Oy jodusi

0
113
marta koʻrilgan.

1

 

Oy – mungli sayyora.

Muallif

 

Deraza rafida oyning nimrang shuʼlasi. Nimrang: na moviy, na sariq, va na oq. Shunday holatni nimrang desa toʻgʻri boʻlarmikin? Bu oqshom uning yorugʻida juda koʻp ranglar borday. Toʻlishgan oy nuriga xos rangni topolmadi Oyniso. “Sutday oydin”, – shivirladi uning lablari. Darhaqiqat, hovli sutday oydin. Shu taʼrifga moyillik bor qizning shuurida. Boshqa biror taʼrif yoki tavsif mos emas. Aslida bu momosidan qolgan gap. Oy oydin kechalar derazadan qarab “sutday oydin” deb qoʻyardi va ogʻir-ogʻir xoʻrsinardi kampir. Shunday derdi, xoʻrsinardi xayolchan tarzda va goʻyo isitmoqchi boʻlgandek oy shuʼlasiga tutib turardi qurishgan barmoqlarini. Shunda kampirning ismsiz barmogʻidagi mis uzukning koʻzida parchalanib ketib xiragina miltirardi samoviy shuʼla. Deraza rafini silayotganday yoki uning gʻuborini artayotganday ohista harakatlanardi uning uzukli barmoqlari. Endi kampir yoʻq, oy shuʼlasi esa hamon oʻsha-oʻsha. Sokin, xayolchan va mungli. Nimadandir oʻksinayotganday va nimalarnidir soʻzlab bermoqchiday va yana qandaydir sirdan – inson zotiga maʼlum boʻlmagan, uning tasavvuriga sigʻmaydigan sirdan ogoh etmoqchiday… Deraza tokchasida, xontaxta chetida va xona devoridagi yoʻl-yoʻl chiziqlar ham xuddi avvalgidek. Hech narsa oʻzgarmagan. Oyniso uchun bu juda antiqa manzara. Unda qandaydir sir-sinoat bor. Momosining kultapoʻshogini boshiga kiyib olardi-da, bu sinoatning nimaligini anglashga harakat qilardi qiz. Oddiy naqshlar emas ular. Yoʻq, ular oddiy naqshlar emas. Bu naqshlar deraza shishasining vujudi. Har qanday vujudda esa sir-sinoat yashirin.

 

2

 

Oy toʻlisha boshlagan kechalar chiroqni oʻchirib qoʻyib xona devoridan koʻz uzmay yolgʻiz oʻtirgan qizni tasavvur qiling endi. Boshida oʻsha, yoʻl-yoʻl kandirdan tikilgan va misqolgardi degan matohdan astar qoʻyib qavilgan kultapoʻshok. Unda Oydinoy momoning oppoq sochlari qoldirgan ajabtovur, qoʻngʻirsiq hid bor. Qizning nigohida allaqanday xavotir, Oyning sohir shuʼlasida esa koʻz ilgʻamas harakat. Bu harakatda yengib boʻlmas bir kuch va muqarrarlik va ayni paytda sokinlik va mayinlik va mahzunlik, va yana allaqanday mung bor. Aslida ham Oy – mungli sayyora. Biron bir jonzotga, hech boʻlmaganda bir tupgina gulga ham ega emas. Qani endi uning kulrang tuprogʻida bir tupgina tok oʻssa, tok novdasida bir bosh qora kishmish yoki nimrang toyibi boʻlsa yoki bir butagina rayhon hid taratib tursa! Balki shuning orzusida sohir nurlari bilan yerni paypaslar, giyohlarni, dengiz va daryo suvlarini oʻziga tortar… Modomiki shunday ekan, yer yuzidagi odamlarni ham, binolar va daraxtlarni ham, hattoki qabristonni va ular qatorida Subhonning qabrini ham intiq bir kuch bilan oʻziga tortayotgani tayin.

Hovlida, supa tagida bir tup sadarayhon bor. Agar gul koʻp boʻlsa, biridan boshqasiga, undan yana boshqasiga sakraydi nigohing. Nimadir yoʻqoladi, nimadir susayada. Qaybiriga mehr qoʻyish kerak? Koʻp gul bu – gulzor, gulzor esa bamisli olomon. Yakka oʻsgan bir tup gul yolgʻizligi bilan va yana tanholigi bilan, Subhonga oʻxshashi bilan qizning diliga yaqin, olomondan esa uzoq.

Tunda oy nuriga choʻmib uxlayotgan qabristonga qarash… Faqat bir martagina bunga jurʼat etgandi Oyniso. Keyin koʻp narsalar oʻzgarib ketdi. Va nihoyat, Subhon aytib bergan voqea takrorlandi. Daraxt gʻoʻlasi ustida yonma-yon oʻtirishdi ular kunlardan bir kun. Yoz fasli. “Tirch-tirch” etib sayraydi qorachigirtkalar. Uzun, qora dirijyorlik libosida ular. “Xuddi shunday yoz oqshomi edi, – deydi Subhon. – Oy oydin, sutday. Yetti… yoʻq, toʻrt-besh yoshlarda edim chamasi… (Subhonning ovozini eshitishi bilan mashgʻulotini taqqa toʻxtatadi shu yaqin oʻrtada musiqa asbobini joʻr qilayotgan qorachigirtka. Inson ovoziga quloq tutib qoladi, aftidan) ha, b… b-besh yoshlarda. Xonaning oʻrtasida yotardilar onam. Oq koʻylakda. Men qoʻrqmadim avval. Onamni quchoqlab yigʻladim. Oʻlim haqida unchalik tasavvurga ega emasdim. Xona qorongʻi. Har doim biror narsa ustida xarxasha qilganimda boshimni silaydigan qoʻllar beharakat. Nega bunday? Nega mehribon onam hamma narsaga befarq? Hech narsaga tushunmay, shu holatda uxlab qolibman…”

