Qo‘lchalar

0
78
marta ko‘rilgan.

Daraxt shoxlarida silkinar

Kuzning yaydoq, sarxush shamoli,

Chirqirar bir qushcha…

(Rauf Parfi)

 

U erini ishga jo‘natdiyu o‘zi ham otlandi. O‘sha kuni anavu ko‘zlari olma-kesak teradigan habashga o‘xshagan yigit: “Yo‘lingiz tushsa, bir kirarsiz”, degan edi. “Bugun Xudo bir ol qulim, devorsaydi”, deb entikdi u va ko‘zgu qarshisiga o‘tirib, pardoz qutisini ochdi. Enlik qoshlariga mo‘ychinak urdi, ko‘zlariga allaqaysi tanishidan so‘rab olgan surmadan qo‘ydi. Oppoq, silliq yuzlarini siyqaladi, go‘shtdorroq lablariga nimrang qizil surdi. Xalatini yechib ichki kiyimlarini ko‘zguga solib ko‘rdi: ko‘ngilga o‘tirishmadi. Kir taxidan qalin to‘rli ich ko‘ylagini, yalt-yult tasmali siynabandini oldi: bu siynaband ko‘kraklarini ikki tomondan siqib baralla ko‘tardi. O‘rtada oppoq sut ariqcha hosil qildi. So‘ng qomatini ko‘z-ko‘z qilib tiqmachoqdek ko‘rsatadigan ko‘ylagini kiydi. Ko‘ylakning o‘mizi chuqurroq o‘yilgan bo‘lib, anavi oppoq sut ariqcha ovchi ko‘zlarning xadafiga aylandi. U sochini bitta qilib o‘rdi-da, siltab orqaga tashladi, sumkasini yelkasiga osib, ko‘zgu qarshisida birpas o‘z-o‘zini tomosha qilib turdi. Ko‘zgudan oilali, bitta bolali juvon emas, o‘ziga bino qo‘ygan bokira qiz sadaf tishlarini yarqiratib, jilmayib turardi…

U o‘z latofatiga mahliyo bo‘lib, bugun omadi kelishini xayol qilar ekan, etaklariga qizchasi yopishdi.

– Oyi, qayoqqa ketayapsiz? Meniyam obboring, – deya yalindi.

– Hay, hay, ko‘ylagimni g‘ijimlaysan, qo‘ling ham kir ekan. Men darrov kelaman, sen katta qiz bo‘lib uyda o‘tirib tur, eshik taqillasa, ovoz berma, xo‘pmi? Qorning ochgani yo‘qmi hali?

Qizcha jingalak sochli boshini sarak-sarak qildi.

– Bitta o‘zim o‘tirib zerikib ketaman, – dedi qizcha o‘ksinib. – Barnolarnikiga chiqa qolay.

– Pishirib qo‘yibdimi Barnolarnikida! O‘tir ko‘milib! – bobilladi u. – O‘ynagani ketayapmanmi?

Qizcha mung‘ayib qoldi. Burnini torta-torta narigi uyga chiqib ketdi. Yaqindagina dadasi olib bergan, yetaklasa yurib, yotqizsa ingalab ko‘zini yumadigan qo‘g‘irchoq divanda yalpayib, beparvo yotar edi.

U qo‘g‘irchog‘ini ko‘tarib ro‘parasiga o‘tqazdi. “Oyimning jahllari yomon, bildingmi? Yana ikkovimiz qolamiz. “Barnolarnikida pishirib qo‘yibdimi, o‘tir ko‘milib”, dedila. Bu sengayam tegishli. Tushundingmi? Oyim shunaqala, meni tashlab ketaveradila. Men seni hecham tashlab ketmayman. Tashlab ketsam yig‘laysan-a, shunaqami?”

Qo‘g‘irchoq tushungandek munchoq ko‘zlarini charaqlatib, qarab turardi.

“Ko‘ylaging ham isqirti chiqib, kir bo‘lib ketibdi. Yuvib beraymi? Yuvilsa oqarib, xunuk bo‘lib qoladi-da. Maylimi? Yangisini olib bering, deysanmi? Men hali ishlamayman-ku, qayerdan olib beraman? Hali maktabgayam borganim yo‘q-ku! Oyingga ayt, deysanmi? Aytaymi? Urishib bersala-chi?”

