Qaqnus qanotidagi umr

0
260
marta koʻrilgan.

U mening toʻngʻich farzandim, koʻzimning oqu qorasi edi: uning bu koʻhna dunyoga kelishi, ilk marta goʻyo ona qornidagi taftli va orombaxsh hayoti buzilganidan koʻngli qattiq ozor chekkandek, dafʼatan chinqirib yigʻlab yuborishi jismu jussamdagi mudroq tortgan tuygʻularimni birdan junbushga keltirgan, tushkun va zerikarli, imillab kechayotgan hayotimga rang va mazmun olib kirgan edi, yoʻq, yoʻq, uning dunyoga kelgani haqidagi xushxabarni eshitib turib, goʻyo uzoq yillardan buyon hayotning qorongʻi puchmoqlaridan jonim halak boʻlib izlab yurgan muqaddas narsani kutilmaganda topib olgandek, quvonchdan oʻzimni butkul yoʻqotib qoʻygan, yuragim azbaroyi orziqib ketganidan, toʻyib-toʻyib yigʻlagim kelgan edi.

U mening toʻngʻich farzandim edi: unga nisbatan koʻnglimda mehru muhabbat, shafqatu muruvvat va ishonchu umidim cheksiz edi, oʻsha dunyo asta-sekin tunning harir pardasiga oʻralib borayotgan, tim qora osmonda yulduzlar miltirab jilva qilayotgan ayni oqshom pallasida men tugʻruqxonaning betartib boʻyoq chaplab tashlangan derazasi ortida qoʻrquv va hayajon girdobida gʻarq boʻlib turar ekanman, nogoh ichkaridan uning xuddi dunyoni buzib yuborgudek chinqirib yigʻlashini eshitib turib, garchi bunga uzoq payt oʻzimni ishontirolmay yurgan boʻlsam-da, umrimda birinchi marta yuragimda otalik tuygʻusi uygʻongan va oʻzimni tuyqus ulgʻayib qolgandek his etgan edim.

U mening toʻngʻich farzandim edi: u haqda oʻylarkanman, goʻyo kutilmaganda hayotning sirli koʻchasiga kirib qolgandek, aqlim shoshib, muqaddas bitik singari qadim ajdodlarimdan oʻtib kelayotgan, baʼzan nohaq toʻkilib-sochilgan, baʼzan gʻazabdan koʻpirib toshgan, baʼzan esa zulm va qabohat koʻz ochirmaganidan toʻnglab qolgan, ammo hech qachon koʻzi bekitilgan buloq singari qurib bitmagan qaynoq qon endi uning jajji vujudida jimirlab oqayotganini sira aqlu tasavvurimga sigʻdira olmas va dafʼatan odam bolasi yaralgandan to yoʻq boʻlib ketgunga qadar anglab boʻlmas xilqat ekaniga iymon keltirardim.

U mening toʻngʻich farzandim edi: menga, avvaliga, kim tugʻilishi – oʻgʻil koʻramanmi yoki qizmi, mutlaqo farqsiz va ahamiyatsiz tuyulgan edi, hatto bu haqda oʻylab ham koʻrmagan, faqat kunlardan bir kun yurak qoʻrimdan yaralgan mujda sokin oqayotgan hayotimga tashrif buyurishini, u bilan mening qismatu aʼmolim to abad esh boʻlib ketishiga qattiq ishonar va shunday saodatmand kunlar tezroq yetib kelishini orziqib kutib yashardim. Faqat xotinimning taqdiri azaldan kutgan inoyati, istak-xohishi boshqacha edi, u oʻsha koʻngli aynib, hech narsa yoqmay yurgan ilk kunlaridayoq qiz tugʻilishini orzu qilar, yillar oʻtgan sayin soʻlib-sargʻayib, unut boʻlib borayotgan oʻn sakkiz yoshidagi oʻy-xayol, orzu umidlarini mana shu begʻubor istak timsolida qayta kashf etgan va oxir-oqibat bunga qattiq ishonib qolgan boʻlsa-da, bari bir oʻgʻil tugʻildi. Yoʻq, yoʻq, men xotinimning sarob boʻlib chiqqan orzu-umidi ustidan kulayotganim yoʻq, bunday bemaʼni oʻyni hech qachon hayolimga ham keltirmaganman, aksincha, oʻsha kezlarda uning shunday begʻubor oʻy-xayollar qurshovida masrur qiyofada yurganini kuzatib turib, rost gap, ich-ichimdan unga havasim kelgan, u koʻzimga yanada jozibali va goʻzal boʻlib koʻringan edi. Buning ustiga, men oʻgʻil emas, qiz tugʻilgan taqdirda ham toleimdan shunday suyungan boʻlardim.

U mening toʻngʻich farzandim edi, men uning dunyoga kelgani haqidagi xushxabarni eshitib, oʻzimni xuddi hayotning tez va shitob bilan oqayotgan katta oʻzaniga tushib qolgandek his etgan, dafʼatan dunyo ham, odamlar ham koʻzimga oʻta saxiy va mehr-muruvvatli koʻringan, hamma-hamma narsani koʻnglimga yaqin olgan edim.

U mening toʻngʻich farzandim, u goʻyo mitti sehrgar kabi qalbimda yashashga, hayotda zavq-shavq olishga betizgin ishtiyoq uygʻotgan edi.

Men oʻsha kun, odatdagidek, tugʻruqxonaga yegulik koʻtarib bordim, bu, chamasi, oʻgʻlim tugʻilganining ikkinchi kuni edi, xotinim deraza tabaqasidan engashib yegulikni olar ekan, oʻgʻlimga ism qoʻyish lozimligini aytib qoldi. U, boya aytganimdek, oʻgʻil emas, qiz tugʻilgan taqdirda, bu haqda gapirib ham oʻtirmas, balki toʻqqiz oydan buyon yuragining qat-qatida asrab-avaylab kelayotgan, hatto mendan ham qattiq sir tutgan oʻsha sirli ismni endi qizarib-tortinib oshkor qilar va bu ism menga ham, hech shubhasiz, yoqib tushar edi. Chunki xotinimning didi juda nozik va baland edi, u hayotdan oddiy, ammo goʻzal narsalarni sira adashmay topa olar edi. Ammo kutilmaganda oʻgʻlimning tugʻilishi uning koʻnglini joʻshtirib kelgan orzu-umidlarini bir zumda chippakka chiqarib yubordi. Uning “Endi oʻgʻlingizga oʻzingiz ism toping”, deya xiyol zarda va iddao aralash aytgan soʻzlarida ham shu narsa sezilib turar edi.

Ammo bu men uchun unchalik muhim emasdi, chunki oʻgʻlim toʻrt muchasi but va soppa-sogʻ dunyoga kelgan, hayot ham mehri iyib, unga oʻz bagʻridan joy bergan edi. Endi unga munosib ism qoʻyishim kerakligini anglab turardim.

Aslida oʻgʻlim bu sershovqin va notinch shaharda emas, balki oʻzimning kindik qonim toʻkilgan olis qishloqda tugʻilganda, hech shubhasiz, hamma-hammasi boshqacha kechardi. Birgina uning dunyoga kelishi barchani birdek quvontirib yuborar, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshnilar xuddi oʻzlarining hayotida moʻjiza yuz koʻrsatgandek, bir-birlarini qutlashib, suyunchi ulashishga tushar, onam azbaroyi shoshib qolganidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolar, u yoqdan-bu yoqqa yugurgancha, shu mitti mehmonning tashvishini chekkan boʻlardi. Otam esa bunday xosiyatli kunda, albatta, jonliq soʻyib, qon chiqarardi. Shunday paytda kimdir oʻgʻlimga hech kimning xayoliga kelmagan moʻjaz ism ham topar va bu ism hammaga birdek maʼqul tushar edi. Keyin otam erta tongda hovlimizga mulloni boshlab kelar va u oʻgʻlimning qulogʻiga ismi bilan birga azon aytgan boʻlardi…

Bularning bari qishloqdagi hayotning oʻzi kabi tabiiy bir yoʻsinda kechar, hech kim oldindan shunday qilish kerak, deb atay oʻylab qoʻymasdi.

Men bularni xuddi umrimning allaqaysi pallasida roʻy berib oʻtgan voqea singari xayolimdan oʻtkazar ekanman, beixtiyor koʻnglim choʻkib ketar, ayni damda hayhotdek shaharda hatto quvonchu shodligimni baham koʻradigan yaqin odamim yoʻqligini oʻylab turib, oʻzimni yolgʻiz his etardim.

U mening toʻngʻich farzandim edi, men ham uning bu musofir shaharda tugʻilishini sira istamagan, ammo shunga qaramay, ayni chogʻda, shaharni tashlab ham ketolmasdim, uch yildan buyon nihoyasiga yetmay choʻzilib kelayotgan ilmiy ishim qoʻl-oyogʻimni ipsiz bogʻlab turardi. Xotinim esa yolgʻiz oʻzi qishloqda turishni sira xohlamas, ayniqsa, oy-kuni yaqin qolganda uni shunga koʻndirishga nechogʻlik urinmay, baribir, biror-bir natija chiqmagan edi. Biz eski shahardagi tang-tor, devorlari zax tortib ketganidan ilvirab yotgan koʻrimsizgina hovlida ijarada turardik. Xotinim qishloqda emin-erkin hayotga koʻnikkanidan, bu yerda qisinib-qimtinib yashar, nazarimda, rang-roʻyi ham salqi tortib ketgandek tuyular edi. Ammo bunga qaramay, u ortiqcha injiqlik va gina-kudrat qilmas, hamisha mening koʻnglimga qarab ish tutardi.

Men xotinim bilan xayrlashgach, tugʻruqxona hovlisidan chiqib, bekat tomon kelar ekanman, oʻgʻlimga ism qoʻyish haqida oʻylar, bu fikr allaqachon xayolimni band etib olgan edi. Albatta, oʻgʻlimga munosib ism qoʻyish, eng avvalo, mening birinchi otalik burchim ekanligini ich-ichimdan his etardim.

Yashirib nima qildim, oʻgʻlimga ism qoʻyish haqidagi fikr birdan oʻzimga juda yoqib tushgan, u xuddi huzurbaxsh va lazzatli oʻy singari yuragimni hapriqtirar, xayolimni oʻynoqlab, olis – olislarga olib ketar edi. Aslida esa, bu shunchaki joʻn va oddiy yumush emasdi, balki men kechagina dunyoga kelgan va najot soʻrayotgandek, javdirab tikilib turgan bir tirik jonga ism berishim kerak edi. U kelajakda ana shu ism ostida oʻsib-ulgʻayadi, hayotning bagʻriga shu nom bilan kirib boradi, hamma uni shu ism orqali taniydi.

Avvaliga oʻgʻlimga ism topish juda oson va yengil tuyulgan, uzoq vaqt boshim qotib qiynalaman, degan fikrni xayolimga ham keltirmagan edim. Axir, dunyoda nima koʻp – ism koʻp, shulardan bittasini tanlayman, tamom-vassalom.

Ammo koʻz ochib yumguncha oradan ikki kun oʻtib ketganiga qaramay, biror-bir toʻxtamga kelishim qiyin boʻldi. Men kechayu kunduz shu haqda oʻylaganimdan, boshimda ming bitta ism gʻujgʻon tortib aylanar, ular bir-biridan chiroyli, ohangdor, quloqqa xuddi mayin kuydek yoqimli eshitilar va bir zumda kishini oʻziga mahliyo etib qoʻyardi. Ammo men ularning qaysi birini tanlashni bilmasdim. Baʼzan qaysidir ism koʻnglimga yoqib tushar va yengil tortgan koʻyi oʻgʻlimga munosib ism topdim, deb oʻylardim. Ammo hali chuvalashib yotgan oʻy-xayollarimni yigʻishtirib olishga ulgurmay turib, goʻyo oʻgʻlimga shu ismni qoʻysam, qandaydir noxush voqea roʻy berib qoladigandek, shosha-pisha fikrimdan qaytardim. Soʻng yana butun vujudim bilan ismlar aralash-quralash boʻlib yotgan olamga shoʻngʻib ketardim. Meni avvaliga ismlarning chiroyi, koʻrki va jarangdorligi koʻproq qiziqtirgan va xayolim dunyosida suzib yurgan ismlarning koʻproq shu tomoniga eʼtibor bergan edim. Ammo keyinchalik bu meni qiziqtirmay qoʻydi. Men endi ismlarning quloqqa yoqimli va jarangdor eshitilishidan koʻra qanday maʼnoni anglatishiga koʻproq qiziqib qolganim bois butun fikru xayolim bilan shuni bilishga urinar edim.

Men uzoq manzilni qora tortib, safarga otlangan, biroq oʻzi sezmagan holda yoʻldan adashib ketayotgan yoʻlovchiga oʻxshar, ismlarning maʼno-mohiyatini bilishga urinar ekanman, asosiy maqsadimdan tobora olislab borayotganimni oʻzim ham ich – ichimdan sezib turardim.

Bir safar – oʻshanda oqshom mahali uyda yolgʻiz oʻzim xayolga botib oʻtirgan edim – boshimga kutilmaganda urilgan fikrdan beixtiyor qoʻrquvga tushib, yuragim orqaga tortib ketdi. Mening nazarimda, bu dunyoda odam bolasi koʻtarib yurishga arziydigan birorta ham munosib ism qolmagan, barcha ismlar xuddi eskirgan libos singari allaqachon ohori toʻkilib, puturidan ketgan edi. Yoʻq, yoʻq, ismlar uzoq yillar ogʻizdan-ogʻizga chaynalib oʻtib kelayotganidan oʻzining ulugʻvorligi, jarangi va jozibasini yoʻqotib qoʻygan, u endi xuddi boyqush chinqirigʻidek quloqqa xunuk va yoqimsiz eshitilar, goʻyo ism ism emas, balki tavqi laʼnat tekkan kimsaning ihrashiga oʻxshab qolgan edi.

Yoʻq, yoʻq, toʻgʻrirogʻi, ismda ayb yoʻq, balki odam bolasi qoʻl urgan jamiki yovuzlik, jaholat va tubanlik nuqsi aynan ismga muhrlanib qolgan, o, nafaqat muhrlanib qolgan, balki uni butkul oʻrab-chirmab olgan edi, shuning uchun qaysi bir ismdan fahshning shilta hidi “gup” etib dimoqqa urilar, boshqa bir ism qonga botgan, yana boshqa bir ism esa tubanlik va razolat timsoli sifatida yurakka vahm va qoʻrquv solib yangrardi. Kim biladi, ehtimol, ism hech qachon qarib-qartaymaydi, eskirmaydi, abadiy yosh va koʻrkam, u oʻz sohibini qabrgacha kuzatib qoʻyib, yana bir boshqa odamning yelkasiga “minib” olib, hech narsa koʻrmagandek yashayveradi, degan fikrda ham jon bordir. Ammo meni ayni paytda koʻnglimning bir chetida gʻimirlab turgan boshqa fikr qiynar edi: ism ham insonning oʻzi kabi nechogʻlik uzoq yashasa, shunchalik razolatga botadi, tubanlashib ketadi va oxir-oqibat, hech kim unga havas qilmay qoʻyadi.

Ehtimol, men picha oshirib yuborayotgandirman, biroq ayni damda boshqacha fikr yurita olmasdim. Chunki men kechagina dunyoga kelgan oʻgʻlimga ism izlayotgandim. Ha, shunday, men bugun ismga xaridor edim, odatda, xaridor miridan-sirigacha soʻrab-surishtiradi, tortishib-bahslashadi, soʻng qaysi mol koʻngliga yoqsa, shuni tanlaydi. Men ham injiq va talabchan xaridor singari hamma-hammasini bilishni istardim.

Albatta, ism toʻgʻrisidagi bunday sovuq va tushkun oʻylar mening bezovta tortgan ruhimga juda yomon taʼsir qilar, koʻnglimdagi qiziqish va ishtiyoq hissini soʻndirar edi.

Biroq ayni paytda bunday mushkul ahvolga tushib qolganimga qaramay, oʻgʻlimga tavakkal qilib biror-bir ismni qoʻyishni xayolimga keltirmasdim.

Men xayolimning olis oʻngirlarida suzib yurgan har bir ism haqida erinmay bosh qotirar edim: bu ism qachondan boshlab odamlarning tiliga tushgan, u qanday maʼnoni anglatadi, oʻtmishda shu nom ostida kimlar yashab oʻtgan, ular hayotda qanday iz qoldirgan, xullas, hamma-hammasini bilishga urinar, turli-tuman kitoblarni titkilar, oʻzimga tinchlik bermayotgan savollarga javob izlar edim.

Buning ustiga, oʻgʻlimga ism izlab oʻy-xayolim chuvalashib yotgan ayni oʻsha kunlari allaqaysi kitobdan “Qorayimlar qissasi”sini oʻqib qoldim-u, ism toʻgʻrisidagi fikrlarim yanada qatʼiy tortdi.

O, oʻshanda nafaqat ism toʻgʻrisidagi fikrlarim kutilmaganda gʻoyibdan ragʻbat va quvvat olgandek yanada qatʼiy tortgan, balki huv qadimda yashab oʻtgan va asrlarning suronli toʻfoniyu evrilishlari ostida koʻmilib qolgan qorayimlarning achchiq qismatu aʼmoli, hayotiy tutumi va eʼtiqodu intilishlari sirli mujda yangligʻ meni chinakamiga hayratga solib qoʻygan edi.

Men hayajonga tushgan koʻyi ushbu asarni oʻqir ekanman, xayolan yillar ustalik bilan parda tortgan olis oʻtmishga, qorayimlar yashagan davrga sayr qilar, bu yovqur odamlarning poyonsiz sahroda magʻrur qad rostlagan oʻtovlariga kirib borar, ular bilan gulxan atrofida tongga qadar suhbat qurardim.

Ayniqsa, qorayimlarning ismni muqaddas tugʻ kabi boshlari uzra ozod koʻtarib yashagani, goʻyo bu ism emas, balki oʻzlarining qismatu aʼmoli bitilgan ilohiy bitik kabi unga chuqur eʼtiqod qoʻyishgani yuragimni orziqtirib yuborar edi.

Bundan ham qizigʻi shunda ediki, qorayimlar qabilada farzand dunyoga kelsa, unga ism qoʻyishga aslo shoshilmas, balki avvaliga goʻdakni shunchaki bir nom bilan, masalan, choʻmichboymi, qozonboymi, deb atashar edi. Albatta, bu bolaga berilgan muvaqqat nom edi, haqiqiy ismni oʻsib-ulgʻayib, voyaga yetgach, oʻspirinning oʻzi olishi shart qilib qoʻyilar edi.

Yoʻq, yoʻq, kitobda qayd etilishicha, qabilada ism berish marosimi quvonchu hayajon, asasayu qiyqiriqlarga gʻarq boʻlib kechar, u baʼzan bir necha kunga choʻzilib ketar, kattayu kichik barcha qabila ahli bayramona yasangancha katta maydonga toʻplanishar va ismga talabgor oʻspirinning har bir xatti-harakatini koʻzdan qochirmay kuzatishar edi. Qabila oqsoqollari esa, xaloyiqning koʻz oʻngida ismga talabgor oʻspirinni ming bitta sinovdan oʻtkazishar, unga turli-tuman savollar berishar, allaqanday murakkab va xatarli shartlarni bajarishni talab qilishar va shundan soʻng uzoq kengashib, unga munosib ism berishardi.

Marosimda oʻspiringa ism bilan birga sovut, qilich va oq ot ham tortiq etilar va u endi qabilaning haqiqiy aʼzosiga aylanardi.

Kitobda qayd etilishicha, qorayimlarning avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan ism berish marosimi oʻta qatʼiy tartibda, murosasiz ruhda oʻtar va bu marosimga oʻzgartirish kiritishga hech kim jurʼat etolmasdi.

Albatta, marosimda hukm suradigan ana shunday qatʼiyat va murosasizlik tufayli ism olish nasib etmagan, yaʼni mashaqqatli sinovlardan oʻta olmagan oʻspirinning keyingi qismati juda ayanchli kechardi: maydonga yigʻilgan xaloyiq oqsoqolning “Unga ism berilmasin!” degan soʻzlari yangrashi bilan tuyqus junbushga kelar, hamma qahr-gʻazabi, nafratiyu alamini oʻsha baxtiqaro oʻspirinning ustiga sochar, hech kim rahm-shafqat qilishni xayoliga keltirmas, odamlar qahrdan guvranib tashlanar va uni urib-soʻkib haydagancha qabiladan mangu badargʻa etardilar. Keyin esa qorayimlar bu noshud, shoʻrpeshona oʻspirinni, goʻyo oʻzlari bilan hech qachon baqamti yashamagandek, qayta yodga olmasdi ham.

Ismni ana shunday ulugʻlab yashash qorayimlarning hayot tarziga shu qadar chuqur singib ketgan ediki, bu aqidani buzishga yoki unga jinday boʻlsa-da, oʻzgartirish kiritishga hech kim jurʼat etolmagan.

Qorayimlar asrlar qaddini bukkancha, shu taxlit yashab oʻtgan edi.

Men “Qorayimlar qissasi”ni oʻqigach, azbaroyi hayajonlanganimdan ilmiy rahbarim boʻlmish professorga ham taassurotlarimni gapirib berdim. Ammo kutganimdan farqli oʻlaroq, uning tund yuzida biror-bir hayratlanish yoki oʻzgarish ifodasi sezilmadi.

– Eramizdan oldingi asrda yashagan qorayimlarni aytayapsizmi? – dedi u xotirjam ovozda. – Ha, bilaman, tarixda shunday elat yashab oʻtgan. Ularning ismga nisbatan gʻalati munosabati, toʻgʻrirogʻi, ismni ilohiylashtirishi bir paytlar meni ham xuddi sizga oʻxshab qattiq hayajonga solgan edi. Lekin keyinchalik chuqurroq mulohaza yuritib, oʻylab qarasam, qorayimlarning tanazzulga yuz tutishi va oxir-oqibat tarix sahnidan butunlay yoʻq boʻlib ketishiga, avvalo, ularning oʻzi qattiq eʼtiqod qoʻygan ana shu ism sabab boʻlgan. Nega deysizmi? Buning izohi juda oddiy: qorayimlar oʻziga munosib ism ololmagan noshud oʻspirinni oʻylab ham oʻtirmay qabiladan haydab solgan. Yaʼni, ismsiz qolgan kimsani hech kim qorayim sanamagan. Yillar oʻtishi bilan oʻziga munosib ism ololmagan va qabiladan badargʻa qilinganlar soni koʻpayib ketgan. Bu, ikkinchi tomondan, haqiqiy qorayimlar tobora kamayib borgan, degan maʼnoni anglatadi. Oxir-oqibat ahvol shu darajaga borib yetganki, qabilada barmoq bilan sanasa boʻladigan, besh-oʻn nafar qorayim qolgan. Biroq shunda ham bu oʻjar odamlar eski aqidadan voz kechishni xayollariga keltirmagan. Oxir-oqibat qorayimlardan nom-nishon qolmagan. Mana sizga, qandaydir aqidaga koʻr-koʻrona eʼtiqod qoʻyib yashashning oqibati.

Professorning ishonch bilan kesib-kesib gapirishi va uning achchiq xulosasi meni bir zumda gangitib qoʻydi. Ammo har narsa boʻlganda ham koʻnglimda qorayimlarga nisbatan chuqur hurmat tuygʻusi uygʻongan, ayniqsa, ularning ismni ulugʻlab yashagani hamon hayratimni qoʻzgʻatardi.

