Qoʻshni

0
266
marta koʻrilgan.

Kvartiraga ertaroq keldim. Xonaga kirib, palto, soʻng kostyum-shim, boʻyinbogʻimni yechdim-da, uy kiyimlarimni kiyib, oshxonaga oʻtdim. Gazga tovani qoʻyib, yogʻni qizdirib, tuxum pishirishga taraddudlanib turgandim, eshik taqilladi. Borib ochdim. Bir ayol. Egnidagi gul-gul koʻylagi badaniga allanechuk yopishib turibdi. Usti jiqqa hoʻl. Yuzidagi qator-qator ajin boʻynigacha choʻzilgan. Roʻmolning ostidan koʻringan sochlari paxtani eslatib yuboradi. Quyoshda koʻp yurganidan boʻlsa kerak, boshidagi roʻmol oqarinqiragan. Qoʻllari nozik va ozgʻin. Yuzi choʻzinchoq. Iyaklari boʻrtib chiqqan. Qulogʻida katta zirak osilib turibdi. Koʻzlari biroz choʻkkan. Bugʻdoyrang. Qirraburun. Lablari quruqshagan… Eshikni kengroq ochib, salom berdim hayratimni yashirishga urinib.

– Bezovta qildim, uzr, ogʻa, – dedi u ham salom berarkan, koʻzlarini mendan olib qochib.

– Yoʻq, yoʻq. Nega, marhamat, kiring! – dedim (oxirgi soʻzim: “kiring” deganimdan oʻzim xijolat tortdim). – Nima xizmat?

– Anovi xonaga koʻchib kelgan yangi qoʻshningizman, – dedi u, biz turgan yerdan bir necha eshik nariroqdagi keng ochib qoʻyilgan, oqqa boʻyalgan temir eshikka imo qilib. – Oshxonadan suv tortmay qoldi. Urindim, lekin boʻlmadi. Santexnik chaqiray desam… – deya xijolatomuz oyogʻining uchi bilan yer chizdi.

Men ayolga tikilib qaradim. Chamasi, u yerdan bir yarim metr balandroq edi.

– Albatta, albatta! – dedim shoshib. Soʻng “men hozir” degandek, oshxona tomon yurdim va gazni oʻchirib, eshikni qulflab, ayol bilan uning xonadoniga yurdik. Ichkariga undan soʻng kirdim. Bir qarashda bilganim: bir xonali kvartira, oshxona bilan vannasi bor – ular yonma-yon, hojatxona vannaxonaning ichida. Bir-ikki qadam ichkari bosishim hamono issiq, dimiqqan havo bilan gʻalati hid dimogʻimga urildi: juda oʻtkir va koʻngilni koʻtarar darajada – balchiq hidi! Toza havo deyarli yoʻq. Oshxonaga yetgach, bildimki, oyoq osti juda rasvo, ivirsib yotibdi. Biroq men hech narsaga eʼtibor bermay ishga kirishdim. Xayriyat, tiqilib qolgan allanimalarni uy sohibasi bergan sim bilan quvurdan tezda olib tashladim. Oshxonadagi rakovina atrofi chiqindilar bilan toʻldi. Oyoq osti haliyam rasvoyu raddi…

– Mana, boʻldi! – qaddimni rostlab, ayolga qarab jilmaydim.

– Ay-y, bu ortiqcha bosh ogʻrigʻi boʻldi-da, – ayol shoshib qoldi. – Sizga katta rahmat! – “rahmat”ni u shunday samimiyat bilan aytdiki, etim jimirlab, jarangdor ovozi qulogʻimni shirin qitiqladi.

