Qizgʻaldoq

0
330
marta koʻrilgan.

Turdixolning eri askarlikka ketdi-yu, qaytmadi. Oʻlik tirigidan darak yoʻq. Beva boshi bilan koʻzining oqu qorasi bir oʻgʻil, bir qizini elga qoʻshaman deb yoshini yashamay yalmogʻizning singlisiga aylandi-qoldi.

Bu orada ochiq boshi ne bir malomatlarga qolib, yuzi chang solinib sochi yulindi. Yelkasidan qamchi yeb, tovoni yorildi. Ammo birovning eshigidan moʻralamadi, oʻngiriniyam ushlamadi.

Qizgʻaldoq keng dara. Kalulogʻi Turdixol, shuvogʻi makkajoʻxori, noʻxat boʻldi. Tishi zogʻarayu yovgʻon oshga tegib turdi. Qizini nomusi, oʻgʻlini ori bildi. Tunlarni uzundan-uzoq ertak aytib tonglarga uladi.

Ertagida yuragi yoldor botir yigit musofir yurtda adashib, oʻz tuprogʻiga qayta olmay darbadar kezdi, keksaymadi. Bitta, oʻnta, mingta ertak aytdi. Barchasida shu koʻzlari choʻgʻ uzoq safardagi yigit boʻldi.

Bolalari dam-badam toshga turtinib, kesakka surinib turishi yetmaganiday ilingan it qopib, eshak tepikisiga qolib ulgʻaydi. Oʻgʻli oʻgʻil boʻlib, qizi qiz boʻldi. Endi Turdixol kampirning eriga erkalik qila olmay boshqalarga ermak boʻlib oʻtgan, tul qolgan yillari unut, yaralari but.

Qizgʻaldoqlik yigitning bari Turdixolning qiziga oshiq, beqarorlariyam kam emas. Ular oʻzlaricha talashib-mushtlashib yurdi. Qizi qurmagʻoʻr qizgʻaldoqlikman deb koʻksiga urib yurgan koʻplarga koʻngil bermay sarson-sargardon etdi. Hatto qosh qoqish narida tursin, bir bora qiyoyam boqmadi. Eshik qoquvchilar, ostona hatlab qizini soʻrovchilar koʻpaydi.

Ohorsiz koʻylagu roʻmol orasida-da Toʻlgʻonoy qiz toʻlgan oydan-da suluv koʻrinadi. Oʻsha hushroʻyning onasi Turdixol ahli Qizgʻaldoqning biroviga singil, boshqasiga jiyan, yana biriga checha boʻlishini kun koʻrib mana endi bildi. Jelagini sudrab kelgan xotin borki, “Shu qizgina begona boʻlmasin deb keldim”, dedi. Turdixol qizginaning hali “bir tovoq unni elab uddasidan chiqmas”ligini aytib javobini bersa, “Seni odam deb keluvdim! Oʻzimga teng bilib adashibman! Attang! Turgan turishingga qara, dimogʻingga tushgan qurtdan oʻrgilay!” deb eshikni taraqa-turuq yopib qunqillab ketarlar. Qora topilmasa soyasi bilan emish qilib, tamshanib toʻymadi.

Turdixol shu pichir-pichirlardan qoʻrqqanidan mard ketdi. Yoʻgʻ-a, mard ketmadi, moʻrt ketdi. “Jesirga sovchi ayol boʻladi. Qizginani soʻrab kelguvchi er boʻladi-da endi”. Tilidan otilgan tovush yoqasiga yetmay ostonasida Eshpoʻlat dallol koʻrindi. Qizgʻaldoqda kim ot sotar, kim mol sotar, kim duldul, kim xoʻtik olar boʻlsa, shu Eshpul dallol narx bichadi. Baraka olib, baraka sochadi. Sotguvchi ham shu, olguvchi ham shu Eshpul.

* * *

Eshpul choyni issiq-issiq hoʻpladi. “Shashting bir ercha bor, checha!” deb Turdixolni koʻylagiga sigʻdirmay koʻklarga parvoz ettirdi. Ayol qushday boʻladi. Qushdaygina boʻlmaydi, ayol asli zoti qush boʻladi. Uchsa qoʻnar joyini bilmay manzil-makonsiz qoladi.

Parvoz qushga yarasharkan. Ayol aslo uchmasin ekan.