 

* * *

Kim biladi, ehtimol, men bunday mantiqsiz, notayin oʻy-xayollarga berilib, behud qoʻrquv va vahimaga tushayotgandirman?! Ehtimol, oʻgʻlimni azbaroyi yaxshi koʻrganimdan unga har qanday ismni ravo koʻrmayotgandirman?! Balki ism topishga qiynalayotganimga oʻzimning tabiatimdagi injiqlik va xudbinlik sabab boʻlayotgandir?!

Hozir bu haqda aniq bir narsa deya olmayman. Ammo men butunlay umidsizlikka tushmagan, oʻzim oʻjarlik bilan izlayotgan ism haqida, garchi buni soʻz bilan aniq-taniq ifodalab berolmasam-da, gʻira-shira tasavvurga ega edim. Bu ism oʻgʻlim tugʻilgan kundan buyon xayolimning olis oʻngirlarida bir uyum oppoq bulut kabi ohista suzib yurar, baʼzan tushlarimda uni allakim qoʻshiq singari kuylayotganini eshitib qolar edim. U ming bir ohangda jaranglab, yuragimda umid va quvonch gulxanini yoqib, oʻziga tomon betinim chorlar, faqat uni eslab qolishga qiynalayotgan edim. Baʼzan noxush oʻylar taʼsirida tushkunlikka berilib, hafsalam pir boʻlib turgan paytlarda ana shu sirli ism xayolimda “yalt” etib paydo boʻlar va u qudratli kuch singari koʻnglimda yana umid va ishtiyoq chirogʻini yoqar, tinimsiz oʻylash va izlanishga undar edi. Shuning uchun men kunlar oʻtib borayotganiga qaramay, hamon oʻgʻlimga munosib ism topmaganimga unchalik eʼtibor bermas, koʻnglim nimadandir ancha xotirjam edi.

Har gal tugʻruqxonaga yegulik koʻtarib borganimda, xotinim koʻzlari javdirab ogʻzimni poylar, oʻgʻlimga qanday ism qoʻyganimni eshitishni toqatsizlik bilan kutar edi. Biroq hali ism topmaganimni eshitarkan, birdan avzoyi oʻzgarib ketar, azbaroyi jahli chiqqanidan yonoqlari “pir-pir” uchib, andishani ham unutgan koʻyi shangʻillab gapirishga tushardi:

– Xayolingiz qayerda, oʻzi? Oʻgʻlingiz qolib, nimalarni oʻylab yuribsiz?

Xotinim goʻyo ism oʻgʻlimga emas, balki oʻziga zarurdek, astoydil kuyunib gapirar, ora-sira oʻpkalanib, koʻz yoshi ham qilib olar, izimga qaytayotganimda esa, qayta-qayta yana shuni uqtirar edi:

– Ertaga oʻgʻlingizga ism qoʻyib, guvohnomasini olib kelish esingizdan chiqmasin! Yoʻqsa, doʻxtirlar uyga javob bermasmish…

Men qadamimni sudrab bosgancha, tugʻruqxona hovlisidan chiqarkanman, oʻzimni xuddi adashib, boshi berk koʻchaga kirib qolgan kimsa singari nochor his etar, oʻy-xayollarim butkul chuvalashib ketganidan, ism haqida ortiq oʻylashga ham yuragim bezillar edi.

Buning ustiga, aynan oʻsha kunlari xuddi atay qilgandek, yoʻlak chetida tanda qoʻyib oʻtiradigan tilanchi cholning kutilmaganda aytgan soʻzlari xayolimni battar ostin-ustun qilib yubordi.

U – tilanchi chol xudoning bergan kuni universitet kutubxonasiga boradigan yoʻlakning bir chetida tanda qoʻyib oʻtirar va zoriqqan ovozda allanimalar deya mingʻirlagan koʻyi oʻtgan-ketgan yoʻlovchilardan xayr-sadaqa soʻrar edi. Uning aft-angoriga qarab boʻlmasdi, betartib oʻsib ketgan soch-soqoli yuziga qoʻrqinchli va yovvoyi tus berib turar, koʻzlari maʼnosiz va tushkun boqar, jussasi qiltiriqdek ozgʻin, yelka suyaklari tugilgan mushtdek boʻrtib chiqqan, egnidan esa qishin-yozin rang-tusi oʻchgan eski toʻn tushmasdi. Uning mana shunday isliqi, tashlandiq, gʻarib va benavo qiyofasiga qarab turib, kishining koʻnglidan beixtiyor turish-turmushi shunday boʻlgach, bu dunyoda tilanchi boʻlmay qayga ham borardi, degan oʻy kechardi. Aftidan, u hayotda odamdek yashash, umrguzaronlik qilishni allaqachonlar unutib yuborgan, koʻnglida ham sof va begʻubor tuygʻular allaqachon oʻchib ketgan va oʻzini yerga urib, odamlar oyogʻi ostida oʻralashib yashashdan or qilmay qoʻygandi.

Uning yoʻlakda tanda qoʻyib oʻtirishi, qoqsuyak qoʻllarini choʻzgancha javdirab xayr-sadaqa soʻrashi, umuman aytganda, isliqi aft-angori koʻngilda faqat nafrat va ijirgʻanish hissini qoʻzgʻar edi. Odatda, yoʻlovchilar xuddi nuqsi urib qoladigandek, uni chetlab oʻtishga urinishar, koʻpincha ochiq-oshkor nafrat bilan tikilib qoʻyishar edi.

Men oʻsha kuni ana shu tilanchi cholning ogʻzidan sira aql bovar qilmaydigan soʻzlarni eshitib, dafʼatan hushyor tortdim.

Aslini aytganda, u bilan oʻrtamizda biror-bir tanishlik yoki shunga oʻxshash yaqin munosabat yoʻq edi. Bunday munosabat qaydan boʻlsin, axir, u kim edi-yu, men kim edim?! Shu paytga qadar onda-sonda, shunda ham choʻntagimda mayda chaqalar paydo boʻlib qolganda, xayr-sadaqa qilganimni aytmasam, unga biror marta tuzuk-quruq eʼtibor ham bermagan, biror ogʻiz soʻz ham qotmagan edim. Har doim uning qarshisidan beeʼtibor va loqayd oʻtib-qaytar, uning yoʻlakda ivirsib oʻtirishi meni mutlaqo qiziqtirmasdi.

Ammo ayni oʻsha kunlarda u oʻgʻlim dunyoga kelgani-yu, men unga ism izlab butkul xayolga botib yurganimdan qanday xabar topdi, buni qayerdan bila qoldi – shunga hali-hanuz aqlim yetmaydi. Kim biladi, ehtimol, men yoʻlakdan oʻtayotib, kimgadir oʻgʻil koʻrganim-u, unga ism izlab yurganim toʻgʻrisida gapirgan va bu gap-soʻzlar tasodifan uning qulogʻiga ham chalinib qolgan, endi esa u pismiqlik bilan oʻzini salkam avliyo chogʻlab, nimaiki eshitgan boʻlsa, barini oqizmay-tomizmay oʻzimga qaytarib aytayotgandir. Ehtimol, u bu pismiqligi evaziga moʻmaygina sadaqa undirish payidadir. Ehtimol, keyingi kunlarda mening hayotimda qanday voqea roʻy berib oʻtgan boʻlsa, barini u savqi tabiiy xislati bilan bilib olgandir.

Bilmayman, har narsa boʻlishi mumkin. Ammo meni butkul tang qoldirgan narsa oʻsha kun ertalab, odatdagidek, kutubxonaga borayotib, negadir koʻnglimda sadaqa berish istagi tugʻildi va choʻntagimdan qoʻldan-qoʻlga oʻtaverganidan uvadasi chiqib ketgan qogʻoz pulni olib, engashgan koʻyi unga uzatayotganimda, kutilmaganda, boshini ilkis koʻtardi va kiprik qoqmay, yuzimga sovuq tikilgancha, soʻz qotib qoldi:

– Oʻgʻlim, – dedi u xuddi qiroat qilayotgandek bosiq va doʻrillagan ovozda, – avvalo hammasi xudodan, ammo ism tanlashda aslo shoshilmang. Har bir ism oʻzining ruhi va yuki bilan yaralgan. Shuni sira yoddan chiqarmang: ismda sir bor, uning qatida bolaning qismati yashirib qoʻyilgan. Oʻgʻlingizga chuqur oʻylab, soʻng ism qoʻying. Omiyn, atagan xayr-sadaqangizni xudo oʻz dargohida qabul qilsin! – u qoqsuyak qoʻllarini ochib, yuziga fotiha tortdi-da, soʻng yana boshini quyi solib oldi.

Ha, ha, u xuddi qiroat qilayotgandek, salobatli ovozda: “Ismda ham sir bor”, dedi. Keyin sira kutilmaganda, uning turqi-avzoyi birdan oʻzgardi, goʻyo hozirgina oʻrtamizda hech qanday gap-soʻz boʻlib oʻtmagandek, boshini koʻksiga tekkizgudek alfozda quyi solib oldi-da, tagʻin zoriqqan ovozda allanimalar deya mingʻirlashga tushdi. Men uning boshi ustida azbaroyi hayrat va taajjubga tushganimdan toshdek qotib qolgan, oyoqlarim ostida bukchayib oʻtirgan tilanchi cholga ichki bir qoʻrquv va hayrat bilan tikilar va tikilgan sayin u haqidagi burungi uzuq-yuluq tasavvurlarim xuddi puturidan ketgan uy singari birdan qulab tushgan va u koʻzimga bu koʻhna va quv dunyoning barcha sir-sinoatini besh barmogʻidek biladigan sehrgarga oʻxshab koʻrinardi. Men tik qotgan koʻyi tilanchi cholga tikilarkanman, koʻnglimda qiziqish va hayratim tobora ortib borar, tilanchi cholni yana gapga solishni, oʻzimni shu paytga qadar qiynab kelgan barcha jumboq va chigalliklarga javob olishni istardim. Ammo u mening istak-xohishimga zid oʻlaroq, allaqachon toʻnini butkul teskari kiyib olgan, boshini koʻtaray demas, ovozi ham ichiga tushib ketgandek, tinib qolgan edi. Faqat u dam-badam koʻzi osti bilan oyoqlarimga qarab-qarab qoʻyar, aftidan, mening bu yerdan tezroq ketishimni kutayotgan edi.

Men uning boshi ustida ancha payt turib qoldim, ammo undan sas-sado chiqmadi, buning ustiga, yoʻlakdan oʻtib-qaytayotgan yoʻlovchilar ajablanib qarayotganini sezgach, noiloj kutubxona tomon yoʻl oldim.

Hayotda nimalar boʻlmaydi, deysiz? Ammo tilanchi chol meni, rostdan ham, qattiq hayratga solib, xayolimni bir zumda ostin-ustun qilib yuborgan edi. Men boyagina uning ogʻzidan eshitgan gap-soʻzlarga oʻzimni sira ishontirolmas, bu voqea oʻngimda emas, balki tushimda roʻy berib oʻtganga oʻxshab tuyular edi. Boshqa bir kimsa shunday bashorat qilsa, ehtimol, men bunchalik hayratga tushmas, barchasini tabiiy yoʻsinda qabul qilgan boʻlardim. Ammo har kun yoʻlakda ivirsib oʻtiradigan, na zoti, na nasl-nasabining tayini bor daydi va isliqi bir kimsadan nogahon bunday dilxoh soʻzlarni eshitishni sira tasavvurimga sigʻdirolmay qiynalar edim. Aslida kim oʻzi bu tilanchi chol?! Mening fikru-xayolimni ana shu oʻy band etib olgan, kutubxonaning zax hidi anqib yotgan nimqorongʻi xonasida ilmiy ishimga taalluqli kitoblarni nomigagina titkilab oʻtirar, biroq boshimga hech narsa kirmasdi.

Ammo ertasi kuni ertalab, chamasi, haftaning seshanba kuni edi, kutilmaganda, shunday gʻalati voqeaning ustidan chiqdimki, kimdir boshimga tuyqus bir musht tushirgandek, battar gangib qoldim.

Shu kuni ertalab tugʻruqxonadan chiqib, kutubxonaga borayotgan edim, yoʻlak oʻrtasida – aynan haligi tilanchi chol tanda qoʻyib oʻtiradigan joyda bir toʻda odamlar toʻplanib, bir-birlarining yelkasi osha boʻyinlarini choʻzgancha, allanimani berilib tomosha qilayotganiga hali olisdan koʻzim tushgan va koʻnglimda qanday voqea roʻy beribdiykin, degan oʻy kechib, qadamimni qanday tezlatganimni oʻzim ham sezmay qolgandim. Odamlar toʻplanib turgan joyga yetib kelib, dafʼatan shunday voqeaga guvoh boʻldimki, aqlim shoshganidan nima qilishni bilmay qoldim. Rosti gap, men kunlardan bir kun shunday voqea roʻy beradi, deya sira oʻylamagan, bu hatto yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi. Shundan tuyqus qoʻl-oyogʻim boʻshashib, koʻz oldim qorongʻi tortib ketgandek boʻldi. Ey, xudo, nimalar roʻy berayotganini hatto aytishga ham odamning tili bormaydi axir. Ikki barvasta yigit boshqa birovni emas, aynan haligi tilanchi cholni qoʻllaridan mahkam tutgan koʻyi huv narida eshigi lang ochib qoʻyilgan mashina tomon sudragandek bir alfozda olib borar, yoʻlakning bir chetida esa, tumonat odam, nafasini ichiga yutgan koʻyi ulardan koʻz uzmay turardi. Haligi ikki yigit allanimadan qattiq gʻazabga mingan, ularning yuzida qahrning ogʻir sharpasi suzib yurar, azbaroyi jahlning zoʻridan koʻzlari kosasidan chiqqudek kattarib ketgan edi. Ular tilanchi cholning mushaklaridan xuddi jirkanch bir narsani tutgandek ochiq-oshkor ijirgʻanib ushlab olgancha, sudrab borishar, dam-badam, garchi bunga hech qanday zarurat boʻlmasa-da, ovozlarini koʻtarib, shaloq soʻzlar bilan soʻkingancha, uni siltab-siltab tashlashar va qoʻnji kalta etiklari uchi bilan tepib-tepib qoʻyishar edi. Bechora tilanchi chol bunday tahdid va zugʻumdan butkul oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi, nazarimda, uning jussasi battar kichrayib, bir burda boʻlib qolgandek tuyular, shalviragan koʻyi oyoqlarini bazoʻr sudrab bosarkan, qoʻrquv toʻla koʻzlari atrofga xuddi najot va yordam soʻrayotgandek, javdirab boqar va ancha olisdan ham aʼzoyi badani qalt-qalt uchib tushayotgani aniq-ravshan sezilib turardi.

Men bu manzarani ancha olisdan kuzatib turar, xuddi tuyqus tuzoqqa ilingan qush singari butkul umidsizlikka tushib qolgan tilanchi cholga qararkanman, yuragim gursilab tez-tez urar, ich-ichimdan qattiq bir hayajon koʻtarilib kelardi. Men ana shu hayajon va hadik taʼsirida yoʻlakni band etib olgan odamlarni itarib-turtib oldinga qanday oʻtganimni sezmay ham qoldim. Va haligi tilanchi cholning aft-angoriga yaqindan nazar tashlar ekanman, butkul boshqa manzaraga koʻzim tushib, aqlim battar shoshib qoldi. Yo, tavba, nimalar boʻlayapti, oʻzi?! Yoʻq, yoʻq, tilanchi chol, men boya oʻylagandek, qoʻrquv va vahimadan sira oʻzini yoʻqotib qoʻymagan edi, aksincha, goʻyo boshiga hech qanday koʻrgilik va musibat tushmagan, balki hamma narsa azal – azaldagi singari tinch va osuda kechayotgandek, oʻzini mutlaqo xotirjam va beparvo tutar, yuzida sokin va xotirjam bir ifoda kezinar, faqat labining bir chetida allaqanday zaharxanda va istehzoli kulgi sharpasi bilinar-bilinmas koʻzga tashlanib turardi. Menga unga qarab turib, koʻzlarimga ishonmasdim. Axir, tilanchi chol oʻzini bunday boqibegʻam alfozda tutishi juda qiziq va gʻalati edi. Yoʻq, yoʻq, chamasi, u oʻzini atay shunday goʻllikka solib olgan, goʻyo oʻzimni ovsardek qiyofaga solib olsam, bu balo-qazoning changalidan oppa-oson qutulib ketaman, deb xomtaʼma boʻlayotganga oʻxshar edi. Kim biladi, ehtimol, kutilmagan tahdid va zugʻumdan uning yuragi kichrayib, aqlu shuuri butkul karaxt tortib qolgan va ayni paytda ana shu yuragini oʻrab-chirmab olgan qoʻrquv va vahima taʼsirida hech narsani idrok etmay qoʻygandir. Ha, ha, shunday, boshqacha boʻlishi mumkin emas, chunki anavi ikki barzangi yigit uning boshi ustida xuddi osmondan tushgandek, toʻsatdan paydo boʻlib, qoʻllaridan mahkam tutgancha sudrashga tushganda, uning yuragi qoʻrquv va vahimaga toʻlib, esi ogʻib qolgan va shundan hali-hanuz oʻziga kela olmagandi. Kim biladi, balki uni uzoq vaqt poylab yurib, nihoyat, bugun naqd ayb ustida qoʻlga tushirishgan va shundan u dami ichiga tushib ketib, miq etmay qolgandir. Bilmadim, har narsa boʻlishi mumkin. Lekin, nazarimda, ayni damda tilanchi cholning hushi oʻzida emasga oʻxshab koʻrinar edi.

Haligi ikki barzangi yigit uni sudragandek bir alfozda mashina oldiga olib kelgach, qoʻllarini qoʻyib yuborib, mashinaga chiqishni buyurdi. Tilanchi chol esa yoshiga yarashmaydigan bir epchillik bilan mashinaning temir zinasiga oyogʻini dadil qoʻydi-da, ichkariga bosh suqdi va soʻng xuddi tubsiz chohga tushib ketgandek, birdan koʻzdan gʻoyib boʻldi. Faqat mashinaning yon tomonidagi kichkina tuynukdan uning qop-qora yuzi gʻira-shira koʻzga tashlanib turar, u, chamasi, oʻrindiqqa choʻkkan va boshini quyi solib olgan edi. Uning ayni mana shu qop-qora tortib ketgan yuzi xotiramga qattiq muhrlanib qoldi. Keyinchalik har gal tilanchi cholni eslaganimda, eng avvalo, uning mashinaning kichkina tuynugi ortidan dunyoga iymangan va tortingandek bir alfozda qarab turgan mana shu holati lop etib, xotiramda jonlanar va xuddi oʻzimning hayotimga bevosita daxldor ayanchli voqea singari dafʼatan yuragimda alam va ogʻriq qoʻzgʻar, ich-ichimdan koʻtarilib kelgan iztirobmi, oʻksinishdan dunyoga sigʻmay qolardim. O, aslida ham, uning oʻsha tuynukdan koʻzga elas-elas tashlanib turgan chuvakkina yuzi va zim-ziyo tun qoʻynida unutib qoldirilgan bir juft shamdek yonib turgan koʻzlari juda qaygʻuli va alamnok edi, bu ogʻir manzara tilanchi cholning koʻpchilikka noayon qismatu aʼmoli, sargashta umri haqida juda koʻp narsalarni unsiz soʻzlayotgandi.

Haligi ikki barzangi yigit mashina eshigini zarb bilan sharaqlatib yopdi. Shundan soʻng mashina shiddat bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi-da, tez orada koʻzdan gʻoyib boʻldi. Yoʻlakda tomoshatalab yoʻlovchilar tirband boʻlib ketgan edi, ular tobora olislab borayotgan mashinadan bazoʻr koʻzlarini uzib, birdan shivir-shivir qilishga tushishdi: kimdir tilanchi cholni isliqi qiyofada bekinib yurgan ashaddiy qotil desa, yana kimdir qip-qizil oʻgʻri ekan, koʻpdan buyon iziga tushib, bugun qoʻlga olishga muvaffaq boʻlishibdi, der, yana kimdir bundan ham vahimali taxminni toʻqir edi. Yoʻlovchilarning bunday tuturuqsiz taxminu farazlari mening ensamni qotirib, gʻashimga tegardi. Shuning uchun bunday gap-soʻzlarni eshitishga ortiq sabrim chidamay qadamimni sudrab bosgancha kutubxona tomon yoʻl oldim.

Men bu tilanchi cholni ancha paytdan buyon bilar edim, uning isliqi turqu raftoriga xudoning bergan kuni koʻzim tushar, ammo shunga qaramay, hech qachon unga tuzuk-quruq eʼtibor bermagan, kim oʻzi bu chol, nega bunday ayanchli ahvolga tushib qolgan, uning oilasi, bola-chaqasi bormi, ular qayerda, deb loaqal biror marta oʻylab koʻrmagan edim. Aslini aytganda, unga nafaqat mening, balki yoʻlakdan oʻtib-qaytadigan barcha yoʻlovchilarning koʻzi koʻnikib ketgan, hech kim ortiqcha eʼtibor bermas, uning borligi ham, yoʻqligi ham hech kimni qiziqtirmasdi. Buning ustiga, shu paytga qadar uni biror-bir kimsa yoʻlakdan quvib solmagan va u bu yerdagi hayotga shunchalik singishib ketgan ediki, agar bir kun qorasini koʻrsatmay qoʻysa, goʻyo yoʻlak boʻm-boʻsh tortib, huvillab qoladigandek tuyular edi.

Yoʻq, yoʻq, men bugun – umrimda birinchi marta bunday chuqurroq oʻylab qarasam, u xayr-sadaqa ilinjida lablari gezarib oʻtiradigan olchoq tilanchilarga ham unchalik oʻxshamas ekan. Ha, rost, men uni olchoqlarcha qoʻllarini choʻzib, oʻtgan-qaytganning etagiga yopishgani, ogʻzidan tupugini sachratib diydiyo qilganini hech qachon koʻrmaganman. U, odatda, yoʻlakning bir chetida boshini quyi solgan koʻyi oʻtirar, baʼzan kun uzogʻi ham boshini koʻtarib, atrofiga qaramas, faqat past va tushuniksiz tovushda allanimalar deb mingʻillar, ammo uning ovozida hasrat va zoriqish ohangi sezilmas, balki u koʻhna bir qoʻshiqni choʻzib-choʻzib hirgoyi qilayotgan va shuning taʼsirida mastu mustariq boʻlib qolgan kimsaga oʻxshar edi. U yoʻlak chetida nafsining ilinjida emas, balki bu quv dunyo butkul zada qilib tashlagan yolgʻiz va oʻksik koʻnglini ovutib oʻtirgandek, yoʻlovchilar onda-sonda tashlab oʻtadigan xayr-sadaqalarga ham boshini koʻtarib qaramas, sariq chaqa va gʻijimlangan qogʻoz pullar uning oyogʻi ostida betartib sochilib yotar edi.

Biroq kishini tang qoldiradigan tomoni shundaki, u butkul oromu xotirjamligini hayotning mana shu xilvat goʻshasidan topib olgandek, har kun yoʻlakka chiqishni kanda qilmas, qishin-yozin uni hech ikkilanmay yoʻlakdan oppa-oson topib olish mumkin edi. Faqat u tunlari alla-qayoqqa gʻoyib boʻlar va yana tong azonda yoʻlakka birinchi boʻlib uning poyqadami tegar edi.