– Arzimaydi-ye! – dedim-da, qoʻllarimni yuvish uchun vannaxonaga kirdim. Qoʻlimni naridan-beri chaygan boʻlib “Boshqa xizmat boʻlmasa, menga ruxsat”, deya ketishga chogʻlangandim, ayol bir piyola choyga taklif qildi. Oldiniga, rosti, ikkilandim, aniqrogʻi, hayratim oshdi. Har holda, begona ayol, men – kap-katta erkak, hayhotday uy, ikkimiz yolgʻiz chaqchaqlashib oʻtirsak toʻgʻri boʻlmas. Uy sohibasi ham buni angladi chogʻi, biroz tek turdi-da, keyin dadillashib, goʻyo ahd qilgandek taklifidan voz kechmadi. Garchi bu kutilmagan taklif boʻlsa-da, sezardimki, oʻzim ham ich-ichimdan bu ayol bilan gurunglashishga rozi boʻlib turgandim. Shuning uchun ichimda “Oxiri baxayr boʻlsin-da”, deya taklifga mayl bildirdim. Yakkayu yagona xonaga kira turib oyogʻimdagi shippagimni yechishga chogʻlangandim, sohiba bunga ruxsat bermadi. Xonaga kirgach, yon-atrofga koʻz qirimni tashladim: bir xonali kvartira boʻlsa ham, juda keng ekan – zalni eslatadi. Ammo bu yerni shinam deb boʻlmasdi. Gilam ham yoʻq. Polning oʻzi. Faqat u-bu yerga qop yorib solingan, xolos. Qarama-qarshi qilib joylashtirilgan ikkita karavot. Narigi burchakdagi karavotning ustiga sanoqli koʻrpa, koʻrpacha va yostiq yigʻib, ustiga adyol tashlangan. Devorning har-har joyida chivin-pashshalardan qolgan dogʻlar bor. Lampochkali kabel shiftdan osilib, sal qiyshayibroq qarab turibdi. Ayol lampochkani qoʻli bilan burab oʻchirish uchun oʻziga qulay qilib, boʻyiga moslab olgan boʻlsa kerak. Xona oʻrtasida ikki kishilik stol-stul.

Xotin qoʻli bilan stulni koʻrsatib, oʻzi oshxona tomon yurdi. Men dafʼatan chiqarilgan hukmga boʻysunuvchi “mahbus”dek koʻrsatilgan joyga borib choʻk tushdim. Taxtadan yasalgan kursi judayam nozik ekan, oʻtirishim bilan ogʻrinib gʻijirladi. Ortiqcha harakat qilinsa, tamom – undan ajrab qolish mumkin. Shuning uchun omonatgina, ogʻirligimni oyoqlarimga tashlab oʻtirishga urindim. Stulga joylashib, yana xonaga nazar tashlarkanman, atrofim toza va ozoda ekanligiga amin boʻlgandim.

– Siz nima ish qilasiz? – oshxona tomondan xotinning ovozi keldi.

– Arxeologman!

Nimadir deb kuldi xotin. Men uning kulganini eshitdim, xolos. “O, zoʻr-ku!” degan boʻlsa kerak.

Soʻng yana xonadagi har bir detalga sin solib qarashni boshladim. Kirgandayoq devorda osilgan suratga eʼtibor bermagan ekanman, hozir oʻsha tomonga oʻgirilib, suratni tomosha qildim: unda uzun, qora sochini bitta qilib, yelkasidan tashlab olgan yosh kelinchak asosiy planda koʻrinadi, uning kiftidan tutgan, qalin moʻylovli kishi – erkakning jingalak, dagʻal sochi yelkasiga tushib turibdi, sochu moʻylovi oʻziga xoʻp yarashgan; ayol atlas koʻylakda; erkak yoqali plash kiygan; ikkovining ham lablarida tabassum; ularning oʻrtasida dumaloq yuz, qoʻngʻir sochli, chamasi, uch yoshlardagi qizaloq – atlas koʻylakchada – mayin, shirin jilmayib, momiq, doʻmboq qoʻlchalarini menga tomon qoqib turibdi.

– Arxeologman deng! – ayolning ovozi kuzatuvlarimga nuqta qoʻydi.

– Shunday-shunday, – dedim shoshib.

– Men esa Qoʻyliq bozorida gazsuv sotaman, aravachada.

– Gazsuv?! – hayratlanib, ovoz kelgan tomonga qaradim, u koʻrinmadi.