U qo‘g‘irchog‘ini qo‘liga oldi; uning kipriklari pirpiradi.

“Qo‘y, yig‘lama, oppog‘im! Xo‘p, oyimlaga aytaman, urishsalayam aytaman, qo‘y endi, yig‘lama. Obo‘, obo‘!”

– Lola!!!

Lola qo‘g‘irchog‘ini avaylab divanga yotqizdi. Qo‘g‘irchoq ojizgina “inga”ladi. “Hozir, jonim, sen yotib tur, oyim chaqiryaptila”.

– Lola! Garangmisan?!

U chopqillab oyisining oldiga chiqdi.

– Hm.

– Men ketdim. Uyni ivirsitmasdan o‘tirgin, xo‘pmi?

– Xo‘p.

– Ishim bitsa, senga bir nimalar olib kelaman, – deb aldadi.

Lola oyisining bu iltifotidan foydalanib, qo‘g‘irchog‘ining iltimosini aytishga jur’at etdi.

– Ha, qo‘g‘irchog‘ing ordona qolsin! Xo‘p, esimda bo‘lsa olib kelarman.

Eshik shirq-shirq qulflandi. Lola bir zum eshik tagida turib, so‘ng yagona ovunchog‘i – qo‘g‘irchog‘ining oldiga kirdi. Uni qo‘liga oldi.

“Uyg‘ondingmi? – U qo‘g‘irchog‘ining qip-qizil lo‘ppi yuzidan o‘pdi. – Oyim ketdila. Eslarida bo‘lsa, senga ko‘ylak olib kelarkanla. Agar olib kelmasala, ikkinchi uy poylamaymiz-a, maylimi? Shkafda ko‘ylak ko‘p, o‘shalardan tikib bersalayam bo‘lardi, hammasi birovniki, deydila. Hammasi chiroyli: oq, sariq, qizil, ko‘k… vuy, ko‘zing jimirlashib ketadi. Senga mana shuncha bo‘lsa yetardi, oyim tikib bermasala, Barnoning oyisi tikib beradi. Oyimlargayam tikib beradi-ku. Barnoning oyisi yaxshi-a? Barnogayam, qo‘g‘irchog‘igayam ko‘ylak tikadi. Lenta ham olib beradi. Munchoq ham. Mening oyim nuqul pulim yo‘q, pulim yo‘q, deganlari degan. U kuni-chi, shkaflarida mana shuncha pul ko‘rdim, – u qo‘g‘irchog‘iga kaftlarini dasta qilib ko‘rsatdi. – Oyim yolg‘on gapiradila-de o‘zi. Dadamgayam yolg‘on aytaveradila, kechgacha uyda o‘tiraverib siqilib ketdim, deydila. Hecham uyda o‘tirmaydilayu, faqat ikkovimiz… Zerikib ketamiz, qornimiz ham ochiqadi. Hozir qorning ochgani yo‘qmi? Mening qornim to‘q, yaqinda shirin choy ichdim-ku. U kuni ko‘rding-ku, pecheniye olaman, deb tarelkani tushirib yubordim. Sinib qoldi. Rosa urdila. Sen-da, pecheniye yeyman deding. O‘zimning ham yegim keluvdi. Charchadingmi, uxlaysanmi? Mayli, uxlay qol. Kel, mening bo‘ynimdan achom qilib ol. Ha, ana!”

U yotgandan keyin ham qo‘g‘irchog‘i bilan ancha vaqt gaplashdi. Dadasi haqida, oyisi haqida, buvisi haqida. Dadasi bilan oyisi hadeb janjallashaverganidan buvisi arazlab ketib qolganini ham aytdi qo‘g‘irchog‘iga. Oyisi juda g‘alati-da o‘zi. Dadasi bilan nuqul janjal qilaveradi, “pul yo‘q”, deyaveradi. Dadasi yaxshi, baqirmaydiyam. Faqat “kuning o‘tib turibdimi, bo‘ldi, olib-sotarligingni yig‘ishtir, bir joyga kirib ishla”, deydi. Buvisi ham dadasining yonini olgan edi, oyisi uvvos tortib yig‘ladi, baqirdi, Lolani “itvachcha”, deb turtib yubordi. Buvisi ammasinikiga ketib qoldi. “Harom aralashgan uyga endi sira kelmayman”, deb ketdi. Lola buvisini juda sog‘inib ketgan edi, u kuni dadasi olib bordi. Qo‘g‘irchog‘iga shu ko‘ylakni buvisi tikib berdi-da.

