Qoʻshiqchi va shoir

0
64
marta koʻrilgan.

Ilhomiy yosh, umidli shoirlardan. Uch-toʻrt kitobi chiqqan. Oʻziga yarasha muxlislari bor.

Bir kuni shu shoirning uyiga qoʻngʻiroq qilishdi.

– Ismim Nargiska, – dedi qiz bola ovozi. – Qoʻshuv etaman. Mashhur boʻlishshi istiyman. Manga bitta choʻtkiy sheer kere. Uni Sizdan qachon osam boʻladi?

Ilhomiy kalovlanib qoldi. Toʻgʻrisi uning oʻzi ham sheʼrlari qoʻshiq boʻlishini xohlardi. Bu mashhurlik sari dadil qadam ekanliginiyam bilardi. Yana Nargiska deganlariniyam eshitgani bor edi. U qizning bir-ikki klipini televizorda koʻrgandi.

– Yaxshi, – dedi Ilhomiy. – Sheʼr qaysi mavzuda boʻlsin?

– O, albatta muxabat! – deya Nargiska “muhabbat” soʻzini ruscha talaffuz qildi.

– Yaxshi, – shirin entikdi shoir. – Ertaga soat oʻnda keling. Sheʼr tayyor boʻladi.

Kechasi Ilhomiy yaxshi uxlay olmadi. Qizning ehtirosli soʻzlari, “muhabbat” degani qulogʻi ostida jaranglayverdi. Nargiskaning qanaqa ekanligini eslashga harakat qildi. Eslolmadi. Uni xayolida qayta yaratdi. Atlas koʻylakli, sochi taqimini oʻpgan, chamandagul doʻppisi yarashgan qiz deb tasavvur qildi. U bilan gulzor aylandi. Bogʻlarga kirib-chiqdi. Meva-cheva terdi. Xullas, tongda sevgi haqida ajoyib sheʼr yaraldi.

Soat oʻn boʻldi. Eshik jiringladi. Ilhomiy yana bir bor oynaga qarab, galstugini toʻgʻriladi. Gellangan sochini siladi. Beshinchi marta atir sepib, eshikka qarib yurdi. Shoirning yuragi “gurs-gurs” urardi. U eshikni ochdi va…

Nargiska deganlari beligacha tushadigan sochini yoyib, uch xil rangga boʻyabdi. Betiga upa-elikni chunonam chaplabdiki, yuzining asl terisini koʻrish uchun yarim soat sovunlab yuvish kerak. Qosh-koʻzlar malla rangga, lab nimagadir havo rangga boʻyalgan. Qulogʻining bittasida beshta isirgʻa, ikkinchisida bittayam yoʻq. “Yarimta” koftasi bilan kalta shimi shu darajada torki, kiyilayotganida yirtilib ketmaganiga hayron qolasan, kishi.

– Sa-lom, – Nargiska shoirga ola qarash qildi. Qotib qolgan Ilhomiy alik olib, yoʻl boʻshatdi.

Nargiska ichkari kira solib, maqsadga oʻtdi.

– Nu, qani sheʼr?

Ilhomiy sheʼrni koʻrsatdi. Oʻqib berdi. Nargiskaning afti bujmaydi. Burni jiyrildi.

– Nu, qaysi tilda yozgansiz buni? – Nargiska tirnogʻi yarim mertlik barmogʻi bilan qogʻozning bir uchidan ushladi.

– Nu-ka, “figʻon”, kakayta “faryod”, “ashk”, “hajr”, “visol” eto chto?! Man bu soʻzlarni etomiyman. Molodyojlar ham bu qoʻshuvni qabul qilomiydi. Tushunishmiydi!

Ilhomiy soʻzlarini tushuntirmoqchi boʻlib, endigina ogʻiz juftlagan ediki, Nargiska oʻzini sarak-sarak qildi.

– Boʻldi. Boshqa… sheʼr yozasiz! Kelishdik? Mana, qiz qoʻltigʻi ostidagi eni uzun sumkachasini ochdi:

– Vash gonarar!

Yuz dollarlikni koʻrgan Ilhomiyning ogʻzi ochilib qoldi. Toʻgʻrida axir, hozirgi zamonda pul berib, sheʼrini qoʻshiq qildiradigan, pul berib aytdiradiganlar kammi?!

U gonorar olishni xayoliga ham keltirmagandi. Ayniqsa birinchi sheʼriga, hali qoʻshiqchiga foyda keltirmay turib.

– Xoʻp, singlim, Siz aytganday boʻladi.

– Sheʼr yozasiz – gonarar olasiz! – shunday deb Nargiska qoʻltigʻidagi pulni sumkachasiga solib qoʻydi.

– Oʻziga pishiqqina ekan, – deb oʻyladi Ilhomiy qiz ketganidan soʻng. – Ha, mayli nasiya boʻlsa ham vaʼda qildi-ku.

Ilhomiy yana sheʼr yozdi. Bu safar uning koʻzining oldida xayoliy Nargiska emas, uning soʻzlari va yuz dollarlik turdi. Oʻrtacharoq sheʼr paydo boʻldi.

