Qadrdon nabiram, oʻqib yod ol!

0
94
marta koʻrilgan.

Umberto EKO

 

Qadrdon nabiram!

Men, rojdestvo munosabati bilan yozilgan ushbu maktubimni De Amichis[1] kayfiyatidagi singari oʻta nasihatomuz tarzda yaqinlarimizga hamda shu kabi yana boshqa narsalarga zoʻraki muhabbat uygʻotsin deb yoʻllayotganim yoʻq. Sen buni eshitib ham oʻtirmas eding (sen endi katta boʻlding, men esa ancha qarib qoldim). Chunki endilikda qadriyatlar tizimi shu qadar oʻzgardiki, oʻgitlarim oʻrinsiz tuyulishi mumkin.

Alqissa, hozir planshetingdan foydalanayotgan kezlaring senga amalda asqotib qoladigan bittagina maslahat bermoqchiman. Men senga miyasi aynigan qariyaga oʻxshab koʻrinishdan choʻchiyotganim uchun bu maslahatni berayotganim yoʻq. Men, axir, oʻzim ham undan foydalanaman. Har holda, senga insonlar bilan insonlar, odamlar bilan hayvonlar oʻrtasidagi shahvoniy oʻyinlarni namoyish etuvchi yuzlab pornografik saytlarga eʼtiboringni qaratmaslikni maslahat bera olaman. Ishqiy munosabatlar bunaqangi xiyla bir zayldagi harakatlardan iboratligiga ishonma! Bunday sahnalar seni hayotdagi mavjud qizlar oldiga borib tanishishdan koʻra, ataylab uyda tutib turish uchun oʻylab chiqarilgan. Taxminimcha, sen haqiqiy yigit boʻlib ulgʻayding, aksincha boʻlsa, mening tavsiyalarimni oʻz holatingga ilova sifatida qabul qil, lekin maktab yoki oʻyin maydonchalaridagi qizlarga nazar sol, negaki ular telepersonajlardan yaxshiroq va payti kelib senga “online” qizlardan koʻra koʻproq quvonch baxsh eta oladilar. Soʻzlarimga ishon, chunki mening tajribam katta (agarda men kompyuterdagi bu shahvoniy oʻyinlarni kuzatib vaqt oʻtkazganimda edi, otang hech qachon tugʻilmas va sen ham hozir yorugʻ dunyoda boʻlmas eding).

Biroq men sen bilan bu haqda emas, balki tengqurlaring va hozir universitetlarda tahsil olayotgan sendan avvalgi avlodni shikastlashga ulgurgan bir kasallik haqida gaplashmoqchiman. Men xotirani yoʻqotish haqida gapiryapman.

Chindan ham, agar sen Buyuk Karl kimligini yoki Kuala-Lumpur qayerda joylashganligini bilmoqchi boʻlsang, shu zahoti tugmachani bosishing va barchasini internetdan aniqlashing mumkin. Zarurati boʻlsa, shunday qil, ammo kerakli maʼlumotni olgach, qachonki, masalan, maktabda shu bilimlar senga zarur boʻlganda, qayta qidirib oʻtirmaslik uchun, uning maʼnosini yodda saqla! Eng yomoni shuki, xohlagan paytingda savolingga kompyuter orqali javob olishga boʻlgan ishonch senda axborotni esda saqlash istagini soʻndiradi. Bunga quyidagicha muqoyasa keltirsa boʻladi: shoshilganda bir koʻchadan boshqasiga avtobus yoki metroda yetib olish mumkinligini anglagan kishi endilikda yayov yurmasam ham boʻlaveradi, degan qarorga keladi. Ammo piyoda yurmas ekansan, sen nogironlar aravachasida yuradigan odamga aylanasan. Ey, aytgancha, sen sport bilan shugʻullanasan va tanangni boshqara olasan-a, biroq, kel, sening miyangga qaytamiz.

Xotira xuddi oyoqlaring mushaklariga oʻxshaydi. Mashq qilmay qoʻysang, ular shalvirab qoladi va sen (dangal gaplashaylik) ovsarga aylanasan. Bundan tashqari, biz barchamiz keksarganimizda Alsgeymer[2] kasalligi bilan ogʻrish xavfidan xoli emasmiz va bunday koʻngilsizlikning oldini olishning yoʻllaridan biri hamisha xotiramizni mashq qildirishdir.

