Rizq

0
140
marta koʻrilgan.

Ollonazar ABDIYEV

 

Otamurod chol chorbogʻining ichidagi oftobshuvoqda oʻtiraverib zerikib ketdi. Kuniga nevarasini orqalagan koʻyi kelaveradigan, besh-olti uy narida yashaydigan tengquri Sanam kampirdan ham bugun nimagadir dom-darak yoʻq! Yotib qolmadimi ekan? Kuni kecha “Koʻkragimda sanchiq bor, gohida havo yetishmay, entikib qolaman” deb hasrat qilayotgan edi. Buyogʻi vaqt ham peshinga yaqinlashib qolibdi. Oyogʻida yurganida shu paytgacha birrovgina bosh suqib ketgan boʻlar edi. Choʻzilib yotgan boʻlsa kerak. Shunday oʻyda hassasiga suyanib oʻrnidan turdi-da, hovli etagida oʻynab oʻtirgan nevaralariga koʻz tashladi. Birovini yugurtirib olmoqchi boʻldi-yu, biroq ularning oʻyinini buzgisi kelmadi. Qolaversa, “Xastalanib yotgan boʻlsa, baribir oʻzim borib koʻrishim kerak-ku”, deb oʻyladi-da, darvozaning ichki ilgichini tushirdi.

Tashqariga chiqqach, “Darvozani ichkaridan ilib qolinglar” deb aytishga chogʻlandi. Biroq tagʻin nevaralarining qiziq oʻyinlarini buzgisi kelmadi. Qolaversa, “Ikki hatlam joy, bir zumda boraman-u qaytaman-da” deb oʻyladi.

Borsa, haqiqatan ham, Sanam qurdoshi inqillab-sinqillab yotgan ekan. Kelini ishiga bormay qarab oʻtiribdi. Hol-ahvol soʻrashdi. Uyoq-buyoqdan gaplashgan boʻldi. “Men oʻlib qolsam senga juda qiyin boʻladi-da!” dedi Sanam kampir uning yuragini qattiq shuvillatib.

Bu gapdan toqati toq boʻlib, ortiga qaytishga shoshildi.

Uyiga endigina yetib kelganida ikki darozgina yigit darvozaning kichkina eshikchasini ochib ichkaridan chiqib keldi. Qoʻllarida oʻralgan gilam bilan sholcha. Eshik ochgan zahoti cholga roʻpara kelamiz deb oʻylashmaganmi, avvaliga ikkalasi ham allanechuk dovdirab, kalovlanib qolishdi. Bir-biriga qarab olishdi. Saldan keyin oʻzlariga kelib, biri muloyimlik bilan dedi:

– Darvoza ochiq turganiga kira qolgan edik… Ichkarida hech kim yoʻq ekan. Gilam sotib yurgan edik. Xivaning gilami, olasizmi, otaxon?..

Ikkinchisi:

– Sholchamiz ham bor. – dedi. – Olib qoling, arzongina, tushib beramiz. Yangi mol olib kelgani ketishimiz kerak edi. Shuning uchun uyma-uy yurib arzon-garov sotib yurgan edik.

– Chiroqlarim-ov, men bilmasam. Agar oʻgʻlim bilan kelinim tushlikka kelgan chogʻi kelmasangiz… Manovi jaziramada terlab-pishib ketibsizlar-ku. Ogʻir yukni koʻtarib yuraverish ham oson emas. Ishlaringiz oʻngidan kelsin, chiroqlarim. Ozgina nafas rostlab, chanqovbosti qilib olsalaringiz-chi?..

– Yoʻq, rahmat, otaxon. Olmaydigan boʻlsangiz yoʻlimizdan qolmaylik, – deb ular yoʻlga ravona boʻlishdi.

Otamurod chol nevaralaridan xabar oldi. Mollarga oʻt solib, sugʻordi. Tovuqlariga don sepib, chumchuqlardan qoʻrigan holda ularning donni choʻqilashlarini tomosha qilib turdi. Shu bilan peshin ham boʻldi.

Kelini bilan oʻgʻli tushlikka kelishdi.