– Tirikchilik, ogʻa, – dedi u. Shunda sezdimki, xotin men oʻtirgan stul oldiga deyarli kelib qolgan edi. Qoʻlida temir choynak va chetlari uchgan juft piyola. Gaz ustida koʻp turganidan boʻlsa kerak, choynak qoraygan. Ayol qoʻlidagilarni stol ustiga qoʻydi va menga qarama-qarshi stulga choʻkdi…

– Bu xonada yosh yigitlar turar edi, – deya u uzatgan piyolani oldim.

– Hmm. Boʻlsa bordir, – dedi u beparvo. Keyin: – Ochigʻi, bu joyni topguncha boʻlarimcha boʻldim, – deya tabassum qildi. – Bu yerdan maktabga yaqin ekan. Oʻgʻlim maktabni tugatsin, boshqa kvartira qidiraman. Bu yil sakkizni tamomlaydi u.

Men uning gapidan lol edim. Hayratim yuzimga tepdi, chogʻi, ayol tabassum bilan boshini sarak-sarak qilib qoʻydi-da:

– Koʻp qariga oʻxshatganmidingiz, a? – dedi (ammo hali ham kulib turardi).

– Ha, yoʻgʻ-e, – jilmayishga urindim, – faqat, siz…

– Yaqinda qirq ikkiga toʻlaman.

– Lekin… Ochigʻi… – kalovlanib qoldim nima deyarimni bilmay.

U menga shunaqa degandek yelka qisdi. Keyin juda horib qolgandek, boshini biroz egdi va peshonasini tirishtirdi.

– Uydan chiqib ketganimga koʻp boʻldi, – ayol koʻkragini toʻldirib nafas olib chiqardi. Keyin allaqanday achinarli tumshayib oldi. – Turmushim ham buzilgan, – u koʻzlarini yerga tikdi. – Xoʻjayin yana xotin olgisi kelib qoldi. Oldi ham. Shunda men ota uyimga qaytdim… – deb choynakka qattiq tikildi.

Negadir men tim tortdim. Yoʻq, yoʻq, eri bilan ajrashgani uchun emas. Shunchaki… Lekin unga ich-ichimdan taskin berishni istardim ham. Ammo tilimga biror-bir arzigulik soʻz kelmayotgan edi. Nima qilishni bilmay, timirskilandim. Soʻng xayolimga kelgan oʻy tilimga-da koʻchdi:

– Demak, oʻgʻlingiz maktabda oʻqir ekan-da?

– Ha, halizamon keladi oʻziyam, – deya boshini koʻtarib menga qaradi. Men uning horib, kirtayib qolgan koʻzlarini koʻrdim. Koʻz qorachiqlari negadir oqargan, ham qizarinqiragan edi. – Qizim ham bor. U qishloqda.

– Qizingiz… – deb yelka osha devordagi suratga bir qarab oldim.

– Turmushga chiqqan u, – ayol ham oʻsha rasmga termildi. – Egizak nabiralarim ham bor. Hasan-Husan!

– Juda baxtli ekansiz.

– Boʻlmasam-chi! Judayam baxtliman! – deya choynakni koʻtarib, piyolamga choy quydi. “Rahmat” deganday bosh irgʻadim. Soʻng ikkimiz ham jim qoldik. Goʻyo endi gurunglashgani boshqa gap qolmagandek. Birdan ketish kerak degan fikr miyamga urildi. Ammo ayol fikrimni koʻzimdan uqqandek soʻzlay boshladi (harqalay, ketishimni istamayotgandi):

– Qizimni, nabiralarimni sogʻinaman, – u piyola chetini qoʻli bilan siladi, – onamniyam koʻrmaganimga yillar boʻpketdi. Qizim bilan-ku telefonlashib turamiz. Ammo onam… – ayol stulni orqaga surib, oʻrnidan turdi va vannaxona tomon chayqalib yurib ketdi. Sezdimki, uning koʻzlari yoshlangan edi. Vannaxonadan xotirjam chiqib kelib, yana joyiga oʻtirdi. Koʻzlarining ichi hali ham qontalash. Yanoqlari ham biroz qizargan. Lekin u bu odatiy holdek, gapning kelgan joyidan davom eta boshladi. Men uning jarangdor ovozi ham yuzi kabi xira tortib qolganini sezdim.

