Qoraqush yulduzining siri

0
398
marta koʻrilgan.

Yomgʻirli, loy kun edi. Qashqarning Sajiya va Hamidiya madrasalari qarshisida hunarmandlar, boʻzchilar, mokichilar, taqachilar yigʻilishgan, kimdir boshiga bir savat patir koʻtarib tirikchilik vajhi sotishga yoʻl olgan, boshqasi rutubatdan namlangan arpa toʻla qoplar oldida oʻtirar, ot mingan yoki yayov, nayza-yu qilich tutgan erlar toʻp-toʻp boʻlib, loy sachratib u yoqdan-bu yoqqa oʻtishardi.

– Hoy Ergash, arpangni koʻtar, joningni qutqar!

– Nima boʻpti?

– Husayn Tegin boshliq shahzodalar zaharlanibdi!

– Yoʻgʻ-e?

Hunarmandlar shosha-pisha mollarini yigʻishtirib madrasa kunjagidagi uychalarga berkita boshlashdi. Bir qismi esa shu yaqinlardagi xon koʻshki tomon yoʻl olishdi.

– Hoy, borib nima qilasan? Oʻzing bir hunarmand boʻlsang, saroy bilan ne ishing bor?

– Kim oʻldiribdi?

– Yogʻon Teginning xotinlaridan biri Hanisi oʻgʻli Ibrohimni taxtga koʻtarmoq uchun shoh oʻgʻillarini zaharlabdi.

– Ammo shahzodalar ham Yogʻon Teginning nevaralari-ku?

– Endi qirgʻin boʻlishi tayin…

– Husayn Teginning bir oʻgʻli boriydi, tolibi ilm, u tirikmikin?

– Tirik, ammo Qashqardan qochibdi. Yoʻqsa tutib uni ham oʻldirurlardi.

– Ulton Yogʻon Teginning oʻgʻli Husayn Tegin asli Barsgʻorning hukmdori, adolatli, yaxshi kishi edi. Qoraxoniylar sulolasidan, nasli toza. Yogʻon Tegin qarilikni boʻyniga olib saltanatni unga topshirgʻoni uchun Hanisi xotunning qahri kelmish, nechuk bolam oʻgʻling emas esa, seni bolalaring ham menga oʻgʻil emasdir, deya zaharlamishdir.

– Hay el, voy el! – dedi arpa sotayotgan kishi, qoplarini koʻtarishga chogʻlanib. Keyin xulosa yasadi: – Taxtga kim kelsa kelabermaydimi? Har kungi bitta yupqang oʻsha-oʻsha. Birov ikkita berib qoʻyarmidi?

– Taxt talashib qon toʻkib, odamlarga masxara boʻlgʻach, el izzat qilarmidi?

– Yasaga koʻra taxtga xon oʻgʻli oʻtiradur. Senu biz qorasuyak, ishingni qilabermaysanmi? U xon keladimi, bu xonmi, bariga keraksan, hunarli odamsiz saltanat yurarmidi?

– Ana bu gaping tuvri…

1057-yilning sunbula oyida Qashqarda shunday qotillik roʻy berdi. Hoqon Husayn Tegin va oʻgʻillari zaharlanib oʻldirilgach, oʻgʻli Mahmud onasi Bibi Robiya va singillarini shunda qoldirib, oʻz yurtini tark etishga majbur boʻldi. Chunki tomirida xon qoni oqqan barchani oʻldirishga farmon berilgan edi.

Oʻn birinchi asrda Bolosogʻun turkiylari shu qismatni boshdan kechirishdi. Qochib ketgan eran – Yogʻon Teginning fahmu farosatli nevarasi hayot osmoniga uyur-uyur halokat bulutlari yopirildi. Bolosogʻun Hanisi xotun oʻgʻillari orasida jangu jadal va araz-tirsiqlar aro taqsimlanar ekan, xon oʻgʻli oʻz tuproqlaridan olis ellar tomon bosh olib ketdi.

Oradan ikki yil oʻtgach, uning yonida sheriklaridan biron kimsa qolmadi. Uzoq safarini yolgʻiz oʻzi davom ettirdi.

* * *

Yoyloqda qoʻy-qoʻzilar oʻtlab yurar, Tengritogʻ muzliklaridan esgan muzday shabada oʻz qatida archa bujuri-yu isiriq islarini olib kelardi.

– Yaxshi ish ekan, – dedi qoʻnoq egasi, oʻgʻillari bilan oʻtloqqa toʻshalgan poʻstakda oʻtirar ekan, olimning soʻzlarini diqqat bilan tinglab. – U bitikka bizning otimizni ham yozib qoʻyasizmi? Evaziga ikki qoʻzi beraman.

Umri dashtu yaylovda oʻtgan, oʻqish-yozishni bilmaydigan bu barvasta kishiga kitob ulugʻ moʻjiza boʻlib koʻrinar, nomi asar qatlarida qolishini juda-juda istar edi.

Mahmud uning sodda-samimiyligidan kulimsiradi.

– Albatta, yozib qoʻyaman, – dedi.

