Qanoat

0
30
marta ko‘rilgan.

Qanoat deb janobi Haq tarafidan ihson bo‘lgan ahvolga yetishdig‘imiz ne’mat va molga shukr, boshimizga kelgan faqr, musibat, falokatlarga chidab, sabr qilmoqni aytilur. Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g‘inosidur.

Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega bo‘lgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar. Buning ila barobar qanoatsizlikdan paydo bo‘ladurgan hasad degan jonning eng zo‘r dushmanidan qutulurlar. Chin insonlar kishining molina, mulkina, saodatina, maishatina hasad qilmas, qanoatdan ayrilmas, umrini rohatda o‘tkarur. Inson har bir ishga kuchi yetguncha cholishmoq, janobi Haq taqdirdagi narsasidan nimani bersa, shunga qanoat qilmoq lozimdur.

Zeroki, inson o‘z maishatini, nomusini saqlamoq uchun fidoyi jon darajasiga borguncha sa’y qilmoqg‘a buyurilmishdur, lekin bu sa’yning mashruyi har bir ishda qanoatni qo‘ldan bermaslikdur. Olamda qanoat kabi dilni poklaydurgan narsa yo‘qdur. Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur.

Hazrati Ali afandimiz: “Dunyoda sa’y-jadali ila maishat o‘tkargan qanoat egasi hech kimg‘a muhtoj bo‘lmagan zo‘r boylar kabi rohatda, saodatda yashar”, – demishlar.

Aflotun hakim: “Insonning saodati qanoatini qo‘lda tutmakda, sarvat va maishat to‘g‘risida janobi Haqning taqdiriga rozi bo‘lmakdadur”, – demishlar.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.