Qoʻriqxonada

0
152
marta koʻrilgan.

Peterburgdan “kuyov”ni samolyotda olib kelishayotgan paytda Qorovulbozor qoʻriqxonasi kengliklarida bahor tantana qilardi. Koʻl boʻyida burungi yili burishib, sargʻaygan qamishlar endi yashil qanotlar chiqarib ulgurgan, sayxonliklarda barra maysalar yerdan bagʻrini uzib, hamal nasimlarida nafis chayqalib turardi.

Shu kuni ertalabdan koʻk yuzini kulrang bulutlar qoplab, shiddatli yomgʻir quydi. Tushga borib osmonning qovogʻi ochildi. Soʻng bulutlar butunlay tarqab ketdi. Osmon yerga tabassum qildi. Yerni qoplagan oʻt-oʻlanlarning yashilligi yanada yorqin tus oldi.

Hademay, bu yam-yashil baxmal chimildiqqa “kuyov” kirib keladi.

Men bu paytda vagon uyimiz yonidagi choyoʻchoqqa oʻtin qalayotgan edim. Gugurtni chaqdimu, birdan Nikani eslab qoldim. Nika… Men uni shu damda koʻrishga oshiqdim. Nika deganimiz bu, qoʻriqxonamizdagi yakkayu yagona qoplon. Urgʻochi qoplon… Biz uni erkalab, shunday ataymiz.

Choyoʻchoqqa qalangan oʻtin tagidagi tutantiriqqa tutashayotgan oʻtni apil-tapil oʻchirdimu, Nikaning qarorgohi tomon shoshildim.

Nikaning qarorgohi mustahkam simtoʻrlar bilan oʻrab qoʻyilgan. Uch gektarga yaqin maydonda u yakka hokim. U yer-bu yerda gulga toʻlayotgan saksovullar hurpayib koʻrinadi. Mayda bargli yantoqlarning mitti gʻunchalari yayrab ochilgan. Bu fuqarosiz saltanat uniki. Bu maydon ustidan uchib oʻtayotgan qushlar ham ehtiyotkor boʻlib qoladilar.

Nika meni uzoqdan tanidi. Taniydi-da, necha yillardan beri shu qoʻriqxonada nazoratchi boʻlib ishlaganimdan keyin… Meni bu yerda hatto, hurkak jayronlar ham tanishadi-yu, Nika tanimasinmi? U simtoʻrlar yoqalab men tomon yugurdi. Albatta, meni sogʻinib qolganidan emas, biron-bir yegulikdan umidvor boʻlib shoshilardi. Attang, bir parcha et olib kelishni unutibman-da. U simtoʻr ortidan old oyoqlarini kerib oldinga tashlab, boʻynini choʻzdi-da… irilladi. Bu bilan u menga nimadir degandi. Soʻng u qoʻriqxona malikasining huzuriga qup-quruq qoʻl bilan kelganimni bildi-da, xafa boʻlib, nari ketdi. Tavba, xuddi qizlarday nozu firoq qiladi-ya…

Nikaning qoʻriqxonaga keltirilganiga uch yil boʻldi. Uning tomirida sahroyi qoplonlarning qaynoq qoni gupirib turardi. Oʻtgan yili iliqish faslida Nika yolgʻizlikdan koʻp azob chekdi. Hech narsani tan olmaydigan tabiiy ehtiros, tirik qon istagidan junbushga kelib, oʻlik simtoʻrlar bilan olishardi. Kechalari juftini izlab, olamni buzib, figʻon koʻtarardi. Ammo undagi xohish qancha qaynoq boʻlsa, simtoʻrlar shuncha sovuq edi. Uning tirik vujudidan koʻra, oʻlik simtoʻrlar kuchli edi.

Nikaning bu azoblarini koʻrib, chiday olmadim. Turli mutasaddi idoralarga qoʻriqxonada yolgʻizlikdan azob chekayotgan urgʻochi qoplonning ahvolini bayon qilib xatlar yozdim, yozaverdim. Masʼul odamlarga borib uchrashdim. Xayriyatki, vaziyatni toʻgʻri tushunadigan kishilar topildi. Uzoq bahsu munozaralardan soʻng, Peterburgdan erkak qoplon olib kelishga kelishildi.

Ayni shu kunlarda Nikada iliqish davri boshlandi. U juda bezovta edi. Har narsaga injiqlanar, har narsadan tez xafa boʻlib qolardi. U saltanatidan oʻzining izlagan narsasini topolmay qiynalardi. Axir, bugun uzoq-uzoqlardan “kuyov” kelayotganini qayoqdan bilsin.

