Qorbobo bilan suhbat – 3

0
670
marta koʻrilgan.

(Davomi, boshi hu-u oʻtgan sonlarning birida)

Gazetamizning bayram soniga dunyodagi eng mashhur odam bilan suhbat uyushtirishni reja qilgandik. Jan-Klod van Damm, Krishtianu Ronaldu, Britni Spirslardan birovi bilan gaplashib kelsakmi, dedik. Baxtga qarshi, ularning telefonlari oʻchiq ekan. Shunda, hamkasblarimizdan biri, “dejurniy” respondentingiz bor-ku, deb qoldi. Kim desak, Qorbobo, deydi… Shu doʻstimizning “sovuq” soʻzini yerda qoldirgimiz kelmadi va hamisha uzoq-uzoq oʻlkalarni kezib yuruvchi jahongashta qahramon Qorbobo bilan yana bir bor uchrashib, suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldik. “Talablarga binoan”, uni qisqartirmasdan eʼlon qilishini maʼqul koʻrdik.

 

Qorbobojon, suhbatimizni anʼanaviy savol bilan boshlayman. Xafa boʻlmaysizmi?

– Soʻkib boshlamasang boʻldi bolam, xafa boʻlmayman.

Qiziqmisiz, bobo, nega soʻkaman? Savolim shunday: yangi yilni yaxshi kutib oldingizmi?

– Ie? Qanaqasiga “yangi yilni kutib olganman?”. Axir, hali 2012 yildamiz-ku?

Ha, endi suhbatimiz gazetaning yangi yildan keyingi soniga moʻljallangan-da, bobojon, tushunmaysizmi?

– Ho-ho-ho-o! Shunday demaysanmi, boʻtam. Demak, men xuddi kelayotgan yilning boshida sen bilan suhbatlashayotganday boʻlib gapirishim kerak, shundaymi?

Shunday…

– Taxminan yanvarning nechanchi chislolarida “gaplashayotgan” boʻlishimiz kerak?

Bobojon, toʻgʻri tushuning, diktofonimning batareykasi oʻtirib qoladi hozir, gazetada ketadigan joylariga javob bering savollarimning…

– Yoʻq, boʻtam, sen meni tushunmayapsan, gap shundaki, yangi yilni momong bilan boshqa joyda kutib olmoqchimiz. Shunda, oʻzing oʻyla, sen bilan qanday qilib gaplashgan boʻlaman?

Oʻquvchilar buni bilib oʻtiribdimi? Qolaversa, ularga buning farqiyam yoʻq. Shuning uchun iltimos sizdan, savollarimga men aytgandek qilib javob bering, maylimi?

  • Boʻpti, beraver-chi savollaringni.

Ayting-chi, Yangi yil bayrami siz uchun qanday ahamiyatga ega?

– Bolam, xuddi fermerlarga berayotganday berayapsan savolingni. Baʼzan televizordayam shunday savol-javoblarni koʻrsatib qoladi. “Qanday ahamiyatga ega?”, “Qanday taassurot oldingiz?”, “Bu tadbirdan koʻzlangan maqsad nima?”. Menimcha, shunday savol berayotgan hamkasbing yo oʻsha tadbirga kechikib borgan, yo erta borgani bilan tadbirdan koʻzlangan maqsad nimaligini anglamagan… Durustroq savol bersang-chi?

Mayli, boshqa savol beraman: nega faqat har Yangi yilda koʻrinish bersiz? Boshqa mahal, masalan, deylik, saratonda sizning qorangizniyam koʻrmaymiz.

– Eʼtiboring uchun, qoʻzichogʻim, mening odamlar bilan “kontrakt”im shunday. Bu bilan sening ishing boʻlmasin, yaxshimi? Men sendan nimaga har gal faqat mendan intervyu olasan, boshqa odam quriganmi, deb soʻramayman-ku?

Soʻrang!

– Nimaga hech Yalmogʻiz bilan gaplashmaysan? Bechora oʻzi bir yolgʻizhol kampir. Yomonligi yoʻq uning. Toʻgʻri, yoshligida (men uni yaxshi bilaman-ku) sal oyogʻi yengilroq edi-yu, lekin birovga ogʻiri tushgan emas.

