Qatralar

0
377
marta koʻrilgan.

VAQT

 

“Chiq, chiq, chiq”…

Bir maromda yurayotgan lahzalar zarbi.

Tinglab turolmaysan. Eshitib chidolmaysan. Lahza, soniya sayin abadiyat qaʼriga gʻarq boʻlayotgan bu zarblarni ushlab ham qololmaysan. Quvib yetolmaysan…

Ammo baʼzan Vaqt toʻxtab qolgandek tuyuladi. Hech eʼtibor berganmisan, doʻstim?! Qachon, deysanmi?

Onang huzuriga borganingda. Bemor qondoshingni yoʻqlaganingda. Qadrdon doʻstingning diydoriga qonganingda. Va… goʻdaklar bilan quvnagan onlaringda. Yana kimgadir samimiy, begʻaraz koʻmak qoʻlini choʻzganingda.

Kel, Vaqtni toʻxtatib yashaylik!

 

YIL

 

Bola edik. Akam ikkimizning xayolimizga XXI asrda oilamizdagilar necha yoshda boʻlishini hisoblab chiqish fikri kelib qoldi. Shartta qogʻoz-qalam olib, hisob-kitobni boshladik. Oʻsha paytda birimiz 14, birimiz 11 yoshda ekanmiz, bola tasavvurimizda XXI asr bizdan juda-juda olisda turganday tuyulgan ekan-da…

Oʻsha olis kelajakda ota-onamizning yoshi ellikdan oshishi, oʻzimiz yigirmadan hatlagan boʻlishimizni hisoblab aniqlaganimizda rosa hayajonga tushgandik. Xuddi oʻzimiz ulgʻayib qoladigan oʻsha vaqt juda koʻp ishlarni amalga oshiradiganday, koʻp narsaga erishadiganday tuyulgan. Bir necha kun shu hayajon bizni tark etmagandi, orzular, niyatlar… Ham ularga tezroq erishish uchun Vaqt tezroq oʻtishini istash…

Har bir yil nihoyasiga yetganida oʻsha holatni eslayveraman. Oʻshanda xuddi oʻtmaydigandek koʻringan yillarning bir zumda oʻtib ketganini oʻylayman. XXI asr allaqachon boshlanib, hatto uning 17 yilini yashab ham qoʻydik. Nimalargadir erishdik, nimalarnidir, kimlarnidir yoʻqotdik…

Yillar esa bizga oʻzining sabogʻini berib, xulosasini aytib, oʻtaverdi.

Bizdan esa soʻramadi ham, ketaveraymi, mendan kutganing ne edi, demadi. Hamon bu savolni bermaydi u. Bu savolning javobini ketar oldi oʻzimizdan soʻraydi…

 

OY

 

– Ikki oydan keyin toʻy…

– Uch oydan keyin farzandli boʻlamiz…

– Bir oygina vaqt bering, hammasini hal qilaman…

– Olti oy qoldi, imtihonlarga tayyorlanayapman…

Oylar biz uchun shunchaki muddat. Ularga qarab, muhlat beramiz, muddat olamiz. Oylik rejalar tuzamiz, ishlarimizni taqsimlaymiz. Bir oyning ichida olamshumul ishlarni amalga oshirishga bel bogʻlaymizu bu muddatning shamolday tez yelishini oʻylamaymiz. Goho oʻz tashvishimizga koʻmilib, oyning oʻtib ketayotganini ham sezmaymiz. Yoki oldindagi biror voqeani kutib, uning tezroq, jadalroq oʻtishini istab qolamiz. Vaqtning oʻttiz-oʻttiz bir kunlik bu parchasi esa gohida qoʻlimizdan tutib, ortidan shitob-la ergashishga undasa, goho ustimizdan kulganday taqvim varagʻidan ohista uzilib ketaveradi…

 

KUN

 

Oftob zaminga boʻylab, yangi kunni boshlab berdi.

Zarrin nurlar koʻcha-koʻyni, xona-uyni yoritib, koʻngillarga moʻraladi.

Qaysidir dilning xuftoni tarqadi. Qay bir koʻngil yangi umid bilan uygʻondi. Kimdir ishiga oshiqdi. Kimdir oʻqishga. Boshqa birov yaqinlari qoshiga. Kimdir savob sari yursa, kimdir ozor sari yuzlandi.

Bu amallarning bari uchun kun avvalida niyat qilindi. U ham shunga monand oʻtishga oʻrgangan: soʻraganini beradi har kimga. Yaxshilik istaganga yaxshilik, yomonlik tilaganga yomonlik.

Oʻzi esa oftobning izidan botarkan, ortiga bir qayrilmaydi. Xuddi oy, yil va Vaqt singari…

 

ORZU

 

– Katta boʻlsam, olim boʻlaman!

– Men esa shifokor boʻlaman!

– Men eng katta boshliq boʻlaman!

Tarbiyachi goʻdaklarning begʻubor gurungini eshitib, miyigʻida kuldi. Soʻng jimgina daftariga surat chizayotgan bolakaydan soʻradi:

– Sen-chi, Boburjon, katta boʻlsang, kim boʻlasan?

– Men katta odam boʻlaman…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.