 – Checha, choyni kim damlagan?

 – Kim ham damlardi, Toʻlgʻonoy-da.

 – Eh-he, Toʻlgʻonoy singlimiz choy damlaydigan boʻldimi, a?

 – Ogʻajon, siz Toʻlgʻonoyning choy damlaganiga ishonmaysiz, men xamir qorishiga. Bilmayman, Qizgʻaldoqning koʻziga shu oyqizimdan, suluvimdan boshqa koʻrinmay qolgan. Duch kelgani, oʻtganiyam-qaytganiyam, eshigimga soya solgani ermaklaganday bir soʻraydi.

 – Unda nima deyapsiz, checha?!

 – Biror nima deganimcha yoʻq.

 – Demaysiz! Toʻlgʻonoyni boshqalarga berib qoʻyadigan ollo(h)ni bandasimas!

 – Ei-i-y. Bu nima deganingiz, boʻldi?

 – Toʻlgʻonoyni oʻzim kelin qilaman!

 – Shoshilmayapsizmi? Bola-da!

 – El soʻrayaptimi, bolaligi qolmabdi. Checha!

 – Qizginani koʻngli deganday…

 – Ey, koʻngil ham gap boʻlibdimi, – Eshpul ogʻziga kelgan gapni ichiga yutib guldirab qoʻydi. – Yigitga qizning koʻnglini olish enangni deganidan oson-ku! Topgan gapiga ich-ichidan quvondi. Quvonchi ichiga sigʻmay yana iljayib Turdixol kampirga quloq tutdi.

 – Endi aytaman-da…

 – Bizdiyam eshiting unda, checha. Toʻlgʻonoyni otasi bizga ikki tomir oshgan akamiz boʻlardi. Buni bilasiz!

 – Bilmay oʻlibmanmi.

 – Bilsangiz, ostonangizga sulton suyagini xoʻrlamas deb kelib ayb qilibmiz-da!

 – Unday… undaylar demang-a…

 – Demasak, gapingizga qarang-da. Hali bola deysiz, hali koʻngil deysiz. Koʻngli oʻlgur qoʻtir boʻlmasa, chimildiqdayam ajoyibday topishib ketadi. Yo akam bilan Nazabuloqni etagida qizgʻaldoq teruvmidingiz?! Mana keliningiz, eh-hiy, qudagʻayingiz, menga atalganida tugʻilmaganam. “Ostona supur-sidir”lar boʻlgan. Yo u zamonlar oʻtib, bizniki gunoh boʻldimi?!

Eshpulni gapi Turdixolni koʻkayiga botdi. Kampirning qaysar tomiri tortdi. Gapini-da ogʻzidan oldirib qoʻydi.

 – Qaynim-ov! Ayol boshim bilan biror narsa deya olmayman. Mengayam, Toʻlgʻonoygayam Safar ega! U Toʻlgʻonni kimga bersa, opasi shuning oʻngiridan tutadi.

Dallol mum tishladi.

Kirligidan yogʻ bosib tusini, tusiga qarab tikilgan gulini farqlash qiyin boʻlib qolgan qalpogʻini oʻng qoʻliga olib, soʻliga “qars-qars” urmoqchi boʻldi-yu, chekindi. Qoʻshqoʻllab gʻijimlab oldi. “Beayb parvardigor. Suyaksiz til boshga balo”, deb gʻunqilladi, tili chiqdi.

 – Checha, undaylar boʻlsa Safarboyni chaqirmaysizmi?

 – Uni Abray oqiraq hayrovga olib ketgan. Hafta-oʻn kunda kelib qolar. Sabr qilsangiz, Safarning javobiniyam olarsiz. Xudoyimni dargayida oʻn kun oʻtmay qolmas.

 – Himm, shunday deng! – deya Eshpul chuqur nafas oldi. Kutilmaganda tizzasiga qarsillatib urdi.

 – Checha, sizday xotin har mahalda bir tugʻilsa kerak. Buyam elni obroʻsi. Hali moʻyiga ustara tegmagan ulini shuncha izzat qilish. Endi bu oqil xotindi ishi-da!