Shomga yaqin maxsus yuk mashinasida qafasga qamalgan “kuyov” qoʻriqxonaga keltirildi. Uni amallab malikamizning qarorgohiga kiritdik. “Kuyov” quyib qoʻygandek Nikaning oʻziga oʻxshardi, goʻyo egizak qoplonlar kabi… Uning quyuq sariq terisi mayda-mayda mallarang xollar bilan qoplangan, faqat osilib turgan qorni oqish tusda boʻlib, xoldan xoli edi.

Nika “kuyov”ni koʻrib, uzun va chayir oyoqlarini oldinga choʻzib, butun gavdasini silkib, bosh chayqab, boʻlajak juftining tashrifini shodumon olqishladi. Endi uning baxti togʻu dashtlarda emas, osmonlarda emas, shundoq yonida savlat toʻkib turardi. Nika oʻynoqlab bir sakradi-da, oʻzi egalik qilayotgan saltanatni changallari bilan ezgʻilab tashlamoqchi boʻlganday, simtoʻrlar yoqalab, yugurib ketdi. U nihoyatda chaqqon, chopqir va abjir edi, yuguriklikda homilador tuyalarning figʻonini oshirguvchi nakbo shamollaridan ham tez edi. Nika yugurayotganda, uning oyoqlari yerni qanday qattiq “tishlashi”ni his qilib turardim. U bir necha daqiqada oʻz saltanatining boshidan oxiriga dovur borib qaytdi. Bunday paytda shiddatli shamollar ham Nikaning shijoati qarshisida nafasini ichiga yutib yuborardi. U chopayotganda oldingi va orqa oyoqlarining nihoyatda tezgir va abjir harakatida yagona, yaxlit muvozanat holati namoyon boʻlardi. Bu tezlikda, bu yugurishda sershiddat va betakror bir ohang bor edi. U uch gektarli katta maydonni shamoldan tez aylanib qaytdi. Nika bu harakati bilan zor-intizor kutilgan shahzodaning tashrif buyurganini oʻz saltanatiga eʼlon qilayotgan edi.

U “kuyov” huzuriga qaytgach, gavdasiga nisbatan kichik boshini qattiq silkidi-da, kuchli naʼra tortdi. Soʻng “kuyov”ning tumshugʻini hidlab, bilinar-bilinmas yollarini qaynoq tillari bilan yaladi. Bu Nikaning dil izhori edi. “Kuyov” esa uning oʻtli ehtiroslariga nisbatan beparvo, sovuq irillab qoʻydi, xolos. Shaharlik, olifta qalligʻ, deb oʻyladim.

Bu paytda bepoyon dashtning gʻuborli ufqlariga quyosh choʻkib borardi. Qoʻriqxona dashtlarining yam-yashil tusini shom koʻlankalari yutib yuborayotgan edi. Ularga xalaqit bermay, deb men vagon uyimga qaytdim.

Vagon uyga kelib, oʻzimga yarasha ovqat pishirdim, choy damladim, xullas, qornimni aldadim. Soʻng vagondagi tor karavotga chalqancha yotib, xira chiroq yogʻdusida eski gazetalarni varaqlab, koʻzim ilindi. Charchagan ekanmanmi, ertasi kech uygʻondim. Turganimda quyosh oʻz yotogʻidan bir qarich yuqori koʻtarilib boʻlgan edi. Choy-poy ichib boʻlgach, omborxonadan zarur yeguliklarni olib, “kelin-kuyov”ni koʻrgani shoshildim.

Dastlab, simtoʻrlar ichida, gulga kirgan saksovul tagida mudrab, esnayotgan “kuyov”ga koʻzim tushdi. U mening qoʻlimdagi etni koʻrishi bilan simtoʻrning tuynugi tomon, men sari yurdi. Simtoʻrga yaqinlashib kelayotgan “kuyov” menga qarab yaltoqlanganday boʻldi. Bu qanday gap?! Axir, qoplon ham oʻzini shunday tutadimi? Nega u yaltoqlanyapti? Mana, Nikani qarang, urgʻochi boʻlsa ham bir parcha et uchun bizga yaltoqlanmagan. U qorni ochganda yemak soʻrab emas, yemak keltirishni buyurib bizga boʻkiradi. Bu esa… Mana, ol haqingni, ey, nomard! Soʻng simtoʻrlarni yoqalab, ohista va magʻrur qadam tashlab Nika kela boshladi. U tuynuk yoniga kelganida, xoʻrak tashlayotganimda, bexosdan koʻzlariga koʻzim tushdi. Nikaning porloq koʻzlarida soʻngsiz mung bor edi. Men uni kuzata boshladim. U istab-istamay etni tishlab tortdi. Nika avvalgidan koʻra juda bezovta, buning ustiga, juda gʻamgin boʻlib qolgan edi.

