Oʻz uyim

0
210
marta koʻrilgan.

Aleks LA GUMA

 

Ertalabki quyosh togʻ yonbagʻrini isitdi, maysa va gullardagi shudring birpasda qurib qoldi. Qiyalikda butalar, yosh qaragʻay va akaslar oʻsayotgandi. Ularning ustida ulkan qaragʻay va emanlar koʻkka boʻy choʻzgandi. Toʻq yashil shox-shabbalar, zangori osmon, sariq granit va kul rang ohaktosh togʻni ulkan quroq koʻrpaga aylantirgandi. Lekin kuz keladi, undan keyin qish boshlanadi, togʻ boʻzaradi, gullar soʻladi, togʻ bagʻrining xarsang toshlari sovuq va sirpanchiq boʻlib qoladi – endi yalangʻoyoq yurolmaysan. Ona-yer qatʼiyatli, berahm, kutib turmaydi. Yoz oʻtganini sezmay qolasan.

Tosh yoʻldan ayrilgan soʻqmoq boʻylab tepaga koʻtarilarkan, Jonas gʻamgin oʻylar bilan band edi. Koraning: “Qaniydi qandaydir bir boshpana topolsak edi”, – degan shikoyatomuz soʻzlarini eslar ekan, u oʻz-oʻzidan uyalib ketdi. Ha, biror boshpana va oʻchoqsiz kun koʻrib boʻlmaydi. Qayoqqa bosh ursa ekan? Togʻning eng choʻqqisida gʻorlar bor, lekin ular shahardan va tosh yoʻldan ancha olis. Buning ustiga, Kora farzand kutyapti…

Jonas birdan toʻxtab qoldi. Maysazor oʻrtasida kattakon bir suv solinadigan bak yotardi. Ilma-teshik va hech kimga kerak boʻlmagani uchun tashlab ketilganga oʻxshaydi. Qalin tunukadan yasalgan bunday baklarni binolarning tomlarida koʻrish mumkin. Bakning tagi pachaqlangan boʻlib, ogʻiz tomoni ulkan konserva ochadigan pichoq bilan qirqib tashlangan edi. U zanglagan boʻlsa-da, koʻrinishidan ancha mustahkam edi. Bak baland oʻsgan oʻt-oʻlanlar orasida yotardi. Kimdir uni toqqa olib kelgan-u, shu yerda tashlab ketgan, shekilli. Yon tomonida kattagina dumaloq teshigi ham bor edi.

– Mana senga uy, – shivirladi oʻzicha Jonas.

U yaqinroq borib, bakning atrofini aylanib chiqdi, nihoyat, qoʻlini choʻzib quyosh qizdirgan tunukani ushlab koʻrdi. Keyin choʻkkalab oʻtirib bakning ichiga qaradi. Uning ichki devorlari achimtir zang bilan qoplangan, burchaklariga oʻrgimchak in qoʻygan, tagida sichqon qumaloqlari koʻzga tashlanardi.

Jonasni quvonchli hayajon qopladi. Yuragi tez-tez ura boshladi. U tirjayib qoʻydi, sargʻaygan tishlari koʻrinib ketdi, panjasi bilan bakning yonini shapatilab qoʻydi. Soʻngra atrofga koʻz yugurtirib chiqdi. Adirni ikki tomondan tepalik toʻsib turardi, ular butalar va archagullar bilan qoplangandi, uchinchi tomondan chuqur jarlik chetida qalin shoxlari gavjum baland eman oʻsib turardi. Maysazorning toʻrtinchi tomonidan toqqa qarab soʻqmoq boshlanardi. Yoz quyoshi nuriga choʻmgan maysazor ertaklaridagiday goʻzal koʻrinardi.