Boʻlarmanning bolasi yettisida bosh boʻlar, boʻlmaydiganning bolasi yetmishidayam yosh boʻlar, degan boʻringilar. Safarboyyam siriqday yigit boʻlibdi-da. Kecha qoravaq(t) kuni Jinjaklini bozoridan qaytib kelayotuvdim, Boyirkoʻlni soyida bir toʻda yigit olishib yotibdi. Bir pas tuyoqdam qilib, olishni kuzatdim. Safarboyga tirashadigani topilmadi. Bizniyam tomirdan davragir chiqarkan-ku, deb xursand boʻlganimdan tishimgacha terlab ketdi. Roʻzgʻoringizga Safarboyni bosh bilganingiz durust. Men bekorga shashtingiz ham, gap-soʻzingiz ham bir ercha bor deb aytmayman. Qizgʻaldoq katta el, koʻrib-bilib yuribmiz.

 – Ogʻajon, ogʻrinmang, ogʻrinmasangiz-chi! Siz nima desangiz shu-da. Men nimayam derdim. Sultonman deyapsiz-ku! Iloyo sulton boshingiz omon boʻlsin. Sulton ogʻamdan aylanay.

 – Toʻyni qachon boshlaymiz?

 – Endi, Safarboyni oldidan bir oʻtaylik…

 – Sizning berganingizmi? Checha!

Ularning gurungiga ustidan jimlik gʻolib keldi. Turdixol kampir shu jimlikni boʻzmay bosh irgʻadi…

 – Ey, qandingni urni chechasi!

Toʻlgʻonoy choynakdan hol soʻrar boʻlib eshik tirqishidan moʻraladi. Onasining koʻzi Eshpulning ogʻzida boʻldi. Qiz ilojsiz qolib tomoq qirdi. Yana-yana tomoq qirib tovush berdi. Eshik tirqishlaridan borliqqa soʻz qanot yozdi: “Hu-uv qizgina, oʻzim boraman”.

Qoraqumgʻon shaqir-shuqur qaynar, qopqogʻi oʻynar, hushroʻy qiz kul titardi. Turdixol kampirning yonoqlariga kulgu yugurib yoshidan yosharib choynak tutdi. “Qizgina, choyni damla! Hayitligingni yeyin, senginani sotdim, yelkamdan-da oshirib otdim”. Toʻlgʻonoyning mushtdek jussasiga minglab qoramurchalar oʻrmaladi. Tilidan otilmish soʻroq tishlaridan chiqmadi. Koʻzlari “Kimga, kimga!” deya soʻzladi. Onasi esa “Oʻz qoning oʻzingga boʻldi, qizim! Qoshu qabogʻim boʻlasan. Hu-uv peshonamda turasan. Shu qarindoshga, qarindoshning uliga berdim!” Turdixol kampirni taniy olmayotgan qiz olislamagan bolalik kunlaridan, Eshpul dalloldan ijirgʻandi. “Qondosh boʻlsa-da, yondosh emas, nomussiz”, deb qargʻardingiz-ku, dedi qizi yer singalagancha onasiga moʻltirab. “Ollo(h) kechirimli boʻlganida, bandasiga yoʻl boʻlsin, bolam! Kechirimlini Egamning oʻzi suyadi, suyaydi”.

 – Ena, kechirimli boʻling, mayli! Qizgʻaldoqda Mashi masxaradan boshqa tengim yoʻqmi?

 – Tarramakka ketgur. Mamashukurboyni masxara degani uyalmaysanmi, hademay ering boʻladi. Ogʻzim bor deb gapiraverasanmi, – deyishga dediyu, masxarani Muhammadshukurboy deyishga kampirning farosati yetmadi.

Kampirni ostonada “tegmayman-tegmayman” degan hirqiroq ovozlar quvib yetsa-da, parvo qilmay ichkariladi.

 – Checha, nima gap?

 – Toʻlgʻonoy-da…

 – Him-m-m… Tegmasmishmi… Hech bir mahalda qiz tegaman deganmi, oʻzi? Qiz tegmayman deb tegadi, yigit olaman deb oladi. Azaldan yoʻrigʻi shunday.

Turdixol ha±l ogʻushida. Oʻz baxtidan sarmast boʻlsa. Hovlisi bir etak bolalarning qiy-chuviga toʻlgansa. Toʻy-toʻylarga ulansa, oʻgʻliyam Qizgʻaldoqda bir odam tengiga oʻtsa. Gulday qizni kelin qilsa, ul kelin Turdixolning koʻnglidan yaralsa. Armon ne bilmasa. Baxt degani boʻlsa, oʻgʻil-qizining peshonasida koʻrsa.

