Oy quyoshdan nur oladi

0
187
marta koʻrilgan.

Ataladan suyak chiqibdi, degandek, ayni saratonda shamollab yurganimni qarang. Dalaga chiqqandim, anhorda choʻmildim. Qaytishda mashinaning toʻrttala oynasini tushirib qoʻyganim uchunmi, kechasi bilan isitmalab, hammayogʻim qaqshab chiqdi.

Ertalab rayon poliklinikasiga bordim. Qarasam, odam tirband. Tor yoʻlakning ikki chetidagi qator kursilarda biri boshini changallagan, biri boʻynini oʻrab olgan bemorlar. Oradan turtinib oʻtib kerakli eshik yaqiniga borsam, odam ayniqsa tiqilinch. Boshim sirqillagancha devorga suyanib ancha turdim. Nihoyat, menga ham joy tegdi. Liqillab turgan kursining bir chekkasiga omonat oʻtirdim. Mendan oldingi oʻrindiqda quralay koʻzlari katta-katta, qisqa kesilgan sochi tiniq yuziga xoʻp yarashgan koʻhlik juvon oʻtirar, yonidagi roʻmol oʻragan oʻrta yashar xotin bilan gaplashardi. U boshini har chayqaganda sochlari chiroyli silkinib-silkinib ketardi. Tiqilishib oʻtirganim uchun beixtiyor ularning suhbatini eshitishga majbur boʻldim.

Koʻhlik juvon barmogʻi bilan boʻynidagi nafis oltin zanjirni asabiy oʻynar ekan, uf tortdi:

– Oʻlsin, kech qolib ketdim. Murodjon akam mashina yuboraman, deb edilar. Kutib qolgandir…

– Murodjon… oʻrtogʻingizmi? – dedi roʻmolli ayol inqillab.

– Oʻrtogʻim? – Koʻhlik juvon nordon narsa yeb qoʻygandek burnini jiyirdi. Hatto oydek yuzi ham xunuklashib ketganday boʻldi. – Avval avtobusga osilib yurishni eplasin! Mashina yuborish yoʻl boʻlsin unga!

Roʻmolli ayol bir zum hayron qarab turdi. Bari bir ayollarga xos qiziquvchanligi ustun keldi chogʻi, qayta soʻradi.

– Boʻlmasa kim?

– Murodjon akammi? – Koʻhlik juvon jilmaydi. Quralay koʻzlari suzilib ketdi. Chehrasida: “Nahotki shundoq odamni tanimasangiz?” degan ifoda paydo boʻldi. – Boshligʻimiz-da! – dedi ovozi tovlanib. – Shunaqa yaxshi odam, shunaqa yaxshi odam! Anovi ahmoq boʻlsa Murodjon akamni ham yomon koʻradi. Oʻz koʻngillarida rashk qilar emishlar. Murodjon akamning slujebniy mashinasida dachalariga borganimni odamlar koʻrganmish. Qoʻling bilan ushladingmi, dedim! Avval oʻzingni epla, piyonista!

– Eringiz ichadimi? – roʻmolli ayol hamdardlik bilan bosh chayqadi. – Ichkilik oʻlsin! Boshida surishtirmagan ekansiz-da!

– Oldin unaqa emasdi, hozir itdek ichadi. Alamlaridan icharmishlar! – chiroyli juvon qoʻl siltadi. – Murodjon akamga aytuvdim, jahllari chiqdi. “Bolang koʻpaymasidan yigʻishtir, razvodga beraver, oʻzim senga kooperativniy kvartira olib beraman”, dedilar.

Roʻmolli ayol sergaklandi:

– Bolangiz bormi?

– Qizim bor…

– Bolangiz boʻlsa, unaqa qilmang, singlim, – deya roʻmolli ayol nasihat qildi. – Har qalay, umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygansiz, bolani tirik yetim qilmang, opovsi aylansin.

– E! – Koʻhlik juvon tilla zanjirini yana asabiy oʻynay boshladi. – Murodjon akam…

Boʻlmadi. Oʻz erini bemalol tuproqqa qorishtirib “Murodjon aka”sini ogʻzidan bol tomib maqtayotgan koʻhlik juvon koʻzimga xunuk koʻrinib ketdi. “Ehtimol, ering seni deb ichkilikka ruju qoʻygandir, balki rostdan ham alamidan ichar!” Yana birpas oʻtirsam, shu gaplar ogʻzimdan chiqib ketishini bilib, oʻrnimdan turdim. Avvalo, birovning gapiga aralashish odobsizlik. Qolaversa, oʻzgalarning shaxsiy hayoti bilan necha pullik ishim bor? Loʻqillayotgan chakkamni barmogʻim bilan bosgancha nari ketdim. Chekkim keldi.