Ayol zoti sergak boʻladi. Ichkariga kirib ketgan kelinning ovozi baland eshitildi. Zum oʻtmay oʻzi ham tashqariga otilib chiqdi:

– Ota, ayvonning devoriga ilingan gilam bilan yeriga toʻshalgan yangi sholcha qani?! Tashqariga olib chiqib yoydingizlarmi?.. – Soʻrashga soʻradi-yu, biroq qaynotasining ogʻir gilamni tashqariga koʻtarib chiqqaniga aqli bovar qilmay, bir shumlikni sezgan yuragi shuvilladi. Ayol boʻlganidan keyin mol-dunyoga bir bahya yaqinroq. Nimaga ham olib chiqsin? Mabodo nevaralari sholchani bulgʻab qoʻyishgani uchun olib chiqqan boʻlsa, u holda devorda osilib turgan gilam qayoqqa ketdi?!

– Men teginmadim, chirogʻim. Nima edi?.. Yoʻqmi?.. Boʻlishi mumkin emas!

Chol alpon-talpon yurib ichkariga kirdi-da, ayvonga toʻshalgan sholcha bilan devorga ilingan gilamning oʻrni rostdan ham kaftdek ochilib qolganini koʻrdi.

– Yo tavba, jin-shayton chaldimi bularni? Uydayoq oʻtiribman-ku!

– Uyoq-buyoqqa chiqmadingizmi, ota? Uyga hech kim kelmadimi?

– Yoʻq, bolam, yoʻq!.. Aytganday, gilam bilan sholcha sotib yurgan ikki bola keluvdi, shu. “Olasizmi?” deb soʻradi. Men “Bilmayman” dedim. Boshqa hech kim kelmadi.

– Ha, boʻpti-da. “Hech kim kelmadi” deysiz tagʻin. – Kelin qattiq yulqindi. – Uyoqda ular gilam bilan sholcha sotaman degan boʻlsa, buyoqda bizning gilam-sholchamiz yoʻqolgan boʻlsa, shular olib ketgan boʻlib chiqadi-da. Goʻrga ketadimi boʻlmasa?! Eshikni hech kimga ochmang, uyga qarab oʻtiring deb zor qaqshab ketasan… – deya zarda bilan toʻngʻillab, bolalarini chaqirdi kelin. – Quvonishshsh, Marziyayaya, tirikmisanlar, yo oʻlib qoldinglarmi, yergina yutgurlar. Quvonish deyapman. – Kelin Quvonishning otini atayin qayta-qayta aytib turibdi. Yoʻqsa boshqa payt otini aytmay, “Oqyigit” der edi. Chunki qoraqalpoq udumiga koʻra toʻngʻich bola chol-kampirniki hisoblanib, onasiga qayin sifatida boʻladi. Bola “oyi” demaydi, “kennoyi” deydi. Bu – uyga durustroq poyloqchilik qilolmagan Otamurod cholga kelin berayotgan dakki-dashnom. Cholning oʻziga toʻppa-toʻgʻri ovozini koʻtarib soʻzlayolmaydi. Betgachoparlik qilsa, ishlari bundan besh battar chappasiga ketib qolishidan qoʻrqadi. Chunki ikki-uch yilcha avval bunaqasini ham yaxshigina koʻrgan. Oʻsha mojarodan keyin qaynotasiga qaytib soʻzlamaslikka ichida ham, sirtida ham ont ichgan. Rosa tavbasiga tayangan! Oʻshanda mehmon boʻlib oʻtirgan qayinbekasi bilan yeznasi kelinni qaynotasiga ovozini salgina balandlatib gapirgani uchun qattiq urishib tashlashdi. “Boqmasang boquvsiz qol. Oʻzimiz gard yuqtirmay qaraymiz. Sening zahar-olud soʻzlaringni eshitgan koʻyi bol shimib oʻtirganidan bizning shirin soʻzimizni tinglab, qora non chaynab oʻtirgani afzalroq qarigan chogʻida!” deb olib ketishdi. Oʻz uyini tashlab ketayotganida chol battar mungʻayib qoldi. Oʻzi zahmat chekib yoʻqdan bor qilgan, shuncha yillik umri kechgan uyiga endi oʻzi begona boʻlib turibdimi?!.

