Qoʻnalgʻa

0
159
marta koʻrilgan.

Ivan BUNIN

 

Bu voqea Ispaniyaning janubidagi xilvat togʻ chekkasida boʻlib oʻtdi.

Iyun tuni, toʻlin oy chiqqan, u osmonda uvoqqina boʻlib eng baland nuqtada turar, biroz pushtirang nurlari odatda binafshalar qulf urib ochiladigan damlarda, kunduzgi qisqa yomgʻirlardan keyin keladigan issiq oqshomlardagi kabi pastak janub oʻsimliklari bilan qoplangan yassi togʻ dovonlarini nurga belagan, to ufqqacha hamma narsani aniq ilgʻash mumkin edi.

Ana shu dovonlar oʻrtasidagi torgina vodiy shimolga qarab choʻzilib ketgan. Qirning soya tushib turgan bir tomonida − oʻlik sukunatga choʻmgan kimsasiz tun qoʻynida togʻ jilgʻasi bir meʼyorda shovullab oqar, chirildoq va chirkak chivinlar qimmatbaho shaffof toshlarga oʻxshab sirli yogʻdu sochib, havoda tinimsiz uchib − suzib yurishardi. Vodiy qarshisidagi tobora pasayib boruvchi soya bosgan tepaliklar etagidan qadimdan qolgan shagʻal yoʻl oʻtgandi. Pastda − tekislikda bino boʻlgan tosh shaharcha ham oʻta koʻhna edi. Qorongʻi tushib, el yotadigan paytda mana shu tosh shaharcha boʻylab keng oq enli mursak kiygan va boshiga popukli doʻppi qoʻndirgan baland boʻyli bir marokashlik oldingi oʻng oyogʻini oqsab bosayotgan toʻriq otda borardi.

Shaharcha oʻlik va tashlandiq qiyofada koʻrinardi.

Marokashlik oldiniga deraza oynalari oʻrni vahimali qorayib turgan, tosh binolar orasidagi qarovsiz bogʻlari gʻovlab ketgan xilvat koʻcha boʻylab yurdi. Undan keyin uzun hovuzli, ustunli peshtoqiga koʻkimtir maʼbuda haykali oʻrnatilgan cherkov va qator turarjoy binolari hamda karvoysaroy joylashgan yorugʻ maydonga chiqdi. U yerda − pastki qavatdagi kichkina derazalarda hali chiroq oʻchmagan edi. Mudrab kelayotgan marokashlik sergaklanib koʻzini ochdi, jilovni tortib, oqsoq otni maydondagi oʻnqir-choʻnqirlar ustidan jadal yurishga undadi. Ot dupurini eshitib, boʻsagʻada ushoqqina, ozgʻin, turish-turmushi tilanchiga oʻxshaydigan kampir paydo boʻldi, orqasidan sochini peshana gajak qilib, yalang oyoqlariga shippak ilgan, kapalak gullari xira tortgan oqish kalta koʻylakli oʻn besh yoshlardagi qizaloq chopib chiqdi, ostonada choʻzilib yotgan junlari silliq, kalta quloqlari tikkaygan ulkan qora koʻppak oʻrnidan turdi. Marokashlik ostonada imir-silab qildi, it esa shu zahotiyoq koʻzlari yonib, dahshatli oq tishlarini irjaytirib unga tashlandi. Marokashlik qamchisini oʻqtaldi, ammo qizcha undan oldin qoʻrquv toʻla jarangdor ovozda:

− Negra! − deb qichkirdi. − Senga nima boʻldi?

It boshini engashtirib, sekin orqasiga qaytdi va tumshugʻini uyga qaratib, yerga choʻzildi.

Marokashlik buzuq ispan tilida salom berib, shaharda temirchi bormi, ertaga ot tuyogʻini koʻrsatmasam boʻlmaydi, otni qayerga bogʻlash mumkin, unga yem-xashak topiladimi, oʻzimga kechki ovqat pishirib berasizlarmi? − deb soʻradi. Qizcha mehmonning ulkan qaddi – qomati va chechak izi qolgan yuziga qiziqsinib tikilib, xotirjam yotganiga qaramay, oʻzini xafa koʻrsatayotgan qora itini silab-siypalardi, qulogʻi ogʻir kampir har bir savolga shosha-pisha qichqirib javob qaytarardi: temirchi bor, xizmatkor uy yonidagi ogʻilda uxlab yotibdi, otga xashak solishadi, mehmon ovqatdan tashvish tortmasa ham boʻladi: yogʻda tuxum qovurish mumkin, ammo kechki ovqatga faqat ozgina sovib qolgan loviya bilan qovurilgan karam qovurdoq bor…

Yarim soatdan keyin hamisha mast yuradigan xizmatkor qariya bilan otni saranjom qilgan marokashlik oshxonada stolda oʻtirib ochkoʻzlik bilan ovqat yeb, oq musallasni yutoqib ichishga tushdi.