 

3

 

Endi Oynisa xonada yolgʻiz. Ohista harakatlanayotgan nur oqimi goʻyo devor sirtidan nimanidir qidirayotganday. Devor sirti limon rangida, oʻrtada daftar kattaligida quroq kashta. Kashta oʻrtasida Subhonning surati. Suratga tomon oqadi nur. Subhon esa tobora yaqinlashib kelayotgan oy shuʼlasidan koʻz uzmay bundan uch yil avval soʻzlashni boshlagan qoʻrqinchli hikoyasini hamon davom ettirayotganday. Onasining oʻlimi, tunda besh yoshli bolaning jasad yonida yolgʻiz qolishi, oy ohista siljib kelib oq koʻylakda yotgan jasadni yoritishi… Onaning koʻkragidan boʻyniga tomon, undan iyagiga, lablariga tomon sirgʻalib oʻtayotgan oq ilonga oʻxshash ingichka va uzun oy nuri. Jasadning koʻzlari hayratlanganday ochiq. “Oy sutday oydin kechalardan hozir ham qoʻrqaman. Oy nuri kafanni eslatadi”. Surat tomon tobora yaqinlashib borayotgan oy nuriga qarab turarkan, Subhonning gaplarini esladi va butun vujudi bilan titrab ketdi Oyniso. Va oyga qaradi, uning suratga tomon betinim harakatlanayotgan shuʼlasidan koʻz uzib. Qiziq bir narsani – hali dunyoda hech kimning xayoliga kelmagan narsani kashf etdi shunda. Oy yuzidagi dogʻ – osmon malagi Isrofil! Yo parvardigor, nega bir ojiz bandangning xayoliga bunday narsalarni solasan?! Bir oyogʻini oldinga qoʻyib, ikkinchi oyogʻiga tayangancha biroz ortga chalqaygan koʻyi turardi maloika Isrofil. Ogʻzida qiyomat kuni chalinadigan karnay. Isrofil sur tortadigan karnayning behad kattaligini va bu karnay hamma narsani, hatto yer kurrasini ham yutib yuborishi mumkinligini eshitgandi Oyniso momosidan. “Isrofil sur tortsa qiyomat boʻladi”. Shunday der edi momo. Ammo oyning betidagi dogʻning farishta Isrofilga oʻxshashini hech kim aytmagan. Hech kimning xayoliga kelmagan bu kashfiyot.

Bora-bora jiddiy mashgʻulotga aylandi Oynisoning oy bilan muloqoti. Balki bu yolgʻizlikning oddiy ermagidan boshqa narsa emas, dersiz? Unda nima sababdan oy nuri chizgan tasvirlarga lupa orqali qaraydi qizgina va daftarga nimalarni yozib qoʻyadi? Qoʻliga pargar va chizgʻich olib samo yoritgichidan toʻkilayotgan yorqin va xira nur yoʻlakchalar oraligʻini oʻlchaydi… Raqamlar bilan belgilangan daftar varaqlarida ular. Betartib bir tarzda sochib tashlangan harflar, turli koʻrinishdagi belgilar bor.

Keyinchalik – oradan bir necha yil oʻtib, Oyniso bedarak yoʻqolgandan keyin uning egasiz qolgan uyiga koʻchib oʻtdim. Va Oyshunos qizning tadqiqotlarini jiddiy tadqiq etishga kirishdim. Va aytish mumkinki, sochib tashlangan harflarda hamda shakllarda uzviylik borligini aniqladim. Qadimgi dunyoning ulugʻ rassomi Leonardo da Vinchi hech kim oʻqiy olmasin deb xatni teskarisiga yozar va zarurat tugʻilganda uni oynaga tutib oʻqirdi. Oyna barcha oʻng narsalarni chappasiga, va aksincha teskari narsalarni oʻnggarib koʻrsatadi. Ana shunday qaysar va sirli “jonzot” oyna deganlari. Xullas, shu voqea yodimga tushib deraza jomlaridan ikkitasini oʻrnidan koʻchirib oldim, bor hunarimni ishga solib shisha jom sirtiga kumush eritmasi surtdim va avval kulrang boʻyoq bilan, soʻngra qizil boʻyoq bilan boʻyadim. Shishaning shaffof vujudi oʻzligidan kechib tiniqlashdi va oynaga aylandi. Oynalarni bir-biriga qaratib qoʻydim. Shunda cheksizlik hosil boʻldi. Daftarning birinchi varagʻini oʻzimga teskari turgan oyna sirtiga yopishtirdim, natijada harflar, belgilar va shakllaru chizgilar cheksiz darajada takroriy tasvir zuhur etdi. Ammo bu tajriba kutilgan natijani bermadi. Daftar varagʻidagi barcha belgilar oyna sirtida teskari boʻlib koʻrinardi, xolos. Xuddi shu usulda oy tasvirini oynaga tushirib cheksiz darajada oy hosil qilishdan ham qoniqmadim. Allamahalgacha koʻzimga uyqu ilinmadi. Uxlamoqchi ham emasman. Oʻylarim chuvalashgan, ularning hammasi bir tomonga qarab oqim hosil qilgan. Bu oqimda hattoki oʻzim ham suzib borayotgandayman. Oqim Oynisoga va uning oy nuri bilan oʻtkazgan tajribalariga borib uriladi. Va men bolaligimda yuz bergan bir voqeani eslayman har safar. Tashqarida, hovlining oʻrtasida yotardik biz, yaʼni onam ikkalamiz. Supasiz, devorsiz bir cheti qishloq markazidagi podaxonaga tutashib ketgan hovli. Yoz oqshomi, hovli sutday oydin. Naq peshonamning ustida parpirab turgan oy goʻyo shu xarobgina qishloqni va shu qishloqning xarobgina hovlisida yotgan qoʻrqoq bir vujudni, yaʼni meni qoʻrqitish uchun koʻkka koʻtarilganday. Yuragim toʻla vahm. Vahm vujudimni shu qadar iskanjasiga olganki, boshimni burishga va yonimda uxlab yotgan onamga qarashga va umuman, qilt etib qimirlashga qoʻrqaman. Goʻyo butun dunyoni qoʻrquv oʻz iskanjasiga olgan. Onamga yaqinroq surilishni oʻylayman, qoʻlim bilan onamning qoʻllarini ushlasam ozgina boʻlsa ham yuragimni toʻldirgan vahmdan qutulardim balki. Afsuski, bunday qilolmayman, biror tukim qilt etsa qoʻrquv meni koʻrib qoladiganday. Ana shunday holatda yotarkanman, podaxonaning narigi chetida, Oʻtagan akaning uyi ortida katta qora toʻrt burchakka koʻzim tushdi. Shu qora toʻrtburchakning oʻrtasida – balki uning bir chetrogʻidadir – oʻsha qorongʻilikdan ham qoraroq bir narsa harakatlanardi. Antiqa bir tarzda – xuddi raqs tushayotganday – harakatlanardi oʻsha qora narsa.

