Qor taftidagi iliqlik

0
111
marta koʻrilgan.

Tashqarida sovuq. Qish izgʻirini tabiatni tobora holsizlantirib, qimirlagan jonni issiqroq joyga qochmoqqa majburlaydi.

Daraxtlar yalangʻoch… Zamin bagʻri ayozdan dir-dir titraydi. Kuzning soʻnggi umidlari boʻlgan oltin yaproqlar ham oyoqlar ostida hayot bilan vidolashadi. Quchogʻida gʻir-gʻir esayotgan shamolni erkalayotgan tabiat esa qandaydir mahzun kuy chalayotganday…

Qorning sogʻinchi yuraklarni orziqtirib yuboradi. Va nihoyat, uzoq kutilgan qor parchalari zaminni osmon uniga koʻmib tashladi. Oppoq qor yogʻyapti… biram mayin, biram begʻubor, biram yumshoq… Unda oq orzularning surati bor, unda oppoq xotiralarning aksi zohir, unda shirin orziqish bisyor…

Endigina zamin bagʻrini qoplagan tiniq qorning qadamlarim ostida toptalishini istamay, astagina odimlayman. Nazarimda, oyoqlarim tagida ezilayotgan oppoq parning ingrayotganini eshitganday boʻlaman. U goʻyo “meni ehtiyot qil” deyayotganday. Qoʻllarimga uchib tushgan qor parchalarini olaman. Ular bilan xayolan suhbatlashaman. U esa beqaror, koʻnglimni jimgina tinglaydi-da, asta erib ketadi kaftimda.

Ana, tanish yoʻlak. Yogʻayotgan qor mudroq xotiralarni uygʻotib yuboradi. Qalbning hech kimsaga ochilmagan, faqat ikkimizga ayon asrorlarigina yogʻayotgan qorga hamohang isyon koʻtaradi. Oʻynoqlab tushayotgan qor parchalariga tengma-teng, ehtiyotkorona, unga ozor bermaslikka urinib, qadam bosaman. Ammo… uddalolmayman. Beixtiyor ozor beraman unga. Qiziq, bu holat ham juda tanish. Gohida oʻzimizga qadrdon yaqinlarimizning koʻnglini beixtiyor, istab-istamay ogʻritib qoʻyamizu keyin bu dilxiralikdan oʻzimiz qiynalamiz.

Yogʻayotgan qorga yuzlarimni bosaman. U koʻngilning armon degan lahcha choʻgʻini eritib yuboradiganday, taskin topaman undan. Atrofda bir-birini quvalab, qorboʻron oʻynayotgan bolakaylarga havas bilan qarayman. Umrning oʻtishini qarang, kechagina ular kabi bola edik, bugun esa allaqachon hayot hukmiga bosh eggan, mustaqil hayotning past-balandiga koʻnikkan insonlarmiz. Endi bolalikni faqatgina ularning nigohlaridagina uchratamiz. Qor qoʻynida qiy-chuv qilib oʻynayotgan kichkintoylar xayolni olis bolalikka olib ketadi.

Qishning izgʻirinini pisand etmagan koʻngillar tafti xotiralar bagʻriga bizni mudom chorlayveradi…

 

Zilola RAHMONOVA

 

“Oila davrasida” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.