Qani sening haykaling?

0
37
marta ko‘rilgan.

Men bu yo‘ldan har kuni ikki marta o‘ta man: ertalab va kechqurun. Ertalab ham, kechqurun ham o‘tayotganda go‘yoki sarobga duch kelgandek, yo‘q, boshqa yurtga tushib qolgandek, bunday ham emas – xuddi oradan shuncha fursat kechmagandek, zamon orqaga ketgandek tuyulib, lolu hayron bo‘laman. Tavba, deyman, boshqalar ham buni biladimi yoki faqat mening ko‘zimga shunday ko‘rinyaptimi? Bo‘lmasa, nega hech kim hech narsa demaydi? Nega hech kim qo‘rqmaydi? Bu yerda bir sir bor-ov. Yo‘lning ikki tomonida-ya, kuppa-kunduzi! Ketayotib avval o‘ng tarafga qarayman: ha, turibdi. Kechagidek, tunov kungidek. Shundoqqina ko‘chaning yoqaginasida. Yonma-yon. Ikki qariya. Ikki soqoldor. Odamzodning mol-mulkigagina emas, joniga ham ega chiqqan ikki zot. Dunyoni buzgan ikki dohiy! Xayriyatki, bor bo‘y-basti bilan emas – yarim beldan pasti yo‘q. Byust deydilar buni, sandiqdek keladigan toshhaykal. Tilimizda monandi yo‘q – musulmon qavm odam bolasining belidan kesib, tomoshaga qo‘ymaydi.

Bunisi hali holva. Ana endi ko‘zingizni chirt yumib o‘ngacha sanaysiz-da, chap tarafga qaraysiz. Ha, tush ko‘rayotganingiz aniq. Chunki o‘ngingizda bunaqasi bo‘lmaydi. Yana o‘sha ikki qariya! Bu gal endi bor bo‘yi bilan turibdi. Nihoyatda ulkan. Odam bolasi bunchalik bahaybat bo‘lmas. Bular odam qavmidan emas-da, dev, ikki dev! Ikkovining ham vajohati chatoq, bir-biriga maslahat solayotgandek. Bamisoli hoziroq maslahatlari bitib, kapital dunyosini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydigandek!

Bora-bora bu manzaralar menga ermak bo‘lib qoldi. O‘tganda ham qarayman, qaytganda ham. Va har gal taajjub bilan “Bu yo‘ldan mendan boshqa odam o‘tmasmikan? Kattalar-chi? Amaldorlar-chi? Nahotki, ko‘rmasa, indamasa?!” degan o‘ylar kechadi ko‘ngildan. Lekin birovga miq etolmayman. Kimga aytaman, nima deb aytaman? O‘tgan-qaytgan barcha o‘zi ko‘rib-bilib yurgandir? Hech kim indamayaptimi, demak, bunda bir sir bor, bir sir!

Darvoqe, aytib ham ko‘rganman. Mana shu “o‘lmas kommunizm manzili”dan o‘tayotib. Tushunmagan kabi uchalasi ham yelka qisib qo‘ygan: Shohruh ham, Shuhrat ham, Shavkat ham. Ularga nima – uchovi ham shopir, chambarak aylantirishdan boshqasi bilan ishi yo‘q. Mana, bugun arzanda mehmonga xizmat qilmoq navbati, tamom. Aslida, xolavachchalarim, lekin yoshim katta, o‘zim o‘qigan, baobro‘, har hafta televizorda ko‘rinib, sayrab turishim uchun ularni “jiyan” deb atayman. Ular shunisiga ham xursand, kimsan – bo‘lajak deputatni moshinalariga solib yurishibdi! Xolavachchaligu tog‘a-jiyanlik o‘z yo‘liga. Uchalasiyam bo‘ydoq, saylovchilar bilan uchrashuvlarda men chiqib lof urayotgan chog‘da bular bitta-yarim suluvroq qiz bilan ko‘z urishtirib turadi; “Qara, men qandoq gapdon bilan yuribman! Ertaga deputatlikka saylansa, senga sovchilikka mana shuni jo‘nataman. Qalay, bo‘ladimi?”

