Quyosh hali botmagan

0
913
marta koʻrilgan.

Biz Absal polvonni unutgan edik.

Davron aytganday, u bilan tomirimiz tutash ekan. Ikkovimizni bir kunda askarlikka olib ketishdi. Biz chiqqan poyezd uch kechayu uch kunduz, goh toʻxtab, goh tezlashib, goh imillab yoʻl bosdi. Rossiyaning qay bir shahrida Davron bilan ajralishdik. Ularni oʻsha yerda poyezddan tushirishdi. Nazarimda, butun borliq birdan huvillab qolgandek tuyuldi. Tagʻin yarim kun yoʻl bosib, qalin oʻrmonlar, tund qishlogʻu kentlar osha nihoyat, Krasnoyarsk degan shaharga yetib keldik.

Qizil pogon taqqan qoʻshinlar safiga tushdim. Men mashaqqatli mashq-mashgʻulotlar, qatʼiy, beshafqat tartiblardan koʻra sogʻinchdan va yana sogʻinchdan qiynaldim. Qishlogʻimni, uyim, mehribon onajonimni qoʻmsayman, imkon topsam, oʻsha yoqlarga qush boʻlib uchsam deyman. Tanzila! Mening hurkak jayronim, mening xumor koʻzligim. U hamisha, har soat, har lahza xayollarim mehrobida edi! Safda yurganimda, qorovulga chiqqanimda, mashq-mashgʻulot paytlari u shundoqqina qarshimda uyalibgina, jilmayibgina turgandek, meni kuchli va oqil boʻlishga undayotgandek tuyulardi. Tanzila koʻrib turibdi degan tasavvurda nomunosib, nojoiz xatti-harakatlardan oʻzimni tiyar, doimo jiddiy, xushsurat, xushmuomala askar boʻlishga harakat qilar edim.

Bizning qismda bir qaraganda harbiy nizom, intizom yaxshi yoʻlga qoʻyilgandek koʻrinsa ham, ammo ichidan irigan ekan. Hamma yoqda millatchilik, ayirmachilik ufurib turardi. Kavkazliklar, Oʻrta Osiyoliklar, tagʻin allaqanday toʻdalar taraf-taraf boʻlib toʻs-toʻpolon koʻtarishar, mushtlashishar edi. Shunday kezlari Davron, mening jonajon doʻstim esimga tushadi. Joʻra, bu yer asil sen bop qism ekan, deb qoʻyaman oʻzimga oʻzim. Ammo biz ham boʻsh kelmadik. Konibodomlik xuddi Davrondek yovqur, botir sambochi bola hammamizning boshimizni biriktirdi. Butun qismni qoʻlga olib qoʻygan boʻlmasak-da, ishqilib, haq-huquqimizni, shaʼnimizni himoya qilib yurdik. Men bu yerdagi quroldosh, yelkadosh doʻstlarimga vaqt topildi deguncha Davron haqida, uning shonli-shavkatli qilmishlari haqida gapirib berardim. Gapirganim sayin uni sogʻinib, juda sogʻinib ketayotganimni his qilardim.

“Davron qayonda, tanishtirib qoʻyasan bizni”, – der edi oʻsha konibodomlik doʻstim, oʻzbekcha-tojikcha soʻzlarni qorishtirib.

“Albatta, – derdim men ham toʻlqinlanib, – xizmatdan soʻng toʻppa-toʻgʻri bizning qishloqqa boramiz. Hammani qoʻy soʻyib mehmon qilaman”.

Safdoshlarim tantanali taklifimni shodu xurramlik bilan qabul qilgan boʻlishar, oʻz navbatida, boshqalar ham galma-galiga men kabi saxovatpeshalik namoyish etishar, xullas, biqiq, ozurda hayotimizni shu taxlit, mehmondorchiligu ziyofatlarga boy kelajak umidi bilan nurlantirar edik. Xizmatning uchinchi oyi boshlangan kunlar Davrondan xat oldim. Omsk degan shahardagi qurilish bataloniga tushibdi. Hech qursa, desant qoʻshinlarida xizmat qilishni boʻyniga olib qoʻygan doʻstimning kutilmagan omadsizlikdan naqadar tajanglashgani, jazavasi tutgani xatning har bir satrida silqib turardi. Men uni yupatgan boʻldim. Biz bir-birimizga yana bir yilcha uzuq-yuluq maktublar bitib turdik. Soʻngra, koʻp xizmat qilib qoʻygan dimogʻdor harbiylarga aylandik shekilli, gʻoʻr askarlarga xos bunday yozishmalarni bab-baravar toʻxtatdik.

Tanziladan, mening Tanzilamdan roppa-rosa olti oygacha hech qanday xat-xabar boʻlmadi. Shu paytga qadar uning paykal boʻyida, “Oʻzingizni ehtiyot qiling” degan oʻsha sohir soʻzlaridan kuch-quvvat olib, bir-biridan shirin xayollar surib, oʻz-oʻzimni ruhlantirib yurdim. Ammo bu kuch-quvvat manbai ham dam sayin sob boʻlib borayotgan, mavhum jim-jitlikdan yuragimga xavotir oralab, ich-ichimda yana shubha-gumonlar gʻimirlay boshlagan edi. Oʻzim jon-jon deb maktub joʻnatardimu, lekin yozgan xatim birovlar qoʻliga tushib, mohitobim nomaʼqul gap-soʻzlarga qolishidan qoʻrqdim. Sogʻinchdan sillam qurib, dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib yurgan rangsiz, nursiz kunlarning birida, nihoyat, najotkor noma yetib keldi! Yoʻq, men maktub emas, bir olam quvonch, umid va ishonch oldim!

Tanzilaning nomasida umumiy darak, soʻroq gaplardan boshqa, men intiq kutgan qizning koʻngil sirlaridan mujdalar beruvchi sirli soʻzlar sezilmasa-da, sahroda sulayib, sudralib buloq boshiga yetib olgan sayyohdek, cheksiz baxtiyor edim. Mohitobimning birinchi boʻlib xat joʻnatgani, bitigi oxirida maktub javobini uylariga emas, jildda koʻrsatilgan manzil boʻyicha, texnikum yotoqxonasiga yozishimni iltimos qilgani men ilhaq kutgan alohida alomatlar kabi tuyulib, qalbimni masrur-magʻrur hislarga chulgʻardi! Mustahkam qalʼani zabt etgan qoʻmondonday tevarakka gʻolibona qaray boshladim.

Xizmat oxirlaganga qadar Tanziladan roppa-rosa oʻn beshta xat oldim. Yurak qonim bilan toʻlib-toshib javoblar yozdim. Lekin qanchalar qasd qilsam-da, qanchalar oʻzimni majburlasam-da, “Seni sevaman”, degan bir juft soʻzni ochiq-oshkora bitishga hech jurʼatim yetmadi. Olis-olislarda qolib ketgan paykal boʻyidagi oʻsha pichirlashlar, oʻzi maktub yozgani, yashirin manzil tayinlagani qiz koʻnglidan yetarli ishora deya oʻz-oʻzimni ovutdim.

Shu sevinch, shu yupanch bilan ikki yillik harbiy xizmat amal-taqal oʻtdi-ketdi. Oʻshanda biz nafaqat zimmamizdagi askarlik burchimizni, balki butun boshli Shoʻrolar Ittifoqi Armiyasini tugatib, toʻzitib qaytdik. Ulkan bir mamlakatning ulkan qoʻshinlari safida xizmat qilgan soʻnggi askarlar boʻldik. Oʻsha paytlar milliy respublikalar Ittifoqning zanglagan zanjiridan boʻshalib, alohida-alohida davlatlarga boʻlinib ketdi. Jumladan, jonajon Oʻzbekistonimiz ham mustaqillikka erishganini eshitib xoʻb xursand boʻldik.

Ammo Davron ikkimizning tomirlarimiz tutashligi chin ekan! Voajab, askarlikka qanday birga ketgan boʻlsak, xuddi shunday, qoʻl ushlashib shodu xurram qishloqqa kirib bordik. Aslida hammasi Toshkent vokzalida tasodifan toʻqnashib qolganimizdan boshlandi. Oʻshanda men poyezddan tushib, odamlar oqimiga qoʻshilib endigina vokzal maydoniga chiqqan, xira kirakashlarning xurujidan bezib, alanglagan koʻyi atrofdan xilvatroq joy izlayotgan edim. Voajab, mendan oʻn-oʻn besh qadam narida serjantlik pagonlariga, yeng yoqalariga zarhal jiyaklar tikilgan, koʻksiga Armiyada mavjud-nomavjud jamiki nishonu ordenlardan namunalar taqqan, kamari toʻqasiyu, mundiri tugmalari tilladek yaltirayotgan askar ham bir toʻp kirakashlar tajovuzidan tajanglashib xuddi men kabi pana joy qidirib tevarakka termulayotgan ekan! Davron! Nogoh bir-birimizga koʻzimiz tushdi. Yoʻq, nazarimda, u birinchi boʻlib meni koʻrib qoldi.

– Ey! Ey! – deb qichqirdi qoʻlidan tutgan nusxalarni nari-beri surib, men tomon yurarkan. – Ey! Stoy, kto idyot?

– Ryadovoy Norsoat! – deya tovush berdim men ham, u tarafga sekin borarkanman.

– Parol!

Men anʼanaviy tarzda oʻng qoʻlimni musht tugib baland koʻtardim. U ham ilkini havoga sermadi, shu lahzada ikkimiz bab-baravar hayqirib yubordik:

Quyosh hali botmagan!

Hayqirigʻimizdan tund shahar tovlanib ketganday boʻldi.

Biz bir-birimizning bagʻrimizga otildik. Quvonchdan, hayajondan ikkimizning ham tilimizga tuzukroq soʻz kelmay, nuqul iljayamiz-jilmayamiz, namlangan koʻzlarimizni yashirishga urinamiz.

Yoʻlovchilar, kirakashlar, mehmonlaru mezbonlar bizlarga ajablanib, havaslanib qarashar, ularning ham yuz-koʻzida tabassum, xayrixohlik kezinar edi. Afsus, hanuz bizlarni uy-uyimizga eltib qoʻyish ilinjida turgan talabgorlarni noumid qilib, ikkimiz poyezdda viloyat markaziga yetib oldik. Ammo bu yerda baribir allakimning sutrang “Jiguli”siga oʻtirishga majbur boʻldik.

Davronning yoʻl boʻyi jagʻi jagʻiga tegmadi. Gaplari qanchalik chin yo oʻtrikligini bilmadim, toʻlqinlanib aytishlariga qaraganda doʻstim ikki yil xuddi kurortda yurganday mazza qilibdi. Jangariligi, toʻs-toʻpolonlari joniga tekkan komandirlari uni bir guruh askarga brigadir etib tayinlab, allaqanday zavodga ishga yuborishibdi. Alohida yotoq, alohida oshxona, bir-biridan goʻzal, bir-biridan jozibali zavod xodimalari Davronning xizmatida boʻlgan emish.

– Oʻlay agar, hali-hali koʻz oldimda, – derdi u qiz-ayollar haqida gapirgan chogʻ koʻzlari porlab, lablari tamshanib, – Anya, Lyuba… eh, ularni eslasam hoziroq oʻsha Oʻmskka qaytgim kelyapti.

Bilmadim, doʻstimni qattiq sogʻinganimdanmi, yo uyga qaytish sururidanmi yo… yo ancha ulgʻayib, toʻshak sarguzashtlariga qiziqishim ortganidanmi, harqalay, Davronning oldi-qochdi, beodob hangomalarini ilgarigidek uyatdan qizarib-boʻzarmay, maroq bilan tinglardim.

– Xoʻsh, oʻzingda nima gaplar? Ikki yil qalay oʻtdi? – deb soʻrab qoldi u, nihoyat mening ham Armiyadan qaytayotganim esiga tushib, – miq etmaysan, gapir-da.

Men quvlik bilan koʻz qisdim-da:

– Bizda bunday voqealar yoʻq, joʻra, har kuni poligon, har kuni yelkada qurol, har kuni mashq-mashgʻulot, – deb jangovar qismga tushganimni pisanda qildim.

Pisandam qoq nishonga tegdi shekilli, Davronning qoshlari chimirilib, qoʻllari musht boʻlib tugila boshladi. Men yana atay pishang bergan boʻldim.

– Bizniki VVning desantlashgan polki edi-da.

– Enagʻarlar, meni boplashdi, – deb toʻngʻilladi gaplarimdan toqati toq boʻlgan Davron, – anavi voyenkom seni flotga yo desantga joʻnataman deb vaʼda bergandi, hali boray, marazning tumshugʻini ezaman.

Men, nihoyat, Davronni burchakka qisganimdan gʻolibona iljayib qoʻydim. Aslida esa yoʻlovchilar jangovar qismda xizmat qilgan menga emas, serhasham mundir kiygan Davronga qiziqsinib, havas bilan qarashar, baʼzi birovlar beixtiyor ehtirom koʻrsatar edi.

– Baribir kurashni tashlamadim, – dedi doʻstim alam-nafrat biroz bosilgach, – ertayu kech zavodning sport zalida shugʻullandim. Hatto bir-ikkita shogird ham tayyorladim.

Ha, Davronning bu gaplari chin edi. Baquvvat, keng yelkalari, boʻrtib turgan muskul-mushaklar shu haqiqatdan darak berib turardi.

Biz oʻtirgan “Jiguli” viloyat markazidan chiqib qoʻriq tumanlar tomon burilgandayoq dimogʻimga tanish, juda tanish bir hid urildi. Adashmasam, bu chuvilgan koʻsakning, ezilgan gʻoʻzapoyaning isi edi. Tor shaharu qalin oʻrmonlarga oʻrganib qolgan boʻlsam kerak, bepoyon kengliklarga boqib koʻzim tinar, qadrdon boʻylardan boshim yengil aylanar edi.

– Men bu qoloq choʻlu biyoboningda yashay olmayman, – dedi mashina oynasidan oʻychan qarab borayotgan Davron, – ketaman, yana ortimga qaytib ketaman.

Men indamay bosh irgʻab qoʻya qoldim. Chunki ayni paytda gʻalati bir zavqu shavq qoʻynida edim. Yarim ochiq oynadan yoprilib kirayotgan shabada yuz-koʻzlarimni erkalab silardi, paykallar, dov-daraxtlar, uylar diydorlashish uchun qarshimga otilib chiqayotgandek tuyulardi. Xuddi shu choʻlu biyobon men uchun olamning markazi, eng soʻlim, eng goʻzal goʻshalarning eng soʻlimi, eng goʻzali edi. Chunki… chunki bu yerda Tanzila degan suluv va oqila qiz yashaydi. Ilhaq-intizor yoʻllarimga koʻz tikib turibdi. Shunday sohibjamol, shunday maʼsuma qizni bagʻrida oʻstirgan choʻlga ming karra taʼzim, ming karra qulluq. Men sizni sogʻindim, qadrdon dala-dasht! Men sizni sogʻindim, ey, sertuproq yoʻllar! Ey, bepoyon yantoqzorlar, sizni dunyoning eng koʻrkam bogʻ-rogʻlariga ham alishmayman!

Ammo mening bu farahbaxsh oʻylarim, sururim koʻpga choʻzilmadi.

– Tanzilalar hali terimdan qaytmagandir-a…

Davron tuyqus aytgan bu gapdan xuddi yantoq ustiga agʻnaganday bir sapchib tushdim.

– Nima? A? Ha-a… bilmadim, – deb gʻudrandim arang.

Doʻstim yelkamga shoʻxchan bir turtib qoʻydi.

– Tanzilani koʻrsam, bilasanmi nima qilaman?

Mening miq etishga ham qurbim yetmadi.

– Yuzidan bir oʻpamanu manavi medallarning hammasini unga taqib qoʻyaman, – deb hiringladi Davron.

– Oʻchir ovozingni! – beixtiyor qichqirib yubordim men unga xezlanib, – tilingni tiy.

– Boʻkirma-e, senda medal-pedal yoʻqligiga shama qilmayapman, koʻngling nozik boʻp ketibdi-ya, darrov xafa boʻlding.

– Men… men… – deya hanuz alam-iztirobda tutoqib gapimni ham yoʻqotib qoʻydim.

Haydovchi peshoyna orqali bizga ajabsinib, qiziqsinib qarab qoʻyardi.

– Nega unga medal taqishimni bilmasang, bilib qoʻy. Menga eng koʻp xat yozgan Tanzila boʻldi. Buning uchun qizni taqdirlashim kerak-ku, toʻgʻrimi? Roppa-rosa oʻttizta xat oldim Tanziladan! Oʻttizta-ya?! Hatto, javob berishgayam erinib qoldim…

Davronning soʻnggi soʻzlari deyarli qulogʻimga kirmadi. Goʻyo oʻttiz quloch yer qaʼriga kirib ketganday boʻldim. Koʻz oldimni xira bir tuman qoplab oldi. Hozirgina yuz-koʻzimni erkalab silayotgan yurtim shamoli, bamisli miyamda charxday gʻuvullab bir soʻzni betinim aylantirardi: “Oʻttizta-ya?!” “Oʻttizta-ya?!”

Yoʻl boʻyidagi dov-daraxtlar, uylar qoʻporilib ustimga qulayotganga oʻxshardi.

“Hammasi ayon, hammasi endi maʼlum, – deb oʻylardim iztirob bilan, – bu ikkovi allaqachonlar vaʼdalashgan, Tanzila uni zor-intizor kutyapti! Men… men yetim qoʻzi oʻzimcha nimalarni orzu qilib yuribman-a?! Sarobga intilib yashabman-a?! Koʻnglimga qarab, musofirchilikda shu shoʻrlik ham xafa boʻlmasin deb menga arang oʻn beshta xat yozgan, mehrini, sevgisini manovi maxluqqa joʻnatgan. Oʻttizta-ya?!”

Yoʻq, oʻsha kuni men qadrdon qoʻriqqa, qadrdon qishlogʻimga kirib bormadim. Aksincha, jazirama ostida sargʻayib soʻlgan, qovjirab qurigan choʻlu biyobon, toptalgan, toʻzgʻigan, ezilgan dala-dasht, hurpaygan, huvullagan, horigan tosh-beton imoratlar koʻzlarimga, yuragimga, ong-shuurimga bostirib kirdi. Kengsoyning tap-taqir qiriday bezraygan, jonsiz va karaxt edim.

Atrofimda ming aylanib ming oʻrgilayotgan, meni oʻtqizgali joy topolmayotgan, koʻzlaridan shashqator yoshlar oqayotgan onajonim, shodu xurram qavmu qarindosh parishon holimni yoʻl azobiga, charchaganlikka yoʻyishdi, bemalol dam olishimga shart-sharoit yaratib bergan boʻlishdi.

Tanzila chindan ham hali paxta yigʻim-terimidan qaytmagan ekan! Viloyat pedagog kadrlar tayyorlov texnikumi talabasi! Qanaqa pedagog… behayo, masxaraboz u! Soyga yetaklab borib, sugʻormay qaytaradigan ayyor alvasti! Tamom, bu qiz endi menga begona, koʻrmayin-kuymayin…

Men shunday qatʼiy qarorga kelgan edim. Men shunday bir soʻzli, sobit iroda, oʻz qadr-qimmatini yuksak qadrlaydigan inson edim. Ammo… negadir sibizgʻa chalgim, sibizgʻa nolalariga qoʻshilib qaylargadir bosh olib, yoʻq boʻlib ketgim kelardi. Biroq qay goʻrga ham borardim. Mening anoviniki kabi Oʻmsk degan shahrim boʻlmasa?!

– Ena, sizga ilgari bir sibizgʻa berib qoʻygandim, shu turibdimi? – deb soʻradim bir oqshom.

Roʻzgʻor tashvishlari bilan kuymalanib yurgan onam darslarga hamisha tayyor aʼlochi oʻquvchiday, yuzlari yorishib birdan javob berdi.

– Ha, bolam, turibdi. Toʻyingga atalgan sandiqning tubiga tashlab qoʻyibman.

Bu javob yuzimga yana bir tarsakiday tegdi, qarorimda qatʼiy turishga, hayotga hushyor qarashga, toʻy qilishga onajonim ilhaq ekanligini anglashga, demakki, oʻzimga munosib yor topishga undadi.

Men xayolan qalligʻ qidirib baʼzan beixtiyor koʻcha-koʻyga chiqib ketardim. Biroq… nigohlarim tanish, juda tanish bir chehrani izlar, koʻnglim allaqanday moʻjizalarni orziqib kutar, oʻsha qadrdon muyulishda, qizil etik fitnasi kabi ne bir qaqshatgich zarbalarning guvohi boʻlgan oʻsha qayragʻoch yonida qadamlarim oʻz-oʻzidan sekinlashar, yuragimga lazzatli bir iztirob, ogʻriq quyilib kelar edi. Har zarrasidan sogʻinch, sogʻinch va yana sogʻinch silqib turgan bir shivir lablarimdan sidrilib ketardi: “Tanzila! Mening jonim, mening mohitobim”.

Oʻsha kunlar biz izzat-ikromga koʻmilib ketgan edik. Qoʻni-qoʻshnilar, hamqishloqlar biri qoʻyib-biri olib harbiy xizmatdan qaytganlarni uylariga taklif etishar, alohida ehtirom bilan qurblari yetganicha mehmon qilishar edi. Oʻsha kuz, ayniqsa, askarlikdan kelganlar orasida raisning bolasi borligi kengsoyliklarni odatdan tashqari sertakalluf, serhimmat, sermulohaza qilib yubordi. Ertayu kech ziyofatlardan boʻshamay qoldik. Quvondiq qaysarning har qatida mamnunlik, masrurlik va magʻrurlik qalqib turgan gulduros gap-soʻzlaridan, quvnoq qah-qahalaridan mudroq dala-dasht seskanib tushgandek, qip-yalangʻoch, qovjiroq gʻoʻzapoyalar qayta gurkirab, qayta hosil bergudek boʻlardi. Oʻsha mavsum hukumatga paxta topshirish rejasini odatdagidan ham ortiq bajarganligi, izzat-obroʻsi, mol-davlati uygan paxta xirmonidan ham ziyoda boʻlganligi, alp qomat, burgut nigoh, sher panja bolasining harbiydan kuchiga-kuch, aqliga-aql qoʻshilib qaytganligi, Davronining boshqa teng-toʻshlariga oʻxshamay, hatto, askarlikda ham chekish-ichish illatlaridan yiroq boʻlganligi raisni goʻyo yana oʻn yoshga yashartirib, tik qaddini yana tiklab, yuz-koʻzini nurlantirib yuborgan, u oʻzining qalb tugʻyonlarini, faxrini, quvonchini, sururini el-ulusdan ilgarigidek yashirolmay qolgan edi.

– Mana, mustaqillik davriga ham yetib keldik, – deb karillardi Quvondiq aka baʼzi bir davralarda, – zamon tez oʻzgaryapti, endi-i-i… es-hushli, aql-farosatli, mustaqil fikrli yoshlarga joylarni boʻshatib berishga asta-a-a… taraddud koʻra berishimiz kerak.

Uning gʻamxoʻr, mehribon xalq otalariga xos soʻzlarida, raislikdek sermashaqqat, sertashvish lavozimga munosib voris izidan kelayotganiga, kengsoyliklar bu borada hech oʻylanmay, hech qaygʻurmay butun diqqat-eʼtiborni ulkan bunyodkorlik ishlariga qaratishlari zarurligiga nozik ishora sezilardi.

