmasdi. Shu tufayli turli mayda zararkunandalar – kemiruvchilarni qirib foyda keltirishiga qaramay, ayrimlar chiporni unchalik xushlamasdi. Qishloqlari tepasida uchib yurganini koʻrsa: “Oting oʻchsin” – deyishardi gʻijinib. Koʻpchilik esa burgutlarni kuch-qudrat, erk timsoli deb bilardi…

Chipor ancha yuksakda parvoz qilayotganiga qaramay ovchini ham, quyonni ham yaqinginasida turganday aniq koʻrayotgandi. Shu tufayli Makiyonining tuyatoshda sabr qilib kutayotganidan, ovchidan choʻchiyotganini sezdi. Boʻlmasam allaqachon quyonga chovut solardi. Uning oʻrnida boʻlganida, shubhasiz, oʻzi ham shunday qilgan boʻlardi.

Bari bir, Chiporning yuragida nimadandir hadiksirash paydo boʻldi. Nimadan hadik olayotganini oʻzi tuzukroq anglamay bir pogʻona pastga shoʻngʻidi. Shu balandlikda yana avvalgidek davra yasab uchayotganida paqillab oʻq ovozi eshitildi. Chiporning koʻz oʻngida Makiyon charx urib bir aylandi-yu, uchib borib boshi bilan pastdagi tuyatoshga zarb bilan urildi.

Nogoh Chiporning vujud-vujudini qattiq ogʻriq gʻijimlab oʻtganday boʻldi. Jajji yuragidagi qon qaynab, beixtiyor ovchidan oʻch olish hissini uygʻotdi. Changallarini keng ochganicha, zuvillab u tomonga uchdi.

Ovchi Chiporning tepasida aylanib yurganidan xavfsiraganmi yo hushyorlik yuzasidanmi, darhol osmonga qaradi-yu, oʻqday uchib tushayotgan burgutni koʻrib aqli shoshdi. U juda yaqinlashib qolgandi. Shoshilib qoʻshotaridagi ikkinchi oʻqni boʻshatdi. Aniq nishonga ololmaganidan oʻqi xato ketdi: oʻng qanotining orqa patlaridan ikki-uchtasi uzilib, havoda pirpirab qoldi. Oʻzi esa uning shundoqqina boshi yonidan yashinday uchib oʻtib, tepalik ortida koʻzdan yoʻqoldi.

Miltiqning tovushi Chiporni ham vahimaga soldi. U yana oʻq uzilishidan qoʻrqqanmi, beixtiyor yoʻnalishini salgina oʻzgartirdi va balki hayotida birinchi martadir, maqsadiga yetolmadi – ovchining yuz-koʻzlariga changal urolmadi. Shunga qolganida jurʼati yetmay, yoʻnalishini ozgina oʻzgartirganini oʻzi sezmay qoldi. Ovchi esa qoʻshotari quvuridagi boʻshagan patronlarni chiqarib, qayta oʻqlashga ulgurmadi. Tayyor boʻlganida burgut ancha uzoqlab, togʻ choʻqqilari tomon shiddat bilan koʻtarilib borardi.

 

2

Chipor yuksak togʻ tepasidagi qoyatoshga qoʻnib olganicha, diqqat bilan ovchining harakatini kuzatdi. Bu paytda iniga kirishga ulgurgan chogʻi, quyon koʻrinmay qoldi. Ovchi esa shoshilmay kelib, miltigʻining sumbasi bilan oʻlgan burgutni joyidan koʻtardi. Boshi va yelkasini oʻq titib yuborganini koʻrgach, unga qoʻl tekkizmay bir chetga uloqtirdi-da, yoʻlida davom etaverdi.

Ovchi ancha uzoqlab ketgach Chipor shuvillab pastga shoʻngʻidi. Shu tezlikda juftiga yaqinlashib, ozroq balandga koʻtarildi va xoki turob boʻlib yotgan makiyoni yoniga asta qoʻndi. Qimirlab qolishidan umidvor boʻldimi, bir zum jasadga gʻamgin tikilib turdi. Soʻngra panjasi bilan sekin ikkinchi tarafiga aylantirib qaradi. Shundagina undan abadiy ajralganini his qilib, alam bilan panjalarida yer timdalab chuqurcha kovladi. Unga jasadni tushirib, ustiga qum-shagʻal aralash tuproq torta boshladi. Murdani yaxshilab koʻmib boʻlgach, ustidan oʻzi koʻtaroladigan yirik va ogʻir toshlardan keltirib bostirdi. Juftining oʻligini biror yirtqich yeb xor qilmasligi uchun insonlarga xos shu aʼmolni kam-koʻstsiz bajardi. Ehtimol shunday qilish ularning ham azaliy odatlaridir…

U juftiga soʻnggi dafʼada ham mehrini darigʻ tutmasa-da, bolalariga ancha qattiqqoʻllik qilgan paytlari boʻlgan. Vaqtida ota-onalari oʻzini ham shunday tarbiyalashgan edi.

Toʻgʻri, ota-onalari ularni ovqatning sarxili – lahm goʻsht bilan boqishdi, choʻqqilarning salqin tunlarida bagʻriga olib issiq saqlashdi. Uchirma boʻlgunlariga qadar zovdan qulab nobud boʻlishidan xavfsirab, kovak ogʻziga yaqinlashtirishmadi. Shoʻxlik qilmoqchi boʻlganlarini ayamay uyasiga irgʻitardi. Uchirish payti yetganida badtar shafqatsizlashib ketishdi: uchishdan qoʻrqayotgan bolalarini birin-sirin tumshuq va panjalari bilan tosh kovagidan tashqariga uloqtiraverdi. Bu ham kamlik qilganday, issiq oʻrinlariga yana qaytmasliklari uchun uyasini batamom buzib tashladi. Uya kerak paytida burgutlarga uni qaytadan yasab olish qiyin ishmas. Asosiysi, joʻjalar shu uyaga qaytib kelishmasa boʻlgani…

Anchagacha ularga uchish-qoʻnish, nimalarni va qanday ovlash mumkinligini oʻrgatib, yonlarida yurishdi. Shu orada oʻlimtik yemaslik koʻnikmasini ham singdirib borishdi. Oʻzlari mustaqil yashab ketoladigan boʻlgach, ota-onalari birdan qoralarini oʻchirishdi. Qayoqqa ketdi, nega ketdi – joʻjalar buni bilishmadi. Zotan, bilishlarining keragi ham boʻlmay qoldi. Oʻz kunlarini oʻzlari koʻravergach, ularni tezdayoq unutib yuborishdi.