* * *

Eshpul mol sotadiganga odamning qoʻlini silkilab-silkilab dilidagini oshkor qildi. Bozoriga kirgan semiz qoʻchqorning quyrugʻini changallab “toʻy bop ekan-da” deya sir berdi. Qulogʻi ogʻirga qichqirib, otliga munkayib, eshakliga gerdayib aytdi. “Toʻlgʻonoyni kelin qildim” deb Qizgʻaldoqqa jar solidi.

Safarboy hayrov safaridan qaytdi. Ammo norizolik qilib ogʻiz juftlay olmadi. Onasini koyishga tili bormay Eshpul dallolni, Mashi masxarani boʻralatib soʻkib yuragining cherini yozdi. Elni “Eshpul Turdixol kampirning qizini kelin qilibdi”, degan ovoza tutdi.

Necha alplar Toʻlgʻonoyga dirayalmay toʻlin oy bilan sirlashib kelayotgandi. Ularning barchasi koʻksini zax yerga, Turdixol esa qizini Mashi masxaraga berdi. Mashining muchali maymunligi boismi, bolaligidan daraxtga tirmashib yurardi. Elning ogʻziga shamol oʻynatib Razzoq mirshab toʻyiga masxara olib keldi. Masxaralar Qizgʻaldoq darasiga dor qurdi. Dorda sakrab-sakrab umbaloq oshib chopdi. Nay chalib ilon oʻynatdi. Yelkasiga maymun mindirib ahli Qizgʻaldoq lipasidagi bir tangasigacha shilib oldi. Shu kuni Mashiboy yoʻqolib qoldi. Mana-mana, endi Toʻlgʻonoyga egalik qilib oldi.

Boʻgʻizni kuydirar choylar puflanmay xoʻplandi. Toʻlgʻonoy termulgan koʻzlarni kuydiradigan, oyni suqlantiradigan kelinchak boʻldi. Oy va yulduzlarni vajohatli bulut qamal qilgan kecha zimiston boʻldi. Tongga bormay Turdixol kampir uvvos tortib yigʻladi. Yigʻi olamni tutib, osmon ham unga ergashdi. Ular ikkisi oʻpkasini bosolmay, qora yerni ozonga qoʻymay shitta loy qildi.

Turdixolning holi tang. Tilini yutgan. Ne qilarini, ne deyarini bilmay hayronu lol qotgan. Nimayam desin, qizgʻaldoqlik qolib, Qizgʻaldoqqa qishlamoq uchun qoʻngan qora qargʻalar-da bir tunda oʻn toʻrt kunlik oyni hijolat qiladigan gul qizini “Toʻlgʻonoy buzuq, Toʻlgʻon buzuq”qa chiqarib, qagʻillab “buzuq-buzuq” deya qanot qoqib ketgan. Qanotlari ostida Jinjakli, Chaman, Nayzabuloq hatto Gʻarmiston qolgan boʻlsa.

Safarboy yer mushtlab naʼra tortib yotibdi. Alamdan oʻkirganini eshitgan keksa togʻlarning oppoq sochlari toʻkilib ketdi. Olam gumburlab chaqmoq chaqdi. Toʻlgʻonoy etini yulib, oʻzini otib, qon yutib, kun koʻrmay oʻtkazib borliqni koʻkartirib yubordi. Kampir holiga dunyoyam kuldi. Yashnadi, yoshardi.

Eshigidan it moʻralamay qoʻygan, el oʻzini olib qochgan kunlardan birida boʻsagʻani Buxor mulla hatladi.

 – Turdixol, tuzukmisan?

 – “Mulla aka, Egamning oʻzi manglayimga yetmaysan-yuqolmaysan, tiriklay joningni olaman” deganmi deb oʻtiribman-da.

 – Aqli noqislik qilma. Hali shunday kunlar kelsa shakkokligingdan mustar boʻlib qolasan!

 – Yaratganning yorugʻ kuni, baxt qushi boʻlsa, odam qurib sherigi shayton jesirni boshiga qoʻnarmidi?!

 – Tilingga erk bermay Toʻlgʻonoyni chaqir, oʻzing ham beri kel!