Oʻsha lahzadayoq kelin kechirim soʻrab yalinib-yolvordi. Sababi bolalariga qarab oʻtiribdi. Uyi hamisha ochiq – qulf-kalit nimaligini bilmaydi. Hammasi shu cholning sharofati. Buning ustiga, moʻmaygina nafaqasi ham bor. Oʻz vaqtida rosa mehnat qilgan, orden-medallari ham talaygina. Buning ustiga, urush qatnashchisi. Shuning uchun bayramlarda hukumat tomonidan sovgʻa-salom ham kelib turadi.

Bunisi hali holva: chol bir joyga mehmon boʻlib borsa, mezbon chopon, koʻylak, pul berib, oq fotihasini oladi. Toʻy-maʼrakalardan ham quruq qaytmaydi. Olgisi kelmasa ham “Yoʻlingiz ulugʻ, yoʻli shu” deyishadi. Oʻlaman-sattor olmayman desa, “Nima, ozsinib turibsizmi?” deb kuydirishadi. Uyiga kelgan qarindosh-urugʻlar ham koʻpni koʻrgan nuroniy otaxonning oq fotihasini olish uchun quruq kelishmaydi, yoqali kiyimlargacha olib kelishadi.

Mana shularning hammasidan mahrum boʻlib qolish kelinga yoqmadi. Shuning uchun ham oʻshanda bekatga qadar yalinib-yolvorib bordi. Agar shangʻiligini qoʻymay, betgachoparlik qilaversa, faqatgina “sogʻin sigir” qaynotasidan emas, xushbichim, chaqqon, esli-xushli, obroʻsi joyida, eng muhimi – qoʻrli-qutli, uyli-joyli eridan ham ajrab qolishi ehtimoldan holi emas. Qayinbekasini yaxshi biladi, achchigʻi chiqsa har nima qilishi mumkin. “Inimni bu alvastidan ajratib olib, boshqa birovga uylantiraman” deyishdan ham toymaydi.

Oʻshandan keyin uyidan ketib qolgan qaynotasining ortidan bir-ikki marta borgan edi, kelmadi. Aniqrogʻi, qayinbekasi ketgani qoʻymadi. “Agar yana ogʻiz ochib, yuziga tik qarasam, yuz-koʻzimga tuyaning tovoni” deya qayta-qayta oq tavba-koʻk tavba qilganidan keyingina qayinbekasi cholni zoʻrgʻa oʻziga qaytardi.

Mana shunday mojarolar boʻlib oʻtganidan keyin u qaynotasiga qanaqasiga botinib soʻzlay olsin.

– Quvonish deyman. Marziya deyman. Bu yoqqa kelinglar tez.

Ikkalasi yugurgilab kelishdi.

– Nima deysiz, oyi?

– Men nima deyman?. Oʻzlaring oʻz boshlaringcha oʻynayvermay, bobolaringga koʻmakchi boʻlmaysanlarmi? Agar bobolaring tashqariga chiqqanida darvozani ichkaridan ilib qolganlaringda edi, shu koʻrgilik boʻlmas edi.

– Hoy kelin, aylanayin, qoʻy, bolalarga baqirma-chi. Ayb ularda emas, menda. Ular mening tashqariga chiqqanimni bilmay qolishdi… Ayvonda osilib turgan gilamning oʻgʻirlanganini bilib, sendan kam qiynalmayapmanmi men ham, chirogʻim. Chunki u gilam, oʻzingga ham aytganman, bir paytlar mehmonxona toʻrida ilinib turgan joyidan olib, “Modadan qoldi ham sal eskirdi” deb dahlizga toʻshamoqchi boʻlganingda “Aylanayin chirogʻim, bu gilam modadan qolib, eskirgan boʻlsa ham men uchun, shu uy uchun aziz. Chunki uyning barakasini berib, rizq-roʻzini butun qilib, ahilligini saqlab, xavf-xatardan asraguvchi xosiyatli molimiz, dunyomizning boshi, kampirimning koʻzi-ku, chirogʻim.” degan edim senga. Nachora, qulay payt poylab qattiq tushirishdi anovi noinsoflar. Iloyo balo-qazo shu gilam bilan sholchaga qoʻshilib ketsin. Bosh-koʻzimizdan sadagʻa boʻlsin! Endi jonimiz omon boʻlsin deb tilaylik, kelinjon. Dunyo – qoʻlning kiri. Xudo beraridan qismasa oʻrni toʻlib ketar. Shunday emasmi, Quvonishjon? – deya chol toʻngʻich nevarasining boshini silab erkaladi.