Ha, Davron doʻstim ota amalini egallashga loyiq, har tomonlama yetuk, toʻkis yigit edi. Biz qaytgandan uch kun oʻtar-oʻtmas u tuman markazidagi hosil bayramida uyushtirilgan kurash tomoshasida ketma-ket uch talabgorning kuragini yerga bosib yana shon-shuhrat quchdi, askarlik maqomidan yana polvonlik maqomiga qaytdi. Oʻsha tantanada men qatnashmadim. Oʻttizta xat boshimga solgan oʻttiz ming dardu hasrat olovida qurib-oʻrtanib, goʻyo hammasiga Davron aybdordek, doʻstimdan oʻzimcha arazlab, unga gap qoʻshmay yurgandim. Davronning bir kurashda ketma-ket uch yutuqni qoʻlga kiritganini eshitib ichim qizib qoldi.

Dilgir, zerikarli oqshomlardan biri edi. Maktab direktori xonadonida mehmon boʻlib oʻtirardik.

– Endi-i… polvonjonlar, – deb qoldi ustoz ziyofat oxirlayotgan payt bir menga, bir Davronga xokisorgina koʻz tashlab, – biz ham kenjatoyning qoʻlini halollataylik deb yigʻinib yotibmiz. Keyingi oyda, nasib etsa, bir toʻycha oʻtkazamiz. Boshqalarnikiday dangʻillama qilishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kichkinagina kurash tomoshasi oʻtkazamiz. Endi-i-i… kichkina kurash ekan deb boshqa yoqqa qochib ketmangizlar. Ikkovingiz davrani qizitib turingizlar! Maylimi?

– Xoʻp, xoʻp, domilla, – deb Davron ham, men ham qoʻlimizni koʻksimizga qoʻydik.

Vaqt allamahal boʻlganda mehmondorchilikdan chiqdik. Pochta idorasi yonida boshqalar bilan xayrlashib uy tomon yolgʻiz joʻnadim.

Qop-qora osmon toqida toʻlin oy oʻychan va xomush termulib turar, kech kuzning salqin epkinidan dov-daraxtlarning qovjiroq barglari hazin shitirlar, oyning zardobtus yogʻdulariga burkanib yotgan koʻcha-koʻy, ekinzorlar horgʻin va parishon mudrar edi.

Men tanish muyulishga yetib, qadrdon qayragʻoch yonidan oʻtarkanman, nogoh qulogʻimga sohir bir sas gʻira-shira chalindi:

– Soat aka.

Men toshday qotdim. Eshitganlarim roʻyo boʻlib chiqishidan choʻchib, hatto tovush taralgan tarafga qarashga ham botina olmadim.

– Soat aka…

Bu sohir sas sim-sim oy nurlariga qorishib ichu tashimni yoritib yubordi, iztirobdan chatnab yurgan yuragimga urilib, butun borligʻimda aks-sado berdi. Aks-sadodan gangib, emranib qayragʻoch tomon qaradim. Daraxt soyasidan Tanzila, mening Tanzilam chiqib keldi! Egnida bellari sirib bogʻlangan uzun xalat, boshida qiya qoʻndirilgan durracha, durracha jiyagidan koʻpirib chiqqan quyuq, jingalak sochlari epkinda titranib turibdi! Qiyiq qoshlar, loʻppi yuzlar, hammasi – oʻsha-oʻsha, faqatgina boʻyiga boʻy qoʻshilib, nozik qadlari andak toʻlishib, yana ham jozibali, yana ham suluv boʻlib ketibdi.

– Assalomu alaykum, Soat aka, – dedi qiz sovuqdanmi, hayajondanmi qaltirab, – yaxshi yetib keldingizmi, xizmatlar bilan qiynalmadingizmi, doʻstlaringiz omonmi…

Tanzila tantanali tadbirga tayyorlangan talabaday toʻlib-toshib, titranib-tebranib, tez-tez gapirarkan, tovushi tobora toʻnib, soʻnib borar, entikar, qoʻllarini goh koʻksiga qoʻyib, goh yoniga tushirar edi.

– Salom, Tanzila… mana, qaytdik, – dedim u tomon bir qadam tashlab.

Qiz ilkis ikki qadam ortga tisarildi. Shunda… shunda uning jiqqa yosh koʻzlari oy nurida yiltillab ketdi.

– Nega?.. – dedim aʼzoi badanimga shirin bir titroq inib, – nega yigʻlayapsan, Tanzila?

Qiz xuddi ayb ustida qoʻlga tushganday kaftlarini yuziga bosdi. Ammo bot-bot silkinayotgan yelkalari uning unsiz yigʻlayotganidan darak berardi.

– Tanzila, – men uni ovutish ilinjida bilagiga qoʻl choʻzdim.

Qiz yana ilkis tisarildi. Kaftlari bilan koʻz yoshlarini shosha-pisha artarkan:

– Qoʻying-ye… – deb pichirladi.

Soʻng chuqur bir xoʻrsinib uylari tomon yugurgilab ketdi.

Men izidan lolu hayron qarab qoldim. Toʻlin oydan sim-sim yogʻdular emas, sevinch, sevinch va yana sevinch sochilayotganday, koʻzimga, koʻnglimga, shuurimga sim-sim singib borayotganday edi. Negadir qah-qah otib kulgim, sakrab-sakrab oʻynagim, shoʻx-shoʻx qoʻshiqlar kuylagim kelardi. Qiz koʻzidagi shashqator yosh mening koʻngil gʻuborlarimni, achchiq alam-iztiroblarimni, shubha-gumonlarimni butkul yuvib ketganday boʻldi. Yuragimni lazzatbaxsh orom va taskin egalladi.

Oʻsha tun, oʻsha nurli, fayzli kecha toʻlin oy hamrohim, sirdoshim boʻldi. Uning zarrin yogʻdularidan arqon eshib, argʻimchoq uchdim, qishloq biqinidagi paykal boʻyida majnunona kezinib yurdim.

“Nahotki, Tanzila ham meni sevsa?! – deb oʻylayman toʻlqinlanib. – Ha, aniq sevadi! Axir sogʻinganidan, oʻrtanganidan yigʻladi-ku! Qizlar oʻzi shunaqa boʻladi. Armiyada bir bilagʻon doʻstim sevib qolgan qizlar koʻz yoshlarga zoʻr beradi degandi, bundan chiqdi… Tanzila meni sevadi.”

Men shunday farahli xayollar yetovida kezinarkanman, necha-necha kundan beri yelkamni oʻttiz botmon yukday bosib turgan oʻsha oʻttizta xat muammosi ham osongina, joʻngina hal boʻldi-qoʻydi.

“Shu ham gap boʻldi-yu, – deb oʻyladim oʻz-oʻzimdan taajjublanib, – balki menga ellikta, yuzta xat yozgandir, shunchaki, ular qoʻlimga yetib bormagandir, – safdoshlarimdan unisi-bunisi olib, menga berishni unutgandir… Umuman, gap xatlarning sonida emas-ku, hamma gap ularning men uchun, menga atab yozilganida-ku! Eh, qanday chiroyli, sermazmun xatlar edi. Hammasi esimda, nuqta, vergullarigacha esimda…

Ha, rost, askarlik davrimda Tanziladan kelgan har bir maktubni qayta-qayta oʻqiyverib, bir paytlar, mulla Mirza qoʻyarda-qoʻymay oʻrgatgan muqaddas suralarday yodlab olardim. Bu ham yetmaganday, yuragim taftini bossin deb, uning soʻnggi xatlarini koʻkrak choʻntagimga uch-toʻrt kun solib yurardim. (Aslida boshqa qulayroq kissa yoʻq ham ediku-ya!) Ajab, safdosh, quroldosh doʻstlarim oʻzlari bilan sevishgan, vaʼdalashgan qizlarning suratlarini yonlarida olib yurishar, boshqalarga koʻrsatib maqtanishar, hatto, ayrim ishqiy sarguzashtlarini oqizmay-tomizmay aytib berishar edi. Men esa Tanziladan kelgan xatlarni ularga koʻrsatish nari tursin, hatto qizning nomini boshqalar oldida tilga olishdan ham oʻzimni tiyardim, uni hamma-hammadan, hatto oʻzimdan ham qizgʻanardim. Oʻsha konibodomlik sambochi doʻstim koʻngil kechinmalarimni ziyraklik bilan payqab, qoyil qolgannamo bosh chayqardi.

“Sen, joʻra, haqqiy erkak, – derdi u oʻzbekcha-tojikcha qorishtirib, – nagʻz deditona ba bozor andaxta nameshad”.

Doʻstimning eʼtiroflari menga moydek yoqardi. Olis-olislarda Tanzilam minnatdorona jilmayib qoʻyganini his qilib, oʻz-oʻzimdan sevinib, hovliqib qolardim.

Oʻsha toʻlin oy balqqan kecha u oʻz dil izhorini koʻz yoshlari bilan bayon etdi. Bu koʻz yoshlar mening soʻnishga, soʻlishga shaylanayotgan sevgimga bamisli obi hayot boʻlib tomdi. Mening muhabbatim, mening sevgim kech kuzning oʻsha kechasida qayta gullab yubordi.

Men baxtiyor edim, men mamnun edim. Onajonim ertasi kuni rang-roʻyimdagi oʻzgarishlarni koʻrib shodlandi, oʻz-oʻzicha pichirlab duolar oʻqidi, yuz-koʻzimga mehr bilan termuldi.

– Ana endi picha chehrang ochildi, bolam. Shu paytgacha qosh-qobogʻing uyilib meni qoʻrqitib yurib eding.

Davron ham mening bir kechada xush-xandon doʻstga aylanib qolganimdan taajjubga tushdi. Lekin ezmalanib, tafsilotlarini soʻrab-surishtirib oʻtirmadi. Biz yana qoʻlni qoʻlga berdik. Biz yana uzoq-yaqindagi toʻy-hashamlarda kurash tushib dong tarata boshladik.

Men tunu kun yana Tanzila haqida oʻylardim. Uning ishqi qalbimda avvalgidan ham battar alanga oldi. Men qizga sevgi izhor qilish, u bilan vaʼdalashish payiga tushdim, uni yolgʻiz, ovloqda uchratish ilinjida juma kunlari, Tanzila shahardan qaytar paytlari, pochta binosi qarshisidagi avtobus bekati yaqinida ivirsib yurdim. Ammo u-bu sabablarga koʻra hech rejam amalga oshmadi.

“Yaxshisi, oʻqish joyiga borsam-chi?!” – degan oʻy tuyqus bir kuni xayolimga urildi. Bu reja har tomonlama qulay, samarador ekanligi yaqqol koʻrinib turardi. Men barcha imkonu shart-sharoitlarni chamalab, kelgusi hafta payshanba kuni shaharga tushishga qatʼiy qaror qildim. Ammo… ming afsuski… rejalarim butkul barbod boʻldi. Hayotim, qismatim agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi.

Davronning “Jiguli”sida tuman markazidan kelayotgan edik. Bir payt doʻstim oʻychan bir qiyofada mashinani yoʻl boʻyiga toʻxtatdi.

– Joʻra, bir maslahatli ish bor-da, – dedi u qandaydir xijolatomuz iljayib. – Bilasan-ku, sendan yashiradigan hech sirim yoʻq.

– Gapiraver, – dedim qiziqsinib.

– Uylantirib qoʻyaylik, deb uydagilar toza garang qilyapti. Bilasan, oʻzimga qolsa hali bunday niyatim yoʻq, hali oʻqimoqchiman, hali Rossiyaga qaytib ketishim ham mumkin.

– Uydagilarga shunday deb tushuntir-da…

– Koʻp gapirdim, baribir foydasi boʻlmayapti. Qaridim, charchadim, menga kelin kerak, deb, ayniqsa, enam oyoq tirab turibdi.

– Qiyin boʻpti senga, – deb oʻzimcha istehzo qilgan boʻldim.

– Otamning gapi menga maʼqul boʻldi, – dedi Davron oʻz-oʻziga soʻzlaganday, – uylan, kelinni keltirib qoʻy, keyin toʻrt tomoning qibla, dedi. Shunga-a-a… oʻylanib turibman, kimga uylansam ekan…

Doʻstim xuddi bozordan mol tanlayotganday bir-ikki qizning nomini tilga oldi. Soʻng gʻijinib qoʻl siltadi.

– Senga shaharlik qizlar yarashadi, – deb qoʻydim men.

Bir payt Davronning xayolchan chehrasi yorishib ketganday boʻldi, lablariga tabassum yugurdi.

– Aytgancha, Tanzila-chi?! Tanzilaga uylansam boʻlmaydimi? Qaysi qizdan qayeri kam, a, sen nima deysan? Boya shaharlik qizlar deganingda shu esimga tushib ketdi, rahmat, senga, joʻra, rostdan ham u shaharlik goʻzallardan qolishmaydi.

Koʻz oldim qorongʻulashib, boshim gʻuvullab, Davronning vaysashlari elas-elas eshitila boshladi.

– Ey, nega oʻchib qolding? – deya u yelkamga shoʻx-shaʼn turtdi, – mastmisan, nima balo? Ayt, nima qilay, doʻstga oʻxshab maslahat ber-da.

– Tanzilani tilga olma, – dedim arang.

– Nima?! Nega… tilga olmay?

– U… u meniki…

– Seniki?! Ux, ti, pismiqi, qoyilman senga! Menga bir ogʻiz aytmay, zimdan ish pishitib yurgan ekansan-da, a? Non sindirdilaringmi?

– Yoʻ-oʻq, hali…

– Yo hali ovloq-ovloqda uchrashib, ahdu paymon qilib yuribsizlarmi?

Men “ha” deyishga botina olmadim. Yolgʻon gapirsam, Davron ertagayoq ovoza qilib yuborishi aniq, bu uydirma Tanzilaning qulogʻiga yetib borsa… qizni bepichoq soʻygan boʻlaman-ku!

– Yoʻq, hali vaʼdalashmadik, – dedim ovozim qaltirab.

Davron nopisand bir tarzda mashina oʻrindigʻiga yastanib kuldi.

– Tanzila vaʼda bermagan, non ham sindirilmagan, buyogʻi qiziq boʻldi-ku, nimaga ishonib u meniki, deyapsan?

– Tanzilani sevaman, jonimdan ham ortiq koʻraman.

– Mana, men ham sevaman endi, bu hali hech nimani hal qilmaydi. Soat, – dedi doʻstim tuyqus jiddiy tortib, – agar Tanzila ham senga sevaman deb aytgan boʻlganida qoʻlimni koʻksimga qoʻyib, bemaza gaplarim uchun sendan kechirim soʻrardim, senga hech qachon xalaqit bermasdim.

– Men Tanzilani sevaman, – deb gʻudrandim men, oʻzimni oqlashga boshqa soʻz topolmay.

– Soat, meni bilasan-ku, bir aytdimmi, keyin ortimga qaytolmayman. Boʻpti, sen uchun sa-al chekinaman, gap bunday, ertagayoq Tanzilaga sovchi yuboraman, agar u rad etsa, tamom, yana qoʻlim koʻksimda, bir chekkaga chiqaman, keyin, uni sevasanmi, pishirib yeysanmi, bu oʻzingga havola. Qalay, taklifim maʼqulmi?

Men lom-mim deyolmay, ich-ichimda ingrab qoʻydim, xolos.

Sovchilar! Davron, raisning arzanda oʻgʻli sovchi qoʻysa, kim rad eta oladi, kim?! Mulla Mirzami, usta Abilmi, Uldon chechami? Yoʻ-oʻq, qaytam, quvonishib hali sovchilikdan gap ochilmay turib hammalari bosh egishadi. Ustiga-ustak, Quvondiq qaysar bir paytlar hadya etgan sogʻin sigir shuncha yillardan beri oʻzidan koʻpayib, butun urugʻ-aymogʻi bilan ogʻilda moʻrab turibdi. Anovi qizil etikning jozibasi ham hali-hali koʻzni qamashtirsa kerak. Kim biladi, menga nomaʼlum yana qanchadan-qancha sovgʻa-salomlar sovchilarning tilini burro, qoʻlini uzun qilishga shay turgandir?!

– Xoʻsh, taklifim maʼqulmi, mulla Norsoat? – dedi Davron gʻolibona iljayib, – sovchilarni ertagayoq joʻnataman.

– Yoʻq! Yoʻq! – beixtiyor boʻkirib yubordim men.

Davronning qoshlari chimirilib, koʻzlari qisilib, burun kataklari pir-pir ucha boshladi. Bu… bu qiyofa menga tanish, juda-juda tanish. Bu shunchaki jahldan emas, doʻstim yana ham qatʼiylashganidan, ushlagan joyini uzib olishga shaylanganidan darak berardi.

– Soat, Tanzilani sevishingga men hali ishonib qolganim yoʻq. Sen, shunchaki, qizni mendan qizgʻanayapsan, mendan, jonajon doʻstingdan! Sen… sen yoʻlimga atay toʻgʻanoq boʻlyapsan. Men buni doʻstlikka xiyonat deb hisoblayman.

– Davron, gaplarim chin, men uni qattiq sevaman, bolalikdan beri sevaman, aytganlarimga ishon, har kuni, har daqiqa shu qizni oʻylayman.

– Oʻchir, oʻchir ovozingni! Tanzilani sevishingni menga hech qachon aytmagansan, ana, boya tan olding, uning oʻzigayam hech narsa gapirmagansan. Oʻv, Tanzila tomonga birinchi qadamni men tashladim, men! Demak, birinchi boʻlib men sovchi joʻnataman. Men birinchi boʻlib Tanzilani tilga olganim senga yoqmayapti, shuning uchun tizinglayapsan, sevaman deb bahona qilayapsan.

– Yoʻq, sovchi yuborishingga yoʻl qoʻymayman!

– Men bilan urushmoqchimisan? – dedi Davron qaddini biroz kerib. Uning qaroqlarida qip-qizil shafaq akslanib turardi.

– Kerak boʻlsa, urushaman, – dedim men ham qoʻllarimni musht qilib, – bilaman, sen zoʻrsan, otangning ham qoʻli uzun, kattakon, meni oʻldirasizlar, lekin Tanzilani hech qachon senga berib qoʻymayman!

Davron istehzoli tirjaydi.

– Endi shunday shattalik yoʻliga oʻtdingmi? Nega otamni oʻrtaga tiqayapsan? Ey, otamni biror yerda pesh qilganimni hech koʻrganmisan, a, koʻrganmisan? Nega tirriqlik qilyapsan?

– Urushaman desang urushaman, – dedim biroz boʻshashib.

Davron panjalarini panshaxaday kerib yuzini bir sidirib tashladi. Odatda, u oʻzini arang bosib, jahlini pasaytirish uchun shunday harakat qilardi.

– Soat, – dedi doʻstim hanuz tovushi temirday jaranglab, – toʻyimning kurashini qizitib berasizlar degandi domilla, esingdami? Indin toʻy, kechki payt kurash. Kel, ikkovimiz masalani boshqacha hal qilamiz.

– Qanday?

– Ota-bobolarimiz anʼanasi boʻyicha hal qilamiz. Ikkovimiz kurashamiz. Gʻolib Tanzilaga egalik qiladi. Ham domillaning toʻyi qiziydi. Qalay? Bu gapga koʻnarsan endi, a?

Ha, Davron meni burchakka qisgan edi! Uning taklifiga rozi boʻlishlikdan boshqa ilojim qolmadi.

– Boʻpti, kurashamiz, – dedim qatʼiy, – lekin… lekin bu kelishuv oʻrtamizda, hech kim bilmasin.

Davron asabiy bir tarzda xoxolab kuldi.

– Ey, oshing halol boʻlsa, koʻchada ich, degan maqol bor-a. Sen nimadan qoʻrqayapsan?

– Men hech narsadan qoʻrqmayapman. Tanzila gap-soʻzga qolmasin tagʻin deyapman.

– Ey, qizni qoʻy, sen oʻzingning shaʼningni oʻyla. Yigitning ori but boʻlsa, qizlarga kiyimning keragi yoʻq, shuni unutma. Men sening taklifingga koʻnmayman. Bunday imi-jimida bellashish ota-bobolar udumiga toʻgʻri kelmaydi. Hammasi oshkora, ochiq boʻlishi kerak.

– Boʻpti, bilganingni qil, – dedim alam bilan qoʻl siltab.

– Demak, kelishdik. Indin, kechki payt hammasi halollik bilan hal boʻladi, – dedi Davron gʻolibona iljayib, – endi-i, joʻra, mashinamdan tushing. Shu lahzadan boshlab ikkovimiz bir-birimizga ashaddiy dushmanmiz. Orani ochiq qilgach, qoʻl tashlashib, toʻn yopishib, qayta doʻst tutinamiz. Qani, tush mashinadan!

Men gʻazab va nafrat ichida kalovlanib mashinadan tushib qoldim. Davron “Jiguli”ni oʻt oldirib, hanuz iljaygan koʻyi ochiq oynadan qoʻlini chiqarib anʼanaviy tarzda baland koʻtardi.

– Quyosh hali botmagan!

– Quyosh hali botmagan! – takrorladim men ham havoga qoʻl sermab.

Ammo quyosh allaqachon qip-qizil qondek shafaqqa belanib ufqqa bosh qoʻygan edi.

Men jim-jit yoʻl boʻyida soʻppayib qolib ketdim.

Yon-atrofim biyday dala-dasht. Shom qorongʻuligi meni tobora qaʼriga tortib borar, yoʻl boʻyidagi yakkam-dukkam daraxtlarda chugʻurchuqlar bezovta chugʻurlashar edi. Sal kam oʻn chaqirim naridagi qishlogʻim tomon horgʻin va ezgin joʻnadim. Unda-munda xira, mitti yulduzlar goʻyo holi zabunimga achinganday jonsarak miltillaydi.

Men allaqachon magʻlub edim. Davron ilk hamladayoq meni yerparchin qildi. Hamla?! Bunday deyishim toʻgʻrimikan. Umuman, doʻstimni malomat qilishga haqlimanmi? Axir, Davron biror gapida ham adolat chegarasidan chiqmadi-ku! Aslida hamma-hammasiga oʻzim aybdorman. Noshud-landovurligimdan xafa boʻlishim kerak. Axir… axir Tanzilaga bir ogʻiz koʻnglimni yorib, uning umidbaxsh, najotbaxsh vaʼdasini olib qoʻyganimda bunday koʻrguliklarga yoʻliqib yurmasdim. Agar Tanzila bilan ahdu paymon qilganimda, rais tugul, shahanshohning bolasi sovchi qoʻyganida ham zarracha qoʻrqmasdim. Chunki bilaman, ich-ichimdan sezaman, Tanzila ahdiga vafodor qiz. Ammo… ming afsuski, shu paytgacha unga na sevgimni aytdim, na vaʼdalashdim.

Men shunday hasratli oʻylar iskanjasida iygʻalanib, siyqalanib borarkanman, qishloq yana ming-ming chaqirim nariga surilishini, unga hech qachon, hech qachon yetolmasligimni juda-juda istardim. Qani endi, parcha toshga aylansamu, shu yerlarda umrbod qolib ketsam degan orzu xayolimda bot-bot charx urardi.