Anchadan keyin qaytib kelsam, vrach eshigidan boyagi koʻhlik juvon chiqib kelyapti. “Murodjon aka”sining mashinasi kutib qolganidan ozor chekkan boʻlsa kerak, shosha-pisha yoʻlakka otildi. Tor xonaga kirsam, deraza oldidagi oppoq stol roʻparasida yupqa gardishli koʻzoynak taqqan, xalatining tugmalarini yechib qoʻygan naynov vrach oʻtiribdi.

– Yechining, – dedi u kattakon daftarga bir nimani yoza turib.

Xona oʻrtasida toʻxtab qoldim. Oʻzi kalta yengli koʻylak kiygan boʻlsam, tagʻin nimani yechaman?

– Yechining! – vrach asabiylashib boshini koʻtardi. Koʻzoynagini yiltiratib bir lahza tikildiyu oʻrnidan turib ketdi.

– Ie, domla, bormisiz! – dedi dilkashlik bilan. – Televizorda uncha-muncha koʻrib turamizu oʻzingizni hech topolmaymiz. – U chayir, uzun barmoqlari bilan qoʻlimni mahkam siqib koʻrishdi. – Bir xil odamlarga hayron qolasan. Hozir bittasi kirib yarim soat boshimni qotirdi. Tayinli kasali yoʻgʻu byulleten berasan, deydi. U yogʻini ishxonadagilari bilan oʻzi kelisharmish. – U jilmaygan edi, koʻzoynak ortidagi mitti koʻzlari yanayam kichrayib ketdi. – Tanimadingiz-a? Men – Orifman.

Hech baloni eslay olmasam ham, odob yuzasidan bosh silkidim:

– Ha, boʻldi-boʻldi… Qalay, yaxshi yuribsizmi?

– Yolgʻon gapirmang, tanimadingiz! – U samimiyat bilan yelkamga qoqdi. – Men Risolat opaning oʻgʻliman. Oʻqituvchi opa bor edilar-ku!

Endi esladim! Axir, bu oʻzimizning Orif-ku! Risolat opaning oʻgʻli-ku! Oʻshandayam koʻzoynak taqardi. Joʻraboshimiz unga “Shapkoʻr” deb laqab qoʻygan edi.

– Dunyo shunaqa ekan, – dedi u oʻyga tolib. – Bu yoqda poshsha xolamlarni ham berib qoʻyibsizlar, maʼrakada bormoqchi boʻldimu hovlinglarni topolmadim. Hammayoq oʻzgarib ketibdi.

– Shunaqa boʻldi, – dedim sekin. Risolat opam tuzukmilar, deb soʻragim kelsa-da, qanday surishtirishni bilmasdim. Mabodo onasi vafot etgan boʻlsa nima qilaman yarasini yangilab. U koʻzimdagi savolni uqdi.

– Bizdayam shundoq boʻlgan. Uch yil ilgari… – dedi bir nuqtaga tikilib. – Oyim: “Hech boʻlmasa, bitta bolangni koʻrsam, armonim yoʻq”, derdilar. Bir emas, uchtasini opichlab katta qildilar… Keyin yana Toshkentga kelib qoldik. Qorasuvda turamiz.

Kasal bir yoqda qolib oʻzimizning suhbatimizga berilib ketdik. Asakaga koʻchib borishgani, onasi Orifning vrach boʻlishini orzu qilgani, Orif Andijon medinstitutida oʻqigani…

Gapimiz choʻzilib ketdi shekilli, hadeb yoʻtalayotgan soqolli kishi eshikni ikki marta ochib ichkariga maʼnoli moʻraladi. Suhbatimiz chala qoldi. Orif yozib bergan dori qogʻozlarni olib chiqib ketarkanman, bolalik xotiralari tagʻin yodimga tushdi.

