Qasam

0
169
marta koʻrilgan.

Adashmasam, oʻshanda uchinchimi-toʻrtinchimi sinfda oʻqirdim. Oramizda eng toʻpolonchi bola Karim edi. Boʻyi hammadan uzun boʻlgani uchun “Karim laylak” degan laqab olgan.

Qish edi. Darsdan ozod boʻlgach, maktab darvozasi oldidagi maydonchada qorboʻron oʻynadik. Quyosh charaqlab yotar, qorlar erib, yumshoq boʻlib qolgan, qorboʻron oʻynashga juda mos edi. Bir hovuch qorni olib gʻijimlasang, toshdek qattiq boʻladi. Urgan joyingga yopishib qoladi. Maza!

Oʻyin ayni qiziganda narigi sinfdagi bolalar ham darsdan chiqishdi. Sinfma-sinf “jang” boshlandi. Qorboʻrondan qizlar ham benasib qolishmadi, bitta-ikkitasiga tegdi. Navbatdagi qorni dumaloqlayotsam, qulogʻim ostida tahdidli ovoz eshitildi:

– E, bola boʻlmay basharang qursin!

Qaddimni rostlab qarasam, tepamda qoʻshnimiz Qora xolaning qizi Aqida turibdi.

– Nima qildim! – dedim hayron boʻlib. – Men seni urmadim-ku.

– Urishni koʻrsatib qoʻyaman senga! – Aqida kitob toʻla jildi bilan boshimga tushirmoqchi edi, nariroqda turgan Karim laylak poʻpisa qildi:

– Hoy, “Qora mayiz”. Bor, yoʻlingdan qolma!

– Nima?! – Aqida oʻgʻil bolalardek Karimga dagʻdagʻa qildi: – Voy, laylag-ey!

– Kim laylak? – Karim koʻzini ola-kula qildi.

– Sen! Sen laylak! – dedi Aqida bijirlab. – Naynovcha terak, ekish kerak! Ekilmasa, tepish kerak!

Karim qoʻlidagi zichlab dumaloqlangan qorni Aqidaga otdi:

– Mana senga tepish!

Aqida yuzini changallagancha chirqillab qoldi.

– Voy koʻzim! Koʻzimni chiqardi!

Esankirab qoldim. Aqidaning yuziga yopishgan qorni arta boshladim.

– Yomon tegdimi, Aqi?

– Basharang qursin! – Aqida birdan yuzimga chang soldi. – Nega urasan, baloga yoʻliqqur!

Birpasda hamma tumtaraqay boʻlib ketdi. Aqida yigʻlagancha chopib ketdi.

Uyga qaytishga qoʻrqdim. Bolalar bilan yaxmalak uchib, ataylab kechroq keldim. Ammo baribir oʻzim oʻylagan ish boʻldi.

Eshik oldida oyim bilan gaplashib turgan Qora xolani uzoqdan koʻrdim-u, yuragim shuv etdi.

Oyim yaqin kelishim bilan keskin ohangda soʻradi:

– Nimaga Aqidani urding!

– Men urganim yoʻq, – dedim yerga qarab.

– Nimaga qiz bolani urasan? – dedi onam hamon oʻsha ohangda.

– Men urmadim, – dedim alam bilan. – Rost aytyapman, men urmadim.

Gapga Qora xola aralashdi:

– Koʻzi chiqib ketishiga sal qopti-ku! Qoʻling chiqib qoldimi endi!

– Men urmadim, – dedim yana bosh chayqab, ovozim titrab chiqar, xuddi aybdordek gapirishim battar alam qilardi.

– Koʻziga qon quyulib ketibdi-ya! – Qora xola jahl bilan qoʻl siltadi. – Koʻr boʻp qolsa nima boʻlardi? Dadasi eshitsa, naq butingni yirtib tashlaydi-ya!

– Men urmadim! – Alam bilan yer tepindim. – Urmadim! Non ursin agar, urmadim!

Quruq tuhmatga qolganim alam qilardi. Onam rost gapirayotganimni bildi, degan umidda koʻziga termildim.

Qiziq, onam ishonish oʻrniga battar achchiqlanib, qoʻl siltadi.

– Ahmoq! – dedi jahl bilan. – Bor, yoʻqol koʻzimdan!

Onam bizlarni kamdan-kam koyir edi. Bu safar shunchalik qattiq gapirgani uchun yigʻlagudek boʻlib, uyga kirib ketdim. Orqa tomondan Qora xolaning yupatuvchi ovozi eshitildi:

– Unaqa qilmagin-da, bolam! – Keyin onamni yupatdi. – Bola-da, bugun urishadi, ertaga yarashadi. Xafa boʻlmang, ovsinjon.

Onam jahl bilan allanima dedi. Men eshitmadim. Eshitishni xohlamasdim ham. Axir, rostdan ham men urmadim-ku, nega oyim ishonmaydi!

Sandal chetiga yotib boshimni burkab oldim.

Bir ozdan keyin onamning ovozi keldi:

– Tur, choyingni ich.

– Kerakmas, – dedim yotgan joyimda.

Bekorga gap eshitganim qattiq alam qilar, arazlagan edim.

Bir zum oʻtgach, onam boshimdan koʻrpani tortdi.

– Turaqol, oʻgʻlim.

Uning yalingan ohangda gapirishi battar alam qilib ketdi.

– Kerakmas, kerakmas! – dedim yigʻlamsirab. – Men urganim yoʻq-ku!

Oyim ohista boshimni siladi.

– Bilaman, sen urmagansan, – dedi sekin. – Ammo bilib qoʻy: bundan keyin hecham nonni oʻrtaga solib ont ichmagin. Xoʻpmi? Non – aziz narsa, jon bolam!

U qoʻltigʻimdan koʻtarib turgʻizdi. Ikki yuzimdan kafti bilan tutib koʻzimga termildi.

– Esingda boʻlsin, bir emas, ming karra rost gapni aytganingda ham nonni oʻrtaga qoʻyib qasam ichma, tushundingmi?..

 

Oʻtkir Hoshimov

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.