Men oʻzi nedan umidvorman? Tanzilaning goh kulganiga, goh yigʻlaganiga qarab oʻzimcha fol ochib yuribman xolos. Oʻsha tungi koʻz yoshlarini koʻrib, bu sevinch, bu sogʻinch, bu sevgi iztiroblaridan, deya oʻz-oʻzimni ishontirdim, quvondim, kerildim, gʻururlandim. Aslida boshqacha boʻlsa-chi? Balki Tanzila afsus-nadomatdan, xijolatpazlikdan yigʻlagandir oʻsha kech? Mening oʻzimcha sevib, kuyib, oʻrtanib yurganimni payqaganu, muhabbatimni koʻz yoshlari bilan rad etgandir, koʻnglim Davron akamda, demoqchi boʻlgandir, besamar qiynab qoʻygani uchun mendan kechirim soʻrashga uringandir?! Anovi oʻttizta xat-chi? Oʻsha toʻlin oyli tunda, qizning koʻz yoshlaridan mast boʻlib oʻttiz xil bahonalar bilan ularni ham oʻzimniki qilib oldim. Aslida oʻsha maktublarda nelar yozilgan, bilmayman-ku, axir! Davronning haligi gʻolibona iljayishlari, qatʼiy gap-soʻzlari balki behuda emasdir? Ikkovi allaqachon ahdu paymon qilib, endi meni mazaxlashga oʻtishgandir?

Men kimsasiz, jim-jit yoʻl boʻylab, tunkezar arvohday besaru somon ketib borarkanman, koʻnglimda kechgan soʻnggi shubha-gumonlarga chippa-chin ishonib, boʻgʻzimga alam va nafrat tiqilib, sassiz, unsiz boʻzlab borardim.

Shu orada qishloq tarafga tirkama taqqan bir traktor tarillab, bir mototsikl pat-patlab, tun sukunatini, mening xayollarimni parcha-parchalab oʻtib ketdi.

Men shosha-pisha oʻzimni daraxtlar panasiga oldim. Nazarimda, faralar nuri ichi-tashimni yoritib, bor sir-asrorimni oshkor etadigandek, koʻrganlar ustimdan miriqib kuladigandek tuyulardi. Ammo bu qiligʻimdan oʻzimning ensam qotdi. Hozir-ku amal-taqal yashirinib qoldim, erta-indin roʻy beradigan sharmandalikdan qanday qutulaman, degan oʻy butun borligimni tilkalab turardi.

Qop-qora osmonning bir chekkasida zanglagan temir barkashday toʻlin oy koʻrindi. Uning sargʻish yogʻdulari ostida olis-olislardagi uylar, imoratlar gʻira-shira koʻzga tashlanardi. Borliq sirli, vahimali bir sukut ogʻushida tek qotgan edi.

Oy nurlariga chulgʻanganimdanmi yo gʻuj-gʻuj yulduzlarning shoʻx-shaʼn jimirlashidanmi, har nechuk, koʻnglim andak yorishib, taskin topganday boʻldi. Yoʻq, yoʻq, adashibman, aslida xayolimning bir chekkaginasida miltillab turgan, doʻstim, shunchaki, hazillashdi, hozir biror daraxt panasidan qah-qah urib oldimga otilib chiqadi, degan oʻy mashinadan tushib qolganimdan buyon umidvor qilib turgan ekan. Shu ilinjda qarshimda koʻringan qoraga talpinib, bir moʻjiza kutib borayotgan ekanman. Afsus, umidlarim sarob boʻlib chiqdi.

Shu alfozda qoqilib-surilib, goh imillab, goh tezlashib bir soatcha yoʻl yurdim. Nihoyat, qishloq biqinidagi, “Kengsoy burgutlari”ning doimiy qoʻnalgʻalaridan biri boʻlgan tutzorga yetib keldim. Shu payt yoʻl chekkasida qiyshayibgina turgan yengil mashinani koʻzim ilgʻab qoldi.

“Iya, doʻstimniki-ku?! Qoʻnalgʻamizda kutib turgan ekan-da, yaramas hazilkash!” – degan oʻydan butun borligʻimga quvonch yugurdi. Beixtiyor qadamlarim ildamlashdi.

Ha, Davron chindan ham kutib turgan ekan! Ammo yolgʻiz emas, yonida “Kengsoy burgutlari”dan boʻlgan, ikkitasi kasalligi tufayli harbiy xizmatdan qutulib qolgan, ikkitasi bir hafta burun askarlikdan qaytgan, toʻrt nafar doʻstimiz ham hurpayib turardi.

– Gap bunday, burgutlar, – deb tantanavor, baland bir tovushda soʻz boshladi Davron, – Norsoat doʻstim bilan nozik bir masalada toʻqnashib qoldik. Bu haqda boya sizlarga aytdim. Indin maktabimiz direktori, Toʻxtasin domlaning toʻyida ikkovimiz kurashib masalani hal qilamiz. Muqaddas tutzorimiz, toʻlin oy, marjon yulduzlar guvohligida, sizlarning huzuringizda ont ichib aytamanki, hammasi ota-bobolar udumi boʻyicha, halollik va mardlik asosida boʻlib oʻtadi…

Davronning bolaligimizdan beri tanish, hatto, oʻsha Oʻmskdagi Anya-Manyalarning noz-karashmalari ham yoʻq qila olmagan, gʻirt kitobiy tilda balandparvoz gapirishlari, oʻng qoʻlini bosh uzra koʻtarib, chap qoʻlini koʻkrakda tutib turishlari bizga ham hech bir gʻayritabiiy tuyulmas edi.

Uning aytganlarini someʼ boʻlib eshitdik. Ayniqsa, men sud hukmiga quloq tutgan tutqunday itoatkorona bosh egib, yerga kirib ketgudek boʻlib turardim.

– Shayx, Gʻiyos, – dedi Davron yonidagi bolalarga yuzlanib, – ikkovingiz Norsoat taraf, uning oldiga oʻtinglar. Bu ajralish vaqtincha, kurashdan keyin hammamiz hamishagiday doʻst boʻp ketaveramiz.

Davron oʻz tarafdorlarini olib mashinasiga oʻtirdiyu, shiddat bilan joʻnab ketdi. Biz “Jiguli”ning qip-qizil choʻgʻday miltillab, tobora uzoqlashib borayotgan orqa chiroqlariga xomush va oʻychan termulib ancha payt tek turib qoldik.

Hoynahoy, koʻnglimni koʻtarishga shaylandi, shekilli, birozdan soʻng Gʻiyos:

– Domillaning toʻyi rosa qiziydigan boʻldi-da, – dedi kaftlarini bir-biriga ishqalab, – hayajonli, esda qoladigan, qiziq kurash tomosha qilamiz.

Men hasrat toʻla nigohlarimni sitilib ketgan koʻz yoshlardek gʻuj-gʻuj yulduzlarga qadadim: “Bu senga qiziq, senga zavqli, Gʻiyosboy… Mening dardimni qaydan ham bilarding…”

Shayxali ham yelkamga doʻstona qoʻl tashlab hamdardlarcha dalda bergan boʻldi.

– Davronning maqtanishlaridan qoʻrqma. Bir qoʻldan qoldirmaysan uni, biz senga ishonamiz.

Oʻsha tungi, Davronchasiga aytganda, muqaddas tutzor, marjon yulduzlaru toʻlin oy guvohligida ahdlashganimiz, qasdlashganimiz butun qishloqqa ovoza boʻlib ketgan ekan.

Men buni toʻy oqshomida, kurash tomoshasi boshlanish arafasida, qismatimday qop-qora qorongʻulikka qorishib kimningdir gʻildiraklari oʻrniga siniq gʻisht boʻlaklari qalab qoʻyilgan, nosoz yuk mashinasi panasida, tarafkash doʻstlarimni, umidbaxsh bir moʻjizani kutib turganimda nogoh bilib qoldim.

Uch-toʻrt sharpa boʻlajak kurash maydoni tomon gurunglashib borishardi.

– Ie, shunday boʻptima-yey…

– Ha, qishlogʻimizning koʻzga surtgan ikki polvoni qiz talashib qopti.

– Qaysi qizni?

– Abilning asrandi arzandasi bor-ku, shuni.

– Obb-o-yey, obbo… kurashda kim yengsa, qiz shuniki boʻlarmishmi?

– Ha, ikkovi qattiq garovlashgan.

– Bu gap avval qay biridan chiqdi ekan?

– Kimdan boʻlardi, raisning anovi erkatoyidan-da, doim bemaza ishlarni boshlab yuradi. Bolaligidan beri shunday buzgʻunchi, janjalkash.

– Hech oldi qaytmagan-da, bu bolaning. Hamma narsaning egasi oʻzimman deb oʻrgangan, hech kimni yuz-xotir qilmaydi.

– Norsoatboy bi-i-r shoxini sindirsa, yaxshi boʻlardi-da.

– Kim biladi, u ham bir shoʻr yetim-da, qoʻrqqanidan yiqilib berar avvali.

– Abilboyning ahvoli qanday? Qulogʻiga yetibdimi bu talash?

– Raisning uli qiziga oshiq boʻp qolganidan dimogʻi chogʻ deb aytdi birov, yana bilmadim…

– Yiqitsayam, yiqilsayam, raisning bolasini desa kerak u.

Odamlar toʻpi shu tarzda gurunglashgan koʻyi oldimdan oʻtib ketdi. Ularning menga tarafdorligi ichimni ilitib, koʻnglimni koʻtargan esa-da, biroq bizlarning garovlashganimiz ovoza boʻlib ketganidan dilim gʻash, taʼbim tirriq edi.

Koʻp oʻtmay Shayxali va Gʻiyos yonimga kelishdi. Uchovimiz ikki kun davomida zovur ortidagi paykal boʻyida mashgʻulot oʻtkazgan edik. Goh unisi, goh bunisi men bilan olishdi. Men ularni chirpirak qilib uloqtiraman. Uloqtirar ekanman, ikkovini qoʻshgan taqdirda ham bitta Davron boʻlolmasligini ich-ichimdan his etaman. Sodda doʻstlarim esa meni astoydil alqashadi: “Qoyil, qoʻsh hoʻkizdan ham kuching koʻp. Rost, sen gʻolib boʻlasan”.

Biz kechki payt toʻyxona yonida uchrashishga kelishib xayrlashgan edik. Mana, ular hovliqqan koʻyi yetib kelishdi.

– Yur, kurash ham boshlanib ketdi, – dedi Gʻiyos maydon tomon alanglab. – Davronlarning joylashib olganiga ancha boʻldi.

Katta polvonlarga xos tarzda, boshimdagi jun qalpoqni koʻzlarimgacha bostirib, qalin choponimga burkanib, ikkovining oʻrtasiga suqulib, odamlardan panalagan koʻyi kurash maydoni tomon yurdim.

– Qoʻrqma, hayajonlanma, baribir sen yutasan, – deb qoʻyadi Shayxali.

Qor-qirovsiz kirib kelgan qish dimogʻidan sovuq havo purkab turardi. Bir haftacha burun yengil yogʻib oʻtgan yomgʻirdan namiqqan dalalardan chirkin oʻt-oʻlanlar, xazon isi anqiydi.

Baland ustunlarga tortilgan simlarga osilgan lampa chiroqlar yogʻdusidan chor-atrof charogʻon edi. Kurash maydoni tegrasida qari-qartang qoʻr solib oʻtirar, ular ortida yosh-yalanglar tik turib polvonlarni kuzatar edi. Toʻp-toʻp tomoshatalablar maydonga taqab qoʻyilgan yuk mashinalari, traktor tirkamalari ustida turib davraga zavq-shavq bilan tikilishib qiyqirishar, irgʻishlashar edi.

Davra bakovuli oʻsha mashhur Ergash mirob ekan. Bir paytlar Davron unga hurmatsizlik koʻrsatganini, kurashni gʻirrom baholadingiz deb yuziga solganini hisobga olsak, bu hakam ham menga tarafkash boʻlib chiqardi.

– Ha, polvonjonlar, boʻshashmanglar, jonli-jonli olishinglar, – deya chirkin somon, yogʻoch qirindisi qalin toʻshalgan hovarda bellashayotgan oʻspirinlar atrofida aylanib turardi u, – zot kam boʻlsa, hali yana qoʻshaman.

Xuddi shu gapni kutib turganday chorpaxil, xumkalla yosh polvon raqibini chalpak qilib yerga urdi.

Davra guvullab yubordi.

– Halol, jigitning haqini bering, – deb qichqirdi bakovul.

Biz tomoshabinlar toʻdasini yorib, oʻzimizga qulayroq joyga oʻrnashib oldik.

Ajab! Haligi gurungdan ruhlanib oʻzimga ishonch ortdimi, yo davraga suqulib, bellashayotganlarni koʻrib polvonlik tomirim qabardimi, harnechuk, biroz xotirjam tortib qolgan edim. Davron garovga chorlagan oʻsha tundan beri yuragimni gʻijimlab yotgan alam-iztirob, uyat-andisha, qoʻrquv qaylargadir bekinib qolganday edi.

Men zimdan yon-verimga koʻz tashladim. Toʻy egasi – Toʻxtasin domla bir paytlar taʼkidlaganday, kichkina kurash musobaqasi boʻlishiga qaramay, tomoshatalablarning haddan ziyod koʻpligi bizning talashimiz, garovimiz butun qishloqqa yoyilganidan darak berardi. Hatto davraning bir chetida xotin-qizlar ham maydonni hurkibgina kuzatib turardi.

“Tanzila ham shu yerda-yov, axir bugun yakshanba” – shu fikr xayolimdan lip etib oʻtdi. Ammo yigʻilgan ayollar orasidan uni ilgʻay olmadim. Shu orada Davronga koʻzim tushib qoldi. U davraning kunbotar tomonida, oʻz tarafkashlari orasida, xuddi menga oʻxshab kiyimlariga burkanib, kurash tushayotganlarni noxush kuzatib, oʻz gali kelishini betoqat kutib turardi.

Davra yana qiyqirib yubordi. Poxol toʻshamaga qorishib qolgan magʻlub polvon gangigan koʻyi oʻrnidan turdi. Gʻolib esa koʻkrak kerib bakovul yordamchisi qoʻlidan oʻz sovrinini oldi. Magʻlubning origa chiqqan, baland boʻyli, mushak-muskullari boʻrtiq yigit davra boʻylab ohista aylanardi.

– Jartepalik Nozim polvon! – deya uni tomoshabinlarga tanishtirdi bakovul.

Gʻolib polvon sovrinni sheriklariga topshirib yana maydonga qaytdi.

Toʻlin oy, koʻk toʻla yulduzlar ham, nazarimda davraga yaqin kelib, bellashuvlarni ajablanib kuzatayotganga oʻxshardi.

Men yana yon-verimni zimdan kuzatdim.

Hurmatli mehmonlar oʻrnashgan joyda Quvondiq qaysar koʻrinmas edi. Davron ikkimiz mashinada aytishib, qizarishib qolgan kuni u peshin payti allaqanday katta majlis bahonasida viloyat markaziga joʻnab ketganini eshitgandim. Aftidan, u yoqdan hali qaytmaganga oʻxshaydi. Biroq bundan na quvonch, na tashvish his etdim.

Tomoshabinlarning qiyqirigʻi, gʻala-gʻovuri ostida kurash qizgʻin davom etardi. Bir payt toʻy egasi Toʻxtasin domla lapanglab bakovulning yoniga keldi-da, uning qulogʻiga allanelarnidir uzoq shivirladi. Ergash mirob mamnun bir qiyofada bosh irgʻab turdi. Shu orada harsillab olishib yotgan polvonlardan biri raqibini belidan quchib dast koʻtardi, ammo zil-zambil yukdan nogoh oʻzi qalqib ketib, chalqanchasiga quladi, raqibi uni shu holatda bosib qoldi. Davra qiyqirib yubordi.

– Halol! Abror polvon gʻolib! – deya eʼlon qildi bakovul.

Men yiqilgan kurashchini yaxshi tanirdim. Mahoratli, chapdast polvonlardan. Ammo hozir qoʻpol xatoga yoʻl qoʻyganini koʻrib, oʻz tashvishimni ham unutib, xayolan unga dakki bera ketdim.

– Xaloyi-i-iq! – deb qoldi bir payt Ergash mirob qoʻllarini baland koʻtarib, – toʻy egasi kamtar, kamsuqum odamligidan xabaringiz bor. Shuning uchun bugungi kurashimizga bittagina toboq qoʻymoqchi. Hozir shu toboq uchun boʻladigan bellashuvni tomosha qilamiz-da, keyin oqsoqollardan bir duo olib kurashimizni yakunlaymiz.

Bakovul shunday dedi-da, yordamchisi uzatgan oq matoni olib oʻrtaga qoʻydi.

– Mana, toboq! Shu toboqni yerdan oladigan talabgor polvon bormi?! Zoti katta bir hoʻkiz! Qani…

Ergash mirob soʻzini tugatar-tugatmas Davron maydonga otilib chiqdiyu, oʻrtadagi oq matoni qoʻliga olib, katta polvonlarga xos bir tarzda manglayiga tegizib qoʻyib, davrani bir aylanib, soʻng yana joyiga borib oʻtirdi.

– Toboqni Davron polvon koʻtardi! – deb eʼlon qildi bakovul, – qani, oralaringizda unga talabgor bormi?!

Davron davra aylana boshlagandayoq Shayxali ustimdagi toʻnimni, Gʻiyos boshimdagi qalpogʻimni yechib olib, meni kurashga shaylab turishardi. Men Mulla Mirzadan oʻrgangan oyatlarni chala-chulpa oʻqigan koʻyi, adashmasam, garovlashgan kunimizdan beri oʻz-oʻzimga beshinchi bor dam sola boshladim. Ergash mirob yana qayta talabgorlar chorlagan payt Shayxali yelkamga turtdi.

– Soat, davay, omad senga! Xudo qoʻllasin!

Men belbogʻimni qayta bogʻlay-bogʻlay oʻrtaga chiqdim.

– Talabgor davraga tushdi! – deb eʼlon qildi bakovul, aft-angoridagi ayyorona ifodaga qaraganda, u ham hamma shov-shuvdan xabardorga oʻxshardi, – oʻzimizning Norsoat polvon! Oʻrtadagi zotga toʻy egasining jiyani tomonidan yana ellik soʻm qoʻshildi, bir hoʻkizu ellik soʻm! Bu hali hammasi emas… gʻolibni yana bir ajoyib mukofot kutib turibdi, uni ikkovlari yaxshi bilishadi.

Tomoshabinlar tarafdan qiqirlagan, pixillagan kulgular eshitildi.

Men ustoz Absal polvon oʻrgatganlariga amal qilib atrofimga alanglamay oyoq ostidagi poxol, qirindi toʻshamadan koʻz uzmay davra aylanardim. Davron mendan sal oldinda, qoʻllarini belbogʻiga tirab, gerdaygan koʻyi lapanglab odimlardi.

– Qani, polvonjonlar, boshlanglar, davra sovimasin, – dedi bakovul qoʻlidagi xivichni sermab.

Davron ilkis ortga burildiyu qoʻllarini havolatib hujumga oʻtdi. Men ham tovonlarimni toʻshamaga mahkam tirab himoya marrasini egalladim. Davra tuyqus jim-jit boʻlib qoldi. Raqibim odatdagidek chalgʻituvchi harakatlar qilib oʻtirmay, shiddat bilan tashlandiyu yaktagim yoqasidan tutdi. Men uning belbogʻiga qoʻl choʻzdim. Ammo Davron ushlashimga yoʻl qoʻymay zarb bilan siltab tortdi. Men nogoh tizzalab qoldim. Davra guvullab yubordi. Raqibim yana bir siltab ustimga oʻzini tashlaganda bormi, men toʻshamaga toʻshalib qolishim tayin edi. Ammo… ammo u hech kutilmagan payt yoqamni qoʻyib yubordi-da, yana shiddat bilan davra aylana boshladi. Men ham tizzalab qolgan joyimdan turib, yaktagimning yelkamdan sidirilib tushgan yoqalarini toʻgʻriladim. Davronning favqulodda joʻmardligi meni allaqachon ruhan sindirganday, kuch-quvvatimning yarmini kesib ketganday tuyulardi. Bel-bilaklarimga biroz titroq kirdi.

Biz yana yuzlashdik. Bu gal men raqibimning belbogʻiyu yaktagini mahkam siqimlab, oʻzim tomon zarb bilan tortdimu, oyoqlari orasiga chil soldim. Biroq Davron oyoq boʻgʻinlarini tarang rostlab chilimni chiqarib yubordi. Shu asnoda bellarimdan mahkam quchib meni azot koʻtardiyu chap yelkasidan oshirib yerga tashladi. Men chalpak boʻlib tushayotgan bir paytimda oʻzimni arang oʻnglab yuz tuban yiqildim.

Davra yana guvillab yubordi.

Davron yana shiddat bilan, boshini magʻrur tutgan koʻyi davra aylana boshladi. Men ham apil-tapil oʻrnimdan turdim-da, boʻshashgan belbogʻimni qayta bogʻlay-bogʻlay uning izidan odimlay boshladim. Davronning mendan bu qadar kuchli, chaqqon va mahoratli ekanligini avvallari jiddiy bellashib koʻrmaganimiz uchunmi, harqalay, bilmas ekanman. Men xiyla dovdirab qoldim. Na ikki kunlik betinim mashgʻulotlarim, na ustoz oʻgitlari, na mulla Mirzadan oʻrgangan duolarim menga yordam berardi. Har qadamidan shiddat, kuch, ishonch yogʻilib turgan raqibimga zimdan koʻz tashlarkanman, navbatdagi qafasda masalam hal boʻlishini koʻnglim sezardi.

Ammo gʻolibona tirjaygan sharpa quchogʻida toʻlgʻonayotgan Tanzila xayolimda jonlanardiyu, xuddi dimogʻiga sunʼiy nafas yuborilgan behush bemorday sapchib-sapchib tushardim.

– Ha, polvonjonlar, – deya xitob qildi bakovul, – muncha koʻp aylanib qoldilaringiz, nima, charchadilaringizmi? Oʻrin-toʻshak qilib beraylikmi?

Davrada gurr kulgu koʻtarildi.

Biz yana betma-bet keldik. Davron birdan oʻziga tortib usul qoʻllashga urindi. Men qattiq himoyalandim. Raqibim goh oʻngdan, goh chapdan yaqinlashmoqchi boʻlar, turli aldamchi harakatlar qilar, men koʻkragiga tirab olgan qoʻllarimni sidirib tashlashga urinar edi. Ammo baribir himoyamni yorib oʻtolmay meni qoʻyib yubordi-da, yana jahl bilan davra aylana boshladi. Nihoyat, bu safar ham arang qutulib qoldim.

Tomoshatalablarning men usul qilganda qiyqirishib, Davron hujum boshlaganda jimib qolishlari ham, ularning kim tarafda ekanligini ochiq-oydin koʻrsatardi. Ustiga-ustak, Quvondiq qaysarning tomoshada yoʻqligi ham kuchlar nisbatini men tomon bosar edi. Biroq, bunday ustunlikdan qanday naf? Men tobora charchab, zaiflashib, Davron esa tobora quturib, jununga kirib borardi.

“Yiqilishga haqqim yoʻq, sira haqqim yoʻq, odamlar ham menga ixlosmand, – degan oʻy xayolimda charx urib aylanardi, – nima qilib boʻlsayam yengishim kerak. Tanzilasiz hayot menga harom!”

Davron kimdir idishda uzatgan suvdan hoʻplab bir gʻargʻara qildi-da, ogʻzidagi suvni qoʻllariga purkab, barmoqlarini namlab yana joʻshqin oʻynoqlaganicha maydonga qaytdi. Shu galgisi soʻnggi bellashuv boʻlishini yuragim sezdi. Shu barobarida koʻnglimning bir burchagida biqinib yotgan nopok, gʻirrom bir reja shilliqqurtday sudralib chiqdi.

