Qulfbuzar

0
213
marta koʻrilgan.

Shaffof matoh ustiga tushgan dogʻday shuvalib, toʻzgʻoq bir tarzda yayralib koʻrinayotgan yashil ranglar shaftoli daraxtining yaproqlari, qizgʻish dogʻlar esa uning mevasi… Oddiy shaftoli daraxti uchun bunchalik katta xarajat qilish, uning atrofini shisha devorlar bilan oʻrab, eshigiga qulf urib qoʻyish oddiy odamning ishi emas. Bu odam yo afandi, yoki faylasuf. Qulfbuzar miyasining chuqur qavatlarini qanchalik hafsala bilan titkilamasin, shu asnoda Leanardo da Vinchidan boʻlak birorta buyuk aql egasining nomi yodiga kelmadi. Aslida uning kasbu kori olimlaru kashfiyotchilarning fan – texnika sohasidagi ixtirolari bilan bogʻliq. Xususan, faylasuflardan qoʻrqqulik.

Inson psixikasini oʻrganish va oʻrgatishda bu qavmga teng keladigani yoʻq. Masalan, oʻgʻri-qulfbuzar qanday shaxs? U birorbir boyvachchaning uyiga oʻgʻirlikka tushish uchun ne chogʻli tayyorgarlik koʻradi? Bu paytda uning ruhiy holatidan nimalar kechadi? Aslini olganda, qulflarning tobora va kun sayin takomillashib borishi va yangidan yangi minglab sinoatga ega boʻlgan qulflar yaratilayotganligi ham inson ongining va qoʻlining mahsuli. Ixtirochi yangi qulf yaratish ustida oʻylarkan, albatta qulfbuzarni nazarda tutadi, uni koʻz oʻngidan qochirmaslikka harakat qiladi. Qulf ichiga murakkab mexanizmlarni joylash jarayonida “Qani, mana bunisini ham ochib koʻr-chi”, deb oʻz ixtirosining sinoatlaridan mamnun jilmayadi. “Bechora qulfbuzar”, deb hatto zaharxanda qilib qoʻyadi. Shuning uchun ham men bu tipdagi kishilarning hayotini va ixtirolarini sinchiklab oʻrganaman. Bu hayot taqozosi. Qulflar esa…

Qulfbuzar ana shunday xayollar bilan shisha devorga, bir tup shaftoli daraxtini qoʻriqlab turgan qimmatbaho va koʻrinishidan ichki qurilmasi oʻta murakkab qulfga sinchiklab qaradi. Qizgʻish yaltiroq va aftidan juda mustahkam metalldan yasalgan qulf ham oʻz kushandasini mensimaganday, goʻyoki eng soʻnggi modada kiyinib koʻchaga chiqqan ayolday tamanno qilib turardi. Shisha devor qay darajada qalin boʻlmasin, uni sindirib xonaga kirish hech gap emas. Ammo haqiqiy qulfbuzar bunday qilmaydi. Qulf qanchalik murakkab qurilmaga ega boʻlsa, qulfbuzar uchun shuncha qiziq. Oʻz gʻanimining ustidan gʻalaba qozonishga boʻlgan ishtiyoq shunchalik sarbaland. Aslida qulflar Tirkash uchun gʻanim ham emas, balki… Bilasizmi, insonlar oʻrtasida tushunish biroz murakkab boʻlgan gʻalati bir ruhiy holat bor: erkak zotiga qiyo ham boqmaydigan va oʻzining beqiyos jozibasiga ortiq darajada ishongan ayolni qoʻlga olish uchun baʼzi bir kishilar bor ilmu amallarini ishga soladilar va agar uning muhabbatiga sazovor boʻlsalar, oʻzlarini dunyodagi bor erkak zotining kulangiri deb biladilar. Hech kim egar urolmagan asov otni jilovlagan chavandozda ham shunga oʻxshash holatni kuzatish mumkin. Tirkashni tushunish uchun qilingan bunday muqoyasa balki nojoizdir, faqat qariyb bolalik paytlaridan boshlab butun umr qulflarga qiziqib, ularni boʻysindirish, inson qoʻli va aqlining nimalarga qodirligini namoyish etish unga beqiyos zavq bagʻishlab kelgan va hayotining mazmuniga aylanib qolgan.