…Oʻsha yili qish qattiq keldi. Tuf desa, tupuk yaxlaydi. Dadam menga birinchi marta piyma olib berdi. Yaxmalak oʻynashga yaramasa ham, yaxshi, issiqqina. Biroq qor shunchalik qalin yoqqanki, iz tushmagan joyda yursam, piymamning qoʻnjidan bemalol kirib ketaveradi. Risolat opalarning hovlisi biznikidan narida boʻlgani uchun deyarli har kuni darsdan oʻqituvchim bilan birga qaytamiz. U kalish-mahsi kiyib olgan. Yoʻl ochib ketaveradi. Men ketidan ergashaman.

Qahraton tonglardan biri edi. Tanchaga tiqilib yotibman. Akalarim oʻqishga ketgan. Men peshindan keyin boraman. Chopon kiygan dadam toʻrda sandalga tiqilib yarim mudrab oʻtiribdi. Bir tomonda boshiga qalin roʻmol oʻragan oyim. Uning yonida samovar. Samovarning qorniga gʻalati tasvirlar tushirilgan. Oyimning aytishiga qaraganda, bular eski zamonda chiqqan tangalar emish. Joʻmrak ostiga qoʻyilgan tovoqqa samovar tumshugʻidan muttasil suv tomadi: chik-chak, chik-chak… Derazalarga “Qorbobo rasm chizib ketgan”. Tashqari koʻrinmaydi. Hatto eshikni ham qirov bosgan. Ammo-lekin tancha mazza. Odam bir yotgandan keyin turgisi kelmaydi. Sandal ustidagi eski dasturxonda uch-toʻrt boʻlak qora non, jiyda, turshak…

Bir mahal tashqarida gurji kuchugimning akillagani eshitildi. Dadam bir koʻzini ochib oyimga savol nazari bilan qaradi. Oyim endi oʻrnidan turayotgan edi, eshik shaxt bilan ochildi. Uyga avval ammam, ketidan sovuq gʻurillab kirdi. Ammamning qalin tivit roʻmoli, qora baxmal paltosi, hatto kipriklarigacha qirov qoʻngan edi. Oyim ildam borib, uning qoʻlidagi katta tugunni oldi.

Dadam ham shoshib qoldi.

– Ie, iye! – dedi chehrasi yorishib. Ammo boshqa gapirolmadi. Ogʻzida nosvoy bor edi. U shosha-pisha sandal koʻrpasining bir chetini koʻtardi-da, tanchaga tupurdi.

– Tuzukmisiz, opa? – dedi oʻrnidan turib.

Ammam muzdek lablari bilan peshonamdan oʻpdi-da, qoʻlini tanchaga tiqdi.

– Xah, oʻlsin-a! – dedi qaltirab. – Qoʻlimga soʻzak kirib ketdi-ya.

Oyim choyni yangilash uchun darrov samovarni koʻtarib chiqib ketdi. Dadam ammamning koʻziga tikilib qaradiyu xavotirlanib soʻradi:

– Tinchlikmi, opa, nima boʻldi?

– Dard boʻldi! Balo boʻldi! Sen bu yerda tanchaga ketingni tiqii-ib yotgin, xoʻpmi! Opamning ahvoli nima kechdi, demagin, xoʻpmi!

– Nima boʻldi oʻzi? – dedi dadam murosaga chaqirgan ohangda.

Ammam toʻsatdan yigʻlab yubordi:

– Ne umidlar bilan kutuvdim bu bolani! Mana, urush bitdi, bolam eson-omon keldi, endi yaxshi toʻylar qilaman, degan umidim bor edi.

Dadamning rangi oʻchdi:

– Afzalxonga bir nima boʻldimi?

Urushdan yaltiroq tugmali shinel kiyib kelgan, ammamning oʻziga oʻxshash chiroyli Afzalxon akam koʻz oʻngimga keldi. Qaytib kirgan oyim ham dadamning xavotirli savolini eshitib uy oʻrtasida turib qoldi.

– Tinchlikmi?

– Bola emas, balo boʻldi bu! – Ammam roʻmolchasiga burnini qoqib piqilladi. – “Kelganingga ikki yil boʻldi, yoshing ham oʻttizga qarab ketyapti, bilgan u deydi, bilmagan bu deydi”, desam, pissayib yurganida gap bor ekan. Daraxtni bir tepsang, yuzta qiz yogʻiladi-yu, bu yigit oʻlgur mana shu juvonni olaman deydi! Orqasida tayloqday bolasi boʻlmasayam goʻrgaydi.

– Kimni? – dadam bilan oyim baravar soʻrashdi.