Nachora, o‘zim tug‘ilib o‘sgan joylar qolib nomzodim qo‘shni tumandan ko‘rsatilgan. Begona el, notanish manzillar. Peshonasining yozig‘i bilan bir zamonlar shu yerlarga tushib ketgan xolamning aytishicha, tuman ahlining yarmi – raqibim taraf, raqibimning odamlari. Ruhim tushib ketganini ko‘rib, “Baribir sen o‘tasan, o‘lay senga, Toshkentlardan kelgansan, televizorlarda chiqqansan! – deydi xolam bechora kuyib-pishib. – U – nima, puli ko‘p bo‘lgani bilan oddiy paxta zovutning direktori-da!”

Xolamning uyi tumanning uzoq bir chek kasida. Har kuni o‘sha yoqdan qatnayman. To‘g‘ri, Toshkentdan kelgan nomzod sifatida menga tuman markazidan joy taklif qilingan, ammo xolam qo‘ymagan: “Raqibing o‘lguday puldor, o‘layjon. Puldorning qo‘lidan har ish keladi”. Shunday deya mehribon xolam ko‘pdan beri odam kirmagan hayhotdek mehmonxonasini bo‘shatib berib, uch o‘g‘lini menga navbatma-navbat xizmatga qo‘ygan.

Uchalasiyam “gung-soqov”: na Marksni eshitgan, na Engelsni. Tagida mashina bo‘lsa, aylantirmoqqa chambarak bo‘lsa, bas!

Har gal “o‘lmas kommunizm haykalzori”dan o‘tayotib o‘zimcha o‘ylayman: “Dohiylar qiron qilinganiga ko‘p yil bo‘ldi, mana shunday bitta-yarimta qolgani O‘zbekistonda boshqa bormikan?” Bor! O‘zim ko‘rganman. Poytaxt Toshkentda. Ulfatlar bilan boradigan choyxonamizning yonboshida. Mahalla idorasining oldidagi choqqina gulzor o‘rtasida. Baland-past gul butalari aro ko‘rinib-ko‘rinmay turadi. O‘ziyam mo‘jazgina, yosh boladek keladi. Lenincha!

Mahalla oqsoqoli sobiq kommunist, e’tiqodida qat’iy bir battol bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa, choyxonapalov bahona qanchadan-qancha odam keladi! Orasida kimlar yo‘q deysiz! Bundan chiqadiki, shirakayflikda hech kim yo ahamiyat berib qaramaydi, yo ko‘rsa ham kulibgina qo‘yadi, yoki… ko‘nglining tub-tubida zaif bir nima miltillarmikan: shoyad, zora, ehtimol…

Olis tog‘ tumanida bundan qirq yillar burun ko‘rganim manzara ko‘z oldimga keladi.

Jamol jo‘ramning otasi Hafiz cho‘loq yaznamiz tuman markazidagi Chorbog‘ atalmish istirohat bog‘ida rohatijon sotardi. Rohatijon deganlari bir parcha muzning ustiga shinni quyib, jajji likopchaga solib beriladi. Muzqaymoq o‘rniga. Qip-qizil, muzdakkina, yozda maza – shuning uchun rohatijon! O‘sha kezlar xolodilnigu sovutgich degan matohlar yo‘q ekan-da, Hafiz yazna erta bahorda eshak minib toqqa borar, xurjunining ikkala ko‘zini terskay o‘ngirlarda to‘ngib qolgan muzga to‘ldirib qaytardi. Uni ariq bo‘yidagi keksa tollar soya solgan chuqur xandaqqa ko‘mib saqlar, yoz yaqinlashgach, Chorboqqa kiraverishda qo‘nqaygan qizil budkachada o‘tirib bizga o‘xshagan shirintomoq bola-baqraga pullar edi. Bir oyoqsiz cho‘loq holida! Egnida cho‘ntak atroflari kirlangan kalta oq xalat, sog‘ oyog‘ida hakkalagancha goh muzli xumga ergashib, goh peshtaxta chetidagi likopchalarga uzalib zumda rohatijon yasab berishlariga qoyil qolardingiz. Serzarda odam. Hazilkashligi ham bor. Ko‘zlarini chaqchaytirib, shopmo‘ylovini dikkaytirib do‘q urganida ham bilolmaysiz – hazil qilyaptimi, jahl qilyaptimi. Ammo rostakam jahli chiqqanda qo‘ltiqtayog‘ini otib baqiradi: “Men bu oyoqni urushda tashlab kelganman!” Muloyim chog‘larida men bolalarcha soddalik bilan so‘rayman: “Yazna, nega oyog‘ingizni tashlab kelgansiz?” Bir lahza o‘qrayib turadiyu favqulodda bir erinchoqlik bilan javob qiladi: “Enag‘ar Stalinga kerak ekan…”