Mana, mening yoʻsinim. Har kuni ertalab, xuddi bolalikda bizni majburlashganidek, birorta qisqagina sheʼrni yod ol. Oʻrtoqlaring bilan kimning xotirasi kuchli ekanligi boʻyicha musobaqa uyushtirishlaring mumkin. Agar sheʼriyatga mayling yoʻq esa, unda futbol jamoalarining tarkibini esda saqlashga urinib koʻr, lekin sen nafaqat Rim klubining hozirgi oʻyinchilarini, balki jamoaning avvalgi tarkibini ham bilishing shart (oʻylab koʻrgin-a, men Superga tepaligida halokatga uchragan samolyot bortidagi Turin jamoasi oʻyinchilarining ismlarini yod bilaman: Bachigalupo, Ballarin, Marozo va boshqalar). Oʻqilgan kitoblarning mazmunini kim yaxshi eslay olishi boʻyicha bellashinglar (xazinalar orolini qidirishga otlangan “Ispanʼol” kemasi bortida kimlar boʻlgan? Lord Treloni, kapitan Smollett, doktor Livsi, Jon Silver, Jim…). Oʻrtoqlaring uch mushketyorlar va d’Artanyan xizmatkorlarining ismlarini (Grimo, Bazen, Mushketon va Planshe) eslay oladilarmi-yoʻqmi, oydinlashtir… Mabodo, “Uch mushketyorlar”ni oʻqishni xohlamasang (garchi bu bilan nimani boy berayotganingni bilmasang-da), unda oʻzing oʻqigan birorta kitobdan bahs och.

Bu senga oʻyindek tuyuladi, aslida ham bu bir oʻyin xolos, ammo koʻrasan, miyang personajlar, afsonalar va turli esdaliklarga toʻladi. Nimaga qachonlardir kompyuterni elektron miya deb atashganligini soʻraysan. Shuning uchunki, u miyamizning nusxasi sifatida oʻylangan, biroq inson miyasining aloqalari kompyuternikidan chandon ortiq. Miya – bu shunday kompyuter-ki, u hamisha sen bilan, uning imkoniyatlari mashqlar natijasida kengaya boradi, stoling ustidagi kompyuterning esa davomli foydalanishdan soʻng tezligi pasayadi va bir necha yildan soʻng boshqasiga almashtirishni talab etadi. Miyang esa senga 90 yoshgacha xizmat qilishi va mashq qildirib tursang, toʻqsondan keyin ham hozirgidan koʻp narsani eslay olishing mumkin. Ustiga-ustak, u tekin ham.

Bundan tashqari hayotingdagi voqea-hodisalar yoki sen oʻqigan narsalar bilan bogʻliq boʻlmagan tarixiy xotira ham bor. U sen tugʻilgunga qadar yuz bergan voqealarni oʻzida saqlaydi.

Bugungi kunda, agar sen kinoteatrga bormoqchi boʻlsang, film boshlanishiga kelishing shart. Kino boshlangach esa, xuddi nima yuz berayotganini senga izohlab berishayotgandek boʻlishadi. Bizning zamonlarda kinoteatrga xohlagan paytda, hatto film oʻrtasida ham kirish mumkin edi. Koʻpgina voqealar sen kelguncha boʻlib oʻtar va nimalar roʻy berganini tusmollashga toʻgʻri kelardi. Film yangidan boshlanganda esa, xayolingda tiklagan voqealaring qanchalik toʻgʻri ekanligini koʻrsang boʻlardi. Agar film yoqqan boʻlsa, kinoteatrda qolish va uni yana bir marotaba tomosha qilish mumkin edi.

Hayot ham filmni bizning zamonlardagiday tomosha qilishni eslatadi. Biz yuz minglab yillar davomida koʻplab voqealar yuz bergan paytga kelib tugʻilamiz va tavalludimizga qadar nimalar sodir boʻlganini bilish juda muhimdir. Shuning uchun ham muhimki, bugun nimaga buncha koʻp voqealar yuz berayotganini anglashimizga kerak boʻladi.

Bugun maktabda (sen oʻqiydigan kitoblar doirasidan tashqari) senga sen tugʻilgunga qadar boʻlgan narsalarni eslab qolishni oʻrgatishlari lozim, ammo hozir buning uddasidan chiqolmayaptilar. Koʻplab soʻrovlarning koʻrsatishicha, bugungi yoshlar, hatto 1990 yilda tugʻilgan universitet talabalari ham, 50 yil avvalgi voqealarni qoʻya turaylik, bor-yoʻgʻi 1980 yilda nimalar roʻy berganini bilmaydilar, balki bilishni istamaslar.

Attang, bundan bor-yoʻgʻi oʻttiz yil avval siyosat sahnasida boʻlgan “Qizil brigadalar”ning faoliyati bugun koʻpchilik uchun sir boʻlib qolmoqda. Men fashistlar hokimiyat tepasiga kelganidan oʻn yil oʻtib, 1932 yilda tugʻilganman, ammo Rimga qilingan yurish chogʻida kim bosh vazir boʻlganligini bilardim. Ehtimol, hokimiyatdan chetlatilgan bu vazirning qanchalik ahmoq va yomon odam boʻlganligini anglatish uchun fashistlar maktabida menga u haqda gapirishgandir. Shunday boʻla qolsin, ammo men bu haqda bilardim. Lekin maktabni bir chetga qoʻya turaylik. Bugungi yoshlar yigirma yil avvalgi kinoda oʻynagan ayol artistlarni bilmaydi, men esa dunyoga kelishimdan yigirma yil avval ovozsiz kinoda suratga tushgan Francheska Bertini kim ekanligini bilardim. Balki, bunga uyimiz omborchasidagi eski jurnallarni birma-bir varaqlaganim sababdir. Men senga ham eski jurnallarni varaqlashni taklif qilaman, chunki bu sen dunyoga kelmasingdan avval boʻlib oʻtgan narsalarni oʻrganishga yordam beradi.