– Kimni boʻlardi. Risol degani bor ekan-ku! “Erga tegmasidan oldin ham yaxshi koʻrardim”, deydi. “Bolasiga oʻzim otalik qilaman”, deydi. Voy, birovning itvachchasiga otalik qilmay tusingni yel yesin! – Ammam jahl bilan dasturxonni mushtlagan edi, jiydalar sochilib ketdi. – Loy qozonga oltin tuvoq boʻlmay boʻyginang lahatda chirigur!

Endi koʻz oʻngimga Risolat opa keldi. Axir maktabdagi eng chiroyli, eng shirinsoʻz oʻqituvchi shu – oʻzimizning Risolat opamiz-ku!

– Koʻzini suzib, qoshini qoqib jodu qilib olgan bolamni bu megajin! – ammam alam bilan yana yigʻlay boshladi. – Boʻlmasa, Toshkentday shahri azimda qiz anqoning urugʻi boʻptimi! Hozir oʻn yetti yashar qizga er yoʻgʻu qilichday bolam shu juvon oʻlgurning tuzogʻiga ilinib oʻtiribdi.

– Yoʻgʻ-e, – dedi oyim boʻshashib. – Risolatxon unaqa juvon emas shekilli.

Ammam “sen jim tur” degan maʼnoda onamga oʻqraydi.

– Afzalxon yoshlik qilmasin, – dedi dadam oʻylanib. – Har qalay, umr savdosi-ya bu.

– Ha, tiling bor ekan-ku! – Ammam hammasiga dadam aybdordek bobillab berdi. – Gapir! Togʻa boʻlib nasihat qil. Oyda-yilda bir borsang, dumingni tutqazmaysan. Hech boʻlmasa, uyingga kelganda gapirsang, ogʻzing bichilib qolmaydi-ku.

Afzalxon akam keyingi paytda biznikiga tez-tez keladigan boʻlib qolgan. Hozir shu esimga tushdi.

– Mayli, – dedi dadam bosh silkib. – Bafurja gaplashamiz.

– Sening gapingga koʻzi uchib turibdi! “Shunga uylanmasam, Toshkentni suvi menga harom, boshim oqqan tomonga ketaman”, deydi. – Ammam jahl bilan oyimga burildi. – Nimaga mulla mingan eshakdek soʻppayib turibsiz, kelinposhsha! Kiyinmaysizmi?

– Qayoqqa? – dedi oyim talmovsirab.

– Lahadga! – Ammam yana burnini qoqdi. – Sovchilikka bitta oʻzim bormayman-ku.

Oyim garangsib sandalning bir chetiga choʻkdi.

– Qandoq boʻlarkin? – dedi ikkilanib. – Xolposh xolaga nima deymiz? “Keliningizga sovchi boʻlib keldik”, deymizmi? Bechoraning oʻzi oʻgʻlidan ayrilib jigar-bagʻri ezilib oʻtirgan boʻlsa.

– Yoʻq desa goʻrga… Qoʻlidan kelsa kelinini tiyib olsin!

Ammamning hamma gapini tushunmasam ham, Risolat opani yomonlayotganini his etib turardim. Yoʻq, oʻqituvchim yomonmas. Maktabdagi eng yaxshi oʻqi-tuvchi – oʻzimizni opamiz. Hatto ikkinchi “B”dagilar ham bizga havas qilishadi. Ularning oʻqituvchisi yomon.

Ammam naridan-beri choy ichdi-yu, onamni otlantirdi.

– Sen ham yur! – dedi menga qarab.

Oyimning koʻziga yalinib qaradim.

– Bormayman, – dedim sekin. – Borgim kelmayapti.

– Bora qol, – dedi dadam. – Hali maktabingga vaqtli-ku.

Oʻqituvchimnikiga borishga uyalar, ayniqsa, hozir sira borgim kelmasdi. Dadam ammamdan hayiqqani uchun menga buyurdi, men dadamdan qoʻrqqanim uchun noiloj kiyindim.

Xolposh xolaning bir koʻzi koʻr. Negadir aftiga qarashga qoʻrqaman. Ammo oʻzi juda yaxshi xotin. Nuqul “girgitton” deb gapiradi. Joʻraboshimiz uni “Girgitton xola” deydi. Ularning uyi Toylarnikidan narida… Qor kechib ancha yurdik. Nihoyat, isiriq hidi anqigan pastakkina uyga avval oyim, ketidan tugun koʻtargan ammam, uning ketidan men kirib bordim. Xolposh xola sandal chetida xamir qorib oʻtirgan ekan. Mehmonlarni koʻrib quvonib ketdi.