Qizil budkacha, qip-qizil rohatijon bizning bolalik xumorimiz, ermagimiz edi. Uyimiz markazdan nariroqda, hadeb u yoqqa doriyvermas edik. Borsak, rohatijon yemoqqa borar, boshqasi bizni qiziqtirmas edi. Jamol yolg‘iz o‘g‘il, erkatoy, Chorboqqa u bilan borsangiz, rohatijonga to‘yib qaytardingiz. Tajangfe’l ota arzandasiga qolganda birdan erib ketar, jajji likopchada emas, kattaroq idishga qip-qizil mo‘jizani uyub oldimizga qo‘yar edi. Shu ishni uyda qilsayam bo‘lardi-yu, bu yerda zavqi, mazasi bo‘lakcha-da.

Lekin o‘sha safar rohatijon yeganimiz esimda yo‘q. Boqqa kirsak – qizil budkacha yopiq, peshayvoni tushirib qo‘yilgan ekan. Yon-verida ham hech kim ko‘rinmaydi. Bog‘ ichkarisidan bo‘g‘iq olag‘ovur eshitilar, chamasi, hamma o‘sha yoqda edi.

Tumanning qoq o‘rtasidagi bu manzil chorboq – to‘rtta bog‘ desa degulik edi. To‘rt tarafi soya-salqin daraxtzor. Katta ko‘cha bo‘yidagi madaniyat uyida kino ham qo‘yiladi, bog‘ning etagida ham kinoxona – yozgisi. Kirgan joyda gavjum choyxona, so‘ri-chorpoyalar. Uncha-muncha sayilu tantanalar shu yerda o‘tadi.

Bog‘ning har-har joyida odamlar g‘uj bo‘lib, allanechuk hadik bilan pisib turardi. Barchaning ko‘zi bir yoqda – o‘rtada. U yerda nimadir mudhish bir ish bo‘layotir. Qo‘ltiqtayoqli Hafiz yazna ham turgan to‘dani topib, Kamol ikkimiz suqildik. Hamma qarayotgan tarafda odam bo‘yi barobar aylana qirqma butazor bo‘lib, uning qoq markazida kattadan-katta bir odamning simobrang haykali bor edi. May bayramlarida otam bilan sayilga kelganimda ko‘p ko‘rganman. Girdidagi butazor baland va qalinligidan uni bor bo‘yi ko‘rib bo‘lmas, uzoqroqqa borib qaragandagina uzun shinel kiygan azamat yelkalar, bo‘rtiq mo‘ylov va mashhur furajka namoyon bo‘lar edi.

Hozir kimningdir biqinidan mo‘ralab o‘sha yoqqa boqarkanman, birdan sezdim: haykal joyida yo‘q!

Hamma shunga qaramoqda, hamma shunga hayron edi, chamasi.

Quyuq butalar orasidan avval Turdash sirrining kuchanishdan bujmaygan basharasi ko‘rindi. Izdihom bir zum sergak tortdi: go‘yoki o‘rtadagi haykal qotib turgan joyidan asta tushib, butazorni yorib chiqib kelmoqda edi! Askariy shinel ham o‘sha-o‘sha, furajka ham o‘sha-o‘sha, mo‘ylovlar ham… O‘zimizning Turdash devona! Ko‘kragi osha o‘tkazilgan simarqonni tortgancha nimanidir sudrab chiqayotir.