– Erim bilan ajrashganimdan keyin akalarim menga qaramay qoʻydi, – dedi u. Yelkalari koʻtarilib tushdi. – Lekin ularni ayblash yoʻq. Bilaman, har kimning oʻz tashvishi bor, – u maʼyus jilmaydi. – Qizimni turmushga uzatgach, oʻgʻlimni olib rizqimni Oʻzing ber, deb shu yerlarga keldim. Oʻgʻlim oʻqimishli odam boʻlishi kerak-da… Bilaman, bilaman. Uning aqli kiryapti. Baʼzan manam siz bilan bozorga chiqsam, koʻproq pul topsak boʻlmaydimi, deydi. Qoʻymayman. Agar xoʻp desam, oʻzingiz ayting, nima boʻladi?! Kallasi buziladi. Pulga qiziqib ketmaydimi? Ketadi! Shunga qarshiman-da… – gapini toʻxtatib, tek qotdi. Soʻng toʻsatdan sheʼr oʻqidi. Yoddan:

– Bu gaplar bor edi Marksdan avval,

Yaʼni, qorni ochu va qorni toʻqlar.

Mayli, yumshatayin tashbehni sal-pal,

Imkoni borlaru imkoni yoʻqlar…

– Shoir men uchun yozgandek shu sheʼrni… – dedi u siniq tabassum bilan. – Buni kim yozgan, bilasizmi? – koʻzlarini qisib sinovchan tikildi, keyin yelka qisganimni koʻrib, oʻzi javob berdi: – Abdulla Oripov. Geroy shoir! “Imkon” degan sheʼri. Siqilsam, oʻqiyman, – Ayol piyolani labiga olib borib choy simirdi. – Qandaydir taskin beradi odamga. Bu kunlar ham oʻtar-da, deyman.

– Oʻtmay qayerga ham borardi?! – deya unga sinchkovroq razm soldim: u hamon oʻychan koʻzini piyolaga tikib turardi. Bildimki, shu damda kimlardir haqida chuqur oʻyga berilgan edi. – Men ham adabiyotga qiziqaman, aqini soʻrasangiz. Hatto bir nimalar qoralab yuraman.

Shunda uning menga qiya qarab, qoshini koʻtarib qoʻyganini koʻrdim. Keyin joʻngina qarab:

– Lekin hozirgi sheʼrning avtorini bilmadingiz! – dedi hafsalasi pir boʻlgandek.

– Bir sheʼrni bilmaslik, bu adabiyotga qiziqmaslik degani emas-ku, toʻgʻrimi? Qolaversa, men nazmgamas, nasrga qiziqaman.

U kinoyali kulib qoʻydi-da, hali ham oʻsha oʻychanligi bilan bosh irgʻadi:

– Bu ham toʻgʻri. Hikoyachimisiz yo roman yozasizmi?!

– Ha, yoʻgʻ-a, men arxeologman. Shunchaki, oʻzimcha qogʻoz qoralayman baʼzan… Lekin sheʼr ham oʻqib turaman. Ammo siz oʻqigan bu sheʼrga negadir duch kelmabman.

– Bu yangi sheʼri shoirning, oʻzimam yaqinda topib yod oldim. Yoqdi-da, yoqdi…

– Gap shunda-da, – dedim.

– Oʻzi sizga aytsam, pedagogman, – dedi ayol. – Adabiyotdan maktabda dars berganman. Ey, bunga ancha boʻldi. Qishloqda shunday edik, – u yanada shoshib gapirardi, goʻyo toʻxtasa gapini unutib qoʻyadigandek. – Toʻrtta akam bor. Bari bir stolning egasi. Oilada hammamiz oliy maʼlumotli boʻlganmiz-da! Akalarim meni yaxshi koʻrishardi. Yeru koʻkka ishonishmasdi meni…

– Qanday yaxshi!