Qargʻa koʻrganini choʻqiganiday Buxor maxsum ham bilganicha oʻqib, “suflab-suflab” dam suv ichirib, achchiq-achchiq tanbeh berib tadbir qilishini aytdi.

Kampirning patagiga qurt tushib, Moxov folchiga chopdi. Doirasini chertib-chertib kun botarda kul tutganga chiqazib, davosi kulrang tovuq ekanidan soʻzladi va faqat chiroqni Mangʻit qushnoch oʻtkazishini tayin etdi.

Toʻlgʻonoyning peshonasiga tovuq qonidan surilib jandaga soldi va olov bilan savalab qoqqa boshladi. Qizning koʻziga qushnoch qoʻlidagi olov qizgʻaldoq boʻlib koʻrindi. Xayolini onasining tongi uzoq tunlarda aytadigan ertagi oʻgʻirladi.

Qadim-qadimda boʻri bakovul, tulki yasavul, qarqa qaqimchi, chumchuq chaqimchi boʻlgan paytda ilonu chayon ham tinch emas ekan. U paytlardayam kambagʻalni tuyaning ustida it qoparkan, gʻaribning poyini poylab chaladiganlar boʻllar ekan.

Ey, nimasini aytayin, onangni qozi oʻynasa, dodingni kimga aytasan, degan zamon ekan-da. Kichik bir yurt Xoqonning mulki ekan. Mol-mulkka mukkasidan ketgan Xoqon atrofidagi ellar orasida nizo chiqarib, ustiga ot haydar, bagʻriga tigʻ sanchar ekan. Tigʻ sanchishni esa qoʻymas, mol-dunyoga toʻymas Xoqon saroy xotin-xalajga, qiz-juvonga toʻla ekan.

Oʻsha zoʻr xizmatiga shay xufiyalar son-sanogʻi yoʻq ekan. Ular el oralab, yurt kezib qayerdaki husndor qiz boʻlsa, xabarini Xoqonga yetkazar ekan.

Kunlardan birida shum qadamlar koʻzi bir faqir va gʻarib, bechora cholu kampir qiziga tushibdi. Xoqon xufiyalari oʻzini sovchi deb aytib, ovchilikka kelganida navkarlarsiz yurmaskan. Qizni olib ketishga kelganida chol ularni oʻtoviga chorlab, non-namak tutib, oʻz oʻtmishidan doston kuylabdi. Yigit davrida Xoqon otasiga navkarlik qilib, janglarning birida oʻng qoʻli qilich zarbidan uzilib, soniga nayza sanchilib, yana qaysidir yurtni olganida yuzi kuyganini aytib, yoshi oʻtib jangu jadallarga yaramay qolib, olaxurjinni boʻyniga olib, qiz koʻrganini va yolgʻiz zurriyodi shu ekanini bildiribdi.

Xufiyalar qizini ul zotga munosib bilgani va navkarlar kelganiga mamnunlik bildirib, qizi bilan xayr-xoʻshlamoq uchun bir tun soʻrab yalinib-yolvoribdi. Keksa navkarning gaplaridan oʻta olmagan yigitlar saharda kelishini tayin qilib, joʻnab ketishibdi.

Chol kampiriga “Kunim bitgan, paymonam toʻlgan koʻrinadi. Sen qizingni olib qoch yo yashir” desa, kampir “hoʻng-hoʻng” yigʻlab, cholni oʻtmishda koʻp kishilarning yostigʻini quritganlikda ayblab, “Xudoyimning omonatini qayerdayam asrash mumkin”, deb zor qaqshab, Xoqonning qoʻli uzunligi, qoʻlidan tigʻi uzunligi haqida aytib, oʻz peshonasidan domongir boʻlibdi.

Ota-onasining dardidan voqif qiz oydin tun qoʻynida koʻklam tufha etgan oq chechaklarni oralab, changqovuzni “biyv-biyv-biyv” etkazib chala boshlabdi. Tizzalariga urib turgan oq chechaklarga havasi ketib, oq chechakka aylanishni ich-ichidan istab, dilini changqovuzga joʻr etib chertaveribdi, chertaverib oʻzini butkul unutibdi. Husndor qizning gulgʻunchadek lablari qonab, oq chechak kosasiga tomib behol yiqilibdi.