– Oʻgʻlim maktab borgan, oʻqish-yozishni biladi, – dedi u kishi. – Arabchani ham bir oz oʻrgangan. Faqat, uzoqligi uchun qatnashni bas qildi.

– Haqiqatan ham, tongda yoʻlga chiqsam, kun nayzaga kelganida yetib borardim, – qoʻshimcha qildi oʻsmir. – Ayniqsa, qishda kun tor, shoqolu qurt[1] telim[2], bormay qoʻyaqoldim.

– Til oʻrganishga qiynalmadingizmi? – deb soʻradi olim undan.

– Aslo yoʻq, – dedi yigitcha. – Faqat, bizning tildan farq qilib, oʻz-oʻzidan tugʻar ekan. Shuni tushunib olganimdan keyin oson kechdi.

– Arabcha ich-ichidan ochiladigan gulga oʻxshaydi, – dedi Mahmud. – Bir novdada sakkiz atirgul ochilishini yoki bitta shoxda sakkiz xil olma yetilishini tasavvur qiling.

– Uni qoʻyaturing, menga ham bir oz tushuntirsangiz-chi, – dedi qoʻnoq egasi. – Men bilimlardan yiroq odamman. Bilganim qoʻy-qoʻzi, ot-yilqi, xolos. Kishi aqli yetmaydigan ishlarni qilib yuradigan odamlarni yoqtiraman.

– Til xalqning feʼl-atvorini namoyon qiladi, – dedi olim. – Boshqa bir qancha tillarga oʻxshab, arabiy ham, avvalo, qilgan harakatini ifodalaydi, masalan, “Men keldim” deganidan keyin, kelgan joyining sifatini aytadi, “Falon joy edi” deydi. Bizlar esa “Men falon yerga falon ahvolda keldim” deymiz.

– Hech tushunmadim, – dedi qoʻnoq egasi.

– Cherik misolida tushuntiraymi? – dedi Mahmud. – Arab “Cherik keldi oshu ozigʻi bilan” deb aytadi, yaʼni avval cherik kelganini, soʻng oshu ozigʻi ham borligini aytadi. Bizlar esa “Cherik osh-ozigʻi bilan keldi” deya hammasini birdaniga bildirib qoʻya qolamiz. Loʻndalikni koʻryapsizmi?

– Tavba, oʻzimizcha har narsalarni soʻylashib yuraveramiz-u, oʻylab koʻrmaganimizni qarang, – dedi qoʻnoq egasi, hayron boʻlib.

– Ha, – dedi Mahmud. – Til xuddi joni borday chiyriladi, quvlaydi, qochadi, maʼnolarini koʻz-koʻz qilib yashirinib ham oladi, yaylovlarga, oʻtloqlarga, uylarga yetaklaydi. Men oʻz tilimizda haligacha uzun jumlalarni koʻrmadim. Sababi yashash tarzida, deb aytdim-ku. Yaylovlarda qoʻy-qoʻzi boqayotgan, yer ishlayotgan yoki jangga kirgan odamga uzun soʻz ne hojat?

– Bizda soʻz feʼldan yasalib ketaveradi, – dedi keyin. – Misol, “koʻch” soʻzini oling. “Koʻchmoq” xaylini beradi. Koʻchgan odamga “koʻchmanchi” deydilar, koʻchayotganni “koʻch etdi” deydilar, “koʻcha” degan soʻz koʻchiladigan vositani anglatadi, “koʻchoq” – koʻch yeri. Qarang, birgina soʻzdan shuncha soʻzni oʻrganib oldik. Yoki toʻshni aytaylik. Odamning yo hayvonning koʻkrak qismi toʻsh deyiladi. Toʻshash soʻzidagi maʼnoni ilgʻayapsizmi? Koʻksimni yerga toʻshadim demayaptimi? Toʻshamoqning maʼnisi ham shunday. Yerga solinadigan, oʻtiradigan narsani toʻshak deydilar. Yoki biz oʻtirgan shu poʻstak, poʻst soʻzidan olingan. “Puf” soʻzini olsangiz, puflamoqdan pufakka kelib qolamiz.

U tumogʻini toʻgʻrilab oldi-da, dedi:

– Men ellarni kezib yursam-da, asli soʻzlar va ularning anglamlariga sayr qilayotgandayman. Bir kezuvchi nimaniyam koʻrardi? Soʻzlarning maʼnolari esa shu qadar soʻngsiz-ki! Xuddi kezganingizda eski xarobalarga duch kelasiz, qarasangiz, ajdodingiz yotgan yer ekan. Qay birini aytay?

– Baribiram aqlim yetmadi, – dedi qoʻnoq egasi. – Bularni yozib yurishingizdan nima naf?

– El juda ulugʻ, koʻhna, – deb javob qildi mehmon. – Bizlar arab tilini juda oson, tez oʻrganib oldik. Arab esa bizning tilimizga qiynaladi. Qoldiki, u ham oʻrgansin. Bir kitob yaralsin, kelajakka qolsin.

