Qarz

0
1787
marta koʻrilgan.

Bir kuni gapdan gap chiqib, aka-ukalar oyimga hazillashdik:

 – Har oy pensiya olasiz. Shuncha pulni qayoqqa qoʻyyapsiz? Sandiqqa bosyapsizmi?

 – Sandiq qatta, bolam? – deb kuldi onam. – Qarzlarim bor. Oʻshanga beraman-da.

Akamning qovogʻi osildi:

 – Qarz? Hali birovdan qarz ham olasizmi?

 – E, senga nima, bolam! Mening ishimga aralashib nima qilasan?

Keyin gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Bu suhbatni butunlay unutib yuborgan edim. Qaysi kuni ertalab hovlida aylanib yursam, qoʻshnimizning yetti yashar qizchasi Nilufar chiqib qoldi. Oppoq bantik taqib, atlas koʻylak kiyib olibdi.

 – Ha, Nilu, yasanib olibsan, mehmonga ketyapsanmi? – dedim erkalab.

 – Bugun man tugʻildim, – dedi u qop-qora koʻzlarini pirpiratib jilmayarkan.

 – Iya, yubilyar ekansan-da, shoshmay tur-chi, hozir…

Uydan bir hovuch konfet olib chiqdim.

 – Mana, oʻrtoqlaring bilan ye.

Nilufar kattalardek jiddiy bosh chayqadi:

 – Men ishkalad yemayman. Tishim tushgan. – Keyin yana oʻsha jiddiy ohangda qoʻshib qoʻydi: – Bultur poshsha buvim menga tufli olib beruvdilar. Tugʻilganimda. – Qizcha oʻylanib qoldi. – Keyin-chi, Bahoga uch oyoqli velosiped, Baxtiga koʻylak…

Qoʻlimdan konfet tushib ketdi.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.