Karvonsaroy binosi ilvirab qolgan edi. Pastki qavati pichanxona boʻlib, oxirida yuqori qavatning ikki tomoniga olib chiqadigan zinapoya bor edi; chapdagi soʻri qoʻyilgan keng, pastak xona oddiy odamlarga moʻljallangan, oʻngdagisi ham aynan shunday boʻlib, bir paytning oʻzida oshxona va yemakxona vazifasini bajarardi, butun shifti va yon tomonlarini dud va qurum bosgan, devorlari qalin, ammo oynalari kichkina edi, bir burchagiga oʻchoq qurilib, qoʻpol yogʻoch stullar va soʻrilar qoʻyilgan, gʻadir-budir tosh toʻshamasi yillar oʻtib silliqlanib ketgan edi. Shiftga osigʻliq zanjiri qoraygan kerosin lampa tutab yonar, moy va qizdirilayotgan yogʻ hidi anqib turardi − kampir oʻchoqqa olov yoqib sovib qolgan qovurdoqni isitar va quymoq pishirardi; mehmon esa sirka bilan yashil zaytun yogʻiga aralashtirilgan yaxna loviyani tushi rardi. U kiyimlarini yechmagan, mursagi dam yelkasida turar, yoʻgʻon charm boshmoq ichidagi oyoqlarini bor boʻyicha uzatib yuborgan, toʻpigʻiga oʻralgan oq jun cholvorini qoʻnjiga tiqib qoʻygandi. Qizaloq kampirga qarashib imirsilanib yurar va erkakning oʻziga tez-tez qadalayotgan oʻtkir nigohi, quruqshagan choʻtir yuzidagi koʻkimtir tomirlari va ingichka labiga koʻzi tushganda, qoʻrqqanidan gʻalati boʻlib ketardi. Chindan ham erkakning vajohati qoʻrqinchli edi. Nihoyatda baland boʻyi keng mursakda yanada haybatli koʻrinar, popukli doʻppi ostidagi kallasi esa kichrayib qolganga oʻxshardi. Yuqori labining chekkalarida qattiq qora tuklar dikkaygan, ana shunday bir-ikki tuk iyagidan ham chiqqan edi. Boshini xiyol orqaga tashlaganida, kekirdagi oldinga doʻppayib chiqib, uni yanada xunuk koʻrsatardi. Uzun, qoramtir barmoqlaridagi kumush uzuklari oqish tus olgan edi. U yer, ichar, ammo negadir indamay oʻtirardi.

Kampir qovurdoqni isitib, quymokni pishirib boʻlgach, choʻgʻi oʻchgan oʻchoq yonidagi soʻriga horgʻin choʻkdi va undan qayerlik boʻlasan, qayerga ketyapsan, deb qichqirib soʻradi, erkak xirildoq ovozda qisqa javob berdi:

− Uzoqqa.

U qovurdoq va quymoqni yeb boʻlgach, boʻshagan may koʻzachasini silkitib koʻrdi, − qovurdoqqa qalampir koʻp solingandi, − kampir qizchaga boshi bilan imo qildi. Qiz koʻzachani oldi va pichanxona eshigini ochib, tilla qoʻngʻizlar ohista suzib, gʻalati yogʻdu sochayotgan tun qarida gʻoyib boʻlgach, u koʻkrak choʻntagidagi qutidan papiros olib tutatdi va yana boyagidek qisqa gap qotdi:

− Nevarangmi?

