Qisqa hikoyalar

0
317
marta koʻrilgan.

Qorqizning ming soʻmi

Shahar markazidagi katta archa. Yetti yashar qizalogʻimning “talablariga binoan” Qorbobo va Qorqiz bilan suratga tushish uchun navbatda turibmiz.

Oʻn chogʻli yigit-qiz bilan rasmga tushganidan soʻng Qorbobo va Qorqizning ovozlari balandroq va dagʻalroq chiqa boshladi. Ancha payt nima boʻlayotganini tushunmay turgandim, bir payt qulogʻimga Qorqizning chiyillagan tovushi aniq-tiniq eshitildi:

– Oʻl-e, “moshennik”, besh panjangni ogʻzingga tiqib… Oʻn kishining puli oʻn ming boʻladi. Nimaga menga toʻrt ming berayapsan? Teng boʻlishamiz devding-ku…

Hayratdan qotib qoldim.

– Ketdik, – dedi qizalogʻim qoʻlimdan tortqilab. – Rasmga tushgim kelmayapti…

“Ksero-hayot”

Bogʻchadayoq Unga taassub qildi. U nima kiyim kiysa, nima oʻyinchoq oʻynasa, ota-onasidan oʻshandayini talab qildi.

Maktabda U bilan bir partada oʻtirdi. Inshoni ham, diktantni ham Undan koʻchirdi. Faqat matematikadan yozma ish paytida ish murakkablashardi. Chunki partadoshlarning biri “A”, ikkinchisi “B” variantda boʻlardi. Gʻamxoʻr partadosh buning ham yoʻlini topdi. Avval oʻzining variantini ishlab, topshirmay turib, bunikini ham ishlab berdi.

Ulgʻayishdi. Nimagadir U sevgan qizni sevib qoldi…

U oʻqigan universitetda oʻqidi…

Yiqilib-surilib zoʻrgʻa U ishlayotgan idoraga ishga kirdi…

U uy olgan koʻchadan hovli sotib oldi…

U mingan mashinadan mindi…

Bir kuni…

Ortiga qarasa…

Hayoti oʻzinikiga oʻxshamaydi…

 

Konvert

“Zavxoz”ning xunobi oshdi:

– Qiziqsiz-a, buxgaltir buva, ana, internet, ana, elektron pochta, idoraga “pachka”lab konvert sotib olishning nima keragi bor? Kimgayam xat yozasiz?

– Kerak, – dedi “buxgaltir buva” “faylasufona” soʻlish olib. – Kerak ham gapmi, zarur! Hech kim bir-biriga xat yozmay qoʻysa ham, pochta degan tashkilot butunlay tugab ketsa ham, konvertga “ish” topiladi…

 

“Mix”

– Boyadan beri kuzatib oʻtiribman. Nega “Damas”chilar Sizni chiqarishmayapti, aka?

– Chunki men “mix”man.

– “Mix”? Bu nima deganingiz?

– Oxirigacha boraman-da…

 

“Otam obbergan…”

 – Oltmishga kirib, nima qildim oʻzi – bilmayman… Odamlar qoʻsha-qoʻsha diplom oldi, qoʻsha-qoʻsha uy qurdi, qoʻsha-qoʻsha moshin oldi… Men-chi?! Ana, otam obbergan diplom, otam obbergan uy, otam obbergan moshin, otam obbergan xotin…

 

Sotilmaydigan uy

– Aka, kechirasiz. Bir minutga qaravoring… Manavi uy sotiladimi?

– Yoʻq. Kim aytdi sizga? Egasi bilan yigirma yildan beri qadrdon qoʻshnimiz. Sotsa, birinchi boʻlib men eshitardim-da…

– Unda nega darvozasiga telefon raqami yozilgan?

– E, shuni ham bilmaysizmi? Sizga oʻxshaganlarning chaqirishi uchun-da… Hozir televizorlarning ovozi baland…

 

“Fisht” nima?

– “Lotin”, dedik, “kirill” dedik, bolalarni ham garang qildik-da, domla…

– Nimaga xunob boʻlayapsiz, qoʻshni?

– Kecha oʻgʻilcham “Dada, “fisht” nima?”, deb soʻradi. “Kisht”, deb tovuq, “pisht” deb pishak haydaladi. Shaxmatda ham “kisht” beriladi. “Fisht”ni eshitmagan ekanman, desam, ertasi kuni qurilish mollari doʻkoni yonidagi yozuvni koʻrsatdi – “mana” deb. Qarasam, aralash-quralash qilib “GʻISHT SOTILADI”, deb yozib qoʻyishibdi. E, “fisht”-e, devordim…

 

“Daqiqa”

– Yarim soatdan beri telefonda kim bilan ezmalanib gaplashding?

– Onam bilan! Anchadan beri yoʻqlamagan ekanman. Bir xursand boʻldilar, bir xursand boʻldilar…

– Qoyil! Gʻamxoʻr oʻgʻil ekansan! Onalar gʻanimat, yoʻqlab turish kerak…

– Nimasini aytasiz. Baribir telefondagi “daqiqa”larim ertaga kuyib ketardi. Bekorga ketmasin, dedim…

 

Nuriddin EGAMOV

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.