– Voy girgittonlar, voy oʻzim girgittonlar! – degancha kalovlanib oʻrnidan turdi. Qoʻli xamir yuqi boʻlgani uchun bilagi bilan yelka qoqib koʻrishdi. Paytavani qalin oʻragan ekanman, piymamni yechguncha qiynalib ketdim. Xolposh xola bir zumda dastur-xon yozdi. Xanik chetida choʻnqayib oʻtirib yongʻoq chaqdi, tut mayiz, shinni qoʻydi… Oyim qizarib-boʻzarib, ammam esa chimirilib oʻtirardi. U tancha ichidan oyimning oyogʻiga oʻxshatibgina tepdi shekilli, onamning ixcham gavdasi silkinib ketdi.

– Koʻp ovora boʻlavermang, – dedi battar qizarib. – Biz bir yumush bilan keluvdik.

– Voy girgitton, ovorasi bor ekanmi? Eshonoyimning oyoqlariga qoʻy soʻysak arziydi.

Ammam: “Gapirasanmi-yoʻqmi?” deb qoshini qoqqan edi, oyim tutilib-tutilib gap boshladi:

– Biz… Haligi… Qulchilikka keluvdik, aylanay…

Xolposh xola bir zum dovdirab qoldi. Choy quyib uzatayotgan piyolasi havoda muallaq turib qolgandak edi. U yagona koʻzi bilan oyimga hayron tikildi.

– Shundoq boʻp qoldi, – dedi ammam jilmayishga urinib. Uning tabassumi yigʻidan battar ayanchli edi. – Shu, Afzalxon tushmagur Risolatxondan boʻlagiga koʻnmayapti… Bilmadim, mabodo taqdir qoʻshgan boʻlsa…

Xolposh xola yagona koʻzini ammamga qadab piyolani dasturxonga qoʻydi.

– Albatta, sizga ogʻir, – dedi oyim ovozi titrab. – Xudo shohid, dilingizni ogʻritmoqchi emasmiz. Bilamiz, bu gapning mavridi emas, oʻzingizning ogʻzingiz toʻla qon…

Xolposh xola boshini xam qilib oʻyga toldi.

– Risolatni kelinmas, qizim deganman, girgitton, – dedi anchadan keyin. – Nima qilay, urush judo qildi oʻgʻlimdan. Bolamning oʻrniga bolam, deb etagidan tutgan edim. – Uning ovozi titray boshladi. – Mayli, ilojim qancha, meni deb yosh umrini oʻtkazsa, Xudo nima deydi.

Ammam boshqacha gap kutgan ekan shekilli, rangi oʻchdi.

– Men aytdim, – dedi ovozini balandlatib. – “Hoy, bola, yoshlik qilma, keyin shoxing sinib qoladi”, deb necha marta aytdim.

– Albatta, teng tengi bilan degan gap bor. – Xolposh xola hamon boshini quyi solib oʻtirardi. – Oʻgʻlingiz koʻz ochmagan yigit boʻlsa. Qizim… – U jimib qoldi. – Tagʻin oʻzlari bilishadi. Ikkovining koʻnglida shu niyat boʻlsa bizning qoʻlimizdan nima kelardi. – U qandaydir ichki sezgi bilan sergaklandi. – Shoshmang, girgitton, bolam keldi. Orifim keldi.

Chindan ham eshik ochildi-da, eski paltosining ustidan yelkasiga jild osgan Orif paydo boʻldi. U telpagining quloqchinini tomogʻi ostidan oʻtkazib bogʻlab olgan, qoshiqdek yuzida koʻzoynagi allaqanday kulgili yaltirab turardi.

– Keldingmi, bolam, – Xolposh xola darrov Orifning jildini oldi.

– Sovuq qotib ketibsan-ku, shakartoyim.

Orif uchinchida oʻqiydi. Ularning darsi tugagan boʻlsa, demak, men ham tezroq maktabga joʻnashim kerak.

– Oyi, ketaylik, – dedim tipirchilab.

– Hali vaqtli, biz uchta oʻqidik. – Orif yelkamga qoʻlini tashladi. – Yur, qubba oʻynaymiz.

