Qoʻl

0
159
marta koʻrilgan.

Salom tegirmonchi qoʻlni hammadan oldin payqadi. Agar uning oilasi joʻjabirday jon, ustiga ustak, oz-moz xasisligi boʻlmaganda, har bir tiyinni xuddi jonini olishayotganday baxillik bilan ishlatmaganda, ehtimol, qoʻlni sezmagan ham boʻlardi: lekin uning oilasi katta boʻlib, tegirmondan tushgani oila boqishga yetmagani uchun otasidan qolgan kasbni ham qilardi: u bola-chaqasi bilan tandir yasab sotar, shu sababli uni goh “Salom tegirmonchi”, goh “Salom tandirchi” deb chaqirishardi. Baʼzi tersotaliklar “Salomboyni bitta laqab bilan chaqiraylik, odam chalgʻib ketayapti!” deganda Panji muallim “Ikkala laqab ham bir-biriga bogʻliq, tegirmon aylanib tursa, tandirdan non uziladi, un boʻlmasa, tandirni kim oladi?!” degan ekan.

Ana shu ikki laqabli Salom bir kuni doʻppisini olib, bundoq xomchoʻt qilsa, keyingi haftada uyida oziq-ovqatga odatdagi haftalardan koʻproq xarajat qilinganday tuyuldi. Xaltadagi un ham oldingi oyga qaraganda ancha oldin boʻshadi. Yogʻ, piyoz, kartoshka ham moʻljaldan oldin tugab qoldi. Bundan tashqari, u bolalarining qorni toʻymay qolayotganini sezardi: ovqatdan soʻng yana non va shakarga ruju qoʻya boshlashdi. Shunda buning sababini aniqlashga kirishdi. Xotini yeguliklarni hamishagidan kam miqdorda qilmayotganini aytdi. Balkim bolalari katta boʻlib qolib, oshqozonlari koʻproq ovqat talab qilayotgandir? Balkim birontasi boshqalarining haqini ham bildirmasdan ikki hissa paqqos tushirayotgandir? Ana shu shubhada tandirchi ovqat mahali oiladagi har bir ogʻizni birma-bir kuzata boshladi. Bolalari ham keyingi paytda qorinlari ovqatga toʻymayotgani uchunmi, oldiga qoʻyilgan taomdan bosh koʻtarmay paqqos tushirishga oʻtishgandi.

Tandirchi kuzata turib, koʻzlariga ishonmadi – oilada oltita jon, ammo ovqatda yettinchi qoʻl ham bor edi – anovilar toʻngʻich, oʻrtancha bolalarining qoʻllari, bunisi xotininiki, kenja oʻgʻlinikini hali qoʻl ham deb boʻlmaydi – katta qoshiqqa oʻxshaydi. Lekin anovi qoʻl kimniki? U birdan hushyor tortdi: koʻzlarini yumib-ochdi. Nazarida bolalarining va ayolining qoʻlidan tashqari yana bir begona qoʻl ovqatga sherik boʻlayotgan edi. U qoʻlni aniq koʻrib turardi: eng qizigʻi, qoʻl bor edi, ammo egasi koʻrinmasdi. Qoʻl ham ovqat olayotganda paydo boʻlib, keyin gʻoyib boʻlardi. Salom tandirchi qoʻlni koʻrgach, dastlab, aqldan ozmayapmanmi, deb oʻyladi. Ammo boshqa kunlari ham u xotinining, oʻzining qoʻliga oʻxshamaydigan begona qoʻlni aniq koʻrdi. Qoʻl bolalari bilan qoʻshilib, kaftini toʻldirib ovqat olar, boʻgʻiz barobar koʻtarilganda taom xuddi havoga singib ketgandek gʻoyib boʻlardi. Ovqat bilan ovora boʻlgan na bolalari, na xotini buni sezardi. Dastlab tandirchi bu shubhasini oshkor qilib, bola-chaqasi oldida kulgiga qolgisi kelmadi. U bir necha kun obdon kuzatdi. Yoʻq. Begona qoʻl rostdan ham mavjud edi. Ular bilan qoʻshilib ovqat yer, sindirilgan nonni olar, goʻshtga sherik boʻlar, hatto mevalardan ham tatib koʻrar, dasturxonda yegulik qolmasa, gʻoyib boʻlardi. Salom tandirchi mening koʻzimga koʻrinayapti deb oʻylab, xotiniga bildirmay oʻzini mulla Abzalga oʻqitib ham keldi. Ammo oʻqish taʼsir qilmadi: qoʻl baribir unga xuddi koʻzga chiqqan chipqondek koʻrinaverdi. Salom tandirchi bir kuni axiyri jazm qildi: u payt poylab turib, bolalarining qoʻllari orasida turgan, qovoq mantidan olib havo barobar koʻtarilayotgan qoʻlni shartta ushlab oldi.

– Bu kimning qoʻli? – deb soʻradi u qoʻrquv va hayajon bilan.

Uy sohibining qahrli ovozidan hamma bir sapchib tushdi va shoshib oʻz qoʻllariga, keyin, hech narsa tushunmay, ovoz egasiga qarashdi va otalari ushlab turgan qoʻlga koʻzlari tushdi.

Tandirchi uzun, nozik, ayni paytda shapoloqday qoʻlni ushlab turar, loy qoriyverib, muskullari pishib ketgan baquvvat panjalar orasida qoʻl xuddi qamchi kabi bilonglardi.

Ana shunda butun oila egasi yoʻq qoʻlni koʻrdi va qoʻrqqanlaridan baqirib yuborishdi. Salom tandirchi ichida yengil tortdi: demak, qoʻl hammaga koʻrinayapti, gap oʻzida emas. Qoʻlning bilakdan pasti koʻrinib turar, goʻyo kesib tashlangan qoʻlga oʻxshardi. Ammo qoʻl kesilgan emasdi, shunchaki tirsakdan naryogʻi havoda koʻrinmay turardi. Egasi esa umuman koʻrinmasdi. Bu hol avval bolalarni vahimaga soldi: kenja oʻgʻil bir oʻzining qoʻliga, bir egasiz qoʻlga qarab turib, yigʻlab yubordi: u yaqinlaridan birining qoʻli uzilib tushgan degan xayolga bordi, chogʻi. Xotinining esa tili kalimaga kelmasdi. Hamma dasturxondan u-bu yegulik olib, koʻtarilayotgan qoʻlga vahima va qoʻrquv bilan tikilib turardi. Salom tandirchining umri ogʻir mehnatda oʻtgani bois ziqna boʻlsa ham jasur odam edi. U bu yerda qoʻrqadigan sir yoki biron vahima koʻrmadi: qoʻlni ushlab oldi-da, loyni yerga urib pishitadigan muskuldor qoʻli bilan qattiq qisdi. Qoʻl ilojsiz bilongladi, soʻng bu baquvvat panjalarga kuchi yetmasligini angladi, chamasi, xuddi erib ketgandek havoda gʻoyib boʻldi. Hamma ogʻzi ochilgancha qoldi. Salom shu bilan qoʻldan qutuldim deb oʻylagandi. Ammo kechki ovqatda qoʻl yana paydo boʻldi: xuddi hech narsa boʻlmagandek, boshqa qoʻllar bilan taomga uzaldi. U ovqatni olar, boʻgʻiz barobar koʻtarar, xuddi koʻzga koʻrinmas yuhodek havoning oʻzidayoq ovqat gʻoyib boʻlar, keyin qoʻl pastga tushib, yana taomga uzalardi.