Qulfbuzar gʻanimiga “sabr qilib tur” deganday bir qarab, koʻz qisib qoʻydi-da, xayolidan oʻtgan fikrlar taʼsirida shisha devordan uzoqlashdi. Uning xatti-harakatidan mutlaqo shoshilmayotganini anglash qiyin emas. Darhaqiqat, u shisha uychadan uzoqlashib, hovlini bamaylixotir kezib chiqdi. Va koʻp yillik tajribasida sira duch kelmagan holatni koʻrdi. Bir tup shaftoli qulflab qoʻyilgani holda, uy eshigi va undagi barcha xonalar ochiq!

Ayniqsa, devorlari turli koʻrinishdagi rasmlar bilan toʻla keng zalni va boshqa katta-kichik xonalarni birma-bir kezib yurarkan (uning bamaylixotir kezib yurganiga sabab shuki, uy egasini bir necha kun davomida kuzatib, kechki govgum pallaga qadar qirlar orasida oʻtirib rasm chizishini va uyiga kech qaytishini bilib olgan edi), rassomning uyida suvratlar, boʻyoqlaru behisob chizgilardan boʻlak hech vaqo yoʻqligini angladi. Suvratlar esa dunyoning yarim mulkiga bergulik. Ajabo! Shuncha qimmatbaho sanʼat asarlari joylashgan xonalar ochigʻ-u, bir tup shaftoli… Nogoh uning nazari jilmayib turgan ayol suvratiga tushdi. Bu Leanardo da Vinchining Jakondasi. Ha, Mona Liza deganlari shu ayol. Uning tabassumi toʻgʻrisida uch mingdan ortiq asar yozilgan. Ammo hali biror bir tadqiqotchi bu tabassum bilan Mona Liza nima demoqchiligini isbotlab berolgan emas. Men esa bilaman, xayolidan oʻtkazdi Tirkash – sochi toʻkila boshlagan yargʻoq boshini silab – Mona Liza: “Ayol qalbi – eng sirli qulf”, deb turibdi. Tirkashning xayolida oʻzga shaharning uzoq bir goʻshasida qolib ketgan ayol siymosi jilvalandi. Muhabbat, rashk va nafrat, ayriliq… Qulflar ayolning dushmaniga va balki kundoshiga aylangan onlar… Tirkashni sevimli kasbidan ajratishga, uni qulflar sehridan judo qilishga urinib yashagan ayol endi yoʻq. Oila qoʻrgʻonining buzilishiga sabab boʻlgan nizo bundan yetti oy muqaddam roʻy berdi. Tirkash eng yangi rusumdagi qulfni sotib olib uyiga qaytarkan, Surbinani koʻrdi. Ayol uni kutib derazadan qarab turardi. Ammo Tirkash uyga emas, hovli adogʻidagi omborxonaga yoʻl oldi. Tezroq qulfni ochish, ichki mexanizmlarini koʻzdan kechirish, sxemasini chizish va uni qayta terib, ochqich qurollar yordamida, kalit ishlatmasdan ochish ishtiyoqida yonardi. Bir yuz sakson ming tilsimga ega boʻlgan va “Skrinkira” deb nomlangan ingliz qulfi, haqiqatan ham, yechilmagan jumboq. Tirkash uch kecha kunduz berkinib olgan goʻshasidan chiqmay, kulf bilan birga boʻldi.

Tunlar koʻz yummay uni silab siypaladi. Bagʻriga bosib yotdi. Uni oʻzidagi bor hissiyot bilan avradi va erkaladi. Skrinkira esa roʻyxushlik berishni istamas, shu jihati bilan Surbinaga oʻxshardi. Bu tipdagi qulf kalitning ichki mexanizmlariga tomon kirib borishiga dastlab yengilgina qarshilik koʻrsatadi, nimanidir xohlamayotganday, nimadir unga ozor berayotganday va yana nimadir uni haqorat qilayotganday… Keyin esa naq qalbi ostida harakatlana boshlagan “kelgindi”ni osonlikcha qoʻyvorishni istamaydi. Pirovard natijada “shilq” etgan ovoz eshitiladi va qulf boʻshashib ketadi…