– Mayli, narigi uyga kira qolinglar, – dedi Xolposh xola darrov koʻnib. – Kattalarning gapiga quloq solsa uyat boʻladi, girgittonlar.

Orif ikkalamiz qirov bosgan, derazasidan xira nur tushib turgan katalakdek uyga kirdik. Bu Risolat opaning xonasi boʻlsa kerak, burchakda stol, suyanchigʻi baland stul bor edi. Stol ustida daftar-kitoblar taxlab qoʻyilgan. Kirpech osilgan devorda Risolat opaning chust doʻppi kiygan kishi bilan tushgan surati. Risolat opa doʻppili kishining yelkasiga boshini xiyol egib jilmayib turibdi.

– Bu kim? – dedim suratdagi kishini koʻrsatib.

– Dadam! – Orif tokchadagi tovoqdan bir hovuch yongʻoq oldi. – Oʻynaysanmi?

– Mening yongʻogʻim yoʻq-ku.

– Qarzga berib turaman. – U oʻnta yongʻoqni sanab ajratdi. – Men gan qoʻyaman, xoʻpmi?

– Boʻpti.

Qubba oʻyini qiyin emas. Toʻrtta yongʻoq qubba qilib qoʻyiladi. Uzoqdan poylab tekkizsangiz, gan sizniki. Tekkizolmasangiz, otgan yongʻogʻingiz qulogʻini ushlab ketdi deyavering.

Birpasda qarz olgan yongʻogʻimdan beshtasini yutqazib qoʻydim. Yongʻoq namat ustida yaxshi dumalamaydi. Yo sakrab ketadi, yo toʻxtab qoladi. Buning ustiga uy nimqorongʻi.

Rosa berilib oʻynayotgan edik, narigi uydan Xolposh xolaning ovozi keldi.

– Sandiqning tagiga yongʻoq otmanglar, girgitton, sichqon koʻpayadi.

Ketma-ket ammamning zardaliroq gapirgani ham eshitildi:

– Mayli, endi bizlar turaylik.

…Oʻsha kuni xotinlar tagʻin nimani gaplashganini bilmayman. Biroq ertasiga Risolat opa juda gʻalati, xomush boʻlib qoldi. Tarasha bilan isitilgan temir pechka peshindan keyin ilimiliq boʻlib qolar edi. Biz bolalar choponimizni yechmasdan oʻtiramiz. Hammadan yomoni siyoh muzlab qoladi. Siyohdonni pechka ustiga qoʻysangiz sal eriydi-yu, yana muzlayveradi. Peroni botirsangiz qirs etadi, siyoh yuqmaydi. Har qanday sovuqda ham paltosini yechib, sochini silliq tarab, bosh yalang oʻtiradigan Risolat opa oʻsha kuni negadir paltosini ham, roʻmolini ham yechmadi. Oʻqish darsi edi. Doskaga chiqdim.

– Oʻqi, – dedi Risolat opa jurnalni ochib.

– “Quduq yoniga uch xotin keldi. Hammasi oʻz oʻgʻlini maqtay boshladi”, – deb sharillatib oʻqib ketdim. Bittayam joyida tutilmadim. Oʻqib boʻldimu Risolat opaning “Oʻtir” deyishini kutib turaverdim. U boʻlsa indamaydi. Ogʻirligimni u oyogʻimdan bu oyogʻimga tashlab, hali turibman, hali turibman… Risolat opa derazaga tikilgancha oʻtiribdi. Shu oʻtirishda uxlab qolgandek edi. Oxiri boʻlmadi. Avval sekinroq, keyin qattiqroq yoʻtaldim.

– Oʻqi, – dedi u hamon derazadan koʻz uzmay.

– Boʻldim, – dedim sekin.

– A? – Risolat opa choʻchib uygʻongandek boshini burdi. – Boʻldingmi? Oʻtir, rahmat.

Risolat opa ertasigayam, indinigayam shunday boʻlib yurdi. Har kuni oʻqituvchim bilan birga ketishga oʻrganib qolgan ekanman. Maktabdan yolgʻiz qaytish alam qilar edi. Bultur Xoʻja bilan qaytardik. Endi uyam yoʻq: Chirchiqda. Biyday keng, kimsasiz dala oʻrtasidagi ipdek ingichka yoʻldan oʻtguncha zerikib ketaman. Yoʻldagi izlar chuqur-chuqur botgan, ikki cheti belim baravar qor. Sal chetga chiqsam, piymam qorga toʻlib chiqadi. Risolat opam bilan yursam mazza, harna shamolni toʻsib ketadi.