Qishloq bolalarining ermagi bo‘lmish bu devonani ba’zilar “Urushdan shunday aynib kelgan”, deyishadi. Boshqalar esa, “Urushga bormaslik uchun o‘zini jinnilikka solaverib, axiyri esi og‘ib qolgan”, deb ta’bir ochadi. Indamasangiz, birovga ziyoni yo‘q. Ertadan kechga qadar o‘zicha nimanidir g‘o‘ng‘illab yuradi. “Ayn! Svayn! Gitler kaput!”dan boshqasini tushunmaysiz. Egnida eskidan-eski juldur shinel, boshida bichimi qiyshayib ketgan dog‘-dug‘li furajka, soch-soqoli oylab ustara ko‘rmaydi. Bola-chaqa deganlaridan yo‘q, albatta. Otasidan qolgan tashlandiq bir chordevorda kun ko‘radi. Ikki ukasi qo‘shni hovlida, vaqt-bemahal o‘shalar qarashsa kerak, yana qaydam deysiz.

Shuginaning ham ordona hashamga o‘chligini aytsangiz! Shinel ostida mundirining ikki ko‘kragi “orden-medal”ga to‘la, “qahramon ona”dan tortib pioner znachogigacha qatorlashtirib qadab chiqilgan! Telbaligiga mana shunisi isbot bo‘lmasa, gohida odam bilan tuppa-tuzuk gap berib gap oladi. Shundan ba’zilar uni foyda-zararda adashmaydigan nimtentak, o‘zini atay jinni-sang‘i qilib ko‘rsatadi, aslida, o‘lgudek mug‘ombir deb biladi. Unday emas, unday emas. Lekin devdek kuchi bor. Vino berib to‘ydirsangiz, devning ishini qiladi. Uncha-muncha odam bo‘yniga olmaydigan zahmatlarga ham mana shu sho‘rlik balogardon. Ichimlik shishasini ko‘rsa bas, “ayn, svayn”ini aytib, har qanday yumushga kirishib ketadi.

Turdash oldinga qarab bir siltangan edi, zich butalar orasidan og‘ir simobrang allanima beligacha otilib chiqdi. Tomoshada turganlar bir chayqalgandek bo‘ldi, u yer-bu yerdan “I-i-i!” degan bo‘g‘iq sas eshitildi. Shu joyda Turdash qaddini rostlab, tevarakka g‘olibona bir nazar tashladi. Iljaydi. Zo‘riqqanidanmi yo boya ichilgan vinodanmi qizarib ketgan. Keyin shoshilmaygina shineli cho‘ntagidan “Baykal” papirosini chiqardi. Shoshilmaygina tutatdi. Tutunini to‘rt tarafga qarab pufladi. Tantanavor. Yanada g‘olibona. To‘rt taraf esa sukutda, hayratda, hadikda…

– O‘v Turdash! Davay endi! – deb amr qildi kimdir, – aftidan, bu tadbir, bu tomoshaga boshchilardan biri.

Turdash papirosining qoldig‘ini o‘sha yoqqa qarab otdiyu “Ayn, svayn, drayn! Gitler kaput!” deya semon yo‘lka bo‘ylab haykalni sudray ketdi. Ganchdanmi yasalgan uzun jasad u yer-bu yerga tegib, taq-tuq ovoz chiqarardi.

– O‘v enag‘ar, sekinroq! – dedi tomoshabinlardan kimdir yurak yutib. – Dohiy u axir, dohiy!

Turdash battar qilmoqchidek haykalni qattiqroq silkilab, madaniyat uyi va oshxona o‘rtasidan o‘tgan yo‘lak orqali katta ko‘chaga oshiqdi.

– Bu haromi shu ketishda yo bo‘ynini, yo shapkasini bir balo qiladi, to‘chni! – deb tusmolladi yana birov.

– E, bo‘ynigayam, shapkasigayam!..

Hamma alanglab bu gapni aytgan odamni qidirgan bo‘ldi-yu, ko‘pchiligi hangoma quvib Turdash devonaning ortidan ergashdi.

