Qora palto

0
186
marta koʻrilgan.

Xumsondan kelib shaharda oʻqidim. Bultur qishda izgʻirinda bukilib, qorda yiqilib qishni bir amallab oʻtkazgan edim. Boshimdagi mushukmi, quyon terisidanmi qoʻlbola tikilgan quloqchinning foydasi kam boʻldi. Qish odamning oyogʻi bilan egniga yopishar ekan. Qishda yurish-turish, koʻrinishing derazaday huvullab qoladi.

Onam bilan Mahbuba opamga shaharda oʻqib yurganimda sovuqning zahri, qishning qahrini aytganimda ikkalasi ogʻir ahvolga tushishdi. Xumson unaqa sovuq emas, u Xum-sonmi, Qum-sonmi, Qum-sangmi, ishqilib, atrofi togʻ bilan oʻralganidan sovuq ham, shamol ham, issiq ham tezda uchib ketmaydi.

– Ana, – dedi Mahbuba opam. – Hech xayolimizga kelmabdi, kuyovingizni urushda kiygan shineli bor. Shuni buzib Tilavoyga palto tiktirib bersak boʻlarkan.

Dasturxon chetini chimchilab oʻtirgan onamning yoshli kipriklari silkindi, qosh-qovogʻi yorishdi.

Shinelni rayon markazidagi tikuvchi Gartmanga olib bordik. U bir qop yongʻoqqa palto tikib berishga rozi boʻldi.

– Juda issiq palto boʻladi, – dedi u mening boʻyim, yelkamni oʻlchar ekan. – Katta odam boʻlguncha tepkilab kiyasan.

Gartman ustimga quyib qoʻyganday loyiq paxta avrali palto tikib berdi. Paltoni shaharga olib joʻnadim. Qish tashvishidan qutuldim, deb yurgan edim, yomgʻir ketidan suvli shuvat yoqqan kezlarda maymun yigʻlaydigan ahvolga tushdim. Shinel jundan toʻqilganidan uni qattiq sovuqda kiysang joning kiradi. Yomgʻirda qoldingmi, yo pagʻa-pagʻa qor yoqqanda koʻchaga chiqdingmi, uyga qaytguncha paxtali palto toshday ogʻirlashadi. Uni na siqib, na quritib boʻladi. Ivigan palto uch kungacha jiqqa hoʻl yotadi. Tanchaga yopaman, kechasi koʻrpam ustidan tashlayman, qani qurisa? Ertasi kuni kiyishga majburman… Agar palto ivimasin desam, soyabon tutishim kerak, lekin soyabon otliqqa yoʻgʻu mendek yalangoyoqqa topilarmidi?

U paytlarda oʻgʻil bolalar alohida, qizlar alohida maktablarda oʻqishardi. Goho qizlar maktabi yigʻinlariga shu rayondagi oʻgʻil bolalar maktabi oʻquvchilarini chaqirib, oʻqituvchilar nazoratida uchrashuvlar boʻlardi.

Biz Muqimiy hayoti, ijodiga bagʻishlangan kecha oʻtkazdik. Men asosiy maʼruzachi boʻldim. Muqimiyga bagʻishlangan sheʼr bilan maʼruzamni yakunladim:

 

…Zamondin koʻrmayin zarracha shafqat,

Faryod deb oʻtdilar Muqimiy, Furqat…

Ularni oʻradi qaygʻu va kulfat,

Oʻtdilar bogʻaro qilmayin suhbat.

Muqimiy qalbining nozik torini,

Alamlar, xoʻrliklar, yigʻilar chertdi.

Muqimiy qayd qilar bahor borini,

Guliston, boʻstonda yurgan yorini…

 

Kutilmagan qarsaklar yangrab, baland-past qiyqiriq, olqishlar boʻldi. Adabiyot oʻqituvchimiz bagʻriga bosib, “Balli, oʻgʻlim, sendan shoir chiqmasayam, oʻqiybergin, yozaber”, dedi.