4

 

Oʻshanda garchi besh-olti yoshlarda boʻlsamda, bu raqsning beoʻxshovligini va shu beoʻxshovligi bilan gʻayrishuuriyligini angladim. Goh yoyilar, gohida yigʻilib bir joyda qoʻyuq qora boʻyoq hosil qilar va gohida yuqoriga tomon oʻsib borayotgan kabi gʻayritabiiy shaklga kirardi oʻsha qora narsa. Oy toʻlishgan va borliq sutday oydin boʻlsa ham yorita olmasdi oʻsha qorongʻilikni. Tom boʻgʻoti ostidan, devor soyasidan panoh topgandi oʻsha qora raqqosa. Raqs tushayotgan qora tumanlik – balki qora qurum desam toʻgʻri kelar – nazarimda mendan koʻzini oʻzmagan holda harakat qilar, dahshatdan bir boʻlak kesakka, daraxtning kesib tashlangan gʻoʻlachasiga aylanib qolgan mening vujudimni ham raqsga chorlardi, aftidan. Imlardi meni… oʻshanda bu oʻlim raqsi ekanligini anglamaganman. Ammo mubham bir vahima sharpasi ogʻir qanotlari bilan yerga kirgizib yubormoqchidek, yoki yotgan joyimda mahv etmoqchidek kuch bilan bosib turardi meni. Inson tanasi – jon uchun qamoqxona. Koinotning uzoq bir hududidagi sayyorada yashaydigan jonlar ham gunoh qiladilar. Shunda gunohining nechogʻliq ogʻirligiga qarab bir necha daqiqadan bir necha yil muddatga zindon jazosiga mahkum etiladi jon. Va muddat tugashi bilan vobasta qilingan zanjirlarni uzib inson tanasini tark etadi va uchib ketadi oʻz sayyorasi tomon. Zanjirlarni uzib tashlarkan, raqs koʻrinishida namoyon boʻladi bu jarayon. Ana shu jarayon edi men koʻrib turgan holat.

Hammasi maʼlum boʻldi ertalab. Odamlar toʻplanishdi sahardanoq. Tushirib olishdi tom boʻgʻoti ostida osilgancha ohista tebranib turgan jasadini… Oʻn yetti yoshli bu qiz nima sababdan osdi oʻzini? Turli fikrlar aytishardi odamlar, ammo men hali ularning fikrini tushunish darajasida emasdim, yosh edim. Tunda boʻlgan mudhish voqeani koʻrganligimni ham aytolmadim. Odamlardan, jasaddan va boshqa hamma narsadan qoʻrqib turardim. Oynisaning daftaridagi yozuvlar, shakllar va belgilar koʻproq oʻziga tortardi meni shu voqeani eslasam. Daftardagi tilsim sirini ochishga urinishlarim hech qanday samara bermayotgan boʻlsada, bu mashgʻulotni tashlab ketishga oʻzimda kuch topolmadim. Va uning xonasida oʻtirib oyni kuzatar, uning har bir fazasida roʻy beradigan shakliy oʻzgarishlarni qogʻozga tushirardim.

 

5

 