“Konibodomlik doʻstim oʻrgatgan usulni qoʻllayman. Samboda qatʼiy taqiqlangan deb ogohlantirgandi, shekilli… – deb oʻyladim raqibning baquvvat qoʻllaridan koʻz uzmay, – boshqa ilojim yoʻq, yo, Xudoyim, oʻzing kechir, Tanzilani birovlarga berib qoʻyolmayman”.

Men payt poylay boshladim. Davron usul qoʻllash ilinjida oyoqlarimdan koʻz uzmay irgʻishlayotgan payt chap ilkining barmoqlari orasiga panjalarimni taroqday tiqib, ikkinchi qoʻlim bilan oʻng tirsagi ustidan mahkam tutdim. Soʻng raqibim yaqin kelishiga atay qoʻyib berdim. Davron meni dovdirab qoldi degan oʻyda shiddat bilan usul qoʻllamoqchi boʻldi. Ammo men qayirib yuborgan barmogʻining ogʻrigʻidan birdan boʻshashib ketdi.

– Ax! – dedi afti burishib.

Men shu lahzadayoq oʻng qoʻlini bilagim bilan oʻrab bilagini tirsagidan qayirib yubordim. Davron bemisl ogʻriqdan koʻzlarini chirt yumib, yonboshga qulay boshladi.

Men yashin tezligida uni usulga oldimu, belimdan oshirib yerga urdim.

Davra gulduros solib hayqirib yubordi.

– Halo-o-ol!

Men chalpak boʻlib tushgan Davronning koʻkragidan bosib turardim. Kallam karaxt, koʻzim koʻr, qulogʻim kar edi.

– Halol, – deya yelkamga turtdi bakovul, – qoʻyvoring endi uni.

Shu asnoda oʻrtaga otilib chiqqan Shayxali va Gʻiyos meni yetaklab maydondan olib chiqib, yelkamga toʻnimni tashlashdi, boshimga jun qalpogʻimni kiydirishdi.

Tomoshatalablar tobora kuchliroq qiyqirib, hayqirib, gʻolibni olqishlashar edi.

– Ey! Ey, xaloyiq! – deb qichqirdi Davron oʻng qoʻlini silagan koʻyi oʻrnidan turarkan, – Norsoat nomardlik qildi, qoʻlimni qayirib yubordi. Gʻirrom bu!

Tevarak-atrofdan masxaraomuz kulgular, istehzoli qiyqiriqlar eshitildi.

– Yiqilgan olishga toʻymaydi, Davronboy!

– Yana qanday bahonalaring bor?

– Xarxashani otangga qilasan!

Shu orada bakovul yordamchisi kelib menga sovrin pulini uzatdi.

– Mana, Norsoatboy, oling, ona sutiday halol sizga. Hoʻkizni ertaga toʻyxonadan yetaklab ketasiz.

Men hanuz karaxt va parishon edim. Bakovul yordamchisining gaplari deyarli qulogʻimga kirmadi. Shayxali bir intilib uning qoʻlidan pulni oldi.

– Ey! Ey, yaxshilar! – deya Davron qoʻllarini qanotday yoyib javdiragan koʻyi u yon-bu yon yugurgilay boshladi, – bu nomardlik-ku?! Qoʻlimni sindirib qoʻyishiga sal qoldi! Agar aldayotgan boʻlsam, meni polvon piri ursin!

Ergash mirob kinoyali kulimsirab uning qoʻlidan tutdi-da tarafkashlari turgan tarafga yetakladi.

Davron adashib qolgan yosh boladay atrofga alangladi. U, aftidan, meni izlardi.

– Ey, Norsoat! – deb baqirdi u alam bilan, – mard boʻlsang maydonga chiq! Aybingni tan ol!

Gʻala-gʻovur, qah-qahalarga koʻmilgan davra unga eʼtibor ham bermadi.

– Qani, oqsoqollar! – dedi bakovul qariyalar toʻpiga yuzlanib, – chiroyli bir duo qilib, kurashni yakunlaylik. Omi-i-in!

– Omi-i-n!

Men koʻzlarimni koʻkka opqochdim. Miltillagan yulduzlar goʻyo hurkib, uyalib gʻuj-gʻuj toʻplanib olgandek edi. Sap-sariq toʻlin oy battar sargʻayib, soʻlib, behol boʻzarib turardi.

Olomon duvva qoʻzgʻaldi. Maydonga taqab qoʻyilgan traktorlar tarillab, yuk mashinalar gurillab jildi. Ularning faralaridan taralgan yogʻdu yaqin-uzoqdagi uylarni, gʻoʻzapoya, xas-xashak gʻaramlarini ola-chalpoq yoritdi. Gʻala-gʻovur, kulgularu qiyqiriqlar har yon-har yon toʻzib qoldi.

Ana, Davron! U oʻzini yetaklab ketishga uringan tarafkashlarini siltab tashlab boʻm-boʻsh maydonda, poxol toʻshama ustida jazava bilan yurinib turardi.

– Ey, Norsoat, ey, qoʻrqoq, qayerdasan, mard boʻlsang maydonga chiq! Hali oramiz ochiq emas, – deb boʻkirardi u atrofga alanglab.

Biz gʻildiraklari oʻrniga gʻisht qalab qoʻyilgan, nosoz oʻsha yuk mashinasi biqinida turardik.

– Qoʻygin, unga eʼtibor berma, ketdik, – dedi Shayxali bilagimdan tortib.

Gʻiyos ham behafsala qoʻl siltadi.

– Endi tong otguncha shu, boʻkirib turaveradi.

Ammo mening joyimdan jilgim yoʻq edi. Qandaydir kuch Davronning yoniga chopib borishga, yelkalariga doʻstona qoʻl tashlab, kechirim soʻrashga undardi.

– Ey, nomard, yaxshilikcha aybingni tan olmasang, polvon piri qargʻaydi seni, ulugʻ ajdodlar ruhi uradi!

Doʻstim shu ahvolda ham kitobiy, tantanavor iboralarni tildan qoʻymay, ixlosu ikrom bilan takrorlardi.

Bir payt, bilmadim qaydan chiqdi, qizgʻish-sargʻish libosi lampa chiroqlar yogʻdusida olovday lovullab turgan Tanzila qunishgan koʻyi Davronning shundoqqina qarshisida paydo boʻldi.

– Oh, Tanzila! Sohibjamol farishta! – dedi u xuddi kinolardagi ritsarlar kabi qiz qarshisida tiz choʻkib, – biz hammasini ota-bobolar udumi boʻyicha oʻtkazishga kelishgandik, lekin Norsoat gʻirromlik qildi, qoʻlimni qayirib meni yiqitdi, oʻzing izn ber, kurashni sening koʻz oldingda qayta oʻtkazaylik.

Davron gapirgan sayin joʻshib, qulochini keng yoyib qiz tomonga sudraklanib yaqinlashardi. Men esa bu yoqda rashk-alam olovida qovrilib, qoʻllarimni musht qilib maydon taraf oʻqdek uchishga shaylanardim. Nazarimda, Tanzila hoziroq oʻzini nayrang qurboni quchogʻiga tashlab, yuz-koʻzlarini silab, sevgisiga iqror boʻladigandek, Davron uni ozod koʻtarib, tevarakka gʻolibona boqib qorongʻulik qaʼriga singib ketadigandek tuyulardi. Agar… shu tasavvurim chin boʻlib chiqsa, men qarchigʻayday uchib borib ikkisini ham burdalab tashlashga tayyor edim.

Ammo… ammo bir payt Tanzila toʻlib-toshib hasrat qilayotgan Davronning yuziga tarsaki tortib yubordi! Soʻng nimadir dediyu kaftlarini yuziga bosib, toʻyxona tarafga tez-tez yurib ketdi.

Oʻrtanib oʻrmalayotgan polvon lampa chiroqlar yogʻdusi ostida hanuz tiz choʻkkan koʻyi haykalday qotib qoldi. Uning shu turishi kitoblardagi antik davr yunon-rum qahramonlari tasvirini eslatib yuborardi.

Bir mahal yonginamizdan qandaydir mashina shitob bilan oʻtdiyu maydon qarshisiga borib toʻxtadi. Undan militsiya mundiridagi uch barvasta yigit tushib xas-xashak toʻshamasi ustida hanuz parishon oʻtirgan Davron tomon yurishdi. Ulardan biri Halim Norboʻta oʻgʻli, uchastka noziri edi. Hoynahoy, shov-shuvlar qulogʻiga yetib borib, Toʻxtasin domlaning toʻyida katta janjal chiqishidan xavotirlanib u boshqarmadan yordam kuchlari chaqirtirib qoʻygan, vaziyatni zimdan kuzatib turgan edi.

Davron mundirli tartibot posbonlarini koʻrdiyu irgʻib oʻrnidan turdi. Halim Norboʻta oʻgʻli unga nimadir dedi.

– Menmi jinoyatchi?! – deb tuyqus qichqirib yubordi Davron siltanib, – jinoyatchi gʻirrom gʻalabasidan shishinib uyida oʻtiribdi! U qilmishi uchun qonun oldida, xalq oldida javob berishi kerak. Udumlarimizni oyoqosti qildi, nomard!

Ikki barvasta posbon orkash polvonning ikki yonidan tutib mashina tomon ishora qilishdi. Yoʻq, Davron ortiqcha jazavasiz ularga buysundi, aftidan, poytaxtdagi oʻsha uch sutkalik taʼlim-tarbiya hali-hanuz taʼsirini yoʻqotmagan ekan.

– Ketdik, – deb chuqur tin oldi yonimdagi Gʻiyos, – boʻldi, endi tinchidi.

Yoʻq, Davron hali tinchimagan ekan. Mashina yoniga yetgan payt u posbonlar yetovidan bir siltanib chiqdi-da oʻng qoʻlini musht qilib boshi uzra baland koʻtardi.

– Quyosh hali botmagan!

Uning alam va iztirobga limmo-lim qiyqirigʻidan gʻuj-gʻuj yulduzlar pirpirab ketganday boʻldi.

– Quyosh hali botmagan! – beixtiyor pichirladik biz ham.

Davron oʻtqazilgan mashina yana shitob bilan jildi. Bir juft faraning oʻtkir nurlari yon-atrofni bir yalab oʻtdi.

Tanzila sermagan oʻsha tarsaki goʻyo Davronga emas, menga tegib koʻzlarimdan oʻt chaqnab, karaxtligim tarqab, xiyla hushyor tortib qolgan edim. Koʻzlarimda chatnagan oʻt shuʼlasida qaltis qilmishimning butun sharmisorligi, vahimasi yaqqol koʻrinib ketdi. Gʻiyos va Shayxali hamrohligida uy tomon borarkanman, ich-ichimda tavallolar qilib Davrondan, Tanziladan, barcha-barchadan uzrlar soʻrardim. Ayniqsa, kaftlarini yuziga bosib ketayotgan Tanzila koʻz oldimda bot-bot jonlanib, farishtaday pokiza bir qizni qanday nomaʼqul gap-soʻzga giriftor qilganimni yetmish ikki tomirim bilan his etib oʻkirib yuborgim kelardi.

Doʻstlar bilan koʻcha boshida xayrlashdik. Boʻlib oʻtgan mashmashalar ularning ham tinkasini quritgan, shekilli, ortiqcha gap soʻz qilmay, uy-uylariga yuzlanishdi.

Men oʻsha tanish muyulishda, oʻsha qayragʻoch yonida Tanzilani kutib turishni oʻylagan edim. Ammo ich-ichimdagi allanedir bunga monelik qilardi. Goʻyo isqirt, iflos bir balchiqqa botib qolganmanu, bu ahvolda Tanzilaga koʻrinishni istamasdim. Qalbim, ong-shuurim boʻm-boʻsh bir tarzda uyga kirib bordim.

Onajonim, yangam va akam meni kutib oʻtirgan ekan.

Akam boʻlib oʻtgan kurash tafsilotlarini toʻlqinlanib aytib bergan shekilli, yangam meni koʻrdiyu shoʻx-shaʼn koʻz qisib qoʻydi.

– Bolam, bu nima qilganlaring, bolam, – deb zorlandi onajonim roʻmoli uchi bilan ogʻzini bekitib, – hammayoqqa sharmanda boʻldik-ku, Tanzila bechora endi qanday bosh koʻtarib yuradi?

– Xola, muncha vahima qilavermang, – deb chimirildi yangam, – qishloqning eng zoʻr yigitlari uni deb yoqalashsa, qiz xafa boʻladimi, qaytam boshi osmonga yetadi. Qani edi biz uchun ham birov garovlashsa.

– Ey, oʻchir ovozingni, – deb poʻpisa qilgan boʻldi akam xotiniga.

– Oʻhoʻ-oʻ, siz nega nam tortayapsiz? Garovda boy berib qoʻyishingizni bilasiz-da, a…

Akam indamay unga oʻqrayib qoʻydi.

– Yanga, iliq suv qilib bering, yuvinib olay, – dedim pichirlab.

– Xoʻp, polvonjon, xoʻp, – dedi yangam ildamgina oʻrnidan turib, soʻng ayyorona kulimsiradi, – shuncha dardingiz bor ekan, armiyaga ketishdan avval oʻzimga sal shipshib qoʻymaysizmi, qayniginam, hammasini hal qilib qoʻyardim.

Akam gʻijinib bosh chayqadi.

– Ey, koʻp gapirma, shusiz ham Norsoat rosa charchadi.

Men koʻrpachaga tizzalab onajonimning yelkasiga suykaldim.

– Ena-a, kechiring, shunday boʻp qoldi-da. Davronning oʻzi garang qildi.

– Voy, bolam-yey, – deb onajonim sochlarimni siladi, – senlar bu yoqda shoxlashib yotsalaring, Tanzila boshqa birovni desa-chi.

Men beixtiyor onajonimning roʻmoliga yuzlarimni yashirdim.

– Yoʻq, ena-a, yoʻq, unday demang.

Akam tizzalariga shapatilab xoxolab kuldi.

Oʻsha tun yangam ilitgan suvda obdon yuvindim. Bel-bilaklarim qaqshab ogʻrirdi. Bir payt akam imlab uyga chaqirib oldi.

– Norsoat, asablaring chatnab ketdi, – dedi akam bir piyolani toʻlgʻazib aroq quyarkan, – shuni ichib yubor, esam, uxlayolmaysan.

Men beixtiyor buysundim. Achchiq suyuqlik ich-ichimni kuydirib oʻtdi. Ammo allanechuk yengil tortdim. Shundagina qornim nihoyatda ochiqqanini his etdim.

– Yana quying, – dedim bir boʻlak yaxna goʻshtni huzurlanib chaynar ekanman, – oʻldirsa, birdan oʻldirsin.

Chindan ham ikkinchi piyolani boʻshatib apil-tapil ovqatlandimu oʻlikday qotdim. Ertalab uygʻonganimda kun xiyla yorishib qolgan ekan. Yaxshi dam olganman shekilli, suyaklarim yengil, miyam tiniq edi.

– Toʻxtasin domlanikiga borarkansiz, tayinlab ketishdi, – dedi yangam yuz-qoʻlimni yuvib dasturxon yoniga oʻtirgan paytim, – Quvondiq rais ham oʻsha yerda emish.

Onam menga tashvishlanib tikildi.

– Nima qilib qoʻyding-a, bolam. Endi rais bizni tinch qoʻyadimi?

Boʻlib oʻtgan voqealar yana esimga tushib koʻnglim birdan gʻash tortib qoldi. Ammo sir boy bermay:

– Kecha bakovul hoʻkizni toʻyxonadan opketasan, deb aytgandi, shunga chaqirishgandir-da, – dedim bir burda nonni zoʻrgʻa yutib.

Havo tund, andak sovuq edi. Yulingan tovuq patlariday toʻzgʻin bulutlar koʻkda suzib yurardi. Maktab tomondan bolalar qiy-chuvi eshitiladi.

Men choponimga burkanib toʻyxonaga kirib bordim. Hovli oʻrtasidagi qalin koʻrpachalar toʻshalgan chorpoyada, osh-ovqatlar moʻl-koʻl dasturxon atrofida, bir toʻp oqsoqollar oʻrtasida Quvondiq qaysar hamishagidek gulduros ovozda gurung berib, hammani ogʻziga qaratib oʻtirardi.

– Bundan keyin raykom, obkom degan xoʻjayinlar boʻlmaydi, eshon buvajon, bundan keyin hokimlar rahbarlik qiladi.

Men rais ehtirom bilan murojaat qilayotgan oppoq soqolli, qoshlari qalin, rang-roʻyi tiniq, oʻsiq soqollariga quyuq oq oralagan Karamxon eshon bovani tanib negadir koʻnglim yorishib ketdi.

– Assalomu alaykum!

Qiroat bilan salom berdim-da, chorpoya atrofini chaqqongina aylanib avval eshon bova bilan, soʻng boshqalar bilan qoʻl uzatib koʻrishib chiqdim. Quvondiq qaysar bahaybat kaftlari orasiga qoʻllarimni olarkan, qizgʻin silkitib qoʻyganday boʻldi.

– Kecha qishlogʻimizda koʻp gʻala-gʻovur boʻpti, siz ham eshitdingizma, eshon buva, – deb iljaydi rais, – ayniqsa, Toʻxtasin domillaning kurashi xoʻb boshqacha boʻpti-da.

– Ha, eshitdim.

– Bizning bolalar bir bemaza ish qilishibdi-da.

– E, bemaza joyi yoʻq, – dedi jilmayib eshon bova, – yoshlik shunisi bilan qiziq-da, shunday ajoyibotlar esda qoladi-da.

Oqsoqollardan biri gurungga aralashdi.

– Chin aytasiz, taqsir, kechagi kurash juda qiziqarli boʻldi. Hatto bizning ham maydonga tushgimiz kelib ketdi.

Men chorpoya qarshisidagi, ustiga koʻrpacha tashlangan uzun oʻrindiqning bir chetida tavoze bilan oʻtirardim.

– Eshon bova, bu jigitni tanidingizmi, – deb qoldi Quvondiq qaysar menga ishora qilib, – rahmatli Eshqobil oshnamning uli, Norsoat polvon.

– Yoshlarni bir koʻrganda tanib olishim qiyin-da, lekin rahmatli Eshqobilboy juda yaxshi odam edi.

– Shu jigit bilan bizning oʻgʻil kechagi hangomalarning boshida turgan.

– Ha, shundaymi, – deb kulimsiradi Karamxon hazrat.

Shu payt darvozadan hurpaygan koʻyi Davron kirib keldi. Ikki yonga singan qanotday osilib turgan kalta charm kamzuli, chala-yarim oʻtkazilgan qalin koʻylak tugmalari uning istar-istamas, nari-beri kiyinganidan darak berardi. Nazarimda, Quvondiq qaysar toʻy bahona uzoq-uzoqlardan kelgan Karamxon eshonning oldida bizni yarashtirib qoʻyish uchun atay chaqirtirgan edi.

– Bizning oʻgʻil shu jigit, – deb qoʻydi rais.

Davron ham xuddi men kabi chorpoyadagilar bilan koʻrishib chiqdi-da, oʻrindiqning narigi chekkasiga omonatgina ket qoʻydi.

– Norsoatga yaqinroq oʻtir, – dedi Quvondiq qaysar qoʻrs bir tovushda, – doʻstlar ham shunday arazlashadimi?

Davron yana irgʻib oʻrnidan turdi.

– Bu mening doʻstim emas. Nomard, gʻirrom odam bilan hech qachon doʻst tutinmayman.

– Polvonchilikda shunday-shunday boʻp turadi-da, – deb bosh irgʻadi oqsoqollardan biri, – endi yarashinglar, uyat boʻladi.

– Mayli, men yarashaman. Lekin avval manovi nomardlik qilganini ochiq tan olsin.

– Ey, gurri, – Quvondiq qaysar oʻgʻliga qahr bilan qaradi, – eshon buvaning oldida tomosha koʻrsatma, joyingga oʻtir, yiqilishga yiqilibsan, endi nima… arpa uni bahona boʻp qoldimi?

Davron bir sapchib tushdi. Soʻng:

– Menga ishonmayapsizlar-a, – dedi orqaga asta-sekin tisarilar ekan, – manovining qilmishini maʼqullab turibsizlar-a, unda… men oxirgi soʻzimni aytaman, bu qishloqda yo nomard Norsoat yashaydi, yo men… Xayr.

Davron ilkis burildiyu koʻcha tomon yugurgilab ketdi. Keta-keta darvoza yonida odatdagiday qoʻlini boshi uzra toʻlgʻadi.

– Quyosh hali botmagan!

Uning tovushi bu gal ancha past, lekin tahdidli, tazyiqli tarzda chorpoyagacha yetib keldi.

– Bizning oʻgʻil shunday tentak-da, – deb qoʻydi xijolatomuz Quvondiq qaysar.

– Unday gapni qoʻying, rais, buning hammasi yaxshilikka, – dedi Karamxon eshon bova bosh irgʻab, – hali hammalaringiz koʻp xursand boʻp qolasizlar. Qani, hozir shu ikki polvon bolalarning haqiga bi-ir duo qilaylik, omi-i-in… – u kishi qoʻllarini fotihaga ochib, koʻzlarini yarim yumib, arabiy lahjada uzoq pichirladi, soʻng ovozini balandlatib qoʻshimcha qildi, – iloyo, yigitlarimizning manglayida iqboli porlab tursin, el-yurtning orini koʻtarib, qoʻshgani bilan qoʻsha qarib, oʻzlaridan koʻpayib yurishsin, omin!

– Omi-i-n! – deya fotihaga qoʻshildi chorpoyada oʻtirganlar, jonsarak yurgan xizmatchilar, kattayu kichik barchasi.

Oʻsha choshgoh uzundan-uzun qilingan duo Davronga yetib borgan-bormagani menga qorongʻu, ammo kechga yaqin maʼlum boʻldiki, orkash polvon toʻyxonadan chiqa solib, toʻppa-toʻgʻri uyiga kelib, kiyim-kechak, lash-lushlarini bir jomadonga joylab allaqayoqqadir joʻnab ketibdi!

Men ham qishloqda qolmadim. Kutilmagan mashmashalar bosilguncha qoʻni-qoʻshni koʻziga koʻrinmay tursin dedimi, harqalay, onajonim, meni qoʻyarda-qoʻymay, oʻsha ishbilarmon pochchamlarnikiga joʻnatib yubordi. Opanglar bir ogʻil qurishgan ekan, hali tomini yopishga ulgurmabdi, yogʻin boshlanib ketmasidan shuginani butlab olay deb pochchang bechora bir oʻzi tirishib yotgan emish, borib, uch-toʻrt kun qabatida turgin, dedi.

Onajonimning qiyin-qistovi, ochigʻi, menga ham maʼqul tushdi. Chunki oʻzimning ham bir yoqlarga bosh olib ketgim kelib yurgandi. Eshon bova oq fotiha berganining ertasi kuni, hali Tanzila bilan gaplashib ololmaganimdan koʻnglim gʻash boʻlsa-da, safar toʻrvasini orqaladim.