Halidan beri mojaroga aralashmay turgan oʻgʻli Marat ogʻzini gapga juftlagan xotiniga oʻktam qarash qildi:

– Otam toʻgʻri aytyapti. Boʻldi endi, shu gap shu yerda qolsin. Tag-tugini soʻrab-surishtirib qarasang, gilam bilan sholchadan boshlab shu uydagi jamiki qoʻlga ilingulik mol-mulk otam bilan onamning topgan-tutgani-ku. Hattoki uy-joyni oʻmarib ketganlarida ham gʻiring deyishga haqqing yoʻq sening. Ikkalamiz ham bu uyga aqalli bitta gʻisht qoʻygan emasmiz.

– Qoʻy, bunday dema, bolam, – dedi Otamurod chol. – Men bu dunyoni goʻrimga olib ketmayman-ku. Bu dunyo, bu mol-mulk sizlarniki, sizlardan keyin Quvonishjonniki boʻladi. Shunday qilib bir-biriga ulanib ketaveradi-da. Kelinning achchigʻi chiqqani ham bekorga emas, bolam. Ayol kishi boʻlganidan keyin, mol-dunyo ularning qoʻllarida yigʻiladi. Yigʻilgan dunyo sochilib-toʻkilmay, yoʻq boʻlmay saqlanadi. Biroq sal-pal sabr qilib, gilam nima sababdan oʻgʻirlanganini soʻrab-surishtirib, ana oʻshandan keyin “Hechqisi yoʻq, ota. Gilam-sholcha tengquringiz Sanam momoning sogʻligidan azizroq emas. Qiynalmay qoʻya qoling. Shu uyning tabarruk gilamini olib ketgan noinsoflarga u buyurmasin. Endi buyogʻiga pishiqroq boʻlarsiz, ota”, deb hurmatimni joyiga qoʻygan holda yengilroq dakki berib qoʻya qolganingda uzukka koʻz qoʻygandek boʻlar edi-ya, Sababi “Bir kun urush-janjal boʻlgan uydan qirq kunlik rizq-nasiba qirqiladi”, degan gap bor, chiroqlarim, Qolaversa, “Yaxshi soʻz – jon ozigʻi”.

Joʻyaligina gap oʻz taʼsirini koʻrsatdimi, kelin:

– Agar gaplarim sizga ogʻir botgan boʻlsa, meni kechiring, ota. Men manovi quloqsizlarni urishdim-da, – deya oʻzicha uyalgan boʻldi.

– Bu bolalarga baqirganing ham menga tegdi-da. Chunki mening koʻrar koʻzlarim, mendan keyin qoladigan tirnoqlarim-ku bular, – deya Marziya bilan Quvonishni baravariga bagʻriga bosdi chol.

– Boʻldi endi, tezroq choy qoʻyib, yengilroq ovqat qilib yubor. Nari borsa yanagi oylikdan bir gilam olib berarman, – deya Marat yuz-qoʻlini yuva boshladi.

Achchiq-alamlar tumandek tarqab, birga-birga bahuzurgina tushlik qilib oʻtirganlarida darvoza taqilladi. Koʻp oʻtmay bir militsioner kirib keldi.

– Qay bolasan? Omonlikmi? – soʻradi qariya.

– Omonlik, ota, omonlik. Qaytanga sizdan suyunchi soʻrab kelyapman. Men shu aymoqning militsioneriman. Otamurod bobo, mabodo bugun gilam bilan sholcha oʻgʻirlatmadingizmi?