Ota burgutda koʻringan baʼzi belgilar Chiporga toʻligʻicha koʻchdi. Yerdan deyarli koʻzga tashlanmasa-da, uning koʻksida ola-bula patlar bor edi. Chiporda esa bu belgilar ancha quyuq, past uchganida yerdagilarga ham sezilardi…

Kuzning oxirlarida “etim” joʻjalar boshi oqqan tomonlarga tarqalib ketishdi. Burgutlarning yillar davomida shakllangan temir qonuni shunday: voyaga yetdingmi, oʻz boshingga boshqa makon top! Chipor bu qonunga boʻysunmadi. Nisbatan qisqa muddatdayoq oʻziga yoqib qolgan va ota-onalari uchun ham qadrdon boʻlgan bu togʻlarni tashlab ketgisi kelmadi.

 

3

Choʻqqilardagi qahraton izgʻirinlarga tob berib, Chipor qishni amallab yolgʻizlikda oʻtkazdi. Xon togʻiga yana bahor keldi. Nish urib boʻy choʻzayotgan maysalarning ifori baland-balandlarga koʻtarilib, uning boshini aylantirayotgan paytda ota-onalari paydo boʻlishdi. Lekin uni yaqinlariga yoʻlatmadi – yetti yot begonadek haydashdi. Chipor noiloj uchib ketdi-yu, kuzning oxirlarigacha bu atroflarda qorasi koʻrinmadi.

U Xon togʻining yuksak choʻqqilari, sharqiroq soylari va Yozkechuv dashtlarining seroʻt yaylovlarini juda sogʻingan edi. Qish oldidan tagʻin qadrdon goʻshasiga qaytdi. Bu safar yolgʻiz emasdi. Yonida oʻzi qatori bir makiyon burgutni ham ergashtirib keldi.

Avvaliga ular bir-birlariga yaqindek koʻringan Xon togʻi, Irgʻayli, Qoraqush va Kanali choʻqqilarini aylanib uchishdi. Keyin Yozkechuv dashtlari orqali Qorachatogʻu Gʻoʻbdin togʻlarigacha borishdi. Sirtdan qaraganda Chipor Makiyonga bu hududlarni shunchaki tanishtirayotgandek koʻrindi. Aslida u biron joyda koʻrinib qolarmikan degan, tasavvurida xiragina jonlanayotgan ota-onalarini izlagandi. Ular allaqachon ketib boʻlganini payqab ortga qaytishdi. Taxminan ikki-uch yuz chaqirim masofani aylanib uchishgach, Xon togʻining yuksak choʻqqisiga yonma-yon qoʻnishdi…

Yonida Makiyon boʻlgani tufaylimi, Chiporga qilichini qayrab kelgan bu yilgi qish bilinmay oʻtib ketganday tuyuldi. Yemish masalasida mutlaqo tanqislik sezishmadi. Atrofda quyon, yovvoyi qushlar koʻp. Baʼzan qishloqlar va choʻponlarning otarlari tepasida paydo boʻlishadi. Bu yerlardan ham qandaydir oʻlja topiladi. Odamlar qoʻlidagi allaqanday temirtakning vahimali ovoz chiqarganini ham ilk dafʼa shu yerlarda eshitishgan. U paqillab tovush chiqarganida yaqinrogʻida turgan biror yovvoyi jonzotnning yiqilib jon berganini koʻrishgan. Shu sababli undan oʻta ehtiyot boʻlishadi.

Izgʻirinli kechalarda choʻqqi tagidaga eski kovakka kirib jon saqlashdi. Bu joy unga begona emas, qachonlardir oʻzi oʻsgan va pastga uloqtirilgach buzib tashlangan issiq uyasi edi. Kunlar iliy boshlagach, vujudida uni barqaror makonga aylantirish tuygʻusi uygʻondi. Ulkan tuyatosh bagʻrini qoʻl bilan oʻyib ishlanganday paydo boʻlgan bu kovak har taraflama qulay va har qanday ob-havoda ichiga na izgʻirin shamol, na qor-yomgʻir suvlari kiroladi. Afsus, Chiporning shirin hissiyotlari amalga oshmadi. Bulturgi raqiblar (endi ular ota-ona emas, haqiqiy raqiblarga aylanishdi) kovakni zoʻravonlik bilan tortib olishdi va oʻzlari unda uya yasashga kirishib ketishdi.

Bari bir Chipor Xon togʻini qoldirib, qayoqqadir uloqib ketishni istamadi. Oʻjarlik bilan choʻqqi atrofida parvoz qilarkan, qoʻlidan chiqqan joydan bor-yoʻgʻi ellik qadamcha narida yana bir kovak borligini ilgʻadi. Uni ilgari ham koʻp koʻrgandi-yu, ogʻzini oʻrgimchak toʻri oʻrab turganidan deyarli eʼtibor bermagandi. Faqat oʻzi ulgʻaygan qoʻnalgʻa koʻziga oʻtday issiq koʻrinardi. Tuygʻulari faqat shu inda muqim qolishga undardi.

Yangi oʻyiqda uya qurib yashasa boʻladimi-yoʻqmi – Chipor buni bilmasdi. Shuning uchun yengil burilib, kovakning ogʻziga qoʻndi. Oʻrgimchak toʻrini bir zumdayoq u yoq-bu yoqqa surib tashlagach, yoniga Makiyon ham joylashdi. Ichkarini birgalashib diqqat bilan koʻzdan kechirishdi. Biror xavfli jonzot egallab olmaganmikan, deb choʻchishdi shekilli.

Oʻyiqning ichi boʻsh, aqalli oʻrgimchak ham yoʻq edi. Ehtimol mezon bilan ilashtirib qachonlardir togʻ shamollari olib kelganu joyning qulayligini sezib darhol ozuqa gʻamida toʻr toʻqishni boshlagandir. Biroq bu balandlikda unga ozuqa boʻladigan chivin-chirkaylar qayoqda! Birda-yarim kelib qoladiganiniyam tez-tez esib turuvchi shamollar pastliklarga surib ketadi. Oʻrgimchak och qolib yo oʻlgan, yo vaqtida juftagini rostlab qolgan. Paydo boʻlganidan buyon bu balandlikka odam yoki zaharli sudraluvchilar tugul mayda echkemarsimonlar ham koʻtarilolmagan boʻlsa kerak. Qoya ozroq qiyalab tushgani tufayli tekis va silliq yuzasida biror oʻsimlik ham koʻkarmagan. Binobarin hech narsadan xavfsiramay makon qilaversa boʻladi.

