Pushaymon

0
118
marta koʻrilgan.

Zumrad nihoyatda koʻhlik edi. Kiygan kiyimlari oʻziga yarashgan, durdek terilgan oppoq tishlari orasidagi ikki dona tillalisi kulganda yuziga alohida joziba berar, yigit borki maftun boʻlib qolardi. Ammo yoshi oʻttizdan oshib borayotgan boʻlsa-da, turmush qurmagan, keksa kasalmand onasi bilan yashar, ukasi alohida uy-joy qilib chiqib ketgandi.

Yillar oʻtgan sayin husni va koʻrki soʻlib borayotganga oʻxshar, atrofga befarq boʻlib borardi.

Oʻzi kattagina idorada hisobchi, topish-tutishi joyida. Faqat oila borasida omadi chopmadi. Nima qilish kerak? Shunday oʻtib ketaversinmi? Sandiq-sandiq seplar, asl matolardan tikilgan koʻrpa-yostiqlar, chinni idishlarni nega yigʻib yuribdi, turmush qurmasa? Bu narsalarning har biri ne-ne orzular bilan olinmaganmi? Mana bu oq tufli, yoqalariga oq toshchalardan bezak berilgan kostyumni toʻydan keyin, boʻyi barobar qilib tikilgan pushti rang xalatni esa ertalab nonushta paytida kiyishni orzu qilmasmidi.

Axir u bolalarni qanchalik yaxshi koʻradi-ya, bayram arafasida sovgʻa-salom tayyorlab, bogʻcha va maktablarga yuboradi, ozgina boʻlsa ham ular xursand boʻlishadi, deb. Baʼzi tunlari uyqusi qochib, ochiq ayvonga chiqib, xayolga toladi: qayerda xato qildi, nega unga hech kim sovchi qoʻymadi, nomini pok saqlagan, hech kim bilan gap-soʻz boʻlmagan boʻlsa, baʼzi qizlarga oʻxshab yengiltaklik qilmasa, nega, nega baxt undan yuz oʻgirdi?

Zumrad yoshligini eslarkan, xayoli doim bir kishining nomiga borib toʻxtab qoladi. Ozgʻin, uzun boʻyli, muloyimgina edi u yigit. Bir kuni paxta dalasida qizarib-boʻzarib dilini ochgandi. Qiz esa uni mazax qilgandek kulib, soʻzlarini eʼtiborsiz eshitgan, toʻgʻrirogʻi yigitni pisand qilmagan va oʻsha zahoti rad qilgan edi. Oʻsha yigitni eslarkan, har gal qattiq iztirob chekadi: “Nima, sen oymiding, kunmiding?! Bir beva ayolning oʻrta maʼlumotli hisobchi qizi boʻlsang, nega buncha kekkayding? Mana endi umrbod kekkayib yuraver, hech kim seni bezovta qilmaydi. Bor-yoʻgʻing bilan hech kimning ishi yoʻq. Nahotki dunyodan toq oʻtsa? Yoʻq, yoʻq, oilasi, bir etak bolasi, suyanch boʻladigan hamrohi boʻlishini juda istaydi. Ammo, qani oʻsha hamroh? Tengdoshlari oilali boʻlib ketishgan. Avval oʻzlarining toʻylariga taklif qilishdi. Keyin farzandlarining, kim biladi hademay nabiralarini toʻy qilishadimi?”

Oʻttiz besh yoshga toʻlgan kuni besh-olti dugonasi keldi. Biri oʻgʻlini, biri qizini, yana biri turmush oʻrtogʻini gapirib, kulishib oʻtirishdi, faqat u nimani gapirishni bilmasdi. Qaqajon bir dugonasi oʻsha kursdoshini eslab qoldi:

– Oʻshani rad qilgan eding-a, bilasanmi, u juda katta odam boʻlib ketibdi. Qaysi kuni bizning ishxonaga kelgan ekan, tanimabman. Oʻzi kelib salomlashdi. Bilasanmi, u seni soʻradi.

Qaqajonning gapi ogʻzida qoldi.

– Nahotki – dedi u entikib.

– Rost, “Chiroyli dugonangiz yaxshi yuribdimi?”, – dedi.

“Chiroyni nima qilaman”, dedi ichida baxtsiz boʻlishiga shu chiroyi sabab ekanligini tushungandek. “Ha, men husnimga ishonardim. Hammani maftun qilaman, deb oʻylardim, afsus yanglishgan ekanman. Husn baxt boʻlolmaskan. Oʻzimdan boshqa hech kim menga maftun boʻlmadi”.

U ich-etini yer, agar imkon tugʻilib qolsa, kimga boʻlsa ham turmushga chiqishga rozi edi. Uning qalbini yolgʻizlik oʻrtar, farzand koʻrib, bagʻriga bosish armoni tinchlik bermasdi. Bolasini bagʻriga bosib ketayotgan ayollarni koʻrsa, “Qanchalik baxtli-ya” deb havas bilan ortidan qarab qolar, oʻzining zamonaviy, bashang kiyimlari, hatto oʻzi ham koʻziga sovuq koʻrinib ketardi. “Bu tarzda yashab boʻlmaydi”, dedi bir kun onasiga. – “Turmushimni oʻzgartiraman”.

Onasi ogʻir betob boʻlgani uchun unga joʻyali maslahat berolmadi. “Oʻzing bilasan, bir paytlar aytganimni qilmagan eding. Endi esa oila koʻrgan, yoshi ham bir joyga borib qolgan odamgagina turmushga chiqishing mumkin. Sen tengi yigitlar qolmadi. Hammasiga oʻzing sababchisan”, dedi u qizining koʻnglini ogʻritayotganini bilib tursa ham.

U uzoq oʻyladi. Mashina kira qilib, bozorga bordi. Kichkina bolalarga kerakli hamma narsani sotib oldi.

– Nima qilayapsan bolam? –dedi ajablangan ona uy ichini toʻldirgan oʻyinchogʻu aravalarga qarab.

… Shahar chekkasidagi Mehribonlik uyini qiynalmay topdi. Direktori yaxshi ayol ekan, u bilan uzoq suhbatlashib, bola asrab olish uchun nima qilish kerakligi haqida gaplashdi.

U oʻzini qushdek yengil his qilib koʻchaga chiqdi, shu topda eski pushaymoni uni umrbod tark etmasligini ham anglab turardi.

 

Boʻston RAHMONOVA

 

qashqadaryogz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.