– Menga izn bering, bir oz yumushimni qilsam, – deya uzr istadi u.

– Bosh ustiga, – dedi qoʻnoq egasi, keyin naridagi boshi ochiq xotinlarga ovoz berdi:

– Yemak-ichmak hozirlangiz. Qoʻnoqqa qarangiz.

* * *

Bu kecha Mahmud yaqindagina yozib olgan Alp Er Toʻnga marsiyasini sharhlamoqqa kirishdi.

Alp – botir, qahramondir. Toʻnga – yoʻlbars jinsidan boʻlgan bir xil hayvon. U filning kushandasidir. Bu soʻzning asosiy maʼnosi shudir. Lekin bu soʻz turkiylarda maʼnosi oʻzgargan holda qoʻllanadi. Koʻpincha, odamlarga laqab oʻrnida ishlatiladi. Chunonchi, Tonaxon, Tona tegin va shuning kabilar. Turkiylarning ulugʻ xoni Afrosiyobni Tona Alp Er deb atar edilar. Yoʻlbars kabi kuchli bahodir odam, demakdir.

Demak, Alp Er Toʻnga soʻzining maʼnosi “Yoʻlbars kabi kuchli odam, botir va qahramon er” boʻladi. Turkiy xalqlarda botir lashkarboshilar va podshohlar nomiga, odatda, Alp soʻzi qoʻshib ishlatilgan. Alp Er Toʻnga bu nomni oʻziga ism qilib olgan dastlabki turkiy xoqondir.

“Men turklar, turkmanlar, oʻgʻizlar, chigillar, yagʻmolarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini koʻp yillar kezib chiqdim, lugʻatlarini toʻpladim, turli xususiyatlarini oʻrgandim. Bu ishlarni til bilmaganimdan emas, balki bu ishlardagi barcha kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim. Boʻlmasa men tilda ularning yetuklaridan, eng katta mutaxassislardan, xushfahmlardan, eski qabilalardan, jang ishlarida usta nayzalaridan edim”, deb bitdi u daftar hoshiyasiga.

Ulushib eran boʻrlayu,

Yirtishib yaqa urlayu,

Siqrib uni yurlayu,

Sigʻtab koʻzi oʻrtilur.

Eranlarni boʻriga mengzar edilar, deb oʻyladi u. “Eranlar boʻri kabi ulidilar” soʻzidan mardlar yigʻisining nafasi keladir. Urlamoq “ur” soʻziga yaqinmi? Bir mahallar selday yoyilib “Ur-ra” deya oqar edilar. Endi oʻshanday ovoz mardlarning yuragidan chiqmoqda, yoqa yirtib urlamoqdalar. Un chiqarmoqning ham motam yigʻisiga bogʻliq joyi bor, sigʻtamoq esa siqtamoq soʻzining oʻzgarganidir. Yaʼni yigʻlash boshqa, siqtash boshqadir. Siqtash – zzilib-ezilib, dardi ichiga sigʻmay aytib-aytib, koʻzi oʻrtilib-oʻrtilib yigʻlashdir. Oʻrtilmoq esa – oʻrtu soʻzidan olingan, yopinchiq maʼnosida. Demak:

Mardlar yigʻlab, boʻridek uvlashdilar.

Yoqalarini yirtib baqirishdilar.

Faryod chekdilar.

Qattiq yigʻidan koʻzlari

xiralashib, goʻyo parda bosdi.

Turkiylarning eng qadim marsiyalaridan biri – Alp Er Toʻnga marsiyasi esa shunday xitob qilardi:

Alp Er Toʻnga oʻldumi,

Esiz ajun qoldimu,

Oʻzloq oʻchin oldimu,

Endi jurak jirtilur.

Shu yerda Mahmud oʻrnidan turib ketdi. “Yurak yirtilur” degan soʻz qatidagi ajoyib timsol uni oʻziga mahliyo qilib, zavqlantirib yubordi.

“Hech elda bunday ibora yoʻq, – kulimsiradi u. – Koʻzdan yoshim daryo boʻlib oqdi, ochun tor keldi, jigarim qon boʻldi deydilar-u, ammo yurak yirtilguday boʻlib qaygʻu chekish bunday dardu alamlarning eng qattigʻini anglatmaydimi? Tavba, – deb oʻyladi hayron boʻlib. – Oʻzi ot choptirib, ov qilib yuradigan bir el-u, soʻzni bunday topib ishlatganiga aqling lol qolmay iloj yoʻq”.

* * *

Ertasi tong saharda ular tuya suti – qimron hamda javdar noni bilan nonushta qilishgach:

– Ulovingizning qorni chala toʻydi, yoʻlga hozir, – dedi yigitcha.

Olim uning nimaga bunday deganini sezib tursa-da, atay soʻradi:

– Nega toʻydirmadingiz?

– Qorni toʻq ot chopa olmaydir-ku? – dedi yigitcha. – Otam yoʻlga chiqishingizni aytdi, shunga pichan oʻrniga quruq suli berdim.

– Fahmu farosatingizga balli. Yoshingiz nechchida?