Kovak har ikkalasiga maʼqul keldi: avvalgi joylaridan ozgina pastroqda boʻlsa-da, ichi keng va shinamgina.

Savqi tabiiy, fursat oʻtkizmay birin-ketin chuqur daraga shoʻngʻishdi. Pastdan xas-xashak, allaqanday hayvonlarning butalarga ilinib qolgan va yerga toʻkilgan junlarini toʻplab, boʻlajak makonlariga tashishdi. Hafsala bilan uya qura boshlashdi. Bu safar rahm-shafqatsizday koʻringan qoʻshnilari ularga monelik qilishmadi. Shunday boʻlganida yosh burgutlar qonli olishuvga ham tayyor edilar. Oʻlsalar ham oʻz topildiqlarini raqiblarga osonlikcha topshirib ketishmasdi.

Koʻp oʻtmay uya tayyor boʻldi. Sal fursat oʻtgach Makiyon unga kirib, tuxum qoʻyishni boshladi. Yosh boʻlgani uchunmi, atigi uchta tuxum qoʻygach, biratoʻlasi ularni bosib qoldi. Endi Chiporning ishi koʻpaydi. Oʻzini toʻydirishdan tashqari, Makiyonni ham boqishi kerak boʻldi.

Ular ham ajdodlari kabi ancha-muncha ochkoʻz va mechkay edilar. Chipor oʻljasini iniga yaqin keltirib terisini shilar, keyin goʻshtini parcha-parcha uzib makiyon va joʻjalariga kiritib yedirardi. Qolgan-qutganini oʻzi yeb teri va suyak-sayoqlarini daraga irgʻitganicha, yana uchib ketardi. Joʻjalar tuxumdan chiqqanidan keyin battar tinimi boʻlmay qoldi: qancha tipratikon, jayra, yumronqoziq, xatto zirhli toshbaqayu zaharli ilonlarning – goʻshtli nima uchrasa shularning dodini berdi. Baʼzan togʻu dashtlarda sergoʻsht hayvonlarning loshini ham uchratib qolardi. Biroq burgutlar oʻlimtik yemasdi. Joʻjalariga ham bunday goʻshtni ravo koʻrmasdi.

Burgutlar yer yuzining eng kuchli parrandalaridan biri hisoblansa-da, joʻjalari tuxumdan tanasi tivitsimon yumshoq, siyrak patlar bilan qoplangan, koʻz va quloqlari yumuq hatto oyoqda ham yaxshi turolmaydigan nimjon boʻlib chiqishadi. Kunlar oʻtgani sari ota-onalari kabi qoʻmaqaylashib, baquvvatlashib borishadi. Shunda Chiporga yordam tariqasida oʻzi va joʻjalarini yetarlicha toʻydirish maqsadida Makiyon ham ovga chiqishga majbur boʻldi…

Nihoyat joʻjalarni uchirish payti yetdi. Chipor ularni uyasidan haydab chiqardi. Lekin birontasi zovdan pastga sakrashni istamadi. Qoʻrqqanlaridan issiq uyasi tarafga intilishdi. Bundan otalarining gʻazabi qoʻzidi shekilli, ularni panjalari bilan yengil changallaganicha birma-bir tashqariga ayovsiz irgʻitaverdi. Soʻngra joʻjalar yana shu yerga qaytmasliklari uchun uyasini vayron qilib tashladi va odatdagi vazifalarini bajarish uchun oʻzi ham tashqariga parvoz qildi. Shu bilan kuzning oxirlarida mustaqil ov qilishni puxta oʻrgangan joʻjalar turli tomonlarga uchib ketishdi. Ota-onalari ularning qayoqqa ketganini bilishmay, odatdagiday Xon togʻida qolaverishdi.

 

4

Chipor bilan Makiyon oʻz kovaklarda koʻp yillar tinch-totuv, ahil-inoq yashadilar. Bu orada koʻplab joʻjalarni tarbiyalab uchirib yuborishdi. Kunlarini oʻzlari koʻradigan boʻlgach, bolalari birin-ketin boshlari oqqan tomonlarga uloqib ketishdi. Bu yiliga qaytib kelganlari ham boʻldi. Ota-onalari begonadek uyasiga yaqinlashtirmagach, ular ham butunlay qorasini oʻchirishdi.

Bu hol Makiyon ovchining oʻqidan halok boʻlguniga qadar davom etdi. Keyin Chiporning qora kunlari boshlanib, tamomila yakkayu yolgʻizlikda qoldi. Negadir boshqa juft izlamadi. Qattiq sovuq va yogʻin-sochinlarda panalamasa, uyasiga deyarli kirmasdi. Shuningdek, boshqalarni ham unga aslo yaqinlashtirmadi. Gʻamboda dilida goʻyo Makiyoni ana-mana deguncha yoniga uchib keladiganday, goʻyo yana avvalgidek birgalikda davru davron surishadigandek tuyulgan shekilli.

Kunduzlari ov qilib, qorni toʻygach togʻ va dashtlar ustida shunchaki oʻzini ovutayotganday sokin uchib yuradi. Tunda Xon togʻining choʻqqisidan uzoqlarga – oxiri koʻrinmas kengliklarga gʻamgin tikilganicha, oʻziga ham maʼlum boʻlmagan tuygʻular ogʻushida tongni qarshilaydi. Subhi sodiqda maʼlum boʻladiki, tun boʻyi yuragini chirmovuqday oʻragan umidbaxsh hislarining birontasi roʻyobga chiqmagan. Shunda qariyb ikki metr keladigan qanotlarini alam bilan parvoz uchun yozadi.

Kechagi kun yana takrorlanadi…

Baʼzi paytlarda Chiporning kichik yuragida juda ham katta, orzusimon bir tuygʻu gupurib, uni beixtiyor Makiyonning qabri tomon yetaklaydi. Ovni yigʻishtirib, jufti yotgan joyga shoshiladi. Yaqinidagi uyday keladigan yassiroq tuyatoshga qoʻnib, oʻzi koʻmgan qabrga mungʻayganicha soatlab termilib oʻtiradi. Baʼzan qabr ustiga oʻzi keltirib bosgan toshlarni u yoq-bu yoqqa irgʻitib, jasad ustiga tortilgan qum-tuproqlarni tit-pit qilib yuborgisi keladi. Shunday qilsa tagida koʻmilib yotgan Makiyoni oyoqqa qalqib turadiganday, yana u bilan birga uchib ketadiganday tuyuladi. Biroq nimadir shashtini bosadi. Onda-sonda qoʻshnilari ham uchib kelib, Chiporning u yoq-bu yogʻiga sassizgina qoʻnishadi. Goʻyo otasiga hamdardlik bildirayotganday, qabr tarafga mungli tikilishadi. Biroq tirikchiliklari eslariga tushadimi, qanchadir fursatdan soʻng yana uchib ketishadi.

