Qisqa hikoyalar

0
3610
marta koʻrilgan.

UMID

 

“… Biz boshqa hech qachon uchrashmaymiz! Boshqa hech qachon toʻqnash kelmaymiz! Boshqa hech qachon koʻzlarimiz koʻzlarimizga tushmaydi…

Koʻrishguncha…”

 

 

PAYMONA

 

Jonimga tegdi bunaqa yashash! Doim bir hil!

Shuyam hayotmi?

Sabr kosam toʻldi!

Tezroq qutulsaydim shularning baridan…

Tezroq tugʻilaqolsaydim…

 

 

BEMOR

 

Mening ismim Humoyun. Doktor, bilasizmi, mening koʻzimga aslida yoʻq narsalar koʻrinyapti, yoʻq odamlar menga roʻbaroʻ boʻlyapti. Ular bilan gaplashmaslikka urinyapman. Agar gaplashsam atrofdagilar meni jinniga chiqarib qoʻyishyapti… Men kim haqiqiy, kim sarob ekanini ajrata olmayapman. Yordam bering!..

Tashqaridan hamshiraning ovozi eshitildi:

– Doktor, Humoyun yana oʻziga oʻziga gapirishni boshladi…

 

 

SIMYOGʻOCHDAGI EʼLON

 

“Oyijonimni qidiryapman…

Oyim dunyodagi eng goʻzal ayol!

Alohida belgilari: koʻzim kasal derdilar – yoshlanib ketaveradi. Shu sabab uxlashga ham qiynalardilar. Keyin bir marta bilaklaridagi tomirlarini kesib olgandilar, shuning izi bor.

Oyimni koʻrganlar ularni sogʻinganimni, qidirayotganimni aytinglar. Dadam ham qidiryaptilar. Har kuni topib keldim deydilar, lekin u boshqa oyi boʻladi…

Oyijon, qayting! Endi hecham aravachamdan tushib olmayman…”

 

SUNʼIY ONG

 

Nechta tilni bilasan?

– Uchta

– IQ darajang qancha?

– 116

– Adashmasam, ijod qilishga ham qodirsan, shundaymi?

– Albatta.

– Ha, men oʻylaganimdan ancha mukammalroq ekansan, odamzot…

 

 

OPTIMIST

 

Yangi poyabzal sotib olganimda doim bitta qoʻshimcha bogʻichga ega boʻlishimni oʻylab, quvonaman. Umuman kiyilmaydigan ikkinchi poy haqida esa oʻylamaslikka urinaman…

 

 

ERK

 

Allo?

– Allo, qalaysan? Toʻyga chiqasanmi? Senga qarab turibmiz-ku!

– Ie, ogʻayni, uyga mehmon kelishi kerak. Men…

– Eee, mehmon seni koʻrgani kelarmidi? Boʻl, chiqaqol!

– Darslarim ham koʻp…

– Yarim kunda nimani ham qoyillatib oʻrganarding? Ertaga yetkazib olarsan?!

– Boshim ham ogʻriyapti…

– Ana, toʻyga chiqsang yozilib ketadi. Boʻl endi! Chiqasanmi oʻzi, yoʻqmi?

– Istamayman!

– Shunaqa demaysanmi?! Boʻpti, gaplashamiz…

 

 

XATO

 

Bizning kasbda xato qilishga haqqimiz yoʻq. Ammo boshqa hamma kasb xato qila-qila oʻrganiladi-ku, toʻgʻrimi? – kuyinib soʻradi sapyor.

– Toʻgʻri, – deb javob berdi jarroh…

 

 

MAHALLIY DOʻKON

 

Amaki, mana! Shu pulga qancha sigareta keladi?

– Hmm, olti quti. Ammo men yosh bolalarga sigareta sotmayman.

– Men sotib olmoqchi emasman. Dadam sigareta soʻrab kirsalar, olti safar yoʻq deb ayting! Iltimos…

 

 

ROBIYa

 

Ey, Xudoyim, yaqinda tugʻiladigan ukam ham qiz boʻlishini xohlardim. Oʻshanda biz buvijonim bilan birga yashardik…

 

 

IZHOR

 

– Siz nega meni sevishingizni hech aytmaysiz, dil izhor qilmaysiz? Buni onda-sonda aytib turish shunchalik qiyinmi?

– Yaxshi, aytaman. Unda yana koʻp narsalarni aytib yurishimga toʻgʻri keladi: quyosh nur sochadi, yulduzlar kechasi koʻrinadi, qishdan soʻng bahor keladi…

 

 

HAVAS

 

Bilasizmi, sizlar dunyodagi eng baxtli kishilarsiz! Odamlar nima deyishsa ham, siz haqingizda qanday oʻyga borishsa ham, eʼtibor bermang. Koʻpchilik oʻzlarining boʻgʻizlarigacha yetgan muammolari sizlarda bitta ham yoʻq ekanini koʻrolmaganlari sabab buni tan olmaydilar. Lekin siz menga ishoning, chunki sizlarga hatto mening ham havasim keladi! Biz orzularimiz ortida yillarni oʻtkazib yuboramiz. Sizlarda esa orzu va uning roʻyobi – bir qadam. Naqadar baxtlisiz! Qaniydi buni men bilayotganchalik bilsangiz…

Mayli, dori ichadigan vaqtingiz boʻldi. Faqat bu safar til tagiga yashirishlar boʻlmasin!

 

 

NEGA YIGʻLAYSAN?

 

Axir, bolam, bu qanaqasi?! Toʻrt muchang sogʻ boʻlsa! Tengdoshlaringdan hech bir kaming yoʻq… Yemay yedirib, kiymay kiydirsak, topganimizni seniki desak… Shundoq ekan, yana nega yigʻlaysan, yetim qoʻzim?..

 

 

QARZ

 

Dada, esingizdami bundan toʻrt yarim oy burun – singlimnikidagi toʻy oldidan mendan 350 ming olgan edingiz?

– Ha-ya, albatta, hozir…

– Yoʻq-yoʻq, bu nima qilganingiz? Uni talab qilayotganim yoʻq. Otaga berilgan pulni ham soʻralarkanmi? Ammo bu narsa farzandning gardanida qolib ketmasligi kerak! Oʻtgan oyda sizdan qancha olgandim?

– Qaydam?.. Esimda yoʻq…

 

Muhammadxon YUSUPOV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.