Mana, Jonas bilan Kora bakka oʻrnashib olishdi. Jonas eski botinkasining qalin poshnasi bilan oʻrgimchaklarni ezib tashladi va bakning tagini yaxshilab supurib-sidirdi. Ular – er-xotin bakning zanglagan devorlarini qirtishlab, tozalab artdilar. Nihoyat u ancha toza va silliq boʻlib qoldi. Keyin unga mumlangan qogʻoz va karton yopishtirib chiqdilar. Jonas har kuni shahardan turli-tuman eski-tuskilarni – qop-qanor parchalarini, juldur kiyim-kechak, meva-chevalardan boʻshagan qutilarni, boʻsh konserva bankalarini, eski gazetalar taxlamlarini tashib keltirardi. U shahar bozorida hammol boʻlib ishlardi. Kora qayerdandir dastasiz tova izlab topdi, toʻrt gallonli mashina moyining tunuka qutisi esa plita vazifasini bajarardi. Jonas tosh oʻchoq yasab berdi, xotini unga bozordan olib kelgan sabzavotlardan ovqat tayyorlardi. Yoqilgan olovdan chiqqan tutun koʻkka oʻrlardi.

Jonas xodalar yordamida bakni yerdan biroz koʻtarib, tagiga xarsanglar qoʻydi. U qoʻporilgan tunuka parchasini avaylab egib, eshikka aylantirdi. Dumaloq teshik esa darcha vazifasini oʻtardi. Kora har xil rangdor qiyqimlardan parda tikdi, eshik oldiga esa qanaqadir eski gilam parchasni toʻshadi. Er-xotin eski-tuski lattalar va qoplardan tikilgan toʻshakda yotishardi. Gazetalardan qirqib olingan qiyqimlar bilan yopilgan ikkita olma tashiladigan quti javon vazifasini bajarardi. Mana shu bakka ikkita odam zoʻrgʻa sigʻardi, lekin baribir bu ularning boshpanasi – oʻz uylari edi!..

Har kuni Jonas bozordan biroz sabzavot olib kelardi. Bir safar esa tosh yoʻl yoqasidagi uylardan birida yashovchi ayol unga kechki ovqat qoldigʻi va non boʻlaklarini berdi!

Iliq yoz oqshomlarida tepalik ustida yonma-yon oʻtirib, tosh yoʻldan gʻizillab oʻtib borayotgan mashinalarni kuzatishardi. Ularga butun shahar va yulduzlar shuʼlasida miltirayotgan dengiz koʻrinib turardi. Kechalari lattalardan tikilgan toʻshakda bir-biriga qisilib, uxlab qolgunga qadar shivirlashib yotardilar.

Ular bak ichida ana shunday yashar edilar. Kora ham toʻlishib borar, uning koʻzlarida erta bahorda ona-yerni charogʻon etguvchi nur chaqnar edi.

Lekin bir kuni katta yoʻldan kelayotgan yuk mashinasi soʻqmoqqa qarab burilib, toʻxtadi. Undan mosh rangli politsiya kiyimidagi bir necha odam tushdi. Ulardan biri toʻpponcha qinli oq kamarbandda edi. Politsiyachilar soʻqmoq boʻylab tepaga koʻtarila boshladilar, oldinda – past boʻyli baqaloq – toʻpponchali zobit borardi. Ular maysazorga yetib kelganda zobit butunlay holdan toygandi. Shu bois haddan tashqari gʻazablangandi.

Jonas bilan Kora politsiyachilarni olisdanoq koʻrishgandi. Zobit maysazorga qadam qoʻyganda Jonas Korani toʻsish niyatida bir qadam oldinga bosdi. Ikkita politsiyachi qoʻlida misrang[1] olib kelishardi. Jonas ularning maqsadini tushundi.

Zobit nafasini rostladi, atrofga koʻz yugurtirdi va Jonasga qarab:

– Zoʻr oʻrnashib olibsan-ku! – dedi.

Politsiyachilar “uycha” oldidagi oʻchoqqa, eshik oldidagi gilam parchasiga, dumaloq darchaga tortilgan pardaga hayrat bilan tikilib turardilar.

Jonas koʻzini pirpiratib:

– Bu bizning uyimiz! – dedi.

Zobitning yuzi boʻzardi, kamarining mis toʻqasi yon tomoniga oʻtib ketgandi.