Chiporning motamsaro ahvolini koʻrib, shu tarafga yoʻli tushgan kishilarning unga rahmi keladi, achinishadi. Xalal bermaslik uchun iloji boricha chetlab oʻtishadi. Qishloqqa qaytishgach koʻrganlarini boshqalarga aytib, ovchiga dashnom berganlar ham boʻldi. Oʻsha quyonini Makiyonga berganida besh puli kuyarmidi! Arzimas oʻljasini qochirgani uchun uni oʻldirishi shartmidi!..

Ayni mahalda odamlar Chiporning oʻz juftiga koʻrsatayotgan sadoqatiga qoyil boʻlishardi. Kimdir qabr yonidagi u qoʻnib oʻtiradigan va yaralganidan buyon nom qoʻyilmagan tuyatoshni bilib-bilmay “Sadoqat toshi” deb atadi. Bu atama juda tez ommalashib ketdi. Inson deb atalmish buyuk va ongli xilqatning koʻplari bemahal vafot etgan jufti haloliga shu ongsiz parrandachalik uzoq yillar (balki umrbod) motam tutmaydi, vafo-sadoqat ibratini koʻrsatolmaydi!..

Dashnomlar ovchiga malol keldi. Bu ziddiyatli dunyoda kim oʻz nafsi yoʻlida kurashmaydi. Makiyon ham baloyi nafsi kasriga qurbon boʻldi-ku. Sal boʻlmasa Chipor oʻzini ham oʻldirayozdi. Hali-hanuzgacha undan xavfsirab yuradi. Jamoat ichida daf qilolmaydi. Ovda yolgʻiz yurganida qoʻlida quroli boʻladi. U miltiqning nimaligini juda yaxshi biladi. Oddiygina kaltak koʻtarib yursa ham Chipor uni miltiq oʻrnida qabul qiladi, keragidan ortiq yaqinlasholmaydi…

Odamlarning gapi asar qilib, ovchi avvalgi safar eplolmagan ishini biratoʻlasi poyoniga yetkazib qoʻyaqolmoqchi boʻldi. Miltigʻini shaylab, oʻqdonini beliga bogʻladi. Chiporni oʻldirish qasdida uyidan chiqdi.

Ovi baroridan kelyapti shekilli, uzoqdanoq qabr yaqinidaga tuyatoshga qoʻnganicha mungʻayib oʻtirgan Chiporni koʻrib, darhol oʻzini panaga oldi. Asta-sekin moʻljalidagi joyga yetdi hamki gʻanimi (ovchining koʻziga u dushmandek koʻrinib qolgandi) bulk etmadi.

Burgutlar – tabiatan ziyrak qush. Osmonu falakda uchib yurib ham yerda oʻzini har yoqqa urib, ozuqa qidirayotgan sichqonni koʻradi. Yuz qadamcha naridagi choʻpning “chirs” etib singanini eshitadi. Nega ovchini payqamayapti? Balki joniga qasd qilayotgandir – Makiyonini oʻldirgan berahmga oʻzini ham qurbon qildirmoqchidir. Juftisiz yashash joniga tekkan boʻlsa, oʻlimni afzal bilib qolganmikan? Uni shu azobdan butunlay qutqarmoq uchun ham otishi kerak!

Ovchi niyatidan qaytmadi, Chiporni uchirib otmoqchi boʻldi. Shunda balki gunohi kamayar, bir maxluqqa oʻylamay qilgan dilozorligini Xudo kechirar. Ehtimol oʻqi xato ketib, Chipor qutulib qolishi ham mumkindir.

U nishonni koʻzdan qochirmagan holda uch qadamcha ochiq joyga chiqdi. Burgut aqalli qimirlay demadi. Uni koʻrmayotganday, hatto oʻzini ham unutganday boʻlib oʻtiraverdi. Bu narsa ovchiga ayricha taʼsir qildi: ov emas – bu, bu – borib turgan qotillik!!

U yuzlab yovvoyi parrandalaru hayvonlarni panada, pusib yotib otgan. Lekin birortasida qotillik qilyapman, deb oʻylamagan. Bu fikr miyasiga qayerdan keldi oʻzi!

Qayoqdan kelgan boʻlsa ham, bu oʻy ovchining vujudiga nogahoniy larza soldi. Qoʻshotarining sumbasini ancha teparoqqa koʻtarib, birinchi tepkini bosdi. Oʻq ovozidan Chipor choʻchib tushdi-yu, beixtiyor osmonga duvillab koʻtarildi. Ikkinchi tepki bosilmadi. Nishonni aniq moʻljalga olib, uni tez bosishga ovchining vijdoni yoʻl qoʻymadi. Chunki Chiporning haqiqiy motamda, oʻzligini unutgan holda oʻtirganini anglab yetgan edi…

Qilgan ishidan koʻngli toʻldi chogʻi, ovchi shu yerdanoq uyiga qaytdi. Bu safargi vallomatligi oʻzining feʼli-huyiga unchalik mos kelavermasa-da, koʻngli osmon qadar oʻsgan edi…

Chipor oʻq yetmas yuksaklikdan ovchini kuzatdi. U otaman desa oʻsha xolatida omon qololmasligini his qildi. Negadir otmadi.

Shu sababli adovatni unutib, u ham oʻz qoʻnalgʻasiga – Xon togʻi choʻqqisiga badar uchib ketdi.