Avgust oyining soʻnggi oʻn kunligi. Oy asta-sekin toʻlishib bormoqda. Kunduzi ham koʻrdim uni. Nursiz, bir tomoni qurt yeganday yoki uquvsizlik bilan ushatib olingan nonday. Tikilib qaragandim shaffoflanib, goʻyo ortidan koʻkimtir tusda koʻringanday boʻldi osmon. Oy toʻgʻrisida tadqiqotlar koʻp fanda. Bir tomoni yuz darajadan issiq, ikkinchi beti bir yuz oʻn daraja sovuq. Sirti kulsimon modda bilan qoplangan, suv va havo yoʻq. Aniqrogʻi, mutlaqo hayot asari koʻrinmaydi. Yerda yuz kilo tosh bosadigan odam oyda… anigʻini bilmayman, yetmish va balki oltmish kilo chiqsa kerak. Bu sayyora aytishlaricha, yerdan koʻringaniday nurafshon emas, balki qoramtir bir sirtga ega, nurni esa quyoshdan oladi… Ana shunday tadqiqotlar bor. Amerikaliklarning oyga borgani va uning ustida oʻz oyoqlari bilan yurgani haqida ham anchagina gaplar boʻlgani esimda, ammo keyinchalik mutlaqo hayot asari yoʻq bu sayyoradan yerlik tadqiqotchilarning koʻngli soviganday. Endi bizni Mars sayyorasi qiziqtirmoqda. Qizil sayyora deb nom olgan bu osmon yoritgichiga unchalik qiziqish bildirmasdi Oyniso. Qani uning oʻzi? Qani uning derazam rapini yoritib turgan qizil nuri? dedi bir oqshom ikkalamiz yolgʻiz oʻtirganimizda. Biz tashqariga chiqib osmonga qaradik va Qizil sayyorani qidirdik. Bizda na teleskop, na boshqa biron kuzatuv asbobi bor. Hatto oddiy durbin ham yoʻq. Hech narsaga aniqlik kirita olmadik. Oy hali batamom toʻlishgan boʻlmasa-da, parpirab nur sochar va osmonni kuzatishga monelik qilardi. Oʻshanda bilmasdim bu qizning oy nuridan qoʻrqishini va ayni paytda unga qiziqishini. Oʻsha oqshom uning Oyshunosligiga doir baʼzi bir belgilar namoyon boʻldi. Ulardan ayrimlarini men keyinchalik kuzatuv daftarimga yozib qoʻydim. Biz supa chetida yonma-yon oʻtirardik. Osmon yoritgichlari toʻgʻrisida bilganlarimni unga soʻzlab berarkanman, anchadan beri uning sukut saqlab turgani va mening gaplarimni umuman eshitmayotganini payqab qoldim. Oyga qaragancha qotib turardi u. Ixtiyori oʻzida emas, xayoli ham. Biroz engashib uning koʻzlariga qaradim. Keyin roʻparasiga oʻtib yerda choʻnqaydim. Uning holati oʻzgarmadi. Meni unutgandi aftidan. Koʻksi tez-tez koʻtarilib tushayotganiga qarab nafas olishi tezlashgani va yuragi ham qafasdagi kabutarday patirlayotganini angladim. Va yana koʻzlariga tikildim. Uning nigohida qotib qolgandi oy shuʼlasi. Koʻzlari atrofida oppoq Halqa. Keyin harakatga keldi halqa va uning pastki cheti tomchi shaklini oldi-da, qizning koʻzlaridan oqib tusha boshladi. Qoʻrqinchli edi bu holat. Nogoh bolaligimdagi oʻsha voqea, tom boʻgʻotiga oʻzini osgan qiz bilan bogʻliq manzaralar, soyalar oʻyini va oʻlim raqsi koʻz oʻngimga keldi-yu, qizning yelkasidan tutib: “Oyniso! Oyniso!” degancha silkilay boshladim. Albatta darhol oʻziga keldi qiz va ogʻir xoʻrsindi. Biz xayrlashdik, ammo uni tashlab ketgim kelmasdi. Mana shu supada yotishimni bildirdim. Qarshilik koʻrsatmadi va supa ustiga joy solib berdi. Tabiiyki, uyqu kelmaydi bunday pallada. Osmonga tikilgancha yotaverdim. Ha, darvoqe, keyin bilsam, oʻsha holatda u oy sirtidagi dogʻni yana takror maloika Isrofilga oʻxshatgan va oʻzining bu kashfiyotidan qoʻrqib ketgan ekan. Ammo aytmadi buni menga oradan koʻp yillar oʻtsa ham. Qattiq sir tutdi nima sababdandir. Balki uning kashfiyoti muqaddas dinimizga borib taqalganini oʻylab sir saqlashga qaror qilgandir. Uning tadqiqotlar daftari boʻlmaganda bilmagan boʻlardim men ham bu sirni.