Tirkash Skrinkirani xona burchagida uyulib yotgan qulflar toʻdasi tomon otib yubordi. Chunki uning siri ochilgan va endi qulfbuzarni avvalgidek jozib kuch bilan oʻziga tortmasdi. Mudroq ichida devordagi suvratlarga qaradi. Faylasuflar, yozuvchilar… Rassomlar: Van Gog, P. Sezann, rangning tiniqligi va ohangdorligi uchun kurash. Postimpressionizm. Shu qatorda Roʻzi Choriyevning avtoportreti. Tirkash rassomchilikka qiziqib, sanʼat kollejida va keyinchalik institutda oʻqib yurgan kezlari bu rassom bilan yaqindan tanishgan, oʻqishdan haydalganidan keyin ham rassomning ustaxonasida maʼlum bir muddat istiqomat qilib turgan edi. “Inson toki maqsadiga erishgunga qadar oʻlib-tirilib, butun kuchini, tajribasini, makru hiylasini ham ishga solib harakat qiladi-yu, murodi hosil boʻlgandan soʻng oʻsha narsani buzuq qulfdek otib yuboradi? Bu holatni qanday izohlagan boʻlardilar suvratlardagi ulugʻlar?..” Tirkashning mulohazasi shu joyga kelganda eshik qarsillab ochilib, ostonada Surbina paydo boʻldi. Bu sevishganlarning soʻnggi muloqoti edi…

Mana, endi oʻzga bir xonadondagi suvratlarni tomosha qilarkan, bir necha soniyaga choʻzilgan ruhiy muloqot birdan barham topdi. Qandaydir mubham bir kuch uni ortiga oʻgrilib qarashga undadi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, oilasini buzgan va soʻnggi qattol jangga sabab boʻlgan Skrinkira devor sirtidan unga “qarab turardi”. Qulf yorqin boʻyoqlarda shu darajada mukammal chizilgan ediki, Tirkash beixtiyor choʻntagini kovlashtirib sinxron ochqichni paypaslab qoʻydi va bu yerga ne maqsadda kelganini eslab qolib, eshik tomon yurdi. Shisha uy eshigini Skrinkiraning oʻzi hamon oʻsha alpozda qoʻriqlab turibdi. Lablarida qotib qolgan istehzo bilan qulfga yaqinlashdi Tirkash. Raqibining bor ilmu amalini yaxshi biladigan polvonlar yuzida boʻladi odatda bunday tabassum. Qulfbuzarning sezgir barmoqlari qulf sirtini sermab oʻtdi. Ochqich ishga tushdi. Skrinkira uzoq qarshilik koʻrsatmay taslim boʻldi. Eshik ochildi. Xona ichida bir toʻp shaftoli daraxtidan boshqa hech narsa yoʻq. Lahza ichida vaziyatni baholadi Tirkash. “Bu bir niqob” xayolidan oʻtkazdi u. Oddiy bir daraxt himoyasi uchun bunchalik eʼtibor, ehtiyotkorlik va xarajat qilish aqlga sigʻmaydi. Demak, uy egasining xazinasi shu yerda. Ammo tajribali oʻgʻrilarga xos hissiyot bilan angladiki, bir gilam kattaligidagi chogʻroq maydonchada xazina ham, dafina ham yoʻq. Devorlar esa shaffof shishadan. Aqlli odam xazinani tuproq tagiga koʻmmasligi ham ayon. Demak, daraxtning oʻzida bir gap bor. Yam-yashil uzunchoq barglar, qizarib pisha boshlagan mevalar, gʻadir-budir tana, shoxlar va novdalar… Tanasi u qadar yoʻgʻon ham emas. Bor-yoʻgʻi oʻn besh yil atrofida umr koʻradigan bu daraxt – tanasining oʻlchamiga va shox-shabbalarining hali qoraqoʻtir poʻstloq bilan qoplanib ulgurmaganiga qaraganda – nari borsa, yetti-sakkiz bahorni koʻrgan. Uning haqiqiy ayollik davri hali oldinda. (Tirkash shaftoli daraxtini hamisha ayolga qiyoslardi). Bir umr bogʻbonlik kasbiga sodiq qolgan otasidan yagona meros edi bu gap. Qulflar siriga qiziqmaganimda albatta otamning kasbini egallagan boʻlardim, deya xayolidan oʻtkazdi qulfbuzar. Va daraxt tanasini silab qoʻydi. Barmoqlari tananing orqa tarafidagi qandaydir silliq va yumshoq tuganakni paypaslab oʻtdi. Arpa boshogʻidek qalin va qoʻngʻirtob qoshlari chimrildi uning. Uzun, ingichka va sezgir barmoqlar yana ortiga tomon harakatlanib, oʻsha tuganak ustida toʻxtadi. Tirkash daraxt tanasini aylanib oʻtib, poʻstloqqa mahkam yopishgan qahrabo rangdagi yelimshakni koʻrdi. Bu kasallik va isyon alomati. Nimadandir azoblansa, oʻzini qiynayotgan kuchga boʻlgan gʻazabini yelimshak vositasida anglatadi daraxt. Daraxtni azoblagan narsa parmaning izi. Yelimshakni qoʻporib oldi va uning ostida oddiy qalamning uchi sigʻadigan kavakni koʻrdi. Parma qoldirgan jarohat hali bitib ulgurmagan. Yoki uy sohibi tanadagi teshikni begona koʻzlardan berkitish uchun yelimshak bilan niqoblab qoʻydimikin?

