Risolat ut-tayr

0
318
marta koʻrilgan.

Imom GʻAZZOLIY

 

(Qush risolasi)

 

Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan boshlayman

 Turli xildagi va turfa feʼl-atvordagi qushlar toʻplanishib, oʻzlari uchun bir podshoh izlashga qaror qildilar. Buning uchun Anqodan[1] ham munosibrogʻi yoʻqligi haqidagi fikrlari bir joydan chiqdi. Anqoning magʻrib tomondagi bir orolda yashashini bilib oldilar. Unga nisbatan qalblarida paydo boʻlgan zavqu shavq qushlarni bir yerga jamlagan edi. Tezroq uning visoliga yetib himoya qanotlari ostiga kirmoqni va xizmatida boʻlib saodatga erishmoqni niyat qildilar. Barcha qushlar joʻrovoz boʻlib shu qoʻshiqni kuylamoqqa tushdilar:

 

Yuring doʻstlar, yuring, yoʻlga tushaylik,

Layloning yurtini bir-bir soʻraylik.

Ne xush erur buni bilgan topilsa,

Taʼzim qilib huzuriga boraylik…

 

Shu lahzada koʻngillaridagi yashirin tuygʻular larzaga kelib: “Ay podshoh, sening biron nishoning boʻlmagach, vaslingni qaysi diyordan izlaylik?” – deya nolon boʻldilar.

Shu on gʻayb pardasi ortidan

: “Oʻzingizni halokatga tashlamang!”

 (“Baqara”, 195-oyat)[2]. Oʻtirgan joyingizdan jilmang, u yerdan qimir etmang! Vataningizdan ayriladigan boʻlsangiz, musibatingiz chandon ortadi. Boshingizni baloga suqmoqchimisiz yo oʻlim xumori tutyaptimi? – degan sas keldi.

 

Tikon oyogʻimga botmasin desang,

Tikonli vodiydan yiroq boʻl, doʻstim!

 

Buyuk qudrat tomonidan kelgan ogohlantirishni eshitib, qushlarning shavqu hayrati, qatʼiyati yanada oshdi. Nihoyat, muddaolarini shundoq ifoda etdilar:

 

Yoʻlingda jon bersa oshiq sazodir[3],

Layloning har soʻzi jona shifodir.

Oʻziga buyursin tabib dorusi,

Zahar kelsa doʻstdan biza davodir.

 

Soʻngra botinlaridagi orzu va telbavor hislar olovlanib, maqsadga yetmoq uchun darhol yoʻlga tushdilar.

Qushlar shundoq ogohlantirildilar: “Oldingizda bosh-oxiri yoʻq sahrolar, oʻtkir, tik qoyali togʻlar, boʻronli dengizlar, ayovsiz sovuq va jazirama mintaqalar bor. Maqsadga yetmasdan halok boʻlishingiz, tanlagan yoʻlingiz ham sarob boʻlishi mumkin. Sizlar uchun eng toʻgʻrisi, taʼmagirligingiz umringizga soya solmasidan burun, uyangizga qaytmoqlikdir”.

Lekin qushlar bu nasihatlarga koʻnmadilar, yoʻllarida davom etib, shundoq dedilar:

 

Yolgʻiz erur oshiq barcha diyorda,

Dunyoga bepisand, aqli ul yorda.

Buyuk hadaf, muddaosi yoʻlidan

Qaytmaslar, qolsa-da boshlari dorda.

 

Qushlarning har biri gʻayrat uloviga minib, shavq jilovini tutdilar va unga ishq quvvatidan qoʻshib shundoq dedilar:

 

Vodiyda oʻtlagan tuyamga bir boq,

Naqadar tezkordir, yana shiddatkor.

Oʻynoqlab yuradi uzoq ketguncha,

Rosa toliqquncha, holdan toyguncha.

Qoʻshiqlar kuylasam, birdan jonlanur,

Ohang ogʻushida yurur, sollanur.