Oydinoy bedarak yoʻqolgandan keyin uning tadqiqotlarini oʻrganishga kirishib erishgan ilk muvaffaqiyatim – shu. Ammo osonlikcha erishmadim bunga. Shartli belgilar vositasida yozgan edi qizgina bu soʻzni. Oy va kun sanalarigina oʻz holicha edi faqat. Xuddi oʻsha kunni topdim daftardan. Mana, 13 avgust. Yili koʻrsatilmagan. Bir yil kutdim. Va nihoyat, 13 avgust kechasi deraza rapiga qulayroq oʻrnashib oʻtirgancha ishga jiddiy kirishdim. Oldimda: pargar, jazbar, daftar va soat. Lupa ham bor albatta. Oy osmonda muallaq, batamom toʻlishgan, yarqirab, balqib, tiniq tortib turibdi. Derazadan tushib turgan chiziqlar va ular orasidagi hoshiyalar, hoshiyalardagi oqlikdan koʻkimtir ranglarga tomon uygʻunlashib oʻtayotgan nur dastalari… Dastalar orasidagi qisqa chiziqlar va nuqtalar… Deraza vujudidan tushayotgan nurli chiziqlar tagiga daftar varagʻini toʻgʻrilab qoʻyib sekinlik bilan sharqdan gʻarbga va gʻarbdan sharqqa tomon harakatlantira boshladim. Va nogoh nur hoshiyasi qatida “I” harfi hosil boʻlganini aniq koʻrdim! Derazaning gʻarb tomondagi uchinchi koʻzida tariq donasi kattaligida nuqta borligini avval ham koʻp marta koʻrgan va shu nuqta orqali hovliga qarab qiziq-qiziq oʻyinlar qilgandim. Baayni moʻjizaning oʻzi bu nuqtacha. Daraxt tanasida harakatlanib turadigan ulkan kavak hosil qila oladi. Devor sirtida qavat-qavat chiziqlardan iborat doira chizadi. Yerga toʻgʻrilab qarasam yer xuddi ataladay suyulib mening bosh harakatimga mos aylanaveradi oʻsha doiralar. Xuddi quyuq atalani qoshiq bilan aralashtirayotganday. Shu nuqtacha menga ikkinchi harfni berdi. Daftarga nuqtaning yarim holatini tushirgandim “S” harfi hosil boʻldi. Endi menga Oynisoning uzoq yillar davomida olib borgan kuzatuvlari va kashfiyotlari oʻz sirini ochmoqda! Va men qizning ichki dunyosiga tomon kirib bormoqdaman. “Isrofil” degan shu soʻzni yozib qoʻyish uchun shunchalik mashaqqat chekish zarurmidi deya ajablanishingiz tabiiy. Avvalo, shuni aytishim kerakki, shu birgina soʻz emas, bir dunyo soʻz va jumlalar, yaxlit tuzilgan gaplar, butun boshli manba va matlalar bor uning daftarlarida. Inson hissiyotlarining rangi, shakli va ohanglari tushirilgan sirli belgilar har qanday odamni jozib kuch bilan oʻziga tortishi tabiiy. Ularni oʻrganishni men shu soʻzdan boshladim xolos. Chunki, oʻtgan yili xuddi shu kechada – yaʼni 13 avgust tunida – supa chetida oʻtirib toʻlin oyni kuzatishimiz va qizning gʻayritabiiy holatga tushib qolishi… toʻgʻrisini aytsam meni befarq qoldirolmasdi. Unga boʻlgan muhabbatim butun umrimni va hayotimni shu qizning baxti uchun qurbon qilishga daʼvat etardi. Demakki, uning ichki dunyosini bilish va shu yoʻl bilan uni anglash men uchun hayotiy zarur. Oydinoyning bedarak yoʻqolishi-chi!? Ertalab turib qarasam Oydinoy uyda yoʻq. Va hozirgacha bedarak. Qidiruv organlari koʻp harakatlar qilishdi, eʼlonlar berildi, qizning surati va bor tashqi qiyofasi yozilgan qogʻozlar tarqatildi. Natija yoʻq. Men esa hamma gap uning tashqi belgilarida emas, balki ichki dunyosida degan fikrdaman. Hattoki Oyniso oʻz ichki dunyosi ichiga kirib yashirinib olgan degan fikr ham miyamga urilib meni bezovta qiladi, gohi gohida. Mana, bir yildirki, oʻzi yozgan belgilar shakllar, chizgilar qatidan izlayman uni. Oʻsha 13 avgust oqshomidagi holat tilsim kalitini qoʻlimga tutqazgan edi. Toʻgʻri, gohida uzun tunlar urinib biror natijaga erisha olmaganimda, kuzatuvlarim natija bermaganda Oynisoning daftarlarini bir necha kun davomida qoʻlga olmaganman va hatto bu keraksiz mashgʻulot degan xulosaga kelgan paytlarim ham boʻlgan. Shunday paytlar Misr ehromlari, Tutmos, Tutanxamon, Nefirtiti sarkofaglaridagi yozuvlarni oʻrganishga butun umrini va bor boyligini sarflagan olimlar ning mashaqqatli mehnati tasavvurimga kelgan va yanada kuch va gʻayrat bilan ishga shoʻngʻiganman.

 

6

 

Yetti yil oʻtdi oradan. Endi menga koʻp narsa maʼlum. Eng muhimi, Oydinoyning qayerdaligini bilaman! Toki uning daragini topgunimga qadar, avval uning maqsadini topdim, yaʼni nimalarga intilganini aniqladim:

 

Mahshar guni goʻram deram ul sarvi qomati,

Shul guniyam goʻrunmasa gel goʻr qiyomati…

 

Daftar muqovasidagi ikki misra sheʼrni bir necha bor oʻqigan boʻlsam-da, qilayotgan tadqiqotlarimga daxldor emas deb oʻylagandim. Bir kun oqshom karavotda chalqancha yotib shu ikki misrani bot-bot takrorlardim. Oy shom yegan, yaʼni u osmonga kech koʻtariladi. “Oy shom yegan” deyishadi bizning Miraki tomonlarda oyning bu fazasini. Salgina gʻalatiroq, ammo ifoda aniq. Oy shomni yemaydi bunday qaraganda, ammo biror jihatini hisobga olgandirki, xalq shunday degan. Xullas, oy hali koʻtarilganicha yoʻq. Xona qorongʻi. Men odatda sham yoki chiroq yoqmay yotishni xush koʻraman. Qorongʻida yaxshi fikrlayman. Mana uning yana bir natijasi. “Mahshar guni…” dedimu nafasim ichimga tushib ketdi. Mahshar kuni nima boʻladi? Har bir muslim biladiki, mahshar, yaʼni qiyomat kuni barcha oʻliklar tiriladi. Shunda ogʻa-inilar, ota-ona-yu bola-chaqalar, sevishganlaru bu dunyoda uchrashganlar va xullas hamma bir-birini koʻrishga sazovor boʻladi. Modomiki shunday ekan, Oyniso ham Subhonni koʻradi! O, bu qizning zukkoligini qarang! Qarang uning kichkina kosani katta kosa tagiga yashirishini! Nega men bu misralarni necha bor takrorlashim va hatto xirgoyi qilib yurishimga qaramay, “goʻram daram” degan soʻzlar mohiyatini anglamadim. Qiyomat kuni uni koʻraman deb aniq aytyapti-ku qizgina. Quvonch va oʻkinchlar aralashib ketdi dilimda. “Ul sarvi qomati” degan soʻzlar tizimi aynan Subhonga qaratilgan. Sirixday sipta, qad-qomati gʻoyat xushbichim edi Subhonning. Koʻkraklari keng. Umrovli… shunga qaramay rangpar edi uning yuzi… xayolchan edi koʻzlari. Kulishga, hech boʻlmaganda jilmayishga majburlardi oʻzini gohida. Tugʻma shal edi bir qoʻli… Va u hamisha gʻamgin voqealarni soʻzlashga moyillik bildirardi. Oldi-qochdi gaplar bilan qizning kayfiyatini koʻtarishni oʻylamasdi aftidan. Va aftidan, u anchagina kuchli psixolog ediki, qizning qanday suhbatlarga moyilligini va bunday suhbatlar unga nima uchun kerakligini tushunardi.