Ketar chogʻida qiz “endi men kemeyman, endi Siz borasiz” degani uchun Ilhomiy ertasi kuni sheʼrni olib kelishilgan joyga yoʻl oldi. Endu u avvalgiday hayajonlanmas, oʻzini hamkorini kutayotgan ishbilarmonday his etardi.

Nargiska keldi. U kechagiday, faqat boshqacha fasonli yarimta kofta bilan etagi qiyshiq yubka kiygandi. Koʻzida yuzining yarimini egallagan jigarrang koʻzoynak.

– Salom! Nu-ka. – Qiz koʻzoynagini ham yechmay, sheʼrni oldi. Uni oʻqiy boshladi.

– Hmm, xorosh… bu nimasi? Yana tushunarsiz soʻzlar. Kakoyta “armon”, “jonon”… goʻzal deng, goʻzal. “Chunon?!” Chto eto “chunon?”

– I… i…

– Boʻmiydi!

Ilhomiyning ogʻzidagisi ogʻzida qoldi. Yana boshqa “sheʼr” yozish uchun nasya yuz dollarni oʻylagancha uyiga qaytdi.

Ilhomiyning figʻoni falakka chiqdi. U uyini kuldonga aylantirgancha, ikki quti sigaret chekib, navbatdagi “sheʼr”ni yozdi. Boʻshroqqina bir narsa chiqdi.

Sheʼrni oʻqigan Nargiska avval jilmaydi. Keyin birdan jiddiy tortdi.

– “Poyandoz?!” Chto eto “poyandoz?!” Xokandoz chto li? Yoʻoʻ, bunaqasi ketmiydi.

– Shu bitta soʻzmi? Hozir almashtirib beraman.

– Yoʻoʻ, yoʻoʻ. Nima sheʼr sizga oʻyinchogʻmi, bir minutda almashtirasiz. Buni uyingizga olib keting. – Qiz sheʼrni yigitga qayparib berdi. – Ertaga boshqa sheʼr yozib, oʻzingiz uyimga oborib berasiz! – Qiz shunday dedi-da, tashrif qogʻozi uzatdi.

“Xoʻp” deyishdan boshqa iloji qolmagandi bechora Ilhomiyning.

Ilhomiy hayajonlanmadi, ilhomlanmadi, hech nimani oʻylamadi. Uyiniyam kuldonga aylantirmadi. Faqat yozdi. Dabdala bir narsa chiqdi.

U “sheʼr”ni koʻtarib, tashrif qogʻozida yozilgan manzilga bordi. Eshikni oʻrta yoshlardagi berilib pardoz qilgan ayol ochdi.

– Kim kerak?

– Men shoirman. Nargiska bilan…

– Yaxshi. Nargiska sanga kelishibdi.

– Kim? A-xa, – shoirni koʻrgan Nargiska shunday holatda ediki, uning hursand boʻlganiniyam, ensasi qotganiniyam bilib boʻlmasdi. U salom-aliksiz shoirning qoʻlidan “sheʼr”ni yulib oldi. Ilhomiy tashqarida, u ichkarida turgan holda, yigitni uyga taklif qilishni xayoligayam keltirmagancha, sheʼrni oʻqishga tushdi.

Shoir zimdan qizga nazar soldi. Uning egnida qora mayka bilan oq shorti bor edi. Sumbul sochlari odatdagidek parishon. Qiz bir qoʻli bilan sochini toʻgʻrilagancha “sheʼr”ni bu safar ovoz chiqarib oʻqidi.

Kecha-kunduz men seni

Oʻylaganim-oʻylagan.

Sen haqda qoʻshiq aytib,

Kuylaganim – kuylagan.

Yuragimni tilaman,

Sevishimni bilaman.

Lekin senga sevgimni

Qanday izhor qilaman?!

Seni bir kun koʻrmasam,

Sogʻinaman, azizam.

Koʻzim yoshlab sen uchun.

Ogʻrinaman, azizam.

Seni sevaman, jonim,

Faqat senda xayolim.

Yolgʻiz oʻzing goʻzalim,

Sevgilimsan, asalim!

– O, bravo! Yaxshi! – Qiz sevinib ketdi. Keyin shoirga barmoqchasini sarak-sarak qilib, dakki bergan boʻldi.

– Boʻlarkan-oʻ!

– Ha, – dedi Ilhomiy ham taqdirga tan berib boʻshashgan koʻyi.

– Boʻlar ekan.

– Ho-zir, – qiz uyiga kirib, yuz dollarlikni olib chiqdi.

– Mana Sizga gonarar! Aytganday sheʼrga familiyangizni, toyis, taxallusingizni yozmabsiz.

– Qoʻyavering, – Ilhomiy qizning qoʻlini qaytardi. – Faqat iltimos, bu sheʼr meniki ekanligini hech kim bilmasin!

 

Zuhra Mamadaliyeva

 

“Ijod olami”, 2018/3

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.