 

5

Bu paytda Chipor oʻttiz yoshdan ozroq oshgandi. Keyingi qariyb oʻn yilda yolgʻizlik, umid va umidsizlikda yuragi zardobga toʻlib ketdi. Bugungi hodisa tamom ortiqcha boʻldi. Ovchi-ku rahm qildi. Bunday borlik va yoʻqlik orasiga tushib qolaversa, bir kunmas-bir kun fojia roʻy berishini sezdi. Ovchi boʻlmasa boshqa biror yirtqich osongina tinchitib qoʻyishi mumkin. Sadoqat toshining orqa tarafi ancha yapasqi, har qanday yirtqich: boʻrimi, tulkimi – qir tarafidan kelib, bemalol ustiga chiqib ketaverishi mumkin. Shuning uchun muqim yashayotgan joyini ham, Makiyonining qabrini ham, ovchini ham va nihoyat Sadoqat toshini ham unutib, bu oʻlkalardan badar ketishi kerakligini his qildi. Endi u hamma narsadan bezgan va koʻziga hech narsa koʻrinmay qolgandi.

Tun boʻyi yuragini bezovta qilgan tuygʻular tongga borib bir izga tushdi va qatʼiylashdi. Atrof yorishgach, negadir qadrdon uyasiga kirib chiqdi. Keyin oʻzi aylanib parvoz qiladigan, moʻl-koʻl ozuqa bilan taʼminlaydigan suyukli togʻlari va dasht ustidan davra yasab bir marta aylanib chiqdi-da, qaytib yana Xon togʻi choʻqqisiga qoʻndi. Moʻltirab Makiyonning qabri tarafga qaradi. Oraliq anchagina boʻlsa-da uni aniq koʻrdi. Lekin boshiga bormadi. Borsa tashlab ketolmay qolishidan qoʻrqqanday edi.

U baland choʻqqida turib koʻrganlarining hammasiga: chuqur daralaru togʻlar silsilasi orasida yashnab turgan ekinzorlar, goʻzal bogʻlar, oʻtlari qovjiragan yaylovchalar, qolaversa butun oʻtmishiga alvido aytganday boʻldi va duvillab koʻkka koʻtarildi. Ortiga qaramay janubga – Gʻoʻbdintogʻ tomonga uchdi. Togʻ choʻqqisiga qoʻnib ozroq nafas rostlagach, yana parvoz qildi. Bunda ham ortiga bir qur oʻgirilib qarab qoʻymadi.

Shu ketishida necha marta quyosh chiqib, necha marta botganini bilmadi. Qayerlardadir togʻlar ustidagi ulkan toshlarga qoʻnib tunadi. Kunduzlari qayerlardadir ov qildi. Qornini toʻqlagach ozroq sharqqa ogʻib, yana janub tomonga uchdi. Bir kuni yozning chillasida ham qor va muz qoplab yotadigan joyga – Pomir va Himolay bilan Hindikush tutashadigan yuksak togʻlarga borib qoldi. Oraliqdagi balandroq togʻlarni yonlab, pastroqlaridan oshib Hind daryosining Tibet tomondan oqib kelayotgan asosiy irmogʻiga chiqib oldi. Shunda koʻzi chap tarafidagi bahaybat choʻqqiga tushdi. Orti koʻz ilgʻamas ufqlarga tutashib ketgan, muz va qor bilan qoplangan buzuq togʻlar.

Chipor bunday joylarda ov qilib ham, yashab ham boʻlmasligini sezdi. Shuning uchun daryo oqimi boʻylab quyiga uchdi. Ertasiga Hind daryosining nisbatan kichikroq ikki irmogʻidan uchib oʻtib, Hind-Gang pasttekisligiga kelib qoldi…

Xon togʻida Chipor har qanday ob-havoda taysallamay parvoz qilardi. Eng nobop kunlarda ham ovga chiqib, kattami-kichik oʻlja bilan qaytardi. Bu joylar unga butunlay notanish. Shuning uchun ehtiyot boʻlib uchmoqda edi.

Himolaydan oʻtganidayoq Chipor gurkiragan bahorni koʻrdi: baland togʻ choʻqqilari qor koʻrpasiga oʻralib yotishsa-da, vohalar gulga burkangan, hamma yoq yam-yashil oʻtlar bilan qoplangan. Yashash uchun juda qulay boʻlib koʻrindi. Ovloqlarida ozuqabop jonzotlar serob boʻlgni uchun shunday tuyuldi shekilli.

Qiziqsindimi yo bunda ham qandaydir behalovatlikni tuydimi, keyinroq yana janubga uchdi. Bir-ikki kundan keyinoq bildiki, bunda avji yoz. Quyosh osmondan bamisoli olov purkaydi. Sugʻorma ekinzorlar va bogʻlar yashil rangini umuman yoʻqotmagan esa-da, yaylovlardagi oʻt-oʻlanlar harorat domida tamom qovjirab qolgan. Odamlari ham jaziramada kuyib qorayib ketganday. Yer bagʻirlab uchganida issiqdan nafasi qaytadi. Yuksaklarda salgina erkin nafas olganday tuyuladi-yu, bari bir quyosh ustki patlarini kuydirgudek boʻladi.

Bu yerlarning katta-kichik hayvonlari tunda ham ozuqa qidirishga moslashgan shekilli, avval oqshomda va erta tongdanoq izgʻib yurishadi. Chipor kunduzlari ov qilishga moslashgan. Quyosh chiqqach, koʻp oʻtmay atrof qizib ketadi. Barcha jonzotlar tentirashni toʻxtatib, in-iniga kirib oladi va qancha urinmasin, ovi unchalik baroridan kelmaydi. Ertalab tutgani bitta-ikkita sichqon yo yumronqoziq bilan qorni toʻymaydi. Shu tufayli issiqda ham osmonu falakda parvoz qilib, yer yuzasini sinchkovlik bilan kuzatadi. Qani endi koʻziga biror jonzot tashlansa.

Bir kuni yolgʻizoyoq soʻqmoqda tez sudralib ketayotgan uzun va yoʻgʻongina ilonni koʻrib qoldi. Har zamonda terisining qaysidir buralgan joyi qiyaroq tushayotgan quyosh nurida oynaday yaltirab ketadi. Aftidan bu sovuqqon jonivor ham issiqdan qochib, boshpanasiga shoshilayotgan boʻlsa kerak.

Chipor shoshilmay, pastlay boshladi. Ilon uni payqadi. Oʻziga xavfli dushman paydo boʻlganini sezib, shartta orqasiga oʻgirildi va boshini ancha yuqoriga koʻtarganicha tilini biltanglata boshladi. Boʻynining ikki tomoni kengayib, shapaloq koʻrinishidagi shaklga kirdi. Koʻzlari qonga toʻlganday qizardi. Aftidan gʻanimi tarafga shiddat bilan sapchiydigan. Ammo sapchimadi. Burgutni moʻljalidagi joyga kelib qoldi debmi, koʻzini shoshilinch moʻljalga olib, tizillatib zaharini otdi. Xayriyat, zahar Chiporning koʻziga atigi ikki qarichgina yetmay pastga toʻkildi. Aksincha olshuvsiz ham uni mahv qilardi.