Oʻsha yili qish botinib-botinmay boʻsagʻada uzoq turib qoldi. Dekabr oyi sob boʻlib borayotganiga qaramay, Toʻxtasin domlaning toʻyidan roppa-rosa bir haftacha avval andakkina namlab oʻtgan yomgʻirdan boshqa osmondan biror tomchi tushmadi. Goho koʻk yuziga bir-birini turtib, surib-sudraklab bahaybat, qop-qora bulutlar chiqar, qanchadir payt oʻzlarini tantanavor namoyish etishgach, ortlarida sovuq, muzdek havo qoldirib olis-olislardagi togʻlar taraf bosh olib ketishar edi.

Qassobga yogʻ, echkiga jon qaygʻusi deganlari chin ekan. Hamma yogʻin boʻlmayotganidan nolib, koʻkka umidvor termulib yurgan bir paytda, pochcham chala ishlarini chamalab, yana bir haftacha kun ochiq boʻlsin-da, deb oʻzicha iltijo qilardi. Ikkovimiz qattiq kirishib toʻrt kun ichida tomni yopdik, xashak gʻarami ustini suv oʻtmas mato bilan qopladik.

“Sizlarning joylaringizdan bu yer yaxshi, suv moʻl, chorvaga ham, dehqonchilikka ham qulay, – deb qoldi pochcham qaytar kunim, – oldimizga koʻchib kelsalaringiz maʼqul ish boʻlardi-da, avval ham enangizga aytgandim, ulim armiyadan kelsin-chi, maslahatlashamiz degandi”.

Mening tomogʻimdan non oʻtmay qoldi.

“Koʻchamiz?! Qayoqqa. Tanzilani tashlab-a?” – degan oʻy meni darhol oyoqqa turgʻazdi. Hoziroq joʻnab ketmasam, goʻyo ular meni umrbod ushlab qoladigandek, Tanzilani boshqa hech qachon koʻrolmaydigandek tuyuldi. Mening hovliqib, shoshib qolganimdan opam ham, eri ham hayron, taklifim yoqib tushdi, degan xayolda pochcham mamnun iljayadi.

Hatto meni oʻzining “Moskvich” mashinasida shahargacha olib kelib qoʻydi.

– Toʻyga aytish esdan chiqmasin, – dedi u kulib.

– Hali erta, – dedim ichimni it tirnab.

– Qoʻrqmang, oz qoldi, – dedi u shoʻx-shaʼn koʻz qisib.

Ha, pochcham ham uncha-muncha avliyodan qolishmas ekan!

Qishloqqa keldimu uyimizda boshlanib ketgan toʻy taraddudini koʻrib bunga amin boʻldim. Onajonim quvonchdan oʻzini qoʻyarga joy topolmaydi, yangamning ham yuz-koʻzi toʻla tabassum, akam bir gapirib oʻn kuladi. Xonadonimiz nurga, fayzga toʻlib-toshib ketgan edi. Tafsilotlarni keyin eshitib bildim.

Men pochchamnikiga ketgach, ertasi kuni uyimizga Quvondiq aka odatdagidek gulduros solib kirib kelibdi. Soʻng akamni yetaklab toʻppa-toʻgʻri usta Abilnikiga boshlab boribdi. Mulla Mirzani ham allaqachon chaqirtirib qoʻygan ekan. Raisimiz birdan masalani koʻndalang qoʻyibdi. Abilboy, bir farzandingizni ikkita qilgani keldik, bizning Norsoatboy sizning xonadoningizga munosib kuyov emas, oʻgʻil boʻladi, qizingiz Tanzilaoyga sovchilikka keldik, debdi. Mulla Mirza taomilga koʻra, bir-ikki kun muhlat bering, oʻylashib, maslahatlashib koʻraylik, deb tixirlik qilgan chogʻ, Quvondiq qaysar xoxolab kulganicha, qariyaning ixchamgina jussasini bahaybat quchoqlariga olib, xushomad soʻzlardan aytib uni ham op-oson koʻndiribdi. Hatto raisimiz oshxonada karaxt turgan Tanzilaning yoniga borib, allanelardir deb, qizni bir qizartirib, bir kuldirgan emish.

– Shu kunning oʻzidayoq, kechki payt, bir qoʻyni soʻyib, oqsoqollarni chaqirib, ustanikida non sindirdik, toʻy maslahatini ham pishitib oldik, – deya hikoyasini yakunladi akam.

Men hayronu lol edim. Quvonchu hayajondan oʻzimni qoʻyarga joy topolmay, goh uyga kiraman, goh koʻchaga chiqaman. Bir payt… bir payt hovliqqan koʻyi kiyinishga tushdim va… taxtaday qotib qoldim! Axir, men… men xushxabarni yetkazish uchun Davronning yoniga shoshilayotgan edim! Yo, Xudo, bu qanday siru sinoat, oʻz shodligimdan oʻzim mast boʻlib, doʻstimdan, aziz, yagona doʻstimdan ajralib qolganimni unutdimmi?

Men boʻshashgan koʻyi koʻrpacha ustiga yalpayib qoldim.

Davron shu ketganicha qishloqqa qaytmadi. Mish-mishlarga qaraganda, men toʻy taraddudi ustidan chiqib qolgan oʻsha kunlar u viloyat markazida, akasining uyida biqinib yurgan ekan.

Unashtiruv haqidagi xushxabar ham meni tinchlantira olmadi. Men Tanziladan xavotirda edim. “Nahotki, u op-oson rozi boʻlgan? Yo ota-ona qistovidan, raisning aralashuvidan noiloj koʻndimikan? Yoʻq, u bilan gaplashib koʻrishim kerak. Qilmishlarimni ochiq-oydin aytib, Tanziladan uzr soʻrashim shart. Butun bir qishloqni nayrangimga joʻngina ishontirgandirman, lekin Tanzilani hech qachon aldamayman, alday olmayman! Men chimildiqqa yorugʻ yuz, toza yurak bilan kirishim kerak”.

Shunday oʻylar silsilasida Tanzilaning shanba-yakshanba qishloqqa kelishini ham kutmay shaharga otlandim. Ammo avtobusda tiqilib, tanish-bilishlarning koʻziga koʻrinib, ular bilan gaplashib yurishga tobu toqatim yoʻq edi. Koʻnglim yolgʻizlikni, beadoq xayollar ogʻushida lazzatlanishni, oʻrtanishni tusardi. Shu sababli katta trassagacha yayov chiqishga, u yerdan biror bir koʻlikka ilashib ketishga qaror qildim.

Oftob obdon artilgan askar tugmasiday yaltirab turgan iliqqina kun edi. Qarshimdan esgan yengil shamol qovjiroq oʻt-oʻlanlar isini dimoqqa keltirib urardi.

Men shagʻal toʻshamali yoʻl cheti boʻylab ketarkanman nenidir, kimnidir unutib qoldirganday ortimga, atrofimga beixtiyor alanglab olardim. Sogʻinchmi, intiqlikmi, yuragimdan zardobday sizib turardi.

Ana, izlaganim, ana! “Kengsoy burgutlari”ning muqaddas makoni hisoblanmish tutzor yonidan oʻtayotgan chogʻim men uni koʻrdim! Yovqur, magʻrur qiyofasi koʻz oldimda jonlanib, oʻktam ovozi, zavqli kulgulari quloqlarim ostida jaranglab entikib qoldim. Ammo u menga qaramadi. Jazava bilan silkinib yoʻl boʻylab keta boshladi. Men emrana-emrana ergashdim.

“Davron, kechir meni, doʻstim! Ketma, qishloqqa qayt, joʻra! Seni juda sogʻindim. Xuddi yarmim yoʻqday yuribman. Axir tomirimiz tutash deganding-ku, meni qanday tashlab ketasan. Senga aytar gaplarim koʻp, doʻstim. Qaytsang, mayli, sen istaganday kechirim soʻrayman.”

Ammo Davron qayrilib ham qaramadi. Yerdan koʻz uzmay, qoʻllarini asabiy toʻlgʻab-toʻlgʻab ketib borardi.

“Ey, shoshmagin, biroz toʻxtab gapimni eshit. Aslida hammasini oʻzing boshlading-ku, Tanzilani sevmaysan-ku, nega unga toʻsatdan chippa yopishib olding, hayronman. Davron, kechir meni, oʻsha kuni boshqa ilojim qolmadi. Axir, sevgan qizimni op-oson birovlarga topshirib qoʻymayman-ku. Doʻstim, hozir menga juda-juda keraksan, sensiz xuddi paypaslanib yurgan koʻrga oʻxshab qoldim. Davron, mayli, meni tepkilab tashla, suyaklarimni sindir, lekin yonimga qayt, doʻstim, yonimga qayt…”

Biroq u baribir qaytmadi. Qaylargadir singib yoʻqoldi. Men mashinalar signalidan choʻchib atrofimga alangladim. Shahar! Ajab, ming bir xayol, ming bir iztirobu tavba-tazarrular girdobida charx urib, qachon, qanday viloyat markaziga yetib kelganimni ham bilmay qolibman.

Shahar tund va parishon edi. Koʻcha-koʻy, bekatlar odamlar bilan gavjum. Mashinalar u yon-bu yon chinqirib yeladi. Qurum ichidan, chirkin chiqindilar badboʻyidan koʻngil ayniydi.

Tanzilalar oʻqiydigan texnikum shundoqqina katta yoʻl boʻyida ekan. Aftidan dars payti boʻlsa kerak. Temir panjara bilan oʻralgan hovlida bir-ikki jonsarak yurgan yosh-yalangdan boshqa hech kim koʻrinmaydi.

Men atrofimga alanglagan koʻyi qoʻsh qavat, uzun binoning qoʻsh tabaqa, rangi uniqib, boʻyoqlari koʻchib qolgan kirish eshigiga yaqin bordim. Shu payt eshik sharaqlab ochildiyu uch nafar qiz bir-birini turtib-surib, baralla kulishib tashqariga otilib chiqdi. Oldda kelayotgan, sargʻish koʻylak ustidan guldor jemper kiygan, qoʻlida bir juft daftar tutgan qiz nogoh oyogʻimni bosib oldi.

– Voy, kechirasiz.

Qiz shunday deya yuzimga qaradiyu taxtaday qotdi.

Men esa allaqachon unga angrayib qolgan edim.

– Tanzila?!

Menga bir lahza, bir lahzagina yuzlangan chehra behad suluv, behad jozibali edi! Manglayni qoplab turgan jingil-jingil soch tolalari, tip-tiniq yuz, qop-qora, qilichdek qoshlar, uzun-uzun kipriklar ostidagi hurkak koʻzlar, hamma-hammasi, meni butkul sehrlab qoʻydi. Bunday goʻzallikka erishish uchun necha-necha davronlarning qoʻli tugul, boʻynini ham qayirib yuborishga tayyorligimni ich-ichimdan his qildim, hatto, oʻzimni aybdor sanab yoʻl-yoʻlakay tavba-tazarru qilganimdan uyalib ketdim.

– Tanzila, men… sening oldingga…

– Nega keldingiz? – dedi qiz chimrilib. Soʻng ilkis burildiyu qoʻlidagi daftarini yuziga tutib binoning orqa tarafiga yugurgilab ketdi. Men unga ergashdim. Ikki dugona ajablanib, qiziqsinib bizni andak kuzatib turgach, oʻzaro maʼnoli koʻz urishtirib, kulishib koʻcha tomon ketdi.

Tanzila hovli toʻridagi, oʻsiq butalar panasidagi suyanchigʻi siniq yogʻoch oʻrindiqqa borib oʻtirdi. U daftarini yuziga bosgan koʻyi silkinib-silkinib yigʻlardi.

– Tanzila, senga aytar gaplarim bor, – dedim qiz qarshisida sarosimalanib turarkanman.

U ilkis bosh koʻtardi. Qop-qora koʻzlari jiqqa-jiqqa yosh edi.

– Hamma gaplaringizni Quvondiq aka yetkazdi. Yana nima demoqchisiz?

– Men seni sevaman… jonimdan ham ortiq koʻraman, – dedim botinmaygina uning yoniga oʻtirarkanman.

Tanzila daftar tutgan qoʻllarini tizzalari ustida qovushtirgan koʻyi, qarshisidagi qip-yalangʻoch atirgul butasiga termulib, lablari qimtinib unsiz yigʻlarkan, sizib chiqqan gʻunchasimon koʻz yoshlari bir lahzagina yonoqlarida turib qolardi.

Men qovushgan qoʻllar ustiga ohista qoʻlimni qoʻydim. Oʻz dard-alamlari bilan andarmon boʻlib qoldimi yo holi zabunimga achindimi, ishqilib, Tanzila meni siltab tashlamadi.

– Iltimos, ishon, – dedim vaziyatdan botirlanib, – seni juda qattiq sevaman. Seni hammadan, hatto, oʻzimdan ham qizgʻanaman.

Tanzila hiqillab, shoʻrqillab chuqur tin oldi.

– Bor-yoʻgʻi bir juft soʻz ekan-ku, men… men shuni besh yil kutdim. Besh yil-a… har uchrashganda yuragim qinidan chiqquday boʻladi, hozir aytadi, hozir aytadi, deb oʻylayman, oʻzimcha bir kulib qochib ketishga chogʻlanaman.

– Besh yil deysan-a, ehe-e, tutzorda ikkimiz quvlashgandan beri men faqat seni oʻylayman, kechayu kunduz oʻylayman.

– Siz esa… – deb davom etdi Tanzila goʻyo gaplarimni eshitmay, – meni koʻrsangiz otamning hol-ahvolini soʻraysiz, bobomni eslab qolasiz, bir darslarni muhokama qilasiz, bir etigim bilan qiziqasiz, bor-yoʻgʻi bir juft soʻzdan esa darak yoʻq.

– Tanzila… men sevgimni aytishga juda koʻp urindim, lekin doim seni xafa qilib qoʻyishdan qoʻrqdim, menga boshqa koʻrinmay qolsang, oʻlib qolardim, chin.

Qiz tegib-tegmay turgan barmoqlarim ostidan oʻng qoʻlini tortib oldi-da, kafti bilan yuz-koʻzlarini artdi va… bilibmi-bilmaymi, qoʻlini yana qoʻlim ustiga qoʻydi! Aʼzoi badanimga yoqimli bir titroq indi.

– Qaynilar koʻpincha yangalar bilan sirdosh boʻlarmish, – deb pichirladi u, – biror narsa aytgansizmi deb Salima chechamning ogʻziga qarayman, qayoqda, zaril gapni ololmay, uyga muzlab qaytaman, balki, doʻsti bilan dardlashgandir deb Davron akamga yukinib boraman, armiyada boʻlgan paytlaringiz, unga ham juda koʻp xat yozdim, javoblar ichidan, senga bir sirni ochaman, doʻstimning dardi qattiq, degan soʻzlarni intiq izlayman, lekin umidlarim chil-parchin boʻldi.

Davronning nomi tilga koʻchdiyu, yuragimning bir chekkasida biqinib yotgan shilimshiq gʻashlik yana buruqsib koʻtarildi, hozirgina toʻlqinlanib turgan tuygʻular qaylargadir chekinib ketdi.

“Hammasini ochiq-oydin qilishim kerak, – deb oʻyladim taʼbim tirriq tortib, – aybimni tan olishim, kechirim soʻrashim shart, erta-indin kech boʻladi”.

Tanzila bir nuqtaga tikilgan koʻyi xuddi oʻz-oʻziga gapirganday hanuz oʻpka-gina qilardi.

– Hammasi boshqacha boʻlishini kutgandim, ming xil orzular qilgandim, endi oʻylab koʻrsam, gʻirt sodda, tentak, xayolparast ekanman, nimalarni tasavvur etganimni eslasam, hozir ham uyalib ketaman. Domlaning toʻyi kuni… – qiz ortiq gapirolmay, shartta qoʻlimni siltab tashladiyu daftari bilan yana yuzini bekitdi.

– Tanzila, – dedim yurak yutib, – meni kechir, hammasi uchun kechir, ayniqsa, oʻsha voqealar uchun alohida uzr soʻrayman, aslida hammasini Davron boshladi.

– “Davron boshladi” deysizmi, – Tanzila daftarini tushirib, yana qip-yalangʻoch atirgul butasiga xayolchan tikilib qoldi.

– Ha, hamma qilgʻilikni u boshladi.

– Aytdim-ku, gʻirt tentak, xayolparastman deb. Davron biror nojoʻya gap aytgan boʻlsa, meni himoya qilib chiqqansiz, deb oʻz boshimga quvoniblar yuribman-a… Hatto, oʻqishdagi dugonalarimga ham maqtanib qoʻyibman.

Bilmadim, qanday epladim, bu gal gapimni darrov oʻnglab oldim.

– Toʻgʻri, toʻgʻri oʻylapsan, chindan ham Davron bir-ikki nomaʼqul gapirgandi, ikkovimiz janjallashib qoldik. Keyin… kurashadigan boʻldik.

Qiz indamay, oʻqtalgan nayzaday shox-shabbalarga xayolchan termulib turaverdi. Nazarimda u, xiyonatkorona qilmishimga iqror boʻlishimni ilhaq kutardi.

– Tanzila, – dedim yana yurak yutib, – men… men seni aldayolmayman, toʻgʻrisi, pok muhabbatga yolgʻon aralashishini istamayman.

Qiz hurkak koʻzlarini jovdiratib, uzun-uzun kipriklarini pirpiratib yuzimga xavotir bilan qaradi.

– Tinchlikmi?

– Men… oʻsha kuni gʻirrom kurashdim, nomardlik qildim…

Tanzila yana daftarini yuziga tutdi. Yelkalari, soch turmaklari silkina boshladi. Men uning uvvos tortib yigʻlab yuborishini kutgandim. Ammo…

– Nima, men gʻirromchilikka arzimaymanmi? – deb sharaqlab kulib yubordi u, – halol kurashganingizda ikki qoʻlni burunga tiqib qolib ketardingiz-da.

– Men… nomardman…

Shu payt… shu payt Tanzila nogoh yelkamga boshini qoʻydi. Goʻyo shundoqqina koʻz oldimda rangin-rangin kapalaklar qanot yoyib yuborganday boʻldi. Men ularni choʻchitib yuborishdan, qaltis qimirlab birortasini bexosdan ezib qoʻyishdan qoʻrqib, nafasimni ichga yutgancha taxtaday qotdim.

– Qoʻrqmang, – deb pichirladi qiz, – men na Oybarchinman, na malika Diloromman… oʻsha Davroningiz ming marta mardlik pesh qilsayam baribir unga tegmasdim.

Tanzilaning soʻzlari deyarli qulogʻimga kirmadi. Uning koʻksim tomon egilgan boshi tanish, juda tanish manzarani esimga solar, oʻsha bolalik, oʻsha tutzor, bolalar qiy-chuvidan choʻchib men tomon talpingan qizaloq koʻz oldimda jonlanar, xuddi oʻsha lahzadagi kabi oʻzimni mard, jasur his etib, tanish, juda tanish tuygʻulardan boshim mastona aylanar edi.

– Tanzila… jonim… jahonim…

– Men siz uchun yaralganman, – deb pichirladi qiz, – bunga oʻsha tutzor boʻyidayoq ishonganman.

– Biz bir-birimiz uchun yaralganmiz.

Men qizni ohista quchogʻimga tortdim.

Biz Absal polvonni unutgan edik.

Qish oʻtib, bahor endi boʻy koʻrsatgan kunlarning birida, Tanzila amaliy mashgʻulotga chiqib, qishlogʻimiz maktabiga qatnab yurgan paytlari ikkimizning nikoh toʻyimiz boʻlib oʻtdi. Toʻyga yana Quvondiq qaysarning oʻzi bosh-qosh boʻldi. Shahardan mashhur hofizlarni chorlatdi. Davron oʻsha-oʻsha ketgan koʻyi qishloqqa qaytib qadam bosmadi. Poytaxtga borib, u yerda qandaydir tayyorlov kursida tahsil olayotgani haqidagi gap-soʻzlar qulogʻimga chalindi. Quvondiq akaning xotirjam qiyofada, hamishagidek guldirab yurishi ham oʻgʻli masalasida hech bir muammo yoʻqligidan darak berardi.

Men doʻstimdan ayrilib qolgan edim! Muhabbat mojarolari tinib-tinchib, ertak erkalaridek murod-maqsadimga yetgan boʻlsam-da, koʻnglim gʻash, ruhim bezovta edi. Nogoh noyob narsani sindirib qoʻyib, kattalarning muqarrar jazosini kutayotgan bolakayday jovdirardim. Yoʻq, yoʻq, gavjum joyda ishtoni yirtigʻini yashirishga behuda urinayotgan nodon dovdirga oʻxshardim. Faqatgina Tanzilaning sevgi-muhabbatga limmo-lim qarashlari, baxt ufurib turgan iforlari, sirli shivir-shivirlari vaqtinchalik ogʻriq qoldiruvchi malham kabi meni ovutar, yorugʻlik vaʼda qilar, yuragimga taskin berar edi.

Ayniqsa, tantanali toʻyimiz kuni Davronning oʻrni juda-juda bilindi. Garchand biqinimda Gʻiyos kuyovjoʻra sifatida gʻoʻddayib turgan boʻlsa-da, oʻzimni tubsiz jar labida his qilib, yonimga qarashga ham botinmay beixtiyor kelinning pinjiga tiqilar edim. Mening talpinishlarimni oʻzicha tushungan Tanzila uyalib, sarosimalanib tirsagimga turtib qoʻyardi. Toʻy dasturxonidan bosh koʻtarmay yeb-ichayotgan mehmonlar, nazarimda, istehzo, piching bilan pichirlashayotganday, qoʻllarini bigizday nuqib, doʻstiga xiyonatkor, nomard nusxa sifatida meni malomat qilayotganday tuyulardi. Hatto teng-toʻshlarim oʻtirgan tarafdan Davron nomi bir-ikki tilga olingandek, kimlardir men tomonga tirjaygancha tikilib qoʻygandek boʻldi.

Asal oyining totli-totli kunlari ham menga tatimadi. Asal oyi ham yuragimdagi zahru zardobni bosolmadi. Men, nihoyat, qatʼiy qarorga keldim. Toshkentga borib, Davronni topib, u istagan shart boʻyicha kechirim soʻrashga ahd qildim. Bagʻrim qonidan qizargan shomlarning birida, doʻstimning manzilini bilish ilinjida Quvondiq akaning darvozasiga koʻndalang boʻldim. Tuyqus ichkaridan qattiq-quruq tovushlar eshitildi.

“Bolaginamni yuz-xotir qilmadingiz, avvalu oxir oʻzingiz bosh-qosh boʻlib anovi yetimchaning qoʻyniga solib qoʻydingiz”.

“Atay shunday qildim deyapman-ku senga, xotin, kelib-kelib bir tashlandiq, asrandi qizni oʻgʻlimizga ravo koʻramanmi? Na otasining tayini bor, na onasining. Mening ham chapga-oʻngga besar-besar yurgan paytlarim koʻp edi. Aytib boʻladimi, bu qizning bino boʻlishiga hissa qoʻshgan boʻp chiqmayin tagʻin. Shuytib bu masalani tezroq bir yoqli qilayin, Davronning koʻngli boʻlsa, koʻnglini sovutayin dedim”.

“Bemaza gaplarni qoʻying. Boyagi aytganim qachon boʻladi. Davronjonimni sogʻinib ketdim, bolam bechora shuning dastidan uyga kelolmayapti”.

Men oyoqlari ostida nogoh ilon koʻrib qolgan yoʻlovchiday bir zum karaxt boʻlib qotdimu, soʻng asta-asta tisarilib katta koʻchaga chiqib oldim.