 

7

 

Darvoqe, chalgʻib ketibman biroz. 13 avgust tunida yuz bergan holat ham shu ikki misrada mujassam ekan aslida. Maloika Isrofil suratini oy sirtida koʻrgan Oyniso, va balki oʻsha oqshom tezroq sur tortishini va qiyomat qoyim boʻlishini soʻragan undan. Qizning koʻzlarida oy nuriga qorishgan iltijo, koʻksining toʻlqinlanishi, yurak urishidagi keskin oʻzgarish va yonida men oʻtirganimni ham unutib qoʻyganligi faqat yelkalaridan tutib silkilaganim va otini aytib ovoz berganimdan keyingina oʻziga kelishi… Subhonni koʻrishga boʻlgan ilinj, ishtiyoq, tiyiqsiz kuch… Maloika Isrofil sur tortsa, qiyomat yuz bersa va hamma tirilsa va subhonni koʻrsa!.. Birozgina malol choʻkdi mening yarador dilimga. Men ham sevardim bu qizni axir! Yonginasida oʻtirgan edim men. Birdan boshimni qattiq silkib oʻzimga keldim. Oynisoga nisbatan hatto xayolimda ham barcha tuygʻular oydin va riyodan xoli boʻlishi kerak. Shu haqda andakkina shama qilgandim bir kuni unga.

Ikkalamiz xiyobon boʻylab borardik oʻsha antiqa lahzalarda. Bu qiz bilan yonma-yon yurishdan biroz faxrlanardim. Xiyobonning har ikkala tomonida oq tanli bahaybat chinorlar. Hammayoq oppoq. Uchrashib qolganimizda soat oʻn birga yaqinlashib qolgan edi. Mana endi oʻn ikki yarim. Qor yogʻmoqda hamon. Chinorlardan soʻrayman xayolan: “Shunday qizni koʻrganmisiz hech”. Ular jim. Faqat oyoq ostida mayingina gʻijirlaydi qor. Uning kipriklariga qoʻnadi qor parchalari… Tuygʻularning oqligi toʻgʻrisida boshlangan shamadan boshqa fikrlar ustunlik qildi va soʻradim.

– Oʻzi mavjud boʻlmagan narsani sevishi mumkinmi inson?

– Mumkin. Bordan yoʻq boʻlmaydi hech narsa. Agar sen Subhonning bedarak yoʻqolganiga shama qilayotgan boʻlsang, shuni aytamanki, u bor edi.

– Notoʻgʻri tushunding, Oyniso, koʻzingni yum, och, xayollardan qoch, va mavjud borliqqa qayt. Inson nimaningdir xayoli bilan yashay olmaydi. Biz tirik odamlarmiz… gapdan toʻxtadim. Biroz notoʻgʻri va mantiqqa zid gapirayotganimni anglab tilimni tishlab qoldim. Yonimda boshqa biror qiz boʻlganda mumkin edi shunday davom ettirishim, ammo Oyniso… Suhbatlashish qiyinroq u bilan. Umuman, qiz bolaning va umuman ayol zotining oʻta aqllisi va buning ustiga oʻta xayolchani biz erkaklarga unchalik ham maʼqul koʻrinmaydi. Shunday boʻlishiga qaramasdan Oynisoning xayoli bilan yashardim men. Qandaydir mubham va koʻzga koʻrinmas kuch taʼsiriga tushib qolgandim aftidan. Nazarimda oʻzga sayyoradan, boringki, oydan tushgan edi bu qiz. Shu gaplardan keyin ishonch bilan aytamanki, tadqiqotlar tufayli erishgan eng katta natijam uni topganim boʻldi. Oyniso oʻz ichki dunyosining ichida! Uning ichki dunyosi esa uzoq yillar davomida olib borgan tadqiqotlari ichida! Tadqiqotlar esa mana shu xonada, deraza rapida va daftar ichida.

 

8

 

Ana shunday fikr bilan oʻzimni ovutib yurgan kunlarning birida deraza tokchasida bir tup yorongul paydo boʻldi. Alvonday qizil. Eshik-deraza berk edi, shu tufayli algʻov-dalgʻov boʻldi koʻnglim. Uyning kaliti choʻntagimdaligini va men shu kalit bilan qulfni ochib kirganligimni aniq bilsam-da, dam qulfga, dam kalitga qarar va hatto choʻntagimni ham paypaslab qoʻyardim. Gulga qarayman, deraza tokchasida, sopol gultuvak ichida yashnab turibdi. Barglari xuddi qaldirgʻochkulchanikiga oʻxshash. Chetlari yashil, oʻrtasida qoʻngʻirtob parraksimon hoshiya. Unga yaqinroq borishga jurʼatim yetmay, xona oʻrtasida turib qoldim.

– Chiroylimi?..

Choʻchib oʻzimni eshikka urdim. Va ostona hatlayotib ortimga qarashga ulgurdim. Xona burchagida mutlaqo begona bir ayol! Nigohlarimiz toʻqnashdi.