– Oʻn birda.

– Tirnoqdan nechta? – deb soʻradi Mahmud, qoʻnoq egasiga yuzlanib.

– Oʻnta, – deb javob qildi qoʻnoq egasi. – Sakkiztasi qiz, ikkisi oʻgʻlon.

– Tengri umriyu rizqini moʻl qilsin, – dedi olim.

“Tirnoq et orasidan unib chiqadi, – deb oʻyladi keyin. – Sut va qon oralaridan inson paydo boʻlishining bunday taʼrifiga ne desa boʻladi? Kishilar oʻzlaridan bino boʻlgan joʻjiqlarni “tirnoq” deb atashgan. Sir boʻylarida “Etli, tirinaqli ezirmas”, yaʼni et tirnoqdan ayrilmas degan aytim yuradi. Til ham oʻz egasi bilan ana shunday ajralmas boʻladi…”

Shu mahal tashqarida gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir saslar eshitilib, kimlardir kelgani bilindi.

– Oʻgʻuzlar bilan qipchoqlar olqishlagani kelishibdi, – dedi qabilaboshi. – Bizlar yaylovu choʻllarda kun kechirib yuradigan savodsiz kishilar boʻlsak, ismimizni kitobga yozadigan odamning ne istagi boʻlsa, qoshu koʻzimiz ustiga deyishmoqda. Tengri yorlaqab, nomimiz oʻchmaydigan boʻlar ekan, deb suyunishmoqda.

Mahmud tashqariga chiqib, kelgan kishilar bilan koʻrishgach, ularning olqishlarini tinglab, sovgʻa-salomlarini olib, yoʻliga ravona boʻldi.

Bepoyon yurtning kuzgi osmoni tund, yerlar pilch-pilch loy edi.

Oʻtgan yerlarida xotinlarning boshi ochiq, kishilar ozod, koʻp yerlarida erkagu xotinlarning bab-baravar ot minib, yoy otishlarini koʻrardi. Hatto bir qishloqda beliga qilich osib olgan sariq sochli, koʻk koʻzli qizgina ham uchradi, uning yurakli ekani tan bergulik edi. Erlardan hayiqmay, teppa-teng olishadigan shunday xotinlar el orasida koʻp uchraydi. Olim oʻtar ekan, yoshlar uning hurmati jilovlarni tortib, bir muddat tek turishdi, keyin hay-haylab qichqira-qichqira kamar archalari tomon ot solishdi.

Bolosogʻun allaqachon olisda qolib ketgan, saltanat janjallari xayoldan oʻcha boshlagan, Mahmudni endi el orasidagi turli-tumanliklar oʻziga mahliyo aylab, boshiga kelgan koʻrguliklarni xiyla unuttirgan edi.

* * *

Keyingi manzil arab qishlogʻi boʻlib chiqdi. Muqim yashaydigan qariyalar uchun loy-paxsadan kulbalar tiklangan, tomlaridan qamish uchlari-yu popiltiriqlari koʻrinib turar, ora-sira chodirlar ham koʻzga tashlanardi. Chodir oldidagi baland boʻyli, qop-qora, koʻzlari oʻynab turadigan biri Mahmudga hayron boʻlib qarab turdi-da, paxsa uy ichkarisiga qarab ovoz bergan edi, u yerdan yetmishlarga kirgan, oʻrta boʻyli, serharakat chol chiqib keldi. Arablar shayx deb ataydigan qabila oqsoqoli shu kishi ekan.

– Sizga Allohning salomi boʻlsin! – deb salomlashdi Mahmud ular bilan.

– Senga ham Allohning salomi boʻlsin! – deb alik oldi oqsoqol, biroq, nigohini uzmay tikilib turaverdi. Uning bunday betakallufligiga Mahmud hayron boʻlmadi, chunki arabiyda “siz” degan soʻz yoʻqligini yaxshi bilardi.

– Odamlar ogʻzidagi lisonlarni yozib oluvchi senmisan? – deb soʻradi oqsoqol, arabchalab. – Eshitishimizga qaraganda, viloyatu sahrolarni kezar emishsan?

Ovuldan ovulga, qishloqdan qishloqqa bu xabarning tez tarqalishi hayratlanarli edi.

– Ha, toʻgʻri aytishibdi. El-toshni, dala-tuzni kezib yuradirman, – deb javob qildi olim, turkiyda.

Yonidagi kishi uning gapini arabiyga buzib tarjima qilgan edi, Mahmud kulib yubordi. Chunki arab “dala” soʻzini “mazra”, tuz soʻzini “milx” deb oʻgirdi.

– Siz ekin ekiladigan maydonni “mazra”, yaʼni dala deysiz, biz qoʻnalgʻa tegrasidagi ochiq-yaydoq joyni dala deymiz. Tuz deb tuprogʻi unumli yerni, tuzliq yetiladigan joyni aytamiz. Siz esa uni “milx”, yaʼni oshliqqa solinadigan tuz deb oʻgirdingiz, – deb tushuntirgan edi, hayron boʻlganidan arabning ogʻzi ochilib qoldi.