U qo‘g‘irchog‘i bilan gaplasha-gaplasha uxlab qoldi.

Eshikning taraqlab ochilishidan uyg‘onib ketdi. Oyisi ekan.

– Voy, aqlli qizimdan aylanay! Maza qilib uxlab yotibdi-ya. Mana senga morojenoye. Ol, ye! – dedi oyisi.

Uning kayfiyati juda-juda yaxshi edi. Yuzlari gul-gul ochilgan, qop-qora surma tortilgan ko‘zlari porlar edi. Lola muzqaymoqqa juda xursand bo‘ldi-yu, ammo qo‘g‘irchog‘iga qarab, ko‘ylak esiga tush’di.

– Qo‘g‘irchog‘imga ko‘ylak olib kelmadizmi? – deb so‘radi yig‘lamsirab.

– Voy, qo‘g‘irchog‘ing o‘lsin! Esimdan chiqib ketibdi. Ol, morojniyni, ye!

U xirgoyi qilib, likillagancha narigi xonaga kirib ketdi.

Lola juda xafa bo‘ldi, yig‘lar ediyu qo‘g‘irchog‘i baqrayib qarab turganini ko‘rib yig‘isini ichiga yutdi. “Nega o‘lar ekan qo‘g‘irchog‘im, o‘lmasin. O‘lsa men kim bilan o‘ynayman”. U qo‘lidagi muzqaymoqqa qaradi. Juda yegisi keldi. Ammo oyisiga jahl qilib arang stol ustiga qo‘ydi. Qarab-qarab qo‘ydiyu baribir yemadi. Qo‘g‘irchog‘ini qo‘liga oldi. “Morojenoye yeysanmi? A? Ozgina yegin. O‘lsin deganlarini eshitdingmi? Yo‘q, sengamas, anavi magazindagi qo‘g‘irchoqqa. Ye, ol! Ozgina!”

– Lola! Qorning ochdimi? – Narigi xonadan oyisining erkalovchi, ayni paytda shang‘i ovozi keldi. – Hozir lag‘mon qilib beraman senga!

– Ana, oyim yaxshila. Lag‘mon qilib berarmishla. Yeysanmi lag‘mon?

U zo‘r berib xafa bo‘lib qolgan qo‘g‘irchog‘ining ko‘nglini olishga tirishar edi.

Oyisi esa narigi xonada olib kelgan yalt-yult to‘rt kiyimlik matoni dam yelkasiga solib ko‘rar, dam qavatlarini sanab chamalar edi.

Uning bugun chindan ham omadi keldi. O‘sha habashga o‘xshagan yigit ishlaydigan magazinga bordi. Yigit ishshayib kutib oldi. Uning qaddi-qomatiga, ochiq ko‘kragiga suq bilan tikildi. Biroz hazil-huzul, uchirma gaplar qilishdi-da, magazinning orqasiga o‘tishdi.

– Bizga atalgani qani? – dedi u erkalanib omborxonaga kirgach.

– Sizga atalganining taxi buzilgani yo‘q, jonidan, – dedi yigit ta’makor ishshayib. – Oldin jindek suhbatingizni olaylik, keyin…

– Yo‘g‘-e, uyim yolg‘iz, tez bormasam bo‘lmaydi, – dediyu, ammo yigit ko‘rsatgan joyga o‘tirdi.

– Qachon endi mundo-oq bemalolroq gaplashamiz, a? – Yigit bitta stulni uning yoniga taqab o‘tirib qo‘lini ushladi.

– Voy, nariroq o‘tiring, birov ko‘rib qolsa nima deydi? – U shunday deb, o‘z kursisini nariroq surdi.