Butun oila endi ovqatlariga begona qoʻl sherik boʻlayotganiga guvoh boʻlib turardi. Salom bir necha marta begona qoʻlni ushlab oldi, uni jazolash uchun har xil usullarni sinab koʻrdi: bir qoʻlida ushlagancha ikkinchi qoʻli bilan musht qilib tugganda yoki oldindan yoniga keltirib qoʻygan bolta, pichoq, qamchiga qoʻl uzalganda yoxud yonib turgan pechkaning ichiga tiqmoqchi boʻlganda qoʻl oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlar, keyingi ovqat payti esa hech narsa koʻrmaganday yana dasturxonda paydo boʻlardi. U bilan kurashishning natijasi shu boʻldiki, qoʻl tezda oila aʼzolaridan biriga aylandi: endi hatto kenja oʻgʻil ham uni koʻrsa vahimaga tushmas, aksincha, qoʻlni hammaga koʻrsatib, uning harakatlaridan qiqirlab kular, qoʻl esa oʻzini mehribon koʻrsatib, baʼzida bolalarning boshini mehr bilan silab qolardi: bolalar ham asta-sekin uning boshlarini silashlariga oʻrganib borayotgan edi. Uning yebtoʻymasligi, bir oʻzi uch kishining ovqatni yeyotganini, oilaning moliyasiga, tirikchilikning yoʻrigʻiga zarar yetkazayotganini aytmasa, u beozor qoʻl edi.

U sal boʻlmasa, begonalar oldida ham oʻzini fosh qilib qoʻyayozdi: hamisha bir yangilik qilib, oʻzining mahalla raisligini eslatib turadigan Azim oqsoqol ota-ona bolalarga dars qilishga qanday sharoit yaratganini tekshirish uchun mahalla nomidan keldi-da, oshxonani hisobga olmasa, ham yotoq, ham mehmonxona, ham darsxona, ham bolalar xonasi vazifasini oʻtayotgan ikki xonaning birida sandalga oyoqlarini tiqqancha kitobdan bosh koʻtarmay oʻtirgan (mahalla raisi kelishini boshqa xonadonlardan eshitishgani uchun darsliklar va daftarlar bir haftadan beri sandal ustidan olinmas, hammasi maktab va mahalla hamkorligi talablariga moslashtirilib, taxt qilib qoʻyilgan, tandirchi ham goʻyo har kuni bolalar shunday sergoʻsht taom yeyishayotganday qassobdan sersuyak boʻlsa ham goʻsht olib, tushdan soʻng pilik-pirmosga osdirib qoʻygan, darvoza taqillab, Boʻynoq hurishi bilan hammasi oldindan kelishilgandek sandal atrofiga kelib oʻtirilgandi) bolalarga koʻzi tushib, qoniqish hosil qilgan boʻldi va odatiga koʻra dars qilinayotgan xonani birrov koʻzdan kechirdi-da, tandirchining “Bir piyola choy ichib keting” degan taklifiga “odamgarchilik yuzasidan” yoʻq demadi. Uy bekasi yagona suyakni biratoʻla suzib kela qoldi. Goʻsht hil-hil pishgan ekan. Azim rais ortiqcha manziratni kutmasdan ovqatga qoʻl choʻzdi: tandirchi goʻsht qozondan endi olingani, shuning uchun sal sovitib yeyilsa mazasi boshqacha boʻlishi haqida ogohlantirishga ham ulgurmadi – rais katta suyakni ikki qoʻllab olib, tishini botirdi – oʻqib yurgan yillarida besh yil yotoqxonada yashagan, shuning uchun har qanday taomni koʻz ochib-yumguncha oshqozoniga joylashning xoʻb hadisini olgan, bu odatning afzalligini bilgani uchun haligacha tark etgisi kelmas, mahallaga rais qilib saylangach esa, bu qobiliyatining yangi qirralarini namoyon boʻla boshlagan edi. Salom tandirchi uning goʻsht yeyishiga qarab, labini yalab turganda, lip etib paydo boʻlgan qoʻlni koʻrdi va aytadigan gapi esidan chiqib, birpas esankirab qoldi. Yaramas qoʻl hechqursa mehmonlar bor payti istihola qilsa kerak deb oʻylagandi: yoʻq, unga, aftidan, mehmonmi, boshqasimi, farqi yoʻq edi, dasturxon yozilishi bilan oʻzining ulushini undirish uchun shiraga aylangan pashshaday paydo boʻlardi. Qoʻl Azim raisning bolalarga shapoloq tushiraverib, yildan yilga kattalashib ketgan yirik panjalari orasida turgan ilik tomon intildi. Qoʻl toki yetib borguncha ilikning toʻpiqlari katta tishlar orasida soʻrila boshladi. Bu kutilmagan chaqqonlikdan qoʻl ham birpas havoda muallaq turib qoldi: u oʻzidan ham abjir qoʻl, toshni ham hazm qilib yuboradigan oshqozon borligidan ajablanib, havoda garangsib turib qolgandi. Tandirchi paytdan foydalanib qoʻlni ushlab oldi-da, tagiga bosib oʻtirib oldi: ammo qoʻlni tagida ushlab turolmadi – u tandirchining tagida havoga aylanib, gʻoyib boʻlib, yana dasturxon boshida paydo boʻldi. Bu orada rais kosadagi shoʻrvani ham koʻtarasiga ichib, boʻshatib ulgurgan, endi huzur qilib, koʻzini dasturxondan uzmagan holatda qoʻlini bir-biriga ishqab turardi. Yaxshiyam, ikki koʻzi dasturxonda boʻlgani uchun boshida osilib turgan qoʻlni koʻrmadi.

– Ha, mayli, – dedi nihoyat Azim rais dasturxonda yeyishi mumkin boʻlgan boshqa tansiqroq narsaga koʻzi tushmagach, – endi bizga ruxsat.

Keyin har doimgiday nasihatgoʻylik qilishni esdan chiqarmadi:

– Bolalarni hamisha shunday taomlar bilan ovqatlantiring, iligi toʻq, miyasi toʻliq boʻladi. Miyasi toʻliq boʻlsa, maktabda yaxshi oʻqiydi, maktabda yaxshi oʻqisa, oliy oʻquv yurtlariga kirib, mahallaning obroʻsini oshiradi.

Tandirchi soxta jilmayib, bosh irgʻagan boʻldi, ammo ichida zil ketdi: u rais paqqos tushirgan kattagina ustixonni ham mehmon, ham butun oila uchun moʻljallab turgandi. Endi esa dasturxonda toʻpigʻigacha soʻrib tashlangan ilik kiyimi shir yechib olingan yalongʻoch boladay boʻlib yotar, hatto kekirdak joyi ham chaynab tashlangandi. Har qalay, chuldirak boʻlsayam shoʻrvasi qoldi-ku, shunisiga ham shukr, deb oʻyladi tandirchi.