– Ha, shunday boʻlib qoluvdi. Nima gap?

– Uylarga kirib mayda oʻgʻirlik bilan shugʻullanadigan yosh yigitlar paydo boʻlib qolgan ekan. Anchadan beri ushlatmay yurishgan edi. Shular haligina qoʻlga tushdi. Gilam bilan sholcha koʻtarib ketayotganlarida tezkor guruh qoʻlga oldi. “Oʻzimizniki” deb nari-beri boʻyin tovlashgan edi, tillaridan tutib, dalillar keltirib, axiyri boʻyinlariga olishga majbur qildik. Oxirida sizning uyingizdan olganini aytishdi. Tushdan keyin boʻlimga borib olib ketishingiz mumkin.

– Yasha, chirogʻim, baraka top. Kasbi-koringdan topganingning barakasini bersin. Halol mol-mulkim biror soat oʻtib-oʻtmay oʻzimga qaytib kelayotgan ekan, senga yana bir marta rahmat, inim. Iloyo bola-chaqangning rohatini koʻr, – deya hududiy militsionerni duoga koʻmib tashladi chol. – Endi suyunchiga nima bersam ekan-a? – deya koʻzlaridan oqqan sevinch yoshlarini qiyiqchasi bilan sidirib, oppoq soqolini silagan koʻyi bir muddat oʻylanib turib qoldi.

– Yoʻgʻ-e, Otamurod bobo, men hazillashib aytdim-qoʻydim-da. Bizning ishimizda bunaqa oldi-berdilar boʻlmaydi.

– Senlarda boʻlmasayam bizlarda boʻladi-da, inim! Qoraqalpoqda boʻladi-da “suyunchi” degani. Qoraqalpoqsanmi oʻzing?

– Hovva, bobo.

– U holda indama. Yuragimni oʻrtab turgan eng qadrli molim, kampirimning koʻzi boʻlgan gilamim bilan sholchamni topib berasan-da, tagʻin suyunchisiz ketasanmi. Buyogʻi biz ham zamona zaylini sal-pal bilamiz. Sababi kichkintoyligimizdan shaharlik boʻlganmiz. Hozir Maratjonga pul berib, doʻkondan Nukusning “qirgʻovul”ini oldirayinmi? Buyoqda ovqat ham pishyapti, ikkovlaring bir otamlashib…

– Yoʻq, bobo, men ichmayman. Xizmatdagi odammiz. Biroq, mayli, oʻtiray. Osh-ovqatingizdan totinmasam yubormassiz. Lekin shisha kerak emas.

– Oʻzing bilasan, chirogʻim, zorim bor-u, zoʻrim yoʻq. Lekin bir shishaning pulini suyunchi hisobida olib ketasan. Mening berganim tabarruk, bolam. Har kuni Otamurod bobong gilam oʻgʻirlatib, sen topib olayotganing yoʻq-ku, – deya chol yayrab kuldi.

– “Soʻz joʻyasini topsa, mol egasini topadi”, deganlar. Sizga ham rahmat, otaxon.

Shu bilan suyunchi atrofidagi gaplar xotima topib, Otamurod cholning oqkoʻngilligidan ustalik bilan foydalangan oʻgʻrilarning oʻz gilamini oʻziga “Sotib olasizmi?” deb qariyani boplab tushirganlarini aytishib, hammalari kulishib olishdi.

Oʻgʻil kelinga maʼnoli qaradi-da, yayrab gurung berishga tushdi:

– Haligina kuyib-pishayotgan eding. Gilaming bilan sholchang qaytib keladigan boʻldi. Bizning qariyalarning koʻngli toza-da. Oqkoʻngilligiga qarab beradi. Berib ham kelyapti. Bunga koʻp marotaba guvoh boʻlganman. Ovqat pishgunicha gurunglashib oʻtiraylik, masalan, bir kuni otam bozorlab qaytayotganida avtobusda bozorligi solingan toʻrvasini unutib qoldiribdi. Shunda “Ha, endi, nachora, bugun yosh goʻshtning shoʻrvasini ichish buyurmagan ekan-da” deya boʻshashibgina qaytib kelayotsa, yonidagi soy tomondan “Yordam bering” degan bolakay ovozi eshitilibdi. Apil-tapil borib qarasa, bir bolakay soyda oqib ketayotgan ekan. Qoʻlini bazoʻr koʻtarib, suvga choʻkib ketyapti. “Yordam bering” deb baqirgan qirgʻoqdagi joʻrasi ekan. Suvga choʻkib borayotgan bolakayning baqirishga ham holi yoʻq. Darhol beliga qadar suvga tushib borib, naryogʻiga hassasini choʻzibdi. Shunday qilib, hassasi bilan sayozroq joyga tortib chiqarib, yutgan suvlarini qusdirib, bolakayni bir oʻlimdan olib qolibdi. Shundan keyin uyga kelib dam olib yotgan ekan, narigi koʻchadagi Turimboy qassob qoʻlida kattakon sigirning ulkan bir sonini koʻtarib kelibdi:

– Hali suvga choʻkib ketayotganida siz qutqarib qolgan bola mening oʻgʻlim edi, oqsoqol. Baraka toping, iymoningiz salomat boʻlsin, manovini pishirib yeng. Endi soʻyib turgan edim, nima boʻlganini eshitdim-u bu yoqqa qarab yuguraverdim. Sigirning bir payi ham sizniki. Hali tayyor emas edi. Tayyor boʻlganida olib kelib berishadi…

– Yoʻgʻ-e, qoʻying, inim. Men qoʻlimdan kelgan ishimni qildim. Koʻmakka muhtoj odamga yordam qoʻlini choʻzish musulmonchilikning qoidasi-da.

– Gapingiz toʻgʻriku-ya, oqsoqol. Oʻzi sizdek tabarruk yoshdagi odamni bir mehmon qilaman degan niyatda yurgan edim. Xudoning buyurgani shunaqa ekan-da! – deb qoʻyarda-qoʻymay tashlab ketdi. Olib ketmaganidan keyin ortidan uloqtirasanmi? Turumboy ogʻa koʻp yillardan beri qassoblik qiladi. Oʻziga toʻq yashaydi. Shuning uchun ham berganning betiga qaramadik. Agar joʻjabirdek jonning rizqini qiyib olib kelib oʻtirgan nochorgina xoʻjalik egasi boʻlganida umuman olmay, qoldirib ketganda ham, keyinchalik bizlarga obortirib tashlatar edi otam.

Kechqurun chekiga tushgan pay ham keldi. Buning ustiga salgina oʻtib uch-toʻrt koʻcha narida yashaydigan bir ayol kelib turibdi, otam unutib qoldirgan toʻrvani koʻtarib.

Mana shunaqa, bizning cholning jamiki mol-dunyosi haloldan yigʻilgani, oʻzi ham halol-insofli, rizq-nasibasi butun boʻlgani uchun har bir ishining oxiri baxayr boʻlib qolaveradi, – deya maqtana ketdi Marat.

– Toʻgʻri aytasiz, inim. Chol-kampiri bor uyning rizq-nasibasi butun boʻladi. Bu rizqni hech kim qiyolmaydi ham. Bekorga “Qarisi bor uyning parisi bor” demaydilar, – dedi nazoratchi militsioner. – Mana men tirikligida ota-onamning xizmatini durustroq qilolmadim. Shuning hissasini chiqaray deb qabrlari ustiga hashamatlab ulkan gumbaz qurdirdim. Har payshanba borib turaman. Ularning xotirasiga chol-kampirlarni uyimga chaqirib, dasturxon yozib, xayr-ehson qilib, ruhi poklariga duoi fotiha qildirib turaman. Biroq, baribir, koʻnglim toʻlmaydi. Taskin topavermayman. Oʻlgandan keyin tuya berganingdan tirigida igna berganing afzalroq ekan! Bunga aqlim kechroq yetdi-da, oqsoqol, – deb koʻziga yosh oldi militsioner.

Tushlikdan keyin Marat gilam bilan sholchani olib keldi.

 

Qoraqalpoq tilidan OTAULI tarjimasi

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.