Yigit endi dadillandi. “Birov ko‘rib qolsa…” degan jumla unga bir ta’minot berib, da’vat etgandek, shartta juvonning belidan olib o‘ziga tortdi. Juvon yigit quchog‘iga tushgach, pitirladi. Ikkita kursi g‘irchilladi. Juvon bir amallab o‘rnidan turib olgan edi, yigit ham chapdastlik bilan bag‘riga bosdi… Juvon yulqinib quchog‘idan chiqib oldi. Yigit yana xiralik qilgan edi, juvon ikkala qo‘lini uning ko‘kragiga tirab qarshilik ko‘rsatdi. “Xafa bo‘laman, hozir joyimas, keyin…” – dedi shivirlab. “Qachon, axir, nuqul aldaysiz”. “Keyin, dedim-ku, hozir ishim zarur, erim hali-zamon ishdan kelib, yo‘q bo‘lsam to‘polon qiladi”. U sochlarini tuzatib, ko‘ylagini kafti bilan tekislagan bo‘ldi. Murodi hosil bo‘lmagan yigit tumshaydi. Juvon ado bilan jilmaydi: “Hali qo‘limga tushasiz-ku, tishlash ham gapmi, yeb qo‘yaman”. “Ho, ajabmi, erimdan to‘lovga qolasiz”.

Ayol kishi oshig‘iga erini yo jazmanini eslatdimi, tamom, har qanday yoniq ehtiros piss etadi. Yigit ham shundoq bo‘ldi: nariroq borib bir tugundan ko‘ylaklik yaltiroq mato sug‘urib, juvonning oldiga tashladi. Boyagi oshiqona ehtiros, “jonim”lab shivirlash, “oh-voh” bir zumda yo‘qolib, ikki o‘rtada “qancha”, “qimmat”, “arzon”, “napx”, “bozor” degan o‘lik so‘zlar alohida bir hayajon bilan talaffuz etila boshlandi, dudoqlarni silovchi, bo‘yinga osiluvchi oppoq, momiq qo‘llar mato qatlarini o‘zgacha bir shavq bilan siypalar edi.

U qo‘lidagi matoni divan ustiga tashladi-da, ko‘zgu qarshisiga kelib gajaklarini himarib qo‘ydi. “O‘lgur, yeb qo‘yay dedi-ya! Harholda ishim bitdi. Bitta-yarimta quchoqlasa et-betim yeyilib qolibdimi? O‘psa netar, yuvsa ketar. O‘zimga pishiq bo‘lsam bo‘ldi-da, laqillatib yuraveraman”. U o‘zidan bag‘oyat mamnun holda oshxonaga chiqdi, supra yoyib, lag‘monning harakatiga tush’di. Uning omadi kelgan kuni uyda lag‘mon pishirilar edi.

Lola hamon qo‘g‘irchog‘i bilan andarmon edi. Oyisi bilmay “o‘lsin” deb yuborganiga qattiq xafa bo‘ldi qo‘g‘irchog‘i. “Yur, seni o‘ynatib kelaman”, dedi u va qo‘g‘irchog‘ini yerga tikka qo‘yib qo‘lidan yetakladi. Qo‘g‘irchoq ham alpong-talpong qadam tashlab yura ketdi. “Qayoqqa olib boray? Narigi xonagami? Yura qol, yur!” U qo‘g‘irchoqni yetaklagancha narigi xonaga o‘tdi. “Ana, oyim yolg‘on gapiribdila-de, senga ko‘ylaklik olib kelibdila, qara. Bu birovnikimas, birovniki shkafda turadi. Shundan senga ko‘ylak tikib beradila. O‘zim tikib beraymi? Men tikishni bilmayman-de. Ha, mayli, buzib qo‘ysam oyim, yo‘q Barnoning oyisi tuzatib beradi. A? Sen mana bu yerga o‘tirib tur, men qaychi, nina-ip olib kelaman. Xo‘pmi? O‘tir”. U qo‘g‘irchog‘ini avaylab o‘tqazdi. Qo‘g‘irchoq butini kergancha o‘rin ustidagi matoga baqrayib o‘tirib qoldi.

Lola qo‘lida katta qaychi, ko‘rpa qaviydigai igna, bir g‘altak ip bilan qaytdi va qo‘g‘irchog‘iga bir kulib qarab qo‘ydi-da, matoni yoyib, duch kelgan joyiga qaychi soldi…

Oyisi xamir qorib yoydi, shokilda qilib qirqdi, shaqillab qaynab turgan suvga solib, soch bo‘lib ketgan xamirni pishirdi, pishgan xamirni chovli bilan suzib olib, tog‘oraga soldi. Erining ulushini pishirmay olib qo‘ydi-da, o‘zi bilan qiziga suzdi.