– Yo tavba, ilming boshu koʻzim ustiga, – dedi keyin. – Sen olimmisan?

– Olimni bizlar “bilga” deymiz, – dedi Mahmud. – Yaʼni, “bilmoq” soʻzidan ot yasaymiz. Siz esa otdan feʼl yasaysiz, masalan, “ilm” soʻzidan hosilalar chiqarasiz. Bu yerda oʻxshashlik koʻramiz, chunki bizlar ham “bil” feʼlidan ot yasaymiz.

– Madrasada sarfu nahvdan dars olganman, bir qancha lahjalarni bilaman, – dedi keyin. – Sizning sarfu nahvingizga koʻra turkiy lison qonun-qoidalarini tartiblamoq, yaʼni arablar turkiy til oʻrganishlariga koʻmak bermoq uchun kezmoqdaman.

– Arabning turkiy oʻrganishiga ne hojat? – hayron boʻldi qabila oqsoqoli. – Qoldiki, boshqalar arabiy oʻrgansinlar. Musulmonmisan?

– “Qolu bala”, – dedi Mahmud, kulimsirab.

– Bilxossa, mushrif kishilar turkiy tilni oʻrganish lozimligini, chunki ulardan kelajakda katta olimlaru lashkarboshilar chiqishi bashorat qilinganini aytadilar, – dedi uning yonidagi arab. – Vallohi aʼlam bis-savob. Demakki, Qurʼonni ham xatm qilgan chiqarsan?

– “Qolu bala” deganidan bilmadingmi? Shu javobi bilan hikmat dengizining bitta durini koʻrsatib, almisoqqa ham ishora qilib qoʻydi-ku, fahming yetmadimi? – deya koyib berdi uni oqsoqol. Soʻng Mahmudga yuzlanib, dedi: – Ilming bor ekaniga shubha yoʻq. Biroq, anglayolmadim, arabiy bilsang, nega yana oʻz tilingni oʻrganib yuribsan? Bir Qurʼonu uning tili yetmasmi senga?

– Hokimul-mutlaq Bobildan soʻng tillarni aralashtirib yubordi, – dedi Mahmud. – Istasa bir lisonda qilar edi. Muning maʼnosi shulkim, istasa har kimni musulmon qila olardi. Lisonlarni aralashtirgani bilan bir qatorda, kishilarni ham turli toifa qildi. Qurʼon tilini oʻrganib ilm olgan kishining savobi ila oʻz tilida ilm olganning savobi tengmidir?

– Albatta, teng emas.

– U holda tillarning turli-tumanligidan koʻzlangan bir haqiqat borligi ayon, – dedi Mahmud va tushuntirdi: – Til sanʼatdir. Siz tuya minib yetgan manzilga biz ot minib yetamiz. Tabiiyki, tuya minganning koʻziga boshqa, ot minganning koʻziga boshqadir dunyo. Biroq har ikkisi ham Soniyning sanʼatini koʻrmoqda. Bashariy tillar Uning qudrati va sanʼatidan darak beradi, men oʻsha qudratni, oʻsha sanʼatni oʻrganmoqdaman.

* * *

– Ochiqqa joy qiling, may-sharob keltiring, bu kishiga bayir soʻying[3], – dedi arablarning sardori. – Boshqa eldan boʻlaturib, bizning tilni shunchalik oʻrganib, jon kuydiribdiki, ardoqqa loyiq.

– Bizning eng aziz soʻzimiz “oʻz”dir, – dedi Mahmud. – Har narsa shu oʻzdan boshlanmoqdadir. Sizda bir kalimaning sakkiz turlanishi bor esa, bizda bir oʻzni bilgan odam kamida ellikta soʻzni bilgan boʻladi. Ustiga ustak, uning bir qancha xos maʼnolari ham bordir. “Oʻzim” deyilsa, “men” maʼnosini bildiradi. Oʻzgʻir odam oʻzgan maʼnosida boʻlsa-da, marraga yetib kelganida uning bir oʻzi qolganini koʻrmoqdamiz. Oʻz elim desa ham oʻzligiga ishora qiladi. Oxir-oqibat, “Oʻzi” deganda bittayu bitta Tengri taoloni anglaymiz. Birgina soʻzga shuncha maʼnolarni berib, bizga bildirganiga qaraganda, “Oʻz”ning maʼnosi ham “Bir”ga yaqinlashib keladi.

– Bizning alifga oʻxshar ekan, – dedi arab. – Alif birni anglatsa-da, aslida harfdir.

– Olamda birgina tilning shu xususiyati bor, – dedi Mahmud. – Harflarning son oʻrniga oʻtishini hech qaysi tilda koʻrmaysiz.

– Kitobingni oti nima? – deb soʻradi arab.

– “Devoni lugʻotit-turk”, – dedi Mahmud.

– Devon sheʼrdan tartib etilmasmidi?