Yuzingdagi nur-la tuya yoʻl topur,

Lutfing-la tuyachi uyga xush chopur.

 

Bu orada issiq oʻlkalardan kelgan qushlar sovuq mamlakatlarda, sovuq oʻlkalardan kelgan qushlar esa issiq mamlakatlarda halok boʻldilar. Chaqmoqlar va boʻronlar ularning umriga zomin boʻldi. Shu bois podshoh oroliga yetib olganlar soni nihoyatda oz edi.

Podshoh himoyasiga kirmoqni istaganlari uchun saroyga yaqin joyga qoʻndilar va yetib kelganlarini shohga yetkazadigan kimsani izladilar. Podshoh saroyi tahlikalardan bagʻoyat yiroq yerda joylashgan edi. Kelganlarini xizmatchilarga xabar qildilar. Saroy ahlidan biri, qushlardan nechun bu yerga kelganlarini soʻradi. Qushlar:

– Bizlarga podshoh boʻlishingizni oʻtinib keldik, – deyishdi.

Ular:

– Behudaga ovvora boʻlibsizlar. Sizlar istasangiz ham, istamasangiz ham, kelsangiz ham, kelmasangiz ham, biz – podshohmiz. Bu yerda sizlarga ehtiyojimiz yoʻq, – deya rad etishdi. Ularning bu qadar beparvolarcha qilgan munosabatlari qarshisida qushlar hijolatda qoldilar. Umidsizlikka tushib, xayollari parokanda boʻldi. Azim qudrat qoshida nima qilarlarini bilolmay, dedilar:

– Kuch-quvvatimiz sob boʻlib, qiyinchiliklarga yengildik. Endi ortimizga qaytolmaymiz. To ajalimiz yetguncha orolingizda qolishimizga ijozat bering, – deya shu baytlarni oʻqiy boshladilar:

 

Rum ahlidan yoʻqmi, yoʻqmi ziyofat?

Bu kech qanoatkor mehmonlar keldi.

Ilinjlari esa faqat iltifot,

Ochiq chehra, dilkash yoronlar keldi.

 

Bu havas qushlarni xastalik misol oʻrab olgach, toqatlari toq boʻlib, duoga qoʻl ochdilar va ushbu baytlarni oʻqiy ketdilar:

 

Ishqing qadahidan ichdilar bir-bir,

Ogʻa-ini boʻlib koʻchdilar bir-bir…

 

Nihoyat, qushlar shu qadar umidsizlik yogʻida qovrildilarki, oqibat nafaslari siqilib ketdi. Oʻsha chogʻ unsiyat – doʻstlik nafasi ularning oʻzlariga kelib olishlariga yordam berdi va qushlarga dedi: “Yoʻq-yoʻq, noumidlarga yoʻl yoʻq. Ollohning rahmatidan faqat ziyon koʻrguvchilargina umidlarini uzarlar. Oʻtaketgan manmanlik har qancha gʻurur va inkorni taqozo etsa-da, baland saxovat egasi boʻlishlik insonni ochiq chehra va sertavozeʼ boʻlishga undaydi. Bizning martabamiz, qadr-qimmatimiz qarshisida haddingizdan oshmay, oʻz ojizligingizni anglasangiz, iltijolaringizni qabul qilamiz. Bu maskan ezgulik, joʻmardlik va sarxil neʼmatlar yurtidir. Bu maskan yoʻqlik aro koʻchib kelgan miskinlarga tolibdir. Shundoq boʻlmaganda edi, Muhammad alayhissalom: “Menga miskin kabi (faqir boʻlib) yashamoqni nasib ayla!” demas edi.

Shu taxlit qay bir qush oʻzining ul dargohga munosib emasligi gumoniga borsa, podshoh – Anqoga yarashadigan ish – oʻshani oʻziga yaqinlardan qilmoq, panohiga olmoqdir.