Qishloq shomning kirchil, xira pardasiga burkangan edi. Koʻm-koʻk osmon magʻzava toʻla togʻoradek boshim uzra chayqalib turardi. Qay bir hovlidan goʻng, chirkin xas-xashak hidi anqiydi.

Men yagʻriniga achchiq-achchiq qamchi tushgan qirchangʻiday uyimiz tomon chopib ketdim. Baland-past imoratlar, dov-daraxtlar koʻz oʻngimda charx urib aylanardi. Bir paytlar mol dorigan ekinzori yoqqa pochchamning shunday talvasa bilan yugurganini koʻrganman. Bir mahallar togʻ etagidagi qishlogʻimizda sel yoʻlida qolib ketgan qoʻy-qoʻzilarini haydash uchun shu taxlit quyunday qoʻzgʻalgan qoʻshnimizni eslayman. Mening esa qarovsiz qolgan na poliz-paykalim, na mol-holim bor edi. Men Tanzilamning, mohitabonimning, jonu jahonimning oldiga yeldek yelib borardim! Oʻy-xayolimda u hozirgina ichkarida shaʼniga aytilgan noloyiq, nomaʼqul soʻzlarni eshitib qolgandek, bir qorongʻu burchakka qisilib, zor-zor yigʻlab oʻtirgandek tuyular, uni tezroq bagʻrimga bosib yupatgim, sassiq gʻiybatlardan, balo-qazolardan togʻday turib qoʻriqlagim kelar edi.

– Tanzila, Tanzila! – deb qichqirdim hansirab, hovliqib hovlimizga kirib borarkanman.

Oʻchoqboshida kuymalanib yurgan ikki oylik goʻzal kelinchak xavotir bilan qarshimga otilib chiqdi.

– Labbay.

– Ichkariga kirgin, gap bor.

Tanzila taajjublangan koʻyi peshbandiga qoʻllarini arta-arta izimdan ergashdi. Ikkovimizga ajratilgan xonadan ohorli liboslarning, atir-upalarning xush ifori ufurib turardi.

– Nima deysiz? Tezroq boʻla qoling, ishlarim koʻp, – dedi yap-yangi xotinim tantigʻlanib.

Men gap-soʻzsiz uni quchogʻimga tortdimu yuz-koʻzlaridan yutoqib oʻpa ketdim.

– Voy, nima qilyapsiz? – dedi Tanzila taajjub va noz aralash bir tovushda, – mastmisiz, nima balo?

– Ha, mastman, ishqingdan, sevgingdan mastman. Tanzila, jonu jahonim, seni koʻzim qorachigʻiday asrayman, qaygʻudan bir tomchi ham yosh toʻkishingga yoʻl qoʻymayman. Sening shaʼning mening shaʼnim…

Quchogʻimdan amal-taqal boʻshagan xotinim sochlarimni siladi.

– Nega bu gaplarni gapiryapsiz, bilmadimu… lekin men sizga juda qattiq ishonaman!

– Oʻsha tutzordagi kelishuvimiz esingdami?

– Esimda, – deb sirli shivirladi Tanzila, – Seni hamisha himoya qilaman, qochsang birga qochamiz degandingiz. Xuddi kechagidek esimda…

– Unda… qochamiz!

– Qochamiz?! Qayoqqa?

– Bu yerlardan bosh olib ketamiz.

– Voy, enamlar-chi, chechamlar…

– Ularni ham olib ketamiz.

– Siz dunyoning narigi chekkasiga boshlasangiz ham men tayyorman. Axir, ikkimiz bir jonu bir tanmiz-ku, shundaymi?

Men javob oʻrnida xotinimni boʻsalarga koʻmib tashladim.

– Ena, opamlarning oldiga endi koʻchib boraversak ham boʻlar, – deb gap boshladim oʻsha kuni kechki ovqat payti, – mana, toʻy ham oʻtdi.

Onajonimning koʻzlarida quvonch paydo boʻldi.

– Chin aytasan, bolam. Quvondiq akaning oldidayam koʻp besaranjom boʻp qolyapman.

Akam va yangam ham oʻzaro koʻz urishtirib, bosh irgʻab qoʻyishdi.

Oradan bir oycha oʻtib biz Kengsoyni tark etdik. Bir paytlar Quvondiq qaysar xushxandon qarshi olgani kabi pochcham ham oilamizni quchoq ochib kutib oldi. Shaharga koʻchib ketgan bir shoirtabiat kishining keng-moʻl hovlisi biz uchun hozirlab qoʻyilgan ekan. Bu yerdagi shart-sharoitlarni koʻrib hammamiz xursand boʻldik. Pochchamning mehnatkashligi, tadbirkorligi, opamning ham undan sira qolishmasligi jonimizga aro kirdi. Akam yana garajga ishga joylashdi. Yangam ikkisi olamshumul rejalarni tuzgan boʻlishsa kerak, turmushning yana eski hammom-eski tos, tarzida davom etishidan andak ranjishdi.

“Normurodboy, koʻp tajanglashmang, – dedi pochcham sirli iljayib, – siz hozircha shu yerga ilashib turing, hali zoʻr gap bor”.

Men opamning yoniga, qishloqdagi hayhotday, ammo ichida sotishga arzigulik moli yoʻq magazinga ishga kirdim. Tanzila shundoqqina uyimiz qarshisidagi maktabga boshlangʻich sinf muallimasi sifatida oʻrnashdi.

Biz Kengsoydan koʻchish tashvishlari bilan chopa-chop qilib yurgan kezlarimiz Uldon checha va usta Abilning qovoq-tumshugʻi osilib ketgan edi. Ilgari ham maʼlumu mashhur rais bilan quda boʻlishdek baxtdan ayirgan Qorabotir sifatida meni unchalik xushlashmas, shu barobarida, arzanda qizning koʻngil mayliga qarshi borisholmas, qisqacha aytganda, yonib-yonmay, oʻchib-oʻchmay, hoʻl oʻtindek tutab yurishardi. Koʻchib ketishimizga ham tishni-tishga bosib arang rozi boʻldilar.

Tanzila! Mening Tanzilam, mening mohitobonim esa oʻzga bir dunyo edi! Mulla Mirza aytganday, chindan ham eni boshqaga oʻxshardi uning! Quvondiq qaysarning darvozasi yonidan gangib, oʻrtanib, jufti halolimni yupatish, himoya qilish niyatida hovliqib uyga kelganimda, qandaydir noxushlik yuz berganini u ham gap-soʻzsiz, hech bir izohsiz angladi. Oʻshanda men Tanzilani emas, sochlarimni silagan koʻyi Tanzila meni ovutdi, rejalarimga dalda boʻldi, koʻchish mashaqqatlariga ham matonat bilan bardosh berdi, bir ogʻiz ham nolimadi, norizo chimirilmadi. Kirishimliligi, xushmuomalaligi uchunmi, yangi makon tutgan joyimizda ham qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy bilan tezgina til topishib, apoq-chapoq boʻlib ketdi. Hatto, ish masalasini ham boshqalarning aralashuvisiz, oʻzi op-oson hal qildi-qoʻydi. Nazarimda, u menga emas, tobora men Tanzilaga suyanib, cheksiz mehr-muhabbati ostidan panoh topib borardim.

Biz yangi manzil-makonimizga shu taxlit asta-sekin koʻnika boshladik. Kunlar ketidan kunlar, oylar ortidan oylar shitob bilan oʻtardi.

Men baribir bu yerda ham halovat topmadim. Oʻzimni jang maydonini tashlab, sharmandalarcha qochib qolgan askardek his qilar, Kengsoyda oʻta muhim, oʻta zaril allanelarnidir unutib qoldirganga oʻxshar edim. Nazarimda, u yoqda hamma nomard, gʻirrom polvon sifatida meni masxaralab, ustimdan qotib-qotib kulib yotganday tuyular, ogʻir, ezgin xayollar iskanjasida oʻzimni qoʻyarga joy izlab qolardim.

Shu orada Davronning universitet talabasi boʻlganligi, kurash bilan hamishagidek hormay-tolmay shugʻullanib yurganligi haqidagi gap-soʻzlar qulogʻimga chalindi. Yana bir qancha muddatdan soʻng, jiddiy bir musobaqaning gʻolibi sifatida uning nomi ham radioeshittirishda tilga olib oʻtildi.

Bu paytlar men kurashlardan xiyla sovib qolgan edim. Davralarga, maydonlarga yaqin borishga qandaydir qoʻrquvmi, uyatmi monelik qilardi. Tomoshatalablarning tiyiqsiz qiyqiriqlarini eshitishga tobu toqatim yoʻq edi. Oʻzimni tirikchilik tashvishlari bilan ovutishga zoʻr berib urinar, koʻcha-koʻyda, dala-dashtda dalli-devonalarcha kezinib, holi zabunimni oʻnglashga oʻzimcha chora-tadbirlar izlardim. Izlay-izlay dilgir kunlarning birida kallam toʻqillab sharob shishasiga urildi. Hash-pash deguncha ichkilikbozga aylandim. Shirakayf chogʻlarim bepoyon paykal chekkalarida yolgʻiz kezish jonu dilim edi. Zovur yoqasidagi tuproq uyumi ustida magʻrur oʻtirgan Davronni koʻrardim.

“Quyosh hali botmagan!” – deb qichqirardim havoga musht oʻqtalib.

Ammo doʻstim javob bermas edi.

“Javob bermaysan-a, javob berishni istamaysan-a, – derdim xoʻrligim toshib, – mening quyoshim allaqachon botganini bilasan-da, shundaymi?”

Davrondan hech bir sado chiqmaydi. Men hiqillab yigʻlayman. Aytib-aytib boʻzlayman.

“Aytganing chin ekan, doʻstim, polvon pirlari meni qargʻashdi, meni duoibad qilishdi. Yuragimga hech tuzalmas jarohat orttirib oldim. Uning ogʻrigʻini, azobini oʻzginam bilaman, kechalar toʻlgʻonib chiqaman, Davron! Bu dardimning davosi sening qoʻlingda, doʻstim. Kel, oyoqlaringga bosh uray, istagan shartingga koʻnayin, faqat meni tezroq qutqar!”

Tuproq tepa ustidagi sharpadan yana sado boʻlmas edi. Men alam-iztirobdan tutoqa boshlardim.

“Seni zoʻr boʻp ketgan deb eshitdim. Kel, zoʻrligingni koʻrsat, meni chavaqlab tashla, majaqlab anovi zovurga uloqtir! Shunda koʻngling toʻladimi, doʻstim”.

Men behol oʻtirib qolaman. Davron ham asta-sekin koʻz oldimdan yoʻqoladi. Qishloqqa qaytaman. Magazinga yashirib qoʻygan arogʻimdan boʻkib-boʻkib ichaman. Devoru tomlar, koʻcha-koʻy, dov-daraxtlar koʻz oldimda chirpirak aylana boshlaydi. Qaylardadir yiqilib qolaman, yana turib, amal-taqal uyga yetib olaman.

Tanzila mening ichkilikka berilib qolganimni zoʻr berib onamdan yashirishga urinar, tunlari uyga qaytgunimga qadar darvoza yonida dardisar erni kutib oʻtirar, mast-alast sharpam paydo boʻldi deguncha, loshimni sudraklab, imi-jimida yotoqqa kirgizib olar, bosh-adoq yuvib-chayib koʻrpaga oʻrab tashlar edi.

Biz Absal polvonni unutgan edik.

Yangi manzil-makonga koʻchib kelganimizning ikkinchi yili Tanzila koʻhlikkina qizaloq tugʻib berdi. Boshim koʻkka yetdi. Oilamiz quvonchga koʻmildi. Ammo men hanuz sharob shishasi bilan oshno edim. Kunora boʻsagʻada chayqalgan koʻyi paydo boʻlardim.

Qishning uzun tunlaridan biri edi. Kechki payt qishloqdagi bir-ikki bekorchixoʻjalar bilan qarta oʻynab, aroq ichib uyga qaytdim. Tanzilam odatdagidek bir ogʻiz ham eʼtiroz bildirmay, biror marta ham norizo chimirilmay meni oʻrnimga yotqizib qoʻydi. Hamishagidek dong qotib qoldim. Bir payt… tush koʻrdimmi yo qandaydir alomat zohir boʻldimi, bilmadim, tutzor boʻylab chopib borayotgan qizaloq, qah-qah otib kulganicha uni quvlab borayotgan Quvondiq qaysar koʻz oldimdan lip-lip oʻtdi. Iya, Tanzila-ku, uni qutqarishim kerak, uni himoya qilishim shart, dedim oʻzimga oʻzim. Qiziq, koʻzim ochiq, fikrim tiniq edi! Qoʻrqa-pisa boshimni yostiqdan koʻtardim. Tunchiroqning sargʻish yogʻdusida hujramiz gʻira-shira yorishib turardi. Nogoh qulogʻimga shoʻrqillagan yigʻi sasi eshitildi. Avvaliga ishonmadim. Nafasimni ichimga yutib, taxtaday qotdim. Chindan ham xonamning bir burchidan yigʻi sasi kelardi. Ilkis oʻrnimdan turib tovush kelgan tarafga qaradim.

Tanzila! Mening Tanzilam, mening mohitobonim, mening jonu jahonim bir burchakka qisilib, bir paytlar, raisning darvozasi yonidan oʻrtanib qaytgan chogʻimda tasavvur qilganimdek unsiz, kuyinib yigʻlab oʻtirardi.

– Tanzila, jonim, senga nima boʻldi? – deb soʻradim uning yoniga borib, – mazang yoʻqmi?

Xotinim kaftini yuziga bosib hoʻngrab yubordi.

– Ha, mazam yoʻq, kasalman. Ichim kuyib ketgan. Xoʻsh, nima qilib bera olasiz? Qoʻlingizdan nima keladi oʻzi?

– Sen uchun oʻlishga ham tayyorman.

– Oʻlmaysiz, birov uchun oʻlolmaysiz, – dedi Tanzila koʻz yoshlarga qorishib yuzimga tik qarar ekan, – boshqalarni tiriklay koʻmishni bilasiz faqat.

Xotinimning ketma-ket otilgan oʻqday soʻzlari aniq nishonga tegdi. Men kalovlanib koʻrpachaga oʻtirib qoldim. Haq eʼtiroz oldida tilim lol edi.

– Sen uchun gʻirromlik qildim deganingizga ishonib yuribman-a, – dedi Tanzila koʻz yoshlarini yengiga artib, – siz faqat oʻzingizni oʻylagansiz, yiqilib, sharmanda boʻlishdan qoʻrqqansiz.

– Xudo haqqi…

– Xudoni aralashtirmang, – deb ojizona boshlagan eʼtirozimni shartta boʻldi u, – siz aytganday boʻlsa, mana, men, murodingizga yetdingiz-ku, yana nima kerak?

– Ochigʻi… baribir koʻnglim gʻash, jonim, dilim vayron. Xuddi bir iflos oʻraga tushib ketganmanu… hech toza boʻlolmayapman.

– Shuning uchun aroqqa choʻmilyapman deng…

– Istehzo qilma, iltimos.

– Aroqxoʻrlik muammoni hal qilmaydi-ku, erkak boʻlsangiz, hammasini erkakcha hal qiling.

Xotinimning talabini oʻzimcha tushunib yuragim shuv etib ketdi.

– Nima?! Qanday qilib?

– Davrondan qayeringiz kam? Siz ham shugʻullaning, mashq qiling, sal kam bekorchisiz-ku, keyin uni biror davrada toping-da koʻtarib yerga uring, ikkinchi men zoʻrman deb boʻkirmaydigan qiling. Masalaning yechimi shu.

Tanzilaning tarsakiday tarsillagan soʻzlaridan nogoh koʻzim charaqlab ochilganday boʻldi.

“Ha, mulla Mirza haq, eni boshqa buning, oqilaginam, shugina oddiy yechimga ham aqlim yetmabdi-ya mening”, – degan oʻy xayolimdan lip etib oʻtdi.

– Jonim, meni kechir, – dedim unga yosh boladay suykalib, – endi sira ichmayman, sen aytganday qilaman.

Tanzila xuddi oʻsha koʻchish arafasidagi kabi sochlarimni silab meni ovutdi, oqilaligi, mehri panohiga oldi.

– Aroq odamni adoi tamom qiladi. Hechqursa, qizimizni, onangizni oʻylang. Bunday ojiz boʻp yurish sizga yarashmaydi. Siz mening mardimsiz, himoyachimsiz, togʻday suyanchigʻimsiz. Quyosh hali botmagan, esdan chiqarmang.

Oʻsha tun men onadan qayta tugʻilganday boʻldim. Oʻsha tun ertak qahramonlaridek bir dumalab alp qomat bahodirga aylanib qoldim.

Yupanch, ovunch, taskin va ilinj sharpalariga qorishib kunlar, oylar, yillar oʻtdi. Biz eru xotinning oʻsha tundagi ahdimiz, shahdimizga goʻyo qasdma-qasd poytaxtdan bir-biridan shov-shuvli, bir-biridan hayratlanarli xabarlar kelardi. Davronning kurash boʻyicha avval Oʻzbekiston, keyinroq Osiyo chempioni boʻlganligi haqida eshitdik. Gazetayu jurnallarda, televizor-radiolarda uning nomi tez-tez tilga olinadigan boʻlib qoldi. Hatto bir gal Davron Tirkashevning viloyatimizga tashrif buyurib, mehnatkashlar bilan uchrashuvlar oʻtkazgani toʻgʻrisida axborot beruvchi telelavhani oʻzim ham koʻrdim. Oʻsha-oʻsha, oʻktam qiyofali, burgut nigohli kengsoylik polvon kazo-kazo rahbarlar orasida baxtiyor jilmayib turar, yoshu qari unga havasu hayrat bilan termular edi. Men ekran qarshisida baqaday baqrayib oʻtirarkanman yoʻqotgan doʻstimni sogʻinganimni, juda-juda sogʻinganimni yana bir karra his etdim.

Bu yoqda Tanzila ham boʻsh kelmadi. Yana bitta qizaloq tugʻib berdi. Ustiga ustak, viloyat markazidagi pedagogika institutini sirtdan amal-taqal bitirib, maktab direktori oʻrinbosari lavozimini egalladi. Roʻzgʻorning ham oʻtidan kirib kulidan chiqadi. Eng muhimi, vaqti-vaqti bilan boshimni silab meni ovutadi, yupatadi, mehr-muhabbati ostidan panoh beradi.

Men xotinim oʻgʻil tugʻsa-yu, sogʻinchim, sadoqatim, tavba-tazarruim timsoli sifatida Davron deb bolamga ism qoʻysam degan orzuda emranib yurardim. Ammo bir kuni Tanzila qizalogʻimni qoʻlimga tutqazarkan:

– Oʻgʻil koʻrsam, otini Poʻlat deb qoʻyamiz, – dedi xuddi ichimdagini payqaganday, – poʻlatday mustahkam, chidamli odam boʻlsin, otasiga oʻxshab moʻrt, idragan narsa boʻlmasin.

Tanzilaning chin-hazil aytganlaridan mening tagʻin boʻshashib, tob tashlay boshlaganimdan ogohlantirish, hali-hali urush soʻqmogʻida ekanligimni yana bir karra uqtirish shundoqqina silqib turardi.

“Ha, mulla Mirza haq, buginaning eni boshqa”, – deb oʻylayman xotinimning qatʼiyat qalqqan goʻzal chehrasiga zavq bilan termulib.

Oʻsha tungi ahdu paymondan soʻng ichkilikbozlikni tark etgan boʻlsam-da, ammo Tanzila tayinlagan mashq-mashgʻulotlarni muntazam olib borolmadim. Ustiga-ustak, Davron quchgan shon-shuhratning oʻziyoq har gal xayolimga kelgan mahal, xotinimning iborasi bilan aytganda, meni koʻtarib yerga urar, ruhimni sindirar, daʼvolardan voz kechishga undar edi. Bir necha marta pochcham qoʻyarda-qoʻymay davraga tushirdi. Mayda-chuyda polvonlarni yiqitib, xuddi olamshumul vazifani uddalaganday xotinimning huzuriga magʻrur kirib keldim.

Bir kuni negadir tushimga Karamxon eshon bova kirdi. Toʻxtasin domlaning oʻsha chorpoyasidami, yo oʻsha kungi kurash davrasidami, oppoq liboslarga burkanib, mamnun bosh irgʻab oʻtiribdi.

“Hammasi yaxshilikka, hali hammangiz koʻp xursand boʻp qolasizlar” – der emish, xuddi oʻsha kungi gaplarini takrorlab.

Choʻchib uygʻonib, gʻalati bir hislar ogʻushida ancha payt oʻtirib qoldim. Nonushta payti tushimni onamga aytib berdim. Onam oʻzicha eshon bovani gʻoyibona tavof qilib menga yuzlandi:

“Eshonimizga bir qoʻchqor atab qoʻygin, yoʻllaring tushganda tashlab kelasizlar”.

Vaqt shitob bilan oʻtar, zamon, davr kundan kunga oʻzgarib borardi. Bir paytlar davlat mulki sanalmish imoratlar, qurilmalar, texnikalar zari-zoʻri bor odamlar oʻrtasida taraka-taqsim qilina boshlandi. Sovxoz, kolxoz degan tuzilmalar oʻrnida katta-kichik fermer xoʻjaliklari tashkil etishga kirishildi. Zamona boylari, zamona zoʻrlari boʻy koʻrsatib qoldi.

Biz yangi manzil-makonga koʻchib kelgan chogʻlarimiz akamni garajga, meni qishloq magaziniga ishga joylagan pochcham oʻsha paytlardayoq uzoqni koʻzlab reja tuzgan ekan. Keyinchalik, garaj mudiri lavozimini egallagan akam pochchamning yoʻl-yoʻriqlari, qoʻllab-quvvatlashi sharofatidan bu hayhotday imoratni oʻz nomiga xatlab mulkdor toifaga aylanib oldi. Keng-moʻl, mustahkam qishloq magazini esa opamning xususiy doʻkoniga doʻndi. Men ham tala-toʻpda quruq qolmay kattagina unumdor yer maydoniga fermer sifatida ega boʻlib oldim. Pochchamning oʻzi esa tuman hokimiyatiga ishga oʻtib ketdi.

Kengsoy tomonlarda ham torta-tort, ola-ol avjida ekan. Oxir-oqibat, taqdirga tan berganidanmi yo ketma-ket, bir-biridan shirin ikki nevaraga bobo boʻlganidanmi, ishqilib, xiylagina chehrasi ochilib, xushmuomala boʻlib qolgan qaynotamning kuyinib, gʻijinib aytishicha, eski shirkat xoʻjaligini Quvondiq qaysar bus-butunicha yana oʻz qoʻliga olibdi. Shahardagi katta oʻgʻli qishloqqa koʻchib borib, sugʻorishga oʻngʻay, eng unumdor yerlarni egallab, kuni kecha otasinikidan osh-ovqat tashib yurgan noshud nusxadan boy-badavlat ishbilarmonga evrilib, kekirib, bosar-tusarini bilmay yurgan emish. Quvondiq qaysarning shuncha obroʻ-eʼtibori, kuch-qudrati yetmaganday, Davronning ham shon-shuhrati, izzat-hurmati qoʻshilib Tirkashevlarning hatto pishagini ham birov pisht deyolmay qolibdi.

Men Davron haqidagi har bir xabarni, har bir mish-mishni nafas olmay eshitardim. Bunday jonsarakliklarimda shoyad u meni kechirgan boʻlsa, degan ilinj-umid miltillabgina turardi.