Kecha tugab tashqariga birin-ketin joʻnaganimizda qoʻshni maktab qizlari terak tagida davra tortib turishardi. Ularning yonidan oʻtayotganimda bir qiz kelib “Kechirasiz, sizni bir minutga mumkinmi”,  – dedi. Buni eshitgan oʻrtoqlarim qiyqirishib joʻnashdi. Qizlar davrasiga yaqinlashdim. Bittasi bugungi sheʼrni berishimni, bittasi daftarini tutib dastxat yozishimni, boshqasi maʼruzam matnini soʻradi. Qizlarni Koʻkchadagi tramvay bekatigacha kuzatdim. Qizlar tezda tarqalishdi, ikkitasi ketmadi. Tanishdik. Birining ismi Nazira, ikkinchisi Malika. Men Tilavoyman. Ularni Sebzorgacha kuzatib qoʻydim. Adabiyotdan yozma ishlarimni ularga berib turadigan, kerak boʻlganda, ulardan oladigan boʻldim. Dam olish kuni Xadradagi kinoteatr oldida uchrashishga vaʼdalashdik.

Uchrashuvga Malikaning bir oʻzi keldi. Men ham Nazira emas, Malika kelganidan quvondim. Kinoga tushdik. Navoiy koʻchasida biroz aylandik. Malikaga erkin mavzuda yozilgan yozma ishimni berdim. U keyingi hafta qaytarib bermoqchi boʻldi.

Bir necha oy ana shunday oʻtib ketdi. Qish kirdi. Yogʻingarchilik boshlanishi bilan mening bulturgi tashvishim qoʻzgʻaldi. Bir kuni Malika bilan kinodan chiqsak, yomgʻir tomchilayapti. Xadradan Sebzorgacha piyoda bordik. Malikaning uyiga yaqinlashmaguncha tomchilayotgan yomgʻir faqat mening ustimga tushayotganday tuyuldi. Bir qop yongʻoq orqalagan odamday terlab ketdim. Buni sezgan Malika: “Paltongiz ividi, bu yogʻi mahallamiz, endi kuzatmang” dedi-da, xayrlashib ketdi. Azbaroyi palto ogʻirligidan toʻxtab turgan tramvayga yugurib ham yetolmadim.

Bu ahvol koʻp marta takrorlandi. Qor yogʻishini bolaligimda qanchalik yaxshi koʻrsam, endi osmonning qovogʻi soliq kuni yuragim orqamga tortib ketadi. Bugun yana qor, yomgʻir yogʻadimi, yana uyga ivib-boʻkib kelamanmi, deb tashvish tortaman. Shu paltodan qutulish yoʻlini oʻyladim. Uning qanchalik ogʻirligini menchalik kim ham biladi? Sotib, oʻrniga boshqa yengilrogʻini olsam-chi? “Sotolmasam almashtiraman” dedim-da, dam olish kuni ertalab Xastimomning oldidagi yoyma bozorga joʻnadim. Har ehtimolga qarshi Mahbuba opam bergan oʻn soʻmlik qizil pulni choʻntagimga solib qoʻydim. Mabodo, yaxshi palto uchrab qolsayu, egasi rozi boʻlmasa shu oʻn soʻmni qoʻshib beraman, undan keyin uchrashuvlarga yangi paltoda boraman, unda boshqacha koʻrinsam kerak.

…Bozor toʻla odam. Umrimda birinchi marta bunaqa bozorda oldi-berdi qilishim. Paltoni yelkamga tashlab bozorni aylanib yurdim. Xaridor chiqmadi. Keyin uni qoʻlimga olib: “Kimga palto, kimga palto?” – deb ovoz chiqargan boʻldim. Tiqilinch. Kimdir ayollar koʻylagini silkitadi, ikkinchisi qalpogʻini maqtaydi, uchinchisi kostyum-shim taklif etadi, boshqasi mayin junli roʻmolni gʻijimlab koʻrsatadi, kimdir… ishqilib, kimda nima boʻlsa, shuni sotish dardida. Paltomga hech kim qaramadi.

Bir mahal palto, plashch, nimcha ushlab turgan odamlar orasiga kirib qoldim. Koʻzim tim qora paltoga tushishi bilan yuragim “shigʻ” etib ketdi. Uni oʻrta boʻyli, qoʻngʻiz moʻylovli kishi ushlab turardi. Uning yoniga bordim.

