Sadaqa

0
263
marta koʻrilgan.

Ketrin MENSFILD

 

Turmushga chiqqaniga endigina ikki yil boʻlgan koʻhlikkina, yosh, aqlli, zamonaviy va oʻqimishli juvon Rozmari Fellni eri juda yaxshi koʻrar, undan hech narsani ayamasdi. Rozmari tushgan oila, mabodo kelin u yoki bu narsa xarid qilmoqchi boʻlsa, Londonni nazariga ilmay, toʻppa-toʻgʻri Parijga yoʻl olardi. Qish oqshomlaridan birida Rozmari tilla magaziniga kirib keldi. Mudir ataylab yashirib qoʻyilgan qutichani peshtaxta ostidan chiqardi.

– Voy, buncha chiroyli! – dedi hayratlanib Rozmari. – Qancha turarkan?

Mudir uning soʻzini eshitmaganlikka oldi, ammo birozdan keyin:

– Arzimagan pul, xonim, – dedi.

– Menga saqlab qoʻysangiz, iltimos.

Magazin mudiri taʼzim qildi.

Tashqarida yomgʻir quyar, endigina yongan elektr chiroqlari qandaydir gʻamgin miltirab turardi.

Ana shu vaqtda kichik jussali, qorachadan kelgan yosh bir qiz Rozmarining yonida paydo boʻldi va mungli ovozda:

– Xonim, xayr qiling… – dedi.

– Menga aytyapsizmi? – ovoz kelgan tomonga oʻgirildi Rozmari va xuddi suvdan chiqqanday qaltirab turgan begona qizni koʻrdi.

– Xonim, – dedi qiz yanada mungliroq ohangda, – sadaqa qiling…

“Sadaqa”? Bu tovush qandaydir sodda, samimiy edi, sira gadoynikiga oʻxshamasdi.

– Nima, hecham pulingiz yoʻqmi? – soʻradi Rozmari shu zahoti nooʻrin savol berib qoʻyganini payqab, xijolat chekdi.

– Ha, xonim, – javob qildi qiz.

– Nahotki? – Rozmari qizga diqqat bilan razm solgach, rahmi kelib, saxovat koʻrsatmoqchi boʻldi.

Faraz qilingki, qizni uyga olib borsin, xoʻsh, unda nima boʻladi? Shov-shuv koʻtarilishi tabiiy. Rozmari bu bechoraga hayratlanib qarayotgan yaqinlariga nimalar deyishini tasavvur qildi: “Shunchaki uyga olib keldim…” Nihoyat, qizga yaqinlashib, dedi:

– Yuring biznikiga.

Qiz ergashdi.

– Siz meni politsiyaga topshirib yubormaysizmi? – shubhalanib soʻradi u, biroz yurishgach.

– Politsiyaga deysizmi? – kulib qoʻydi Rozmari. – Nega endi? Savob ish qilmoqchiman, xolos.

Ular chiqqan yengil mashina tun qoʻyniga shoʻngʻib ketdi.

– Mana uyga ham yetib keldik… Oʻtiring, marhamat, – dedi u qizni kamin yonida turgan katta oromkursiga taklif qilib.

– Yaxshi, xonim, – pichirladi qiz va shlyapasini yechdi.

– Keling, paltongizni ham yeching, – dedi Rozmari.

Qiz oʻrnidan turdi, oʻng qoʻli bilan oromkursiga suyandi. Rozmari unga koʻmaklashdi.

– Avf etasiz, xonim, – dedi qiz rangi oʻchib. – Hushdan ketyapman. Hozir yiqilib tushsam kerak. Xonim, yeyishga biron narsa topilmaydimi?

– Yo Xudo! Qanday berahmman-a!

Rozmari xizmatkorga buyurdi:

– Choy opkeling! Darrov choy opkeling! Ozgina konyak ham!

Qizning koʻzlariga yosh qalqdi, u endi tortinchoqlikni unutgandi.