Men tilanchi chol haqida oʻylagan sayin qiziqishim tobora ortib borar, koʻnglimda bir-biridan gʻalati va jumboqli savollar bosh koʻtarib kelar edi: tilanchi chol kim edi, oʻzi? U hayotning qop-qorongʻi va boʻm-boʻsh yoʻlagidan nimani izlab oʻtdi? Uning shuncha payt odamlar oyogʻi ostida oʻzining gʻururu shaʼni, or-nomusi va umrini toptab oʻtirishdan koʻzlagan maqsad-muddaosi nima edi? U oʻziga nega bunday ayanchli va tuban qismatni ravo koʻrdi? U kimning vasvasasi, makru hiylasiga uchib, oʻzini yerga urdi, umrini yelga sovurib yubordi? Yoki u bu qadim va quv dunyo-dun nechogʻlik jilvakor va joduli koʻrinmasin, baribir, shundan boʻlak hech narsaga arzimasligini tuyqus anglab yetdimi?!

Bilmayman, har narsa boʻlishi mumkin. Ammo, nazarimda, tilanchi chol kunidan qolgan gʻarib va notavon, shuning uchun ham yoʻlakda tanda qoʻyib, odamlarning xayr-sadaqasiga koʻz tikib yashaydigan kimsaga sira oʻxshamasdi. Men endi bunga shak-shubha qilmay qoʻygan edim. Zero, koʻnglimning tub-tubida unga nisbatan achinish hissi aralash iliq mehrga oʻxshash tuygʻu uygʻonib kela boshlagan, u akam yo amakim, ishqilib, yaqin bir kishimga aylanib qolgandek tuyular edi.

Xoʻsh, u kunidan qolgan notavon kimsa boʻlmasa, unda kim edi? Bu savol asta-sekin xotirjam tortayotgan xayolimni yana qayta toʻzgʻitib yuborar, oʻzimni tuyqus boshi berk koʻchaga kirib qolgan kimsa singari nochor his etar va tilanchi cholni nechogʻlik koʻnglimga yaqin olishga urinmay, baribir, u haqda mutlaqo hech narsa bilmasligimga, men uchun butkul begona va yot kimsa ekanligiga dafʼatan iqror boʻlardim.

O, yoʻq, u nafaqat menga, balki mana shu hayhotdek keng va koʻhna dunyoga ham begona edi. U hech qachon hamma narsa aralash-quralash boʻlib yotgan hayot bagʻriga singishib ketmagan, har doim xuddi suvning loyqasi singari tubga choʻkkan, ammo umri bino boʻlib, biror-bir kimsaga qismatning bunday shafqatsiz yozdigʻidan zorlanmagan, koʻnglidagi alamu iztirobini toʻkib solmagan, oʻzining chuvalashib yotgan umr yoʻlidan nimaiki topgan va nimaiki yoʻqotgan boʻlsa, hamma-hammasini jimgina ichiga yutgan va oxir-oqibat hech kimga oshkor etmay oʻzi bilan olib ketgan edi.

Ha, darvoqe, kechagina u menga ism toʻgʻrisida juda gʻalati va ajib hikmatomuz gaplarni aytgan edi. Yoʻq, bu shunchaki joʻn va omadi gaplar emasdi, axir, bunday narsalar haqida shunchaki nomiga gapirib boʻlmaydi. Meningcha, bu soʻzlar uning sarkash va shafqatsiz kechgan, iztirob va alam bir lahza ham koʻz ochirmagan umri davomida qayta-qayta boshidan kechirgan, ammo har gal tan olishni istamay oʻjarlik bilan rad etgan, tushkunlik va umidsizlikka yuz tutgan oʻy-xayollarini atay boshqa narsalar bilan ovutgan, hamisha oʻzini xuddi omadi chopgan kimsadek magʻrur va baxtiyor tutgan, biroq baxtga qarshi bu koʻrgulik va azob-uqubatlarning adogʻi koʻrinmay, qismat hamisha yoʻldan adashtirib ketavergach, oxir-oqibat taqdirga tan berib, ishonib qolgan qatʼiy xulosasi edi. Chunki kecha u ortiqcha hayajonu ehtirosga berilmay, ishonch bilan kesib-kesib gapirgan, har bir soʻzi yuragining qat-qatidan otilib chiqqan, koʻzlari esa goʻyo aytayotgan fikrlarini tasdiqlayotgan singari olovdek chaqnab turgan edi. Ha, shunday, u yolgʻon gapirmagan edi, aslida meni aldash va laqillatishdan unga hech qanday foyda yoʻq edi. Buning ustiga, u loaqal bergan xayr-sadaqamga nomiga boʻlsa-da, koʻz tashlab qoʻymagan edi. Men shu fikrni xayolimdan oʻtkazar ekanman, tuyqus juda muhim sirni anglab yetgandek, birdan yuragim shitob bilan tez-tez urib ketdi: qiziq, tilanchi cholning ismi nima ekan?!

Harqalay, u ismsiz kimsa emas, bir paytlar dunyoga kelganda, ota-onasi unga yaxshi niyat bilan ism qoʻygandir?!

Biroq menga uning ismi ham umri singari qorongʻi va notanish edi.

Men ayni damda boshqa bir narsaga ich – ichimdan qattiq ishonib turardim: uni kim deb atashganidan qatʼi nazar, u umr boʻyi oʻz ismidan koʻngli toʻlmay yashagan, hayotining har bir qadamida boʻyniga osib qoʻyilgan bu tavqilaʼnatdan xalos boʻlishga uringan, qattol qismat rahm-shafqat qilmay boshiga qanday musibat va koʻrgiliklarni toʻkib solgan, yurak-bagʻrini pora-pora qilgan boʻlsa, u barcha-barchasini mana shu peshonasiga azaldan bitib qoʻyilgan ismdan koʻrgan, yoʻq, yoʻq, bu ism emas, balki yovuzlik va razolat tamgʻasi singari uni bir umr taʼqib etib kelgan, yuragiga qoʻrquv va vahm solgan, koʻziga dunyoni xunuk va vahimali qiyofaga solib koʻrsatgan, uzoq yillar davomida hayotning chigal va qorongʻi soʻqmoqlarida maqsad-muddaosiz sarson-sardon adashtirib yurgan, dunyo, odamlar va umrning maʼno-mazmuni haqida turli xil yolgʻon vaʼzlar oʻqigan va oxir-oqibat boshiga shuncha dardu sitam va iztirobga solgani yetmagandek, battar masxara qilgan koʻyi yoʻlakka – odamlar oyogʻi ostiga olib kelib tashlagan edi.

Aftidan, shundan soʻnggina u ism haqida yuragi bezillab oʻylaydigan boʻlib qolgan va boyagi qatʼiy xulosaga kelgan edi.

Ha, shunday, boshqacha boʻlishi mumkin emas. Axir, hayotda hech kim oʻzi boshidan kechirib, ishonch hosil qilmagan narsa haqida bunchalik qatʼiyat bilan gapira olmaydi.

Nimasini aytay, tilanchi chol, uning noayon kechmishi fikru xayolimni butkul band etib olgan, garchi oʻzim qaysi biriga ishonishni bilmay tursam-da, u haqida turli-tuman taxminu farazlar toʻqir edim. Buning ustiga, uning kecha ism haqida aytgan soʻzlari hali-hanuz yuragimga qoʻrquv solib turardi. Zero, men oʻgʻlim tugʻilganiga olti kun boʻlganiga qaramay, hali unga ism qoʻymagan edim.

 

* * *

Ittifoqo, men ana shunday kunlarning birida oʻgʻlimga ism topdim: uni Muayyad deb atadim. Bu ism toʻzgʻib yotgan xayolimda kutilmaganda qayerdan paydo boʻldi, oʻgʻlimga nega aynan shunday ism qoʻydim, bu ism qanday sehru jozibasi bilan koʻnglimni zabt eta qoldi, gapning rosti, hozir buni tuzuq-quruq tushuntirib berolmayman. Kim biladi, ehtimol, bu ism shuuru tasavvurimning qat-qatlarida uzoq yillardan buyon koʻmilib yotgan, biroq men uning xayolim ummonida yashayotganini hech qachon payqamagan, faqat oʻgʻlim chinqirib yigʻlagancha dunyoning zalvorli eshigini nozikkina barmoqlari ila ohistagina qoqayotgan mahal shu ism ham uzoq safarga otlangan yoʻlovchi singari birdan qalqib yuzaga chiqqandir. Ehtimol, haligi tilanchi chol aytgandek, oʻgʻlimning peshonasiga bitilgan qismatu aʼmolning oʻzi uni yodimga solib qoʻygandir. Bilmayman. Faqat bu ismni xotinim ilk marta tilga olganda nechogʻlik ensasi qotib, jahli qoʻzigan boʻlsa, u oʻzimga shunchalik yoqar, nazarimda, bu ism to ufqqa qadar choʻzilib ketgan, hali biror-bir kimsaning izi tushmagan yolgʻizoyoq yoʻl kabi sirli va jozibali koʻrinar edi.

Xotinim mening ogʻzimdan bu ismni eshitgan zahotiyoq xuddi yoqimsiz narsaning taʼmini tuygandek, birdan yuzi burishib ketgan, ich-ichidan achchigʻi koʻtarilib kelganidan ochiq-oshkor shangʻillashga tushgan edi:

– Muayyad degani nima emish? Dunyoda shundan boʻlak tuzukroq ism qurib qolgandimi? Siz almisoqdan qolgan shunday ism topishingizni oʻzim ham bilardim… Odamlar bitta oʻgʻliga ham eplab tuzukroq ism qoʻyolmabdi, demaydimi?!

Odatda, xotinim oʻgʻlimning ismini aytayotganda hadeganda tili aylanmay qiynalganidan battar jahli qoʻzib ketardi. Biroq uning bunday norozi ohangda javrashlari uzoqqa choʻzilmadi, oradan koʻp oʻtmay u indamay qoʻydi.

Demak, bundan buyon hamma oʻgʻlimni Muayyad deb ataydi. U shu ismning ostida oʻsib-ulgʻaydi. Bu goʻyo ism emas, muqaddas tumor singari uni hayotning xatarnok koʻchalaridan kiprigiga gard ham yuqtirmay olib oʻtadi, koʻngliga hamisha eng huzurbaxsh orzu-umidlarni solib turadi.

Kim biladi, balki men havoyi va puch oʻylar taʼsirida xayolparast bir kimsaga aylanib qolgandirman. Ehtimol, oʻgʻlimning ismi bu dunyodagi millionlab boshqa ismlardan biror-bir jihati bilan farq qilmaydi, u ham oddiy va joʻn bir ismdir.

Umuman aytganda, ism ham allaqaysi bir zamonda xudkom bir kimsa tomonidan ilohiylashtirilgan, bezab-bejalgan va u haqda bir-biridan gʻaroyib rivoyatlar toʻqilgandir. Aslida esa, ismda hech qanday sir-sinoat ham, xosiyat ham yoʻq, u insonning taqdiru aʼmoli, kechmish hayotiga zigʻircha daxl qilolmaydigan shunchaki bir joʻn narsadir.

Men bu sovuq oʻylar taʼsirida tushkunlikka tushgandek birdan boʻshashib ketar, oʻzimning holatim oʻzimga ham kulgili boʻlib tuyulardi. Biroq oradan bir lahza oʻtib-oʻtmay, tagʻin umidbaxsh oʻylar xayolimni band etib olar va yana oʻgʻlimning ismi haqida oʻylardim.

Mening nazarimda, oʻgʻlimga qoʻygan ism bagʻrida hali odamzot bolasiga nasib etmagan, bir qarashdayoq aqlu tasavvurni butkul lol qoldiragan moʻjiza yashirinib yotgandek tuyular edi.

Mana shu oʻy yuragimni xulyo kabi junbushga solar, xayolan juda koʻp narsalar haqida vaʼda berar edi. Buning ustiga, men xuddi taqdirdan hech qachon mehru muruvvat koʻrmagan, balki har doim oʻgay oʻgʻil singari bir chetga itqitib tashlagan kimsa kabi oʻgʻlimning kelajagiga umid va xavotir bilan qarar, goʻyo hayotda shundan boʻlak ilinju ishonchim qolmagandek, mudom u haqda oʻylar edim.

Oʻgʻlimning chaqaloqlik damlari xuddi qadim ertaklardagi singari tinch, osoyishta va sirli tarzda oʻtib borardi: odatda, kechayu kunduz uyqudan koʻz ochay demas, uzoq vaqt qotib uxlar, hatto biz bilan bitta uyda yashayotgani ham aytarli sezilmasdi. Faqat qorni ochgan payt tamshanib-tamshanib past ovozda yigʻlar, uning ovozi yigʻidan koʻra koʻproq endi koʻz ochayotgan kuchuk bolasining gʻingshishiga oʻxshab ketar va xotinim shosha-pisha koʻkrak tutganda, u bir-ikki marta tortqilab-tortqilab koʻkrak soʻrar va ema turib, tagʻin koʻzlari uyquning sirli toʻrlariga ilinib qolar edi. Baʼzan uyqu uni oʻzining sirli domiga shunchalik chuqur tortib ketardiki, hatto nafas olayotgani ham sezilmay qolar, chippa yumilgan koʻzlari va ifodasiz tusga kirgan oqpar yuziga tikilib turib, kishi dafʼatan noxush va sovuq oʻyga borganini sezmay qolar edi. Gohida xotinim unga tikilib turib, chamasi, koʻnglidan shunday noxush oʻy kechgandanmi, tuyqus rang-quti oʻchib tipirchilab qolar va shosha-pisha oʻgʻlimning koʻksiga bosh qoʻyib, yurak urishiga quloq tutar, ammo biroz oʻzini bosib olganiga qaramay, baribir, yuragidagi xavotiri bosilmasdi, shekilli, atay burnini chimchilab, uyqusini buzib uygʻotar edi.

Buning ustiga, oʻgʻlimning jismu jussasi juda kichkina va nozik edi. Men u tugʻilgan kunlari juda koʻp marta uning yuzi, koʻzlarining rangi va miyigʻida yoyilib kulishini oʻzimcha tasavvur qilishga uringan va oxir-oqibat chehrasi kulgidan yorishib turgan loʻppigina goʻdakning qiyofasi xayolimdan joy olib ulgurgan edi. Men oʻgʻlim tasavvurimda yashayotgan ana shu goʻdakka quyib qoʻygandek oʻxshaydi, deb oʻylar va bunga qattiq ishonar edim.

Buning ustiga, u tugʻilgan kunlarda har gal tugʻruqxonaga yegulik koʻtarib borganimda, xotinim derazadan boshini chiqarib, oʻgʻlimni xuddi esini tanib qolgan boladek taʼriflar, uning lablarini yoyib, begʻubor kulishiyu qoʻl-oyoqlarini tipirchilatishi, hatto sochlarining rangi, qoshu koʻzlari kimga oʻxshab ketishini shunday zavq-shavq bilan gapirib berardiki, beixtiyor oʻzimning ham yuragim orziqib ketardi.

Biroq oʻgʻlimni tugʻruqxonadan olib kelgan kun men hayajonga tushgan koʻyi harir choyshabni koʻtarib, uning yuziga qararkanman, dafʼatan ayanchli manzaraga koʻzim tushgandek, aʼzoyi badanim birdan seskanib, koʻnglim noxush tortib ketdi: yoʻrgakda yotgan goʻdak – mening oʻgʻlim tasavvurimda ancha paytdan buyon yashab kelayotgan va koʻnglimga juda yaqin boʻlib qolgan goʻdakka sira oʻxshamas edi. Rostini aytganda, yoʻrgakdagi goʻdakni rosmana chaqaloq deb ham boʻlmasdi, uning koʻpchigan xamirdek rangpar yuziga hali qosh-kiprik bitmagan va u bir parcha qip-qizil goʻshtga oʻxshar, faqat ona qornida oʻsgan siyrak sochlari qop-qora va uzun edi. Men unga qarab turarkanman, xuddi orzu-umidim bir zumda sarobga aylangan kimsadek boʻshashgan koʻyi uning oldidan qanday nari ketganimni oʻzim ham bilmay qoldim.

Eng yomoni, oʻshanda bu holat xayolimda qattiq oʻrnashib qoldi, undan uzoq vaqt qutula olmay qiynalib yurdim. Shu oʻy taʼsirida oʻgʻlimning beshigiga yaqinlashishga yuragim betlamasdi.

Ammo bularning bari oʻtkinchi ekan, chunki oʻgʻlim kunlar oʻtgan sayin asta-sekin ulgʻayib borar edi: hademay uning toʻlishib, tip-tiniq tortib qolgan yuziga rang va chiroy kirdi, qoshu kipriklari xuddi shitob bilan oʻsa boshlagan bahorgi maysa singari yalt etib koʻzga tashlanib qoldi, nazarimda, u endi xayolimda yashayotgan goʻdakka oʻxshar, kulgichlari tuyqus yoyilib ketganda, kishiga bir dunyo zavq-shavq bagʻishlar edi. Men oʻgʻlim oʻzining jismu jussasida har daqiqada qanday qudratli va hayratomuz oʻzgarish roʻy berayotgan boʻlsa, barini uyquning sirli hamda lazzatbaxsh bagʻridan topayotganini ich-ichimdan sezib turardim. U kunni tunga, tunni kunga ulab uxlar, uyqu xuddi mehribon va oqkoʻngil enaga singari undan mehru muruvvati, qalb qoʻri va quvonchu shodligini sira ayamas, tunu kun boshi uzra parvona boʻlar, uning moʻjaz ruhiyatiga orom va halovat, koʻzlariga esa nur bagʻishlar, mushaklarini kuch-quvvat bilan toʻldirar edi. Oʻgʻlim uyquning sirli quchogʻida orom olgan koʻyi ulgʻayib borardi. O, yoʻq, yoʻq, uyqu xuddi keksa va ustamon afsungar kabi uni bir nafas ham oʻz quchogʻidan boʻshatmay, hayotning koʻz ilgʻamas olis soʻqmoqlariga safarga hozirlar edi. Oʻgʻlimning ayni damdagi hayotida bizning mehru muhabbatimizdan koʻra uyquning sehri va qudrati ustuvor edi.

 

* * *

Oradan koʻz ochib, yumguncha sakkiz oydan ziyod vaqt oʻtib ketdi. Kunlar goʻyo shamol singari shitob bilan yelib oʻtgan, men vaqt qanday kechganini sezmay qolgan edim. Yoʻq, yoʻq, aniqroq aytsam, hayotdan kutilmaganda katta maʼno va mazmun topgan kimsadek, koʻnglim butkul xotirjam tortgan, oʻtayotgan kunlar toʻgʻrisida sira oʻylamay qoʻygan edim. Oʻgʻlim sogʻlom oʻsar, u yoshiga nisbatan ancha tetik, yerdan allaqachon bagʻrini uzib olib, apil-tapil emaklashga tushgan, baʼzan allanimani qoʻlchalari bilan mahkam tutib, dovdirab-dovdirab oʻrnidan turar va qadam tashlashga urinar edi. Uning har bir xatti-harakati, goʻdaklarga xos mugʻombirligiyu soddaligi, koʻzi tushgan narsaga xayolga tolgan koʻyi uzoq-uzoq tikilib qolishi, uyqusidagi sirli jilmayishlari, xullas, hamma-hammasi kishini chinakamiga hayratga solar, koʻngilning tub-tubida zabun va unut boʻlib yotgan tuygʻularni tuyqus uygʻotib yuborar, xayolni bolalikning olis dunyosiga boshlab ketardi.

Baʼzan men oʻgʻlimga tikilib turib, odamzot bolasi oʻsib-ulgʻayib, bu dunyoning bagʻrida nechogʻlik chuqur ildiz otmasin, nega baribir, oʻzi bir paytlar tark etib ketgan va umrining huv olis bekatida qolgan bolaligiga qaytishni, yana bir marta dunyoga goʻdak nazari bilan qarashni istaydi, qoʻmsaydi, nega bu oʻy garchi sarob boʻlsa-da, hech qachon odamzot koʻnglini tark etmaydi, balki u olisdagi mayoq yangligʻ hamisha koʻngilni junbushga solib, oʻzi tomonga betinim chorlaydi, deb oʻylardim. Aslida oʻzim ham bolalik kezlarimni juda koʻp qoʻmsar, ayniqsa, kindik qonim toʻkilgan qishloqdan uzoqda – musofir shaharda yashay boshlaganimdan buyon bolalikdagi xotiralarim hayotimning ajralmas bir boʻlagiga aylanib qolgan edi. Yoʻq, deb oʻylardim men, odam bolasi aslida umr yoʻlining ibtidosida xuddi eski libos singari tashlab ketgan bolalik davrini emas, balki hayotining ayni shu pallasida qadimiy alla kabi qalbini erkalab, maʼsum va umidbaxsh tuygʻular bilan toʻldirgan, xayollari yuksak-yuksaklarga parvoz etishida qanot boʻlgan, koʻziga bu keksa va quv dunyoni sodda va joʻn qiyofaga solib koʻrsatgan masrur tuygʻularini sogʻinadi, yuragini ogʻir koʻlanka singari bosib yotgan iztirobu alamini unutib, shafqatsiz dunyoning yuziga yana bir marta goʻdak nazari bilan qarashni, uni yovuz va mudhish emas, bolalikning oʻzi kabi sodda va begʻubor qiyofada koʻrishni istaydi, koʻngilning tub-tubida xira miltirab turgan bu istak-xohish unga sira tinchlik bermaydi.

Men ana shunday oʻy-fikrlarni xayolimdan oʻtkazar ekanman, dafʼatan odam bolasi asli farishta qavmidan yaralgani, uning koʻngil intilishi, boʻy-bastidan hamisha anvoyi gullarning muattar hidi baralla ufurib turishi, bu qarimsiq dunyo unga jirkanch va yovuz narsalardan betinim saboq berib, oʻz izmu ixtiyoriga solishga urinmasin, baribir, koʻnglining tubida miltirab turgan goʻzallik, mehr-shafqatga tashnalik hissidan batamom mahrum qilib, oxir-oqibat hissiz bir mahluqqa aylantirib qoʻyishga ojiz ekanligiga yurakdan iymon keltirar edim.

Aslida ham shunday emasmi?!

Axir, shunday koʻz oʻngimda hech narsani xayoliga keltirmay oʻynayotgan oʻgʻlim ham koʻnglimdan kechayotgan bu oʻylarni unsiz tasdiqlab turardi: u koʻziga tashlangan har bir narsaga oʻzining roʻy-rost va adolatli fikrini bildirar – buni uning yuziga dafʼatan qalqib chiqqan ifodadan ham bilish mumkin edi, hech narsaga shubha va badgumonlik bilan qaramas, taʼma ilinjida yalinib-yaltoqlanmasdi. Yoʻq, yoʻq, u bu qadim dunyo aslida qanday joʻn va sodda yaralgan boʻlsa, uni shunday tabiiy yoʻsinda qabul qilar, uning murgʻak va tonggi shabnamdek musaffo koʻngli saltanatida hali xudbinlik va yovuzlik daraxti ildiz otmagan, u dunyoda eng haqgoʻy va xolis hakam edi. U ayni shu jihatlari bilan bizdan ulugʻ va ustun edi.

Ammo oʻgʻlim ham betinim talpingancha, qarshisida ulkan mahluqdek yastanib yotgan hayot qoʻyniga kirib borar edi, yoʻq, aniqrogʻi, dunyoning oʻzi ming bir tusda jilvalanib, jodugar kampir singari aldab-avrab uni bagʻriga chorlayotgan edi. Oʻgʻlimning koʻziga bu koʻhna dunyoning qoʻynida ayqash-uyqash boʻlib yotgan hamma narsa qiziq va sirli koʻrinar, koʻnglida cheksiz hayrat va taajjub uygʻotar, ipakdek mayin xayollarini oʻz domiga tortib ketardi. U koʻzi tushgan har bir narsaga kiprik qoqmay uzoq tikilib qolar, goʻyo xayolida allanimalarni muhokama qilayotgandek, peshonasini tirishtirar, hayratdan katta-katta ochilgan koʻzlarida hadik va qiziqish ifodasi suzib yurardi.