Shunday deysiz-u, momosi tushmagurning bolalarni qoʻrqitadigan qiligʻi bor-da! Burniyam katta!

– Ie? Burni kattaning yomon sanalishini eshitmagan ekanman. Yangilik boʻldi. Lekin bu mengayam tegib ketayapti…

Uzr, bobojon, maqsaddan chalgʻimaylik. Muharririmiz sizning bugungi kunda nimalar bilan bandligingiz toʻgʻrisida suhbatlashishimni buyurgan. Savol shu: hozir nima bilan bandsiz?

– Qorbobolik bilan.

Yoʻq, siz tushunmayapsiz. Qorbobolikda nimalar bilan bandsiz, demoqchiman?

– Yomon ezma bolasan-da, oʻgʻlim. Nima bilan band boʻlardim: shu kunlar kaminaning “sezon”i. Oʻzing bilasan, bunday paytlarda soqolni silashgayam vaqt boʻlmaydi. Bir hafta oldin qormomong mahallama-mahalla yurib, xonadon sohiblarining choʻntagini (k)ovlab chiqqandi. Endi men oʻsha uylarga borib, bolalarning koʻnglini ovlab chiqayapman.

Yaxshi. Bobojon, mana, eski yilniyam ortda qoldirayapmiz?

– Shunga nima qilay?

Tushunmadim, negadir, kayfiyatingiz chatoqroqmi deyman?

– Ay, oʻtib ketadi. Kecha, Boʻrivoy bilan sal jiqillashib qoluvdik…

Aytgancha, sizning “komanda”ngiz bor-ku, a? Esimdan chiqayozibdi. Oʻtgan yiliyam suhbatga oʻzingiz keluvdingiz? Yalmogʻiz, Qorqiz, Boʻri, Tulki deganlarini ergashtirib kelaversangiz boʻlardi?

– Biz hozir alohida-alohida chiqishlar qilishni moʻljallayapmiz.

Shou-bizneschilarga oʻxshab gapirayapsiz.

– Meni shularga tenglayapsanmi? Bilsang, shou-bizneschilaringni bir choʻqishda qochiraman. Ularing faqat shov-shuv qilishni biladi. Mendagi avtoritet birontasida bormi? Meni dunyoning yuz ellikta mamlakatida tan olishadi, bildingmi?

Toʻgʻri, shuning uchun ham sizni hamma yaxshi koʻradi-da, Qorbobojon! Ayniqsa, shu sovgʻa toʻla qopingizni…

– Koʻzingni ola-kula qilma. Bu sovgʻalarning egasi bor.

Nimalar deyapsiz, bobo?

– Hazil, boʻtalogʻim. Menga qara, sen toʻqqizinchi “dom”da turasan shekilli?

Ha, Qormomom yaxshi biladilar. Chiqib turadilar-ku biznikiga.

– Ey-y, sen anavi Qorkelinning erimisan? Qorboyning kuyovi…

Ifodada sal yanglish ketayapsiz. Qorkeliningiz mening xotinim, oʻsha Qorboy aka mening qaynotam boʻladi.

– Shunday demaysanmi? Ma, manavilarni ol… Olaver, qachondan beri uyaladigan boʻlib qolding. Oʻzgarganman, deb meni ishontirmoqchimisan?

Yoʻgʻ-e, sizday tabarruk zotning qoʻlini qaytarish ayb boʻlar, bobo…

 

Suhbatimiz shu yerga kelganda, Qorboboning sotkasi jiringlab qoldi. Qarash ayb boʻlsa ham, qiziqish ustun kelib, moʻraladik. Unda “Qorgul qoʻngʻiroq qilayapti” degan vahimali yozuvga koʻzimiz tushdi-yu, “Ha, Qorbobosi qurmagʻur, chatoqsiz” deb yuborishimizga oz qoldi. Keyin bilsak, bobomiz momomizni erkalab “Qorgul” deb chaqirar ekan… Suhbatimizga nuqtali vergul qoʻydilar-u, bobomiz shoshgancha ketdilar. Orqasidan qoʻllarimizni “kuh-kuh”lagancha kulib qarab qoldik…

Qorbobo bilan qor yoqqan kuni

Qor… E, yoʻgʻ-e, har galgidek ELMUROD suhbatda boʻldi

 

“Turkiston” gazetasida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.