Qogʻoz puli

0
134
marta koʻrilgan.

Koʻpincha mendan nega kulgili hikoyalar bitmay qoʻyganim haqida soʻrashadi.

Bu qulogʻimga, “hajvchilar yozmasa hech kim kulmay qoʻyadi”, degandek eshitiladi. Goʻyo bizning kuldirishdan boshqa ishimiz yoʻqday.

Shaxsan men, biror kulgili hikoya yozadigan boʻlsam, avval shu hikoyaga asos boʻladigan voqeani tanishlarimga soʻzlab beraman. Soʻzlab turib ularning aft-angorlarini kuzataman. Hikoyam ularga taʼsir qilsa yoki kuldirsa, ana undan keyin uni qogʻozga tushiraman. Shunday qilsam, behudaga qogʻoz isrof boʻlmaydi. Bu mening yozish uslubim.

Saratonning sariq kunlari, yaʼni yozning chillasi edi. Vaqt yarim kechadan oqqan bir pallada uygʻonib ketdim. Qaltirayapman, tishim tishimga tegmaydi.

“Qiziq, – deyman ajablanib, – yozning chillasida ham odam sovqotadimi?”

Soatga qarasam, kechki uchdan qirq besh minut oʻtgan. Ha-ha, oʻn besh minut kam toʻrt: na u yoqlik, na bu yoqlik. Demoqchimanki, na kechasi, na kunduzi. Bu paytda “Tez yordam”ga qoʻngʻiroq qilishga iymanasan. Oʻzingning ahvoling bu boʻlsa, boz ustiga boshqalarning shirin uyqusini buzish noqulay-da. Toʻgʻri, bu ularning vazifasi, buning uchun ikki hissa maosh olishadi, buni tushunaman. Lekin baribir noqulay-da, odamni shirin uyqusidan uygʻotsang, baribir ichida soʻkinadi. Qaltirab turganingda begona odamning soʻkinishi xush yoqadimi? Albatta, yoʻq!

Xoʻsh, unda nima qilish kerak?

Koʻrpaga oʻranib yotish kerak!

Shunday ham qildim. Qaltiroq bosib, jiqqa terga botdim. Shunda alahsiradimmi yoki tush koʻrdimmi, miyamga ogʻriq kirib, qoʻl-oyoq mushaklarim zirqiray boshladi. Amallab tong orttirdim. Keyin soat sakkiz boʻlishini kutdim. Chunki poliklinikada soat sakkizda ish boshlanadi.

Roppa-rosa soat sakkizda poliklinikaga bordim. Toʻqqizinchi oʻringa yozishdi. Na iloj, kuta boshladim. Navbatda turganlarning bari oʻzimga oʻxshagan beparvolik oqibatida yo shamollagan, yo biror joyi lat yegan. Imkon va imtiyozlarimiz teng, yaʼni hech kim navbatni buzolmaydi. Tanish-bilishchilikni-ku qoʻyavering, it egasini tanimaydi. Pul qistirishni xayolingizga keltirmang. Zoʻrlab bersangiz ham olishmaydi. Navbatda turganlarning gapini eshitib, hayron qoldim. Kimdir oldingi zamonni oʻylab, doʻxtirga pora bermoqchi boʻlgan ekan, boyoqishni “qaysi zamonda yashayapsan, uyat emasmi”, deb koʻpchilikning oʻrtasida izza qilishibdi.

Buni eshitib xursand boʻldim.

Koʻz tegmasin, kishilarimizning qarashlari yaxshi tomonga oʻzgargan, pora degan soʻzni bilishmaydi, hatto uni qanday olishni ham esdan chiqarib yuborishgan. Uring, oʻldiring, pora nima ekanligini eslay olishmaydi.

Shular haqida oʻylab, vaqt oʻtganini bilmabman. Toʻgʻri-da, buning uchun ertadan kechgacha navbatda tursang alam qilmaydi, ketgan vaqtingga ham achinmaysan.

Shunday qilib, toʻqqizinchi boʻlib navbatda turibman. Har eshik ochilib-yopilganda ichkaridan doʻxtirning yoqimli ovozi eshitiladi. Qabulga kirib-chiqqanlar avvallari oh-voh, dod-voy qilishardi, endi mamnun boʻlib chiqishmoqda.

Navbatda mendan oldin turgan bemor ichkariga kirib, xayolimda uzoq qolib ketganday tuyuldi va sabrim chidamay, ichkariga moʻralagan edim, doʻxtir “kiravering” deganday im qoqdi.

Men ichkariga kirdim. Chiqib ketishi kerak boʻlgan bemor, yaʼni mendan oldin kirgan kishining esiga bir nima tushgandek boʻldi va u choʻntagidan pul chiqarib, doʻxtirga choʻzdi.

– Sizdan pora soʻramadim, – deya tishlarini gʻijirlatdi doʻxtir. – Qogʻozning pulini tashlab ketsangiz boʻldi.

Bemor mening oldimda xijolat boʻlib:

– Qogʻozning bahosini aytsangiz, – dedi.

Doʻxtir “palon pul” dedi, bemor qizarib-boʻzarib aytilgan summani stol ustiga qoʻydi-da, apil-tapil xonadan chiqib ketdi.

Doʻxtir pulni choʻntagiga urarkan:

– Odamlarga ham hayronsan, oddiy yozuv qogʻozining narxini bilishmaydi, – dedi-yu, soʻng menga yuzlandi. – Xoʻsh, sizni nima bezovta qilyapti?

Nazarimda, choʻntagimda qogʻozga yetadigan pul yoʻqdek tuyuldimi: “Qogʻozning narxi bezovta qilyapti”, deb yuboribman…

Yoʻq, oʻlar joyda emasdim, har qalay, qogʻozning pulini toʻlab chiqdim.

Aziz oʻquvchi! Sizga bu voqeani shunchaki gapirib berdim, hali qogʻozga tushirganimcha yoʻq. Ayting-chi, qogʻoz mammosi dolzarb boʻlib turgan bir paytda, ushbu voqeani qogʻozga tushirish shartmi? Shart boʻlmasa, mendan kulgili hikoya yozishni talab qilmang.

 

Ilhom ZOIR

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.