Shunday qilib qushlar umidsizlikdan soʻng madadga, badbinlikdan keyin halovatga erishdilar. Joʻmardlik fayziga ishonib, sarxil neʼmatlardan bahramand boʻlgach, yarim yoʻlda halok boʻlgan aqrabolari holini soʻradilar:

– Choʻlu biyobon va vodiylarda nobud boʻlgan kimsalarning holi nima kechadi? Ularning qonlari behuda ketadimi yoxud badali oʻtaladimi?

– Ha, albatta, oʻtaladi, – deyishdi. – Zotan:

“Kim uyidan Olloh va Uning paygʻambari sari muhojir boʻlib chiqib, soʻng (shu yoʻlda) unga oʻlim yetsa, muhaqqaqki, uning ajri-mukofoti Ollohning zimmasiga tushar”

 (“Niso” surasi, 100-oyat), deya amr qilingandir. Koʻkka sovurilgan imtihon izlarini, qudratli qoʻl joyiga qaytargay.

“Olloh yoʻlida halok boʻlgan shahidlar haqida: “Bular oʻliklar”, demangiz! Yoʻq, ular tiriklardir”

 (“Baqara” surasi, 154-oyat).

Qushlar dedilar:

– Poʻrtanalar ichra boʻgʻilib, bu oʻlkaga yetolmay, tubsiz ummon qaʼriga gʻarq boʻlganlar hammi?

– Ha, – deyishdi.

“Olloh yoʻlidagi jangda oʻldirilgan zotlarni hargiz oʻliklar, deb oʻylamang! Yoʻq, ular tiriklardir”

 (“Oli Imron” surasi, 169-oyat). Sizlarni bu yoqqa keltirgan, ularni ham u yoqda tiriltirdi. Sizlarda shavq hissini gʻolib qilib, ulugʻ maqsad yoʻlida ojizligingiz va oʻlimni pisand etmay, mardona borishingizni istagan ul qudrat, ularni ham chorlab, oʻziga yaqin qildi. Endi ular qudrat va azamat pardasining ortidadirlar.

“Ular Qodir Podshoh huzuridagi rozi boʻlingan oʻrinda boʻlurlar”,

 (“Qamar” surasi, 54-oyat).

Qushlar:

– Halok boʻlgan doʻstlarimizni koʻrish imkoni bormi? – deya soʻrashgach,

– Yoʻq! Sizlarda bashariy toʻsiqlar bor hamda ajalga tutqunsiz. Qachonki, murodingiz hosil boʻlib, uyalaringizni ortda qoldirib kelsangiz, oʻshanda ular bilan koʻrishib, ularni ziyorat qilasiz, – dedilar.

Qushlar:

– Yomonlik va ojizlik ularga gʻov boʻlib, yonimizga chiqolmasalar-chi? – deb soʻradilar.

– Yoʻq!

“Agar ular (jihodga) chiqishni istaganlarida, uning uchun tayyorgarlik koʻrib qoʻygan boʻlur edilar. Lekin Olloh chiqishlarini istamay, ularni dangasa qilib qoʻydi”

 (“Tavba” surasi, 46-oyat). Biz istasaydik, ularni chorlar edik. Ammo ularni maʼqul koʻrmadik va quvdik. Sizlar oʻzingiz keldingizmi yo biz chaqirdikmi? Orzu va ishtiyoq etgan sizlarmi yoki bunga biz ilhomlantirdikmi? Sizlarni biz jiddu jahd ettirib, ularni ham, sizni ham quruqlik va dengiz sari oʻzimiz yoʻlladik, – deya javob berdilar.

Qushlar bulardan voqif boʻlib, ilohiy inoyatning kamoli va himoyasidan halovat topdilar va hayajonlari bosildi. Endi ishonchu huzurlari mutlaq sukunatga qovushdi. Alomatsiz tadbirlar ila asl haqiqatlarni izlay boshladilar. Davomli huzur halovat va ishonch soyasida hollari barqarorlashdi. “

Albatta, sizlar uning (ilohiy vahiy ekanligi haqidagi) xabarni (ozgina) vaqtdan soʻng bilib olursizlar”

 (“Sod” surasi, 88-oyat).