Hafiz yazna qo‘ltiqtayog‘ini zarb bilan yerga urib ortiga burilarkan, arzandasi Jamolga ko‘zi tushib, to‘satdan o‘shqirib berdi:

– Sen bu yerda nima qilib yuribsan?!

Haykalning boshimi-bo‘ynimi shikast ko‘rgan-ko‘rmaganini bilmayman-u, eshitishimcha, u o‘shanda bir necha zamon tuman kommunal xo‘jalik idorasining hovlisidagi bir burchakka tikka qilib qo‘yilgan. Bu joy katta ko‘chadan ichkariroqda bo‘lgani uchun ko‘zdan pana, uncha-muncha dingquloq bexabar qolib, unutila boshlagan. Oradan talay vaqt o‘tib mashmashaning orqasi sovigach, soy labida yashaydigan, boshida stalincha shapka, o‘zi ham dohiymonand kiyinib yuradigan bir haykalparast komxo‘j idorasini rozi qilibmi, haykalni olib ketib, hovlisiga o‘rnatib qo‘yadi. Soyga cho‘milishga borayotib dohiyning devor uzra yuksalib turgan furajkasiyu dongdor mo‘ylovini ko‘rib qolardik.

“Haykalparast sevimli dohiysini kechalari quchoqlab yotarmish” degan gap ham chiqdi-yu, bunisiga hech kim ishongani yo‘q: “Sovuqdan-sovuq ganchni quchoqlab nima bahra, semizgina xotini bor-ku?..”

Yana eshitishimcha, bunisi endi keyinroq ekan, qishlog‘idagi mo‘tabar haykalu uni ko‘z qoracho‘g‘idek asrab yurgan sadoqatli haykalparastdan xabar topgan to‘rt-besh gruzin kelib u bilan oshna tutinganmish va qavmdoshlarining haykali evaziga unga qora “ZIM” mashinasini hadya qilib ketganmish.

Boshqasini bilmayman-u, o‘sha haykalparast amakimiz tumanning markaziy ko‘chasida qora “ZIM” haydab yurganini o‘zim ko‘rganman.

… Har kun ikki mahaldan ko‘rib yurganlarim holvaning holvasi ekan, bu yog‘ini eshiting.

Sobiq “Sotsializm” kolxoziga qarab ketayotgan edik. Sobiq kursdoshim, bugungi ishonchli vakilim Toshboyning aytishicha, o‘sha sobiq mash’al xo‘jalikning sobiq raisi Erman katta “Shayir deputatingni bir opke, butun kolxozni og‘dirib beraman”, deganmish.

Qarang, “shayir deputat”dan boshqa bari sobiq!

Mana, o‘sha sobiqlarning izmi bilan ikki mashina bo‘lib yo‘lga chiqqanmiz. Oldingi mashinada biznikilar: Partiya opamiz, Toshboy va o‘zim; ro‘lda bugun Shuhratbegimiz. Raqiblarimiz keyingi mashinada, bizga ko‘z-quloq bo‘lib kelishyapti: ular bexabar, yo‘l-po‘lda biror buzg‘unchilikni boshlab qolishimiz mumkin-da!

Toshboyning kimligini aytdim: deputatlikka nomzod, ya’ni mening ishonchli vakilim, boz ustiga, eski kursdoshim. Saylovchilar bilan uchrashuvda so‘zga chiqib holdan toyguncha meni maqtaydi: davomatim chatoq bo‘lsa-da, darslarga qatnamay ham qandoq zo‘r o‘qiganlarim, do‘stu yorga sadoqatim (misollar bilan), tengsiz shoirligim! Ta’riflariga ofarin-u, lekin nomzodlik masalasi qolib talabalik xotiralariga berilib ketganiga nima deysiz! Biror gapiga e’tiroz bildirib, luqma solgudek bo‘lsangiz, “Sen jim o‘tir!” deya hammaning oldida do‘q urib bo‘lajak deputatni izza qiladi.

– O‘v! – deyman uchrashuvdan so‘ng jonim chiqib. – “Shoir, shoir”lab vaysab yotibsan, besh yil o‘qib, janrning janrdan farqini bilmaysanmi, oshqovoq?!