U ilonning bunday turini shuncha yashab sira koʻrmagandi. Xon togʻida zaharli ilonlarning turlari koʻp. Ularning duch kelganini tap tortmay ovlagan paytlari oz boʻlmagan. Ammo u togʻu dashtlarda kapcha (kobra) ilonlar yoʻq… Bunisining xavfli tomoni shundaki, dushmanini tishlab emas, toʻrt-besh qadam naridan koʻziga zahar purkab tinchitishini payqadi.

Tabiat ato etgan turgʻun sezgisi orqali Chipor buni juda tez ilgʻab, unga qarshi chora koʻrdi: ilon qayta zahar otishga ulgurmasidan ustidan shuvillab uchib oʻtdi. Nariroqdan qaytib, qanotlarini vazmin silkitganicha, avvalgisidan sal teparoqda toʻxtadi. Ilon bu safar bor kuchini toʻplab, ust-ustiga ikki marta zahar otdi. Oldingisi, baribir, burgutgacha yetib bormadi. Keyingisi vahimali ochilib turgan ogʻzidan uzoqlamay yerga toʻkildi. Bu uning zahari qariyb tugaganini bildirardi.

Zahari deyarli tugab, har qancha kuchanib purkaganida ham burgutning koʻzini nishonga ololmasligini ilon sezdi. Jonini asrash uchun soʻqmoqdan chiqib, oʻzini qovjiragan butalar orasiga urdi. Oʻtlar va butalar orasida uchib yuruvchi har qanday dushmanning oʻziga chovut solishi qiyinligini bilardi chogʻi.

Chirsillab qurigan butasimon oʻtlar orasidan uni oʻziga zarar bergizmasdan tutish oson emasligini Chipor ham payqadi. Shuning uchun qulay paytni kutib, tepasida bamaylixotir uchib boraverdi. Buni ilon ham bilib turardi. Bir pastqamlikda shamol uchirib kelib bosgan xas-xashaklarning tagiga kirib jon saqlashga urindi. Boshini yerga bosib oldinga siljimoqchi boʻlayotganida Chipor yashin tezligida boʻynidan gʻarchcha changalladi va bir tirnogʻi bilan boshini pastga bosganicha osmonga koʻtarib ketdi.

Hindistonning biror yitqichiyu parrandasi jurʼat qilib bunday ilonlarga tashlanolmasdi. Yarim ochligi sabablimi yo bilmaganidanmi, Chipor shunga jurʼat qildi. Tasodifan omadi keldi. Boshini pastga bosib turgan tirnogʻi hademay miyasini teshib yuboradiganday boʻlayotgandi. Shu tufayli ilon jon talvasasida buralib, dumini burgutning qanotlari orasidan oshirib tashladi va uni siquvga olmoqchi boʻldi. Ammo eplolmadi. Chipor fursat oʻtkizmay ikkinchi panjasi bilan uning hali koʻtarilib ulgurmagan belidan qattiq changallab pastga bosdi va dumini qanotlari orasidan chiqarib yubordi.

Chiqmagan jondan umid deganlariday, ilon bari bir olishuvni davom ettirdi. Bu safar dumini aylantirib yovining boʻyniga tashladi. Chipor shoshilinch chora koʻrmasa oʻzi ham omon qolmasligini his qildi. Boshini siqib turgan changaliga taqab, ikkinchi oyogʻining oʻtkir va baquvvat tirnogʻi bilan bir tortishdayoq ilonning qayish boʻlib ketgan terisining ustki qismidan bir qarichini pichoqday tilib yubordi. Baquvvat tumshugʻi bilan goʻshtlarini parcha-parcha yulib, bir zumdayoq umurtqa suyagini ochib qoʻydi. Soʻng ikki yoqqa tortib, boshini uzishi qiyin boʻlmadi.

Boshi uzilganidan keyin ilonning ikki metrlik tanasi boʻshashib, dumi pastga shalvirab tushdi. Endigi buralib – oʻralishlari Chipor uchun xavfsiz edi…

 

6

Bu doʻzaxning nafasni qaytaruvchi issiqlari Chiporga yoqmadi. Boz ustiga quyosh koʻtarilgach, ovlanadigan jonzotlar ham koʻrinmay qoladi. Shuning uchun orqaga – qoʻklam nafasi ufurib turgan joylarga qaytdi. Bunda tez-tez yomgʻir savalab tursa-da, yemish tashvishini tortmas va ob-havodagi beqarorlik unga taʼsir qilmasdi.

Doimiy umrguzaronlik qilish uchun kelgan boʻlsa-da, negadir u hanuzgacha bu yerlarning injiq ob-havosiga koʻnikolmadi. Juft topishni xayoliga keltirmay yana qariyb oʻn yil yolgʻizlikda yashadi. Baʼzida ixtiyorsiz Makiyonni eslab qoladi. Bundan chuqur gʻamga botganday, biror balandlikda qunishganicha uzoq oʻtiradi. Misoli xayolga tolganga oʻxshab koʻrinadi. Koʻzlarida gʻalati bir mung toʻngʻib qolganday. Xon togʻi choʻqqisi, salgina quyiroqdagi oʻyiqda joylashgan uyasi, Yozkechuv dashtlari koʻz oldida bor salobati va jozibasi bilan gavdalanadi. Shunday paytlarda ozuqalari moʻl boʻlsa-da, yashayotgan bu begona joylar koʻngliga sigʻmay qoladi. Yana uzoqlarga bosh olib ketgisi keladi. Lekin qayoqqa?!

Shunda Xon togʻi, uning chuqur daralari koʻz oldida lipillab qoladi. Ularni yana koʻrishni, tepasida bir marta boʻlsa-da qanot kerib sokin parvoz qilishni qoʻmsaydi. Vaqti-vaqti bilan sogʻinch tuygʻusi yuragini junbishga solib, juda ham azob beradi. Ayniqsa Sadoqat toshi poyidagi yolgʻizgina qabr tez-tez koʻziga chalinib, vujudiga jahannam olovini yoqqanday boʻladi. Oʻsha qabrni oʻtkir tirnoqlari bilan oʻzi qazib, Makiyonning jasadini chuqur dard, chidash qiyin boʻlgan yurak ogʻriqlari bilan oʻzi koʻmgandi!