 

Fasl

Nima deb oʻylaysan, u orolga qaytganlar va yoʻlga endigina tushganlar orasida tafovut bormi? Yoʻlni endi boshlagan yoʻlovchi faqatgina: “Podshohimizga keldik”, deydi. Asl hayotiga qaytganlarga qarata esa:

 “Ey xotirjam sokin jon! Sen rozi boʻlgan va rozi boʻlingan holda Parvardigoringga qayt!”

 (“Val-Fajr” surasi, 27-28-oyatlar), deyiladi. U esa bu chorlovni eshitgani uchun keladi. Shunday ekan, unga qanday qilib “Nimaga kelding?” deyilardi. Zero, u ham: “Sen chorlaganing uchun”, deydi. Yoʻq-yoʻq, balki u: “Meni oʻshal yaqinlik (qurbiyat) oʻlkasiga nechun olib kelding?” deb soʻragan boʻlurdi. Javob savolga koʻra beriladi. Savol ham zehnga koʻra. Tushuncha va gʻam-gʻussa esa shijoat va himmatga koʻra tortiq etiladi.

 

Fasl

Buning kabi masalalar atrofida kezingan kimsa Olloh-la boʻlib oʻtgan Alast kunidagi ahdini[4] ruhoniyatdan oqib kelguvchi koʻngil huzuri ila tozalasin. Qush tilini faqat qushlar anglaydi. Ahdni yangilamoq tahorat birla, namozni oʻz vaqtida ado etmoq va tanho zikr chekmoq uchun vaqt ajratish birla boʻladi. Bu – gʻaflatdan uygʻongan kimsaning xush ahdidir va ikki yoʻldan birini tanlashni taqozo etadi:

 

“Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman

” (“Baqara” surasi, 152-oyat) yoxud

“Ular Ollohni unutishgach, Olloh ham ularni unutdi”

 (“Tavba” surasi, 67-oyat). Kimki, meni yod etsa, men oʻsha eslaganning doʻsti boʻlaman. Unutmoq yoʻlini tanlaganning ahvolini esa: “

Kim Rahmon eslatmasidan koʻr boʻlib olsa – yuz oʻgirsa, Biz unga shaytonni yaqin qilib qoʻyurmiz”

 (“Zuhruf” surasi, 36-oyat). Odam bolalari hamisha shu ikki holatdan birida boʻladi. (Yo eslaydi, yo unutadi tarj.) Qiyomatda ular ikki xil koʻrinishlari bilan ham ajralib turadilar. Yo

“Jinoyatchi-osiy kimsalar siymolaridan taniladilar”

 (“Rahmon” surasi, 41-oyat) yoxud solih kimsalar “

Yuzlaridagi sajda izidan”

 (“Fath” surasi, 29-oyat) tanib olinadilar. Olloh oʻz tavfiqi ila seni qutqarsin! Haqiqatni izlamogʻingda senga shavq ato etsin, bu maqsad yoʻlida yoʻlingni qisqa (oson) aylasin! U buni haqiqatan ham roʻyobga chiqarguvchidir!

Hamd olamlarning Robbi boʻlmish Ollohga xosdir. Olloh Muhammad alayhissalom va u zotning barcha yaqinlarini oʻz rahmatiga qovushtirsin. Omin!

 

Raʼno HAKIMJONOVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] Anqo – Qof togʻida yashaydigan ismi boru jismi yoʻq afsonaviy qush. Tasavvufda boqiylik va mutlaq borliq ramzi. 

[2] Qurʼoni karim oyatlari Alouddin Mansur tarjimasida berildi.      

[3] Sazo – yarashadi, arziydi.

[4]Alast kuni – Tangri odamzodni yaratmasidan oldin ularning ruhlarini yaratib: «Men sizning Robbingiz emasmanmi?» (Alastu bi Robbikum?) deya soʻrashi va ruhlar: «Ha, shundoq!» (Qolu balo!) deya buni tasdiq etishlari ahdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.