– Men bu holatda uzoqqa borolmayman! – dedi u baqirib. – Chidab turolmay-man. Bu kunimdan oʻlganim yaxshi…

– Biroz sabr qiling, – dedi Rozmari. – Oʻzingizni bosing. Iltimos, yigʻlamang.

Choy keltirildi. Qiz yigʻini toʻxtatib, lazzatli taomlardan toʻyib tanovul qildi.

Dasturxon yigʻishtirilganda lablari qirmiz, koʻzlari shahlo bir sohibjamol oromkursida yastanib oʻtirardi.

Shu payt eshik tutqichi buraldi: “Rozmari, kirsam maylimi?” Bu uning eri Filipp edi.

– Ha, – dedi Rozmari jilmayib. – Bu mening oʻrtogʻim…

– Smit xonim, – dedi oromkursidagi goʻzal.

– Smit xonim, – dedi Rozmari. – Biz gurunglashayotgandik.

– Agar malol kelmasa, – dedi Filipp xotiniga qarab, – kutubxonaga chiqsangiz. Smit xonim bizni avf etsinlar.

Koʻzlar toʻqnashdi. Rozmari qiz uchun javob berdi:

“Albatta”. Eru xotin xonadan chiqib ketishdi.

– Xoʻsh, – dedi Filipp kutubxonada, – kim u? Mehmonmi?

Rozmari eshikka suyanib kuldi.

– Koʻchadan topib keldim. Rostdan. U mendan sadaqa soʻragandi, uyga taklif qildim.

– Tabriklayman! – dedi Filipp hazillashib. – Xoʻsh, uni nima qilmoqchisiz?

– Bilmasam, – dedi Rozmari yelkasini qisib. – Oʻylab koʻramiz-da.

– Ammo-lekin, – dedi Filipp sigaretining kulini tushirarkan. – U haddan tashqari goʻzal ekan, yoshi ham yigirmadan oshmagan, menimcha.

“Goʻzal?” Rozmari shunday ajablandiki, hatto uyatdan qizarib ketdi.

– Oh! – gapni ilib kedi Filipp. – U nihoyatda goʻzal ekan! Nahotki sezmagan boʻlsangiz? Xoʻsh, endi Smit xonimni bugungi ziyofatga taklif etishga ijozat bersangiz, jonim.

– Qoʻysangiz-chi! – dedi Rozmari va kutubxonadan chiqib ketdi, biroq mehmonxonaga bormadi. U yozuv-chizuv qiladigan xonasiga kirib, kursiga choʻkdi: “Goʻzal! Haddan tashqari goʻzal…” Rozmarining yuragi gupillab ura boshladi. U seyfni ochib besh funt sterling oldi, soʻng ikkitasini qaytib joyiga qoʻydi-da, uch funt sterlingni changallaganicha mehmonxonaga yoʻnaldi…

Bir yarim soatlardan keyin Rozmari kutubxonaga qaytib keldi.

– Sizga aytib qoʻymoqchi edim, – dedi Rozmari. – Smit xonim tungi ziyofatda qatnasha olmas ekan.

Filippning qoʻlidagi qogʻoz tushib ketdi.

– A? Nega? Nima boʻldi?

Rozmari kulib, erining tizzasiga oʻtirdi.

– Negadir oʻz-oʻzidan ketamanga tushib qoldi, – dedi u birozdan soʻng. – Bechoraga xayr qildim. Ketdi. Raʼyini qaytara olmadim.

Oraga jimlik choʻkdi.

Birozdan soʻng Rozmari maqsadga oʻtdi:

– Bugun magazinda ajoyib quticha koʻrdim. Oʻshani olsam maylimi?

– Ixtiyoringiz, – dedi Filipp. – Bilasiz-ku, men hech qachon sizning raʼyingizni qaytarmaganman.

Lekin Rozmari soʻramoqchi boʻlgan narsa, aslida, bu emasdi.

– Filipp, – shivirladi u. – Men goʻzalmanmi-a?

 

Ingliz tilidan

Munira NOROVA

tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.