– Ha, shunday, – nazarimda, uning ovozida yigʻi bor edi. U oila mavzusidan yana adabiyotga qaytdi. – Adabiyotning bagʻri keng. Bilsangiz, u hammaga quchoq ochadi. Faqat unga xiyonat qilmasangiz bas… Xiyonatchini xushlamaydi-da. Suyish kerak.

– Men havaskorman. Adabiyotning ichiga shoʻngʻish niyatimam yoʻq, – dedim biroz zarda qilib. – Agar shunday qilsam, tanlagan kasbim-chi?! Unga ham xiyonat qilgan boʻlaman, manimcha…

U kuldi. Goʻyo uning chehrasidagi kulgichlari berkinib turgandi-yu, dafʼatan hozir yuzaga qalqib chiqmoqda edi. Men ayolga juda qattiq tikilib qolgan ekanman. U biroz xijolat boʻlayotganini sezdim. Keyin koʻzimni undan olib, shiftga qaradim va chakki oʻtib, sargʻimtur tus olganini koʻrdim. Bu orada xotin qoʻllarini stolga tirab oʻrnidan sekin turdi-da, simli karavot qoshiga yetib, uning ostidagi ola sumkani oʻng qoʻli bilan tortib oldi. Ochdi. Sumkadan nimadir izlashga tushdi. Qidirgan narsasini topib olgan boladek yayrab-yashnab ketdi. Keyin shaxdam qadam bosib, oldimga keldi.

– Sizga mendan sovgʻa! – deya muqovasidan gulchambar taqqan qiz jilmayib qarab turgan kitobni uzatdi. Kitobni oldim: “Shukur Xolmirzayev, Oʻn sakkizga kirmagan kim bor”.

– Oʻ-oʻ, rahmat! Yomonam xursand boʻldim lekin! – dedim kitobni varaqlarkanman quvonchim ichimga sigʻmay (axir anchadan beri shu kitobni bir oʻqiyin, deb yurgandim-da, akasi).

– Oʻqimagan boʻlsangiz kerag-a?

– Toʻgʻrisi, asar haqida koʻp eshituvdim.

– Ichida zoʻr-zoʻr hikoyalariyam bor.

– Oʻqib boʻlgach…

– Qaytarishingiz shartmas, – dedi u stulga borib oʻtirarkan.

– Aytgancha, eringizdan aliment olasizmi? – tomdan tarasha tashladim men. Kitobni stolga qoʻya turib, hali “Erim bilan ajrashganman”, degani toʻsatdan esimga kelib qoldi.

– Aliment?! – chehrasida kinoyali istehzo paydo boʻldi ayolning. – Hay-hay demasam, u mendan pul talab qiladi-ku!..

– Lekin siz hali voyaga yetmagan bolani tarbiya qilyapsiz, qonuniy haqingiz bor-ku!

– Bor boʻlsa bordir. Ammo menga kerakmas uning puli! – dedi ayol tishlarining orasidan gapirib (shu asno uni oʻljasini qizgʻongan ona boʻriga oʻxshatdim xayolimda).

Kitobni qayta qoʻlimga olib, mundarijasini koʻzdan kechirdim.

– Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi” hikoyasini oʻqiganman, – dedim gapni boshqa yoqqa burish uchun. – Oʻshayam bor ekan. Zoʻr hikoya!

– Oʻ-oʻ, uni nechchi martalab oʻqiganman, oʻzimam bilmayman, – dedi u endi oʻziga kelib.

– Real chiqqan.

Ayolning tusi yana parishonlashdi:

– Adabiyotga xiyonat qilganman. Uni qadrlamaganman…

– Qanday xiyonat?..

Ayol lom-mim demadi, shunchaki “qoʻyavering” deganday qoʻl siltadi. Men uning yuziga tikildim. Ammo chehrasi… hech bir maʼno uqib boʻlmasdi.

Bu xonadonga kirganimda dimogʻimga urilgan yoqimsiz hid hamon uyda kezinib yurgan esa-da, burnim moslashib qoldi, shekilli, sezilmay ketdi.