– Oʻzingni jinnilikka solma! Sogʻliqni saqlash vazirligining koʻrsatmasiga binoan bu yerda yashash taqiqlangan, sen buni juda yaxshi bilasan.

U oʻz odamlariga tomon burildi va buyurdi:

– Qani, boshlanglar!

Jonasning qahri keldi, oldinga bir qadam tashladi. Lekin zobitning hayqirigʻi uni toʻxtatib qoldi:

– Hoy, sen, boshingni baloga qoʻyma, bekorga oʻt bilan oʻynashma! Aks holda oʻzingni anavi qizchang bilan zindonga tashlaymiz.

– Unda biz, sizning marhamatingiz bilan, qayerda yashaymiz, – toʻngʻilladi Jonas.

Kora uning yengidan tortdi.

– Jonas, Jonas, keragi yoʻq, – dedi yalinib. – Agar seni qamab qoʻyishsa men nima qilaman?

U oʻzini yigʻidan zoʻrgʻa tutib turardi, koʻz oldi qorongʻilashdi. Shu asnoda ikkita politsiyachi yelkalarini bakka tirab, uni oʻrnidan jildirishdi. Bakning tosh ustida turgan bir burchagi gumburlab yerga quladi. Boshqa politsiyachilar misranglarni bak ostiga tiqib, koʻtarishdi va u toʻntarildi. Uning ostidagi qutilar gʻichirladi, ilgakdagi parda uzilib ketdi.

Jonas yigʻlab yubordi, koʻz yoshlari yonoqlari boʻylab oqib tushardi.

– Biz odamlarga oʻxshab yashashga urinib koʻrdik, lekin mumkin emas ekan-da!

Zobit Jonasning soʻzlariga parvo ham qilmadi. Politsiyachilar yana misranglar bilan bakni yumalatib jarlik yoqasiga olib bordilar va itarib yubordilar. Va u pastga qarab gumburlaganicha dumalab ketdi. Jar tagiga qulab tushgan tunuka bak achchiq ingraganday boʻldi.

Politsiyachilar oʻchoqni vayron qilib, toshlarni turli tomonga uloqtirdilar, misranglar bilan tovani va moy idishini maydalab tashladilar. Hamma ish tugallab boʻlingach, zobit yana Jonasga qaradi va tishlari orasidan toʻngʻilladi:

– Kechgacha bu yerdan qoralaringni oʻchiringlar. Butun togʻni bulgʻab tashlabsizlar. Yana qoʻlga tushsang, turmadan qochib qutulolmaysan.

Jonas maysazorga koʻz yugurtirdi. Tepkilab tashlangan oʻchoq ustida qora pogʻalar uchib yurardi. Kora jimgina yigʻlardi, gʻazab va qaygʻudan karaxt boʻlgan Jonas esa uning yigʻisini eshitmasdi ham.

Politsiyachilar soʻqmoq boʻylab pastga tushdilar, mashinaga oʻtirdilar va tosh yoʻlga chiqib joʻnab qoldilar.

 

Rus tilidan Fayzi ShOHISMOIL tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4


 

Aleks La Guma (1925) Janubiy Afrikalik yozuvchi, romanlar va koʻplab hikoyalar muallifi. Irqchilikka qarshi faol kurashchi. Davlat xoini deb bir necha bor qamalgan. 1966 yilda Janubiy Afrikani tark etib, keyinchalik Londonda yashagan. JARda yozuvchining barcha asarlari taqiqlanagan.

La Gumaning “Tungi sargardonlik” (1962), “Uch bora oʻralgan ip”(1964), “Tosh oʻlka”(1967), “Tumanlar mavsumining soʻngida”(1972) romanlari Rossiyada bir necha bor nashr etilgan.

1970 yilda La Guma Osiyo va Afrika yozuvchilari uyushmasi tomonidan taʼsis etilgan “Nilufar” adabiy mukofoti bilan taqdirlangan. U Osiyo va Afrika yozuvchilari uyushmasi Bosh kotibining oʻrinbosari boʻlib ishlagan.


 

[1] M i s r a n g – lom.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.