Bir kuni shaharda Shayxalini uchratib qoldim.

– Davron shishingandan-shishindi-da, – dedi u gapdan-gap chiqib, – allatovur qop-qora mashinada uch marta qishloqqa kelib ketdi. Kattakonlar atrofida xizmatkorday chirqillab aylanadi, birgina soʻziga mahtal. Lekin baribir oqibatli jigit Davron. Koʻp qishloqdoshlarning mushkulini oson qilib berdi.

Eh, mening mushkul-muammoim-chi?! Bu qachon bartaraf boʻladi, qachon? Tanzilaning tinimsiz taʼlim-tarbiyalariga qaramay, askar badanida qolgan qoʻrgʻoshin parchasiday, yuragimdagi dard-iztirob oʻqtin-oʻqtin qoʻzgʻalib meni bezovta qilar, yana dunyo koʻzimga qorongʻu koʻrinib qolar edi. Shunday kezlar ekin-tikinni bahona qilib dala-dashtimga chiqib ketaman. Polvon pirlariga tavallolar qilib tavbalar qilaman. Qiziq, shunday paytlar yana oʻsha koʻrgan tushim, eshon bovamning aytganlari, hammasi yaxshilikka, deganlari yodimga tushib allanechuk taskin topgandek boʻlaman. Yuragimda umid, ilinj, ishtiyoq yana tirila boshlaydi.

Biz Absal polvonni mangu yoʻqotib qoʻydik.

Iliq bahor kunlarining birida Absal polvonning oʻlimi haqidagi sovuq xabar bizga ham yetib keldi. Birdan oʻyinchogʻi yashirib qoʻygan joyida yoʻqligini bilgan bola ahvoliga tushib, koʻz oldimni kirchil bir parda qopladi, uy-imoratlar, dov-daraxtlar qaylargadir singib-yitib, boʻm-boʻsh boʻshliq ichida yeli chiqqan pufakdek muallaq qotdim. Pochchamning “Neksiya”siga oʻtirib peshinga moʻljallangan dafn marosimiga ulgurish uchun shosha-pisha yoʻlga tusharkanmiz, tevaragimdagilar jonsiz bir sharpalardek tuyular, tovushlar, yigʻilar, kulgular olis-olislardan eshitilar edi.

Shu yil bahor haddan tashqari seryogʻin, injiq va sertashvish kelgan edi. Sel-toshqinlar, shilta-shalabbolar, loy koʻpchigan dalalar hatto, hamisha qor-yomgʻirga tashna choʻlliklarni ham butkul bezor qilib yubordi. Omonat devorlar quladi, ilma-teshik tomlardan suv sizib oʻtdi, qadalgan urugʻlar chiridi, eng yomoni, chigit ekish ishlari kechikib ketdi. Kuni kecha choʻl osmonini tilkalab chaqmoq chaqqani, qayerlargadir doʻl yoqqani ham rost. Demak, ustoz Abdusalomning qazosi haqidagi mish-mishlarda ham jon borga oʻxshaydi. Kimdir uni yashin uribdi desa, tagʻin birov doʻlda qolgan ekinzoriga achinib sibizgʻa chalib oʻtirgan yerida jon beribdi, deya sirli pichirlardi.

– Eh, bu dunyoning ishlari, – deb afsus bilan bosh chayqadi pochcham, mashinasini katta yoʻl boʻylab yeldirib borarkan, – shunday odam ham qazo qilibdi-ya.

Orqa oʻrindiqqa yastanib olgan akam tili tagiga nosvoy tashlashga chogʻlangan koʻyi gapga aralashdi.

– Shu… Absal polvonlarga yetarli shart-sharoit qilib berilganda dunyoning oʻn karra chempioni boʻlardi-yov.

– Bu kishi unday shov-shuvlarga umuman qiziqmagan, – dedi pochcham keskin bosh chayqab, – ovloq-ovloq yashashga intilgan, bir mulla, Absalom akani polvon pirlari shunga undagan deb aytgandi, gaplari chinga oʻxshaydi.

Men mashina oynasidan qoʻngʻirtus, polvonning keng yagʻriniday yastanib yotgan dala-dashtga oʻychan tikilaman. Alpqomat ustoz, uning togʻdek tebrana-tebrana sibizgʻa chalishlari lip-lip koʻz oldimdan oʻtadi, donishmandlarga xos gap-soʻzlari quloqlarim ostida jaranglaganday boʻladi.

Ichimni beadoq afsus-nadomat kemirib borardi. Abdusalom akani hechqursa, biror marta borib koʻrmaganimdan, u kishi chalgan sibizgʻa nolalaridan mast boʻlmaganimdan oʻkindim. Harbiy xizmat chogʻi uyni, qishloqni, qavmu qarindoshni, xullas, olis va ovloq choʻllar qoʻynida qolib ketgan jamiki koʻrgan-bilgan-tanigan insonlarimni qattiq qoʻmsaganimdan boʻlsa kerak, ustoz Abdusalom ham yodimga tushib, u kishini askarlikdan qaytgandayoq ziyorat etishni, toʻyimizga alohida, tantanali taklif etishni koʻngilga tukkandim. Biroq kutilmagan tashvishlar bilan boʻlibmi, yo oʻzim beparvo, beburd odammanmi, ishqilib, koʻngildagi reja koʻngilda koʻmilib qolib ketdi. Qismat meni yana bir bor gʻijimlab tashladi. Men ham doʻstidan, ham ustozidan ajralib qolgan gʻarib, bechora inson edim.

Nihoyat, koʻzlangan manzilga yetib keldik. Toʻp-toʻp odamlar azador xonadon tomon shosha-pisha borishardi. Yoʻl boʻylarida turli-tuman avtoulovlar tirband tizilgan.

– Iya, viloyat hokimi shu yerda-yov, ana, mashinasi, – dedi pochcham baland bir imorat yonida turgan qop-qora mashinaga ishora qilib.

Akam ham yon-veriga alanglab:

– Toshkentdan ham mehmonlar borga oʻxshaydi, – deb qoʻydi.

“Davron ham kelgan!” – degan oʻy xayolimdan shuvullab oʻtdi. Shu oʻy barobarida yuragimga qandaydir tahlika, titroq sizib kirdi.

Azador xonadon tomondan ayol-bola-chaqalarning uvvos yigʻisi baralla eshitila boshladi.

Biz adashmagan ekanmiz.

Janoza oʻqilib, tobut yerdan koʻtarilib, qoʻlma-qoʻl boʻla boshlaganida bir toʻp amaldornamo odamlar orasida xomush qoʻzgʻalayotgan Davronga koʻzim tushdi. Boshiga omonat qoʻndirilgan oppoq hoji qalpoq, egnidagi qimmatbaho, qop-qora charm kamzul, baland, tik qomat uni yigʻilganlar ichidan yaqqol ajratib turardi. Davron qoʻldan-qoʻlga, yelkadan-yelkaga oʻtayotgan tobut tomon har gal intilganda jonsarak olomon beixtiyor unga yoʻl boʻshatar, kimdir tanib, kimdir tanimay aft-angoriga bir zum angrayar edi.

“Allatovur, allatovur odamlar ham kepti, – deya hayratomuz shivirladi kimdir, – katta hokim bova ham shu yerda! Polvonning obroʻsi zoʻr ekan-da, a?!

Yonidagi hamrohi xomush bosh irgʻadi.

“Bechora umrida muncha izzat koʻrmagandi. Tirilib ketmasaydi deb qoʻrqaman”.

Tobut katta yoʻl boʻyida hozirlab qoʻyilgan yuk mashinasining ustiga avaylabgina qoʻyildi. Bir toʻp hassakashlar, qavmu qarindosh ixrab-sixrab kuzov ustiga chiqib, tobut tevaragini oʻrab olishdi. Dafn marosimiga yigʻilganlar bir zum toʻzib, kimdir poyu piyoda, kimdir avtoulovda qabriston tomonga jilishdi.

Chor-atrof allanechuk mahzun sukutga tolgan edi. Bahorning bodi shamoli ham kalovlanib dov-daraxtlar, ekinzorlar oralab ketdi. Quyuq, yam-yashil yaproqlar tebranib-tebranib mahzun shitirlaydi. Koʻm-koʻk maysalar toʻlib-toshgan xoʻrlikdek bezovta chayqaladi.

Dafn marosimi uzoq davom etdi. Biz qabristondan azador xonadonga yana qaytganimizda quyosh xiyla qiyalab qolgan edi.

– Hokimlar ketguncha chekkaroqqa chiqib turamiz, – dedi pochcham mashinasi eshigini ocharkan.

Shu payt beqasam toʻn kiyib belini mahkam bogʻlab olgan hassakashlardan biri yonimizga keldi.

– Sizni birov chaqiryapti, – dedi u menga yuzlanib.

Beixtiyor hassakashga ergasharkanman:

– Hozir kelaman, – deb qoʻydim pochchamga bosh irgʻab.

Akam ham ajablangan koʻyi ortimdan qarab qoldi.

– Mana shu hovliga kiring, – deb pichirladi hassakash azador xonadonga yaqin uylardan birining yonida toʻxtab, – sizni kutib turishibdi.

Boʻyoqlari oftobdan uniqqan darvozani qiya ochib ichkariga oyoq oshirdim. Shundoqqina roʻparamda, temir suyanchiqli chorpoyaga tirsak tiragan koʻyi Davron turardi! Uning menga tik qadalgan sovuq nigohlarini koʻrib negadir toʻxtab qoldim.

– Siz ham janozaga keldingizmi? – dedi istehzo bilan Davron, – betingiz bilan ketingiz birmi deyman.

Ajab! Tahlika, hayajonlarim bir lahzada tutunday tarqab ketdi. Hatto qarshimdagi mana shu bez, ters nusxani shuncha paytdan beri sogʻinib, xayolan oyogʻiga bosh urib yurganlarimdan xijolat tortdim.

– Sen oʻzing shundaysan. – dedim Davronga tik qarab, – ustozni bir tiyinga olmay, chiranib yurishlaring esingdan chiqdimi?

– Sen ustozni tilga olma, noloyiq, nomunosib jipiriqsan.

– Shuni aytgani chaqirdingmi? Gaping boʻlsa, gapir! Sen bilan gʻijillashib turishga vaqtim yoʻq.

Davron suyanchiqdan tirsagini olib qad kerdi.

– Voy-boʻ-oʻy, ham gʻarlik, ham oʻrlik-ku bu yogʻi. Ey, bilasanmi, hali oramiz ochilmagan.

– Boʻpti, ochamiz, – dedim tobora polvonlik qonim koʻpirib, – qachon, qayerda, ayt, men tayyor. Koʻrsat maydonni!

Mendan bunday muomalani kutmaganmi, Davron bir zum sarosimalanib kinoyali tirjaygan koʻyi bosh chayqab turdi.

– Yaxshi, bu gaping menga yoqdi, – dedi yana sovuqqon bir ohangda, – viloyat rahbarlari, bir master klass oʻtib bering, deb holi jonimga qoʻyishmayapti, bir oydan soʻng Abdusalom polvon xotirasiga yosh kurashchilar oʻrtasida turnir oʻtkazamiz, dedim, shunda master klass ham boʻlishini aytdim.

– Xoʻp, yaxshi, – toʻngʻillab qoʻydim men.

– Toshkentdan zoʻr-zoʻr chempionlarni opkelishimni tayinlashyapti. Men rozi boʻlganday indamay qoʻydim. Aslida hech kimni opkelmayman. Ikkovimiz olishamiz, ikkovimiz orani ochiq qilamiz, tushundingmi?

Davron soʻnggi soʻzlarni aytarkan, qoshlari chimirilib, koʻzlaridan shafqatsiz uchqunlar sachrab ketdi.

– Roziman, qayoqqa desang boraman.

– Turnir Kengsoyda boʻlib oʻtadi. Kelgusi oyning soʻnggi shanbasiga belgilaymiz. Qoʻrqma, hammasini oʻzim tashkil etaman, hokimlar gapimga kiradi.

– Menga baribir, orani ochiq qilishga tayyorman. Hammasi jonga tegdi oʻzi.

– Oʻv, – deb yana istehzoli tirjaydi Davron, – shartimiz hali oʻz kuchida, unutma shuni.

Men indamay yana temir darvozaga yuzlandim.

Biz Absal polvonni mangu yoʻqotib qoʻygan edik.

Kengsoyga ham yaqinlashib qoldik, ey, uygʻon!

Pochchamning chorloviga eʼtibor bermagan boʻldim.

Yoʻlga chiqqanimizdan beri mashina oʻrindigʻi suyanchigʻiga bosh qoʻyib, koʻzlarimni yumib, bir ogʻiz ham gapirmay kelayotganim uchun u hoynahoy meni allaqachon uxlab qolgan degan xayolga bordi. Qani endi chindan ham dong qotib yotgan boʻlsam?! Qani endi, bir umr qaroqlarim ochilmasa? Axir, Kengsoyda, begʻubor bolaligim, shoʻx-shaʼn oʻsmirlik davrim oʻtgan bu qishloqda meni bemisl sharmandalik kutib turibdi-ku?! Gazetalarda yozishganday, ikki marta Oʻzbekiston, bir karra Osiyo chempioni, qator xalqaro musobaqalar sovrindori D. Tirkashev yeng shimarib, qasos olovida yonib, yoʻllarimga mahtal koʻz tikkan-ku!

Mana, ustoz Abdusalomning janozasidan beri roppa-rosa bir oy oʻtdi. Bir oy meni Davronning sovuq nigohlari, istehzolari, kinoyali kulishlari taʼqib qilib turdi. Oʻsha kuni beayov, beshafqat raqibim bilan ahdlashib, qasdlashib mashina yoniga qaytganimda pochcham va akam menga ajabsinib, xavotirlanib koʻz tikishdi.

“Yettilik xudoyiga hamma shogirdlar yigʻilishi shart ekan, shuni tayinlagani chaqirishibdi”, – deb qoʻydim oʻzimcha qoʻl siltab.

Ammo asabiylikdanmi, hayajondanmi hanuz boʻgʻinlarim boʻshashib turardi. Akam darrov xotirjam tortib, tili tagiga yana nosvoy tashlab olgan boʻlsa-da, pochcham gaplarimga ishonqiramay yoʻl-yoʻlakay menga savolchan-sinovchan koʻz tashlab qoʻyar edi. Baribir chidayolmay oʻsha kuni kechki payt pochchamga dardimni aytdim. U kishi ham bir paytlar, yarim tunda xotinim aytgan gaplarni xuddi kelishib olganday takrorladi.

“Raisning shu arzandasidan qayering kam, a, nimang kam? Sen ham shugʻullan, mashq qil, koʻtarib yerga ur shu chempionini, ikkinchi men zoʻrman deb boshqa maqtanmaydigan boʻlsin”.

Pochcham shunchaki pand-nasihat bilan cheklanib qolmadi. Meni har kuni tuman markaziga olib borib, kechgacha sport bilan shugʻullanishga majbur qildi. Hatto shahardan qachonlardir dzyudo boʻyicha xizmat koʻrsatgan, yoshi qirqni qiyib oʻtgan Salmon ismli chechen murabbiyni moʻmaygina haq evaziga yollab, izzat-ikrom bilan boshlab keldi. Ammo unga asl maqsadimizni aytmadik. Salmon biz kutgandan ham ortiq qattiqqoʻl, injiq, oʻz ishiga puxta chiqib qoldi. U ikki hafta betinim shugʻullantirib meni polvon surob qilib qoʻydi. Ammo Davronning sovuq nigohlarini, kinoyali kulishlariyu gʻolibona istehzolarini eslasam yana ichimdan irib joʻnardim. Oʻsha kuni u bilan tikkama-tikka tillashishga qanday jurʼat etganimga oʻzim ham hayron edim. Oʻsha jurʼat, oʻsha oʻrlik sahro sarobiday qaylargadir singib yoʻqoldi.

Kun boʻyi mashq-mashgʻulotlarda charchaganimdan, bu yogʻi taʼbim tirriqligidan harchand urinsam-da uyda qosh-qobogʻim ochilmas edi. Bu holni Tanzila hali-hanuz ustozim qazosiga qaygʻurib yurganimdan deb bilibmi, harnechuk, ortiqcha soʻroq-tergovga olmay, koʻnglimga qarardi.

Men, ayniqsa, turnirning aynan Kengsoyda boʻlib oʻtishi haqida dahshat va vahimaga tushib oʻylardim. Qanchalar yovuzona reja bu?!

Birinchi jahon urushida yengilgan Germaniya lashkarboshilarini gʻolib Fransiya hukumati qandaydir oʻrmon qoʻynida, qandaydir vagon ichida taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chektirgan ekan. Ammo shunday sharmandali magʻlubiyat ham nemislar koʻnglidan vatanparvarlik tuygʻusini, qasos hissini yoʻq qila olmabdi. Germaniyaliklar oʻsha qora kunga guvoh vagonni bir omborxonaga yashirib qoʻyishgan emish. Ikkinchi jahon urushi davrida Fransiyani bir hamla bilan tiz choʻktirgan Germaniya oʻsha vagonni oʻsha oʻrmonga olib kelgan, magʻlub taraf uning ichida yengilganligi haqidagi qogʻozga qoʻl qoʻygan ekan.

Tarix darslaridan ham tuzukkina baholar olib yuradigan Davron, hoynahoy, shu voqeani eslagan va meni shu tarzda jazolashni diliga tukkan koʻrinadi. Ha, bu chempion, nihoyat, qochoq qashqirni qora qafasga qamadi! Meni endi na Salmonning murabbiyligi, na Tanzila, na pochchamning taskin-tasallisi qutqara oladi. Men Kengsoyda, qadrdon qishlogʻimda, elu xalq koʻz oʻngida sharmandayu sharmisor boʻlishga mahkumman, mahkum. Aslida ham… bu baribir qachonlardir sodir boʻlishi kerak edi.

Men umidsizlana boshladim. Uzun tigʻli pichoqni qayrab safar xaltamga solib qoʻydim.

“Oʻldiraman! Aval unga, keyin oʻzimga pichoq uraman!” – degan oʻy kallamda charx urib yurardi.

Pochcham soʻnggi rejalarimdan bexabar, xuddi koʻpkariga kirar otni koʻzdan kechirayotgandek, meni tez-tez koʻrikdan oʻtkazadi, bel-bilaklarimni ushlab-ushlab oʻzicha mamnun bosh irgʻaydi.

“Xorazmcha aytganda, janli, bir chempionga shuyogʻi ham yetib-ortadi” – deb qoʻyadi iljayib.

Biroq shu kez shundoqqina qarshimda boshqa bir iljaygan, tirjaygan bashara meni taʼqib qilib turganini bilmaydi.

“Oʻv, shartlarimiz hali kuchida, unutma shuni”.

Davronning sovuqqonlik bilan aytgan bu gaplari quloqlarim ostida bot-bot aks-sado berib aʼzoi badanlarimni muzlatib yuboradi. Uning nelarni nazarda tutganini tusmollar ekanman, alam, gʻazab, xavotir yuragimni gʻijimlay boshlaydi.

Xotinini qimorga yutqazib qoʻyganlar, qarzga botib, evaziga ayolini qoʻsh-qoʻllab tutqazganlar qismati haqida eshitganlarim bir-bir xayolimda aylanadi.

“Hech qachon! Hech qachon! – deb ich-ichimda boʻkiraman safar toʻrvamdagi pichoqni paypaslab. – Koʻzim ochiq ekan, bunga hech qachon yoʻl qoʻymayman”.

Pochcham kecha ertaroq uyquga yotib, yaxshilab dam olishimni tayinlagan edi. Ammo alam-iztirob iskanjasida mijja qoqmadim. Bolalik xotiralari, sevgi kechinmalari bir-bir koʻz oldimdan kapalakdek qanot qoqib oʻtdi, xayollarim sertuproq yoʻlning chang-toʻzonlaridek toʻzidi. Shiringina uxlab yotgan qizaloqlarimga, mohitobon Tanzilamga termulib toʻymayman. Men toʻlgʻonaverib ularni bezovta qilishdan qoʻrqib, bir paytlar xotinim qimtinibgina oʻtirib, unsiz yigʻlagan burchakka tiqilib oldim. Xoʻrligim toshdi. Koʻzlarimdan silqib chiqqan yoshni kaftlarim bilan artib, oʻkirib yubormaslik uchun taxmondagi koʻrpachalarga yuzimni bosdim.

Bir payt Tanzila ilkis boshini koʻtardi. Qizaloqlarim ustidagi yopinchiqni toʻgʻrilab qoʻygan boʻldi-da, sharpaday sirpanib, tunchiroqning sargʻish-qizgʻish yogʻdulariga qorishib yonimga keldi. Boʻynimdan hech gap-soʻzsiz quchib, boshimni koʻkragiga bosdi:

“Hammasidan xabarim bor, – deb pichirladi sochlarimni silab, – kengsoyliklar manglayingizga nomard degan tamgʻa bosib joʻnatishsayam men sizdan voz kechmayman. Mening or-nomusim ham, shon-shuhratim ham siz-ku! Sizning kimligingizni Tanzilaning yuragi oʻsha tutzor yoqasidayoq bilib boʻlgan. Butun dunyo boshingizdan malomat yogʻdirsayam u hech qachon oʻchmaydi. Nomaʼqul xayollarni kalladan chiqarib, endi biroz dam oling”.

Ajab, xotinimning shivirlarini alladay tinglab oʻtirgan joyimda koʻzim ilashibdi! Ertalab allanechuk tetiklanib, fikrlarim tiniqlashib turdim.

– Ey, ey, polvon, – deb yelkamga turtdi pochcham mashinasini bir chekkada toʻxtatib, – Kengsoyga keldik, uygʻonsang-chi.

Men ogʻir qoʻzgʻalib koʻzlarimni ochdim.

Chor-atrof shomning kuygan kuliday kirchil koʻylagiga burkangan edi. Tanish tutzor, tanish yoʻllar, uzoqdagi uy-imoratlar gʻira-shira koʻzga tashlanadi. Yonginamizdan besh-oltita qoʻy-qoʻzini haydab oʻtayotgan qariyani pochcham gapga tutdi.

– Assalomu alaykum, bovajon, hormang. Kengsoy shumi?

– Vaalaykum, ha, shu.

– Qishloqda nima gaplar, bova?

– Toʻy boʻlayapti, tomosha boʻlayapti. Quvondiq qaysar choshgohdan beri butun qishloqqa osh tortib yotibdi. Kazo-kazo kattakonlar ham shu yerda. Hozir olish boshlanadi.

Chol mollarini haydaganicha bizdan uzoqlashdi.

– Umuman olganda, bunaqa rasmiy turnirlar kunduzi boʻlardi, nega bular, kechki payt oʻtkazyapti, bilmadim, – deb qoʻydi pochcham ajablanib.

Sababini juda yaxshi bilsam-da, men indamay yelka qisib qoʻya qoldim.

Katta yoʻl tarafdan shitob bilan kelgan ikki mashina chiroqlarini yoqib-oʻchirib, yonginamizdan gʻizillab oʻtib ketdi. Hoynahoy, ular ham kurash tomoshasiga oshiqayotgan edi.

– Biz ham seki-in boraveramiz, biratoʻla kiyinib olgin, – dedi pochcham maʼnoli bosh irgʻab.