– Sheʼrni biz boshqacha aytamiz, – dedi Mahmud. – Sizning sheʼr buloqday yoyilib, gul hosil qiladi. Bizning sheʼrda otlar tuyogʻining dupuri, yaylovda qoʻy-qoʻzilar baʼrashi, pishayotgan kesma osh isi, ozod-ozod ot chopqon kishilarning qiyqirishlari bor. Ruhi ham shunga mosdir, – dedi va shuni oʻqidi:

Alin topu yashardi,

Urut oʻtin yashirdi,

Koʻlning suvin kushardi,

Sigir, buva mungrashur.

– Mundagi harakatni koʻring, – dedi, izohlar ekan. – Togʻ boshlari oʻt-oʻlandan koʻkarib, bulturgi quruq oʻtlarni koʻmib yuborganigacha, yomgʻirlarda koʻl suvlari toshgani-yu jalada qolgan sigir-buqalarning maʼrashigacha koʻz oldingizda jonlantirmoqda.

Shu tarz uzoq suhbatlashib oʻtirishdi. Nihoyat:

– oʻaroyib, – dedi oqsoqol, tin olib. – Sen haqiqatan bilgich odam ekansan, ammo yarim tundan ogʻdi, oy havolab ketdi. Saldan keyin Mushtariy koʻrinadi, bir oz tin olaqol.

– U bizga koʻra Qoraqushdir, – dedi olim. – Chiqsa, “Qoraqush tugʻdi” deymiz. Chunki tungi osmon oyu yulduzni tugʻadi deb oʻylaymiz. Baʼzilar tuya oyoqlarining uchini ham qoraqush deydilar, yoki qiz qush – tukining rangi qizil qush…

* * *

Olimning koʻzlariga uyqu kelmas, tilning bepoyon dengizlariga tobora shoʻngʻib borardi.

Soʻngsiz-adoqsiz yaylovlarda, togʻ oʻngirlarida, darayu qirlarda yashayotgan turli-tuman uluslar tilida tarixga muhrlanishi lozim boʻlgan shu qadar koʻp ajoyib soʻzlaru aytimlar bor edi-ki! U soʻzlarning birontasi yozib olinmagan, xalq bilan birga, hayot tarzi oʻzgarishiga qarab turlanib-tuslanib yashab kelmoqda. Masalan, choʻl kishilari ov qushini chaqirishsa, “tah-tah” deyishadi. Otning bolasini, yaʼni qulunni “qurey-qurey”, mol-qoʻyni “mah-mah”, kuchukni “bah-bah”, tovuqni “tut-tut”, joʻjani “chip-chip”, mushukni “pish-pish” deb chaqirishadi. “Pistovuq” degan tovuq turiga “pis-pis” deyishadi, sababi, shunday deyilganida nima sababdandir turgan joyida toʻxtab, pisib qoladi. Biroq, haydash uchun hamma birday “Ket” yoki “Tur” soʻzini qoʻllayveradi. Lekin, shunda ham kichik tafovutlar koʻrinadi, misol uchun, itga “tur” deydilar, ammo kuchukbola bilan mushukka “pisht” deyiladi.

“Kun” bilan “Oy” ham turkiylarning eng qadimiy soʻzlaridandir. Baʼzilar quyoshni ham kun deyishadi, kunduz yoki bugun degan soʻzlar shundan taralgan boʻlib, kun chiqib botguncha anglamini bildiradi. “Umrimni kunday yoritsin” deya erlarga “Kun”, qizlarga “Oy” ismini qoʻyishgan. Agar ismi “Oy”dan boshlanmagan boʻlsa, oxiriga qoʻshib ishlatishgan. Erlar otiga esa “Hoqon” boʻlsin deya, “xon” qoʻshishgan.

Tengri, koʻk, yoy, oʻq, poʻstak, toʻshak, toʻy, yigʻi kabilar ham turkiylarning eng qadimgi soʻzlaridandir. Bular hamma elatda birday qoʻllanilgan.

Olim maʼlum soʻzlarning turli maʼnoda qoʻllanishiga ham izoh berdi. Misol uchun, oʻgʻuzlar pastlikni, tubni “ashaq” deydilar, yaʼni “ashaqqa indi” – “pastga tushdi”, “ashaq ketdi” – “past ketdi”. Boshqalar esa uni tomon maʼnosida qoʻllaydilar: “ashaqqa ketdi” – “oʻsha yoqqa ketdi”. Baʼzilar idish, kosa, piyolani “ayaq” deyishsa, oʻgʻuzlar uni “chanaq” deganlar, hozirda qoʻllanilayotgan “tabaq” esa arablardan kirib kelgandir. Oʻgʻuzlar sharob, musallas, mayni “sujuq”, Ila vodiysida yashovchi yagʻmo, tuxsi va chigillar esa “qizil sujuq” deb ataganlar. Koʻpchilik turklar “chiqti” desalar, yagʻmo, tuxsi, yaboqu, qipchoq va baʼzi turkman urugʻlari xuddi shu maʼnoda “tashiqti” soʻzini qoʻllaydilar: “Er evdan tashiqti” – “Er uydan tashqari chiqdi”.

