“Pamildori” operatsiyasi

0
300
marta koʻrilgan.

“Ozod domlaning beozor hazillari” turkumidan

 

Oʻgʻlimning toʻyi kuni saharlab darvoza oldida mashina toʻxtadi. Chiqsam, Ozod Sharafiddinov “Volga”ning chap eshigini ochib rulda oʻtiribdi.

– Dachadan kelyapman, – dedi domla. – Qani, darrov kapotni oching.

Yukxonani ochsam, ikki paqir pamildori turibdi.

– Oʻz qoʻlim bilan terdim, – dedi Ozod aka tantanali ohangda. – Idishlarni tez boʻshating-da, qogʻoz-qalam olib chiqing.

Qogʻoz olib chiqqan edim, buyurdi:

– Yozing! “Tilxat. Menkim, ushbu hujjatni imzo chekuvchi Falonchi Pistonchiyev shuni eʼtirof etamanki, Ozod Sharafiddinov toʻyimizni jamiki sabzavot mahsulotlari bilan toʻla taʼminladi”. Yozdingizmi? Endi qoʻl qoʻying!

Tabiiyki, bu gap oʻsha zahoti toʻyxonaga tarqaldi. “Pamildori” operatsiyasi pishitib qoʻyildi. Ertalabki osh dasturxoniga pamildori ham tortildi. Domla yonimda turgan edi, mahalla oqsoqollaridan biri kelib, u kishi bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi.

– Oʻgʻlim, – dedi menga qarab, – oshing yaxshi boʻpti-yu, ammo pamildorisi, ayniqsa, zoʻr ekan-da! Ekkanning qoʻli dard koʻrmasin!

Ozod aka mamnun tomoq qirib qoʻydi.

Zum oʻtmay ikkinchi odam keldi.

– Iloyo yoshlar baxtli boʻlsin! – dedi qiroat bilan. – Dasturxon xoʻ-oʻ-oʻp toʻkin boʻpti-da, ukam. Rahmat! Ayniqsa, pamildorini ayting! Asal-a, asal! Ishonsang, men osh yeganim yoʻq, nuqul pamildori yedim!

Ozod aka kamtarona yerga qarab turibdi. Qarindoshlardan biri pamildorini maqtab-maqtab, jinday tanqid qilib ham oʻtdi.

– Pamildori xoʻp yaxshi pishibdi-yu, sal maydaroq ekanmi? Olxoʻri deb oʻylappan.

Shu payt Erkin Vohidov kelib qoldi.

– Oʻtkirjon! – dedi gapni uzoqdan boshlab. – Yozda toʻy qilishning shunisi yaxshi-da. Qovun-tarvuz moʻl, meva-cheva koʻp… Manavi olchaning chiroyli pishganini qarang, deb, toʻrttaginasini kaftimga olib yeb koʻrsam, danagi yoʻq! Qarasam, pamildori ekan! Qayoqdan topdingiz bunaqasini?

Zimdan qarasam, Ozod akaning qovogʻi tushib ketyapti.

Said Ahmad aka uzoqdan meni koyib kelaverdi.

– Sen yaramasga qachon aql kiradi-a? Yangilik yarataman deb har baloni oʻylab topaverasanmi? Osh dasturxoniga ituzum qoʻyish qayoqdan chiqdi! Qayoqqa qarasa, talinka-talinka ituzum!

Ozod aka bunisiga chiday olmadi.

– Choʻrt poberi! – dedi qoʻl siltab. – Men toʻyga pamildori emas, tariq opkelganman. Boʻldimi? Qutuldimmi endi?!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.