Qisqa hikoyalar

0
219
marta koʻrilgan.

PORA VA “ChORA”

Idorada bir xodim pora bilan qoʻlga tushdi.

Boshliq shu masalani muhokama qilish uchun favqulodda majlis chaqirdi.

Majlisdan chiqqanlardan soʻrashdi:

– Xoʻsh, “korrupsiya – yomon illat, shu jirkanch ish bizning idoramizga yarashadimi, qani insof, qani maʼnaviyat?”, dedimi boshliq?

– Yoʻq, – dedi xodimlardan biri. – Bizning boshliq unday maydalab oʻtiradigan odam emas.

– Unda nima dedi?

– “Ehtiyot boʻlinglar”, dedi…

ISTIHOLA

Koʻzlarini yumdi…

Qoʻllari qaltirab, pulni stol ustiga qoʻydi.

– Qancha? – dedi mahalla raisi koʻzoynagi ustidan chaqchayib.

– Aytganingiz – uch yuz ming, – chaynaldi u yelkasini qisib.

– Boʻpti, boraver, bu oydan nafaqa olasan, – rais pulni olib, gʻaladonga tashladi.

Hammasi bir zumda roʻy berdi. Xonaga toʻrt kishi otilib kirdi. Ulardan biri raisga nimalardir dedi, Shodiqul quloqlari shangʻillagani bois yaxshi eshitmadi, ikkinchisi gʻaladonga yopishdi… Bir zumda raisning qoʻllarini orqaga qilib olib chiqishdi.

Eshik yonida koʻzlari toʻqnashdi. Raisning nigohlarida taʼna chaqnadi. Shodiqul merovlanib, xuddi aybdordek koʻzini olib qochdi…

– Kimda ishingiz bor edi? Ariza bermoqchimisiz?

Shodiqul eshik oldidagi navbatchi xodimning savolidan choʻchib tushdi. Ha, xayol anchagina obqochipti.

– Yoʻq, oʻzim… shunchaki… birovni kutib… – gʻoʻldirab qoldi. Soʻng ortiga tisarilib, tez-tez yurib ketdi.

Departament binosi istirohat bogʻiga tutash edi. Bir chetdagi oʻrindiqqa borib oʻtirdi. Nazarida yuragining dukillashi atrofni larzaga keltirayotganday edi.

“Xudo bir asradi, – oʻyladi koʻksini gʻijimlab. – Elchilik, ariza bersam, qamalib ketsa, keyin bolalarining koʻziga qanday qarardim?”

Koʻz oʻngida oʻzi bilan bir koʻchada yashaydigan raisning aravachaga mixlangan nogiron oʻgʻilchasi gavdalandi…

MASALA

– Aya, – deya oʻgʻli kitobini koʻtarib, serial koʻrayotgan onasining oldiga keldi. – Masalam…

– Oʻchirib tur, – oʻgʻlini jerkib solgan ona koʻzlarini ekrandan uzmasdan quloqlariga qistirilgan telefoniga shangʻilladi: – Koʻrdingmi, Shaxxi, toʻgʻri qildi yolgʻon aytib… aytuvdim-ku buyam eriga qasdma-qasd xiyonat qiladi deb… Ajab qildi…

Oʻgʻil telefon titkilayotgan otaning tepasiga bordi:

– Dada…

Ota boshini ham koʻtarmasdan qoʻl siltadi. Mitti ekranda kunning eng muhim voqealari tasvirlari oʻta boshladi: Yaponiyada zilzila, AQSHda dovul, Indoneziyada vulqon, Afgʻonistonda portlash…

Masala yana yechilmadi.

Shundoqqina qoʻshni xonada kitobini uloqtirib uxlashga yotdi – ulgʻayayotgan yolgʻon… xiyonat… zilzila… vulqon… dovul… bomba…

QOʻShNILAR

– Bu xonadonda uch qiz bor. Yoshlari oʻtib borayapti. Biroq bu ostonaga hali sovchi yoʻlamagan. Sababi…

– Xoʻsh-xoʻsh?!

– Har kuni bu hovlidan janjal shovqini eshitilib turadi. Darvoza choshgohda ham ochilmaydi. Koʻchaga haftalab supurgi tegmaydi. Qizlar oyna-taroqdan boʻshamaydi…

– Himmm…

– Unga qoʻshni xonadonda ham uch qiz oʻsayapti.

