Qoʻnoq

0
149
marta koʻrilgan.

Azamat allamahalda keldi, uning ustiga, oʻzini behalovat his qilaverdi. Bir narsani unutganday, yoʻqotganday boʻlaverdi. Tomogʻidan ovqat oʻtmadi. Ijaradosh joʻralari – Nishon bilan Sardor bir-biriga qaramay, pishillab ovqatlanishardi.

– Ha joʻra, mazang yoʻq? – dedi Sardor nafsini sal qondirib olgach. – Nima balo, jigʻildoning shishganmi? Yo bitta-yarimtasi qorningni toʻydirib yubordimi?

Azamat chuqur uh tortdi.

– Namuncha uflamasang? Dunyoni suv bosayaptimi?

– Sevgan qizi tashlab ketgan koʻrinadi, – gapga qoʻshildi Nishon kosasini non bilan sidirar ekan. – Topdimmi? Topdi-im. Shu, sening sevishinggayam qoyil qolaman-da, joʻra. Bor buding bilan mubtalo boʻlavermasdan, sal oʻzingni ayabroq yaxshi koʻrsang boʻlmaydimi, menga oʻxshab? He, Majnun! Ay, oʻylama, joʻra! Nima koʻp, qiz koʻp.

– Nimalar deyapsan-yey? Qanaqa sevgi, qanaqa qiz? – Azamatning ensasi qotdi. – Men nima xayoldaman-u, sen nima dardda!

– Ayt-da boʻmasam, odamning ichini kuydirmay.

– Oʻylayapman.

– Nimani? – dedi Sardor.

– Boya mahallaga burilaverishda bir juvon turgan ekan. Yonida yosh bolasi. Sovuqda diydirabgina, koʻzlari javdirab, har kimdan najot istab qarab turibdi. Mendan yordam soʻradi. “Uka, shaharga mehmonga keluvdik. Aksiga olib, qarindoshimiz chet elga ketgan ekan. Avtobuslar ham toʻxtagan. Ertalabgacha tunashga joy topib berolmaysizmi?” dedi.

– Sen-chi, sen nima deding?

– Iloji yoʻq, deb kelaveribman-da, – yelka qisdi Azamat.

– Bekor qilibsan, joʻra, – Sardor ham oʻsha ayolni koʻz oldiga keltirib, ichidan bir narsa uzilganday boʻldi. – Bolasi bilan shu sovuqda tashlab kelganing yaxshi boʻmabdi.

– Menam shuni oʻylab oʻtiribman. Ha endi, kim bilsin, oʻgʻrimi, toʻgʻrimi, debman-da. Dabdurustdan oldingdan notanish birov chiqib, tunashga joy soʻrasa, xuddi kissangdagini chiqar deyotganday dovdirab qolarkansan kishi. Gapiyam sal shubhali koʻrindi. Sarosimada juftakni rostlayveribman.

– E, olib kelavermabsan-da. Ha, tanishardik. Tonggacha suhbatlashardik. Biz boʻydoq, u juvon boʻlsa? A, labbay! – beoʻxshov hazil qildi Nishon va doʻstlarining yalt etgan qarashlaridan buni sezib, tilini tishladi.

– Mana shu sening iflos oʻyga borishingni bilib, olib kelmadim! – jazavaga tushdi Azamat.

– Voy-voʻ, hazillashdim-ku!

– Hozir hazilning oʻrnimi? – battar tutadi. – Yoʻq, ayt, hazil qilishning mavridimi hozir?

– Oʻzingni bos, joʻra! Meniki bir omadi gap-da!

– Azamat, qoʻy shuni, nima birinchi marta koʻrib turibsanmi? – dedi Sardor. – Nishon, senam tilingni tiy. Ogʻzim bor, deb har baloni laqillayverma. Xullas, nima qilamiz?

– Ketib qolmaganmikan? – taraddudlandi Azamat.

– Qaydam, balki haliyam turgandir.

– Ancha vaqt oʻtdi-ku. Yana bilmadim. Qarab kelamizmi, yo?

– Menga qaranglar, sizlar rostdan olib kelmoqchimisizlar? – dedi Nishon. – U sen aytganday oʻgʻrimi, toʻgʻrimi, biz bilmaymiz-ku. Shantajchidir balki? Olib kelganingdan keyin, besh minutga qolmay dod-voyni solib, hammani oyoqqa turgʻazsa-chi? Butun mahallaga sharmanda boʻlamiz-ku. Oʻzi ijarada arang sudralib yuribmiz. Bu yerdan ham badargʻa qilishmasin, tagʻin.