Ehtimol, aytsam ishonmaysiz, bir safar oʻgʻlimni hatto bizning – men va xotinimning qiyofamiz, yurish-turishimiz, soʻz qotishu kulgularimiz ham moʻjiza yangligʻ hayratga solishi, uning murgʻak tasavvurida adoqsiz qiziqish uygʻotishini ilkis payqab qoldim. Oʻshanda yozning iliq oqshom mahali edi, xotinim bolalik chogʻida roʻy bergan qiziq bir voqeani gapirib berayotgan edi: u allaqachon xotiraga aylanib qolgan oʻsha voqeani ayni damda boshidan kechirayotgandek, hayajonga tushgan koʻyi joʻshib gapirar va zavqi kelgandan dam-badam sharaqlab-sharaqlab kulib qoʻyar edi. Uning chehrasi yanada ochilib ketgan, hayajonlanayotgandanmi yonoqlari qip-qizil tortgan, berilib zavq-shavq bilan gapirishi qulogʻimga mayin va yoqimli eshitilar edi. Shu bois men uning gaplariga butkul mahliyo boʻlib, qilt etmay oʻtirardim. Ammo bir chogʻ tuyqus allanimadan xayolim boʻlindi-yu, gʻalati holatga koʻzim tushib qoldi: oʻgʻlim – toʻqqiz oylik goʻdak goʻyo hamma narsani aniq-taniq anglayotgan singari qilt etmay onasiga tikilib oʻtirar, uning qiyofasi butkul jiddiy tortgan, faqat onda-sondi allanimadan zavqi kelgandami, miyigʻida kulib-kulib qoʻyar edi. Men unga tikilib qararkanman, dafʼatan uni onasi gapirib berayotgan voqea emas, balki uning qanday alfozda gapirishi, lablarini tez-tez qimirlatishiyu sharaqlab kulishi hayratga solayotganini payqab qoldim-u, oʻzimni tutolmay birdan kulib yubordim. Ovozim uy ichini tutib ketdi. Oʻgʻlim ham sergak tortdi va menga yalt etib qaradi-yu, yuzi qizarib ketdi va yoyilib kulgancha apil-tapil yuzini yashirib oldi. Xotinim, tabiiyki, hech narsani payqamadi. Keyin men unga qanday voqea roʻy berganini gapirib bergandim, ammo u meni xayolparastga yoʻyib, gaplarimga ishonmadi.

Oʻgʻlimning tabiatidagi goʻdaklarga xos soddalik koʻnglida kechayotgan oʻy-xayollarni yashirib qolishga imkon bermasdi. Agar unga biror-bir narsa yoqib tushsa, kulgichlari oʻz-oʻzidan yoyilib ketar va u qoʻrquv hamda hadikni ham unutgan koʻyi betinim irgʻishlagancha oʻsha tomonga talpinib qolar edi. Xunuk va yoqimsiz narsalar, tabiiyki, oʻgʻlimning ruhiyatiga yomon taʼsir qilar, bunday paytda uning yuzi birdan burishib, ayanchli tusga kirar va tuyqus chinqirib yigʻlab yuborar edi.

Bir kuni shunday voqea roʻy bergan edi: oʻshanda kun endi uzilayotgan palla – ayni shom mahali edi. Uy derazasining tabaqalari ochib qoʻyilganidan ichkariga salqin shabada gʻir-gʻir oqib kirar va dimiqqan havoni haydab solar edi. Men botayotgan quyoshning deraza oynasida oʻynayotgan shafaqlariga jimgina tikilib oʻtirar, kun boʻyi kutubxonada kitob titkilaganimdan boshim tinimsiz gʻuvillar va oʻzimni qattiq toliqqandek his etardim. Oʻgʻlim ham boyagina uyqudan uygʻongan, ammo ong-shuurini hali uyqu karaxtligi butkul tark etmaganidan, oʻziga kela olmay xomush tortib oʻtirar edi. Xotinim tashqarida – oshxonada kechki ovqatga unnar, uy ichiga allaqanday ogʻir jimlik choʻkkan edi.

Biz, oʻgʻlim ikkimiz mana shunday xayolga gʻarq boʻlib turgan payt kutilmaganda uy ichiga qandaydir adashgan kapalak dovdiray-dovdiray uchib kirdi. Kapalak juda chiroyli va nafis edi, uning sargʻish tusdagi qanotlari quyoshning alvon shafaqlarida yalt-yalt etib tovlanib, koʻzni olar, havoda kapalak emas, goʻyo bir parcha choʻgʻ uchib yurganga oʻxshab tuyular edi. Kapalak qoʻrquv va hadikni ham unutgancha toʻppa-toʻgʻri mening boshim ustida doira solib, aylanib ucha boshladi.

Men unga koʻzim tushib, beixtiyor koʻnglimdan arvoh kapalak boʻlsa kerak, degan oʻy kechdi-yu, birdan sergak tortdim. Men tabiatan irim-sirimlarga unchalik ishonmasdim. Lekin kapalaklar toʻgʻrisidagi noxush taassurot bolaligimdan xotira boʻlib qolgan, oradan uzoq yillar oʻtgan boʻlishiga qaramay, hali-hanuz bu oʻydan qutula olmasdim. Bolaligimda oqshom mahallari hovlimizda tez-tez allaqayoqdan sariq kapalaklar paydo boʻlib qolar, onam esa ularga koʻzi tushgan zahotiyoq birdan tinchini yoʻqotib, bezovta tortar, dam uyga kirib, dam tashqariga chiqib, oʻzini qoʻyarga joy topa olmas, pichirlab allaqanday duolarni oʻqir va ora-sirada bizga bir qadar hayajonli vahimali ovozda: “Bular arvoh kapalaklar, tagʻin tega koʻrmanglar”, deya qayta-qayta uqtirar edi.

Sariq kapalaklar juda yuvvosh, hech kimga zarari tegmas, ular hovlidagi gullarga qoʻnib, uzoq vaqt uchib yurardi. Onam tun choʻkib, kapalaklar koʻzdan butkul gʻoyib boʻlgunga qadar bizga nomaʼlum qoʻrquv va sarosimadan qutula olmas, u baʼzan kapalaklarning katta-kichikligi, uchishiga qarab turib, bugun otamning yoki onamning arvohi keldi, deb oʻz-oʻziga pichirlab qoʻyardi. Soʻng arvohlar umidvor boʻlayapti, deya albatta boʻgʻirsoq yoki chalpak pishirib, qoʻni-qoʻshnilarga tarqatardi. Onamning oʻshanda oʻta gʻalati tarzdagi qoʻrquv toʻla soʻzlari bolalik xotiramga qattiq muhrlanib qolgan, shundan buyon nafaqat sariq kapalaklar, balki barcha kapalaklarga choʻchib, allaqanday qoʻrquv bilan qarar, ularga koʻzim tushgan zahotiyoq oʻz-oʻzidan yuragimga vahima oralab qolardi.

Ayni damda uyga uchib kirgan kapalakni koʻzdan qochirmay kuzatar ekanman, ichimda uning shom mahali paydo boʻlganini qandaydir falokatning alomatiga yoʻyar, biroq yuragim qattiq bezovta tortib ketayotgan esa-da, oʻrnimdan turib, uni tashqariga quvib chiqarishga zinhor botina olmasdim.

Oʻgʻlim uy ichiga kapalak uchib kirganini payqamay qoldi, u hali-hanuz xomush tortib lanj qiyofada oʻtirar, lablarini choʻchchaytirib, boshini quyi solib olgan, dam-badam koʻzlari yumilib-yumilib ketar edi. Men ham ich-ichimdan uning koʻzlari kapalakka tushib qolishini sira istamas, goʻyo bu shumniyat jonzotga koʻzi tushsa, qandaydir falokat sodir boʻladigandek, xavotir bilan tez-tez unga qarab-qarab qoʻyardim.

Buni qarangki, bir chogʻ kapalak xuddi koʻnglimdan kechayotgan xavotirni sezgandek, toʻppa-toʻgʻri oʻgʻlimning boshi ustiga uchib bordi-da, doira solib aylana boshladi. Uy ichiga ogʻir jimlik choʻkkan, kapalakning havoni ohista-ohista sirmayotgan qanotlari sasi, nazarimda, aniq-taniq eshitilayotgandek tuyular va yuragimdagi vahima battar ortib borar edi.

Kapalak shu alfozda jimir-jimir etib uchgancha, ancha payt oʻgʻlimning boshi ustida aylandi. Bir payt hamon mudrab oʻtirgan oʻgʻlim boshini ilkis koʻtardi va koʻzlarini katta-katta ochib, yuqoriga qaradi. U boshi ustida pir-pir oʻynayotgan kapalakka koʻzi tushib, bir muddat angraygan koʻyi qotib qoldi. Ammo uning hayrati uzoqqa choʻzilmadi, koʻnglida qiziqish va ishtiyoq hissi ustun keldi, shekilli, kulgichlari oʻz-oʻzidan yoyilib ketdi.

O, men nimasini ham aytay, anavi ayyor va quv kapalak havoda yal-yal tovlangancha bir zumda oʻgʻlimni oʻziga mahliyo qilib qoʻydi. Oʻgʻlim ham koʻzlari yonib unga qararkan, yuragida tuygʻulari junbushga kelganidan, oʻzini tutib tura olmadi, shekilli, mitti qoʻlchalarini xuddi kapalak qanotlaridek apil-tapil silkitgancha irgʻishlashga tushdi. U, aftidan, kapalak singari uchishni istab qolgan, shu bois qoʻlchalarini shitob bilan tez-tez silkitar va tushuniksiz, ammo hayajon toʻla tovushda allanimalar deb qichqirib-qichqirib qoʻyar edi. Uning katta-katta ochilgan koʻzlari choʻgʻdek yonib turar, yonoqlari qip-qizil tortib ketgan edi. Kapalak ham allaqachon undan choʻchimay qoʻygan, xuddi atay oʻgʻlim bilan oʻynash uchun uyga uchib kirgandek, uning boshi ustida tinimsiz aylanar, goh yuqorilab, goho pastlab uchar, qanoatlarini esa raqsga tushayotgandek nozli-nozli silkitib qoʻyardi.

Men, rosti gap, oʻgʻlim kapalak bilan bunchalik tez el boʻlib ketishini sira kutmagan edim. Ularga qarab turib, yuragim orziqib ketar, xayolimni band etib olgan boyagi vahimali va noxush oʻylar asta-sekin koʻtarilib borar edi. Men ich-ichimdan oʻgʻlimga havasim kelardi, zero, u hali tili chiqmagan goʻdak biror-bir ilmu amalsiz tabiiy yoʻsinda bu dunyoning bagʻridan adashmay-ogʻishmay goʻzallikni izlab topgan va undan zavq-shavq olayotgan edi.

Aslida kapalak ham goʻyo farishtalar yurtidan uchib kelgandek, goʻzal va maftunkor edi, shuning barobarida, hali suyagi qotmagan oʻgʻlimning ruhiyati ham masʼum va begʻubor edi. Ular bir-birini oppa-oson topib olgan va qoʻrquv hamda hadik bilmay oʻynayotgan edilar.

Shu kun quyoshning alvon shafaqlari batamom soʻnib, tun choʻka boshlaganga qadar oʻgʻlim kapalak bilan oʻynagan edi.

U mening toʻngʻich farzandim, koʻzimning oqu-qorasi edi, uning ismi Muayyad edi. Hayotimiz shunday tinch va osoyishta oʻtib borar, biz Muayyad bilan ovunar va quvonar, uni oʻzimizga taqdirning eng katta siylovi deb bilardik. U mitti sehrgar kabi koʻnglimizga hamisha umidu ishonch solib turar, koʻzimizga bu keksa dunyo oʻta saxiy va muruvvatli boʻlib koʻrinar, yashash esa naqadar zavqli tuyular edi.

U mening toʻngʻich farzandim edi, biz, xotinim ikkimiz endi farzand mehrini tuygan, birimiz oʻzimizni ota, birimiz esa ona deb his eta boshlagan edik.

Ammo yoz oʻtib, shaharga kuzning namxush nafasi kirib kelgan, dov-daraxtlar yaprogʻi zaʼfaron tus olgan kezlarda kutilmaganda oʻgʻlimning ruhiyatida gʻalati oʻzgarish yuz koʻrsatdi va biz, xotinim ikkimiz azbaroyi qoʻrquv va vahimaga tushganimizdan oʻzimizni butkul yoʻqotib qoʻydik.

Bu haqda xotinim ilgari ham ikki-uch marta xavotirga tushgan koʻyi gapirgan, ammo men u shunchaki vahima qilayapti, degan oʻyda bu shoʻrishlarga tuzuk-quruq eʼtibor bermagan edim. Aslida nimadan xavotirga tushishni bilmasdim, axir, oʻgʻlim shunday koʻz oʻngimda toʻrt muchasi soppa-sogʻ oʻynab yurar, ahvol-ruhiyasi, yuz-koʻzida biror-bir dardning alomati sezilmasdi. Men baʼzan oʻgʻlimga qarab turib, xotinim nega bunchalik xavotirga tushayotganini sira tushuna olmasdim.

Oʻsha kuni esa kechga tomon uyga qaytganimda, xotinim shunday vahimaga tushgan koʻyi gapirdiki, beixtiyor oʻzimning ham koʻnglimga xavotir oralaganini sezmay qoldim.

– Oʻgʻlingizga nima boʻlgan – sira tushunolmayman, – dedi u yigʻlagudek bir ovozda. – Kun uzogʻi koʻziga bir chimdim uyqu olmaydi, beshigini tebrataverib, qoʻlim uzilib tushay dedi. Qani endi, koʻzini yuma qolsa, qayda deysiz, bigʻillab yigʻlagancha qoʻl-oyogʻini tipirchilatib, beshikdan yechib ol, deganday tinmay xarxasha qiladi. Beshikdan yechib qoʻysam, boladek oʻz koʻyida oʻynab oʻtirsa, mayli edi. Buningiz goʻdakka oʻxshab bir nafas oʻynash oʻrniga odamnng xayoliga kelmagan qiliq chiqargan. Hali gilamning qatini koʻtarib, ostidan allanima izlaydi, hali taxmonning orasiga qoʻl suqib titkilaydi, hali sizning anavi kitoblaringizni olib, bitta-bitta varaqlaydi. Oʻynagan boʻlib, shunday qilsa, goʻrga edi, yoʻq, buningiz titkilab-titkilab, axiyri, oʻz-oʻzidan chinqirib yigʻlab yuboradi. Tovba, xuddi allanarsa chaqib olgandek, shunday qaqshab yigʻlaydiki, ovozidan uy koʻchib ketay deydi. Yigʻlaganda rang-roʻyini koʻrsangiz, qoʻrqib ketasiz. Uni ovutib, oʻziga keltirgancha, jonim naq boʻgʻzimga keladi. Bola boʻlib, bolaga oʻxshamaydi, bir burda holi bilan nimani izlaydi, hayronman…

Men xotinimning gaplarini eshita turib, uy oʻrtasida xuddi oʻzi haqida gapirayotganimizni anglagandek boshini quyi solib, xomush oʻtirgan oʻgʻlimga yaxshiroq razm soldim: u dafʼatan koʻzimga gʻamgin va maʼyus koʻrindi. Koʻzlari ham botgan, rangi siniq edi, aftidan, qandaydir dard qiynayotganga oʻxshar edi. Men shuncha kundan buyon oʻgʻlimga tuzuk-quruq eʼtibor bermaganimga oʻzim ham hayron qoldim. Ayni damda, u koʻzimga qandaydir ogʻir dardga chalinib, birdan soʻlib qolganga oʻxshab koʻrindi. Men uni koʻtarib olib, bagʻrimga bosdim va yuzidan oʻpib, erkalagan boʻldim. Ammo u, odatdagidek, quvonchdan irgʻishlab, bagʻrimga talpinmadi, erkalashlarimga ham parvo qilmadi. U qoʻllarimda shalvirabgina turar, butun vujudi karaxt tortib qolgandek, hech narsani payqamas, chamasi, uning xayoli oʻzida emas, allaqayoqlarda uchib yurardi.

Oqshom xotinim ikkimiz bir-birimizga soʻz qotishga ham hafsala qilmay jimgina ovqatlandik. Oʻgʻlim tugʻilgandan buyon uyimizga hech qachon bunday ogʻir jimlik choʻkmagan, kutilmaganda uning ruhiyatida roʻy bergan oʻzgarish bizni birdan gʻam-gʻussaga botirib qoʻygan edi.

Ammo ovqatlanib boʻlib, dasturxonga fotiha oʻqilgach, gʻalati voqea yuz berdi: shuncha paytdan buyon chiroyi ochilmay tumshayib oʻtirgan oʻgʻlim birdan oʻz-oʻzidan jonlanib qoldi, uning soʻnik va rutubatli koʻzlari chaqnab ketdi, yuziga ham qizillik yugurib, goʻyoki dafʼatan nimadir yodiga tushib qolgandek, shoshib oʻrnidan qoʻzgʻaldi-da, apil-tapil emaklagancha uy toʻridagi taxmon tomon keta boshladi. Men uning kutilmaganda jonlanib qolganini koʻrib, birdan hushyor tortdim va unga qarab turib, hayrat va taajjubga tushganimdan toshdek qotib qoldim: oʻgʻlim mushtdek bola boshi bilan allaqanday yovqur va oʻjar qiyofaga kirgan, yuzini shiddatli ifoda qoplab olgan, koʻzlari yonib turardi. U ayni damda hali esini tanimagan goʻdakka emas, balki oʻljasi tomon shitob bilan bostirib borayotgan sirtlonga oʻxshar, harakatlari keskin va qatʼiy, shu tobda uni hech qanday kuch iziga qaytarishga qurbi yetmasdi, chogʻi. Aftidan, oʻgʻlimning oʻzi taxmon tomonga nega bunchalik shoshib emaklab borayotganini yaxshi bilar, fikru xayolini yolgʻiz shu narsaning yodi band etib olgan edi.

Uy ichiga yurakni tars yoradigan jimlik choʻkkan, biz, xotinim ikkimiz nafasimizni ichimizga yutgancha oʻgʻlimdan koʻz uzmay turardik. Ammo oʻgʻlim taxmon qarshisigacha emaklab borishga negadir sabri chidamadi, shekilli, sal bu yoqda, devorga yaqin joyda toʻxtadi. Kim biladi, ehtimol, u aslida taxmon tomonga emaklab bormayotgan, faqat menga shunday tuyulgandir. Bilmadim, ishqilib, oʻgʻlim uy oʻrtasida devorga yaqin joyda toʻxtab, oyoqlarini uzatgan koʻyi yastanib, oʻtirib oldi-da, qoʻlchalari bilan shoshib gilam qatini koʻtardi va boʻynini choʻzib, uning ostiga qaradi. Chamasi, xotinim boya rost gapirgan, oʻgʻlim, chindan ham, allanimani izlar va oʻsha oʻzi izlayotgan narsasini gilam ostidan topib olishga sira ikkilanmasdi, shekilli, ishonch va umid bilan kiprik qoqmay tikilar, butun qiyofasidan mana shu ifoda shuʼlasi yogʻilib turardi.

Biz, xotinim ikkimiz undan koʻz uzmay turar, koʻnglimizda qiziqish va xavotir hissi ustun kelayotgan boʻlsa-da, uning xayolini buzishga jurʼatimiz yetmasdi.

Oradan imillab bir necha daqiqa oʻtgach, oʻgʻlim xoʻrsingandek, ogʻir nafas oldi-da, qoʻlchasi bilan tutib turgan gilam qatini oʻziga yarashmagan allaqanday zarda va iddao bilan qoʻyib yubordi va yana boyagi vajohat bilan uy toʻriga, taxmon tomonga emaklab ketdi.

U hademay taxmon qarshisiga yetib bordi: koʻrpa-yostiq yigʻib qoʻyilgan taxmon uning boʻyidan ancha baland edi. Biroq oʻgʻlim taxmon chekkasiga chiranib osilgancha oʻrnidan turib, oʻng qoʻlini taxmon qatiga suqqancha hafsala bilan titkilashga tushdi. U goʻyo hammasini oldindan puxta oʻylab olgan va oʻzini shunga ruhan hozirlagandek, har bitta harakatini adashmay-ogʻishmay bajarar, oʻng qoʻlini chaqqonlik bilan koʻrpa-toʻshak qatiga suqib, tez-tez titkilar, chap qoʻli bilan esa, azbaroyi yiqilib tushmaslik uchun, taxmon chetini mahkam changallab ushlagan edi. U, aftidan, ilgari ham mana shu holatda taxmon qatini koʻp marta titkilagani va shundan buning yaxshigina hadisini olgani koʻrinib turardi.

U qoʻlchasini taxmon qatiga uzatarkan, koʻzlarini ohista yumgan koʻyi uzoq payt paypaslanib izlanar, bunday chogʻda yuzini hozir kutilmagan voqea sodir boʻlib qoladigandek, hayajonli bir ifoda qoplab olardi. Baʼzan qoʻli taxmon orasida tuyqus allanimaga tekkandek, birdan koʻzlari yarq etib katta-katta ochilib ketar, baʼzan esa, chamasi, hadeb titkilashga sabri chidamay qolardi, shekilli, koʻrpa-toʻshaklarning chetidan tutib, tortqilagancha, taxmonni yiqitishga urinar, azbaroyi chiranganidan ikki yuzi qip-qizil tortib qolardi. Faqat, u negadir yigʻlab xarxasha qilmas va hech kimni koʻmakka chaqiray demas, hamma narsani unutgan koʻyi taxmon atrofida oʻralashar, biz nafasimizni ichimizga yutgancha unga tikilib turganimizni xayoliga ham keltirmas, goʻyo uy ichida oʻzidan boshqa biror tirik jon yoʻqdek, boshini xiyol oʻgirib qarab ham qoʻymasdi.

Men oʻgʻlimga kiprik qoqmay tikilib turar ekanman, dafʼatan xayolimga u nimanidir izlab, taxmon qatini titkilayapti, degan oʻy urildi. Ammo bunga shu zahotiyoq birinchi boʻlib oʻzim ishonmadim. Hatto shunday oʻyga borganimdan oʻz-oʻzimdan uyalib ketdim. Axir, buni aqlu tasavvurga ham sigʻdirib boʻlmaydi, oʻgʻlim – hali ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdak mushtdek boshi bilan nimani izlashi mumkin?! U kechagina dunyoga kelgan, hali oqni qoradan, qorani oqdan tuzuk-quruq ajratib olmaydi, buning ustiga uning hali tili ham chiqmagan, biror bir narsaning nomini bilib olishga ulgurmagan boʻlsa, yana nimani izlashi mumkin?

Kim biladi, aslida, oʻgʻlim ham biror nimani izlab taxmon qatini titkilamayotgan, balki shunchaki oʻz koʻyida oʻynayotgandir. Ehtimol, men uning yoshiga nomanand xatti-harakatlaridan butkul boshqa maʼno izlab yanglishayotgandirman. Axir, biz koʻpincha bolalarning xayolini band etib olgan, oʻzini qiziqtirgan oddiy va joʻn narsalarni ham tushunmaymiz, idrok etishga qiynalamiz va oxir-oqibat ularning ustidan yanglish xulosa chiqarib qoʻyamiz.