Azim rais yuziga fotiha qilgan boʻldi-da, oʻrnidan turib, narigi xonada dars qilayotgan bolalarga yana bir koʻz tashladi. Keyin mamnun jilmaydi.

– Mayli, dars qilaverishsin, xalaqit bermay chiqib ketaman.

Tandirchining baxtiga rais dasturxonga qaramasdan chiqib keta boshladi: agar qaraganda “Bu ochofatdan biron yegulik qolganmikin?” degan umidda dasturxon ustida timirskilanayotgan egasiz qoʻlni koʻrishi mumkin edi.

Shundan soʻng tandirchi uyiga mehmon ham aytmaydigan boʻldi: u qoʻldan tashvishda edi. Agar birontasi koʻrib qolsa, qishloqda qancha gap-soʻz paydo boʻlishini tasavvur ham qilolmasdi: hamma tandirchining uyidan jin chiqqanday oʻzini olib qochadi, yana qancha gʻiybatlar koʻpayadi, yana qancha malomatlar yogʻiladi.

Tandirchi bolalariga ham, xotiniga ham qoʻl haqida birovga gʻing demaslikni tayinladi: eshitgan odam tandirchining xonadoni ustidan ketini ushlab kulishlari aniq edi. Qolaversa, qoʻl qanday paydo boʻlgan boʻlsa, shunday gʻoyib boʻlar, degan umid ham yoʻq emasdi. Biroq oradan ikki hafta oʻtsa ham qoʻl gʻoyib boʻlmadi: u oʻrtaga taomga uzalgan oltita qoʻlning yettinchisi boʻlib, xuddi oʻz uyida taomlanayotganday gʻoyibdagi qorniga ovqatni paqqos tashlayverardi, “tushirardi” emas, aynan tashlardi: qoʻl panjalari yoki kaftini toʻldirib olgan taom bir odamning ogʻzi barobar koʻtarilardi-da, xuddi yutib yuborilgandek gʻoyib boʻlardi. Baʼzida tandirchi gʻira-shira, xuddi xira tumandek bijirlab turgan bahaybat, meshday qorinni koʻrib qolgandek boʻlar, “Bu qorinni toʻydurguncha, men adoi tamom boʻlaman-ku” degan vahima bosardi. Qoʻlning paydo boʻlishi oilaviy xarajatlarni bir hissaga koʻpaytirgan boʻlsa-da, biroq tandirchining sabr qilishdan boshqa iloji yoʻq edi. Aslini olganda, u bu baloni birovga qanday gapirib berishni bilmasdi: tabiiyki, eshitgan har bir odam tandirchining sogʻligiga shubha bilan qaray boshlaydi.

Tandirchi qoʻl bilan kurashib oxiri charchadi. Endi u birinchi marta boʻlganidek qoʻlni ushlab, jazolashga urinmasdi, zero, buning foydasi yoʻqligini ham bilardi.

Salom tandirchi va xotini bu ins-jinslarning ishi deb, uyda qilmagan irim-sirimi qolmadi. Xotini folbinni ham, qoʻshnochni ham, avval isitib, keyin sovituvchini ham yoki soviganni isituvchini ham boshlab kelishdi.

Folbin keksa ayol edi: u shapkoʻr boʻlsa ham oʻrtaga tashlangan qand-qurslarni mazza qilib terayotgan panjalarni koʻrib qoldi va qoʻlga xuddi tanishini koʻrganday bir zum ajablanmasdan qarab turdi-da, “Yo piray, bu otangning qoʻli-ku!” deb yubordi toʻsatdan. Avvaliga er-xotin sirlari fosh boʻlganidan dovdirab qolishdi, keyin, bu esi kirdi-chiqdi boʻlib qolgan kampirning gapiga baribir hech kim ishonmaydi, degan oʻyda unga qoʻl haqidagi bor gapni aytib berishdi. Folbin tezda xoʻroz soʻyib, mushkulkushod qilishni, yettita kampirni chaqirib, is chiqarishni maslahat berdi. “Bu aniq otangning qoʻli. Arvohi chirqillab qolibdi. Ochga oʻxshaydi. Is chiqarsang, kelmay qoladi!” dedi. Salom tandirchi kampirga otasining chap qoʻl oʻrta barmogʻining yarmi boʻlmaganini, yoshligida oʻroq yulib ketganini, bu qoʻlning oʻrta barmogʻi esa boshqa barmoqlardan bir en uzun boʻlib, koʻzga xunuk koʻrinib chiqib turganini aytib oʻtirmadi: otasining qoʻli boʻlmasa, biron avlod-ajdodining qoʻlidir, hozir buning nima farqi bor?! Tegirmonchi otasining qoʻlini kampir qanday taniganini surishtirib oʻtirmadi, kampir aytgan irimni ham qilib koʻrishga qaror qildi. Bir oyogʻi goʻrda turgan yettita kampir, ularni yetaklab kelgan yana yettita kelinchak, is chiqishini eshitib, bexabar qolishsa, xafa boʻlishini hisobga olib qoʻshimcha chaqirilgan oʻntacha xotin-xalaj, jami oʻttizga yaqin ayolning is kuni yeb-ichgani tandirchining yarim yillik asrab-avaylaganini havoga uchirdi. Kampirlarning nafasi ham, ularning qoʻlidagi yonayotgan paxta ham surbet qoʻlni choʻchita olmadi, lekin kampirlar yoqqan paxtalarni deb uyi sal boʻlmasa yonib ketayozdi – olov pardaga tutashganda tandirchi kirib qoldi va pardani uzib olib, oshxonadagi suv toʻla paqirga tiqdi, oqibatda is chiqarishning asorati boʻlib, uy devorining yarmi qorayib qoldi.

Shundan soʻng maʼlum boʻldiki, qoʻlning arvohlarga aloqasi yoʻq, u boshqa bir narsaning alomati edi: unga hech narsa, hatto bodi qoʻzib, oʻrnidan turolmay yotgan Mulla Ablazning bir kosa suv orqali yuborgan duoyu nafasi – “dam”i ham kor qilmadi, zero, bu qoʻl gʻoyibning hukmiga oʻxshar, xuddi tandirchining oilaviy tutumini, barakasini yoʻqqa chiqarish, uni kafangado qilish uchun roʻzgʻoriga qargʻishdek kirib kelgandi.

Salom bu tang vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmasdi: qoʻlni har koʻrganda bu balo oʻziga qayerdan yopishgani, xudoga yoqmaydigan nima gunoh qilgani haqida ogʻir oʻyga choʻmar, butun umrini taftish qilar, keyin bir paytlar otasiga qattiq gapirib, choʻlga ketib qolganini, oʻzining aybini tushunib qaytib kelganda otasi bu dunyo bilan xayr-xoʻsh qilib boʻlganini, otasining koʻnglini olish qiyomatga qolganini esladi. Balkim, aynan shuning uchun xudo unga mana shunday jazo joʻnatgandir? Ammo tandirchi ichidagini tashiga chiqarolmas, zero, otasi haqidagi xotirani oʻzidan va otasidan boshqa hech kim bilmasdi: tandirchi oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yotardi.