– Og‘zingni yum! – deydi Toshboy kuyib-pishib. – Sen bu yerda shoirsan, tamom!

– She’rlardan eshitaylik, deb qolishsa nima qilaman?

– Qo‘rqma, hech kim so‘ramaydi – she’r yozmasligingni hammasi biladi. Lekin yozuvchi-pozuvchi degan so‘zni og‘zingga olma, changingni chiqarib tashlaydi – saylanib bo‘psan keyin!

Partiya opamiz men umrimda yaqinlashmagan, ammo zamona zayli bilan bugunga kelib kaminani deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan qudratli firqaning, darvoqe, o‘sha firqa vorisining tumandagi ishongan odami. Kiyim-boshiyu soch turmagi ham shunga mos, sipo: qo‘ng‘irtob kostyum-yubka, soch orqaga silliq taralib, kalava yasab qo‘yilgan. Qolgan jihati esa batamom teskari – na gapni biladi, na do‘g‘u siyosatni. Ovozini eshitib tang qolasiz – xuddi uydan chiqmagan o‘n sakkiz yashar xonaki qizning o‘zginasi, ming‘illaydi. Gapirganda yerdan ko‘z uzmaydi, salga duv qizarib ketish odati bor. “Bu tashkilotga adashib kelib qolgan, shekilli”, deya o‘zimcha mulohaza bildirsam, Toshboy ustimdan kulgan bo‘ladi: “Adashib bo‘pti! Orqatog‘lari zo‘r buning. Kelajakda o‘sishi uchun atay shu yerga o‘tqazib qo‘yishgan”. Ajabo, qani odatdagi gapdonligu o‘ktamlik? Ovozdagi temir jarangi qani? Ha-a, firqasi ham puturdan ketib, mana shunaqa pisillab gapiradiganlarga kuni qolgan hozir.

O‘zing ham mana shularga suyangandek, shulardan imdod kutgandek bo‘lib yuribsan-ku, noshukr banda, og‘zingni yumsang-chi!

Qishloqqa kirib, yo‘l yoqalab ketgan qator oq binolar yonidan o‘tayotganimizda yana o‘sha tanish holatga tushdim. Bunisini endi oldingilariga qiyoslab ham bo‘lmasdi. Tush ko‘ryapman shekilli deb ham o‘ylabman.

Avvaliga qo‘lini cho‘zib porloq kommunizm yo‘liga undab turgan dohiy Lenin haykali ko‘rindi. Yigirma qadam o‘tar-o‘tmas sodda, dovdirroq tuyulgani bilan aslida pixini yorgan ishratparast qariya – oqsoqol Kalinin bo‘y cho‘zib qoldi. Bulariga chidasa bo‘lar, harqalay, yurt mustaqillikka chiqqaniga endigina to‘rt-besh yil bo‘ldi, chet-chetlarda bitta-yarimta mana shunaqa o‘tmish sarqitlari saqlanib qolgan bo‘lsa qolgandir – vaqtincha!

Biroq xoh ishoning, xoh ishonmang, yana yigirma qadamlar narida “xalqlar otasi” Iosif Vissarionovich Stalinning shaxsan o‘zi savlat to‘kib qaqqaygan edi! O‘sha uzun shinel, o‘sha furajka, o‘sha shop mo‘ylovu o‘sha vajohat! Hali eslab o‘tildi, bunaqasini qirq yildan bu yog‘iga endi ko‘rishim edi. Oshkora bezbetlik! Oshkora jaholat! Nahotki, ana shu qirq yil badalida bularni hech kim ko‘rmagan, bilmagan?! Bu qishloqqa ham tuman kattalari kelib turar, markaz tomonlardan ham bitta-yarim vakilning yo‘li tushgandir? Xuddi birov meni mazax qilayotgandek madad istab sheriklarimga qaradim. Toshboy kechagidan boshi og‘ribmi, mudrab kelar, parvoyi palak edi. Bu narsalarga “kallasi bilan javob berishi kerak” bo‘lgan opaxonimiz esa tamomi devor – oldingi o‘rindiqda o‘zining uyatchan o‘ylari bilan andarmon.