O, yoʻq, men ayni damda, garchi ich-ichimdan shunday boʻlishini qattiq istab turgan boʻlsam-da, notoʻgʻri va yanglish xayolga bormagan edim. Buning ustiga shunday qarshimda turgan oʻgʻlimning har bir xatti-harakati, yuz-koʻzini qoplab olgan ifoda mening shubha-gumonlarimni toʻliq tasdiqlab turar, buni sira boshqacha izohlab boʻlmasdi. Oʻgʻlim, rostdan ham, ichikkan koʻyi taxmon orasidan allanimani izlayotgan edi. Ayni damda uning fikru zikrini faqat oʻzi joni halak boʻlib qidirayotgan oʻsha narsaning surati band etib olgan, faqat shu haqda oʻylar va uni tezroq topishga urinar edi. Men yana shunga qattiq ishonib turardimki, oʻgʻlim oʻzi izlayotgan oʻsha narsani ilgari ham koʻrgan, uning rang-tusi, shaklu shamoyili va oʻziga nima uchun kerakligini juda yaxshi bilar edi, shuning uchun u ortiq hech narsaga eʼtibor bermas, umidu ishonch, shijoatu qatʼiyat bilan taxmon qatini titkilashda davom etardi. Oʻgʻlimning xayolini oʻgʻirlab qoʻygan narsa faqat bizgagina qorongʻi edi.

Oʻgʻlim hali-hanuz taxmonni chetidan tutgancha tortqilar, u xuddi qoyaga oʻjarlik bilan yopishib olgan burgut bolasiga oʻxshar, oʻziga mutlaqo yarashmagan vajohat bilan boshi ustida turgan taxmonni tortqilab yiqitishga urinar, pishillagan koʻyi zoʻriqib, tez-tez nafas olardi. U hali-beri shashtidan qaytadiganga oʻxshamas, aksincha, qiyofasi battar qatʼiy va oʻjar tus olib borardi.

Ammo uning barcha urinish va chiranishlari behuda ketayotgan edi, chunki taxmon uning boshi ustida xuddi qoyadek soya tashlab turar, u nechogʻlik urinmasin, baribir yiqitishga qurbi yetmasdi. Men oʻgʻlimdan koʻz uzmay qarab turar ekanman, u nimanidir izlayotgani va shundan butkul tinchini yoʻqotib qoʻyganiga tobora ishonib borar, xayolimni bir-biridan sirli va chigal oʻylar band eta boshlagan edi. Oʻgʻlim bunchalik ichikkan koʻyi nimani izlayapti, oʻzi? Bu savol bir qarashda juda oddiy va oʻta joʻn tuyulsa-da, men ayni paytda qanchalik bosh qotirmay, baribir joʻyali javob topa olmasdim.

Aslida, bu savolga oʻgʻlimdan boʻlak hech kim javob berolmasdi. Ammo hali uning tili chiqmagan, shu bois, tabiiyki, xayolini qanday sirli narsa oʻgʻirlab qoʻyganini aniq-taniq aytib berolmasdi. Faqat uning koʻnglida qanday oʻylar kechayotgan boʻlsa, barcha-barchasi koʻzlarida aks etgan edi. Biroq nigohidagi maʼnoni uqib olishga bizning aql-idrokimiz ojizlik qilardi.

Oʻgʻlim hamon taxmon chetini qoʻyib yubormagan, lekin endi uning xatti-harakatlari asta-sekin asabiy tus olib borar, qoʻlchalari oʻziga boʻysunmay zir-zir titrar, hansirab ogʻir-ogʻir nafas olishi esa, uy ichini tutib ketgan, yuzini ham tushkun bir ifoda qoplab olgan, koʻzlarida gir-gir yosh aylanar va u taxmon chetini tutgancha omonatgina chayqalib turardi.

Men oʻgʻlimning xatti-harakati oxir-oqibat shunday ayanchli yakun topishini oldindan sezgan va yuragim qoʻrquv va xavotirga toʻlib toqatsizlanib turgan edim. Oʻylaganimdek, bir chogʻ oʻgʻlim alam va iddao bilan oʻzini yerga tashlab yubordi va uy ichini uning chinqirib yigʻlagani tutib ketdi. U sarkashlik bilan oʻzini u yoqdan-bu yoqqa tashlab yigʻlar, oyoqchalari bilan yerni tap-tap tepib qoʻyar va koʻzlaridan tirqirab yosh quyilib kelar edi. Ovozi shunchalik alam va iztirobga toʻla ediki, bu oddiy goʻdakning xarxashasiga sira oʻxshamas, balki boshiga ogʻir judolik tushgan kimsaning faryodi singari yurakka sanchilib botar edi.

Mening birdan koʻnglim buzilib, koʻzlarim oʻzim sezmagan holda yoshga toʻlib qoldi va oʻrnimdan otilib turib, oʻgʻlimni yerdan koʻtarib oldim. Ammo uning koʻngli battar oʻksib ketdi, shekilli, yuzini koʻksimga bosib, boyagidan ham ayanchliroq ovozda chinqirib yigʻlashga tushdi. U soʻz bilan ifoda etolmagan iztirobu alamini yigʻi orqali anglatmoqchidek, oʻzini bosolmay selu selob boʻlib yigʻlar, yigʻi zarbidan mittigina jussasi silkinib-silkinib tushar, aʼzoyi badani temirdek qizib ketgan, koʻzlaridan tirqirab chiqayotgan issiq koʻz yosh koʻksimga shilqillab singib borayotgandek edi.

Men uy oʻrtasida oʻgʻlimni bagʻrimga bosib turarkanman, uni qanday qilib ovutishni bilmasdim, nazarimda, odatdagi shirin soʻz va erkalashlarim ayni damda oʻzining taʼsirini butkul yoʻqotib qoʻygan edi.

Buning ustiga uning mittigina jismu jussasini oʻrab-chirmab olgan iztirobu oʻkinch, alam va qaygʻu, oʻzini butkul unutgancha chinqirib yigʻlashi meni ham birdan karaxt qilib tashlagan, boshim hech narsani idrok etmas, xuddi chorasiz qolgan kimsa kabi oʻgʻlimni bagʻrimga bosgancha toshdek qotib turardim.

Xotinim ham allaqachon oʻgʻlimga qoʻshilib, piq-piq yigʻlashga tushgan, ammo u nega yigʻlayotganini oʻzi ham tuzuk-quruq bilmas, faqat koʻngli qandaydir noxushlikning sharpasini sezganidan koʻzlari qoʻrquv va vahimaga toʻlib qolgan edi. U oʻgʻlimning boshini silagan koʻyi allanimalar deb ovutishga urinar, ammo tili sira kalimaga kelmayotganidan gʻoʻldirashdan nariga oʻtmasdi.

Oʻgʻlimning hadeganda yigʻisi bosilavermagach, xotinim uni qoʻlimdan olib, bagʻriga bosdi va, zora, ovunib qolarmikin, degan oʻyda koʻkrak tutdi, odatda oʻgʻlim xarxasha qilib yigʻlashga tushgan payt xotinim darrov shunday qilar va bola birdan andarmon boʻlar edi. Biroq bu gal oʻgʻlim kutilmaganda, ogʻziga koʻkrak olishni istamadi, xuddi oʻziga sut emas, balki zahar berayotgandek, boshini orqaga tashlab yigʻlar, oyoqchalarini betinim tipirchilatib, onasining bagʻridan xalos boʻlishga urinardi.

Xotinim dam uning qoʻliga qandaydir shirinlik tutar, dam oʻyinchoqlarini shiqirlatib, xayolini chalgʻitishga urinar, lekin bularning barini uning adoqsiz yigʻisi bosib ketardi.

Axiyri, xotinim oʻgʻlimni beshikka yotqizdi-da, beshikni ohista tebratgan koʻyi hazin ovozda alla ayta boshladi, u alla aytayotgandan koʻra koʻproq nola qilayotganga oʻxshar, gʻamgin ovozi hali-hanuz bigʻillab yigʻlayotgan oʻgʻlimning yigʻisiga qorishib, xonani tutib ketgandi.

Xotinim beshikni uzoq tebratdi. Oʻgʻlimni yigʻi qattiq holdan toydirib tashlagan edi, koʻp oʻtmay koʻzlari uyquning sirli domiga ilindi-yu, tinchib qoldi. Ammo juda notinch uxlar, alahsiragancha allanimalar deya gʻudranar, goho u yoqdan-bu yoqqa agʻdarilishga urinar, biroq beshikning mahkam tortib bogʻlangan bogʻichlari bunga imkon bermasdi.

Ha, shunday, oʻgʻlimning xayolini oʻgʻirlagan oʻsha sirli narsa uyqusida ham tinchlik bermasdi, u uxlab yotarkan, yuzidagi ifoda tez-tez oʻzgarib turar, gohida quruqshagan lablarida kutilmaganda begʻubor kulgi sharpalari yugurgilab qolar, ammo kulgichlari hali rosmana yoyilishga ulgurmay turib, birdan soʻnar, soʻng chehrasini tagʻin tund va rutubatli, mutlaqo tushuniksiz ifoda qoplab olardi. Baʼzan esa, uyqusida allanimadan choʻchib-choʻchib tushganidan rang-roʻyi ters oqarib ketar va lablari tortilib, yigʻlashga chogʻlanardi-yu, lekin uyqu bunga yoʻl qoʻymasdi.

Oʻgʻlimning ruhiyati qattiq bezovta tortgan, ich-ichidan qandaydir dard qiynayotgani koʻrinib turardi. Men uning iztirobga botgan yuziga qarab turishga ortiq sabrim chidamadi, beshikning yopingʻichini sekin tortib qoʻydim.

 

* * *

Ertasi kuni ertalab institutda ilmiy rahbarim boʻlmish qirq besh yoshlar chamasidagi, pakana boʻyli professor bilan uchrashdim: ilmiy ishim allaqachon nihoyasiga yetgan, faqat himoya kunini belgilash qolgan edi. Professor men bilan hol-ahvol soʻrashgach, keyingi oyning oxirida ilmiy ishim himoyaga tavsiya etilganini aytar ekan, baʼzi bir kamchiliklar ustida jiddiy ishlashim lozimligini qayta-qayta tayinladi:

– Ish har jihatdan puxta boʻlgani yaxshi, – dedi u. – Hali oldinda yetarlicha vaqt bor. Ilmiy ishingizni yana bir marta boshdan-oxir qayta koʻzdan kechirib chiqing.

Professor tagʻin bir talay topshiriqlarni berdi. U himoya murosasiz va keskin oʻtishini, tirnoq ostidan kir qidiradigan ayrim kimsalar payt poylab yurganini, ularning har bir ilmoqli savoliga oʻzimni yoʻqotib qoʻymay, bosiqlik bilan javob qaytarishim lozimligini qayta-qayta uqtirdi.

Professor ancha badgumon odam edi, ilmda gʻanimlarim koʻp deb oʻylar, goʻyo har bir bosgan qadamini kimdir taʼqib etib yurgandek, oʻta ehtiyotkor edi.

Meni negadir juda qobiliyatli, koʻp narsaga qodir yoshlardan biri deb hisoblar, bundan besh yil burun ham, institutni tugatish arafasida talabalar orasidan yolgʻiz meni ilm bilan shugʻullanishga undagan edi.

Professor bilan xayrlashgach, toʻppa-toʻgʻri uyga yoʻl oldim. Ayni paytda ilmiy ishim, nihoyat, himoyaga tavsiya etilgani ham koʻnglimga taskin berolmasdi. Holbuki, hayotimdagi eng katta maqsadim – shu ilmiy ishni himoya qilish edi. Men buning uchun qariyb besh yil mashaqqat chekkan, tunlarni uyqusiz oʻtkazgan, kutubxonaning zax bosgan xonalarida oylab kitob titkilab oʻtirgan edim. Ayniqsa, ota-onam va xotinim xuddi moʻjiza sodir boʻladigandek, himoya kunini sabrsizlik bilan kutar edi.

Tunni notinch oʻtkazganimdan boshim loʻqillab ogʻrir, butun vujudim lanj va karaxt tortgan, hech narsa yoqmas, xayolim parishon edi. Ammo shunday aftodahol ahvolga tushib qolganimga qaramay, oʻgʻlim nimani izlab buncha bezovta tortayapti, deb dam-badam oʻz-oʻzimdan soʻrab qoʻyardim. Biroq kecha oqshomdan buyon bu haqda tinimsiz oʻylaganimga qaramay, oʻzimni qoniqtiradigan joʻyali javob topa olmagan edim. Oʻgʻlim uydagi biror buyum yoki oʻyinchoqning dardida shunchalik ichikib bezovta tortayotgan boʻlsa, avvalo, uning oʻzi oʻsha koʻziga qiziq koʻringan narsa tomonga talpinar, qoʻli bilan imo-ishora qilib koʻrsatgancha, olib ber, deya xarxasha qilardi. Ammo kecha oqshomdan buyon biror-bir buyum yoki jihozga qayrilib ham qaramagan edi. Qolaversa, har qanday oʻjar bola ham oʻyinchoq yoki buyumning koʻyida bunchalik ichikib, bezovta boʻlmaydi. Kim biladi, ehtimol, oʻgʻlim izlayotgan narsa nafaqat uyimizda, balki umuman dunyoda yoʻqdir?! Ehtimol, oʻgʻlim nimani izlayotganini oʻzi ham tuzuk-quruq bilmas?! Ehtimol, bu uzoq vaqt yashirincha davom etgan va kutilmaganda qalqib yuzaga chiqqan qandaydir ogʻir dardning alomatidir? Axir, dunyoda nima koʻp, dard koʻp, oʻgʻlim ham shularning biriga chalingan va shundan qattiq bezovta tortayotgandir?!

Shunday oʻy-xayollarga gʻarq boʻlgancha uyga yetib kelib, ichkariga qadam bosarkanman, eshikni ochgan xotinimning gʻussaga botgan soʻlgʻin yuziga koʻzim tushib, xayolimdan oʻgʻlim kecha oqshomdagidek tinchini yoʻqotgancha yana allanimani izlayapti, degan oʻy kechdi. Koʻnglim battar qorongʻi tortib, xotinimga soʻz qotishga ham hafsalam yetmay, ichkariga bosh suqdim.

Oʻgʻlim beshik qavatida toʻshalgan koʻrpacha ustida xayolga choʻmgan koʻyi tizzasi ustiga qoʻyib olgan qalin muqovali kitobni – mening ilmiy ishimga taalluqli “Qadimgi dunyo solnomasi” edi – bir-bir varaqlab oʻtirar edi. Mening uyga kirganimni payqamadi, shekilli, boshini koʻtarib ham qaramadi. O, yoʻq, ayni damda, u nafaqat meni, balki butun dunyoni unutgan, goʻyo tizzasi ustiga qoʻyib olgan kitobning qat-qatiga singib ketgandek, biror-bir tuki qilt etmas, yuz-koʻzida xayolning ogʻir sharpalari suzib yurar, lablarini choʻchchaytirib olgan edi. Kitobni shoshilmay, bitta-bitta varaqlar, har bir sahifani berilib, diqqat bilan koʻzdan kechirar, hech narsani koʻzdan qochirmas, baʼzan allaqaysi suratga uzoq tikilib qolar, peshonasini tirishtirib allanimalarni xayolidan oʻtkazar, bunday paytda yuzining bir chekkasi xiyol yorishib ketgandek tuyular, ammo bu ifoda bir lahzada gʻoyib boʻlar, soʻng xuddi xoʻrsingandek, chuqur nafas olib, jimgina navbatdagi sahifani ochar edi. Hali esini tanimagan goʻdakning bunday vazmin va jiddiy tortgancha kitob varaqlab oʻtirishi, tabiiyki, har qanday kishini hayratga solardi. Ammo oʻgʻlim shunchaki oʻynagan boʻlib, kitob titkilayotgani yoʻq, balki yuragiga qutqu solgan oʻsha sirli narsani kitob orasidan izlayotgandi. Boya uyga bosh suqib, unga koʻzim tushgan zahotiyoq koʻnglimdan shunday oʻy kechgan edi.

Ostonada ancha payt turib qoldim. Bir payt oʻgʻlim nimadandir xayoli boʻlindi, shekilli, kitobdan nigohini uzdi-da, boshini oʻgirib menga qaradi: ammo koʻzimiz koʻzimizga tushganda ham, uning yuzida qilt etgan oʻzgarish alomati sezilmadi. Xuddi meni tanimayotgandek sovuq va begonasirab tikilib turar, nigohi allaqanday qaygʻuli va gʻamgin edi. Aftidan, uni xayol butkul chalgʻitib qoʻygan yoki jismu jussasi karaxt tortib qolganidan hech narsa sezmas va idrok etmasdi. Men bularni ichimdan toʻqib-bichib aytayotganim yoʻq, balki oʻgʻlimning ayni damdagi holatini boshqacha izohlab boʻlmasdi. Odatda, har kuni uyga kelganimda u meni koʻrgan zahotiyoq irgʻishlab, bagʻrimga talpinar, quvonchdan koʻzlari porlab ketardi. Ayni damda esa, biz xuddi ikki notanish kimsa kabi bir-birimizga begonasirab tikilib turardik.

Ancha paytdan soʻng oʻgʻlim nigohini xuddi qiynalgandek bazoʻr uzib oldi-da, ogʻir xoʻrsinib, tagʻin jimgina kitobni titkilashga tushdi. U mening ostonada oʻziga tikilib turganimni birdan esidan chiqarib yuborgandek, qayta oʻgrilib qaramadi ham.

Men kutilmaganda juda gʻalati ahvolga tushdim, xuddi begona uyga adashib kirib qolgan kimsadek, oʻzimni noqulay his etar, ostonada tosh qotib turishni ham, tashqariga chiqib ketishni ham bilmasdim.

Shu payt boya uyga qaytayotib, yoʻl-yoʻlakay doʻkondan xarid qilgan oʻyinchoqlar tuyqus yodimga tushib qoldi-yu, hali qoʻlimdan ham qoʻyishga ulgurmagan toʻrxaltani shosha-pisha titkilay boshladim. Men hayajonlangan koʻyi oʻyinchoqlarni toʻrxaltadan olib, oʻgʻlimning qarshisiga terib qoʻydim. Keyin qaddimni rostlab: – Muayyad! – dedim ovozimni koʻtarib. Ovozim hayajon va entikishga qorishib eshitilganidan oʻzim ham gʻalati boʻlib ketdim. – Qara, oʻgʻlim, senga qanday chiroyli oʻyinchoqlar olib keldim.

Darvoqe, oʻyinchoqlar juda bejirim va chiroyli edi, har qanday bolaning eʼtiborini birdan oʻziga tortib, koʻzini oʻynatib yuborishi tayin edi. Oʻgʻlim ham kitobdan nigohini uzib, oʻyinchoqlarga tikilib qoldi. Aftidan, oʻyinchoqlar unga yoqib tushdi, shekilli, birdan quruqshagan lablari yoyilib, koʻzlaridagi rutubatli ifoda allaqayoqqa gʻoyib boʻldi. Ammo tizzasi ustidagi kitobni mahkam ushlab olgan, chamasi, undan hali xayolini butunlay uzolmagan edi.

Biroq oradan bir lahza oʻtib-oʻtmay, uning koʻnglida uygʻongan qiziqish hissi birdan soʻnib qoldi, shekilli, tagʻin qaboqlari solinib kela boshladi. Oʻgʻlim oʻyinchoqlarga qoʻl urish u yoqda tursin, hatto shu tomonga talpinishga ham roʻyxush qilmadi. Faqat oʻyinchoqlardan nigohini uzib olayotib, goʻyo bularni nima maqsadda olib kelganimni ich-ichidan yaxshi anglab turgandek, koʻzlarini katta-katta ochgancha, yalt etib menga qaradi va bir muddat kiprik qoqmay tikilib qoldi. O, uning tigʻdek oʻtkir, iztirobu alam qorishib ketgan nigohiga dosh berish juda ogʻir edi. Ammo bizning koʻzlarimiz toʻqnash kelganda, men uning nigohidan shunchalik koʻp narsani uqib oldimki, azbaroyi yuragim qoʻrquv va vahimaga toʻlib qolganidan, birdan boʻshashib ketdim.

Oʻgʻlim oʻzini qiynayotgan dardu baloga kecha yoki bugun chalinmagan, balki bunga ancha payt boʻlgan, ehtimol, dunyoga kelgan zahotiyoq u moʻru malaxdek uning etagiga yopishgan va kunlar oʻtgan sayin butkul jismu jussasini oʻrab-chirmab olgan edi.

Ha, ha, shunday, ayni damda oʻgʻlimning inon-ixtiyori oʻzida emasdi, bu dard qora xayol kabi fikru zikrini band etib, butkul oʻz izmiga solib olishga ulgurgan edi.

Eng dahshatlisi, oʻgʻlimning bizdan – men va xotinimdan allaqachon koʻngli sovigan va biz, ikki qutbning oʻrtasida tubsiz jarlik paydo boʻlgan edi. Bizning mehru muhabbatimiz, yeru koʻkka ishonmay suyub erkalashlarimiz uning muz tortgan yuragini endi qayta ilita olmas, xuddi mehrga toʻymagan, mudom xoʻrlik, jabru sitamdan boshi chiqmagan oʻgay farzand singari allaqachon bagʻrimizdan bosh olib ketgan va oʻzga bir dunyoda sarson-sargardon tentirab yurar edi.

U oʻzi adashib kirib qolgan bu dunyo murgʻak koʻngliga muttasil azob va iztirob oʻtini solib tursa-da, bizning bagʻrimizga qaytishni sira xayoliga keltirmas, goʻyo boshidan kechirayotgan jabru sitamlar jismu jussasiga rohat bagʻishlayotgandek tobora uzoqlashib borardi.

Ehtimol, oʻgʻlim bu dardu sitam xuddi qora koʻlanka singari vahm bilan ustiga bostirib kelgan payt koʻmak va najot istab, bizning bagʻrimizga talpingan, chinqirib yigʻlagancha nola qilgan, umid va ilinj bilan ogʻzimizga tikilgan, sogʻinch va iztirobdan koʻzlari tolib qolgan, ammo umidu iltijosi, nolayu figʻoni xuddi suvga otilgan tosh singari sas-sadosiz ketayotganini koʻrgach, tushkunlikning beayov iskanjasida bizning bagʻrimizdan bosh olib ketishga majbur boʻlgandir.

Yoʻq, yoʻq, oʻgʻlim xayolini oʻgʻirlab, butkul oʻz izmu ixtiyoriga solib olgan oʻsha sirli narsani, eng avvalo, bizning jismu jussamizdan izlagan, koʻnglimizning hech qachon ochilmagani bois zang va rutubat bosib ketgan eshiklarini umid va ilinj bilan uzoq payt taqillatib turgan, hatto ovoz berib chaqirgan, ammo ichkaridan oʻzini dafʼatan quvontirib yuboradigan biror-bir sas-sado eshitilavermagach, tushkun va umidsiz qiyofada iziga qaytib ketgan. Biz esa, uning ahvol-ruhiyasi, yurak urishi, intilishu iztiroblaridan mutlaqo bexabar holda gʻaflat koʻrpasiga burkanib yashagan, shirin soʻz va erkalashlarimiz bilan murgʻak qalbini quvontirayapmiz, deb oʻz-oʻzimizni aldab kelgan, aslida esa, uning koʻm-koʻk maysa singari oʻsa boshlagan umidu ishonchini shafqatsizlarcha toptab tashlagan edik. Oʻgʻlim bizning bagʻrimizga talpinarkan, butkul oʻzga narsalarni izlagan, ammo tashlandiq uy singari xarobaga aylanib, huvillab yotgan qalbimizni koʻrgach, birdan ishonchu umidi soʻnib qolgan edi. U bizdan qanchalik tez uzoqlashsa, shunchalik yengil tortib borardi.