Uchinchi kuni Risolat opam bilan ketdim. Faqat ikkalamiz emas: Afzalxon akam ham bor edi.

Oxirgi darsdan chiqib yuz qadamcha yurgan edim, qarasam, qordan shoxlari egilib ketgan tol tagida Afzalxon akam turibdi. Askarcha shinelini kiyib olgan, oyogʻidagi etik yaraqlatib moylangan. Faqat bosh yalang. Yaqin bordim.

– Quloqchiningni tushirib ol. – U telpagimning bogʻichini yechib quloqchinni tomogʻim ostidan oʻtqazdi. – Qulogʻing sovuq qotib qoladi. – Keyin shinelining choʻntagidan buklangan gazeta oldi. Toʻrtburchak qilib yirtdi. Boshqa choʻntagidan xaltacha chiqardi. Xaltachadan tamaki chimdib oldi-da, uni sargʻayib ketgan barmoqlari bilan qogʻozga sepib oʻray boshladi.

– Menga qara! – dedi tamaki oʻray turib. – Oʻqituvchingni aytib chiq.

– E, uyalaman! – dedim rostini aytib.

– Xoʻp degin. – Afzalxon akamning barmoqlari titrab ketgandek boʻldi. – Bitta ukalik qilgin, jiyan. Oʻzing katta yigitsan-ku, senga ordenimni beraman.

Afzalxon akamning kattakon, ogʻir Qizil Yulduzini oʻynashni yaxshi koʻrardim. U boʻlsa, burovini boʻshatib, yechib koʻrishimga hech ruxsat bermasdi.

Ordendan koʻra uning yalinishi taʼsir qildi. Piymamdan sovuq oʻtib, oyogʻim muzlay boshlagan boʻlsa ham orqaga qaytdim. Oʻqituvchilar xonasining eshigini qoʻrqa-pisa ochdim. Bu yer ham sovuq, devorda xaritalar. Stol ustida jurnallar. Risolat opa sovib qolgan pechkaning tunuka dudburoniga kaftini bosib, qoʻlini isitayotgan ekan. Nariroqda sochlari oppoq matematika oʻqituvchisi oʻtiribdi.

Risolat opa meni koʻrib negadir jilmaydi:

– Uyga ketmadingmi?

Indamay bosh chayqadim.

– Boʻpti, ketdik. – U roʻmolini qaytadan oʻradi. Paltosining tugmalarini soldi-da, kelib qoʻlimni tutdi. – Vuy, qoʻling muzlab ketibdi-ku. Meni kutishing shartmidi?

Negadir oʻzimni juda yomon koʻrib ketdim. Yerga qaragancha indamay ketaverdik. Oldinda oʻqituvchim, orqada men. U qoʻlini orqaga choʻzgancha iliq kafti bilan qoʻlimni ushlab olgan. Har qadam bosganida kalish-mahsisi gʻijir-gʻijir qiladi. Tovonidan quruq, muzdek qor sachraydi. Bir mahal u qoʻlimni qoʻyib yubordi. Menga oʻgirilib qaraganini, koʻzimga tikilayotganini his qilib turardimu boshimni koʻtarolmasdim. Afzal akam qorni gʻijir-gʻijir bosib yaqin keldi. Shundagina sekin boshimni koʻtardim. Risolat opa hamon menga qarab turar, sovuq boʻlsa ham kulcha yuzlari qizargan, yanayam chiroyli boʻlib ketgan edi.

Afzalxon akam ikki qadam narida toʻxtadi.

– Kechirasiz, – dedi sekin. – Men iltimos qiluvdim. – U qorga botib Risolat opaga yoʻl boʻshatdi. Oldinda Risolat opa, keyin Afzalxon akam, uning ketidan men – tizilishib yoʻlga tushdik. Anchagacha jim ketishdi. – Oʻylab koʻrdingizmi? – dedi nihoyat Afzalxon akam.

Ularning gapini eshitish yaxshi emasligini his qilib turardim. Toʻxtab qoldim. Ular ham oʻn qadamcha nari borib toʻxtashdi.