− Jiyanim, yetimcha, − kampir qichqirib marhum akasi − qizchaning otasini qanchalik yaxshi koʻrganini va uni deb qizligicha oʻtib ketayotganini, bu karvonsaroy uniki boʻlganini, oʻn ikki yil oldin kelini, sakkiz yil oldin akasi vafot etganini va butun molu mulki oʻziga qolganini, odamlar kamayib borayotgan bu shaharchada ishlari yurishmayotganini gapirib berdi…

Marokashlik papiros chekib, xayolga choʻmgan holda parishon tingladi. Qizcha koʻzachani toʻldirib yugurib keldi, u qizni koʻrgach, papiros qoldigʻini qattiq soʻrib, uzun qora barmogʻi uchini kuydirib oldi, shosha-pisha yangi papiros tutatdi va kampirga baland ovozda, − qulogʻi ogʻirligini sezgan edi, – maʼnodor qilib:

− Agar jiyaning mayni oʻz qoʻli bilan quyib bersa, juda mamnun boʻlardim, − dedi.

− U bunday qilmaydi, − shartta kesdi kampir, soʻng ezmalikni bas qilib, loʻndasiga oʻtdi va jahl aralash qichkirdi:

− Kech boʻlib qoldi, musallasingni ichgin-u, borib yot, u hozir boloxonada senga oʻrin solib beradi.

Qizning koʻzlari charaqlab ketdi, buyrukni kutib oʻtirmasdan sakrab turib, zinapoyadan chopqillab yuqoriga chiqib ketdi.

− Ikkalangiz qayerda uxlaysizlar? − soʻradi marokashlik va ter bosgan peshonasidan doʻppini sal nari surib qoʻydi.

Kampir yozda, u yer juda issiq boʻladi, mijozlar yoʻq paytlarda − hozir ular butunlay yoʻq! − pastki qavatda, mana shu yerda yotamiz, deb qichqirib, qoʻli bilan pichanxona roʻparasidagi hujrani koʻrsatdi va tagʻin ishlari yurishmayotganidan shikoyat qilishga tushdi: hamma narsa qimmatlashib ketyapti, shuning uchun qoʻnoqlardan koʻproq haq olishdan boshqa ilojimiz yoʻq…

− Erta tongda yoʻlga tushaman, − dedi marokashlik kampirning gaplariga deyarli qulok, solmasdan. − Ertalab faqat qahva bersang boʻldi. Hisob-kitob qilamiz. − Qaraylik-chi, mayda pullarim qayerda ekan, − qoʻshib qoʻydi u va mursagi ichidan yumshoq qizil charm xamyonini chiqarib, boʻgʻzidagi bogʻichini yechdi, oltin tangalarni stol ustiga sochib, oʻzini goʻyo ularni diqqat bilan sanayotgandek koʻrsatdi, kampir esa tangalarni koʻrganda koʻzi oʻynab, oʻchoq yonidagi soʻridan turib ketdi.

Boloxona qorongʻi va juda issiq edi. Qizcha tirqishlaridan yorugʻ nur tushib turgan dim, qaynoq xonaga kirib, dumaloq stol yonidan tez yurib oʻtdi va pastdagi kichik oynalarni eslatadigan deraza tabaqalarini toʻlin oy nur sochib, yulduzlar siyrak koʻrinayotgan tarafga qarab ochib yubordi. Mayin havo kirib, nafas olishi yengillashdi, vodiydan jilgʻa ovozi eshitildi. Qizcha osmondagi eng baland nuqtaga koʻtarilgan toʻlin oyni koʻrish uchun gavdasini derazadan chiqardi; soʻng pastga nazar tashladi, Xovlida iti tumshugʻini koʻtarib unga qarab turardi, besh yil oldin kimdir adashtirib karvonsaroyga tashlab ketgan bu kuchuk uning koʻz oʻngida oʻsib-ulgʻaygan va faqat itlardagina boʻladigan ulkan sadoqat tuygʻusi bilan unga qattiq bogʻlanib qolgan edi.

− Negra, − shivirlab xitob qildi qizcha, − nega uxlamayapsan?

It asta ingillab, tumshugʻini koʻtardi va pichanxonaning ochiq eshigiga qarab intildi.

− Qayt! Qayt! − jon holatda shivirlab buyruq berdi qizcha. − Joyingga bor!

It toʻxtab, tagʻin tumshugʻini koʻtardi, koʻzlarida qizgʻish uchqun yarqiradi.

− Senga nima kerak? − erkalab xitob qildi qizcha, u har doim it bilan xuddi odamdek gaplashardi. − Nega uxlamayapsan, tentak? Oy bezovta qilyaptimi?

