Oʻrik

0
241
marta koʻrilgan.

Halol ham aniq, harom ham aniq. Ikkovining oʻrtasida shubhali narsalar bor. Kimiki shubhalardan saqlansa, dinini ham, obroʻsini ham saqlaydi.

Hadisi sharifdan

Avtobusda yoʻlovchilar ancha tigʻiz edi. Bekat oshgan sari odam koʻpayib bordi. Oldingi oʻrindiqlardan birida oʻtirgan ayol yonida turib qolgan kelinchakka eʼtibor qildi-da, darhol oʻrnidan turib, unga joy berdi. Kelinchak uyaldi, “oʻzingiz oʻtiravering”, deb unamadi. Shu payt boshqa yoshgina juvon oʻrnidan chaqqon turdi-da, kelinchakni oʻtqazdi. Kelinchak qizarib, qimtinib boʻsh joyga oʻtirarkan, yuzlarida sezilar-sezilmas sevinch, gʻurur, baxtiyorlik qorishiq bir ifoda roʻy koʻrsatdi.

Ayollar bozor-oʻchar haqida suhbatlashib qolishdi. Juvon Chorsudan bir chelak oʻrik xarid qilgani, hozir borib murabbo qilmoqchiligini gapirib borardi. Kelinchak shunda eʼtibor berdi: Shundoq yonginasida, qoʻl yetguday masofada bir chelak oʻrik turardi. Koʻngli beixtiyor sust ketib, yutindi. Koʻzini chetga oldi. Sal oʻtmay, yana oʻz-oʻzidan nigohi chelakka qadaldi. Koʻzini yumdimi yo koʻz oldi qorongʻulashib ketdimi, bilmaydi, shundoq qarshisida bir barkash sap-sariq oʻrik turib qoldi. Oʻriklar yuzida shabnam, shabnamda quyosh akslanib, koʻzni qamashtiradi. Kelinchakni birov turtganday boʻldi, koʻzi ochilib ketdi. Qarasa, oʻrik toʻla chelak oʻrnida yoʻq. Haligi juvon uni koʻtargancha avtobusdan tushib ketyapti.

Kelinchak yosh bola singari mungʻayib, xomush tortib qoldi…

***

U oʻz koʻchasidan ketib boryapti. Qadam olishi sust. Ruhsiz… Keyingi koʻchaga qayrildiyu, labida yosh goʻdaknikidek kulgu paydo boʻldi. Qadami tezlashdi. Roʻparasidan unga tomon shoxlarida gʻum-gʻuj mevalari tovlanib turgan daraxt sollanib-sollanib kela boshladi. Yetishi qiyin boʻldi. Va nihoyat… u oʻrik shoxiga qoʻl choʻzdi. Qoʻli yetmadi. Besabrlik qilib bir-ikki sakradi. Ehtiyotsizlik qilib qoʻyganidan bexos labini tishladi. Nima qilsa ekan? Shu choq oyogʻi ostida yer bilan bitta boʻlib yotgan oʻriklarga koʻzi tushdi-da, nari-berisini oʻylamay, qoʻlidagi idishiga terib sola boshladi.

***

Kelinchak peshayvonda tikish qilib oʻtirgan qaynonasi bilan koʻrishib, soʻrashgan boʻldi-da, tezgina oʻrnidan turdi.

– Oyijon, men hozir!..

– Ha, bolam?

– Oyijon, men sizga oʻrik olib keldim. Shuni chayib kelay. Muzdaygina qilib yeb oling…

– Avval nafasingizni rostlab oling, keyin…

– Qoʻyavering, oyijon, charchaganim yoʻq.

Hayal oʻtkazmay barkash toʻla oʻrikni yaltiratib dasturxonga keltirib qoʻydi. Bittasini olib, qaynonasining qoʻliga tutqazdi.

– Yaxshi-ya, oyijon!..

– Qudam, baraka topgur, hovlilaringni jannat qip qoʻyibdilar. Qoʻllari dard koʻrmasin.

– Oyijon, bogʻimizda hammasidan boru, faqat mana shunaqasidan yoʻq ekan, – kelinchak bir oʻrikni qoʻliga oldi, – gʻoʻlin deydimi?..

– Gʻoʻlin. Uylaringda boʻlmasa, qayerdan oldingiz, qoʻni-qoʻshni ilindimi?

– Ha, qoʻshnimiz, – deya kuldi kelinchak, – mana shu oʻzimizni Ibodat xolamiz… Kelayotsam, devorlari tagida yer bilan bitta boʻlib yotgan ekan. Koʻzimga olovday koʻrinib ketdi, oyijon, – dedi-da, betoqat yutindi. “Qani, oling, yeya qolaylik!” deb yuborishiga bir bahya qoldi. Kampir esa shoshilmadi.

– Ibodat xolangiz bor edimi ishqilib?..

Kelinchak jilmaydi.

– Xolam boʻlganlarida uyalardim, hech kim yoʻq uchun…

– Uyalmadingiz, shundaymi?..

Kelinchak duv qizardi.

– Ha, qizim-a, – beozor kulimsiradi qaynona.

– Yoʻlda, avtobusda bir ayolda koʻrib, koʻnglim shunaqa sust ketdiki… Keyin oyogʻim ostidan chiqib qolganiga oʻzimni tutolmadim.

– Bir ogʻiz soʻrash kerak edi-da, bolam.

– Aytdim-ku, oyijon, tagidan terib oldim, deb. Yer bilan bitta boʻlib yotgan ekan. Shamol toʻkkan-da. Kechasi rosa shamol boʻldiyu…

Kampir qoʻlidagi oʻrikni barkashga qaytib qoʻydi. Moʻltirab turgan keliniga jiddiy tikildi…

– Mahfuza qizim, hozir chiqing-da, Ibodat xolangizga uchrab, roziligini oling.

Bu kelin uchun kutilmagan gap boʻldi.

– Oyijon, qanday chiqaman, nima deyman? Keyin koʻchada sochilib yotgan narsa boʻlsa…

– Qizim, bolangizni oʻgʻri boʻlishini istaysizmi?

– Voy, oyijon! – Mahfuza choʻchib tushdi.

– Kishining molini soʻramay olish gunoh. Soʻramay olingan narsa makruh. Makruh narsani yesangiz, zarari bolangizga tegadi-da!.. Shuning uchun buni opchiqing-da, xolangizning oldidan oʻting, jonim bolam. Xoʻpmi!..

– Uyalib boryapman-da, oyijon, – dedi Mahfuza boʻshashib.

Kampir kelinining sochini silab, yumshoqlik bilan dedi:

– Keyin qattiq uyatga qolmayin desangiz, hozir oldini oling, bolajonim!.. Boring.

Ming istihola bilan koʻchaga chiqqan kelinchak, hayal oʻtmay qushday yengil boʻlib kirib keldi. Chehrasi kunday yorishgan. Bir qoʻlida hali avtobusda koʻrgani kabi bir chelak sap-sariq oʻrik. Oʻriklar yuzidagi shabnam tomchilarida quyosh nurlari akslanib, jilvalanib kelyapti…

 

Orziqul ERGASH

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.