Qadrdon yigʻilar

0
153
marta koʻrilgan.

Men, derazasini lang ochib qoʻyib, nonushta qilishni yoqtiradigan boloxonaning shundoqqina tagidan torgina yoʻl oʻtgan. Yoʻlning narigi beti – bolalar bogʻchasi. Bogʻchaga qatnaydigan tirmizaklar menga shu qadar yodaki boʻlib ketganki, ularni koʻrmay turib, tovushidanoq adashmay tanib olaman.

Kuzatib keladigan kattalar otini aytib chaqirganda, baʼzilarining ismi esimda qolgan. Koʻpchiligiga esa, oʻzimcha laqab toʻqib olganman.

Mana, yana odatdagi nonushta. Xontaxta yonida chordana qurib, qatiqli goʻja kelishini kutganimcha, choy-nonni ermak qilib oʻtiribman. Yarim toʻgʻram non yeb ulgurmasimdan, qulogʻimga birinchi tanish yigʻi chalindi:

– Bigʻ-gʻ-gʻ… Gʻip! Bigʻ-gʻ-gʻ… Gʻip!

Bu – Quyuntoy. Qaramasdan ham sezib turibman, oyisi dam uning qoʻlchasidan tortqilab, dam ketiga yengil shapatilab, boshlab kelyapti.

– E-e-v! Ev-ev-ev…

Bunisi – “Qora boʻgʻirsoq”. Ikkala qoʻlini doʻmpaygan qornining ostiga doim chirmashtirib oladi. Qoshini baland kerib, salmoqli qadam tashlaydi. Boshqalarning ahvolini koʻrib, bogʻchaga hoʻngrak otib borishni faxrli rusum deb tushunadi shekilli, koʻzidan bir tomchi yosh oqizmay, yigʻini shunchaki xirgoyilab keladi.

Lekin, “Kulcha momo”ning ayyuhannosi haqiqiy. Ana, eshitib koʻring-a:

– Va-a-a! Va-vaa! Va-va-vaa!

Iy, bunisi kim boʻldi? E-e, Uchqurbek-ku. Shiravor narsalardan koʻproq yeganmi, bugun ovozi andak xirillab qolibdi. Uning faryodi juda oʻziga xos, loyga botgan yuk moshinasining paydarpay kuchanib silkinayotganini eslatadi:

– Gʻi, gʻi, gʻi… Gʻir-r! Gʻi – gʻi, gʻi… Gʻir-r!

Oʻ, Tasmaxon paydo boʻldi-ku! Uning usuliniyam tez farqlab olaman:

– Ya, ya, ya… Ya, ya, ya…

Har bir “ya, ya, ya”ning orasida charm shippagini “tap-tap-tap” qilib, saqichyoʻlni depsib qoʻyadi.

Yanglishmasam, navbatdagisi – “Mulla vahima”. Oyoqchalarini qarmoqdagi laqqadek potirlatib, yana dadasining qoʻltigʻida kelayotgan boʻlishi kerak:

– Ang! Ang! Ba-ba-baa! Aba-babaaa!

Hammadan bosigʻi – Chintemir:

– Hiq, hiq… Qachan optetasiz, oyyi?

– Ishxonamda majlis bor. Bugun uyga dadang opketadi.

– Shatalat optesin. Hiq, hiq…

– Koʻngillari yana nimalarni kusayapti?

– Quyit, xoʻyazqant… hiq… qulqunay… hiq…

– Qulupnayni kecha rosa liqillatib yutding. Yetadi!

Chintemir: “Yoʻ, yetmaydi!” – deb tixirlik qilishini kutib, diqqatimni jamladim. Biroq ona-bolaning tovushini “Mallabotir” koʻtargan dod-faryodlar boʻroni butkul koʻmib tashladi:

– Ha boʻ-oʻ-oʻ! Ha boʻ-oʻ-oʻ! Boʻ-oʻ-oʻ!!!

Shundan keyin koʻcha ancha vaqt jimib qoldi. Bundan tuyqus dilim gʻashlanib, jiddiy xavotirlana boshladim: “Jingirvoy”ga nima boʻldiykin? Shoʻrlikning tobi qochdimikan? Vaqtida doʻxtir chaqirishdimikan, ishqilib?

Goʻjani ichib boʻlib, piyoladan oxirgi marta choy hoʻplayotganimda ham koʻnglimning bir cheti qorongʻiligicha turaverdi. Dasturxonga fotiha oʻqishga chogʻlangan edimki, toʻsatdan “Jingirvoy”ning chiyilloq ovozi taralib, qulogʻimga oʻqyoylardek yoyila ketdi:

– Miy-y! Miy-y! Mi-miy! Mav-v-v…

Hamma oshnalarimning soppa-sogʻ ekanligini bilib, yengil nafas oldim. Yaxshi kayfiyatda ishga joʻnadim.

 

Anvar OBIDJON

 

1996 yil

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.