It xuddi javob qaytarmoqchi boʻlgandek, tumshugʻini tagʻin yuqori koʻtardi va yana sekin ingilladi. Qizcha yelkasini qisdi. It qizning ham joni diliga aylangan, dunyoda eng yaqin, yagona doʻsti boʻlib qolgan edi. Hatto u nimani xohlayotganini sira adashmay anglab olaverardi. Ammo hozir it nimani istayotganini, nimadan bezovta boʻlayotganini bila olmadi, shu tufayli barmogʻini oʻqtalib qattiq ogohlantirdi va shivirlab jahl aralash keskin buyruq berdi:

− Joyingga bor, Negra! Uxla!

It yotdi, qizcha yana bir necha daqiqa deraza oldida turib qoldi… Balki anavi qoʻrqinchli marokashlik gʻashiga tegayotganmikan? Odatda it karvonsaroyga keluvchilarni indamay qarshilar, hatto qaroqchi-yu, taʼqibdan qochib yurganlarga ham eʼtibor bermas edi. Shunga qaramay, negadir baʼzi-baʼzida ayrim odamlarni koʻrganda momaqaldiroqdek naʼra tortib tashlanib qolar, shunday paytlarda uni faqat qizchagina toʻxtata olardi. Kim bilsin, issiq havo, qilt etgan shabada yoʻqligi va koʻzni qamashtiradigan oydin tun uni junbishga solib, dargʻazab qilayotgandir?

Favqulodda sokin kechayotgan tunda vodiydagi jilgʻaning shovkini baralla eshitilar, ogʻildagi taka besaranjom boʻlib, tuyogʻini dukurlatar, karvonsaroyning qari xachiri yo marokashlikning oti uni bexosdan bosib oldimi, kim bilsin, u bor ovozi bilan ayanchli maʼrab faryod solar va bu shaytoniy nola sukunat olamini buzib, atrofga taralar edi. Qizcha shod-xurram kayfiyatda oynadan uzoqlashʼdi va boshqa deraza tabaqalarini ham ochib qoʻydi. Qorongʻi xona yorishgandek boʻldi. Bu yerda stoldan tashqari devor boʻylab qoʻyilgan keng uchta karavot ham boʻlib, ularning ustiga dagʻal choyshablar yopilgan edi. Qizcha kiraverishdagi birinchi karavot choyshabini surib, bosh tarafini toʻgʻrilayotganda, xona xuddi ertaklardagidek tiniq koʻkimtir mayin shuʼla bilan yorishib ketdi: tillaqoʻngʻiz peshana gajagiga kelib kungan eda. Unga sekin qoʻlini tegizdi. Tillaqoʻngʻiz bir miltillab koʻrinib, bir koʻrinmay yana xona boʻylab uchib ketdi. Qizcha ohista xirgoyi qilib pastta tushdi.

Oshxonada marokashlik tik turib, kampirga past ovozda, ammo qatʼiyat va jahl bilan nimanidir uqdirar, kampir rad etib, boshini chayqar edi. Marokashlik yelkasini qisdi va tund qiyofada ichkariga kirib kelgan qizchaga oʻgirildi, qiz beixtiyor oʻzini chekkaga oldi.

− Joy tayyormi? − xirillab qichqirdi marokashlik.

− Hammasi tayyor, − shosha-pisha javob berdi qizcha.

− Men qayerga borishni bilmayman. Kuzatib qoʻy.

− Oʻzim koʻrsatib qoʻyaman, − dedi kampir jahl bilan. − Men bilan yur…

Qizcha kampir tik zinalardan turtinib ohista koʻtarilayotganini koʻrib, izidan borayotgan marokashlikning boshmogʻi qanday toʻqillayottanini eshitib turdi, soʻng tashqariga chiqdi. Ostonada choʻzilib yotgan it shu zahotiyoq sakrab turdi va quvonchdan silkinib, uning yuziga suykandi.

− Tek tur, tek tur, − qizcha shivirlab uni erkalagan kuyi nari itardi va ostonaga oʻtirdi. It ham qarshisiga kelib choʻqqaydi, qizcha uni boʻynidan quchoklab, peshonasidan oʻpdi va u bilan birga tebranib, marokashlikning boloxonadan eshitilayotgan xirildoq ovoziga quloq tutdi. U endi kampirga nimalarnidir xotirjam uqdirmoqda edi, ammo gapini anglab boʻlmasdi. Nihoyat, uning qattiq ovozi yetib keldi:

− Mayli, yaxshi, yaxshi! Faqat kechasi ichishimga suv keltirib bersin.

