Poyandoz

0
150
marta koʻrilgan.

“Bolaligim koʻchalarida” turkumidan

 

Avgust oxirlayapti. Hademay toʻylar mavsumi boshlanadi.

Toʻy ajoyib narsa-da, ayniqsa, nikoh toʻylari… Hamqishloq akalardan birortasi uylanadimi yo opalardan qay bittasi erga tegadimi, farqi yoʻq, ishqilib koʻchalarimizdan “yor-yor” aytib, gurra-gurra kuyovnavkarlar oʻta boshlasa bas, etlarim gʻalati-gʻalati jimirlab, bir yerda oʻtirolmay qolaman. Tezroq ulgʻaygim kelaveradimiyey, shirin-shirin xayollarim oʻz-oʻzidan kelajakka yetaklayveradimi-yey, ishqilib!.. (Toʻgʻrisi, hamma bolalar ham shunaqa, faqat bir-birimizga aytishga iymanamiz). Va har safar koʻz oʻngimda mana shunaqa bir manzara jonlana boshlaydi:

Mashinalardan tushib, toʻyxona sari boryapmiz. Men kuyovnavkarlarim qurshovidaman. Ulardan biri joʻrttaga: “hoʻv, terakvoy, koʻp gʻoʻdaymay, xam boʻlsang-chi!” deb biqinimga nuqilaydi. Unga hoʻmrayib qoʻyaman. Boshimni egib, tizzamni bukib yuraverganimdan terlab ketganman. (Boʻying daroz boʻlsa ham azob ekan.)

Keng hovlini egallagan stol-stullarga oʻtiramiz. Talaba oshnalarim torlarini tiringlatib, qoʻshiq boshlaydi. Avval shira-sharbat, keyin osh tortiladi. Menga alohida tovoqda “kuyov haqi” keladi: likopchada yarim kilocha qovurilgan goʻsht. Uni ikki yonboshimda oʻtirgan doʻstlarim – Eryigit bilan Sayim baham koʻradi. Goʻshtga hushim yoʻqroq, ammo ularning jon-dili. Dasturxonga fotiha oʻqilgach, bir oqsoqol tuguncha koʻtarib oldimga keladi.

– Qani, kuyovtoʻra, bir tursinlar!..

Beqasam toʻn kiydiradi. Boshimga doʻppi, belimga shohi qiyiqcha bogʻlaydi. Soʻngra boʻydoq tengqurlarim va atrofdagi qora-qura bolakaylarning havasmand nigohlarini tuyub, bir oz qizargan, boshimni sal eggan holda kelin turgan xona tomonga yoʻl olaman. Bir yogʻimda Eryigit, bir yogʻimda Sayim. Sayim qulogʻimga shipshiydi.

– Tagʻin oyogʻingni bostirib qoʻyib, bizani sharmanda qilmagin-a! Poyla-ab turib, oʻng oyogʻini gʻarchcha…

Sayim uylangan-da, biladi. (U oilada yolgʻiz oʻgʻil – erta uylantirishadi.)

Kelinning darvozasida bizni shu qishloq yigitlari yovqarash bilan qarshi olishadi. Toʻxtaymiz. Bir qariya qoʻlida poyandoz bilan chiqib, “qani, kelinglar”, deydi. Ikki tomondan ikki yigit ajralib chiqib, katta qiyiqchadek keladigan poyandozning ikki uchidan tutadi. Poyandoz kelinning koʻylaklari qiyqimlaridan qurab tikilgan. Men unga oʻng oyogʻimni bosib, hatlab oʻtishim kerak. Oʻtaman. Ikki tomon yigitlari uni olatasir tortisha ketadi. Men ularga eʼtiborsiz, ichkari yuraman. Eryigit, Sayim hamon ikki yonimda. Ular menga kelinning eshigi oldigacha hamroh boʻlib kelishadi-da, keyin dimiqib ketgan, atir, ter hidi anqigan, devorlariga rango-rang kashtalar urilgan xonadagi gʻujgʻon xotin-xalajga topshirishadi. Soʻngra ostonada turgancha ustimdan jaranglatib sochqi sochishadi. Xotinlar yalt-yalt qilib gilamga toʻkilgan tangalar ustida yosh qizchalardek talashib ketishadi. Keyin esa… qay birlari meni qoʻltigʻimdan olib, toʻrdagi chimildiq tomonga boshlaydi.