– Lola! Lola!

– Hm, – dedi Lola ishidan bosh ko‘tarmay.

– Kel, ovqat pishdi, qo‘lingni yuv!

“Ana, ovqat pishibdi. Qorning ochdimi? Agar yana ovqat yemasang, atata qilaman. Hm…”

Lolaning hadeganda chiqavermaganidan xavotir olib alanglay boshladi; uning ovozi chiqqan xonaga kirdi. Lola eshikka orqa o‘girgancha pichirlar, nimadir qilardi. Ajablanib qaradi. Qaradi-yu ichidan g‘ayritabiiy bir chinqiriq otildi. Bir zarb bilan Lolani eshik tomon uloqtirib yubordi. Qizcha chirqillab qoldi. Qo‘g‘irchoqni tepib yuborgan edi, boshi uzilib, “inga” dediyu Lolaning ustiga borib tushdi. Jon holatda qiymalangan matoni qo‘liga oldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Lolasi tushmagur uni juda zo‘r hafsala bilan qiymalab ulgurgandi…

U vahshiy bir qiyqiriq bilan qizchaga tashlandi, buydalab ura boshladi. Urar-qarg‘ar, qapg‘ap-ypap edi.

– Juvonmarg bo‘l-a! O‘liging chiqqur! Qo‘lginang singur! Yer yutkur-a! Qo‘llaring akashak bo‘lib orqangga yopishsin-a!

Qarg‘ishlarning, mushtlarning son-sanog‘i yo‘q edi. Lola chirqillar, “oyijon, ikkinchi qilmayman”, deb zorlanar, ammo uning qulog‘i tom bitgan, qarg‘ish va do‘pposlashdan tinmasdi. Charchadi shekilli, qaddini rostladi, gilam ustida tarvaqaylab yotgan qaychiga, yaltillagan ignaga ko‘zi tushib qoldi. Qo‘liga ignani oldiyu qizining kaftlariga port-port tiqa boshladi. Bola ilon chaqqandek chinqirib yubordi, qo‘llarini onasining changalidan tortib olishga zo‘r berib behuda urinardi. Lola chirillayverib nafasi ichiga tushib ketdi. Onasi ignani yerga otib urib, o‘zini divanga gurs etib tashladi-da, o‘kirib yubordi. Birozdan keyin Lolaning “xiq-xiq” qilib ovozi chiqdi, onasi tomon qo‘rqa-pisa qarab sekin o‘rnidan turdi-da, o‘z xonasiga qochib kirib, o‘rniga yotib oldi.

Kosalarga suzilgan lag‘mon shamdek qotdi.

Eri kelganda ham o‘rnidan turmadi.

Naim u yotgan xonaning ivirsig‘iga chandon e’tibor bermadi, “yana jazavasi tutibdi”, deb qo‘ya qoldi. Kosalardagi lag‘monni isitdi-da, yig‘idan shishib uxlab qolgan qizini uyg‘otdi. Lola hurkib ko‘zini ochdi, tepasida dadasini ko‘rib yig‘lab yubordi.

– Dadajon, endi qilmayman, hecham tegmayman! – deb zorillab yig‘lardi u.

U qizini bir narsadan cho‘chigan deb o‘ylab, dast ko‘tarib bag‘riga bosdi.

– Xo‘p, xo‘p, oppoq qizim, endi qilmaysan! Bo‘ldi, bo‘ldi!

Dadasining uni jazolash niyati yo‘qligini sezib bag‘riga boshini suqdi, o‘ksinib-o‘ksinib yig‘lay boshladi.

– Kap-katta qiz ham yig‘laydimi? Voy, uyat!

Qizcha o‘zini tutolmas, o‘pkasi to‘lgandan gapirolmasdi. Dadasi bosh-ko‘zlarini silab-siypab ovutdi.

– Kap-katta qiz yig‘lasa, uyat bo‘ladi. Bor, bir yuzingni yuvib kel-chi, chopa qol.

Lola vannaxonaga kirib qo‘llarini yuva boshladi. Kaftlarida qon qotib qolgan edi, yuvib tozaladi, yuzini ham yuvdi.