– Qoʻrqma, Sulton Oston, senga ziyon yetkizmayman.

– Kimsiz? – soʻradim ovozim titrab uning oppoq sochlariga qararkanman.

– Doʻstingman.

– Ismingiz kim? Sizni tanimayapman.

– Oyshunosman.

– Oyshunos?!

Labining bir chetginasi bilan jilmaydi ayol va goʻyo sochlarining oqligiga ishora qilgandek qoʻllari bilan chekkasidagi tolalarni silab qoʻydi. Oʻz harakatimdan oʻzim xijolat chekib ichkariga kirdim.

– Olib keldim nihoyat shu gulni.

Nima sababdan “nihoyat” deyotganiga aqlim yetmadi. Hamma joyda borku axir yorongullar. Oydan olib tushmagandir uni. Menga qolsa, yorongullarga nisbatan siklaminlar jozibador va kamyob… Savol nazari bilan qarab turardi ayol shu bois yondosh fikrlardan chekinib xotirjam tortdim va soʻradim:

– Oyshunos… bu ismingizmi yoki kasbingizmi?

– Ismim ham, kasbim ham, – uning ovozidagi ayrim tovushlar tanishday tuyulib yana soʻradim:

– Siz Oyniso degan qizni tanimasmidingiz mabodo?

Nimanidir eslashga urinayotganday biroz jim qoldi ayol. Tikilib turdi koʻzlarimga bir muddat. Agar bu ayol Oynisoning oʻzi boʻlsa, uning yoshi hozir yigirma toʻqqizda boʻlishi kerak. Shunday boʻlgach sochlari… Ayol yana barmoqlarini chekkasiga qoʻydi. Kafti bilan sochlarining oqini bekitmoqchidek tuyuldi menga. Va shu holatini oʻzgartirmagan koʻyi boshi bilan deraza tomonga ishora qildi.

– Shu gulni olib keldim…

– Minnatdorman. Juda chiroyli ekan.

– Menga shu gulning surati kerak. Faqat qogʻozga chizma, mana bunga chiz. Ayolning qoʻlida deraza shishasiga oʻxshash allaqanday narsa turardi. Sira koʻrmagandim bunday antiqa matoni.

– Qachonga kerak? – soʻradim koʻzimni uning qoʻlidagi narsadan uzmay.

– Fursatingga qara, men uch kundan keyin qaytaman.

– Darvoqe, men uyda boʻlmasamchi oʻsha kuni? Bu savolni berishdan maqsadim uning uyga qanday kirganini aniqlash edi.

– Menda uyning kaliti bor, dedi ayol xotirjam tarzda.

– Oyniso berganmidi sizga? Hamon uning shaxsini aniqlashga urinayotganimni tushundi ayol.

– Oʻsha qiz seni sevardi, – dedi biroz mahzun tortib. Va yana gulga ishora qildi. Ammo hech narsa demasdan xona devorlariga koʻz yugurtirib chiqdi-da, tokchada turgan kultapoʻshokni qoʻliga oldi.

– Baʼzan siz buni kiyib oʻtirardingiz, – dedim tavakkal qilib.

Ogʻir xoʻrsindi ayol. Kultapushokning sirtini siladi barmoqlari bilan. Yuziga yaqin olib bordi. Menimcha, hidlab koʻrmoqchi boʻldi. Balki hidlagandir ham… Keyin u sharpasiz qadamlar bilan eshik tomon yurdi. Qoʻlida kultapoʻshok. Jurʼatim yetmadi biror narsa deyishga. Eshik yopildi.

 

9

 

Agar eʼtibor qilgan boʻlsangiz, mamlakatning eng nomdor restoranlari va boobroʻ korxonalarining foyelari va zallarini bezab turibdi men chizgan portretlar va natyurmortlar. Yorongulni chizishga ham ishonch va ishtiyoq bilan kirishdim. Van Gog uslubida tanladim ranglarni. Fikr va tuygʻularimni erkin qoʻydim, erkin qoʻydim qoʻl va oyoqlarimni. Qoʻlimga moʻyqalamni olarkanman, inson va koinotning, mikro va makro olamning bir butunligi toʻgʻrisida ulugʻ Vinsent singlisiga yozgan xatini esladim. Va ayni paytda bu ulugʻ rassomning “Dunyoga kelarkansan, sen birgasan osmon bilan, quyosh bilan, oy bilan va uchayotgan bulutlar bilan” deya xirgoyi qilgancha oʻzining mashhur asari “Tok navdasi”ni chizayotgan holatiga kirishga harakat qildim. Oʻziga xos bunday imitatsiya juda zarur edi mening ayni damdagi ruhiyatimga. Necha yildirki, surat chizishni tashlab qoʻygan boʻlsam-da, (tadqiqotlar tufayli) yorongul koʻngildagidek chiqdi. Qiyin boʻldi albatta nimaligi nomaʼlum xolstda surat chizish. Aslida uni xolst deb ham boʻlmasdi, men shartli ravishda shunday nomlayapman. Matoh sirti xuddi koʻkimtir kukun sepilganday biroz dagʻal ammo zehn solib qarasangiz shu dagʻallik ostida boshqa bir qavat borligini va bu qavat nurga, aniqrogʻi oy shuʼlasiga oʻxshashini payqaysiz. Xuddi suvday kilkib turganga oʻxshaydi bu nur deganim. Uning ostida yana bir qavat boʻlib, bu qavat osmon rangini eslatadi. Xullas, “Yorongul” tayyor. Moʻyqalamni latta bilan artib shisha idishdagi suyuqlikka solib qoʻyayotib ostonada Oyshunos turganini koʻrdim. Bu paytda qoramtir qanotlarini sekinlik bilan yoymoqda edi kuz oqshomi va derazamda ufq shafagʻining yoqtisi titrab turardi hali. Titroq shafaq yorongul yaproqlarini sirtdan yoritar va nazarimda gulbarglar choʻgʻdek yashnamoqda va koʻzga koʻrinmas nur epkini taʼsirida titrab ham turardi birozgina. Chiroqni yoqishga shoshildim. “Yoqmang”. Endi ayol meni sizlar va avvalgidan mayinroq muomala qilardi.