Xoʻsh, uzoq oʻtmishdagi voqealarni bilishning nimasi buncha muhim? Chunki koʻpincha shunga oʻxshash bilimlar bugungi voqealarning kechishini tushunishga koʻmaklashadi va har qanday vaziyatda, futbol jamoalarining tarkibini bilganing singari, xotiramizni boyitishga xizmat qiladi.

Eʼtiborga olib qoʻy, sen oʻz xotirangni nafaqat kitob va jurnallar koʻmagida, balki internet yordamida ham chiniqtirishing mumkin. Internet faqatgina doʻstlaring bilan suhbatlashishda emas, balki jahon tarixini oʻrganishda ham qoʻl keladi. Xettlar va kamizarlar kimlar? Kolumbning uchta kemasi qanday nomlanardi? Dinozavrlar qachon qirilib bitgan? Afsonaviy toʻfonda Nuh alayhissalom, uning oilasi va hayvonlar jon saqlab qolgan kemaning shturvali boʻlganmi? Buqaning ajdodlari nima deb atalgan? Yuz yil avval yoʻlbarslar hozirgidan koʻproq boʻlganmi? Mali imperiyasi haqida sen nimalarni bilasan? U haqda kimdan eshitgansan? Tarixda ikkinchi Papa kim edi? Mikki Maus qachon yaratilgan?

Men bunday savollarni poyonsiz bera olishim mumkin va ular tadqiqotlar olib borish uchun ajoyib mavzular bera oladilar. Bularning barchasini yodda tutish kerak. Kun kelib qartayganingda, sen oʻzingni xuddi Vaterloo jangida qatnashgandek, Yuliy Sezarga qotillik uyushtirilganini koʻrgandek, Bertold Shvars oltin olaman deb hovonchada turli moddalarni aralashtira turib, tasodifan porox kashf etgan va portlab parcha-parcha boʻlib ketgan (unga oʻzi shu kerak edi!) joyda boʻlgandek his qilasan. Xotiralarini boyitishga intilmaydigan sening ayrim doʻstlaring esa, oʻzlarining bir zayldagi zerikarli va yorqin hissiyotlardan mosuvo birgina umrlarini yashab oʻtadilar.

Shunday ekan, xotirangni boyit va ertagayoq “La Vispa Teresa”[3]ni yod ol.

 

(Italiyaning “L’Espresso” gazetasi internet saytidan olindi)

 

Ruschadan Mavlon BOBOXONOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1] Edmondo de Amichis (1846-1908) – italiyalik yozuvchi, shoir va jurnalist. 1886 yilda uning “Yurak” nomli bolalarga moʻljallangan qissasi nashrdan chiqadi. Bu yerda aynan shu qissaga shama qilinmoqda. Gap shundaki, ikkinchi nomi “Oʻquvchining kundaligi” boʻlgan bu qissa oʻta nasihatomuz ruhda bitilgan edi. Qissa dunyoning oʻndan ortiq tillariga tarjima qilingan.

[2] Alsgeymer kasalligi miya funksiyasining soʻnishi alomatlaridan biridir. Bu kasallik qarilik marazmi, deb ham ataladi, odam xuddi yosh boladek boʻlib qoladi. Bemor boʻlib oʻtgan voqealarni eslab qololmaydi, qaysi kunligini, haftaligini, oʻzining yoshini, turar joyini bilmaydi. Eng yomoni, bemor yaqinlarini, hatto, xotini, oʻgʻil-qizlarini tanimay qoladi. Odamlar bilan muloqot qilish qobiliyatini yoʻqotadi. Alsgeymer kasalligi keksa va juda qarib qolgan odamlarda paydo boʻladi va esi pastlikkacha olib keladi. 65-70 yoshlarda 5,7%ni, 85 yoshdan keyin 43%ni tashkil qiladi. Hozirgi kunda 55 yoshdan oshganlarda, hatto yoshroqlarda boshlanishi mumkin boʻlib qoldi. «Lanset» jurnalining maʼlumotlariga koʻra, hozir dunyo boʻyicha esi past qariyalar soni 24,1 million. 2040 yilga borib, ular soni 81,1 millionga yetadi. Oʻzbek xalqi ota-onasiga mehribon boʻlgani uchun keksalarni nihoyatda izzat-hurmat qiladi, ardoqlaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, qariyalarimizda bu kasallik kam uchraydi.

[3] “La Vispa Teresa” – italiyalik xonanda Ka Bizarroning “Oʻynoqi Tereza” qoʻshigʻi. Bu yerda uning matnini yodlashga (umuman sheʼr yodlashga) ishora qilingan. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.