Chigillarda “ulus” soʻzi “qishloq” maʼnosida qoʻllanilgan boʻlsa, argʻular tilida “shahar” maʼnosini anglatgan. “Kent” – oʻgʻuzlar va ular bilan yaqin turuvchilar tilida qishloqdir. Boshqalar nazdida esa viloyatdir. Boshqa turkiylarda inak soʻzi “sigir” maʼnosida qoʻllanilgan boʻlsa, oʻgʻuzlar toshbaqaning urgʻochisini shu soʻz bilan atashadi. Baʼzilar oshxonani “oshliq” deyishsa, bular tariqni “oshliq” deydilar. Boshqa turkiylar hasharotni “qurt” desalar, faqat oʻgʻuzlargina boʻrini shunday atashadi. Boshqalar odamlar orasidagi har qanday shodligu kulgini “bayram”, oʻgʻuzlar faqat hayit kunini “bayram” deydilar.

Soʻzlarning baʼzi bir maʼnolari har urugʻda har mazmunda amal qilgan. Chunonchi, oʻgʻuzlarda “chaqdi” soʻzining “eshittirdi, aytdi” maʼnosi ham qoʻllanilgan: “Ul soʻzi aning qulogʻiga chaqti” – “U soʻzni uning qulogʻiga eshittirdi”. Ammo barmogʻini tosh bilan urib olgan odamga ham shu soʻz qoʻllanilgan, masalan, “Qoʻlini chaqib oldi”. Chaqmoq degan soʻz ham harakati jihatidan shunga oʻxshaydi. “Chaqmoq chaqdi” deyilishi koʻk qatida bir nima boshqa nimadirga urilganini bildirsa ne tong? Baʼzi ellar esa uni ilonga yoki hasharotga nisbatan ham qoʻllaydilar: “Ilon chaqib oldi”.

Shularning bari ayri-ayri tillarga oʻxshasa ham, oʻzligi ayni ekani zavqli edi.

* * *

Olim charchoq koʻzlarini yumib, bir oz tin oldi. Yogʻchiroq shuʼlasi lipillab, oʻtov uvuldiriqlari va keragasida oʻynadi.

Ha, el-ulus gʻoyat bepoyon, ulugʻ va keng, el ruhi esa tilda bor boʻyicha akslanmoqda. Oʻtovdan chiqmasdan turib ham til orqali yaylov maysalarining islarini, yengil havosini, ozod kishilar ruhiyatini sezsa boʻladi.

Idrok koʻzi bilan qaralsa, uning harakatlanishi ham koʻrinardi. Hozir til arabiy-forsiy soʻzlar hisobiga boyigani holda, oʻz soʻzlarini yangilamoqda edi. Vaqtu zamonlar oʻtgach, aqli yetuk kishilar oʻz tili jozibalari aro u soʻzlarni koʻrishganida, yot soʻzlar ham bosqinlardanu chopqinlardan, el oʻtmishidan, shuningdek, ilm tarixidan soʻzlayotganini bilib oladilar, albatta.

“Til – har narsani oʻzida aks ettiradigan gʻalati bir tarix bitigi, – deb oʻyladi u. – Savash-soʻqish, ekin-tikin soʻzlari-chi? Shularning bari el qanday yashayotganidan darak berib turadi”.

Ertasiga yoʻlga otlanganida:

– Bu ketishda qaylargacha bormoqchisan? – deb soʻradi qabila shayxi.

– To Iroqqacha yoyilib ketgan barcha turkiylarning hayotini, tilini yozib olmoqchiman, – deb javob qildi Mahmud. – Qoshu qaroqday yonma-yon ikki qishloq shevasi bir-biridan farqlanishiga qarasangiz, katta bir kitob boʻladi chogʻi.

– Oʻh-hoʻ, ishing zoʻr ekan, – dedi oqsoqol. – Ammo tahsinga loyiq. Men habibu ahbobga, avlodu valadga, aqraboga tayinladim, arabning har jamoasi sening borayotganing haqida boshqalarga xabar bersin, munosib izzat-ikrom ila kutib olib, kuzatishsin.

Keyin qulogʻiga shivirladi:

– U kitobingga bizniyam qoʻshib qoʻya olasanmi? Ismim Tamim, otamning ismi Abdulloh, Banu Xolid qabilasidan, deb qoʻysang bas.

Olim kulimsiradi:

– Albatta.

Soʻng ular bilan quchoqlashib xayrlashib, joʻnab ketdi. Oldinda uzoq va mashaqqatli yoʻl turar edi.

Kech kuz tevarak-javonibga hukmini oʻtkazar, son-sanoqsiz uluslar qishlash uchun togʻ oʻngirlariga, kamarlarga koʻchishardi. Tez orada dala-tuzni qoplab qalin qorlar yogʻdi. Kishilar kuz avvali kelib qolgan oʻsha kishi haqida ancha gapirib yurishdi. Qarluqlaru oʻgʻizlar, qipchoqlaru argʻinlar, chigillaru yagʻmolar taqdirning chalkash yoʻllari aro olim yozgan kitob daragi yetib kelishini kutishar, taftli alanga langʻillagan kechalarda uning nomini eslashardi. Uluslar orasida “Bilga kishi” deb nom qoldirgan uzun boʻyli, dono kishining haqiqiy xon oʻgʻli ekanidan esa, hech kimning xabari yoʻq edi.