Oradan ikki oy oʻtib, boʻshab qolgan unxaltayu yogʻ idishlarni koʻrgach, tandirchining sabri chidamadi. “Bu qanday adolatsizlik! – deb oʻyladi u jahl bilan. – Men bolalarim bilan kun uzogʻi loy tepib, bir tishlam nonni zoʻrgʻa topsam-da, bir tekinxoʻr teng sherik boʻlib oʻtirsa…” Oxiri u kirib kelgan toʻngʻiz yilining xosiyatsizligi haqida bashorat qilib, Rajab choʻponning ola qoʻzisi junida “Alloh” degan yozuv alomatini anglagan mulla Keldiyorga bor gapni aytadigan boʻldi.

Tandirchi Rajab choʻponning uyiga buriladigan muyulishdagi toʻnkaga oʻtirvolib, qishloqqa kelayotgan har bir mashinani tasbehga tashlab oʻgirib oʻtirgan mullani muborak chorshanba kuniga tushlikka – xudoyi oshga taklif qildi. Osh kechagi qizil tayoqli Keldiyor “gai”ning – bugungi mullaning jonu dili edi: bir paytlar Keldiyor Qiziltepa postida turganda baʼzida jarimaga “choyxona oshi jazosi”ni ham qoʻllardi: shu sababli osh boʻlgan joydan boʻyin tovlamas, buni butun qishloq ahli yaxshi bilardi. Salomning azza-bazza taklifidan soʻng mulla naq tush payti borishini bildirdi.

Chorshanba kuni belgilangan vaqtda mulla yetib keldi. Oʻrtaga sergoʻsht osh tortildi. Oshni koʻrib, mullaning koʻzlari yonib ketdi va yeng shimarib, oshga tashlandi. U uch-toʻrt kaft oshni koʻzlarini yumgancha, mazasini totib, chaynab boʻlgandi hamki, kuttirib qoʻymay qoʻl ham paydo boʻldi. Dastavval mulla uchinchi qoʻlga eʼtibor bermadi: har kaft ogʻziga borganda huzur qilib, koʻzlarini yumib, chaynagancha, mazasini olar, keyin ogʻzidagini yutib yuborib, koʻzlarini ochar, oshning eng sergoʻsht joylariga kaftini botirardi. U qoʻlni anchadan keyin koʻrib qoldi: xuddi oʻzidek eng sergoʻsht joylariga kaft botirayotgan, mullalik hurmatini qilmayotgan surbet qoʻlni koʻrib, bunaqa beadablikdan jahllanib boshini koʻtardi. Afsuski, kutgandek, zahrini sochish yoki biron diniy naql aytib, odobga chaqirish uchun qoʻl egasiga koʻzi tushmadi. Bir qoʻlga, bir tandirchiga qarab ogʻzi ochilib qoldi va hayajonlanganidanmi yo qoʻrqqanidanmi, ogʻzidagini chaynamay yutib yubordi va tuyulib qoldi. Yoʻtalib, nafasi tiqilayozdi. Tandirchi oʻrnidan turib, yelkasiga urdi. Shundan soʻng mulla sal oʻziga keldi. Qoʻl esa ularga eʼtibor bermay oshni paqqos tushirar, yaʼni xuddi mulla kabi kaftiga sergoʻsht oshni joylab, ogʻiz barobar koʻtarar, kaftda turgan bir uyum osh koʻrinmayotgan “ogʻiz”da gʻoyib boʻlardi. Qizarib-boʻzarib ketgan, amri-maʼrufida qiyomat belgilarini bashorat qilganda ham bunchalik alomatni koʻraman deb oʻylamagan mulla chamasi oʻn martalar “astagʻfurulloh” dedi. Koʻzlarini yumib-ochdi. “Menga shunday koʻrinayapti!” deb oʻyladi, chogʻi, tandirchiga ilinj bilan qaradi, lekin obroʻsi tushib ketmasligi uchun ogʻiz ochmadi. Yana uch marta “astagʻfurulloh” dedi.

– Sizga ham koʻrinyaptimi?! – dedi tandirchi uni xijolatdan qutqarish uchun.

– Koʻrinayaptimi, deysizmi? – mulla tandirchiga sir boy bermay qaradi. – Nima koʻrinayapti?

– Qoʻl! – dedi tandirchi. – Egasi koʻrinmaydigan qoʻl…

Mulla shundagina biroz oʻziga keldi. Koʻzlarini loʻq qilib hali ham osh yeyishda davom etayotgan qoʻlga baqrayib qarab turdi.

– Ha, koʻrinayapti… Bu kimning qoʻli?

– Bilmadim… Lekin ovqat yeyishda bizning oila bir tomon, bu qoʻl bir tomon. Har qanday taomni olib shunday havoga koʻtarsa boʻldi, gʻoyib boʻladi…

– Rostdanam egasi yoʻqmi? Umuman koʻrinmaydimi?

Tandirchi bosh irgʻadi.

– Aslida sizni shuning uchun chaqirgandim, mulla aka, – dedi tandirchi ilojsiz ohangda. – Uyimizda shunday balo paydo boʻldi. Ikki oydan beri ketmaydi. Bizni kasod qilyapti bu ochofat.

Mulla bir tandirchiga, bir qoʻlga qarab uzoq turib qoldi.

– Shunga bir oʻqib qoʻysangiz… Zora, yoʻqolsa… Mulla Abzal dam solgan suvning kuchi yetmadi. Sizni unga qaraganda nafasi oʻtkir deyishdi.

– Shaytonning qoʻli bu! Astagʻfurulloh! – dedi Keldiyor nihoyat oʻzining mullaligi esiga tushgandek. – Qarang, odamning qoʻliga oʻxshamaydi. Shaytoni layinniki… Bu aniq…

– Yoʻgʻ-e, – dedi tandirchi. – Oddiy qoʻl-ku…

– Odiy qoʻl emas! – dedi qatʼiy qilib mulla. – Bu shaytonning qoʻli. Taomingizga shayton sherik boʻlayapti… Goʻshti halolmidi?

– Ha, – dedi Salom. – Absalim qassobdan olganman…

Mulla baribir bosh chayqadi.

– Oxirzamonni shunaqa alomatlari bor deb eshitgan edim… Egasi yoʻq qoʻllar, egasi yoʻq boshlar, egasi yoʻq koʻzlar, egasi yoʻq oyoqlar egasini qidirib, osmonda uchib yurarkan. Bu qoʻl ham egasini qidirib kelgani aniq. Salombek, oxirzamon yaqinga oʻxshaydi.

Mullaning bu qatʼiy xulosasi qoʻlga yoqmadi, chogʻi, u laganga kaft bosishdan toʻxtab, zabt bilan havoga koʻtarildi va avval koʻrsatkich barmogʻi bilan oʻrta barmogʻi orasiga bosh barmogʻini yaxshilab joylashtirib oldi, keyin mullaning naq burni tagiga olib kelib koʻrsatdi. Mulla shundoq koʻziga tegay deb turgan ikki barmoq orasidagi bosh barmoqni koʻrib, qoʻrqib ketdi, gavdasini orqaga oldi.