Lola shikoyat qilishga o‘rganmagan edi. Oyisi ursa ham dadasiga shikoyat qilmas, ko‘chada bir gap bo‘lsa ham indamay kirib kelar, sirdoshi qo‘g‘irchoqqagina shivirlab hammasini tushuntirardi.

Bu gal ham, garchi kaftlari og‘riyotgan bo‘lsa-da, shikoyat qilmadi. Ammo kechasi bilan isitmaladi. Mehmonxonadagi divanda yotgan Naim (xotini ters paytda yaqiniga yo‘lay olmasdi) Lolaning ingrashi, alahlashi qulog‘iga chalinib uyg‘onib ketdi. Bolaning issig‘i o‘ttiz to‘qqiz daraja edi! U qo‘rqib ketib “tez yordam” chaqirdi. Yarim kechada Lolani kasalxonaga olib borib, azonga yaqin qaytib keldi.

– Latta-puttangning padariga la’nat. Bolaning yuragini olganga o‘xshaysan. Nuqul alahsirayapti, – dedi Naim koyinib. – Qo‘liga nima qiluvding?

U bo‘zarib “hech…” dedi, xolos.

– Ikkala kafti yara bo‘libdiyu! – Naim, ehtimol, birinchi marta xotiniga teshib yuborgudek haybat bilan tikildi.

Ayol eski usulini qo‘lladi:

– Voy, nima qipman! O‘zimning tuqqan bolam, o‘ldirsam ham haqqim bor. Bir-ikki ursam, osmon uzilib yerga tushibdimi? Namuncha!..

Naim to‘ng‘illab ozgina mizg‘ib olish uchun divanga yonboshladi.

Eriga baland keldiyu, ammo yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Hali ish boshlanmasdanoq kasalxonaga kirib bordi.

Lolaning isitmasi sal qaytgan, ahvoli ham biroz yengillashdi. Tag‘in ham dardni bola ko‘taradi.

Urishqoq odam yarashqoq bo‘ladi: u Loladan aylanib-o‘rgildi, siniqib ketgan yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pdi.

– Siz Lolaning oyisimisiz? – dedi kirgan hamshira salomlashmasdanoq. – Siz bilan eringizni bo‘lim mudiri chaqiryapti, kiring! Eringiz qani?

“Muncha sovuq, muncha qo‘rs!” – xayolidan o‘tkazdi u. Ammo diliga g‘ashlik kirdi. “Tinchlikmi?” – deb so‘radi nafasi zo‘rg‘a chiqib.

– Kirganda bilasiz! – Hamshira shunday dedi-da, chirt burilib chiqib ketdi.

U birov bo‘yniga arqon solib sudragandek bo‘lim mudirining xonasiga kirdi.

Xonada allanimalarni yozib o‘tirgan baland bo‘yli, o‘rta yoshlardagi, qomatdor kishi darrov o‘rnidan turdi.

– Sizmisiz Lolaning oyisi? – Ovozi ham guldirab chiqdi. – Dadasi bor-a Lolaning?

“Muncha sovuq”, dilidan o‘tdi ayolning va “ha” ishorasini berib boshini egdi, gapirishga holi qolmagan edi chog‘i.

– Juda soz, birga olib keling, gap bor!

– Nima gap o‘zi? Aytavering, – dedi u yuragi po‘killab.

– Nima gapligini sizlardan so‘ramoqchi edim! Qizcha nima gunoh qilgan ediki, shunchalar jazo beribsiz. Ikkala qo‘li gangrena bo‘lgan. Kesib tashlashdan boshqa ilojim yo‘q. Kaftdagi qon yurishi to‘xtagan, to‘qimalar qattiq shikastlangan, yiringlab ketayapti.

Doktorning har bir so‘zi uning boshiga to‘qmoq bo‘lib urilar, yuragiga o‘sha ko‘rpa qaviydigan ignaday sanchilardi. U ikki qo‘li bilan yuzini berkitgancha o‘kirib yig‘lab yubordi.

– Qilg‘iliqni qilib endi yig‘layapsizmi?

U birdan doktorning oyog‘iga o‘zini tashladi.