 

“Bulbulning koʻziday bir dona gavhar –

Poda-poda hoʻkizlar galasiga teng”.

Dabdurustdan yodiga kelgan bu misralar Qulfbuzarning xayolini band etgan yangi bir fikr ifodasi edi. Shaftoli tanasidagi kavakda gavhar yashirib qoʻyilgan boʻlsa-chi?! Xazinani yashirin saqlash uchun bundan-da antiqa va bundan-da makkorona usul boʻlishi mumkinmi? Butun dunyo oʻgʻrilari birgalashib qirq kecha-kunduz oʻylasalar ham, ularning xayoliga kelmaydigan ish. Oʻz fikri oʻziga bachkana va asossiz koʻrindi, rassomda gavhar ne qilsin! Shunday boʻlsa-da, qoʻynidan qizil dastali sinxron ochqichni olib, kavakka suqib koʻrdi. Ochqich qandaydir mayin, kukunsimon bir narsani kesib oʻtganini ilgʻadi. Bunday pallada ochqich barmoqlarning goʻyoki davomiga aylanar va eng murakkab elektron oʻlchov uskunalar ham ilgʻay olmaydigan tebranishlarni sohibining barmoqlariga olib uzatardi. Daraxt tanasidan yuqoriga tomon shiddat bilan koʻtarilayotgan sharbat oqimini, yerning nafasini ilgʻadi asbob va bu oqimga yana qandaydir mubham zarralar ham aralashib borayotganini barmoqlarga yetkazdi. “Kavakda gavhar yoʻq, qandaydir kukun bor”, dedi ochqich oʻz tilida. Ammo bu holat qulfbuzarni tashvishlantirmadi. Eng muhimi bu emas. Yetti oy muqaddam oʻtkazgan tajribasini bugun amalda sinab koʻrdi. “Skrinkira” unga oʻzini bagʻishladi! Ana shu muhim!

“Shaftolixoʻrlik qilishdan boshqa ishim qolmadi” – xayolidan oʻtkazdi Tirkash, qoʻllarini yengsiz jujunchasining bariga artarkan. Endigina rang ola boshlagan mevalar hali yetilib pishmaganligini bilsa-da, kuchli chanqoq taʼsirida daraxt tanasidan ushlab qattiq silkiladi. Tap-tup etib uch dona shaftoli tushdi. Ulardan birini olib jujunchasining mayda toʻr tutilgan koʻkragiga artib surtdi va sabrsizlik bilan karsillatib tishladi-yu, bu yerga nima maqsadda kelganini tamoman unutdi. Shaftoli mevasi hali dumbilroq boʻlsa-da, shirin va xushboʻy! Soʻngra qizgʻish, gʻadir-budir uch dona danakni kaftiga olib, butun boshli daraxtni, uning yaproqlariyu mevalarini, rangi va taʼmini va hattoki tomirlarini ham oʻzida mujassam etgan bu moʻjizaga, hech qanday kalit bilan ochib boʻlmaydigan bu “qulf”ga bir muddat tikilib oʻtirdi, chuqur xoʻrsindi va qandaydir shirin xayol taʼsirida bosh tebratib qoʻydi. Keyin danaklarni choʻntagiga solib oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Turolmadi, choʻkkalab qoldi. Ichida kuchli ogʻriq qoʻzgʻalib dunyo koʻziga bir tutam boʻlib koʻrindi. Yiqilmaslik uchun daraxt tanasini mahkam quchoqladi va najot kutganday osmonga qaradi. Daraxt osmon toqida chirpirak urib aylanar, yaproqlar shovullar, shaftolilar dona-dona boʻlib, moviy boʻshliqni qizgʻish ranglar bilan boʻyardi…

 

Neʼmat ARSLON

 

“Yoshlik”, 2016 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.