Men boya oʻgʻlimning nigohidan shularni uqib olgan va azbaroyi dahshatga tushganimdan yuragim muz tortib ketgan edi.

 

* * *

Oqshom biz oʻgʻlimni butunlay oʻz holiga tashlab qoʻydik. Oʻgʻlim tun allamahal boʻlgunga qadar uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tentirab, xayolini butkul oʻgʻirlab qoʻygan oʻsha narsani besamar izlab yurdi. Na mening, na onasining quchogʻiga talpindi; injiqlik va xarxasha ham qilmadi. Faqat koʻzlariga uyquning achchiq zahri qadalgandan soʻnggina injiqlanib, yigʻlashga tushdi. Onasi uni jimgina beshikka yotqizib, tebratgach, tezda uxlab qoldi.

 

* * *

Aniq yodimda yoʻq, haftaning chorshanba yo payshanba kuni edi, biz Muayyadni doʻxtirga olib bordik. Zero, bundan boʻlak choramiz qolmagan, uni rosmana kasal deb ayta olmasak-da, allanimaning koʻyida ichikkandan soʻlib-sargʻayib borayotgan yuziga jimgina tikilib yashay olmasdik.

Buni qarangki, hammasi men oʻylagandan mutlaqo boshqacha boʻlib chiqdi. Doʻxtir oʻzining birgina istehzoli kulgisi bilan koʻnglimga tinimsiz qoʻrquv va vahima solayotgan noxush oʻylarni chippakka chiqarib yubordi. U, aftidan, oʻz kasbini miridan-sirigacha bilar, har bir soʻzini ishonch bilan gapirar, ortiqcha eʼtiroz va tushunmovchilikka oʻrin qoldirmasdi.

Doʻxtir bizni ochiq yuz bilan iliqqina qarshi olar ekan, mening oʻgʻlim qanday kasallikka chalinib qolgani haqidagi gaplarimni oxirigacha jimgina eshitdi. Uning oʻychan tortgan yuzidan biror-bir maʼnoni uqib olish qiyin edi, faqat xotinimning tizzasida lab-lunjini osiltirgancha, tumshayib oʻtirgan oʻgʻlimga tikilib razm solarkan, kutilmaganda oʻzini tutolmay birdan qah-qah urib yubordi. Kulgisi zarbidan xona derazasi oynalari zirqirab ketgandek tuyuldi. Men hayron qolgancha savolomuz qaradim: kulgi taʼsirida uning koʻzlari yoshlanib, ikki yuzi qip-qizil tortgan edi.

– Obbo sizni-yey, – dedi u oʻzini kulgidan bazoʻr tiyar ekan. – Oʻylab topgan gapingizni qarang: allanimani izlarmish! Oʻgʻlingiz hali esini tanib ulgurmagan goʻdak-ku, mushtdek boshi bilan nimani izlashi mumkin?! Bunday gaplarni qayerdan topdingiz, sira aqlim yetmaydi.

U soʻzini qisqa qildi, boya nechogʻlik tez sharaqlab kulgan boʻlsa, shunchalik kutilmaganda jiddiy tortib, oʻgʻlimni xona toʻridagi oppoq choyshab toʻshalgan toʻshakka yotqizdi-da, koʻzdan kechira boshladi. U engashgan holda, begonasirayotganidan tinimsiz tipirchilayotgan oʻgʻlimning goh qornini bosib koʻrar, goho qaboqlarini koʻtarib, koʻzi ostiga qarar va ora-sirada xotinimga yuzlanib, tugʻilganda yigʻlaganmidi, asosan qaysi paytlar bezovta boʻladi, deb soʻrab qoʻyardi. Uning koʻzlari oʻychan tortgan, yuzida allaqanday mubham fikrning sharpasi suzib yurar, chamasi, oʻgʻlimni qanday dard bezovta qilayotgani haqida oʻylardi. Keyin u deraza qarshisidagi oʻrindiqqa kelib oʻtirar ekan, menga yuzlandi:

– Xoʻsh, xavotir olmasangiz ham boʻladi, – dedi u soʻzlariga imkon qadar salmoq berishga tirishib. – Oʻgʻlingiz aytarli jiddiy kasalga chalinmagan. Toʻgʻri, bola nimadandir qattiq bezovta boʻlib, tinchini yoʻqotgan. Ammo u, siz oʻylagandek, allanimani izlayotgani yoʻq. Asablari buzilgan. Odatda, asabi buzilgan bolalar shunday tinchini yoʻqotib qoʻyadi. Oʻz vaqtida oldini olish kerak, yoʻqsa, yomon asorat qoldirishi mumkin. Bolani faqat uyda olib oʻtirish ham yaramaydi, tez-tez toza havoga olib chiqib, aylantirib turish zarur. Onasi ham hamma narsaga siqilavermasin, bu ham sut orqali bolaga taʼsir qiladi. Hozir zarur dorilarni yozib beraman, kuniga uch mahal ichirib turasizlar. Bir haftada hammasi oʻz oʻrniga tushadi.

Men uning gaplarini jimgina tinglar ekanman, oʻzim ham yuragimni bosib yotgan vahm va qoʻrquvdan xalos boʻlib, ruhim yengil tortib borardim. Xotinimni bilmayman, ammo, mening nazarimda, oʻgʻlim allaqachon sogʻayib ketgandek tuyular va shuncha kundan buyon behuda qoʻrqinchli xayollarga berilib, vahimaga tushib yurganimni oʻylab, oʻz-oʻzimdan uyalib ketdim.

Biz doʻxtirning huzuridan yengil tortib chiqdik.

 

* * *

Oqshom uyimizda ancha kundan buyon birinchi marta sokin va yoqimli jimlik choʻkdi: xotinim oʻgʻlim kasalga chalinganidan buyon tuzuk-quruq qoʻl urmaganidan toʻzib ketgan uyni supurib-sidirar, buyum va jihozlarning chang-chungini artib, tartibga keltirar edi. Uning ancha chiroyi ochilgan, koʻzlaridagi gʻussali ifoda gʻoyib boʻlgan edi.

Oʻgʻlim doʻxtir tavsiya etgan dorilarni ichgach, goʻyoki moʻjiza roʻy bergandek, kechagi bezovtaligi birdan yoʻqolib, muloyim tortib qolgan, garchi yuz-koʻzidan hali-hanuz tund va rutubatli ifoda arimagan esa-da, endi ortiq nimanidir izlashga urinmas, boʻshashgan koʻyi mudrab oʻtirar, uyqu seli bostirib kelayotganidan koʻzlari dam-badam yumilib-yumilib ketar edi. Eng muhimi, onasi koʻkrak tutganda, injiqlik qilmay olgan va choʻlpillatib-choʻlpillatib uzoq emgan edi. Bu, tabiiyki, yaxshilik alomati edi. Uning ishtahasi ochilgani dard asta-sekin ortga chekinayotganini soʻzsiz aytib turardi.

Buning ustiga, odatdagidan ancha barvaqt – hali onasi beshikka belashga ulgurmay turib, shunday koʻrpacha ustida uxlab qoldi. Tosh qotib uxlar, nafas olishi sokinlashgan, chamasi, uning ichikish va bezovtalikdan toliqqan vujudi orom olayotgan edi.

Men doʻxtir tavsiya etgan dorilarning birinchi kundan shunday taʼsir qilganini xayolimdan oʻtkazar ekanman, oʻgʻlim hademay dard koʻrmagandek, butkul sogʻayib ketishi, uning kulgusi tagʻin uyimizni toʻldirishi, koʻnglimizga quvonch va umid olib kirishiga aslo shubha qilmasdim.

* * *

Ilmiy ishimni himoya qilish kuni yaqin qolgan, jiddiy tayyorgarlik koʻrishim kerak edi. Shu bois dissertatsiyamni yana bir karra koʻzdan kechirib chiqib, tartibga solish, uch nusxada koʻpaytirib, institutdagi obroʻli domlalarga taqrizga berish va hatto himoyadan soʻng moʻljallangan ziyofat toʻgʻrisida oʻylashim lozim edi. Men shularni oʻylab, ertalab uydan chiqib ketar, kun uzogʻi yugur-yugurdan daydi itdek toliqib, oqshom payti qaytib kelardim.

Oʻgʻlim ham, nazarimda, asta-sekin sogʻayib borar, uni ortiq hech narsa bezovta qilmay qoʻygan, rang-roʻyi ham oʻziga kelib qolgandi. Faqat chaqaloqlik kezlaridagi kabi kunni tunga, tunni kunga ulab uxlar, uyqudan uygʻongan kezlari ham koʻzlarini bazoʻr ochib, esnab-esnab oʻtirar edi. Xotinim uning bu holatini kasallikdan keyingi darmonsizlikka yoʻyarkan, bolam shoʻrlik ozmuncha dard chekdimi, bir haftaning ichida ozib-toʻzib, choʻpdek boʻp qoldi, iloyo, barcha koʻrganlari shu boʻlsin, deya yozgʻirib qoʻyardi. Nazarimda, u oʻgʻlimdan koʻra koʻproq oʻzining zada tortib qolgan koʻngliga taskin-tasalli berayotgandek tuyular, hali-hanuz ovozining qat-qatida hadik va xavotir sharpalari sezilib turardi.

 

* * *

Oradan koʻp yillar oʻtgach, men shaharda ayni ilmiy ishimni himoya qilish arafasida xuddi qoʻrqinchli tush singari behalovat kechgan hayotimni har gal eslaganimda, jismu jussamni alam va oʻkinch hissi sovuq ilondek oʻrab-chirmab olganidan beixtiyor oʻrnimdan otilib turib ketar, shafqatsizlik bilan ich-etimni kemirayotgan mudhish va azobli oʻylardan sira qutula olmas, hali tilu zaboni chiqmagan, bu hayotning qoʻyniga bir lahzagina qoʻnib oʻtgan mana shu goʻdak – oʻgʻlim qarshisida oʻzimni nafaqat gunohkor, balki uning shaffof tuygʻularini ayovsiz toptab tashlagan, umidu ishonchini poymol etgan yovuz kimsadek his etardim.

Ammo men yuragim kuyib, nechogʻli oʻrtanmay, baribir oʻgʻlimga ich-ichimdan havasim kelardi. U garchi bu dunyoning bagʻriga bir nafasgina qoʻnib oʻtgan, hali biror-bir nimaning nomini bilishga ham ulgurmagan boʻlsa-da, biz hech qachon xayolimizga keltirmagan, ammo hayotning maʼno-mazmuni va mezoni sanalgan oʻsha muqaddas narsani goʻdak tasavvuri bilan anglab yetgan va bir koʻrishdayoq unga oshufta boʻlib qolgan, bu sirli xilqat uning masʼum xayollarini yuksak-yuksaklarga parvoz qildirgan, mitti yuragini junbushga solgan, yor hajrida oʻzini unutgan oshiq singari butun vujudi bilan unga tomon intilgan, intila turib yuragi tuygʻularga tor kelganidan nolayu figʻon qilgan, quvonchdan qiyqirib yuborgan, ammo uning quvonchu nolasi, alamu iztiroblari xuddi allakimning befarosatlarcha tashlagan qadamidan koʻzi bekilib qolgan muqaddas buloq singari koʻnglining tub-tubida qolib ketgan edi.

Men, rosti gap, oʻsha kunlarda oʻgʻlim butkul huzur-halovatini yoʻqotib, oʻjarlik bilan kechayu kunduz nimani izlagani va izlayotgan narsasi unga nega kerak boʻlib qolganidan mutlaqo bexabar, hayotimda qanday koʻrgilik roʻy bergan boʻlsa, barini taqdiri azalning hukmiga yoʻyib, tinchgina yashab yuraverishim mumkin edi. Kim biladi, ehtimol, qismatning yoʻrigʻi shunday kechganda iztirobu azob chekmay, turli xayollarga berilmay, qismatning yozdigʻiga koʻnikib ketar va oxir-oqibat hamma-hammasini unutib yuborar edim. Axir, bu dunyoda nimalar unutilmaydi, qanday muqaddas tuygʻular eskirib burda-burda boʻlgan libos kabi yoʻqolib ketmaydi, deysiz? Bu dunyoda avval boshdan hamma narsa unut boʻlishga mahkum etilmaganmi?!

Biroq oʻgʻlimning dardi kutilmaganda qayta xuruj qilib qolgan, biz azbaroyi sarosimaga tushganimizdan butkul es-hushimizdan ayrilgan oʻsha kunlarda yoʻlak chetida oʻtiradigan anavi tilanchi chol yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bilmayman, tuyqus hovlimizda paydo boʻldi-yu, bir zumda hamma narsani ostin-ustun qilib yubordi, u bizga oʻgʻlim shuncha kundan buyon jonsarak va ichikkan koʻyi qanday sirli narsani izlayotganini aytib ketdi…

 

* * *

Oʻshanda haftaning oxiri – yakshanba kuni edi. Oʻgʻlim doʻxtir buyurgan dorilarni allaqachon ichib boʻlgan va, nazarimda, uning yuz-koʻzidan dardning ogʻir soyasi asta-sekin koʻtarilib borardi. Faqat hali-hanuz uyqudan koʻz ochay demas, uyquning achchiq zahridan qaboqlari shishib ketgan, aftidan, oʻzi ham allaqanday karaxt tortib qolgan edi. Muhimi, u burungidek allanimani izlab bezovta boʻlmasdi.

Ammo yakshanba kuni ertalab biz xayolimizga ham keltirmagan voqea yuz berdi: oʻgʻlim goʻyo aʼzoyi-tanida chidab boʻlmaydigan ogʻriq turgandek, vahm bilan yigʻlagancha uyqudan uygʻonib ketdi. Allaqanday boʻgʻiq, alam va iztirob qorishib ketgan yigʻisi bir zumda uy ichini tutdi. Oʻgʻlim boʻgʻilib yigʻlar va chirangan koʻyi beshik bogʻichlaridan qoʻl-oyogʻini boʻshatishga urinar, yuzi boʻzarib qontalash tusga kirgan, tipirchilashidan beshik “gʻiyq-gʻiyq” etib chayqalgancha tebranardi.

Uning yigʻisi qulogʻimga urilgan zahotiyoq, goʻyoki allaqachon unutilgan mudhish xotira kutilmaganda qayta yodimga tushib qolgandek, birdan yuragim sovuq tortib ketdi: ha, bu oʻsha, bir hafta burungi yigʻining aynan oʻzginasi edi, faqat ayni damda uzoq vaqt damini ichiga yutib yurgan alamzada kimsaning faryodi singari zardali va qahrli tus olganidan, yurakni seskantirib yuborar edi.

Xotinim hovlida qandaydir yumush bilan kuymalanib yurardi, oʻgʻlimning yigʻlaganini eshitgan zahotiyoq otilib uyga kirdi. Aftidan, u qattiq qoʻrqib ketgan, rang-roʻyi oqarib, qoʻl-oyogʻi dagʻ-dagʻ qaltirar va entikkan ahvolda tez-tez nafas olar edi. U uyga kira solib, oʻzini beshikning ustiga tashladi va shosha-pisha oʻgʻlimni yechib oldi-da, bagʻriga bosdi.

Ammo oʻgʻlim onasi bagʻriga borishni istamadi, aksincha, battar chinqirib yigʻlagancha, zarda bilan keskin ravishda oʻzini orqaga siltab tashlab yubordi. Uning boshi xuddi jonsizdek osilib qoldi, nafasi ichiga tushib ketganidan ovozi xirillab, bazoʻr eshitilar, koʻzlari orqaga tortib ketgan va peshonasidan ter seldek quyilib kelar edi. Xotinim uning ayanchli ahvolini koʻrib, battar qoʻrqib ketdi va darrov koʻrpachaga oʻtirgʻizib, piyolada suv olib, tutdi. Oʻgʻlim suvni ham ichishni xohlamadi, ammo koʻrpachada omonatgina chayqalib oʻtirar ekan, kutilmaganda, birdan yigʻlashdan toʻxtadi va uyqu hamda yigʻining taʼsirida shishib ketgan koʻzlarini yirib-yirib ochgancha, uy ichiga javdirab tikilib qoldi. U goʻyo bu torgina uy va undagi jihozlarni birinchi marta koʻrib turgandek, hayrat va qoʻrquv aralash kiprik qoqmay boqar, oʻtkir hamda allaqanday alamli nigohini hamma narsaga bir-bir qadab chiqardi. U dafʼatan tinch tortib qolgan edi, ammo koʻzlarini katta-katta ochgancha javdirab tikilib turishining oʻzi ogʻir va qaygʻuli edi. Oʻgʻlimni bu dardu balo butkul holdan toydirib tashlagan, eti ustixoniga borib yopishgan, pajmurda jussasiga qarashga yurak betlamasdi.

Men uning mana shunday ayanchli qiyofasiga qarab turib, hamma-hammasini birdan tushunib yetdim-u, koʻnglim battar qorongʻi tortib ketdi. Biz, xotinim ikkalamiz shuncha kundan buyon oʻgʻlimiz darddan xalos boʻlayapti, degan oʻyda oʻz-oʻzimizni behuda aldab kelgan, uning dardi tuzalish oʻrniga battar zoʻraygan edi. Doʻxtir tavsiya etgan dorilar oʻgʻlimga zigʻircha taʼsir qilmagan, aksincha, asablarini qaqshatib, battar jizzaki va injiq qilib tashlagan edi. Boyagi jazavaga tushgan koʻyi chinqirib yigʻlashi ham shundan darak berib turar, chunki ilgari hech qachon bunchalik oʻzini yoʻqotib zorlanmagan edi.

Ha, shunday, biz kutgandek, oʻgʻlim etagiga yopishgan bu darddan xalos boʻlmagan, garchi oʻn kundan buyon uyqudan koʻz ochmay yotgan esa-da, oʻsha xayolini oʻgʻirlagan sirli narsani unutib yuborolmagan edi. Yoʻq, chamasi, oʻgʻlim kechayu kunduz ishonchu umidini yoʻqotmay, oʻsha sirli xilqatning yodi bilan yashagan, uyqu saltanatining koʻz ilgʻamas sarhadlarida sarson-sargardon kezingan, oʻzini har tomonga tashlab, nolayu figʻon qilgan, tipirchilab bezovta urayotgan yuragi alam va iztirobga toʻlib ketgan, ammo uyquning koʻz ilgʻamas toʻrlaridan xalos boʻlishning imkonini topa olmagan. Yoʻq, yoʻq, uyqu saltanati uni xuddi ertaklardagi jodulab tashlangan pahlavon kabi bagʻrida mahkam tutib turgan, qimir etishga imkon bermagan edi.

Oʻgʻlimning oʻsha, oʻzi ichikkan koʻyi izlayotgan sirli narsaga muhabbatiyu oshuftaligi yanada ortgan, u goʻyo maʼshuqasidan ayrilgan oshiq singari telbaga aylanib qolgan, oʻrtanib olov kabi yonayotgan yuragining hovurini esa hech vaqo bosa olmas, aftidan, uning koʻziga oʻsha sirli xilqatdan boshqa hech narsa koʻrinmasdi.

U ayni damda yiqilib tushadigandek bir ahvolda chayqalibgina oʻtirib, uyning qorongʻi tortgan burchaklariga kiprik qoqmay tikilar ekan, hech shubhasiz, oʻsha xayolini oʻgʻirlab qoʻygan sirli narsani izlar edi.

 

* * *

Oʻgʻlim oʻsha kuni ortiqcha injiqlik va xarxasha qilmay, uy ichini obdon koʻzdan kechirib chiqdi. Ilgari ham ming marta nigohi tushgan, qoʻlchalari bilan ushlab koʻrgan buyumlarni yana erinmay qayta titkilar, sinchkov va bezovta razm solar edi. Ammo oʻzi jonsarak boʻlib izlayotgan oʻsha sirli narsani hech qayerdan topa olmas, bunday paytda birdan boʻshashib, qoʻlchalari shalvirab osilib tushar va istamaygina naryoqqa emaklab ketardi. U, aftidan, bizni butunlay esdan chiqarib qoʻyganga oʻxshar, oʻzini shunchalik befarq va eʼtiborsiz tutardiki, qarab turib beixtiyor taajjubga tushardi kishi. U ertalab vahm bilan yigʻlagan koʻyi uyqudan uygʻonganidan buyon biror marta boʻlsin, na mening va na onasining bagʻriga talpingan, loaqal boshini oʻgirib qarab qoʻymagan edi. Chamasi, xayolida in qurib olgan bu dard oʻgʻlimni butkul gangitib tashlagan va u oʻz-oʻzi bilan ovora boʻlib qolganga oʻxshardi.

Oʻgʻlim shu alpozda uy ichini bir qur titkilab chiqqach, kutilmaganda shitob bilan emaklagancha ostonaga keldi va yerga yastanib oʻtirib oldi-da, qoʻlchalari bilan apil-tapil tirnagancha eshikni ochishga urina boshladi. U xuddi qotgan nonni ochkoʻzlik bilan kemirayotgan sichqondek eshikni tez-tez tirnar, tirnoqlari ostidan chiqayotgan “qirt-qirt” etgan boʻgʻiq ovoz yurakka ogʻir sanchilib, sukunatga botib yotgan uy ichiga tahlikali yoyilar edi.

Oʻgʻlim shunchaki oʻyinqaroqligi tutib, eshikni tirnayotganga oʻxshamasdi, balki uni rostakamiga ochishga urinar, har bir xatti-harakati qatʼiy va zardali edi. O, yoʻq, uni ostonaga boshqa oʻy yetaklab kelganga oʻxshar, chamasi, oʻzining xayolini oʻgʻirlab qoʻygan oʻsha sirli narsani uydan joni halak boʻlib qanchalik izlamasin, baribir topa olmasligiga koʻzi yetgan va uni endi tashqaridan izlash maqsadida eshikni ochishga urinayotgan edi. Ha, ha, rost, uning qiyofasini chulgʻab olgan oʻjar ifoda ham shundan darak berib turar, ayni damda eshik ochiq boʻlsa, bizga – ortida nafasini ichiga yutgan koʻyi yurak hovuchlab turgan ota-onasiga qayrilib ham qaramay, tashqariga chiqib ketishi aniq edi.

Oʻgʻlim oʻjarlik bilan eshikni ochishga uzoq urindi, ammo ocha olmadi, eshik zildek ogʻir, buning ustiga, ichkaridan qulflab qoʻyilgan edi, soʻng tirnoqlari tirnalib ogʻriganidanmi yoki azbaroyi xoʻrlik va alam hissi bosib kelganidanmi, iddao bilan oʻzini orqaga tashlab yubordi, boshi “gurs” etib yerga urildi va boʻgʻzidan otilib chiqqan achchiq yigʻi uy ichini tutib ketdi.

Oʻgʻlim yer bilan bitta boʻlib yotar, oʻzini bosa olmay yigʻlar, yuragi alamga toʻlganidan oyoqchalari bilan yerni “gurs-gurs” tepib qoʻyardi.

Xotinim oʻzini tuta olmay hiqillab yigʻlagancha darrov uni koʻtarib oldi-da, bagʻriga bosdi. Men oʻgʻlimni xuddi oʻtgan safargidek hech narsa bilan ovutib boʻlmasligini, bizning shirin soʻzu erkalashlarimiz uning zimistonga aylanib ketgan koʻngliga yorugʻlik olib kirmasligini ich-ichimdan sezib turardim. Men shu oʻyni xayolimdan oʻtkazar ekanman, xuddi chorasiz qolgan kimsadek sudralib qadam bosgancha tashqariga chiqdim.