– Vahima qilaverma! – jerkib berdi Azamat. – Turinglar, ketdik qidirib kelamiz. Bu yerga boʻlmasa, uyida ayoli bor birorta qoʻshninikiga joylarmiz.

– Men bormayman, – dedi Nishon.

– Sen qolaver, Sardor ikkimiz qarab kelamiz.

– Ertaga bir narsa boʻlsa, men sizlarni tanimayman, aytib qoʻyay!

Sardor ham ikkilanib qoldi, koʻngliga gʻulgʻula tushdi.

– Balki, ketib boʻlgandir, a? – dedi u ishonchsiz ohangda.

Azamat joʻralariga biroz hayron boʻlib qarab qoldi, soʻng qoʻlini bir siltab, koʻchaga chiqib ketdi.

* * *

Ayol bolasi bilan shaharga – ota uyiga, inisining toʻyiga bordi. Qaynonasi toʻshak tortib yotibdi, eri oʻrim-yigʻimda. Ona-bola toʻyni tarqatib, ikkinchi kuni peshindan soʻng yoʻlga tushdi. Eridan uch-toʻrt kunga ruxsat olib kelgan boʻlsa-da, juvon uyda qolgan qaynonasini, roʻzgʻorni oʻylab, ota-onasi, qarindosh-urugʻining gapini pisand qilmay, “Ketmasam boʻlmaydi”, deb turib oldi. Oʻzi, shahar bilan tumanning orasi yaqin, avtobusda birpaslik yoʻl. Aksiga olib, yoʻlda avtobus buzildi va ular tumanning oʻziga kun botganda zoʻrgʻa kirib bordi. Bu yogʻi qishloqqacha yana poyu piyoda ancha yurish kerak. Tumanda qolay desa, na tanishi, na qarindoshi bor…

Ona-bola toʻlin oyning yorugʻida ikki tomoni yulgʻun bosgan yolgʻizoyoq soʻqmoq boʻylab borayapti. Kuzning salqin havosi etlarini junjiktirar, shamol yuzlarini timdalar, ona yenglarini gʻijimlab, dir-dir qaltirab, bola esa boshini choponiga tortib, gʻujinibgina borardi. Uzoq-uzoqlardan soyning shovullashi, itlarning hurgani, eshaklarning hangragani eshitiladi. Yulgʻunzordan oʻtgandan keyin paxtazor chiqdi. Haydov boʻlgan gʻoʻzapoyalari navkarlardek saf tortgancha vahima soladi. Dalaning bu boshi bilan u boshi kamida ikki chaqirim yoʻl. Chap tomonda esa jiydayu toʻrangʻil shoxlari bir-biriga chirmashib ketgan toʻqayzor. Pitir-pitir, shitir-shitir, “gʻiyq-gʻiyq”, “pir-pi-i-ir” etadi. “Jiydaning tagida uxlab qolsa, jin chalib ketadi”, degan gapni koʻp eshitgani uchunmi, bolani qaltiroq tutar, qancha tez yurmasin, yoʻl tugamaydigandek edi. Nuqul “Otam traktorida kelib, bizni olib ketsaydi”, deb aytadi.

Dalaning yarmiga ham yetmasdan yaqin atrofda shoqol ulidi. Ona choʻchib tushdi, oʻgʻlining qoʻlidan mahkam tutdi. Bola piqillab yigʻlay boshladi. Toʻqayzor tomondagi saslar ham kuchayib, xuddi butalar orasidan bahaybat hayvon chiqa solib, hamla qiladigandek ikkisi ham joyida serrayib qoldi. Ona darrov oʻziga kelib, qoʻliga uzun tayoq oldi. “Qoʻrqma bolam, men borman, sekin yuraver” – uning ovozi qaltirardi.

Bir ovulga kirib bordilar. Zim-zimiston. Milt etgan chiroq yoʻq. Oy yogʻdusida pastqam uylar yanada yerga qapishib ketgandek tuyulardi. Ona-bolaning tinka-madori qurigan, qadam tashlashga majoli qolmagan edi, birinchi koʻringan uyni qora tortib boraverdilar.

Juvon ildirib qoʻyilgan yogʻoch irganakni ochdi. Keng hovlining oʻng tomonidagi qoʻradan echkilarning bir-birini suzib, xunuk yoʻtalgani eshitildi. Ayol it-piti tashlanib qolsa-ya, deya qoʻlidagi tayogʻini mahkam ushlab olgan, bolasi esa uning etagini qoʻyvormasdi.

“Kim bor, hu-u-v”, deb chaqirdi. Bekorga xavotirlanmagan ekan, supa yonida yotgan eshakday it vovulladi. Ona orqaga tisarilib, qattiqroq baqirdi. Bolani qaltiroq tutdi. It hurib, ular tomon yaqinlasha boshladi. Endi qochishga chogʻlanib turishganida, uy eshigi ochilib, bir kampirning sharpasi koʻrindi.