– Xoʻsh-xoʻsh?!

– Uchalasi ham universitetda oʻqishadi. Butun mahalla yaxshi biladi – uchalasi ham odobli, ustiga-ustak pazanda, qoʻli gul chevar… Xonadonda hamma yoq saranjom-sarishta. Qoʻni-qoʻshniyu mahalladoshlar qizlarni maqtab adogʻiga yetisholmaydi… Ammo…

– Xoʻsh?

– Bu xonadon ostonasidan ham sovchi hatlamagan. Haliveri hatlamaydiyam…

– Ie? Nimaga?

– Qizlar… “kontrakt”ga oʻqishadi…

“MUJIK”

“Sattor taksi” deydilar bu odamni. Aytishlaricha, otasini mindirsa ham pulini olmagunicha qoʻymas ekan.

Bir kuni sherigim bilan uning mashinasiga chiqdik. Hamrohim uning sinfdoshi ekan.

– Qani, uzatib qoʻyinglar, – salomdan keyingi odatdagi gapini takrorladi Sattor.

Men uzatdim. Hamrohim esa menga qarab koʻz qisdiyu, haydovchiga gap qotdi:

– Menga qara, joʻra, shu safar mendan olmasang-chi? Partadosh sinfdoshing boʻlsam, qolaversa, oʻzi shundoq ham yoʻling shu tomonga ekan…

– Ie, buni joʻram, buni bojam, desam, bola-chaqamni qanday boqaman, – diydiyosini boshladi Sattor. – Koʻrmayapsanmi, gaz nechchi pul… Uzat-uzat…

– Shu ming soʻm bilan boy boʻpqolasanmi? – hamrohim achchiqlanib qoʻl siltadi. Soʻng bir narsani oʻyladimi, yana jilmayib, sinfdoshiga yuzlandi: – Menga qara, Sattor, bir marta aytgin: “Qoʻy, puling kerakmas, oshna, ogʻaynigarchiligimiz qayerda qoladi”, deb. Qoʻrqma, ming emas, ikki ming beraman…

– Qoʻy, boshimni ogʻritma. Men shunday desam, sen indamay pul bermasdan tushib ketasan-da…

– Yigit soʻzim. Ikki ming beraman. Qani ayt, boshla…

– Aytolmayman, yuragim ogʻriydi…

– Sen ikki mingni oʻyla, ogʻrimaydi…

– Qoʻy, oshna, puling… – Sattor chaynalib qoldi.

– Xoʻsh? Ha? Qani-qani?!

– Qoʻy, oshna, puling… kerakmas… Tushib ketaver…

Bu orada Sattor qora terga botdi. Hamrohim ikkimizning esa kulgidan ichagimiz uzilayozdi.

– Gap yoʻq senga, oshna, – dedi hamrohim uning yelkasiga shapatilab. – Mana, ikki ming…

Sattor pulni uning qoʻlidan yulib oldiyu, rangiga rang kirib, gʻoʻldiradi:

– Rahmat-yey, oshna. Yuragim toʻxtab qolay dedi. Ammo-lekin, “mujik” ekansan…

ZAMONAVIY ERTAK

Shaharning markaziy koʻchalaridan birida bir holatga guvoh boʻldim. Xuddi ertaklardagi “Borsa-kelmas”, “Borsa-xatar”, “Borsa-kelar” belgilariga oʻxshaydi.

Deyarli yonma-yon joylashgan doʻkonlarning biriga “Aroq-vino”, ikkinchisiga “Tungi klub”, uchinchisiga “Kitoblar” deb yozilgan ekan…

 

“NUMMIR ODIN”

Hamkasblari uni oʻrtaga olishdi.

– Oʻzingni yigʻishtir-da, endi, – jigʻibiyron boʻldi hamxona hamkasb. – Kap-katta odam, uch bolaning otasi, shunday obroʻli ishda ishlaysan… Boʻldi, bu safar otangga aytaman.

– Nasihatingizni… hiq… pishirib yeng, – u qizarib ketgan koʻzlarini zoʻrgʻa ochib gʻudrandi, tikanak soqolli yuzi qiyshayib ketdi. – “Paxan”… bilan birga ichamiz, hiq… u “nummir odin” ulfatim…

 

Nuriddin EGAMOV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.