– Ie, – dedi u koʻzlari ola-kula boʻlib ketib. – Bu hali tarbiyasiz ham ekan-ku!

Qoʻl ikki barmoq orasida turgan bosh barmoqni koʻrsatgancha mullaning burni tagida ancha turdi. Keyin yana laganga qarab shoʻngʻidi, hech narsa boʻlmagandek oshni “havoga koʻtarishda” davom etdi.

– Biron kechirilmas gunohingiz evaziga bu! – dedi mulla nihoyat.

– Bir tandirchi boʻlsam, – tandirchi nolindi, – esimni taniganimdan beri tegirmon toshini aylantiraman, oyogʻim loydan chiqmaydi. Mening qanday kechirilmas gunohim boʻlishi mumkin?!

– Bandasi qilgan gunohini bilmaydi, ammo Tepaga hammasi ayon! – dedi mulla xuddi amri maʼruf qilayotgan ohangda. – Hammasini hisoblab oʻtiruvchi va bunday ofatlarni yuboruvchi Robbimiz bor. Tovba qiling, shunda qutulasiz.

– Ikki oydan beri tovba qilib yotibman, – alamli ohangda dedi tandirchi. – Aziz avliyolarga ham bordim, yetim-yesirga sadaqa ham berdim. Foydasi boʻlmadi.

Tandirchining bu gapi mullani hushyor torttirdi. Hozir unchalik mavridi boʻlmasa-da, lekin ham kelajakni, ham choʻntakni oʻylab, joyida tanbeh bermoqni va bu adashgan bandaga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishni oʻzining burchi deb hisobladi.

– Sadaqani avvalo ogʻzida ilmi bor odamga berish kerak.

Tandirchi sodda edi. Mullaning tagdor gapini toʻgʻri tushundi.

– Qishlogʻimizdagi qiynalayotgan talabalarga ham sadaqa oʻrnida yoʻlkira berdim…

Tandirchining soddaligidan mullaning ensasi qotdi.

– Talabalar ogʻzida ilmi borlarga qoʻshilmaydi. Ular har xil nopok ishlarga ham aralashib yurishadi. Shuning uchun ularga berilgan sadaqa oʻtmaydi. Sadaqani toat-ibodatli, ilmli kishilarga bermak joyizdur…

Tandirchi bu gapdan ancha izza tortdi.

– Buni bilmas ekanman, – tan oldi u. – Mulla Ablaz musofirchilikda yurgan talabalarga bergan sadaqalaringiz oʻtadi, degandi.

Mullaning bu gapdan ham ensasi qotdi.

– Mulla Ablaz madrasa talabalarini nazarda tutgan, chogʻi, siz tushunmagansiz.

– Qishlogʻimizda unaqalar yoʻq-da.

Mulla Keldiyor endi bu goʻl bandasiga ochiqroq ishora qilishiga toʻgʻri keldi.

– Unaqa talabalar boʻlmasa ham, ertayu kech ibodat bilan mashgʻul kishilar bor, – dedi biroz zarda bilan.

Bu orada laganda osh tugagan, qoʻl endi oʻrtaga qoʻyilgan mevalardan totinardi. Mullaning esa ishtahasi boʻgʻilgandi. Shu sababli ham qoʻlning bezbetligidan hamda oʻziga atalgan mevalarga daxl qilayotganidan jahli chiqdi.

– Bu rostdanam ochofatning oʻzi ekan, – dedi u. – Hammasini yamlamay yutyapti. Xoʻsh, bunday qilamiz… Andak chiqimdorrogʻ-u, ammo ish berishi aniq… Men qirq kun kechasi bilan qaytarma qilib oʻqiyman. Shu bilan tinchib ketasiz, xonadoningizga orom kiradi…

Salom xursand boʻlib ketdi: zora, qaytarma ish berib, qoʻldan qutulsa… Tandirchiga qaytarma qilish bir toʻqliga tushgan boʻlsa-da (uniyam qaynisidan qarz olishga toʻgʻri keldi), mulla Keldiyor vaʼdasida turdi: qirq kunda qaytarma qilib oʻqib berdi. Tandirchi endi “shayton qoʻli”ning uydan gʻoyib boʻlishini sabrsizlik va intiqlik bilan kuta boshladi. Zero, qoʻl paydo boʻlganidan beri roʻzgʻor sekin qarzga kira boshlagandi. Bu holat tandirchining koʻnglini gʻash qilib turgani uchun qaytarmadan umidi katta edi. Ammo qoʻl mulla Keldiyor aytgandek, qaytarma qilingandan soʻng bir hafta emas, uch hafta oʻtsa ham yoʻqolmadi. Toʻrtinchi haftada roʻzgʻorni eplab turish uchun yana qarz olishga toʻgʻri keldi.

Beshinchi haftaga kelganda u oʻzini mulla Keldiyor bir toʻqliga chuv tushirganiga, qaytarmasi ish bermaganiga amin boʻldi. Shuning uchun dardini yorish uchun ishonchliroq odam izlay boshladi. Bu paytda baraka ketib, faqat qarzga kun koʻrayotgan boʻlsa-da, Panji muallimdan maslahat olishga qaror qildi: qoʻpol, qoʻrs boʻlsa ham toʻgʻrisoʻz odam, bir tomoni ayoliga qarindoshligi bor. Panji muallim ham atoyi xudoyining daragini eshitib, mahtal qilmasdan yetib keldi. U ham xuddi Azim raisday ilikni oʻz oldiga qoʻyib yeyishga chogʻlangan ham ediki, qoʻl oʻtgan gal uchun ham undan alamini oldi: ilikni uning oldidan tortib oldi-da, havoga koʻtarildi va xuddi oʻtgan gal Azim rais paqqos tushirganday ilikdagi etni yamlamay “yuta” boshladi.

Buni koʻrgan Panji muallim esi ogʻganday havodagi qoʻlga qarab turar, etga qoʻshib yeyish uchun tishlagan noni ham ogʻzidan tushib ketgandi. Saldan soʻng u tandirchiga garangsib qaradi.

– Bu nima?! – deb soʻradi zoʻrgʻa tili aylanib.

– Qoʻl! – dedi tandirchi bamaylixotir.

– Qoʻlligini koʻrayapman, – zarda qildi muallim. – Kimning qoʻli? Egasi nega koʻrinmayapti?

– Sizni shunga chaqirdim. Egasi kimligini aniqlab, haydab yubormasak, meni xonavayron qilayapti, domla…

Bu gaplarni aytayotganda tandirchining koʻzlaridan yosh chiqib ketdi: uning sabr kosasi ham, koʻngli ham toʻlib boʻlgandi. Suyagi qora mehnatda qotgan, qishloqda ziqna va qahri qattiq deb nom chiqargan kap-katta odamning koʻzida yosh koʻrib, Panji muallimning ham yigʻlagisi kelib ketdi.

– Anchadan beri bormi?