– Ha? – dedi kampir kaftini manglayiga tirab. – Kim u?

– Xudoyi qoʻnoqmiz, ena.

– Kiringlar, kiraveringlar, nega iymanasan, bolam? – dedi kampir ostonadan ichkariga boshlarkan. – Kelinglar-chi, qani. Voy, qulunim-ov, muzlab qolibsan-ku.

Kampir bolaga engashib, qoʻllarini siladi, yuzini yuziga bosdi. Kampirning beti iliq edi, ajin bosgan manglayi, chakkalaridan koʻrinib turgan oppoq sochi momosini eslatardi. Faqat momosi sal toʻlaroq, bu kampir esa jimitdekkina edi.

Momo mehmonlarni kichik bir xonaga boshladi. Pech yoqilgan, issiqqina tafti darrov qizargan yuzlarini erita boshladi. Momo chiroqni yoqdi. Xona oʻrtasida chogʻroq xontaxta, burchakda ustiga toʻrt-besh koʻrpacha yigʻilgan sandiqdan boʻlak jihoz yoʻq. Toʻrda qorachadan kelgan bola uxlab yotibdi. Momo uni turtkilab uygʻotdi.

– Gʻayrat, tur, bolam! Mehmon keldi.

Bola gʻudranib, koʻzini ochdi. Biroz alanglab turdi-da, notanish odamlarni koʻrib, momosiga norozi qarab, bir narsalar deb, chiqib ketdi.

– Ena, qoʻying, yotaversin edi, – dedi juvon past ovozda. – Sizlarni ham ovora qildik…

– Ovorasi bor ekanmi, bolam? Xudoyi qoʻnoq – xudoning qoʻnogʻi. Kiringlar-chi, ustingizdagini yechib, yuqoriga oʻtinglar-chi…

Momo pechga shox-shabba tashladi, qora qumgʻonni toʻldirib, choy qoʻydi. Juvon egnidagi paltosini, oʻgʻlining choponini yechib, devordagi mixga osdi. Momo xontaxta atrofiga ikki qavat qilib koʻrpacha toʻshadi. Dasturxon yozib, joʻxori unidan qilingan toʻrtta zogʻora, piyolalarda tolqon, jiyda, ikkita likopchada parvarda olib keldi, issiqqina choy damladi. Juvon ham tugunini yechib, toʻyning non-boʻgʻirsogʻidan dasturxonga qoʻydi.

– Olinglar, uyalmanglar, yoʻl yurib charchagandirsizlar, – dedi momo zogʻoradan sindirib bolaga uzatarkan.

Bola yoʻl-yoʻlakay tugundagi narsalardan choʻqilab kelgan boʻlsa-da, juda ochiqqan edi. Zogʻorani olib, apil-tapil chaynay boshladi. Qovoq qoʻshib yopilgani uchunmi, juda mazali tuyulib ketdi. Momo mehribonlik bilan oldiga tolqonniyam surib qoʻydi. Nonni yutib boʻlmasdan, ogʻziga bir qoshiq tolqon solgandi, tomogʻiga yugurib, yoʻtal tutdi. Juvon uyatdan qizarib ketdi, momoga bildirmasdan bolasini chimchilab oldi.

– Shoshmasdan yeyaver, qulunim, hammasi senga, – dedi momo jilmayib. Soʻng choy quyib berayotib, yurt surishtirdi:

– Qizim, qay ovuldansan? Kimning elisan?

– Qumlitovdanmiz. Jumaboy traktorchining ayoliman.

– Jumaboy traktorchisi kim boʻldi ekan? Qaynota-qaynonang bormi?

– Qaynonam bor.

– Ha, shundan gapir-da, boʻlmasam…

– Enamizni hamma tabib deydi.

– Tabib? – kampir bir narsani eslashga urindi, chogʻi, unga tikilib qoldi. – Qumlitovda kim tabib edi-ya?

Juvon oʻgʻlini turtib, “Momongning ismini ayt”, deb shivirladi. Mezbon buni sezib, bolaga yuzlandi:

– Ha, ayt-chi qani, kimning navarasisan?

– Sharifa momomning, – erkalandi bola.

– Sharifa? E, ha, boyadan beri shunday demaysanmi? Toʻy-maʼrakalarda koʻp koʻraman uni. Juda kayvoni ayol. Hamma maqtaydi qoʻli yengil, deb, – dedi mezbon.

– Ha, qishlogʻimizda kim kasal boʻlsa, enamning oldiga chopib kelaveradi.