* * *

Oradan bir necha yil oʻtdi.

Olim shu kezishlari oqibatida, kelgusida tartib berilajak “Devoni lugʻotit-turk”ning tamal soʻzlarini, oʻnlab turkiy qavmlarning urf-odatlarini, aytimu dostonlarini daftar-daftar yozib oldi. Bu ish uchun umrining oʻn besh yilini xarj etdi. Bolosogʻundan bulgʻor ellarigacha kezdi, yuzlab elatlarning lahjalarini oʻrgandi.

Biroq juda koʻp soʻzlar qishloqlaru yozloqlarda, oʻtloqlaru suvloqlarda, yayloqlarda qolib ketdi. Ularni jam qilishga birgina kishining umri yetmogʻi zoʻr ish edi.

Bulgʻorlar yurtiga yetganida bir muddat soʻlim koʻllar, yashil oʻrmonlar aro tin oldi. Tengritogʻ allaqachon olisda qolib ketgan edi. Tin olmoq barobarida toʻplaganlariga tartib berib, saraladi. Shuningdek, gʻoyat ulugʻ shu elning jonli tili borasidagi izlanishlarning soʻngi yoʻqligini ham his qildi. Vujudida yangi bir quvvat, jazm paydo boʻldi.

Bahor kechasi, yomgʻir yogʻib oʻtgach, koʻk tozalangan edi. Pasttogʻlar ortidan kattakon barkash boʻlib oy chiqdi.

– Bizning ellarda seni “Momo” deydilar, – dedi u orzularning olis timsoliday koʻringan toʻlin tun yoritqichiga sogʻinch ila boqib. – Arab “badr”, fors “moh” degani holda, bizlar senga qoshu sochlari oppoq oqargan momolar vasfini ham qoʻshib “Oymomo” deymiz. Baʼzilar esa “Oydada” deb ham aytadilar. Yaʼni, tabiatda neki bor, ulugʻlar yodu hurmatiga olib kelib bogʻlaymiz…

Yana bir oz vaqt oʻtgach, koʻkka Qoraqush chiqdi. Tungi samoda jimirlab turaverdi.

Olim vujudida latif yengillik his qildi. Olam uzra yashayotgan turkiy elatlarning ilk xazinasi mana shunday yaratildi. U hozir bittagina, xolos. Ammo bepoyon dunyoga yoyilib ketgan yuzlab uluslarning hayot tarzidan, marosimlaridan, zavqu iztiroblaridan, umridan darak beradigan ajoyib bir qomus tamali bunyod etildi.

Bir bulardangina emas, el ozodligidan, sarbastligidan soʻzlaydigan, qatida millat ruhini tashiydigan oʻxshashi yoʻq asar boʻldi.

“Men elimning eng toza soʻzlarining bir qisminigina oldim. Asli har qishloq, yozloq, suvloqning, hatto ovloq, poyloqning ham oʻz soʻzlari bor. Ular yombilar kabi oʻz makonida, oʻz kishilari bilan qolib ketdi. Ochunning ishiga qara, – deb afsus ila oʻyladi u. – Bir xon oʻgʻli edim, bu qismat boshimga kelmasaydi, hozir bir yerda muqim el soʻrab oʻtirardim. Ha, shuncha yerlarni kezdim-koʻrdim. El-ulus bagʻrini ochib kutib oldi, osh-ozigʻini ayamadi, koʻmak berdi. Hanisi xotun oʻsha ishini qilmaganida bular qayda edi? Nahotki “Devoni lugʻotit-turk”ning yaralishi uchun otamu ukalarimning halok boʻlishi lozim koʻrildi? Xon boʻlib taxt surganimda ulus xizmatida boʻlardim, albatta. Qoldiki, yana el xizmatiga bel bogʻladim. Shoyad vaqti kelib, buning uchun ilm saltanatidan kichik bir taxt ato etsalar, ne tong?”

Sahar boʻzargani sayin Qoraqush bota boshladi.

“Kunduz qochgach, u yana chiqadi, – deb oʻyladi olim. – Minglab yillar to qiyomatgacha shunday boʻlaveradi. Bir Mahmud bor edi, u ham botib ketadi. Ammo elning Mahmuddan ham chaqnoq yulduzlari insoniyat samosi uzra mana shunday chaqnayveradilar.

Qoldiki, doimo shu el, shu ulus yashayversin, Koʻk Tengrisi uni doimo qoʻllasin.

El yashnasinki, tili ham yashnasin.

Qadimiy va toza edi, abadiyan shunday toza, koʻrkli boʻlib qolsin!”.

 

Isajon SULTON

 

 


[1] Qurt – oʻgʻuz lahjasida, boʻri.

[2] Telim – koʻp.

[3] Erkak tuya.

 

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.