– Anchadan beri… Ikki oydan oshdi, – tan oldi tandirchi boladay piqillarkan.

– Yigʻlamang. – taskin berdi muallim. – Hammasi yaxshi boʻladi.

U eti tobora shilinib borayotgan havodagi ilikka alam bilan qarab turar, agar shu qoʻl boʻlmaganda bu ilik ham, undagi et ham hozir oʻziniki boʻlishini ichdan his qilib turardi. Muallim bidʼatchi emasdi va har bir masalaga ilm koʻzi bilan qarardi. Bu gal ham shunday qildi: oʻzicha chamalab koʻrdi. Soʻng oʻrnidan turdi – qoʻl ilikdan etni ajratib olish bilan ovora edi – tandirchini hayron qoldirib, qoʻlning orqa tarafiga oʻtdi va, aftidan, qoʻl egasining ketini moʻljallab, xuddi oʻn bir metrdan toʻp tepayotgan futbolchiday, bor kuchi bilan tepdi: tepki shunchalik kuchli ediki, unda ilik alami ham mujassam boʻlgandi – ammo Panji muallim kutganidek oyogʻi qoʻl egasining koʻrinmayotgan ketiga tegmadi, aksincha, uning zarb bilan tepilgan oyogʻi havoni vizillab kesib oʻtdi, ochiq havoda naq shiftgacha koʻtarildi: muallim oʻzini tutolmay shundoq qoʻlning tagiga gursillab dustaman yiqildi. U birpas oʻziga nima boʻlganini bilmay yotdi. Tandirchi ham qoʻrqib ketdi: hozir diydiyo qilib oʻtiradigan payt emasligini anglab, koʻzidagi yoshni artdi-da, yerda murdaday choʻzilib yotgan muallimning yelkasidan koʻtara boshladi.

– Buning keti qani?! – dedi yotgan yerida muallim oʻzining harakatiga izoh bergandek, xuddi muhabbati rad etilgan oʻn sakkiz yashar yigitdek ozurdalik bilan. – Boplab tepmoqchi edim-da, oʻziyam. Agar tekkanda naq doʻzaxga borib tushardi…

Dasturxonga ilik tap etib tushdi: unda bir tishlam ham et qolmagandi. Qoʻl choʻzilib yotgan muallimning ustiga keldi va kaftlarini yopib olib, musht qildi, soʻng muallimning savoliga javob oʻrnida naq boshiga kelib, uch-toʻrt marta baland-past boʻldi, natijada muallim ham, tandirchi ham qoʻl nima demoqchiligini darrov tushundi: agar qoʻlning qolgan qismlari ham, egasi ham koʻringanda, unda u chap qoʻlining tirsagidan ushlab, muallimga koʻpchilik biladigan chapani ishorani koʻrsatayotganini anglamaslikning iloji yoʻq edi.

Muallim oʻrnidan turganda qoʻl gʻoyib boʻlgandi. Aftidan u qari, shangʻi va injiq odam bilan talashib, obroʻsini ketkizgisi kelmay, havoga singib ketgandi.

Shunday boʻlsa ham muallim tandirchiga eng oqilona, bepul maslahat berdi: qoʻl haqida rasmiy idoralar bilan, dastlab, mahalla raisi bilan gaplashish kerak. “Mahallaning baland-pastiga masʼulmi, u nimalar boʻlayotganini, fuqarolarni qanday oʻmarishayotganini bilsin va yordam bersin. Shusiz ham yordamga muhtoj oilalarga ajratilgan pulni oʻzi “gum” qilib, semirib yotibdi”. Salom tandirchiga bu maslahat maʼqul keldi: u oʻtgan yili oʻttiz yil maktabda ishlab, direktor boʻlolmagach, raislikka nomzodini qoʻygan Azimning xufya iltimosi bilan qarindoshlarini unga ovoz berishga koʻndirgan edi. Shu sababli oqsoqol oʻzini qarzdor his qilib, zora, yordam qoʻlini choʻzsa…

Salom umid bilan mahalla idorasiga yoʻl oldi. Uning gaplarini batafsil eshitgan Azim rais tandirchini mahallaning aksar tirikchilikka oʻralashib qolgan odamlari kabi ruhan charchagan, deb oʻyladi. Ammo oraga mulla Keldiyor ham aralashgani va qoʻlni koʻrganini eshitgach, oʻylanib qoldi.

– Uka, – dedi u nihoyat oʻylab boʻlgach. – Men bunaqa choʻpchaklarga ishonmayman. Lekin bilishimcha, sizning uyingizda jinoyat sodir boʻlayapti. Kimdir uyingizda xuddi kinolardagidek koʻrinmas qiyofaga kirib, hozirgi texnikada buning iloji koʻp, oʻgʻirlik bilan shugʻullanayapti. Shundaymi?

Tandirchi oʻylab koʻrsa, masalani rais tushuntirganday izohlasa ham boʻlarkan. Shuning uchun bosh irgʻadi:

– Umuman, shunday… Uyimdan oʻgʻirlik sodir boʻlayapti…

– Oʻgʻirlik haqidagi shikoyat bilan menga emas, huquqni himoya qilish muassasalariga murojaat qilishingiz kerak.

Tandirchi umrida biron marta ham huquqni himoya qilish muassasalariga shikoyat qilmagandi, ular ham “Nima shikoyatingiz bor, mana biz huquqingizga masʼulmiz!” deb oldiga kelmagan. Shuning uchun raisning taklifiga tushunmadi. Rais mahallaga yordam soʻrab kelgan har qanday muhtojga yordam qoʻlini choʻzish uchun adolatli tarzda saylanmaganmi, tandirchiga oʻzi aytib turib, ariza yozdirdi.

– Qani, shunday deb ariza yozing. Menkim, Salom tandirchi… uyimda shunday – shunday… nomaʼlum shaxslar tomonidan…

– Shaxs degani nimasi? – soʻradi tandirchi egri-bugri yozishdan toʻxtab.

– Shaxs bu – kimsa degani.

– Men hech qanday shaxsni, yaʼni kimsani koʻrganim yoʻq. Biznikiga faqat egasiz qoʻl keladi…

– Rusumi shunaqa… “Shas” emas, “shaxs”, dumsiz qilib yozing… xoʻsh… davom etamiz… oʻgʻirlik sodir etilmoqdakim, yordam berishingizni soʻrayman… Ana boʻldi… Endi mahalla nozirining oldiga boramiz…

Salom tandirchi bilan rais aji-buji qilib yozilgan arizani koʻtarib, shundoq mahalla idorasida joylashgan nozirning xonasiga kirishdi.

Arizani oʻqib koʻrgan nozir hech narsa tushunmadi, tandirchining oʻzidan soʻray boshladi, u soddalik qilib yana qoʻl haqida gapirib berdi. Nozir oʻrnidan turib, Salom tandirchining oldiga keldi-da, uning koʻzlariga uzoq qarab turdi. Keyin kompyuterga oʻtirib, uni uzoq titdi. Izlaganini topolmadi, hafsalasi pir boʻlib, yana Salom tandirchiga oʻgirildi.

