Oʻttiz yil oʻtib

0
104
marta koʻrilgan.

Mixail Zoshchenko

 

Bolaligimda ota-onam meni juda yaxshi koʻrar, doim sovgʻalar bilan siylardi. Balki bunga koʻp kasal boʻlganim sababdir. Chunki tomogʻim ogʻrisa, tepki boʻlganimda, shamollasam ota-onam dori bilan birga darrov sovgʻa ham koʻtarib kelardi.

Opam Lelya esa aksincha, deyarli kasal boʻlmasdi. Shuning uchunmi unga uydagilar uncha eʼtibor bermasdi. Shoʻrlik opamning koʻp kasal boʻlishimga hatto havasi kelardi.

– Hali koʻrasan, Minka, men ham qachondir kasal boʻlaman. Oʻshanda ota-onam menga ham albatta, sovgʻa beradi, – derdi u menga.

Afsuski, Lelyani sirayam tobi qochmasdi. Faqat bir marta stul qoʻyib tokchaga chiqqanida yiqilib, peshonasi gʻurra boʻldi. Ogʻriqdan ingrab oyimning oldiga bordi, biroq sovgʻa oʻrniga shapati yedi. Chunki u onamning qimmatbaho soatini olish uchun tokchaga chiqqan edi-da.

Bir kuni ota-onamiz bizni yolgʻiz qoldirib teatrga ketganda opam ikkalamiz bilyard oʻynashga kirishdik.

– Minka, bilmasdan bilyard soqqasini yutib yubordim, – dedi Lelya pichirlab.

Men juda qoʻrqib ketdim, axir, soqqalar kichkina boʻlsa ham metalldan edi-da. Ichida yorilib ketsa-chi, deb oʻylab yigʻlab yubordim.

– Qoʻrqma. U yorilmaydi. Lekin bu sendagi tomoq ogʻrigʻi yoki tepkiga oʻxshab uch kunda oʻtib ketmaydi. Bu – bir umrlik kasallik, – dedi opam.

Lelya divanga yotvolib qornini ushlagancha voy-voylashga tushdi.

Ota-onamiz kelganda boʻlgan voqeani aytib berdim. Ularning ranglari oqarib ketdi. Onam yigʻlagancha Lelyani tinmay oʻpar, nima qilishini bilmasdi. U Lelyadan oʻzini qanday his qilayotganini soʻradi.

– Soqqa qornimda u yoqdan bu yoqqa dumalab, qitigʻimni keltiryapti. Yana apelsin yegim kelyapti, shokolad ham, – inqilladi opam.

Otam yoʻlakda paltosini kiya turib:

– Men hozir doktorni olib kelaman. Sen Lelyani sekin oʻrniga yotqizib tur, – deb tayinladi.

Onam Lelyaning nimchasini avaylab yechayotganda choʻntagidan nimadir tushib, karavot tagiga dumalab ketdi.

Hali chiqib ketishga ulgurmagan otam qoshini chimirgancha bilyard stoli oldiga borib, soqqalarni sanay boshladi. Soqqa oʻn beshta chiqdi. Oʻn oltinchi, Lelya “yutib” yuborgan soqqa esa karavot tagida yotardi.

– Lelya bizni aldabdi. Uning qornida hech qanday soqqa yoʻq: hamma soqqalar joyida. Qani tushuntirib ber! Bu nima qilganing? – jahl bilan Lelyani turtdi otam.

Lelya boshini egib, miq etmay turaverdi.

– Sen biz bilan hazillashmoqchi boʻldingmi? Bu qilgan haziling senga juda qimmatga tushdi. Senga bir yil hech narsa olib bermayman! – otam eshikni qattiq yopib chiqib ketdi.

– Bu yolgʻonni oʻylab topgandan koʻra, tepki boʻlishingni kuta qolsang boʻlarkan, – dedim, opamga achinib.

Shu voqeaga ham oʻttiz yildan oshdi. Opam allaqachon uchta bolali boʻlgan, baxtli hayot kechiryapti. Bugun oʻsha voqeani esladim-u, uni anchadan beri koʻrmaganimni, juda sogʻinganimni his qildim va poyezdga oʻtirib uni koʻrgani ketdim. U meni quchoq ochib kutib oldi. Toʻkin dasturxon atrofida oʻtirar ekanmiz, unga oʻsha voqeani eslatdim va oʻshanda nima uchun shunday qilganini soʻradim.

– Bilasanmi, ukajon? Men oʻsha qilmishimdan hech qachon pushaymon boʻlmaganman. Chunki oʻsha yolgʻonim tufayli ota-onam meni ham sendan kam yaxshi koʻrmasliklarini bilib olganman. Lekin bu mehrni menga nega sezdirishmagan, hali ham javob topolmadim. Ammo bu menga saboq boʻldi. Men uchala oʻgʻlimga ham bir xil mehr koʻrsatyapman, – dedi opam maʼyus jilmayib.

Men opamni qattiq quchoqlab, uni juda yaxshi koʻrishimni aytdim. Opam boshimni siladi. Uning kaftidagi harorat tanamni ilitdi.

 

Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.