Mayli, hozir mavridi emas!

Erman katta deganlari yetmish-etmish besh yoshlardagi, ammo tetik-chaqqon, asti sekin gapirolmaydigan kishi ekan. Girdiga qishloq ahlini yig‘ib bizni rostakam tantana, karnay-surnay bilan kutib oldi. Xotiram aldamasa, atlas ko‘ylak kiyib o‘yinga tushgan qizaloqlaru non-tuz ko‘targan juvonlar ham bor edi-yov. Uchrashuv yozgi klubda bo‘ldi, Erman oqsoqol mikrofon-pikrofonsiz har yonga jar solib, meni rosa osmonga chiqarib ta’rifladi. Aytishicha, otam bilan oshna ekan, o‘zi bu yerdan, otamiz esa qo‘shni tumandan “aktip bo‘lib borib oblastdagi shaxsan Rashidov bobo o‘tkazgan katta-katta majlislarda birga qatnashgan” ekan. Kerak bo‘lsa, huv kolxozning o‘rtasida oqarib turgan ikki qavatli maktabni ham ko‘chma qurilish idorasiga boshliq bo‘lganida bizning ota qurib bergan ekan. Ana, qarsakni ko‘ring! “Ertan saylovda qaysing mana shu shayirg‘a ovoz bermasang, so‘ngra mendan o‘pkalab jurma!” deya to‘rt tarafga barmoq nuqib, elga oshkora zug‘um ham qilib qo‘ydi oqsoqol. Bu po‘pisalarga birov miq etib e’tiroz qilgani yo‘q. Xolam aytmish “puldor” raqib tomon ham churq etolmay o‘tirardi. Chamasi, ko‘p yillar kolxozga raislik qilgan, hayqirmasa gapirolmaydigan bu vallomat hech kimdan tilqisiq emas, aksincha, hamma undan cho‘chib-hayiqib turar ekan.

Tadbirdan keyin xo‘jalik ma’muriyati tashabbusni qo‘lga olib, markaziy oshxonaning biqinidagi chog‘roq xosxonada choy tashkil qildi. Bemalolroq o‘tiraylik deyildimi, cholni qistashmadi. Shunday marosimning kayvonisi oxirida menga siniqqina kulimsirab, “Xay-da, ulim, Xudo xohlasa, saylovdan so‘ng uchrashamiz. Oshnamizga salom aytib qo‘yasiz”, deya xayr-ma’zur qilib uyiga ketdi.

Yo‘ldagi dilg‘ashlikka bunisi ham qo‘shilib jilovni xiyol bo‘shashtirgan ekanman, ustma-ust ichilgan “choy”dan qizishibroq qolibman. Payt poylab Partiya opaga hujum qildim. Gapni hazil-huzuldan boshladim: bu qishloqda haykalni yaxshi ko‘rishar ekan-a, dohiyparastlik, stalinparastlik kasali haliyam qonimizda bor-da, buning sababi nima bo‘lsaki, erta bir kun ikkalamizning (ya’ni Toshkentlardan nomzodlikka kelgan kaminaning hamda mafkura masalalariga javobgar hisoblanmish opamizning!) boshimizda kaltak sinmasa edi…

Mendan to‘rt-besh yosh kichik opaxon siyosiy dag‘dag‘alarimni dasturxon popugini o‘ynab jimgina, yuvoshlik bilan tinglab o‘tirdi-da, bir mahal ilkis bosh ko‘tarib, rangi bir alvon, chiyillagancha sayrab qolsami deng:

– To‘rt yil avval ham Toshkentdan bir shoir kelgan edilar. Saylanishga. O‘sha kishiyam Eshmirza Xolmatovichga (sobiq sarkotibini aytyapti) kabinetlaridagi Gorbachyov boboning portretini ko‘rsatib, buni tez daf qiling, deb edilar…

– Xo‘sh, keyin-chi? – dedim ichim qizib.

– Keyin, o‘zingiz bilasiz-ku, saylovdan o‘tolmadilar.

Muzladim, mulzam bo‘ldim. Obbo, pismig‘-ey! Kesakdan o‘t chiqdi-ku!