Men intilib orqa oʻrindiqdagi safar xaltamni oldim-da mashinadan tushdim. Qadrdon qishloqqa qadam qoʻyganimni qutlayotganday yengil epkin yuz-koʻzlarimni silab oʻtdi. Dimogʻimga tanish, juda tanish dala-dasht isi gupillab urildi.

Nazarimda, tutzor tarafdan “Kengsoy burgutlari” qiyqirishgan koʻyi otilib chiqadigandek, qoʻrqinchli tushimni toʻzitib, meni ogʻir, talvasali uyqudan uygʻotib yuboradigandek edi. Afsuski hammasi hushimda, koʻzim tiyra, aqlim tiniq holimda roʻy berardi. Sal naridagi tutzor ham shamolda shitirlab, goʻyo menga hamdardlik bildirardi.

Men egnimga polvonlik yaktagimni, oyogʻimga maxsus charm poyafzalimni kiyib, yana choponimga burkanib olarkanman, safar xaltamdagi oʻtkir tigʻ pichogʻimni paypaslab qoʻydim. Tanzilaning dil izhorlariga qaramay, qaltis rejam hali-hanuz koʻnglimning bir chekkasida pusib-poylab turardi.

– Boʻl, tezroq, boshlanib ketdi-yov, – deb qoʻydi pochcham mashina motorini oʻt oldirib.

Xuddi uning tusmolini tasdiqlaganday qishloq tomondan tomoshatalablarning hayqirigʻi osmonga oʻrladi.

Mashina qoʻzgʻaldi.

Biz Absal polvonni mangu yoʻqotib qoʻygan edik.

Qishloq koʻtarma polvonning koʻngliday oʻz quvonchiga oʻzi qorishib yotardi. Koʻcha-koʻy supirib-sidirilgan, baland imoratlar peshtoqiga, yoʻl boʻylariga har xil shiorlar, bayroqlar osilgan edi. Son-sanoqsiz lampa-chiroqlardan charogʻon maktab stadionida odam qaynaydi. Duch kelgan joyga qantarib qoʻyilgan mashinalar oralab yashinmachoq oʻynayotgan qora-qura bolakaylar u yon-bu yon gʻir-gʻir yugurishadi. Tillatusda tovlanib turgan stadionda gʻala-gʻovur, qiy-chuv avjida edi.

Keng maydonning toʻrt tarafida, maktabdan tashib chiqilgan qator-qator parta, stol-stullarda mehmon nusxalar, ayollar, qari-qartanglar oʻtirishar, oʻrindiq tegmagan tomoshatalablar odatdagidek bir-birini itarib-surib tik turishar, davraning uch-toʻrt joyida juft-juft boʻlib bellashayotgan polvon bolakaylarni zavq-shavq bilan kuzatishar, ahyon-ahyon kurashchilardan birortasi raqibini yiqitgan payt, guvullab yuborishar edi. Biz ham tomoshabinlar siyrakroq joydan suqilib, qulayroq oʻrnashib oldik. Davra toʻridagi, alohida yasatilgan joyda qoʻr toʻkkan kazo-kazo rahbarlarni olisdan koʻrgandayoq pochcham egilib-bukilib, qoʻli koʻksidan tushmay qoldi. Ilgarigi amaldorlik shlyapasi oʻrniga doʻppini dol qoʻndirgan Quvondiq qaysar ham rahbarlar toʻpida har doimgidek qoyaday qad kerib maydonni loqayd va nopisand kuzatib oʻtirardi.

– Xap-pa-a!

Qotmagina yosh polvon shunday chinqiriq bilan raqibini boshidan oshirib tashladi.

Davra yana guvillab yubordi.

Ahyon-ahyon hushtagini churillatib, kurashchilar atrofida charx urib aylanayotgan, sport liboslari lampachiroq yogʻdusida yalt-yult qilayotgan hakamlar, har-har joyda, murabbiylar nazoratida, yaktak kiyib, bel bogʻlab shaylangan bolalar, polvonlarning oti-zotini, sovrin-sovgʻalarni mikrofonda eʼlon qilishlar davraga chala rasmiy tus bergan boʻlsa-da, maydonga qalin toʻshalgan xas-xashak, gʻala-gʻovur, qiyqiriqlar toʻy-hashamlardagi odatiy kurash tomoshalarini eslatar edi. Men, ayniqsa, barragina kurashchilarning chapdast-chaqqon bellashuvini koʻrib bolalik chogʻlarim, Davron bilan davralarda zavq-shavqqa koʻmilib yurgan kezlarim koʻz oldimda lip-lip jonlanib, gʻalati hislar ogʻushida qolgan edim. Qoshimgacha qoplab turgan qalpoq ostidan atrofimga koʻz yugurtirib, doʻstu qadrdonlarni, tanish-bilishlarni ilhaq-intizor izlayman. Ammo odam koʻpligidanmi yo bezovta bir tarzda turganimdanmi, har nechuk, yon-verimda birorta ham qadrdon qiyofani ilgʻay olmadim. Faqatgina maydondagi hakamlar yonida, tantana egasi oʻrnidami yo turnirning alohida qahramoni sifatidami, vazmin kezinib turgan Davronga koʻzim tushardi.

– Halo-o-ol! – tuyqus hayqirib yubordi olomon.

Ular alohida olqishlaganidan hozirgina raqibini yiqitgan oʻspirin kengsoylik boʻlsa kerak, degan xayolga bordim. Shu orada maydonning bir chekkasida koʻpdan beri bir-birini yiqitolmay, surishib-tirashib yurgan polvonlarni hakam ajratib, durang natija eʼlon qildi, ammo qaynoq qon yoshlar allanima deya silkinishib, qarorga norozilik bildirgan boʻlishdi.

Magʻlublar bosh egib, gʻoliblar gerdayib, sovrin-sovgʻani olib davrani tark etishar, maydonda yangi-yangi juftliklar paydo boʻlishar, bosh hakam erinmay, qogʻozdagi yozuvlarga qarab ularni mikrofon orqali xalqqa tanishtirar, qoʻyilgan sovrinni eʼlon qilar edi.

– Ushbu juftlikka, tuman sogʻliqni saqlash boʻlimi tomonidan eng kam ish haqi barobarida mukofot ajratilgan! Marhamat, halol kurashib, sovringa egalik qiling, aziz yoshlar!

Davra eshitganlarini qiyqirgan koʻyi maʼqullab qoʻyadi.

Toʻnkarilgan qozondek qop-qora osmon toqida yulduzlar gʻujgʻon oʻynaydi. Goʻyo ular ham hurkib, miltirab kurash maydonini kuzatishadi.

“Bizning yana qasdlashganimizdan odamlar xabardormikan, – deb oʻylayman yon-verimdagilarning yuz-koʻziga sinchkov qarab, – yoʻq, menimcha, Davron bu gal sir saqlagan koʻrinadi”.

Pochcham kurash tomoshasi bir chekkada qolib, hali-hanuz kazo-kazolarni ixlos bilan kuzatar, hoynahoy, ularga koʻrinish, qoʻl olib koʻrishish ishtiyoqida yonar edi.

Bir payt bosh hakam mikrofonni qitirlatib sudragan koʻyi oʻrtaga chiqdi.

– Hurmatli kengsoyliklar, aziz mehmonlar, – deb ehtirom bilan gap boshladi u atrofiga alanglab, – xalqimizning ardoqli farzandi, marhum Abdusalom polvonning xotirasiga bagʻishlangan turnirimiz, viloyat yosh kurashchilari oʻrtasidagi musobaqa davom etadi. Sir emas, bugungi tadbirimizga tumanimizning, viloyatimizning, qolaversa, butun respublikaning faxr-iftixori boʻlmish, kurash boʻyicha Osiyo chempioni, qator xalqaro musobaqalar sovrindori Davronbek Tirkashev tashrif buyurgan!

Davra gulduros solib hayqirib qoʻydi. Ayniqsa, oʻz murabbiylari yonida toʻp-toʻp turgan bolalar alohida hurmat-izzat koʻrsatib qarsak chalib yuborishdi.

– Shuning uchun, shuning uchun… – deya bosh hakam qoʻl koʻtarib, davrani tinchlantirgan boʻldi, – bu yerda oʻtirgan muhtaram rahbarlarimizdan, hurmatli oqsoqollardan bir taklif tushayapti. Davronbekning kurashini ham bi-ir tomosha qilaylik, kengsoylik polvonimiz yoshlarga oʻz mahoratini koʻrsatsin, deyishyapti ular. Sizlar bu taklifga qanday qaraysizlar?! Ana undan keyin musobaqamiz yana davom etaveradi.

Davra qiy-chuv, qiyqiriqlar bilan bosh hakamning gaplarini maʼqullagan boʻldi. Ayniqsa, yosh polvonlar shavqqa toʻlib-toshib chapak chalishar, betinim irgʻishlashar edi.

– Bu yerda katta polvonlar koʻrinmayapti, Davronbekka talabgor topilarmikan? – deb qichqirdi kimdir.

Bosh hakam uning gapini maʼqullaganday bosh irgʻab iljaydi.

– Xudoga shukur, yurtimiz polvonlar yurti. Chempionni bir koʻrsam, gupillatib yerga ursam, deb chekka-chukkada yurgan azamatlar topilib qolsa kerak.

Davrada gurr kulgu koʻtarildi.

Mendan koʻra koʻproq hayajonlanayotgan pochcham qoʻlimni mahkam qisib, silkitib qoʻydi.

Shu payt kazo-kazolarning yaqinida qoʻl qovushtirib turgan Davron vazmin qadamlar bilan oʻrtaga chiqdi-da, tomoshabinlarning olqishu qarsaklariga koʻmilib toʻrt tomonga oʻzicha taʼzim qilgan boʻldi. Soʻng bosh hakamning qoʻlidan mikrofonni olib:

– Eng avvalo eʼtibor uchun rahmat, – deya oʻng kaftini yana koʻksiga qoʻydi, – biz xalq xizmatidagi oʻgʻillarmiz, shuning uchun oqsoqollarning taklifini qabul qilaman.

Davrada tagʻin qiy-chuv koʻkka oʻrladi.

– Lekin bir iltimosim bor, – deb gapida davom etdi Davron bosh hakamga yuzlanib, – bizning kurash rasmiy emas, shunchaki, xalqona boʻladi, shuning uchun toʻy-tomoshalarda bakovullik qilib yurgan yurtdoshlarimizdan birini taklif etsak, bizning kurashni kuzatib tursalar.

– Marhamat, juda yaxshi, – deb chinqirdi bosh hakam, – siz oʻzingiz aynan kim bakovul boʻlishini istaysiz?

Davron atrofga oʻzicha bir alanglab qoʻydi.

– Men qishlogʻimizdagi juda koʻp kurash tomoshalarida bakovullik qilgan Ergash akani tanlagan boʻlardim. Agar u kishi davrada boʻlsalar, marhamat, oʻrtaga chiqsalar. Bu kishi halolligi, xolisligi bilan har doim elning hurmatini qozonib kelgan.

– Ergash aka, shu yerdamisiz – deb chorladi bosh hakam chempionning qoʻlidan mikrofonni olib. – Marhamat, maydonga chiqing.

Davrada gʻala-gʻovur, jonsaraklik qoʻpdi.

“Ax, maraz, hammasini puxta oʻylabdi! Domlaning toʻyini aynan takrorlamoqchi bu!” – degan xayol butun vujudimda chaqmoqday chaqib oʻtdi.

Birozdan soʻng davraning qay bir burchidan Ergash mirob sidrilib oʻrtaga chiqdi. Ancha toʻlishib, lapanglab qolibdi. Hatto soqol ham qoʻyib yuboribdi. Tomoshabinlar qiyqiriqlar bilan uni ham olqishlab qoʻygan boʻlishdi.

– Baribir chempionimizga talabgor chiqmaydi, oʻzim olishadiganga oʻxshayman, – deb hazil qilgan boʻldi Ergash aka.

Shu orada polvonlik liboslarini kiyib oʻrtaga chiqqan Davron davrani vazmin aylana boshladi. Kazo-kazolar toʻpi ham avvalu oxir voqealarni qiziqish bilan kuzatib oʻtirardi.

– Shahri Toshkentdan kelgan Davron polvon Quvondiq oʻgʻli! Qani, unga talabgor bormi? – deya qichqirdi bir soatlik bakovul u yon-bu yon yuzlanib.

“Ukkagʻar, pismiqi, – xayolimdan oʻtdi mening, – atay “Quvondiq oʻgʻli” deb qoʻydi. Sobiq raisga yaxshi koʻrinmoqchi”.

– Qani, davra sovimasin, polvonjonlar, maydon mahtal boʻlmasin, – deb yana hayqirdi Ergash mirob.

Pochcham koʻzlari chaqnab yelkamdan quchdi.

– Xudo yuzingni yorugʻ qilsin, qaynim, qani, chiqa qol.

Men odamlar dabdurustdan tanib qolishidan choʻchib, choponimni, qalpogʻimni yechmay oʻrtaga oyoq bosdim. Ammo uch-toʻrt qadam qoʻyar-qoʻymasim:

– Iya, bu oʻzimizning Norsoat-ku! – deya qichqirib yubordi kimdir.

Davrada gʻala-gʻovur, shivir-shivir jonlandi. Tuyqus meni tanib qolgan bakovulning ham rang-roʻyi oʻzgarib, viqor bilan yurinib turgan joyida taqqa toʻxtadi, kazo-kazolar tomonga xavotirli koʻz tashlab qoʻydi. Faqatgina Davron bu voqealarning oʻziga sira daxli yoʻqday, oyoq ostidagi poxol toʻshamadan koʻz uzmay davra aylanib turardi.

Men yana joyimga qaytib, choponimni, qalpogʻimni yechib pochchamga tutqazarkanman, tevarakdagi shivir-shivirlar qulogʻimga chalindi.

“Ilgari bir toʻyda Davronni shu chalpak qilib urgandi”.

“Esim-da, qandaydir qizni talashib, garov oʻynashgan”.

“Gʻirrom olishgan ekan deb men eshitib edim”.

“Oʻsha qiz keyin nima boʻldi ekan?”

“Bilmadim… boshqa birovga tegib ketdi-yov”.

“Ketdik, kengsoyliklardan soʻraymiz”.

“Match revansh…” – dedi pixillab kimdir.

Odamlarning gap-soʻzlaridan, davraning zavq-shavqidan men ancha tetiklashib, joʻshib qolgan edim.

– Norsoat polvon Eshqobil oʻgʻli, – deb bakovul meni davraga tanishtirgan boʻldi, soʻng bosh hakam qoʻliga tutqazgan bir parcha qogʻozga koʻz yugurtirib eʼlon qildi, – bu kurashchilarga viloyat hokimligining maxsus sovrini tikildi-i-i!..

Biz yuzma-yuz keldik.

Davron bir intilib yoqamdan tutdi. Men bir qoʻlim bilan uning bilagiga, ikkinchisi bilan belbogʻiga chang soldim. Biroq bamisli ulkan qoyaning boʻrtiq toshini ushlaganday boʻldim. Davron meni biroz sudraklab, soʻng qoʻyib yubordi-da davra aylana ketdi.

Boyagina badanimga yugurgan tetiklikdan asar ham qolmadi. Axir, ushlashgandayoq raqibimning barmoq uchlarigacha kuch-quvvatga toʻlaligini, metindek mustahkamligini yaqqol his qildim!

– Ha, polvonjonlar, boʻshashmanglar, – deb qoʻydi bakovul.

Yana bir-birimizga tashlandik. Bu gal Davron botinmaganday belbogʻimdan tutdi. Men uning yoqasidan gʻijimlab ushladim. Ushladimu odatiy bir tarzda raqibimni kuch bilan siltab tortdim. Bilmadim, chindan muvozanatni yoʻqotdimi yo atay qildimi, Davron nogoh poxol toʻshama ustiga tizzalab qoldi.

Davra guvullab yubordi.

“Domlaning toʻyida men ham ikkinchi qafasda choʻk tushgandim” – degan oʻy lop etib xayolimdan oʻtdi.

Men raqibim yoqasini boʻshatib davra aylana ketdim. Davron ham belbogʻini qayta bogʻlay-bogʻlay izimdan ergashdi. Tomoshabinlar orasida menga hayratomuz, xayrixoh tikilgan nigohlarni ilgʻarkanman, bel-bilaklarimga yana andak tetiklik indi.

Chempion shartta ortga burildi-da, koʻzlarida allanechuk uchqunlar porlab hujumga oʻtdi. Men qoʻllarimni oldga choʻzib yana yoqadan tutishni moʻljalladim. Biroq shu payt oʻng barmoqlarim orasidan Davron baquvvat panjalarini oʻtkazib olib, ikkinchi qoʻli bilan chap tirsagimdan tutdi. Men beixtiyor raqibning koʻzlariga qaradim.

– Shunaqamidi usuling? – deb pichirladi u yuzlarida istehzo oʻynab.

Muqarrar ogʻriqni his qilib aftim burishib ketdi.

– Shu bilan koʻngling toʻlsa, qayirib yubora qol…

Ammo Davron bir siltanib meni boʻshatdi-yu, yana vazmin, oʻychan alfozda davra aylana boshladi. Taqiqlangan sambo usulining boyagi tahdididan men hanuz dovdirab turardim.

“Hal qiluvchi qafas boʻladi hozir”, – xayolimdan lip oʻtdi mening.

Kalovlanib davra aylanarkanman, biror bahona bilan joyimga borib, pichoqni qoʻynimga solib olish rejasini tuzardim. Ammo fursat yetmadi.

Biz yana betma-bet hujumga oʻtdik. Bu gal Davron op-oson ham yoqamdan, ham belbogʻimdan mahkam tutdi. Raqibimning yaktagini omonatgina ushlagan qoʻllarim deyarli bemajol osilib turardi. Raqib bu holatda meni bemalol belidan oshirib yerga urishi tayin edi. Ammo Davron kutilmaganda bir-ikki usullar qoʻllagan boʻldiyu, xuddi mening siltovimdan silkinganday bir payt dustaman quladi.

Davra yana guvillab yubordi.

Men… men… Davron atay yiqilganini yetmish ikki tomirim bilan his qilib turardim. Es-hushim karaxt qotdi.

Bir payt raqibim goʻyo arang qoʻzgʻalib oʻrnidan turdi-da, qoʻllarini yoyib, bakovulga bosh chayqadi.

– Boʻldi. Men boshqa olisha olmayman. Tan berdim.

Davraga tuyqus jimlik indi.

– Yaxshi eshitmay qoldim, Davronboy, – deb talmovsiradi bakovul – biroz dam olmoqchimisiz?

Ammo Davron vazmin qadamlar bilan borib bosh hakamning qoʻlidan mikrofonni oldi.

– Hurmatli yurtdoshlar, – dedi goʻyoki hansirab, – toʻgʻrisi, dunyo kezib, qancha-qancha musobaqalarda qatnashib, men hali bunday polvonni uchratmadim. Men unga tan berib, davradan chiqaman. Oʻz qishlogʻimda yelkam yer iskashini xohlamayman. Bilmaganlar bilib qoʻysin, Norsoat dunyodagi eng kuchli polvon ekan.

Davron shunday dediyu, bosh hakam uzatgan toʻnni yelkasiga ilib, yana toʻrt tomonga taʼzim qildi.

Davra guvullab, gulduros qarsak chalib yubordi.

Men hangu mang, koʻru kar holatda joyimda qotib qolgan edim. Pochcham chopqillab kelib qoʻlimdan yetaklab ketdi.

Davron yana mikrofonni qoʻliga oldi.

– Aziz yurtdoshlarim, sizlardan, mana bu yerda oʻtirgan ustoz Abdusalom akaning farzandlaridan, oqsoqollardan bir iltimosim bor edi. Agar meni chindanam yaxshi koʻrsalaringiz, ustozdan yodgorlik qolgan sibizgʻani menga bersangizlar, iltimos.

Davra yana gulduros qarsaklar, qiyqiriqlar bilan chempionni olqishlashdi.

Bu orada oyoqqa turib ketgan Quvondiq qaysar qoyaday qad kerib chor-atrofga mamnun iljaygancha koʻz tashlar, kimlargadir allanima deya bosh irgʻar edi.

Men ich-ichimdan quyunday qoʻzgʻalgan quvonchu xoʻrlikka qorishib Davrondan koʻz uzmay turardim. Doʻstim yonidagi bosh hakamga nimadir dediyu sekin sidrilib davra tashqarisiga chiqib ketdi.

– Qani, yosh polvonlar, yana davraga marhamat, – dedi bosh hakam tagʻin mikrofonni qoʻliga olib.

Men ham odamlarni surib-turtib davra tashiga chiqdim. Muzdek epkin yuz-koʻzimni xush silab oʻtdi.

Yuragim gurs-gurs urgan koʻyi Davron ketgan tomonni tusmollab joʻnadim. Adashmagan ekanman. Doʻstim yelkasiga ogʻir yuk ortilgan hammolday mashinalar tomon ogʻir-ogʻir odimlardi. Ortidan yugurdim.

– Davron, – dedim tovushim titrab, – doʻstim…

U ohista ortiga oʻgirildi. Men uch-toʻrt qadam berida beixtiyor toʻxtab qoldim.

– Nega unday qilding, nega?

– Sen… sen rostdanam dunyodagi eng kuchli, eng dovyurak polvonsan, Norsoat.

Tomogʻimga tiqilgan quvonchu xoʻrlik koʻzlarimdan tirqirab chiqa boshladi.

– Kechir meni, doʻstim, iltimos, kechir.

– Yoʻq, sen kechir, – dedi Davron ham tovushi titrab, – senga koʻp ozor berdim.

Ovozim tobora xirillab, soʻnik chiqardi.

– Sen mard, halol insonsan…

– Yoʻq, senga teng kelolmayman, – dedi Davron kaftlarini koʻziga tegizib olarkan, – sen mardlarcha sevgining quli boʻlolding, men esa hali sevgining oʻzini ham topolganim yoʻq.

Biz yuzma-yuz turib qoldik.

– Qanchadan-qancha maydonga tushdim, ne bir polvonlarni yiqitdim, – dedi Davron chuqur tin olib, – lekin doim oʻzimni magʻlubday his qildim, hech koʻnglim koʻtarilmadi.

– Nega, axir…

– Chunki Tanzila urgan shapaloqning achchigʻi, koʻzlaridagi nafrat meni doim quvib yurdi.

– Iltimos, bizni kechir, Davron, – dedim ochiq-oshkora koʻz yoshlarga qorishib.

Doʻstim ogʻir-ogʻir bosh chayqab, uzun uff tortib yubordi.

– Dunyo kezib, ikki haqiqatni angladim, Norsoat, eng birinchisi chin polvonning joyi panada ekan, shuni bildim. Ikkinchisi… har polvonning oʻz sibizgʻasi boʻlsin ekan…

– Ustozning goʻri nurga toʻlsin, iloyo.

– Ha, u inson ming-ming marta haq ekan.

Biz Absal polvonni yana qayta topib olgan edik.

Hali ham devday kuchli ekansan.

– Men toqqa turtinib ketganday boʻldim boya.

– Norsoat, – dedi doʻstim musht qilib tugilgan qoʻlini boshi uzra koʻtararkan.

– Davron, – dedim men ham havoga qoʻl sermab.

– Quyosh hali botmagan!

Ikkimizning hayqirigʻimizdan koʻk toʻla yulduzlar toʻzib yelkamizga sochilganday boʻldi.

 

Luqmon BOʻRIXON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.