Chimildiqda… tillaqosh taqqan, yuzini harir roʻmol toʻsgan, nozikkina kelinchak hurkibgina turadi. Yuzi koʻrinmaydi… Aytishlaricha, bizga katta koʻzgu koʻrsatisharkan: men uni, u meni koʻzguda koʻrarkanmiz… Aslida-ku, biz ilgaritdan koʻrishib yurgan boʻlamiz. Chunki, ahd qilganman – sevib uylanaman. Mana, akam, yangamga uylandi-yu, haligacha ozgina ichib qolsa, armiyadagi bir qizni qoʻmsab yigʻlaydi…

Chimildiqda men kelinchagimning barmogʻiga uzuk taqayotganimda, chinchalogʻimda bol yalatayotganimda, uni koʻzguda koʻrib, koʻz qisib hazillashayotganimda… tashqarida doʻstlarim qora terga tushib, poyandoz tortishayotgan boʻladi. Poyandozni albatta ular olib chiqishlari kerak. Tayinlab qoʻyganman, olmay koʻrishsin-chi!..

Poyandoz tortishda bizning qishloqdagilarga teng keladigani boʻlmagan, boʻlmaydi ham.

…Umuman, biz bolalarning nikoh toʻylariga qiziqishimiz, uni zoriqib kutishimizning ham asosiy sabablaridan biri mana shu poyandoz tortish. Boshqa narsaga uncha ishimiz yoʻq. Poylab turamiz, tezroq osh yeyilib, kuyovga sarupo kiydirilsa-da, tezroq poyandozdan hatlab oʻtsa. Qizigʻi shundan boshlanadi. Poyandozning bir uchini biz tarafdan albatta Botir aka tutadi. U qoruvli, baquvvat, traktorchi yigit. Ishonganimiz shu kishi. Botir aka bor joyda – koʻnglimiz toʻq.

Bizlar poyandoz tortishayotganlarning atrofini gir aylanib: “Ha, Botir aka! Ha, Sobir aka! Ha, Sodiq aka, torting! Temur aka, boʻshashmang!” deya baqirib chopaveramiz. Oʻzimiz ham qoʻshilib ketgimiz keladiyu, eh-he, qayoqda, ularning damiga yoʻlab boʻlarkanmi! Bir safar Sayim kirib, shu zahoti qochib chiqqan edi. Ertasi kun qarasak, panjalari qiyilib, qorayib ketibdi.

Poyandoz tortishda baʼzi birovlar pichoq ishlatadi, yaʼni tortishga chogʻi kelmagach, kesib olmoqchi boʻladi. Bu endi, ham nomardlik, ham juda xavfli ish, birovning et-betiga tegib ketsa bormi!.. Shunaqalarni Botir aka sezib qolsa, shartta davradan sugʻurib chiqadi-da, indamay (u sira soʻkinmaydi) ikki-uch shapaloq tortib yuboradi. Keyin jahl bilan yana davraga kirib ketadi. Sal oʻtmay, hammani dogʻda qoldirib, poyandozni tortib chiqadi-da, uni doʻstlariga, biz bolalarga ham oz-ozdan kesib, ulashib beradi. Biz uni niyat qilib saqlab qoʻyamiz. Botir akamiz ana shunaqa yigit. Hammamiz unga oʻxshagimiz keladi.

…Avgust oxirlayapti.

Hademay toʻylar boshlanadi. Biznikida ham toʻy taraddudi. Opamni shaharga uzatyapmiz. Poyandoz tortish zoʻr boʻlsa kerak. Shaharliklar ham usta boʻladi, deyishadi.

…Toʻy kuni aksari poyandoz tortadigan yigitlar negadir koʻrinmadi. Hammamiz hayronmiz. Bellariga enli kamar bogʻlab olgan, bashang kiyingan shaharlik kuyovnavkarlarni koʻrib, yuragimizni vahm bosadi. Bular bilan kim tortishadi – sharmanda boʻlamiz chogʻi.

