Poldagi pul

0
125
marta koʻrilgan.

Bir mashhur ruhshunos psixologiya seminari oʻtardi. Zalda ikki yuzga yaqin kishi bor edi. Ruhshunos qoʻliga 500 rubl pul oldi-da, baland koʻtarib: “Kim buni olishni xohlaydi?” deb soʻradi. Tabiiyki, hamma qoʻlini koʻtardi.

“Buni egasiga berishdan oldin bir ish qilaman”, dedi ruhshunos, soʻng pulni gʻijimlab-gʻijimlab tashladi. Shundan keyin “Bu pulni olishni istaganlar bormi?” deb yana soʻradi. Va albatta hamma qoʻlini koʻtardi.

“Unday boʻlsa, – dedi ruhshunos, – boshqacha yoʻl tutamiz”. U pulni polga tashlab, oyoqkiyimi bilan ezgʻiladi. Soʻng ifloslangan pulni tinglovchilarga koʻrsatdi: “Uni shu holatda ham olishni istaganlar bormi?”. Bu safar ham qatordan xato boʻlmadi.

“Qadrdli doʻstlar, – deb soʻzida davom etdi ruhshunos. – bu tajribada hammamiz uchun katta saboq bor. Men pulni qay ahvolga solmay, hammalaring uni olishni istadilaring. Chunki u oʻz qimmatini yoʻqotmagan edi. U haliyam 500 rubl edi.

Biz hayotda oʻzimizni tez-tez egardan tushgan, nazardan qolgan, oyoq ostida yotgan yo polda ezilgan holatda sezamiz. Bunday vaziyatlarda birovga keragimiz yoʻqday tuyuladi. Biroq nima boʻlganidan va boʻlishidan qatʼi nazar, biz oʻzimizning asl qadr-qimmatimizni yoʻqotmaymiz. Bizni sevganlar uchun hamisha qadrimiz yuksak boʻladi. Shuning uchun yaqinlarimizga, atrofdagilarga tamasiz, samimiy mehr koʻrsataylik, yordamimizni ayamaylik. Bu munosabat oʻzimizga ham albatta qaytadi”.

 

Orif Tolib

 

“Toshkent haqiqati” gazetasining 2016 yil 31 avgust sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.