– Qiziq, – dedi u stolni chertar ekan. – Xoʻsh, bu ariza bilan nima demoqchisiz?

– Shu… uyimda qandaydir qoʻl paydo boʻlgan. U meni kasodga uchratayapti, baraka ketdi… ortiqcha xarajat deganday… Xullas, uni deb roʻzgʻorni butlay olmayapman. Tirikchilik ogʻir boʻlib qoldi.

Nozir oʻrnidan turib ketdi…

Xavotirga tushgan rais hovliqqancha nozirga tushuntira boshladi.

– Bu kishi uyimda nomaʼlum oʻgʻri paydo boʻldi deb keldi. Men esa bu gaplarni menga emas, nozirga yozing deb oldingizga olib keldim… – dedi oqsoqol tandirchi yana bir narsa deb qoʻymasin deb.

– Unda nega qanaqadir egasi koʻrinmagan qoʻl deyapti… Toʻgʻridan toʻgʻri oʻgʻri paydo boʻldi desa oʻladimi?

– Arizaga rasamadi qilib yozilgan… Endi bu kishi yettinchi sinfgacha oʻqigan. Savod andak chatoqroq… Qolgani xalq ogʻzaki ijodi… Xalqimiz baxshilarni yaxshi koʻrishi shundan… Shunga sizdan bu holatni oʻrganib chiqsangiz deb kelgan edik.

Nozir endi yengil tortdi. Arizani olib, uni yana bir oʻqib chiqdi-da, koʻngli toʻldi, chogʻi, stolda yotgan papkaning ichiga solarkan, oqsoqolga hurmat ohangda gapirdi:

– Siz mahalliy hukumatsiz. Tekshir desangiz, tekshiramiz. Bizni bu kursiga shuning uchun oʻtirgʻizib qoʻyishgan.

Xullas, ertasiga mahalla raisi bilan nozir “shaxsi nomaʼlum kimsa tomonidan oʻgʻirlik sodir etilayotgan obʼyekt”ni oʻz koʻzlari bilan koʻrishga boradigan boʻlishdi.

Salom tandirchi qarz-havola qilib, bozorlik qildi, uyiga oqsoqol aytganidek, nozir xush koʻradigan qovurdoq ostirdi, oqsoqol “nozirning tomogʻidan ovqat oʻtishi andak qiyin, shuning uchun oʻrus shishasini suvga tashlab qoʻying”, degandi, bir emas, uchtasini tashlab qoʻydi.

Tushdan keyin oqsoqol bilan nozir qoʻltigʻida bir talay qogʻozlar koʻtarib kirib kelishdi.

– Qani, oʻsha oʻgʻri qoʻlni koʻrsating-chi! – dedi nozir xuddi jinoyatni hozir fosh etadigan shasht bilan.

Oqsoqol “Avval taom, bad az kalom!” deya nozirni taomga taklif qilib, tandirchini turtdi. Aslida tandirchiga ham shu kerak edi. Mana endi toʻkin dasturxon ustida oʻgʻrini oʻzlari koʻzlari bilan koʻrishsin. Shunda hammasini oʻzlari bilib oladi.

Kutilgandek bazm boshlanib, nozir ustma-ust ikki piyola boʻshatgach, kutilgandek qoʻl paydo boʻldi. Nozir ozroq kayf qilganidan qovurdoq bilan ovora edi. Tandirchi oqosoqolni turtib, qoʻlga ishora qildi: qoʻlga koʻzi tushgan oqsoqolning koʻzlari chiqib, Panji muallimning “Yetimlarning haqini yeganlar qoʻrqqan payti oqarmaydi, rais ham yetimlarning pulini yeb yotibdi” degan gʻiybatida jon bor, chogʻi, rangi koʻkarib ketdi. Oqsoqolning dasturxonning chap burchagiga qarab bezrayib qolganini koʻrgan nozir ham u qarab turgan tomonga koʻz tashladi va u keyingi gal olib maza qilib chaynayman deb moʻljallab turgan tuyurni egasi koʻrinmayotgan qoʻl olib, havoga koʻtarganini koʻrdi: nozirning ogʻzini lang ochdirib, tuyur shundoq havoda gʻoyib boʻldi. Qoʻl endi boshqa bir tuyurni kartoshkaga qoʻshib koʻtara boshladi. Nozirning ogʻzi ancha paytgacha ochilib turdi – u koʻplab oʻgʻirliklarga shaxsan guvoh boʻlgandi, ammo oʻgʻirlangan ashyoviy dalilning havoga aylanib ketishini birinchi marta koʻrib turishi edi – uning gezargan lunji atrofida bir-ikkita pashsha ham aylana boshladi. Hayajon payti tomogʻi ham qiltillab qoladi, shekilli, nozir oʻzini bosish uchun yana ikki piyolani boʻshatdi.

– Mana shu… oʻgʻri, – dedi tandirchi paytdan foydalanib. – Siz menga ishomagandingiz…

Nozir uning gapini deyarli eshitmadi. U hali ham qoʻlga qarab turar, qoʻl esa birpasda yarim lagan goʻshtni havoga koʻtarib, changini ham chiqarmay yoʻq qilib boʻlgandi.

Nihoyat nozir oʻziga keldi va kasbi esiga tushib, poylab turib, qoʻlni ushlab oldi. Qoʻl uning qoʻlida baliqday tipirchilay boshladi. Nozir yonidan toʻpponchasini chiqarib, uni qoʻlning kaftiga toʻgʻirladi va har qanday dushmanni yer tishlatadigan qatʼiyat bilan soʻradi:

– Kimsan? Hozir otib, dabdalangni chiqaraman!

Nozir bu gaplarni qanchalik vajohat bilan mardonovar aytgan boʻlsa, qoʻl pinagini ham buzmay, tandirchi va oqsoqolni hayratga solgancha, havoga singib gʻoyib boʻldi. Nozir atrofga alanglab, qoʻlida toʻpponcha bilan uni izlay boshladi. Yoʻq, u gʻoyib boʻlgandi. Keyin u tandirchiga gʻazab bilan boqdi.

– Bu nima oʻyin? Bu fokusni kim qilayapti? Kim qilgan boʻlsa ham pushaymon boʻladi.