“Kuyov” oʻz ulushini paqqos tushirgach, yana saksovul tagiga borib yotdi-da, mudray boshladi. Nika oxurdan suv ichib, tuynuk yonidan nari ketdi. U qoʻriqxonaning yastanib yotgan yashil kengliklariga uzoq tikilib turdi-da, yana “kuyov” yoniga bordi. Nika kuyovga erkalanib, yana uning yuz-koʻzlarini hidladi, boʻynidan tishlab tortdi, pinjiga suqilmoqchi boʻldi. “Kuyov” esa, unga qayrilib ham qaramadi. Qaytanga nari tur, deganday, jurʼatsiz irillab qoʻydi.

Shu kun ham, shu kecha ham atrof javonibga yashillik, goʻzallik, salqin va muattar shamollarni tuhfa qilayotgan tabiat Nikaning vujudini beshafqat olov alangasida yondirardi. Men kun boʻyi, soʻng tun boʻyi goh ochiqda, goh panada natijani kutib ularni kuzatdim. Lekin… Nikaning baxti ochilmadi.

Ertasi tushdan keyin Nika yana shu tirik murdaga suykala boshladi. Shoʻrlik uch kundan beri qattiq xoʻrlanayotgan edi. Hali iliqish harosati uning vujudida davom etardi. Nimayam qilsin, bu tabiat ishi, bu tabiat hukmi.

Nika “kuyov”ning yonidan nari ketib, simtoʻr tuynugi yoniga keldi. Men unga yana et tashladim. U etga qayrilib ham qaramadi. Shunda yana Nikaning koʻzlariga koʻzim tushdi. Ne soʻz bilan aytayki, Nika yigʻlayotgan edi. Uning katta-katta mallarang koʻzlaridan qaynoq yoshlar toʻkilardi. Ovozsiz yigʻlardi u birinchi kechasi harom boʻlgan baxtsiz kelinchak kabi. Mening achinishdan boʻlak hech narsa qoʻlimdan kelmasdi.

Qayerdan keldi oʻzi bu tirik murda? Kim oʻzi u? Nima oʻzi bu?

Shunda birdan “kuyov”ning hujjatlari esimga tushdi. Axir, u bilan birga hujjatlarini ham keltirishgan edilar-ku. Ochib ham qaramabman-a…

Vagon uyga kirishim bilan yozuv stoli gʻaladoniga tashlab qoʻyilgan “kuyov”ning hujjatlarini qoʻlimga oldim. Uning tarjimai holi shunday yozilgan edi:

“Osiyo gepardi. Yoshi: 9. Jinsi: erkak. Tanasining uzunligi: 125 sm. Dumining uzunligi: 64 sm. Laqabi: Koshka. Izoh: Tugʻilganidan buyon faqat qafasda saqlangan”.

Men hammasini birdan tushundim. Qaysidir kitobda oʻqigan edim, agar hayvon doimo qafasda saqlansa, u oʻzining tabiiy tuygʻularini yoʻqotib qoʻyadi.

“Kuyov”ning esa, butun tarjimai holi qafasdan iborat edi. Keyinroq uni tekshirgani kelgan mutaxassislar ham mening fikrimni tasdiqlashdi.

* * *

Keyingi kun ertalab yana Nikaning qarorgohi tomon yoʻl oldim. Qorovulbozor qoʻriqxonasi kengliklarida bahor tantana qilardi. Tong nasimlarida titrayotgan maysalarning bargida shudringlar yaltiraydi. Gupchaygan saksovullarning mayda gullari xushboʻy ifor taratadi.

Mana, Nikaning saltanati… Nika bu saltanatga hukmronmi yo bu saltanat Nikaga hukmronmi? Kim kimni zabt etgan?.. Nika saltanatnimi yo saltanat Nikani zabt etganmi? Shunday oʻylar bilan borayotganimda simtoʻrlar ustida nimaningdir osilib yotganiga koʻzim tushdi. Kuyov qochmoqchi boʻlgan, shekilli. Yoʻq, u qafasga oʻrganib qolgan. Qafas – uning uyi, qafas – uning koʻngli. Oʻz uyi, oʻz koʻnglini tashlab qayoqqayam qochardi. Yaqinroq bordim… Ne koʻz bilan koʻrayki, simtoʻrlar tuynugiga biriktirilgan uzun uchli temir tayoqqa Nika osilib yotardi. Uning koʻkragidan kirib ketgan uchli temir qonga botgan nayza kabi yelkasidan chiqib turardi. Nikaning koʻzlari ochiq qolgan va koʻz yoshi hali qotib ulgurmagan edi.

U ikki dunyo oraligʻidan sakrab oʻtayotganida halokatga uchragandi. Simtoʻrli dunyo oʻz oʻljasining jonsiz tanini xochga tortilgan avliyo jasadiday tutib turardi.

Ichkarida esa, saksovulning ola chalpoq soyasida “kuyov” hamon mudrab, esnab oʻtirardi.

 

Eshqobil ShUKUR

 

“Oila davrasida”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.