– Sotasizmi? – deb soʻradim.

– Sotaman, – dedi u.

– Yo almashtirasizmi?

– Senga qaysi biri maʼqul boʻlsa – shu, – deya qoʻlimdagi paltoga qaradi. Keyin mendan paltoni olib u yoq-bu yogʻiga razm soldi. Ichini ochib koʻrdi. “Hafsala qilibdi” dedi.

– Qani buni kiyib koʻr-chi, – dedi yelkamga qora paltoni ilib.

Umrimda birinchi marta begona odam menga palto kiydirayotganidan boshqacha boʻlib qoldim. Ustimdagi palto xuddi ajoyib, qimmatbaho narsaday tuyuldi. Tizzamdan pastini qoplab turgan, yengi yelkamga osilibroq tushgan palto biram yengil ediki…

– Oʻgʻlim, senga juda yarashdi-ku, yana razmeri ham toʻgʻri keldi, – dedi palto egasi.

Men xuddi paltoni oyna oldida tomosha qilganday yon-berimga engashib qoʻydim. Engashsam, palto etagi yerga tekkuday, choʻntagiga qoʻlimni tiqaman desam, choʻntak pastroqda, “hechqisi yoʻq” dedim ichimda, paltoda choʻntak asosiy narsa emas, u issiq, yengilligi yaxshi. Qora paltoda badanim qizigandan keyin uni yechgim kelmadi.

– Endi nima qilamiz? – dedim.

– Agar senga yoqsa, – dedi qora paltoning egasi. – Men almashtirishga roziman, faqat ustiga biroz qoʻshishingga toʻgʻri keladi.

– Oʻn soʻmdan ortiq pulim yoʻq, – dedim hech shu qizil pulni bergim kelmay.

Chunki unga yashashim kerak, Koʻkchada bir choynak choy oʻn tiyin turadi.

– Ust-boshing omon boʻlsa pul topiladi, okosi, – dedi u qatʼiy. – Bu paltoga xaridorlar koʻp. Senga xizmat qiladi, charchamay kiyasan…

Yonimda yoʻlimga, ertaga choyxonaga pulim kamligiga achinmay, shunday qora paltoli boʻlishdan ogʻzim qulogʻimga yetdi. Koʻkchadagi mahallamizga piyoda joʻnadim, hovliga kirsam, Sanobar kennoyi uyda ekan. U meni qora paltoda koʻrdiyu agʻrayib qoldi. Tirjayib yaqinlashdim.

– Senmisan, Tilavoy? – dedi miyigʻida kulib. – Uyimizga sirkda ishlaydigan qiziqchi kelib qoldimi, deb oʻylabman. Palto muborak boʻlsin!

– Rahmat, kennoyi, qalay, yaxshimi, yarashibdimi? – soʻradim maqtov tagiga koʻmiladiganday hovliqib.

– Sotib oldingmi?

– Shunaqa paltoni arzonga beradimi?

– Men tekinga ham olmas edim, – dedi Sanobar kennoyi.

Nafasim ichimga tushib, ustimdagi uzun paltodan battar shalvirab qoldim.

– Rostdanmi? – dedim entikib.

Sanobar kennoyi palto ikki-uch razmer kattaligini, tepkilab kiyilgandan titilib ketgani, yelkalari osilib turgani, yana buning ustiga kuya tushganini koʻrsatib, besh soʻmga arzimaydigan palto ustiga yana oʻn soʻm qoʻshib berganimni eshitib, jahli chiqdi.

– Ajab boʻpti, xoʻp boʻpti, endi bunaqa ahmoqlikni qaytarmaysan, – dedi.

Mayli, deb oʻzimni bosdim, palto qanaqa boʻlsayam avvalo qora, kennoyining gapiga qaraganda, drap degan gazlamadan tikilgan, oʻzimnikiga oʻxshab paxtali emas, osmondan toʻkiladigan qor, yomgʻirda ivimaydi. Keyin uchrashuvlarga shinelda emas, shaharli bolalarga oʻxshab drap paltoda boraman. Toshkent Sibirmas-ku paxtali shinel kiysam?!

