Qanoat

0
156
marta koʻrilgan.

Otamning jahli yomon edi. Badjahl boʻlib aka-ukalardan, birontamizni chertgan emas. Biroq onam: “Hoy, ehtiyot boʻl, adangning jahllari yomon”, deb shunchalik uqtirib qoʻyganki, otamizni koʻrishimiz bilan hammamiz yuvosh tortib qolardik.

Tirikchilik vajidan boʻlsa kerak, otam kechalari soat tuzatardi. Qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻyda kimning soati buzilsa, biznikiga olib kelar, otamning hujrasida katta-kichik soatlar muttasil chiqillab turar edi. Onam bizni bu hujraga hech yoʻlatmasdi. Bir kuni ukam ikkalamiz u yerga kirsak, stol ustida kichikroq piyolaning ogʻzidek keladigan zanjirli choʻntak soati yotibdi. Qopqogʻi, oynasi ochilgan, murvatlari bir chekkaga tartib bilan terib qoʻyilgan. Aka-uka oʻzimizcha “ustachilik” qildik. Soatning yurishidan darak yoʻq. Bir mahal narigi uyda onamning sharpasini sezib qoldigu sekingina sirgʻalib chiqib ketdik.

Kechqurun otam hujraga kirishi bilan xunob boʻlib qichqirdi:

 – Soatga kim tegdi?

 – Hech kim kirgani yoʻq-ku! – dedi onam hayron boʻlib.

 – Hammasini sochib tashlabdi-ku! – otam jahl bilan chiqib keldi. Qoʻlida biz “tuzatgan” soat. – Mili yoʻq. Egasiga nima deyman!

Ukam ikkalamiz churq etmay moʻltirab oʻtiribmiz. Yaxshi hamki akalarimiz koʻchada, boʻlmasa, hamma ayb oʻshalarga tushishi aniq.

Koʻp oʻtmay ovqat keldi. Ukamga yogʻoch qoshiq, menga temir qoshiq tegdi. Ikkalamiz qoshiq talashib qoldik. Ukam u yoqqa tortadi, men bu yoqqa. Ikki orada kosa dumalab, dasturxonga shoʻrva toʻkildi. Boyagi xunobgarchilik ustiga bunisi ham qoʻshildi-yu, biz bir yoqda qolib otam onamni tushirib qoldi. Aka-uka pildirpis boʻlib, in-inimizga kirib ketdik. Onam shoʻrlikning qovogʻi koʻkarib chiqdi. Achindik. Ammo nachora?..

Ertalab tursam, otam ishga ketgan, hovli tomondan ayol kishining shangʻillagani eshitilyapti. Ovozidan tanidim: qoʻshnimiz Moʻmin akaning xotini. Moʻmin aka – ketmonchi. Oʻzi ham moʻmingina odam. Xotini boshqacharoq. Kattayu kichik hamma uni Kelinoyi deb chaqiradi. Kelinoyining qiziq odati bor. Ichida gap yotmaydi. Uyida qaysi sholchaga xokandozdan choʻgʻ tushib, qancha joyi kuygani, qaysi oʻgʻli sholgʻomni yomon koʻrishi, qaysi qizining sochiga sirka oralagani – hammasini birpasda mahallaga yoyib chiqadi.

 – Ketaman! – dedi u ovozini baralla qoʻyib. – U qoʻymasa, mana man qoʻydim! Ketaman! Ketgandayam uyini vayron qilib ketaman!

Tushundim. Bundan chiqdi, Kelinoyi eri bilan urishgan. Uyida sal janjal chiqsa, albatta oyisinikiga “ketadigan” boʻlib qoladi. Tomosha koʻrish uchun asta moʻraladim.

 – Nima boʻldi oʻzi, ovsinjon? – dedi onam sekingina.

 – Kecha mani shundoq soʻkdi, shundoq soʻkdi, yigitgina oʻlgur! – Kelinoyi ikki qoʻli bilan sharaqlatib soniga shapatiladi. – Onamni soʻkdi-ya, boʻyginang goʻrda chirigur.

 – Qoʻying, xafa boʻlmang, – deb onam uni yupatishga urindi.

 – Nimaga xafa boʻlmas ekanman? – Kelinoyi yana ham qattiqroq shangʻillay boshladi. – Kechqurun oʻsma ezib qoʻyuvdim. Shu savil qurib qolmasin, deb qoshimga qoʻya qoluvdim. Ha, moshkichiri jindak tagiga olib, qotib ketibdi. Shungayam ota goʻri qozixonami? “Pardoz-andoz qilgandan koʻra ovqatingga qarasang oʻlasanmi!” deydi-ya, goʻrsoʻxta! Ha, pardoz qilsam, oʻynashimga qipmanmi, qirchiningdan qiyilgur! Qirmochmi, balomi, zahringga yeyavermaysanmi, yergina yutgur! Xah, onamni soʻkkan tillaring tanglayingga yopishgur! Tagʻin nima deydi, deng? Aybni menga toʻnkaydi: tiling bir qarich, deydi. Voy, tilimni gapirgan tillaring jodida qiyma-qiyma boʻlsin-a. Yeldek kelib, seldek olmasa aslo rozimasman!

 – Qoʻying, ovsinjon, – onam maʼyus jilmaydi. – Oshsiz uy bor, urishsiz uy yoʻq… Qargʻamang bechorani.

 – Voy nega qargʻamas ekanman? Ogʻzi-burningdan laxta-laxta qoning kelgurni, nega qargʻamas ekanman? Ketaman!

 – Olti bola bilan qayoqqa borasiz, ovsinjon? – dedi onam kulimsirab. – Joʻjabirdek jonsiz. Shularning shukurini qilsangiz-chi.

 – E, oltita bolamni oydinda oyogʻim bilan boqib olaman. Oyiginamning tor qorniga siqqan keng uyiga sigʻmaymanmi? Birov mani koʻkragimdan itarmas. Mana shu ajalning tigʻi parroniga uchragur bilan turgandan koʻra… – Kelinoyi birdan jimib qoldi. Kipriklarini ogʻir-ogʻir pirpiratib onamga uzoq tikil-di-yu, ovozi pasaydi. – Voy, yuzingizga nima qildi?

 – Oʻtin tegib ketdi, – dedi onam sekingina. – Qarasam, oʻtin oʻlgur qolmabdi. Bolalar oʻqishda, adasi ishdalar. Koʻzliroq sarjin ekan, tesha bilan urganimni bilaman… – Onam qovogʻini silab qoʻydi. – Adasi ishdan kelib juda xafa boʻldilar. “Birpas sabr qilmaysanmi, oʻzim yorib bermaymanmi”, dedilar.

Men turgan joyimda qotib qoldim. Onam yolgʻon gapirardi. Yolgʻon gapirardi-yu, negadir bu menga juda yoqar edi…

 – Ana! – Kelinoyi tagʻin shangʻilladi. – Sizning eringiz oʻtiningizgacha yorib beradi. Maniki boʻlsa, bir paqir suv olib kelmaydi, qoʻlginang sinib, akashak boʻlgur. Uyim-joyim deb boʻynini egmaydi, boʻyniginang kesilgur, eshshak! Xudoyo boʻyniginang hazrati Alining qilichida kesilmasa, u dunyo-bu dunyo rozimasman-a!

Ortiq qarab turolmadim. Negadir yigʻlagim keldi.

…Hozir ham eri sal qovogʻini solsa, “melisa” bilan qoʻrqitib, “oʻn besh sutkani” pesh qiladigan baʼzi xotinlarni koʻrsam, onamning qanoatini, Kelinoyining qargʻishlarini eslayman.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.