– Bitta oʻgʻlingizni oʻylasangiz xavotir olmang, – dedi Afzalxon akam. Biroq Risolat opa bir nima deb imladi shekilli, Afzalxon akam ovozini pasaytirdi. Qoʻlini keskin-keskin siltagancha allanimani kuyib-pishib tushuntira boshladi. Ancha gaplashishdi. Oyogʻimdan muz oʻtib ketdi. Burnimni tortaverib charchadim. Oʻtib ketay desam, bir yogʻi qorga botishdan, ikkinchi tomoni, ularga yaqin borishdan qoʻrqaman.

Afzalxon akam shinelining choʻntagidan yana qogʻoz, tamaki oldi. Tez-tez oʻray boshladi. Ikkovlari tagʻin yurib ketishdi. Xayriyat!

Men ham ergashdim. Oʻttiz-qirq qadam yurib yaydoq dalaning qoq oʻrtasida yana toʻxtashdi. Oʻn qadamcha berida men ham toʻxtadim. Endi oyogʻim akashak boʻlib qolgan, piyma ichida nima bor – nima yoʻq, oʻzim ham bilmasdim.

Afzalxon aka tamaki tutab turgan qoʻlini silkitib yana allanimalarni gapira boshladi. Shundan keyin gʻalati boʻldi. Afzalxon akam birdan sirgʻanib ketgandek, choʻkkalab qoldi. Avvaliga yiqilib tushdi deb oʻylagan edim. Yoʻq, yiqilmagan ekan. U Risolat opamning oyogʻidan quchib hayqirib yubordi:

– Ayting, nima qilay! Bilaman, Yoʻldoshni yaxshi koʻrardingiz. Men ham yaxshi koʻrardim. Doʻstim edi… Lekin endi u yoʻq-ku!

Risolat opa Afzalxon akamning qoʻltigʻidan tutib turgʻizmoqchi boʻlar, ammo kuchi yetmasdi. Beixtiyor uch-toʻrt qadam yaqin borib qoldim.

– Ikkalamiz bitta raschyotda edik! – dedi Afzalxon akam hamon oʻsha ohangda. – Pragada oʻz qoʻlim bilan yerga qoʻydim. Men tirik qolganim uchun aybdor emasman-ku! Nima qilay endi, u yoʻq-ku!

Risolat opa yigʻlab yubordi. Afzalxon akamning sochini ikki qoʻli bilan hadeb silar ekan, iltijo qildi:

– Men-chi, men?

– Nima siz? Nima?! – dedi Afzalxon akam ham iltijo bilan.

– Men borman-ku! – Risolat opa yana Afzalxon akamning boshini siladi. – U oʻlgan boʻlsa men tirikman-ku.

Shu alpozda Afzalxon akamning boshini silab, koʻzlaridan shashqator yosh oqqancha ancha turdi. Keyin sekin burildiyu qorli soʻqmoqdan chayqalib-chayqalib yurib ketdi.

Afzalxon akam anchagacha choʻkkalab turdi-da, sekin qaddini rostladi. Men tomonga burildi. Shinelining tizzasi qorga belangan, koʻzlarida yosh bor edi. U menga qaramadi. Bir hatlab chetga chiqdi-yu, qor kechib gandiraklab yurib ketdi. Hatto nariga borganda ham yoʻlkaga tushib olmadi. Biydak dalada yolgʻiz qoldim. Qora palto kiygan Risolat opa bir tomonga, kulrang shinel kiygan Afzalxon akam ikkinchi tomonga ketar edi. Oxiri ikkalasi ikkita qora nuqtaga aylanib oppoq qorliqqa singib ketdi. Nima uchundir sovuqni unutdim, uygayam borgim kelmas edi.

…Keyin Afzalxon akam biznikiga juda kam keladigan boʻlib qoldi. Risolat opa sinfimizni yozgacha oʻqitdi-yu, gʻoyib boʻldi. Oyimning aytishiga qaraganda, Xolposh xolamning andijonlik singlisi bor ekan. Hammalari oʻsha yoqqa koʻchib ketishibdi.

Afzalxon akam, ammam aytganidek, “Toshkentning suvi menga harom”, deb bosh olib ketgani yoʻq. Biroq anchagacha uylanmay yurdi…

Bir necha yildan keyin yuqori sinfda oʻqiyotganimda astronomiya oʻqituvchimizdan bir haqiqatni bilib oldim: oyning oʻzi yogʻdu sochmas ekan, quyoshdan nur olarkan. Bu dunyoda oftob borligi uchun ham oy yogʻdu sochib turarkan.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.