Xayriyat, Toshboy jo‘ram jonimga ora kirdi.

– Qo‘yaylik o‘sha eski gaplarni, – dedi u yasama xushvaqtlik bilan. – Endi zamon boshqa. Shoirdan shoirning farqi bor, singlim!

Toshboy suvga qarab gapirgan ekan, Partiya opaning esa bashorati suv olmadi – kamina deputatlikka saylandim.

Kelasi yili saylovchilarim bilan uchrashgani kelganimda Toshboydan eshitdim: yangi zamon sharofati bilan yetmish besh yashar Erman bobo raislikka nomzodini qo‘yib yutib chiqibdi va yana kolxozga rais bo‘libdi! “Deputatimizning qorasi ko‘rindi deguncha, oldingga solib kelasan!” deya qattiq tayinlaganmish Toshboyga.

Ikki soatginaga deb borib, cholning kolxozida ikki kuncha qolib ketdik.

– Topshirig‘ingizni bajardik, deputat bobo! – dedi chol hayqirib ilk soatlardayoq.

– Qanaqa topshiriq? – dedim tushunmay!

– Mana, Toshboyqulga aytib ketgan ekansiz-ku! Uchovginasiniyam tag-tubi bilan qo‘portirib tashladim.

– Ey-y, yashshang! Ana bu boshqa gap! – dedim gap haykallar xususida borayotganini bilib. – Qayoqqa eltib tashladingiz?

– Iy, iy, unaqa narsalarni biron yoqqa tashlab bo‘lama, ulim? Avaylabgina, bo‘z matoga o‘rabgina kolxozning omboriga eltib qo‘yibman.

– Hah, mug‘ombir bobom-ey! – dedim sho‘xlik bilan. – Erta bir kun zamon o‘zgarib qolsa, yana qaytadan, a?.. Qo‘rqqansiz-da?

– Nimadan qo‘rqaman, ulim-ey! Endi men qariyani boshiga urama deng! Qishloqda kim ko‘p – yazuvchi-g‘alamisi ko‘p! Shulardan birortasiga ishton-pishton yetmay qolib, yeb ketdi, ichib ketdi, deb bobongizning ustidan yozsayu to‘rtta tekshiruvchisi boshimga cho‘tini ko‘tarib kelsa, qarigan chog‘imda Xudo sharmanda qilmasin dedim-da, ulim! Mana, sanab-o‘lchab ol deymizu chetga chiqamiz-da, tuvrimi?

Tuvri, tuvri, Erman bobo, qoyil!

Oradan yana yigirma yillardan ko‘proq fursat kechdi. Erman bobomizning olamdan o‘tib ketganiga ham necha o‘n yil bo‘ldi. Kechroq eshitdim, ta’ziyasiga borolmadim. Otamizning yuzxotirimi, menga muruvvat ko‘rsatgan ul alomat cholni bugun tez-tez xotirlab turaman.

Ikki yilmi-uch yil bo‘ldi, Toshboy jo‘ramiz ham o‘shal sherimard cholning orqasidan jo‘nadi – haj ziyorati yo‘lida omonatini topshirdi. Ikkovginasini ham Xudo rahmatiga olsin deymiz-da, boshqa nachora!

Endi qayerda haykal ko‘rsam, qorong‘i omborning bir burchagida qalashib yotgan bo‘zga o‘rog‘liq uch haykal ko‘z oldimga keladi. Kolxoz deganlari yo‘q bo‘lib ketdi, eski ombor ham allaqachon buzib tashlangandir – haykallarning holi ne kechdi ekan? Shuni bilgim keladi, juda-juda. Lekin endi kimdan so‘raysiz? Kim bilardi buni? Omborni buzgan odamlar o‘zi qolganmikan bu dunyoda? O‘zimning o‘shandagi siyosiy hushyorligimu kuyib-pishganlarimni eslab esa ham kulgim qistaydi, ham uyalib ketaman. Toshdan bo‘lasanmi, metindan bo‘lasanmi, soat millari barini joy-joyiga qo‘yarkan-ku, t u v r i m i?

 

Erkin A’ZAM,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.