Unga bu fokus ham, koʻzboylogʻichning oʻyini ham emasligini tushuntirish uchun ancha vaqt ketdi. Faqat ikkinchi shisha boʻshagandan soʻnggina nozir ularning gapiga ishondi. Uchinchi shishada esa nozir tandirchining yuzidan oʻpib, “Buning-ku qoʻli koʻrinib turibdi, umuman, oʻzi yoʻq jinoyatchilarni ham tovbasiga tayantiradiganlar bor”ligini aytib maqtana boshladi. Oʻsha payti bu gaplarni aroq taʼsirida aljirash deb tushunishgandi. Ikki kundan soʻng iskovuch it bilan bir toʻda qurollangan odamlar kelishganda nozir rost gapirganiga amin boʻlishdi. Guruh, haqiqatan ham, qilni qirq yoradigan, izlaganini topmasa qoʻymaydigan barzangi va taptortmas yigitlardan iborat edi: hovlida ham, molxona-qoʻralarda ham bironta irga, bironta burchak qolmadi: arining uyasigacha, hovli devorining tagidagi sichqon inigacha maxsus asbob-uskunalar bilan titib chiqildi, xullas, sichqonning inini ming tanga qilishdiki, kovlab koʻrilmagan joy qolmadi – tandirchining hovlisi birpasda gʻalvirday titib tashlandi – u endi naq bomba tushganday xaroba manzilga aylangandi. Kamini itga qoʻyib berishdi: it, aftidan, ularning ishonchini qozongan yoki rostdanam kuchli iskabtopar edi: u qayerni hidlay boshlasa, guruh oʻsha yerni kovlashga tushardi. Tandirchining otasidan qolgan devorlarning tagida nimadir bormidi yoki rostdanam qoʻl oʻsha poydevor yoriqlarini oʻziga makon qilganmidi, har qalay, it uyning har ikki qadamini xuddi xazina topganday hidlab qolar, izidan kelayotganlar darrov kovlashga tushishar, bir xandaqcha chuqurlik kovlashgandan soʻng u yerdan soʻnggi bir asrdan ortiq davr mobaynida vaqt tuprogʻi yutib yuborgan turli roʻzgʻor buyumlari: sopol idishlarning siniqlari, choynak qopqoqlari, arqon yoki kigiz qoldiqlariga oʻxshagan lash-lushlar chiqardi – hovli bunday noyob asori atiqalar bilan deyarli toʻlib boʻldi: uyning ichida ham, tashqarisida ham, devor tagida ham kovlab koʻrilmagan bir qarich joy qolmadi, ammo qoʻl oʻta ayyor yoki rostdanam makkor Shaytonga tegishli edi, chogʻi, tutqich bermadi. Kechga borib, guruh ham, it ham holdan toydi.

– Bu yerda hech qanday oʻgʻri ham, biz qiladigan ish ham yoʻq, – dedi nihoyat ularning ichidagi norgʻuli, chamasi, u boshliq edi. – Menimcha, uy egalarini shifokorga koʻrsatish kerak.

Uning shu gapini kutib turishgandek, butun guruh hovli boʻylab yoyib tashlashgan asbob-uskunalarini yigʻishtirib, haydovchisi toqati toq boʻlib kutib oʻtirgan mashinaga soldi-da, joʻnab qolishdi: mashina joyidan qoʻzgʻalib, muyulishiga yetmasdan paxsadan qurilgan uyning poydevori titilib ketib, batamom qulab tushdi va undan koʻtarilgan chang Langarotadan ham koʻrinib turdi.

Boshpanasiz qolgan tandirchi vayronaga aylangan uyi ustida boshini ushlagancha oʻtirar, koʻrinishi aftodahol, yuz-koʻzida umidsizlik, nochorlik, tushkunlik bilan birga afsus-nadomat aks etar edi. Bolalar esa tashlab ketilgan jang maydonini eslatadigan uy ustida allaqachon “urush-urush” oʻyinini boshlab yuborishgan, tandirchining ayoli tizzasini quchoqlagancha uy qulab tushayotganda devordan otilib tushib, yoniga dumalab kelgan teshik elagiga karaxt holda qarab turardi.

Mahalla idorasi oʻziga yuklatilgan vazifani uddaladi: tandirchining oilasini tang paytda oʻz holiga tashlab qoʻymadi: toki uyni tiklab olguncha amallab yashab tursa boʻladigan chodir berishdi.

Tandirchi qancha harakat qilmasin, oyni etak bilan yopib boʻlmadi: egasi yoʻq oʻgʻri qoʻl haqidagi qoʻshib chatilgan mish-mishlar butun viloyatga tarqab ketdi.

Endi turli joylardan, gazetlaru nashrlardan, televideniye va radiodan muxbirlar, har xil ilmiy tekshirish dargohlaridan olimlar, hatto bu sirli hodisadan oʻzlariga naf chiqarishni oʻylagan siyosatchilar kelishar, bu gʻaroyib voqeani turli usullar bilan tadqiq va tahlil qilishar, sharhlashar, qishloq ahlidan intervyular olishardi. Mahalliy aholi oʻzi hech qachon koʻrmagan qoʻl toʻgʻrisida toʻqib-bichib, qoʻshib-chatib gapirib berardi: dastlabki intervyularda oddiy odamlarnikiga oʻxshash boʻlgan qoʻl oxirgi intervyularda koʻzga koʻrinmas ulkan devning naq chinorday keladigan qoʻliga aylanib ulgurgandi. Faqat ular tandirchining uyiga yaqinlasholmasdi. Tandirchi endi taqdirga tan bergandi: u tobora darmoni qurib, kuchdan qolayotgan boʻlsa-da, egasi yoʻq qoʻl uchun ham ishlashga, uning yebtoʻymas qornini bir iloj qilib toʻydirishga, undan ortganini bolalari bilan baham koʻrishga alaloqibat rozi boʻlgan, u endi qoʻl haqida hech kimga gapirmas, intervyu ham bermas, kelganlarni hovliga kiritmasdi ham. Chetdan kelganlar ham, qishloqdoshlari ham endi darvozadan narida turib, hovli oʻrtasida, vayronaga aylangan uy yoniga qurilgan chodir oldida turmush va tirikchilik bilan kuymalanib yurgan tandirchining oilasiga koʻzlari tushardi…

 

Tamom.

 

Qissadan hissa yoxud yakunga qoʻshimcha yakun

 

Idoraning majlislar zali tersotaliklar bilan liq toʻlgan, gʻala-gʻovur, odam odamni tanimas, qandaydir baqir-chaqir, toʻs-toʻpolon hukmron edi.

Mulla Keldiyor zalga kirishi bilan odamlar birdan tinchidi: hamma unga xuddi xaloskorini koʻrgandek najot bilan tikilib turardi.

– Keldingizmi, mulla, – dedi mahalla noziri bilan minbarda oʻtirgan Azim rais oʻrnidan turib unga peshvoz chiqarkan. – Odamlar kutib qolishdi.

– Nima gap, oqsoqol? – dedi mulla ovoziga biroz bepisandlik qoʻshib. – Bizni bunaqa majlislarga chaqirmasdingiz-ku!

– Bizga yordam bermasangiz boʻlmaydi. Siz koʻpni koʻrgan odamsiz… Yana ogʻzingizda ilmingiz bor… Qolaversa, siz bularni oldindan bilgansiz…

Mulla Keldiyor bu eʼtirofdan bir qop shishgan boʻlsa-da, lekin butun qishloq nega oʻzini kutib, toʻplanib turganidan xavotir olib, oʻziga tikilib turgan zal toʻla odamga yuzlandi.

– Egasi yoʻq qoʻl endi hammaning uyida paydo boʻlibdi! – dedi oqsoqol mullani masaladan tezroq xabardor qilish uchun.

Bu xabardan soʻng butun zalga oʻlik sukunat choʻkdi: hamma mulla Keldiyorning ogʻzini poylab turardi…

 

Nazar ESHONQUL

 

“Yoshlik” jurnali, 2017–11

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.