Oʻqtin-oʻqtin hapriqadigan dilgir koʻnglida ortida qolgan oʻsha qadrdon diyorga butunlay qaytish mayli uygʻondi. Ammo uni amalga oshirishga yuragi dov bermaydi. Payqashicha, juda bemahal qariyotganday, tumshugʻi va panjalaridagi baquvvat tirnoqlar ancha uzayib kuchsizlanganday. Ushlaganini avvalgiday bir zumdayoq tilka-pora qilolmaydi. Qanotlaridagi patlar ham uzunlashib vazmin tortgan, oldingiday yengil va chaqqon harakat qilolmaydi. Shunga qaramay oʻljasini amallab tutayotir. Ammo baland va davomli parvozlarda qanotlari toliqadi.

Ilgarilari osmonu falakda kun boʻyi uchganidayam charchash-toliqish nimaligini bilmasdi…

Anchagacha uzoq parvozlarga jurʼat qilolmadi. Vujudini kemirayotgan sogʻinch tuygʻusi qanchalik azob bermasin, yuragida shunchalik qoʻrquv hissi ham bor edi. Eng qoʻrqqani – katta kuch sarflab oʻtiladigan va yoʻlida haftalab birma-bir toʻsiq boʻlib turadigan ulugʻ togʻlardan oshib oʻtish. Kelayotganida baland choʻqqilar uni shiddatli boʻronlari bilan kutib olgandi. Ularni yonlab uchishning oʻzi vahimaga soladi. Choʻqqilar boʻronlar uyasida qars urib boʻy choʻzganday, uni parday uchirib, ulkan qoyatoshlarga xamirday yopishtirib qoʻyadiganday tuyuladi.

U ortga qaytayotganimdayam shunday boʻladi degan sezimda edi…

Chipor umrining katta qismini yil toʻrt faslga boʻlinadigan yurtda yashab oʻrgangan. Baʼzi yillarda oʻn-oʻn besh kunga farq qilmasa, ularning almashinuvini kunigacha bilib turardi. Xon togʻidan yozning qoq chillasida parvoz qilib, qisqa muddatdayoq qahraton qishga kelib qolganday boʻluvdi. Doimiy qor va muzliklar bilan qoplanib yotishini hisobga olmaganda, bu togʻlarda har doim kuchli shamol va boʻronlar boʻlavermasligini bilmasdi. Xotirasida birinchi koʻrganlari toshday qotib qolgandi.

Sokin tonglarning birida mudrab tush koʻrdimi yo miyasining qaysidir puchmoqlarida saqlanib qolgan koʻhna xotiralari jonlandimi, koʻz oldida birdan Sadoqat toshi poyidagi yolgʻiz qabr paydo boʻldi. U ochilgan, ustidagi tosh-tuproqlar har tomonga sochib tashlangan! Yuragi shuvillab tuyatoshning tepasiga qaradi. Unda boʻynini choʻzganicha oʻziga tikilib turgan yoshgina Makiyonini koʻrib yuragi yorilayozdi. Favqulodda shiddat bilan u tomonga koʻtarildi.

Belgisiz bezovtalik va vujudini qamragan kuchli hayajon taʼsirida sachrab oʻziga keldi va beixtiyor oʻqday uchib ketdi. Xayriyatki, qayoqqa uchayotganini bilmagani holda yoʻli gʻarbi shimol tomonga oʻnglangan. Balki tomirlarida shiddat bilan oqayotgan qonga aralashgan tabiiy hislar uni shunga undagandir. Endi oʻzini begona yerlarda tutib qololadigan kuch bu olamda yoʻq edi. Inti-jinti bilan tirik koʻrgani – jufti tomonga intilardi. Uning tirilgani va oʻzini kutayotganiga ishonch tuygʻusi koʻksini limmo-lim toʻldirgandi!..

Bir kunlari ili-miliq koʻklamga, keyin jazirama yozga yoʻliqdi. Tabiatning turli joylarda turlicha ters oʻzgarishlaridan bexabar boʻlsa-da, bunday iqlim oʻziga tanish va qadrdon edi.

Meʼyoridan oshib ogʻirlashgan qanotlari bilan koʻzlagan manziliga yetolmay, oʻlib qolishi mumkinligini boshdanoq his qilgandi. U gʻayriixtiyoriy ravishda oʻlimni boʻyniga oldi. Begona tuproqlarda jon berganidan koʻra, oʻzi uchun muqaddas mayl-istaklar yoʻlida oyoq uzatish afzalroq tuyulgandir. Lekin harakat, intilish va Makiyoniga yetishish mayli unga quvvat berdi – oʻlmaygina sogʻingan manzillariga yaqinlashdi. Bundan ruhlanib, bor ovozida qiyqirib yubordi:

“Qi-i-iyq-q!!!”…

Bu safargi parvozi juda ham xayrli kechdi – oʻtgan joylarida boʻron tugul anchayin qattiqroq esgan shamolga ham duch kelmadi. Himolaydan keyingi togʻlar silsilasidan bemalol oshib oʻtdi-yu, oʻziga tanish moʻtadil iqlimga tushganini his qildi. Bu vujudiga jurʼat va quvvat endirib, keyingi parvozlarini unchalik qiynalmay davom ettirdi. Qayerlardadir madorini tiklash uchun ov qildi, qayerlardadir choʻqqilarga qoʻnib uzoqroq dam oldi, xullas, oʻzi sogʻingan va mudom talpinib yashagan sarhadlarga yetib keldi.

Gʻoʻbdin togʻi bilan Qatormoya tizmalari oraligʻida yastanib yotgan Yozkechuv dashtlarini kesib oʻtib, birinchi qoʻngan joyi Sadoqat toshi boʻldi. Lekin unda oʻzini kutayotgan Makiyoni yoʻq. Qabr ham ochilmagan, avvalgidek yolgʻiz, mungʻayib turardi. Atigi bir oygina ilgari koʻrganlari bilan bu koʻrayotganlari orasidagi farqni anglolmay Chipor hayratda edi.

Uning qaytganini koʻrib, yana toʻrtta burgut uchib keldi va u yoq-bu yogʻiga qoʻnishdi. Chipor ularning begona boʻlib ketgan oʻz avlodlari ekanligini sezdi. Garchi tumshuq tirashib “koʻrish”magan esalar-da, atrofiga kelib qoʻnganining oʻzi qondoshlik ifodasi. Balki pastdagi yolgʻiz, gʻarib qabrda qaysidir momokalonlari yotganini ular ham his qilishgandir. Lekin bobolari shu yurtning mehrigiyosi, shu qabrning sogʻinchi tufayli qayoqlardan zoʻrgʻa yetib kelganini bilishmasdi.