Lekin kuyov boʻlmishni darvozamiz tomon olib borishayotganda poyandozchi akalarimiz yigʻilib kelib qolishdi. “Ur-ra!” deb baqirib yubordik hammamiz. Biroq, Botir aka koʻrinmayotgandi. Shundan andak koʻnglimiz xijil. “Kep qolar”, deb har tarafga alanglaymiz…

Poyandozning bir uchini qudalar tarafdan polvonsifat, qoʻngʻizmoʻylov bir yigit ushladi. Bizlardan Sodiq aka. U kishi ham ancha chapdast. Lekin, Botir akaning oʻzi boʻlgani durust edi. Eh, qayoqda yurgan ekan-a? Shunaqa qaltis paytda kelmay qoladimi?!.. Onasini betob deyishayotuvdi, kasalxonaga ketganmi? Oʻzining tobi qochib qolganmi?.. Kim bilsin, har kallada har xayol…

Kuyov poyandozdan hatladi.

– Haa-huvv!..

Shaharlik polvon naʼra bilan poyandozni siltab tortdi.

Sodiq aka uchib borib, uning koʻkragiga urildi. Keyin choʻkkalab qoldi. Koʻz ochib yumguncha, polvon uni sudrab ketdi. Hammamizning esxonamiz chiqib, hang-mang boʻlib qoldik. Xayriyat, Sodiq aka qoʻyib yubormadi. Bu orada ikki tomonning yigitlari ham borib poyandozga yopishishdi. Shundagina yengil tortdik…

Shaharliklarni usta deganlaricha bor ekan. Ular baravariga “Tort! Ha, tort!” deb, biznikilarni ancha yergacha sudrab borishadi-da, keyin biror devor yo daraxtni moʻljallab, toʻsatdan orqaga itarib qolishadi. Devor yo daraxtga zarb bilan urilgan yigitlar chidash berolmay davradan chiqib ketishadi. Qayta kirishga anchagacha yurak qilolmay turishadi-da, keyin chetda turishga uyalibmi yo qizibmi, yana tortishuvga qoʻshilib ketishadi… Bari bir biznikilarning safi siyraklasha bordi. Qolgani ham har yoqdan, har biri oʻz boshicha tortib yotar, bu esa ertakdagi choʻrtanbaliq, oqqush va qisqichbaqaning arava sudrashiga oʻxshab ketardi.

Botir aka boʻlganida bunaqa qilmasdi. U boshida betartib tortishib ketgan sheriklarini asta-sekin imlab, oʻz yoniga oʻtkazaveradi. Hamma bir tomonga oʻtib, kuch bir yerda toʻplangach, sekingina “boshladik!” deydi. Shunda besh-olti azamat kuchli hayqiriq bilan tortib ketadi-da, raqiblar yoʻl-yoʻlakay toʻkilib qolaveradi. Oxirgi raqibning qoʻli uzildimi, boʻldi, biznikilar ham poyandozni qoʻyib yuboradi. Botir aka boʻlsa uni yalovdek baland koʻtarib, davradan otilib chiqadi. Shu bilan tamom – poyandoz olib chiqilgan hisoblanadi…

Hozir esa bunday ahillik yoʻq edi.

Biz, bolalar boʻlsak, hammadan koʻproq qaygʻurib, davra atrofida yuguramiz. Ovozimiz boricha baqirib, oʻzimiznikilarga dalda bermoqchi boʻlamiz. Hozircha shundan ortigʻiga yaramasak, na iloj!

Poyandoz tortayotganlar jiqqa terga tushishgan. Doshqozondan chiqqandek davra tepasidan bugʻ koʻtariladi. Ikki tomonning ham shashti pasayib, sekinlik bilan, chamasi qanaqadir qulay fursatni poylab tortishishardi.

Mehmonlardan biri pichoq chiqargan shekilli, Sobir aka u bilan sudrashib chiqib, mushtlashib ketdi. Boshqalar aralashishga ulgurmasdan, kattalarimiz ularni ajratib qoʻyishdi. Mehmon yigit bir chekkada boʻzarib turib qolaverdi, Sobir aka yana oʻzini davraga urdi…

Barcha rasm-rusumlar tugab, opamni ichkaridan olib chiqib, mashinaga kiritishdi. Lekin poyandoz tortish haliveri tugaydiganga oʻxshamasdi. Mashinalar bosib-bosib signal bera boshladi. Ikki tomon qariyalari sabrsizlanib, poyandozchilar toʻdasiga yaqin kelishdi. “Boʻldi, endi, toʻxtatinglar! Tarqalinglar, bas qilinglar!” deb yigitlarni shoshira boshlashdi. Ammo, birovning gapini ikki qilmaydigan bizning yigitlar ham, shaharliklar ham qizishib ketganlaridan qariyalarga quloq solgilari kelmasdi.