– Tuzuk, tuzuk. Oʻzi yaxshimi, oʻynab-kulib yuribdimi? Hov, laqillab oʻtirishimni qara, – deya momo juvonga choynakni uzatib, oʻzi qoʻzgʻaldi. – Hozir sizlar choy ichib turinglar-chi, men qozonni otlantirib yuboray.

– Ena, qoʻying. Choy yetadi, rahmat.

– Hov, unday dema. Choy tomoq boʻlarmidi?! Issiq ovqatga nima yetsin.

– Yoʻq, ena, iltimos, ovora boʻlmang. Oʻzi, shundoq ham tinchingizni buzganimizga xijolat boʻlib oʻtiribmiz. Hademay tong ham otadi…

Momo sal kalovlanib turdi-da, bolaning koʻzlari yumilib ketayotganini koʻrib, shashtidan qaytdi. Momo oʻziga, mehmonlarga qator joy solib, chiroqni oʻchirdi. Juvon bilan uzoq gaplashib yotishdi. Ayol qayerdan kelayotgani, nega kech qolganini oqizmay-tomizmay aytib berdi. Momo ham oʻgʻli bilan kelini shaharda yashashi, ularning qayerda ishlashi-yu, oʻzi qishloqda nevarasi bilan birga turishi haqida toʻlib-toshib gapirdi. Bola ularning gangur-gungur gaplariga quloq tutib yotib uxlab qoldi…

Tongda ayol bolasining boshidan silab uygʻotdi. Bola qarasa, yonida kechagi qora bola choy ichib oʻtiribdi.

Koʻzini ishqalab, dahlizga yuz-qoʻlini yuvishga chiqdi. Momo bir narsa dedi, shekilli, izidan mezbon bola keldi, obdastani olib, suv quya boshladi.

– Isming nima? – soʻradi u.

– Azamat.

– Meniki Gʻayrat. Adashib qoldinglarmi?

– Yoʻq, kechqurun qoʻrqdik.

– He, qoʻrqasanmi qorongʻidan? – istehzoli kuldi u.

– Ha, sen-chi?

– Yoʻq. Hecham qoʻrqmayman.

– Kuchli ekansan-da, a?

– Ha, qoʻrqsam, yonimga itimni olvolaman. Kecha koʻrdingmi itimni?

– Koʻrdim. Iting katta ekan.

– Maktabga borasanmi?

– Yoʻq, hali kichkinaman. Keyingi yil boraman.

– Men uchinchi sinfda oʻqiyman.

– Uchinchi sinfda? Faqat uch baho olasanmi shunda?

– Yoʻq, beshga oʻqiyman men.

– Aldama. Beshinchi sinflar beshga oʻqiydi. Sen uchga oʻqiysan, – uning ustidan zavqlanib kuldi.

– Hozir qumgʻon bilan boshingga bir uraman! – Gʻayrat obdasta ushlagan qoʻlini Azamatning tepasida sermadi.

– Ena, qarang! Gʻayrat meni urmoqchi!

– Gʻayrat! Bezori! Tegma qoʻnoq bolaga! – momoning tahdidli ovozi eshitildi.

– Oʻzi-ku, uchga oʻqiysan, deb ustimdan kulyapti, – dedi Gʻayrat popugi pasayib.

– Azamat! Hozir koʻrasan mendan, – juvon doʻq urdi.

Mehmon bola onasining oldiga yugurdi. Gʻayrat izidan kirib, unga yeb qoʻygudek qaradi. Azamat onasiga biqinib oʻtirib, choy ichdi, qaynoqqina shoʻrvani paqqos tushirdi.

Momo ona-bolani ovuldan chiqaverishdagi katta ariq boʻyigacha kuzatib qoʻydi. Ariqni yoqalab yursa, katta yoʻlga tushishini aytib, qoʻllariga mayda-chuyda solingan tugunni tutqazib, uzoqlab ketgunicha qoʻl siltab qoldi.

– Yoʻlni bilib oldinglar, endi kelib-kelib turinglar…

Shundan keyin u uyga qaytib borishmadi, momo ham bularnikiga mehmon boʻlib kelmadi.

 

***

Azamat mahalla boshidan to bekatgacha boʻlgan oraliqni bir necha marta aylandi, juvonning iziniyam topolmay, dami chiqqan pufakday shalvirab ortiga qaytdi. Joʻralari allaqachon uxlab qolgan, xonada ogʻir sukunat va zulmat kezib yurardi. U joyiga yotdi, koʻzi ilindi deguncha oʻsha kechadagi jimitdekkina momo bilan qorachadan kelgan nevarasi sovuqda qaltirab turganday koʻrinaverdi.

 

Bayram AYTMUROD

 

“Yoshlik”, 2015 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.