Yosh burgutlar birpasdan soʻng birin-ketin uchib ketishdi. Chipor keyin ham ancha hayalladi. Juftining qabriga tikilib oʻtirib nimalarni his qilgan ekan? Balki bundan qirq yillar ilgarigi hodisalar – jufti bilan ilk uchrashuv paytlaridagi totli xotiralarni eslagandir. Balki oʻzi uchun muqaddas boʻlgan va qattiq sogʻintirgan tuproqlarga oʻlmaygina yetish matlabida tirishib-tirmashganlari yodiga tushgandir. Nima boʻlganida ham u koʻzlagan joyiga yetib keldi va shu joyda uzoq oʻtirdi. Quyosh zavolga yuz tutgan mahalda ogʻir qoʻzgʻolib, Xon togʻi choʻqqisiga koʻtarildi.

Aytishlaricha burgutlar oʻlimi yaqinlashganini payqashgach yuksaklarga koʻtarilib, oʻzini quyidagi ulkan toshlarga zarb bilan urib oʻlisharkan. U oʻlishidan avval choʻqqi poyidagi chuqur daralarni koʻzdan kechirdi. Keyin uzoq yillar oʻzi va nasllariga rizqu roʻz bergan Yozkechuv dashtlariga nazar tashladi. Ularning hammasida ajib bir sokinlik, ajib bir goʻzallik borligini ilgʻadi. Koʻzlari nimani koʻrgan boʻlsa, hammasi charchoq vujudiga kuydirgudek bir harorat ufurdi. Yuragida yengib boʻlmas bir istak uygʻondi: shunday chiroyli va mehrigiyosi bor maskanlarni oʻz ixtiyori bilan tark etib, ajalga taslim boʻlsinmi?! Yoʻq! Bunday ahmoqona oʻlimdan alhazarki, yoʻq! U hali-beri oʻlmasligi kerak!

Magʻrur burgutlarga hos qaror shunday boʻladi! Aksincha uning musichadan farqi qolmaydi…

Dafʼatan dilida uygʻongan gʻurur Chiporning yuragida ana shunday aks sado berdi.

 

7

Chiporning oʻlgisi kelmay qoldi. Ularning nasli kasallik yoki ovchining oʻqiga uchramasa shunchaki oʻlib ketishmaydi. Oʻlimtik yemaganlari tufaylimi, umrlarining oxirigacha kasal ham boʻlishmaydi. Ovchilar burgut ovlashmaydi. Bir marta qon dushmaniga aylangan ovchi ham uni ikkinchi marta otmay ketdi. Buni u oʻshandayoq payqagandi. Makiyonni qandaydir mudhish xato tufayli otib qoʻygan shekilli.

Makiyonni tirik koʻrolmaganidanmi yo boshqa sababdanmi uning birdan jununi qoʻzidi, oʻzi qoʻnib turgan qoyaning toshini bor kuchi bilan timdalay boshladi. Shunday timdaladiki, panjasidagi baʼzi tirnoqlari sinib, baʼzilari qoʻporilib qoniga belandi. Goʻyo shu bilan tortgan barcha alamlariga chek qoʻymoqchidek, joni ogʻriganiga ham parvo qilmadi. Oʻsib oʻtmaslashgan tirnoqlaridan qutulgach, qanotlaridagi uzayib vazmin tortgan va balandroq uchishiga xalal berayotgan patlarini ham ayovsiz yula boshladi. Navbat tumshugʻiga yetgach uni gʻazab bilan toshga urib, deyarli ishga yaramay qolgan uchini sindirdi. Soʻngra toshga ishqalab qayrab, qiyshiq singan joylarini toʻgʻriladi…

Dastlabki oylarda u juda qiynaldi: qanotlaridagi patlarni yulib tashlagach, balandlab ucholmay qoldi. Changaksimon qayrilgan baquvvat tirnoqlarsiz hatto quyon kattaligidagi hayvonlarni ham tutolmadi. Noiloj mayda kemiruvchilar va hasharotlar bilan qanoatlanishga majbur boʻldi. Necha oylar yer bagʻirlab uchib, yarim ochlikka koʻnikib yashadi.

Oradan chamasi besh oylar oʻtdi. Chiporning singan va qoʻporilgan tirnoqlari oʻrniga yangi tirnoqlar, tumshugʻi oʻrniga yangi tumshuq oʻsib chiqdi. Qanotlarida yangi, risoladagiday patlar paydo boʻldi. Endi u oʻn yasharlik paytlaridagiday kuch-quvvatga toʻlib, sogʻlom va chayir burgutga aylandi. Yuksaklarda parvoz qilib, zamin yuzini xotirjam kuzata boshladi.

Bu balandliklardan uning ikkinchi qoʻnalgʻasi – kattaligi qariyb uyday keladigan Sadoqat toshi inson koʻzi bilan qaralsa, gugurt qutisidaygina boʻlib koʻrinadi. Ammo tabiat ularga shunday neʼmatni ato etgandiki, Chipor toshni oʻz kattaligida koʻradi. Bugina emas, juftining doʻmpayib turgan va ustiga tosh bostirilgan qabrini ham, togʻlarning yonbagʻirlarida gʻimirlab yurgan maydaroq jonivorlarni ham kaftida turganday koʻrayotir. Istasa miltiqning oʻqiday otilib, xohlaganini bir zumdayoq tutib olishi mumkin. Biroq bunga ehtiyoji yoʻq. Ertalab bitta jayra bilan bitta bulduruqni tutib yeb olgandi. Hozircha shuning oʻzi kifoya qilmoqda.

Chipor yana yuksaklarda parvoz qilayotganidan sarmast edi. Uzoq davom etgan ranj-alam va azoblardan keyin tanasida paydo boʻlgan kuch-qudrat, sogʻlomlik baquvvat yuragida yangicha bir shukuh uygʻotdi. Serzavq yoshligini eslatarmidi, Sadoqat toshiga yuksaklardan koʻz tashlaganida vujudini hech narsaga qiyoslab boʻlmaydigan gʻuborsiz bir lazzat qamrab oladi.

 

2016–2017 yil,

Doʻrmon – Uchqun.

 

Soyim ISʼHOQ

 

“Ijod olami”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.