– Yoqmang, bu lahza uzoqqa choʻzilmaydi, men yorongulning shu holatini koʻrib qolmoqchiman.

– Xohishingiz…

– Keyin uni egasiga topshiramiz.

Uning sirli gaplari biroz meʼdamga tekkani sababli eʼtiroz bildirmadim va gulning egasi kimligini ham soʻramadim. Uning imosi bilan deraza tagiga toʻshab qoʻyilgan koʻrpachaga yonma-yon oʻtirdik. Xuddi bundan yetti yil muqaddam 13 avgust oqshomi toʻlin oyga qarab oʻtirganimizday. Keyin u katta laganda namakopli suv keltirishimni soʻradi. Laganni deraza tokchasiga joylashtirdi-da, suratni suv ustiga qoʻydi. “Jodu qilishga hozirlik koʻrayotgan sehrgarning harakatlari…” Shunday fikr oʻtdi xayolimdan. Keyin biz tashqariga chiqib eshikni qulfladik va tungi chiroqlari parpirab turgan shahar tomon yoʻl oldik. Uning istagi bilan boʻldi bularning hammasi. Shaharning markaziy koʻchalaridan biriga yetganimizda yemakxonaga taklif etdim uni. Bu taklifga hech qanday munosabat bildirmadi. Indamay ketaverdi. Men ham ergashdim ortidan. Hademay oy nuriga choʻlgʻanib yotgan keng adir namoyon boʻldi roʻparamizda.

– Shu yerda xayrlashamiz…

Ogʻir, juda ogʻir bir mung va horgʻinlik bor edi uning ovozida. Uzoq ufqdan uzmasdi nigohini.

– Surat-chi? – dedim ranjigan qiyofada.

– Surat egasiga topshirildi…

Xayrlashuv oldidan menga qarar va yana biror soʻz aytar deb oʻylagan edim. Yoʻq nigohini ufqdan uzmagan koʻyi yerga toʻshalib yotgan oy nuri ustiga ohisa qadam qoʻydi. Biz yurib kelgan yoʻllar ham oy nurlari bilan charogʻon edi aslida, ammo bu yerda uning harakatlari qandaydir boshqacharoq tus oldi. Xuddi avtobus zinasidan chiqayotganday, yoki platformadan metro poyezdiga oʻtayotganday keskin bir intilish bilan adir chetiga qadam qoʻydi. Nimagadir qoqinib ketdi degan xayolga borib, uni yiqilishdan saqlab qolmoqchi boʻlgandek beixtiyor qoʻllarimni choʻzidim. Havoda muallaq osilib qoldi mening qoʻllarim. Shunda ajabtovur bir holat roʻy berdi mening koʻz oʻngimda. Ayolning egnidagi oq shohi koʻylagi oppoq sochlari ustiga behisob nur tolalari yogʻilayotganini, boshqa bir boʻlak ingichka va nozik nurlar oqimi esa uning atrofidan aylanib va gohida yuqoridan pastga va pastdan yuqoriga tomon harakatlanib tobora qalinlashib va quyuqlashib borayotganini, nurlarning bu antiqa harakatidan qandaydir sutrang matoh toʻqilayotganini koʻrib turardim. Koʻzga koʻrinmas mohir toʻquvchi ishga solmoqda edi bor sanʼatini. Goʻyoki Araxnaning oʻzi toʻqimoqda edi bu matohni. Nihoyat, yengi, etagi va yoqasi yoʻq bir libos ichida qoldi Oyshunos. Koʻzlarimga ishonmas va nahotki shu koʻrib turganlarim haqiqat boʻlsa deya sirli manzara kashf etgan bepoyon adirdan va Oyshunos atrofida tobora quyuqlashib, uni oʻrab-chirmab olgancha, borgan sari uzoqlashib ketayotgan nurlar oqimidan koʻz uzolmay turardim. Oy nurlariga qoʻshilib, uning sohir qavatlariga singib tobora uzoqlashib borardi bu shaffof izdihom.

Gʻira-shira tong ota boshlagandi uyga qaytganimda. Kuchli bir horgʻinlik butun vujudimni toʻshakka tomon tortayotgan boʻlsa-da, deraza oldiga borib yerga choʻkkaladim va suv kilkib turgan laganga qaradim. Evoh, haligi xolst ham, men chizgan surat ham yoʻq edi uning ichida! Faqat biroz quyuqlashibdi suv. Uning sirtida esa turli rangdagi boʻyoqlarning bilinar-bilinmas izlari…

Yerga muk tushgancha Oynisoning daftarlarini titkilay ketdim. Mana, muqovasiga makrokosm belgisi chizilgan daftar. Mana, daftarning eng soʻnggi sahifasi, va mana oʻsha men izlagan yozuv:

“Oy – mungli sayyora. Tuni bilan yerni yoritadi oy, silab-siypalaydi uni nurlari bilan, nimanidir izlaydi va nimalarnidir soʻraydi. Oʻziga tortadi hamma narsani: daraxtlarni, gullarni, odamlarni, dengizu daryolarni va hattoki qabrlarni ham… Qani endi shu mungli sayyoraga bir tupgina yorongul sovgʻa qilsam!..”

 

Neʼmat ARSLON

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.