Malika bilan uchrashgan birinchi kundayoq u oʻzimga emas, ustimdagi qora paltoga qaradi. Keyin tezgina xayrlashib keta qoldi.

Shu kundan eʼtiboran qiz oʻzgarib qoldi. U yozma ishlarimga qalam tegizmay qaytarib berar, qizning yozganlaridan men xato topolmas edim. Bora-bora yozma ish ayirboshlash salomlashishu xayrlashishdangina iboratga oʻxshab qoldi, biz na kino, na teatr, na hayvonot bogʻiga boramiz, Malikaning koʻzlari xuddi qora paltomni teshib tashlayotganday gʻalati javdirayveradi. Oxirgi uchrashuvlarimizdan birida kinoteatr oldida uni ancha kutdim, oxiri Malikaning kelmasligini tushunib, yomgʻir erinib tomchilay boshlagan paytda uning Qora tut mahallasidagi hovlisini eslab tramvay, avtobuslarning “Sebzor hammomi” bekati tomonga joʻnadim.

Kun sovuq, izgʻirin burnim bilan quloqlarimni chimchilagani-chimchilagan, yozma ishlarni qoʻynimga, qoʻllarimni qora palto choʻntagiga tiqay desam, choʻntaklar ancha pastda, noiloj, barmoqlarimni yengim ichiga tortib ketdim.

Vaqt peshindan ogʻdi. Qora tut mahallasiga yetib kelganimda yomgʻir tinmagan, boʻgʻotlardan oqqan suv koʻchani loyqalatib jar tomonga chopardi. Oʻzimni darvoza panasiga olib Malikalarning eshik qoʻngʻirogʻini bosdim.

Eshik ochilib Malika koʻrindi, u bir zum tikilib turdi-da qaytib ichkariga kirib ketdi, yomgʻirdan qochib darvozaxona chetiga oʻtganimda u yozma ishlarimni qoʻltiqlab chiqdi.

– Bu yil maktabdan keyin qayerga oʻqishga kirmoqchisiz? – dedi Malika sekin. – Mustaqil ishlaringiz yoqmadi. Uygʻun, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjonlarni osmonga koʻtarib, boshqalarni eslamagansiz. Osmonga tosh otmang, tosh doʻlga qoʻshilib yana boshingizga kelib urilmasin!

– Adabiyot oʻqituvchimiz Abdulla Qahhor haqida yozayapti, – dedim men.  – Shu oʻqituvchim maslahatiga qarab yozma ish qoralayman.

– Mening fikrimcha, – dedi Malika. – Birovning gapiga qarab emas, oʻzingizdan kelib chiqib yozgan yaxshi, oʻylab koʻring.

Hali suhbat oxiriga bormay yomgʻir kuchaydi. Yozma ishlar qoʻldan qoʻlga oʻtayotganda men Xastimom bozorida uchratgan, qora paltoni yelkasiga tashlab, “okosi” deb maqtagan moʻylovli kishi paydo boʻldi. Malikaga qarab qovogʻini uydi-da, ichkariga kirib ketdi.

Men Malika bilan xayrlashmay ham joʻnavorsammi deb turgan paytim darvoza ochilib, haligi “okosi” bilan bir ayol paydo boʻldi. “Moʻylov” indamay keldi-da, egnimdagi qora paltoni yecha boshladi. Palto “okosi”ning bilagiga osilib tushgan zamon darvozaga suyalib turgan ayol qoʻltigʻidagi shinel paltoni uzatdi. “Okosi” esa yonidan oʻn soʻmlik qizil pul chiqarib, uzatdi-da: “Boraqol endi, yoʻlingdan adashma” deb, qizini hovli ichiga itarib yubordi.

Men shovullagan yomgʻir pardasi tagida yugurgancha Sebzor bekatiga, tramvayga ilinish uchun yugurdim. Yoʻqsa, paltom yana ivishi, men shu ogʻir matohni yelkamda koʻtara olmay qiynalib qolishim aniq edi.

 

Tilab MAHMUDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.