– Jon do‘xtir, bir ilojini qiling. Bola-chaqangizning orzu-havasini ko‘ring. Cho‘ringiz bo‘lay! Peshonamda bitta shu qizim!

– Ie! Turing o‘rningizdan! – Doktor uni qo‘ltig‘idan suyab turg‘izdi-da, stulga o‘tqazib qo‘ydi.

U esa yig‘idan to‘xtamas, yalinish’da davom etar, jag‘i-jag‘iga tegmas edi. Eshikdan odamlar mo‘ralay boshladi. Doktor xijolat bo‘libmi yo bu juvonga hozir biron gap uqdirish mushkulligini angladimi, uni tezroq jo‘natish payiga tushdi.

– Dadasini boshlab keling-chi, gaplashamiz.

U doktorga umidvorlik bilan mo‘ltirab qaradi, negadir “rahmat”, deb uchib chiqib ketdi.

U qizining oldiga ham kirishga sabri chidamay, Naimning ishxonasiga yugurdi. Naimga doktorning gapini aytgan edi, u hangu mang bo‘lib qoldi.

– Nima, nega? – dedi u shoshib. – Nima bo‘lgan ekan? Kecha hamshira tuzalib qoladi, degan edi-ku!

– Bilmadim, – dedi u hiqillab. – Jon Naim aka, yuring, gaplashing. Bu gapni eshitib adoyi tamom bo‘ldim. – U serrayib qolgan Naimning yelkasini silay boshladi. – Erkak kishini erkak kishi tushunadi. Naim akajon! Nima bo‘lsayam gaplashing. Ikkala qo‘li-ya! Meni o‘ldi deyavering. Og‘ziga siqqanini so‘rasin! Hamma narsamni sotib beraman, o‘zimni garovga qo‘yaman.

Naimning quloqlariga uning gaplari kirmas, faqat kasalxonaga shoshar edi.

Doktor Naimning o‘zini qabul qilib uzoq gaplashdi.

– Hech iloji yo‘qmi, do‘xtir? – Naim zo‘rg‘a shuni so‘ray oldi, xolos, uning yuragi uzilib pastga tushib ketganday, nigohi qarshisida hamma narsa ayqash-uyqash edi. Ko‘zlaridan shashqator yosh oqardi.

– Men ham eng avvalo insonman, uch farzandning otasiman, – dedi doktor o‘pkasi to‘lib. – Nahotki, iloji bo‘lsayu shu ilojni murg‘ak qizchaga qo‘llamasam, do‘stim!

U deraza tomonga o‘girilib, quyilib kelgan yoshini artdi. So‘ng siniq ovozda g‘aflatdagi sho‘rlik otani ovuta boshladi:

– Albatta, tushunaman, qiyin, qiyin bo‘ladi. Ammo iloj? So‘ngroq protez qo‘yamiz. Hozir Yevropa mutaxassislari ishlagan protezlar inson organizmidan juda kam farq qiladi. Ishni orqaga surmaylik, bu yaramas kasal tez yuksaladi, onasini chaqiring, tilxat yozinglar.

U bir varaq qog‘oz olib Naimning oldiga qo‘ydi…

Ertasiga Lola karavotda yotar, bintlangan ikki qo‘li ikki yonida jonsizdek cho‘zilgan edi.

Onasi telbasifatroq bo‘lib qolganligi, kasalxona hovlisida sochlari yoyilgan, yuzlari timdalangan holda bo‘g‘iq ovoz bilan nimalarnidir javrab yurgani uchun Lolaning oldiga Naimni qo‘yishdi. Bu ham o‘zida emas edi. Faqat erkaklik nomigina uni ushlab turardi.

Doktor kirdi. Lola uyg‘oq edi. Doktor uni erkaladi. Basharasini qiziq bir holatda burishtirib qiqirlatib kuldirdi. U endi xayrlashib chiqib ketmoqchi edi, Lolaning qo‘ng‘iroqdek ovozi uni to‘xtatdi:

– Amaki, qo‘llarimni qaytib berasiz-a? Endi oyimlarni ko‘ylaklarini hecham qirqmayman. Qo‘llarimni qaytib bering! Qo‘llarim bo‘lmasa, qo‘g‘irchog‘imni qanday o‘ynataman…

 

Asror SAMAD

 

“Sharq yulduzi”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.