Zinadan ohista tushib kelayotgan kampirning qadam tovushlari eshitildi.

− U nima deganini eshitdim. Yoʻq, men uning oldiga bormayman. Undan qoʻrqaman.

− Bekorlarni aytibsan! − baqirdi kampir. − Bundan chiqdi, sen mana shu toʻmtoq oyoklarim bilan qorongʻida sirgʻanchiq zinadan yana chiqishimni xohlaysanmi? Uning qoʻrqadigan hech narsasi yoʻq. Faqat u juda ahmoq va tajang, ammo koʻngilchan yigit. Senga achinishini aytdi, kambagʻal qiz ekan, sepsiz qizni hech kim xotinlikka olmaydi dedi. Toʻgʻri aytadi, sepni qayerdan olarding? Axir butunlay xarob boʻldik. Qashshoq odamlardan boshqa kim ham keladi bu yerga?

− Meni koʻrib, nega birdan achchigʻlanib ketdi? − soʻradi qizcha. Kampir chimirildi.

− Nimalar deyapsan? − toʻngʻilladi u. − Men unga birovning ishiga burningni tiqma dedim… Shunga xafa boʻldi. − Soʻng jahl bilan baqirdi:

− Qani, bor endi, unga suv berib kel. Buning uchun senga bir nima beraman deb vaʼda qildi. Bor deyapman!

Qizcha suv toʻla koʻzachani koʻtarib, ochiq eshikdan kirib borganda, marokashlik yechinib, karavotda choʻzilib yotar, oyning gʻira-shira yorugʻida qirgʻiy koʻzlari, silliq qirilgan kichkina boshi yaqqol koʻzga tashlanardi. Xona oʻrtasidagi stolda tigʻi uzun, oʻqdoni katta revolver yaltirar, narigi karavotda ustki kiyimlari oppoq tepa boʻlib uyulib yotar edi. Bularning hammasi vahimali koʻrinardi…

Qizcha yugurib kirib, koʻzachani stolga qoʻydi va zingillab iziga qaytdi, ammo marokashlik sakrab turib, uni qoʻlidan ushlab oldi.

− Toʻxta, toʻxta, − u tez gapirib, qizni karavotga tortdi, oʻzi turib oʻtirdi va qizning qoʻlini qoʻyib yubormasdan shivirladi: − Yonimda bir daqiqa oʻtir, oʻtir, qulok, sol… faqat qulok, sol…

Dovdirab qolgan qiz noiloj oʻtirdi. Erkak bir koʻrishdayoq uni sevib qolganini aytib, shosha-pisha qasam ichishga tushdi, bir boʻsa uchun oʻnta tilla tanga… yigirmata tanga berishga tayyorman, ulardan menda bir xalta bor deb, yostiq ostidan qizil charm xaltachani oldi va titragan qoʻllari bilan bogʻichni yechdi; choyshab ustiga oltinlarni sochib, goʻldiradi:

− Mana, koʻrdingmi, ular menda qancha?.. Koʻrdingmi?

Qizcha keskin bosh silkitib, karavotdan turdi. Marokashlik qizni yana tutib oldi va qattiq changali bilan ogʻzidan ushlab, karavotga uloqtirdi. Qizcha jon achchigʻida qoʻlini tortib oldi va kuchi boricha:

− Negra! − deb qichqirdi.

Erkak yana qizning ogʻzi-burnidan siqib ushlab, qoʻli bilan ochilib qolgan oyogʻini koʻtarmoqchi boʻldi, qiz yulqinib bir tepdi, u beixtiyor qornini changalladi va shu daqiqada zinapoyadan boʻron shiddati bilan uchib chiqayotgan itning sharpasini eshitdi.

U sakrab turib, stoldan revolverni oldi. Lekin tepkini ushlashga ham ulgurmadi, kuchli zarbadan polga agʻdarilib tushdi. Ogʻzini katta ochib, ustiga tashlangan itning olov nafasi dimogʻiga urildi, qoʻli bilan yuzini berkitib agʻanar ekan, engagi xiyol koʻtarilib ketdi va it bir hamladayoq uning kekirdagini yulib oldi.

 

1949 yil, 23 mart

 

Ortiqboy ABDULLAYEV tarjimasi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.