Bir-ikkitasi paqirlarda muzday suv keltirib, poyandozchilarga sepmoqchi edi, qishloq oqsoqoli jerkib, suvlarini toʻktirib tashlatdi.

Keyin poyandoz tortayotganlarga yaqinlashib:

– Tortadigan boʻlsang, lanjlanmay, shartta yulib chiq! Qoʻlingdan kelmasa oʻt bu yoqqa hammang! Yo oʻzim kiraymi?! – deb baqirdi.

Xuddi shu gap yetmasdan turgan ekanmi, Sodiq akaning xirildoq ovozi eshitildi:

– Qani, ha, joʻralar!

Birdaniga olatasir boʻlib ketdi-ku!

Shaharlik polvon ham hovliqib qoldi.

– Tort! Yopish! – deb oʻzinikilarga baqira boshladi.

Bir vaqt qarasak, Sodiq aka, Sobir aka, Turob aka, Temur aka – hammasi bir tomonda. Baravariga baqirib yubordik.

Akalarimizga bu kuch berdimi, katta tosh koʻcha tomonga qudalarni sudrab ketishdi. Qudalar oʻz oʻzidan poyandozdan uzilib qolaverdi. Oxirida shaharlik polvonni chang-toʻzon ichida bir oʻzi sudralib borayotganini koʻrdik. “Qoʻyvor! Qoʻyvor!” degancha baqirishib chopaverdik. Polvon ancha joygacha poyandozga osilib bordi-da, keyin uyaldimi, qoʻyib yubordi.

Sodiq akaning qoʻlida baland koʻtarilgan poyandozni koʻrib, hammamiz qiyqirib yubordik.

Soʻngra ilinj bilan uning atrofini oʻradik. Lekin Sodiq aka poyandozni indamay qoʻltigʻiga urdi. Xafa boʻlib ketdik. Umrida bir martagina olib chiqdiyu, bir parcha yirtib bermadi-ya!..

Qudalar mashinalarga oʻtirib, yor-yor aytib yoʻlga tushishdi.

Sodiq aka hamrohlarini olib, qayoqqadir joʻnadi. Eryigit, Sayim, yana bir-ikki bola ularga ergashdi. “Qayoqqa boryapsizlar?” desam, Sayim, ishing boʻlmasin, deb jerkib berdi. Hayron qoldim, bularga nima boʻldi oʻzi?..

Ularga qorama qora ketaverdim. Qishloq chekkasidagi soy tomonga yurdik. Sodiq akalar qishloq oxiridagi pastgina uyni aylanib oʻtishdiyu, soy boʻyiga tushishdi. Bu uyda Botir aka onasi bilan yolgʻiz turar, hozir hovlida ham, ichkarida ham chiroq koʻrinmas, hammayoq zimiston edi.

– Botir, shaharliklarni ham bopladik, – bu Sodiq akaning ovozi edi. – Mana opkeldik.

Bolalarning orqasidan yetib kelib, ularning yelkasi osha sekin moʻraladim. Suv yoqasida katta xarsangtosh ustida oʻtirgan Botir aka oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻalib, Sodiq akaning oldiga keldi. Undan poyandozni olib, yana xarsangga borib oʻtirdi. Uni jimgina yuziga bosdi. Hayratda qoldim. Nega Botir aka unaqa qilyapti?.. Yigʻlayaptimi?.. Kap-katta yigit nega yigʻlaydi?.. Poyandozni oʻzimiznikilar olishdi-ku!..

Yigitlar bitta-bitta borib, uning atrofiga choʻkishdi. Bir ozdan soʻng Turob aka nasihatomuz gap boshladi…

– Botirjon, sen xafa boʻlma… Senday yigitti xor qildimi, hali pushaymon yeydi. Koʻp pushaymon boʻladiki… Mayli, qoʻy endi, doʻstim, kuyganingga arzimaydi!..

Boshqalar gap qoʻshmay, yerga bosh solib turardi. Bolalar ham…

Sharpasiz orqamga tisarila boshladim. Meni bular sezib qolishi, koʻzi tushishidan choʻchirdim. Soy boʻyidagi yoʻlga chiqib oldim-da, xuddi orqamdan birov quvlayotgandek, jon vahmida yugurib ketdim…

 

Orziqul ERGASH

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.