Qoziq

0
289
marta koʻrilgan.

Qishloq bolasining vazifasi – mol boqish. Bizning ham sigirimiz bor edi. Tengqur bolalar bilan jiydazorda mol boqardik. Adashmasam, oʻshanda beshinchi sinfda oʻqir edim. Jiydazorda oʻt koʻp. Bekinmachoq oʻynashga ham qulay joy. Faqat kun botar-botmas, har kim oʻz molini yetaklab uyiga joʻnardi. Jiydazorda ajina bor, yolgʻiz yursang, ogʻzingni qiyshaytirib ketadi, degan vahima gaplar yurardi. Mening sigirim yuvosh boʻlsa ham bir aybi bor edi. Nuqul qozigʻini sugʻurib “daydib ketardi”. Bilasiz, qoziq yogʻochdan yasaladi. Har kuni qoqavergandan keyin boshi yediriladi, sinadi. Qarabsizki, boshqa qoziq yasash kerak.

Shunday kunlardan birida temir qoziq topib oldim. Boshida halqasi ham, hatto uzilib qolgan bir-ikki qarich arqoni ham bor. Oʻrtoqlarimdan “Kimning qozigʻi?” deb soʻrasam, egasi chiqmadi. Sevinib ketdim. Sigirimni yangi qoziqqa bogʻlab qoʻydim: endiyam sugʻurib koʻrsin-chi!

 Oʻsha kuni emas-ku, ertasiga gʻalati ish boʻldi. Kechasi endi uxlagan ekanman, oyim: “Adang chaqiryaptilar, turarkansan”, deb qoldi. Hayron boʻlib ayvonga chiqsam, otam qovogʻini uyib oʻtiribdi. Qoʻlida oʻsha temir qoziq.

– Qayoqdan olding buni? – dedi tahdid bilan.

Otamdan qattiq hayiqardik. Qoʻrqib ketdim.

– Topib oldim, – dedim rostini aytib.

– Qayerdan?

– Jiydazordan.

– Qaysi jiydaning tagidan?

– Qiyshiq jiydaning.

– Jiydaning toʻgʻrisi boʻlmaydi, qaysi birining tagidan? Koʻrsang, taniysanmi oʻsha jiydani?

– Taniyman, – dedim qoʻrqa-pisa.

Otam qoʻlimga qoziqni tutqazdi.

– Xuddi oʻsha jiydaning tagiga tashlab kelasan!

Yuragim orqaga tortib ketdi. Jiydazorda “ajina” borligi esimga tushib, talmovsirab qoldim.

Ayvon burchagida turgan oyim yalinadi:

– Tashlab keladi, adasi, tong otsin, albatta, tashlab keladi.

– Sen aralashma! – dedi otam eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda.

Uygʻonib, ichkaridan chiqqan akam hammasini tushundi shekilli, kostyumini kiya boshlagan edi, otam jerkib berdi:

– Sen qayoqqa?

– Birga borib kelamiz.

– Yoʻq! – dedi otam shiddat bilan. – Oʻzi topganmi, oʻzi oborib qoʻyadi!

Kuz, salqin tushib qolgan, gʻira-shira koʻroydin… Qoʻ­lim­da muzdek temir qoziq bilan yoʻlga tushdim. Jiydazor-ku uzoq emas. Ammo unga yetguncha Darxon ariq ustidagi koʻhna koʻprikdan oʻtish kerak. Odam yolgʻiz qolsa kunduzi ham qoʻrqadigan qingʻir-qiyshiq jiyda chakalakzori orasiga kirish kerak. Aksiga olib, yaramas qoziqni Qonqus anhori boʻyidagi daraxt tagidan topganman.

Salqin havodanmi, qoʻrquvdanmi oyogʻim qaltirab koʻprikdan oʻtdim. Gʻira-shira koʻroydinda sirli sukunat choʻkkan jiydazorga kirdim. Nazarimda har bir daraxt orqasida nimadir berkinib turgandek edi. Qayerdadir boyqush “huv-huv”ladi… Ros­tini aytsam, Qonqus boʻyigacha bormadim. Qoʻlimdagi qoziqni kuchim boricha uloqtirib orqaga qarab yugurdim.

Oyim bilan akam koʻchaga chiqib kutib turishgan ekan…

Labimga uchuq toshib, bir-ikki kun achishib yurganini hisobga olmaganda hech nima boʻlmadi… Faqat oradan bir oycha oʻtgach, otam shu masalaga qaytib, bir gap aytdi.

– Sen topib olgan qoziqqa bogʻlangan sigir arqonini uzib, adashib ketgan boʻlsa yoki birov oʻgʻirlagan boʻlsa-yu, qoziq sening uyingdan chiqsa, egasi seni oʻgʻri gumon qilsa, nima boʻlardi?

Otamning savoliga javob yoʻq edi.

 

 

Oʻtkir Hoshimov,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.