Men stuldan qoʻzgʻaldim. Yoʻlkaga yetgach, ortimga oʻgirildim:

– Kitob uchun yana bir bor rahmat, – sal egilib taʼzim qilgan boʻldim. Keyin birdan shoshib gapirdim (goʻyo ayolni qayta koʻrolmaydigandek edim): – Sovgʻaga kimdan ekanligini yozib bermaysizmi?!

Ayol tabassum qildi. Yashirinib olgan kulgichlari yana oʻzini namoyon etdi-yu, tezda gʻoyib boʻldi. Xonaga shaxdam yurib kirib, ruchka olib chiqdi. Keyin kitobni olib, tik turgancha uzoq yozdi. Men orada:

– Meni qarzdor qildingiz, – dedim jimlikni buzib. – Sovgʻa borasida deyman.

U, nihoyat, boshini koʻtardi-da, kitobni menga uzatarkan, yayrab kuldi:

– Juda katta ish qilmadim-ku!

– Qarz qiyomatga qolmaydi! – deya kitobni havoda oʻynatib qoʻydim. – Albatta, qaytaraman. Tem bole, ayol kishidan qarzdor boʻlish… jentelmenga yarashmaydi…

Oʻz kvartiram sari yurdim. Koridorda keta turib, ortimdan “sharq” etgan ovozni eshitdim: qirq ikkinchi xonadon sohibasi eshigiga kalit solgandi. Xonamga kirib, oshxonaga oʻtdim – tovadagi yogʻ sovib qolibdi, ikki tuxum shu boʻyi turibdi. “Kim ham tegardi unga”. Koʻrpachaga oʻzimni tashladim-da, kitobni ochib, birinchi betidagi qoʻshni xotinning yozib bergan gaplarini oʻqishga tutindim: “Adabiyotni oʻyinchoq bilmang. U – abadiyatga eltuvchi yoʻl. Bir paytlar chiroyli sheʼrlar yozardim. Oʻz yoʻlimni topgandim. Keyin bir boyvachcha oʻquvchimning mukofotu mashhurlik uchun qilgan harakatlariga koʻmaklashdim. Unga qancha sheʼrlar yozib berdim. Pulni ayamasdi. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilidagi qoralamalarimdan u xursand boʻlardi. Oʻquvchim mukofot ham oldi, institutga kirdi, mashhur boʻldi… Lekin men oʻsha eski – oʻzim izlanib-izlanib topgan oʻz yoʻlimni yoʻqotib qoʻydim. Adabiyot mendan ana shunday oʻch oldi… Agar adabiyotga qiziqsangiz, sidqidildan yozishga kirishing! Boʻlmasa, oʻzingizni ham, boshqalarni ham aldamang! Bu kitob muallifi – adabiyotning chin fidoyisi. Fidoyilikni unutmang, deb arxeolog ogʻamga Gulsara Mirzayevadan”.

Kitobni yopib, koʻrpa chetiga qoʻydim-da, qoʻllarimni boshim ostida chalishtirgancha yolgʻizgina chiroq osilib turgan oppoq shiftga uzoq termilib yotdim. Xayollarimning uchini topolmay chalgʻidim-chalgʻidim. Keyin bir qarorga keldim-u, “Oʻt och”, komandasi berilgan askarday sakrab oʻrnimdan turib, xontaxta ustidagi tagiga allaqanday katta kitob – Stendalning “Qizil va qora”si boʻlsa kerak – qoʻyilgan noutbukimni oldim. Kompyuterni kavlashtirib-kavlashtirib, shu paytgacha yozgan va oʻzimcha ulkan adabiy monument deya hisoblab yurgan barcha hikoyalarimni – ehtimol, hikoya soʻzini qoʻshtirnoq ichida berganim durustdir – xullas, oʻshalarning barisini oʻchirib tashladim. Nega? Bilmadim. Balki, shunchaki qiziqishgina adabiyotga daxl qilish uchun, yozuvchilik daʼvosi uchun yetarli emasligini tushungandirman. Balki, adabiyot ulkan jasorat talab qilishi-yu, men bu qadar jasur emasligimni payqadimmi… Bilmadim. Ishqilib, shunaqa qilib qoʻydim, akasi!

 

Shohrux SAIDOV

 

Yoshlik”, 2017–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.