Oʻgʻlimning boyagi ayanchli holati sira koʻz oʻngimdan nari ketmas, xuddi mudhish va xunuk manzara singari yuragimda qattiq ogʻriq qoʻzgʻar, xayolimni toʻzgʻitib yuborgan edi.

Rostini aytganda, men oʻgʻlim hademay dard koʻrmagandek, butkul sogʻayib ketishiga qattiq ishongan va bu haqda deyarli oʻylamay qoʻygandim. Ammo kutilmaganda uning dardi qayta xuruj qilishi mening oroyish topgan xayolimni birdan ostin-ustun etib yuborgan, ayni damda aqlim hech narsani tuzuk-quruq idrok qilmasdi.

Aslida bu dardu bedavo oʻgʻlimning etagiga qayerdan yopishganiga sira aqlim yetmasdi. U onadan soppa-sogʻ va toʻrt muchasi but tugʻilgan, chaqaloqlik damlari ham tinch va osoyishta oʻtgan, aytishga arziydigan biror-bir kasallikka chalinmagan, biz oʻsha kezlarda uning na uyqusida va na oʻngida biror noxushlik yuz koʻrsatganini sezmagan edik.

Ehtimol, bu dard suyak surganmikin?! Axir, shunday ham boʻlishi mumkin-ku! Yoʻq, yoʻq, nimalar deb aljirayapman, oʻzi, bunday boʻlishi aslo mumkin emas. Avlodimizda hech kim bunaqa dard bilan ogʻrimagan, bobolarim hayotda qandaydir qora xayolga berilmay, tinchgina umrguzaronlik qilishgan – men buni aniq bilaman.

Ammo oʻgʻlim-chi, oʻgʻlim?! U kutilmaganda bu dardga qanday chalinib qoldi?! Bu qanday dard, oʻzi?! Uning davosi bormi?!

Ayni damda men oʻzimni hech narsa bilan ovutolmas, vahima va xavotir toʻlib ketgan koʻnglimga yolgʻondan taskin-tasalli bera olmasdim. Axir, shunday koʻz oʻngimda oʻgʻlimni qandaydir dard ayovsiz ezgʻilab, tobora oʻz komiga tortib borar, men esa unga na najot va na dalda bera olaman…

Darvoqe, oʻgʻlim bu gal avvalgidan ham ogʻir ahvolga tushgan, uni bu sirli dard butkul iskanjasiga olib, quturgan shamol yaproqni qanday chirpirak aylantirsa, xuddi shunday shafqatsizlik bilan ezgʻilar, bir dam boʻlsa-da oʻz holiga qoʻymasdi. Men kunlar oʻtgan sayin bunga yanada qattiqroq ishonch hosil qilib borardim. Oʻgʻlim uyqusini butkul yoʻqotgan, oqshom mahali xotinim uni majburan beshikka belaganda, koʻziga bir chimdim uyqu olganini aytmaganda, deyarli uxlamas, tunda xuddi oyparast kimsa singari uy ichida u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz emaklab yurar, allanimalarni qitir-qitir kovlashtirar, baʼzan esa qaysidir burchakda bir nuqtaga tikilgancha toshdek qotib oʻtirar, koʻzlari qorongʻilik qaʼrida xuddi unutilib qoldirilgan bir juft chiroqdek chaqnab turardi. Uning hayotida kun bilan tun butkul qorishib ketgan edi.

U ovqatga ham qaramasdi, faqat onasi koʻkrak tutganda, injiqlik qilmay jimgina emar, goʻyo sutning lazzatli va hayotbaxsh taʼmidan butun aʼzoyi-tani rohat qilayotgandek koʻzlari yumilib-yumilib ketar va shunday damlarda uning yuziga qon yugurib qolgandek tuyular edi. Ammo bularning bari oʻtkinchi bir hol edi, chunki oʻgʻlim hali onasining bagʻridan boʻshashga ulgurmay turib, kutilmaganda qiynalib-qiynalib oʻqchigancha hozirgina emgan sutini qayt qilib tashlardi.

Hayratlanarli tomoni shunda ediki, oʻgʻlimga uyqusizlik va ochlik negadir taʼsir qilmayotgandek tuyulardi, aslida meni ana shu hol qattiq tashvishga solardi. Chunki oʻgʻlimning jismu jussasida toliqish yoki charchoq alomatli sezilmas, u hamisha allaqanday tetik qiyofada uy ichida tentirab yurar, xatti-harakatlari qatʼiy va shiddatli edi. Men baʼzan unga tikilib turib, goʻdak boshi bilan shunchalik kuch-qudrat va sabr-bardoshni qayerdan olayotganini oʻylab, aqlim shoshardi.

Ammo bu dardu balo oʻgʻlimga zohiran taʼsirini oʻtkazayotganini, uni ustalik bilan asta-sekin holdan toydirib borayotganini ich-ichimdan sezib turardim. Aslida mening koʻnglimga ana shu oʻy qoʻrquv va vahm solardi: axir, hammasi bir umrga shunday davom etavermaydi, bugun boʻlmasa, ertaga hayotimda nimadir kutilmaganda “chirt” etib uziladi-yu, barchasi birdan tamom boʻladi, degan fikrdan baʼzan yuragim uvishib ketardi.

Nazarimda, oʻgʻlimning ruhiyatiga qandaydir yovuz kuch bostirib kirib, makon tutib olgan va uni ustalik bilan boshqarib turardi. Oʻgʻlim butun inon-ixtiyorini shu makkor kuchning izmu ixtiyoriga berib qoʻygan, u qayoqqa boshlasa, shu tomonga yurar, nimani buyursa, itoatkorlik bilan shuni bajarar edi. Ha, aslida ham shunday: oʻgʻlim hali aqlini ham tanimagan murgʻak goʻdak, uning qandaydir sirli narsaning koʻyida bunchalik ichikishini sira aqlga sigʻdirib boʻlmaydi. Uni, hech shubhasiz, dard shaklida koʻrinish bergan qandaydir qora kuch boshqarib turibdi. Shu yovuz kuch uni bizning quchogʻimizdan yulqib olgan va yetti yot begona xilqatga aylantirib qoʻygan.

Albatta, bu haqda oʻylash menga juda ogʻir edi. Axir, u begona emas, yurak qoʻrimdan yaralgan toʻngʻich farzandim edi, uning bu dunyoga kelishi boʻm-boʻsh tortgan koʻnglimni toʻldirgan, hayotimga rang va mazmun olib kirgan edi. Yoʻq, yoʻq, bu hayotda har qanday razolat, xunrezlik roʻy berishi, hatto dunyo teskari aylanishi mumkin, bu meni sira ajablantirmaydi. Ammo menga tortiq etilgan shu norasida jondan – oʻgʻlimdan judo boʻlishga, ajal uni bagʻrimdan yulqib olishiga toqat qilib boʻlarmidi?!

Ammo oʻgʻlimning turish-turmushi xuddi rad etib boʻlmaydigan haqiqat singari butkul boshqa narsalarni aytib turardi. Uning ichi-ichiga choʻkkan koʻzlariga tikilib turib, oʻzimga nisbatan na mehru muhabbat, na talpinish ifodasini topardim. Yoʻq, yoʻq, bu shunchaki araz yoki iddao emasdi, balki oʻgʻlimning koʻnglida nimalar kechayotgan boʻlsa, barisini nigohi aniq-taniq soʻzlab turardi. Uning koʻzlariga tikilib, oʻzim haqimdagi haqiqatni yanada aniq-taniq oʻqirdim. Nazarimda, oʻgʻlimning goʻdak tasavvuridan bizning – men va xotinimning qiyofamiz butkul oʻchib ketgan edi. Vaholanki, uning buloq suvidek zilol, tip-tiniq xotirasidan eng avvalo, biz joy olishimiz kerak edi. Hayhot, oʻgʻlim bizni unutib qoʻygan, o, nafaqat unutgan, balki tashlandiq buyum singari shuuri tasavvuridan butunlay oʻchirib tashlagan edi.

Kim biladi, ehtimol, oʻsha, oʻzi joni halak boʻlib izlayotgan narsa uning xayolini butkul chalgʻitgan, dunyo singari bizni ham yovuz va jirkanch qiyofaga solib koʻrsatgandir. Bilmayman, har narsa boʻlishi mumkin. Ammo men oʻgʻlimni bizdan koʻngli sovib, begona tortib qolganini hech narsa bilan inkor eta olmasdim.

 

* * *

Oʻgʻlimning dardi qayta xuruj qilganining toʻrtinchi kuni edi, uyimizga kutilmaganda talaba yillaridagi doʻstim eshik qoqib kirib keldi. Uning ismi Hayot edi. Janubiy viloyatlarning birida tugʻilib oʻsgan, qoramagʻiz, boʻychan va chayir yigit edi. Biz u bilan talabalik davrining barcha quvonchu zahmatini birga “baham” koʻrgan, yupun va gʻarib, ammo orzu-umidlarga boy navqironlik fasli bizni oʻzimiz sezmagan holda bir-birimizga juda yaqin qilib qoʻygandi. Hayot ochiqkoʻngil, dali-gʻuli, bir soʻzli yigit edi. Biz bir-birimizni tez va oson tushunar, koʻnglimizda paydo boʻlgan sir uzoq vaqt yashirinib yotmasdi.

Faqat dorilfununni tugatish arafasida bizning yoʻlimiz turmushning boshqa-boshqa koʻchalariga qayrilib ketgan, oʻrtamizda ilimiliq munosabat yuzaga kelgan edi. Hayot talabalik yillarida institutni tugatgach, qishloqqa qaytib borib, bolalarga saboq berishni orziqib gapirib yursa-da, baxtga qarshi shaharda qolib ketdi. Ammo men ayni damda u shaharning qaysi qoʻnjida yashashi-yu, qanday yumush bilan band ekanini bilmasdim. Oʻzi ham bu haqda ogʻiz ochishni istamas, baʼzan uchrashib qolgan paytlarimizda soʻrab-surishtirishga tushsam, uzuq-yuluq javob berishdan nariga oʻtmasdi.

Kim qanday oʻylaydi, bilmayman, ammo bu hayotda odamning doʻsti juda kam boʻladi. U mening talabalik yillarida orttirgan yakkayu yolgʻiz doʻstim edi. Uning ismi Hayot edi, bir paytlar hayotning oʻzi kabi joʻshqin, sarkash va oʻt-olov edi. Xotiramda ana shunday qiyofada qattiq muhrlanib qolgan edi.

Ammo keyinchalik u mening shunday koʻz oʻngimda birdan oʻzgarib ketdi, yashashga boʻlgan joʻshqin muhabbatiyu ishtiyoqi, xayoldek pokiza va uchqur orzu-umidlari xuddi bozillab yashnab turgan choʻqqa suv sepilgandek, birdan soʻnib qoldi. Aftidan, u tushkun va umidsiz kayfiyatdan sira xalos boʻla olmasdi, shekilli, hamma narsaga loqayd va eʼtiborsiz qarardi. Men koʻpincha uning qarimsiq tusga kirgan aft-angoriga qarab turib, kechagina hayot, kelajakdagi orzu-umidlari haqida baʼzan tongga qadar joʻshib gapirgan, bu dunyodan faqat ezgulik izlagan yigitni mutlaqo taniy olmay qolardim. U aql bovar qilmas asnoda oʻzgarib ketgandi.

Aslida uning tabiatidagi bu favqulodda oʻzgarish ancha ilgari, institutni tugallash arafasida roʻy bergan edi. Hali taʼtil kunlari yetib kelishiga ham sabri chidamay, toʻsatdan qishlogʻiga otlanib qolgandi. Joʻnab ketishdan avval xavotirga tushgan koʻyi, juda noxush tush koʻrdim, ishqilib, uyda tinchlik boʻlsin-da, degan edi. U faqirgina oilada oʻsib-ulgʻaygan, kamxarj, shaharda oʻz kunini oʻzi koʻrar, odatda, toʻrt-besh oyda bir marta qishlogʻiga borib kelardi.

U oʻshanda oradan uch kun oʻtib qaytib kelgan. Ammo men uni dafʼatan taniy olmagan edim: bor-yoʻgʻi uch kun ichida butkul ozib-toʻzib, arvohga oʻxshab qolgan, tim qora sochlari birdan oqarib ketgan, koʻzlari tushkun va umidsiz boqar edi. Men uning bunday qaygʻuga botgan aft-angoriga qarab turib, uyida qandaydir musibat yuz bergan boʻlsa kerak, degan oʻyga borgan, biroq dabdurustdan soʻrashga botina olmagan edim. Yoʻq, aniqrogʻi, undan yurak yutib, qanday soʻrashni bilmaganman, chunki qiyofasi shunchalik tushkun va alamli ediki, kishini birdan esankiratib qoʻyardi. Uning oʻzi ham goʻyo qoʻrquv va vahmdan jismu jussasi butkul karaxt tortib qolgandek, ikki kun miq etmagan, faqat bir nuqtaga tikilib oʻtirgan edi.

Keyin, oqshom mahali u kutilmaganda tilga kirgan va xuddi boʻgʻziga tosh qadalgandek yuzini ayanchli tirishtirgancha qiynalib-qiynalib, qishlogʻidagi yakkayu yagona tobut oʻz-oʻzidan allaqayoqqa gʻoyib boʻlgani va jinni qiz haqidagi gʻalati voqealarni gapirib bergan edi. Men oʻshanda uning ovozida zang urayotgan qoʻrquv va vahm sharpasini aniq-taniq his etgan va bundan oʻzimning yuragimga ham qoʻrquv oralab qolgan edi. Ammo oʻshanda men uning telba-teskari gaplariga sira ishonmagan, koʻnglimdan Hayot aqldan ozib qolibdi, degan noxush oʻy kechgan edi. U esa, oʻzini butkul unutgan koʻyi uzoq gapirgan, koʻnglidagi barcha dardu hasratini oqizmay-tomizmay toʻkib solgan, alam va iztirob jismu jussasini junbushga solganidan oʻzini bosolmay qon boʻlib uzoq yigʻlagan edi.

Shundan soʻng u bu haqda qayta ogʻiz ochmadi. Amal-taqal qilib oʻqishni tugatgach, shaharda qolib ketdi. Men, boya aytganimdek, ayni paytda u shaharning qaysi qoʻnjida yashashiyu, qanday yumush bilan mashgʻul ekanini bilmasdim. Uning oʻzi onda-sonda meni yoʻqlab, ijara uyimga kelib turardi. Odatda, xuddi osmondan tushgandek, kutilmaganda, hovlimizda paydo boʻlar va baʼzan tuzuk-quruq hol-ahvol soʻrashishga ham ulgurmay turib darrov iziga qaytib ketardi.

Rostini aytganda, Hayot bilan oʻrtamizda talabalik yillarining tiniq va begʻubor xotiralaridan boʻlak hech narsa qolmagan edi. Men ilgari uning kuyib borayotgan umri, aftadahol va savdoyi aft-angorini xayolimdan oʻtkazar ekanman, yuragim tuz sepgandek achishar, unga koʻmak berish, koʻnglida yana umid va ishonch uygʻotish haqida oʻylardim.

Baxtga qarshi, barcha urinishlarim, nasihatomuz gap-soʻzlarim besamar ketayotganini koʻrgach, oʻzim sezmagan holda uni yomon koʻrib qolgan edim. U uyimizga kirib kelgan paytda oʻzimni negadir noqulay sezar, yuragim qisilib, betoqat boʻlar va ich-ichimdan uning tezroq ketishini istardim. Uni koʻrsam, oʻzimning ham koʻnglimni tushkun oʻylar qoplab olar va birdan hayotdan sovib ketgandek boʻlardim.

Aftidan, u hali-hanuz uylanmagan – soʻqqabosh yashar, oʻziga muqim boshpana ham topmagan, duch kelgan joyda yotib-turib yurganga oʻxshar edi. Chunki uni har safar soch-soqoli oʻsgan, kiyim-boshi kir-chirga botgan irkit qiyofada uchratar edim. U tarki dunyo qilgan kimsadek oʻziga mutlaqo qaramay qoʻygan, egnidagi talabalik davridan qolgan kiyimlarining ham allaqachon ohori butkul toʻkilib ketgan edi.

Biroq oʻsha kuni u ijara uyimga koʻngli allanimadan chogʻ, kayfiyati baland bir qiyofada kirib keldi. Uni institutni tugatgandan buyon birinchi marta chiroyi ochilgan, yuz-koʻzidan tushkunlik ifodasi xiyol arigan holda koʻrib turishim edi. Rosti gap, bundan oʻzim ham biroz shoshib qoldim. U men bilan quyuqqina hol-ahvol soʻrashdi, hatto allanima deya hazil qilgan ham boʻldi. Ammo uyga kirib, xontaxta atrofida oʻtirgach, xayolim parishonligini payqadi, shekilli, birdan hushyor tortdi.

– Tinchlikmi, oʻzi? – deb soʻradi botinmaygina.

– Ha, tinchlik, tinchlik, – dedim bazoʻr jilmayishga urinib.

Oʻzimni xotirjam tutishga har qancha tirishmay, baribir koʻnglim toʻlib turar, oʻgʻlimning dardga chalinib qolgani meni shunchalik ezib tashlagan ediki, dunyo koʻzimga qop-qorongʻi koʻrinar, kimgadir dardu alamimni toʻkib solib, yuragimni boʻshatgim kelar edi. Boya Hayotning hovliga kirib kelganini koʻrib, rost gap, oʻzimga yupanch topilgandek, quvonib ketgandim.

Ancha payt u yoq-bu yoqdan gurunglashib oʻtirdik, ammo hadeganda gapimiz qovushmas, oʻrtamizga qandaydir noqulaylik tushgan edi. Hayotning ham boyagi kayfiyati oʻzgargan, bevaqt keldimmikan, degan oʻyga bordi, shekilli, oʻngʻaysizlanar va dam-badam xuddi ketishga chogʻlangandek oʻrnidan qoʻzgʻalib qoʻyardi.

Axiyri, men Hayotga koʻnglimni yordim: oʻgʻlim gʻalati dardga chalinib qolgani, ancha paytdan buyon es-hushini yoʻqotgan koʻyi allanimani izlayotgani, biroq u izlayotgan narsa bizga batamom mavhum ekani, shundan nima qilishni bilmay boshimiz qotib qolganini aytib berdim.

– Eng yomoni, oʻgʻlim oʻsha narsaning dardida ichikib, kundan-kunga adoyi-tamom boʻlib borayapti. Ozib-toʻzib ketganidan aftiga qarab boʻlmaydi, – dedim men.

Azbaroyi hayajonga tushganimdan tez-tez gapirar, soʻzlarim ham poyintar-soyintar chiqayotgan edi. Ammo Hayot bunga eʼtibor bermay gaplarimni diqqat bilan tinglab, dam-badam koʻz osti bilan bir chetda toʻmshayib oʻtirgan oʻgʻlimga qarab-qarab qoʻyardi.

Men oʻgʻlimning allaqanday dardga chalinib qolgani haqida gapirar ekanman, baribir koʻnglimning bir chetida Hayot ham anavi doʻxtir singari gaplarimga ishonmaydi, qaytaga, ustimdan kulgani qoladi, degan xavotir gʻimirlab turardi.

Ammo hammasi kutganimdan boshqacha boʻlib chiqdi.

– Juda qiziq-ku! – dedi Hayot chinakamiga hayratga tushgancha koʻzlarini katta-katta ochib oʻgʻlimga tikilar ekan. – Nimanidir izlaydi, degin. Hali goʻdak boshi bilan nimanidir izlashi juda gʻalati…

Ammo Hayot ortiq hech nima demadi, balki uzoq paytdan buyon joni halak boʻlib izlab yurgan sirli narsani ayni damda oʻgʻlimning qiyofasida koʻrib qolgandek, hayajonga botgan koʻyi undan koʻz uza olmay qoldi. U oʻgʻlimning har bir xatti-harakatini koʻzdan qochirmay kuzatar, oʻzicha allanimalarni mulohaza qilar, gohida erkalagan koʻyi uni gapga solishga urinar edi. Biroq oʻgʻlim undan hali-hanuz begonasiragancha, qovogʻini ochmay tumshayib oʻtirar edi. Hayot barcha urinishiyu erkalab gapirishlari zoye ketayotganiga qaramay, aslo kayfiyatini tushirmas, aksincha, hammasi shunday boʻlishi kerakdek, oʻgʻlimning atrofidan parvona boʻlardi.

Shu kun Hayot uyimizda uzoq qolib ketdi. Keyin oʻgʻlimdan bazoʻr koʻzlarini uzib, uydan chiqarkan, menga yuzlanib shunday dedi:

– Oʻgʻling, rostdan ham, nimanidir izlayapti, men buni uning koʻzlariga qarab bilib oldim. Bola bechora juda ichikib ketibdi. Men u nimani izlayotganini bilmayman, ammo uning oʻzi qidirayotgan narsasini juda yaxshi biladi. Ilgari ham uni koʻrgan. Mana meni aytdi deysan, agar izlayotgan oʻsha narsasini topsa, hayoti juda ravon kechadi, juda ulugʻ odam boʻladi…

Hayot yana allanimalar toʻgʻrisida uzoq gapirdi, goʻyo bu dunyoda aql bovar qilmaydigan moʻjiza yuz bergan-u, uning shohidi boʻlib qolgandek, sira hayajonini bosolmas, soʻzlariga meni ham ishontirishga urinar, har bir gapini qayta-qayta taʼkidlab aytar edi.

Ammo mening koʻnglim sira yorishay demas, aksincha, battar qorongʻi tortib borar, doʻstimning tinimsiz javrashi koʻngilga taskin-tasalli bermas, balki Hayot oʻzining telba-teskari dunyosidan kelib chiqib gapirayapti, degan fikr xayolimni band etib olgandi.

Kim biladi, ehtimol, Hayotning gaplarida ham jon bordir?! Ammo buning oʻgʻlimga qanday foydasi tegadi? Bu quruq, havoyi soʻzlar oʻgʻlimning dardiga malham boʻladimi? Meni ayni damda shundan boshqa hech narsa qiziqtirmasdi.

Hayot ketgach, uyga kirishga shoshilmay, hovli sahnida uzoq turib qoldim. Toʻgʻrisini aytganda, uyimizda goʻyo azob-uqubat, iztirobu alam makon tutib olgandek, ichkariga bosh suqishga yuragim betlamas, oyoqlarim oʻz-oʻzidan orqaga tortib ketaverardi. Hammasidan ham, mittigina jismu jussasini dard ezib tashlagan oʻgʻlimning aft-angoriga qarash nihoyatda ogʻir edi. Nimasini aytay, bu dard oxir-oqibat oʻgʻlimni yenggan va uni asta-sekin hayotning quchogʻidan yulqib olayotgan edi.

Oʻgʻlimning ayni damdagi ahvol-ruhiyasi ham shundan darak berib turardi: u butkul holdan toygan, yuzida qon yoʻq, xuddi murdaniki singari oqarib ketgan, koʻzlari soʻnik va bemajol boqar edi. Ammo shunga qaramay, uni hamon oʻsha qora xayol oʻz holiga qoʻymas, u ogʻir sudralgan koʻyi uy ichida emaklab yurar, faqat tez-tez holdan toyganidan ogʻir-ogʻir nafas olgancha yotib qolardi. Baʼzan ostonani quchoqlagancha uzoq vaqt qimir etmay yotar, koʻzlari olayib orqaga tortib ketar va hatto nafas olayotgani ham sezilmasdi. Bunday paytda u jonsiz jasaddan sira farq qilmas, ammo men yoki onasi qoʻlimizga olishga urinsak, kutilmaganda jonlanib, xarxasha qilishga tushardi.