Koʻklam tongining shabadasi dalada yastanib yotgan oq chechaklarni qizartirib yuboribdi. Qon libosini kiygan oq chechaklarni cholu kampir Qizgʻaldoq Qizim deb quchib, ovoz chiqargani, aza ochgani olis-olis oʻlkalargayam yetibdi.

Xoqon yurtida “Qizgʻaldoq boʻlib yashayotgan qiz yurtga teng-tengi bilan boʻlmaguncha odamlar orasiga qaytmas emish… Qizligini sogʻingan qizgʻaldoq esa har bahor qir-adirlarga chiqib, kishilarga moʻltirab turishiyam shundan ekan…” degan uzun-yuluq gaplar tomir otib ajdodlardan avlodlarga oʻtaveribdi.

Toʻlgʻonoyning xayolini soniyaga oʻgʻirlagan ertak asta-astalik bilan butun aqlu hushini band etib oldi. Oyning toʻlin boʻlishini, qizgʻaldoqning qiygʻos ochilishini kutdi. Kunduzi onasiga ham koʻrinmaydigan, tunda esa changqovuz chertib tentiraydigan odat chiqazib, “Qizgʻaldoqman”, deb daʼvoyam qila boshladi. Kampir qizini jin oʻynagan bilib, fol koʻrdirib, kulrang tovuq qoni enmaganligiga yoʻyib, koʻk uloqlarning ham boshini oldirib yurgan kunlarning oydin tunida qizgʻaldoqlar orasida changqovuz chalib Toʻlgʻonoy gʻoyib boʻlib qoldi. U oyga yoʻl oldimi, tarramakka ketdimi, qoro yerga qorishdimi, unisini Qizgʻaldoq odamlari bilmaydi.

Turdixol kampir iddoasiga “Oy kuni toʻlib tugʻilmagan Toʻlgʻonoy qizimay, bilarmiding dunyoning oʻzi sharmanda ekanligin? Qornimga joy boʻlgan oyqizim, ilon el boʻlgan, chayon siqqan dunyo torlik qilgan qizimay! Ey dunyo, tor qornimcha yoʻqsan!” deganlariga koʻnikib ketdi.

El endi birov-yarim dunyodan norizolik qilsa, “Turdixol kampir boʻlib ketay”, deb ermak qilar odat chiqazdi.

Turdixol – keksa dunyodan ham qari kampir ayozdan koʻklamni, koʻklamdan qizgʻaldoqni, qizgʻaldoqdan qizini ilhaqlik bilan kutadi. Oydin tunda changqovuz chertib “Qizgʻaldoq boʻlaman”, deb yigʻlaydi. Safarboyning bir etak nevaralari kampirning koʻzidan qizgʻaldoqni yashirib sarson. Ular tomlar ustida, devorlar pardasida oʻsgan qadimiy oq chechaklarni olib qochsa, “Qizgʻaldoqni bosma, oʻz bagʻrini tigʻlagan qizdir u!”, “Qizgʻaldoqni yulma, qon yigʻlagan qizdir u!”, “Qizgʻaldoqni yulma, bosma, gul qizimdir u!” deb Toʻlgʻonoyni yoʻqlay-yoʻqlay tili tortib ketadi.

Kampirni “ana ketdi-mana ketdi”, qilib bolalari “chop-chop” boʻlib qoladi. Mulla Maxsum kampirning kaftiga kaftini qoʻyib kalima qaytarib oʻtiradi. U bir mahalga borib yana “Toʻlgʻonoy keldimi”, deya turadi. Bolalariyam oʻz yumushi bilan andarmon boʻlib ketadi.

Tol tush quyosh tik holga kelib soya bermay qoʻygan payt. Kecha tili tortib ketgan Turdixol kampir toʻrt oyoqlab tom oldiga oʻrmalab chiqqan. Umidvor boʻlib olis-olislarga qaraydi-yu ikki odim naridaginiyam ilgʻay olmaydi. “Qizgʻaldoq, Qizgʻaldoq, Toʻlgʻonoy, Toʻlgʻon-hov”, deya chaqirdi. Ovozini kampirning oʻziyam eshitmaydi, dunyodan umidiniyam uzalmaydi. Oʻzi turgan taqir joyidan emaklab qizgʻaldoq izlay…

 

Nurilla Chori

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.