Men ich-ichimdan hammasini sezib turardim: bu shunchaki oddiy va oʻtkinchi dard emas, balki qora xayol shamoyiliga kirib, oʻgʻlimning etagidan tortqilayotgan naq ajalning oʻzi edi…

Eng achinarlisi, har gal oʻgʻlimning hayot talʼati asta-sekin soʻnib borayotgan yuziga koʻzim tushganda, oʻzimning naqadar ojiz va notavonligimni his etib, yuragim koʻksimga sigʻmay qolardi. Men uni qanchalik yaxshi koʻrmay, uning uchun hatto jonimni qurbon etishga tayyor boʻlmay, baribir befoyda edi. Bu dard mening oʻtinchu iltijom, ohu nolam, gʻazabu alamim va yalinib-yolvorishlarimga quloq solmasdi, xuddi oʻljasini batamom yanchib tashlashga chogʻlangan maxluqdek, oʻgʻlimni tobora holdan toydirib borardi.

Bu dardning qarshisida men ham oʻgʻlim singari ojiz qolgan edim.

Yakkayu yagona umidim doʻxtirdan edi, oʻsha kun uning soʻzlariga qattiq ishongan, ammo hammasi oxir-oqibat sarob boʻlib chiqqan edi. Oʻgʻlimni yana doʻxtirning huzuriga olib borishni sira istamas, koʻnglimning bir chetida uning dardi battar zoʻrayib ketishiga doʻxtir tavsiya etgan dorilar ham sabab boʻldi, degan oʻy gʻimirlab turardi.

Hammasini taqdiri azalning izmiga tashlab, indamay qoʻl qovushtirib oʻtirib ham boʻlmasdi. Ammo men ayni damda qanday yoʻl tutishni ham bilmasdim.

Mana shunday ogʻir oʻylar qurshovida qadamimni sudrab bosgancha uyga kirar ekanman, tuyqus xayolimga qishloqqa – ota-onamning oldiga borsak-chi, degan oʻy urildi-yu, xuddi kalavaning uchini topgandek, birdan ong-shuurim yorishib ketdi. Bu haqda nega ilgari oʻylamaganimni xayoldan oʻtkazar ekanman, oʻzim ham hayratga tushdim. Uyga kirgach, xotinimga Muayyadni bugunoq qishloqqa olib ketish haqidagi fikrimni aytganimda, dafʼatan, uning soʻlib, qarimsiq tusga kirgan yuziga “duv” etib qon yugurib, koʻzlari yoshga toʻlib qoldi. Xotinim menga tikilgan koʻyi unsiz yigʻlar, koʻzlaridan dumalab tushgan yosh yonogʻi ustida muallaq turib qolgan edi.

Men unga bir muddat jimgina tikilib turdim, soʻng kechki poyezdga chipta xarid qilish uchun shoshib uydan chiqdim.

Tramvayda vokzal tomon ketib borar ekanman, xotinimning boyagi unsiz yigʻlayotgan holati sira koʻz oʻngimdan nari ketmasdi. Oʻgʻlimning kutilmaganda dardga chalinib qolishi va sogʻayib ketish oʻrniga tobora ogʻirlashib borayotgani unga juda yomon taʼsir qilgan, men buni uyda kechgan har daqiqada his etib turardim. Aftidan, uning yuragini adoqsiz oʻylar kemirib borar, dam-badam “uf” tortib qoʻyganini aytmaganda, “miq” etib ogʻiz ochmas, odatda, oʻgʻlimga unsizgina termilib oʻtirar edi. Uning mana shunday tez-tez “uf” tortishi kishining koʻngliga xavotir va qoʻrquv solardi. Odatda, qandaydir noxushlikning sharpasini ilgʻagan kimsa shunday ogʻir-ogʻir xoʻrsinib qoʻyadi.

Ayniqsa, ikki kun burun yarim tunda xotinim juda gʻalati ahvolga tushganiga tasodifan guvoh boʻlgandim. Oʻsha oqshom men odatdagidan ancha barvaqt uxlab qolgandim. Ammo bir chogʻ, tunning qaysi pallasi ekanini aniq eslay olmayman, qulogʻimga chalingan ovozdan choʻchib uygʻonib ketdim: tunchiroq zulmat choʻkkan uyni xira-shira yoritib turar, eshik tomonda – burchakda esa kimdir qiblaga yuzlangan koʻyi allanimalar deya yozgʻirardi. U garchi xuddi pichirlayotgandek past ovozda nola qilayotgan esa-da, ovozi tun sukunatini buzib, uy ichini tutib ketgan edi. Men yostiqdan boshimni ilkis koʻtarib, burchakda choʻkka tushib oʻtirgan kimsaga qarar ekanman, dafʼatan oʻzimni qayerda yotganimni-yu, bemahalda kim bunchalik faryod qilayotganini anglay olmadim. Haligi kimsaning ovozi esa hadeganda tinay demas, balki guvranib qoʻzgʻalgan boʻron singari tobora shiddatli va qahrli tus olib borardi. Men qattiq qoʻrquvga tushgan, peshonamdan sovuq ter yogʻilib kelar, nimalar roʻy berayotganiga sira aqlim yetmas, yuragim vahm bilan gurs-gurs urar, ammo qimir etishga jurʼatim yetmasdi.

Shunday alpozda qancha vaqt yotganimni bilmayman, balki bir necha lahza, ehtimol, bir soat yotgandirman, faqat bir chogʻ, ong-shuurimni uyqu karaxtligi birdan tark etdi, shekilli, burchakda oʻtirgancha nola qilayotgan kimsani birdan tanib qoldim: xotinim-ku!..

Xotinim – bu fikr uning xayoliga qayerdan kelganiga sira aqlim yetmaydi – qiblaga yuzlangan koʻyi, yigʻlab-yolvorib, Yaratganga iltijo qilar, yakkayu yolgʻiz oʻgʻlimiz Muayyadning dardiga shifo soʻrardi. U xuddi tosh haykalchadek choʻkka tushib oʻtirib olgan, qoʻllari tizzasi ustiga uzatilgan, qorongʻilik qaʼridan jussasi allaqanday pajmurda va kichkina boʻlib koʻrinar, ammo ovozi shiddatli va telbavor edi. Yoʻq, u xuddi mehrob qarshisida boʻyin egib, tavba-tazarru qilayotgan kimsaga oʻxshar, koʻngli, chamasi, mumdek erib borardi, shekilli, tez-tez gapirar, yuragida nimaiki boʻlsa, barini toʻkib solar, oʻzi ham tuzuk-quruq bilmaydigan allaqaysi gunohu ayblari uchun ming tavallo bilan shafqat va magʻfirat soʻrar, yigʻlar va yolvorar, soʻng yigʻi va iltijo sasi qorishib ketgan ovozda Muayyadni jonidan ortiq yaxshi koʻrishini, bu dunyoga kelib, tentirab-tentirab topgan yolgʻiz baxti shu oʻgʻli ekanligini, undan ayrilib qolsa, oʻzini hech narsa bilan ovuta olmasligini, to umri ado boʻlgancha taqdirini qargʻab oʻtishini allaqanday oʻjarlik bilan aytarkan, kutilmaganda oʻpkasi toʻlib ketganidan oʻzini tutolmay oʻkrab yigʻlab yubordi. U ihrayotgandek azobli ovozda uzoq yigʻladi, yigʻi va iztirob zarbidan ozgʻin jussasi qanday silkinib-silkinib tushayotganini aniq-tiniq his etib yotardim. Ammo boshimni koʻtarib, unga qarashga, allanimalar deya yupatishga oʻzimda jurʼat sezmas, uning ayni damdagi holati meni butkul karaxt qilib tashlagan edi.

Ha, xotinim juda ayanchli va aftodahol ahvolga tushgan edi. Yoʻq, yoʻq, mening nazarimda, u ayni mana shu pallada oʻzining qiyofasini tark etib, tun qoʻynida ulkan nolaga aylanib qolgan, bu nola toʻrt tomoni devor bilan oʻralgan mana shu pastak tomli uy ichidan emas, balki dunyoning huv narigi chekkasidan yoyilib oqib kelar, xuddi afsungarning duosi singari sirli va jununvor yangrar, xayol dunyosiga shitob bilan bostirib kirib, kishini bir zumda mahv etib qoʻyardi.

Ha, bu ulugʻvor va mahobatli nola edi, goʻyo xotinimning yuragidan emas, balki falakning boʻgʻzidan otilib chiqar, hayhotdek keng olamda undan boʻlak “tiq” etgan tovush quloqqa chalinmas, uning selu selob boʻlib oqishi hamma-hamma narsani bosib ketgan edi.

Yoʻq, yoʻq, bu nola va figʻon emasdi, balki asli farishta qavmidan yaralgan, ammo keyinchalik yuragini yalmogʻiz yeb qoʻygan odam bolasidan qolgan koʻhna mungli qoʻshiq edi. Men ham dunyoda shunday mungli qoʻshiq borligini oʻsha tunda anglab yetgan va uning yuragimga oqib kirayotgan ezgʻin ohangidan tongga qadar selu selob boʻlib yotgan edim.

Bu qoʻshiqni kuylash ham, tinglash ham oʻta ogʻir edi, u bamisoli olov singari jismu jussani yondirib yuborar, yurakni junbushga solib, odam bolasi yaralgandan buyon boshidan kechirgan iztirobu armoni, toptalgan umidu ishonchi, muhabbat va xiyonati, ayriliq va sogʻinchidan sarbasar ogoh etardi.

Ertasi kun ertalab xotinimni allaqanday parishonxotir va holsiz bir qiyofada koʻrdim. Ammo unga hech narsani sezdirmadim.

Faqat xotinim oʻsha kun nimanidir kutayotgandek betoqat boʻlib yurdi.

 

* * *

Kun, chamasi, choshkayidan oʻtgach, men kechki poyezdga ikkita chipta xarid qilib, uyga qaytdim. Poyezd oqshom sakkizu oʻttizda joʻnashi kerak edi. Men darvozani ochib, ichkariga kirar ekanman, dafʼatan oʻzimga peshvoz chiqib kelayotgan xotinimga koʻzim tushdi-yu, turgan oʻrnimda toshdek qotib qoldim. Yoʻq, yoʻq, men tuyqus xotinimni taniy olmay qoldim, unga tikilib turib, koʻzlarimga sira ishonmas, boyagi gʻam-gʻussaga botgan va choʻkib qolgan qiyofasini favqulodda bir hayajon chulgʻab olgan, yonoqlari choʻgʻdek qip-qizil tusga kirgan va kulib turgan koʻzlaridan duv-duv yosh quyilib kelardi. U men tomonga alpang-talpang qadam tashlab kelar ekan, oʻzini sira bosa olmas, entikib-entikib nafas olar va allanimani gapirishga chogʻlanardi-yu, biroq ovozi chiqmasdi.

Men unga koʻzim tushgan zahotiyoq yuragimga xavotir oralagan va uyda, albatta, oʻgʻlimning taqdiriga daxldor qandaydir voqea roʻy bergan va xotinim shundan aqldan ozgudek koʻyga tushganini gʻayrishuuriy tarzda anglab yetgan edim. Ammo men ham qanday voqea yuz berganini soʻrashga botinolmas, tilim xuddi tanglayimga yopishib qolgandek sira aylanmas, faqat yuragim mumdek erib borayotganidan yigʻlagim kelar edi.

Ana shunday hayajon va xavotir girdobiga gʻarq boʻlib qancha vaqt turganimni bilmayman, bir payt xotinimning hovliqqan koʻyi aytgan soʻzlari qulogʻimga urildi-yu, birdan hushim oʻzimga keldi.

– Muayyad shuncha kun oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib nimani izlaganini bilasizmi? – dedi qichqirgandek bir ovozda. Uning ovozi quvonch va oʻkinchga toʻla edi.

– Yoʻq, – dedim dafʼatan hushyor tortib. – Nimani izlagan ekan?

– Bolam shoʻrlik, – dedi xotinim, ammo oʻpkasi toʻlib ketganidan piq etib yigʻlab yubordi. Soʻng yigʻi sasi qorishib ketgan ovozda gapira boshladi. – Tugʻilgan paytida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayotgan ekan…

Men uning soʻzlarini eshitib, kimdir toʻsatdan boshimga zarb bilan urgandek, karaxt tortib qolgan ong-shuurimning ogʻir eshiklari birdan sharaqlab ochilib ketdi: tavba, oʻgʻlim shuncha kundan buyon huzuru halovati, tinchi va oromini yoʻqotib izlagan narsasini qarang… Uning koʻngliga bu oʻy qayerdan keldiykin, shuncha kundan buyon ichikkancha izlayotgan bu narsa oʻziga shunchalik zarurligini, busiz hayot ham, dunyo ham oʻzining qadr-qimmati, mazmun-mohiyatini butkul yoʻqotib, sariq chaqaga ham arzimaydigan matoga aylanib qolishini u goʻdak aqli bilan qanday anglab yetdiykin?

Men qattiq hayajon ichida qolgan, oʻzimni sira bosa olmas, xotinimning ogʻzidan oʻgʻlim izlagan narsaning nomini qayta-qayta eshitishni va eshita turib butun vujudimda ogʻriq va lazzat tuyishni istardim.

– Muayyad nimani izlagan ekan?

– Nima balo, qulogʻingiz tom bitganmi? Qirq marta aytdim-ku, tugʻilgan paytida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayotgan ekan. Shuni topib, yostigʻining ostiga qoʻysak, bir pasda tinchib qolarkan…

– Senga buni kim aytdi?

Savolimni eshitib, xotinim negadir birdan hushyor tortdi, atrofga olazarak qarab olarkan, goʻyo muhim sirni oshkor etayotgandek, shivirlab gapirishga tushdi:

– Siz boya vokzalga ketganingizdan soʻng hovliga bitta chol kirib keldi, – dedi u. – U ichkarida qanday paydo boʻlib qolganiga sira aqlim yetmaydi, darvozani qulflab qoʻygandim. Men uyda oʻtirgandim, bir mahal hovlida kimningdir qadam tovushi eshitilgandek boʻldi. Shoshib tashqariga chiqsam, haligi tilanchi chol anavi yerda, – u qoʻli bilan hovli oʻrtasini koʻrsatdi, – qaqqayib turgan ekan. Aft-angoriga qarab boʻlmaydi, tugʻilgandan beri suv tegmaganmi, oʻlardek isliqi, soch-soqoli oʻsib ketgan, egnida uvadasi chiqqan toʻn. Unga koʻzim tushib, qoʻrqqanimdan yuragim yorilib ketay dedi. Birdan oʻzimni shosha-pisha ichkariga urdim-da, eshikni qulflab oldim. Keyin derazadan asta moʻralab qarasam, u hali ham joyida qimir etmay turgan ekan. Ana ketadi, mana ketadi, deb ichim tapillab rosa kutdim. Yoʻq, qayda deysiz, qoqqan qoziqdek qimir etmaydi, tagʻin deng, uyning derazasidan koʻzini uzmaydi. Oxiri, toqatim toq boʻldi, kunidan qolgan tilanchi boʻlsa kerak, degan xayolda yarimta nonni qoʻlimga olib, sekin tashqariga chiqdim. Qoʻrqqanimdan dagʻ-dagʻ qaltirab, uning oldiga bordim-da, nonni uzatdim. U nonni olib, toʻrvasiga solayotib, negadir gʻalati kuldi, soʻng menga qarab nima deydi deng: “Qizim, men hovlingizga sadaqa soʻrab kelganim yoʻq. Mayli, koʻnglingiz shuni tusagan ekan, qoʻlingiz qaytmasin”, dedi. Qurib ketgur, oʻzi tilanchi boʻlsa ham, ovozi juda gʻalati, eshitgan odamning yuragi jimirlab ketadi. Shundanmi, men qoʻrquvni ham esimdan chiqarib, uning qarshisida turib qolibman. Bir payt tagʻin uning oʻzi gapirib qoldi. Bu gal nima deydi deng: “Qizim, anchadan buyon bolangiz betob-a?”. “Ha, ha, – dedim men, – anchadan buyon bolamning mazasi yoʻq. Yemaydiyam, ichmaydiyam, uxlamaydiyam. Allanimani izlab, tinchini yoʻqotgan”, dedim. “Bolangiz nimani izlayotganini bilasizmi?” deb soʻradi u. “Yoʻq, – dedim men, – agar bilsak, shuncha kundan buyon oʻgʻlimning rangini sargʻaytirib qoʻl qovushtirib oʻtirardikmi?!”. “Haliyam gumrohlik qilib, bolaga koʻp azob beribsizlar, – dedi u. – Ohu nolasi yetti osmonni tutib ketgan. Hozir uning koʻziga na non, na suv koʻrinadi. U tugʻilganida kesilgan kindigi bor-ku, shuni izlayapti. Unga shuni topib beringlar!”. Tilanchi chol boshqa hech narsa demadi, faqat atagan sadaqangizni xudo oʻz dargohida qabul qilsin, deb yuziga fotiha tortdi-da, hovlidan chiqib ketdi. Ha, aytmoqchi, siz uni taniysiz. Anavi, yoʻlak chetida oʻtiradigan tilanchi chol bor edi-ku, oʻsha u! Men ham uni hovlidan chiqib ketgandan soʻng tanib qoldim.

Xotinimning soʻzlarini eshita turib, battar hayrat va taajjubga tushdim. Nimalar roʻy beryapti, oʻzi?! Tushmi bu yo oʻngim? Anavi tilanchi chol hech kutilmaganda hovlimizda qayerdan paydo boʻldi? Manzilimizni sira adashmay-ogʻishmay qanday topib keldi? Hovlimizga qayerdan kirdi, eshik ichkaridan yopilgan boʻlsa?! Oʻgʻlim nimaning dardida bunchalik ichikib yotganini u qaydan bila qoldi? Nega bunchalik jon kuydirib mening hayotimga aralashib yuribdi? Kim u, oʻzi? Odammi yo…

Tilanchi cholni bir necha oy burun anavi yoʻlakdan oyogʻini yerga tekkizmay olib ketishgan, shundan buyon hech qayerda qorasi koʻrinmagan edi-ku! Ammo sira kutilmaganda hovlimizda paydo boʻlgani, tagʻin deng, oʻgʻlim nimani izlayotganini oqizmay-tomizmay aytganini sira aqlu tasavvurga sigʻdirib boʻlmasdi.

Men yana tang ahvolga tushib qolgan, tilanchi chol haqida qanchalik bosh qotirib oʻylamay, baribir hech narsa bilmasligimga ich-ichimdan iqror boʻlardim. Buning ustiga, ayni damda u haqda oʻylab oʻtirishga toqatim yetmas, balki oʻgʻlim ichikib izlayotgan narsani tezroq topishim zarur edi. Men boshimni koʻtarib, roʻy berayotgan voqealarga xuddi oʻzim singari aqli yetmay, lol qolib oʻtirgan xotinimga qaradim.

– Muayyadning kesilgan kindigini endi qayerdan topamiz?

– Uning kindigini tugʻilgan payti tugʻruqxonada kesishgan. Oʻsha yerda qolib ketgan, – dedi xotinim.

Xotinimga bir muddat qarab turdim-da, soʻng hozir kelaman, sen Muayyadga qaragin, deya shoshib koʻchaga chiqdim.

 

* * *

Tugʻruqxonada meni qirq besh yoshlardagi, sargʻishtob yuzini ajin bosgan baqaloqqina xotin qarshi oldi. U oʻzini doyaman, deb tanishtirdi. Men unga oʻgʻlim qanday dardga chalinib qolgani-yu, oʻzim nima maqsadda bu yoqqa kelganimni batafsil aytib berdim. Doya xotin gaplarimni kiprik qoqmay eshitdi, ammo kutganimga zid oʻlaroq, uning yuzida biror-bir oʻzgarish alomati sezilmadi. Aftidan, unga bunday masalalar yuzasidan juda koʻp marta murojaat etishgan va u eshitaverib allaqachon diydasi qotib ketganga oʻxshar edi.

– Hm, – dedi u xoʻrsingandek ovoz bilan. – Oʻgʻlingiz tugʻilganiga bir yil boʻlay deb qolibdi-yu, siz endi uning kindigini izlab keldingizmi? Biz birorta ham bolaning kindigini atay asrab qoʻymaymiz. Kesilgan zahotiyoq axlatga chiqarib tashlaymiz. Daydi itlar yeb ketadi…

Tugʻruqxonadan qanday otilib chiqqanimni oʻzim ham bilmayman. Hushim oʻzimda emas, boshim gʻuvillab ogʻrir edi. Qadamimni sudrab bosgancha ketib borarkanman, oʻgʻlim haqida oʻylar, uning xuddi chaqmoq urgan qushdek uy ichida bemajol emaklab yurishi koʻz oʻngimdan sira nari ketmasdi. Oʻgʻlimga endi nima deyman, uning ichikkan koʻzlariga qanday qarayman – bilmayman…


 

Soʻngsoʻz oʻrnida

Har bir goʻdakning dunyoga kelishi aslida tengsiz moʻjiza. Shu bois xalqimiz azal-azaldan bunga alohida eʼtibor bilan qaragan. Elimizning bu boradagi koʻp mingyillik taraqqiyoti davomida shakllanib kelgan, asrlar sinovidan oʻtgan anʼana va udumlari yuksak qadriyat darajasiga koʻtarilgan.

Masalan, ajdodlarimiz yaratgan beshik, ism qoʻyish marosimi yoki onalarimizning qadimiy allasi kishini hayratga solmay qoʻymaydi.

Ammo mustabid shoʻro tuzumi davrida milliy oʻzligimizning ustunlaridan sanalgan ana shu qadriyatlarimiz ham koʻr-koʻrona toptaldi, bu bebaho merosni xalqimizning xotirasidan oʻchirib tashlashga urinishlar boʻldi.

Bugun koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak: oʻtgan asrning 80-yillarida onalarimiz tomonidan ming yillardan buyon aytib kelinayotgan, goʻdak qalbida milliy tuygʻularni shakllantirishda tengsiz oʻrin tutadigan alla ham “eskilik sarqiti” deya qattiq qoralangan edi.

Vatanimizning mustaqillikka erishishi ana shunday bedodliklarga, xalqimizni oʻzligidan mosuvo qilishga qaratilgan mashʼum siyosatga batamom chek qoʻydi.

Biz, ijodkorlar elimiz boshidan kechirgan ana shunday ayanchli voqealarni badiiy talqin etib, koʻproq yozishimiz, bu mashʼum davrning maqsad-mohiyatini haqqoniy ravishda koʻrsatib berishimiz kerak, deb oʻylayman. Shundagina Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligining qadr-qimmati yanada teranroq namoyon boʻladi.

Eʼtiboringizga havola etilgan “Qaqnus qanotidagi umr” qissasida ham oʻsha rutubatli davrda azaliy qadriyatlar, ilohiy borliqqa tutashtiruvchi rishtani topa olmay baxti zabun boʻlgan qahramonlarning ayanchli qismatini badiiy tarzda talqin etishga harakat qildim.

Bu qoralamalar Sizga manzur boʻlgan boʻlsa, bugungi yorugʻ kunlarimizga shukronalik uygʻotgan boʻlsa, oʻzimni baxtiyor deb bilaman.

 

Shodiqul HAMRO

 

“Yoshlik”, 2015 yil 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.