Oqsoqol “general”

0
188
marta koʻrilgan.

(Kirakash haydovchining hangomasi)

 

– Oʻtiring, aka! Hangamalashe-ye-yeb ketamiz! Yaxshiyam rahmatli otamdan qolgan mana shu “Jiguli” bor ekan! Yoshiyam oʻttizdan oshdi-yov jiyrontoyning! Eski boʻlsayam, kunimga yarab turibdi. Tirikchilikning aybi yoʻq. Ishdan boʻsh paytimda kirakashlik qilaman. Bir zamonlar bitta taksi toʻxtasa, oʻnta odam yugurib borardi. Hozir bitta odam qoʻl koʻtarsa, oʻnta mashina gʻiyqillab toʻxtaydi. Shoʻpirlar orasida “Mening mijozimni obqoʻyding!” deb yoqa boʻgʻishadiganlari bor! “Hoy, baraka topgur, karvon koʻp, rizqi boshqa, oʻlar yerdamassan”, desangiz, “Nasihatingni ukangga qil”, deydi. Voy, tavbangdan ketay!

Mol bozor kunlari “Shoʻrobozor”ga tushib turaman. Qoʻy-poʻy xarid qilganlarni eltib qoʻysam, harna, besh-oʻn soʻm tushadi, nasibaga yarasha.

Bir kuni saharlab bozorga bordim. Bahor edi. Maydalab yomgʻir yogʻib turibdi. Jiyrontoyni toʻxtatib razm solsam, daraxt tagida bir chol turibdi. Bozordan xarid qilgan qoʻyining arqonini ushlab olgan. Cholning oldiga hali u shoʻpir boradi, ikki ogʻiz gaplashadi-da, burilib ketadi. Hali bu shoʻpir boradi, qoʻl siltab nari ketadi. Oxiri, men ham bordim. Odatda, yoʻlovchi shoʻpirdan “Falon joygacha qancha soʻraysiz”, deb aniqlashtirib oladi. Shoʻpir kira haqini aytadi. Bir xillari bor. Otasining xunini soʻraydi-da, “kami bor”, deb ham qoʻyadi. Bozordagi chayqovchi boʻp ket-e, shovvoz!

Xullas, yaqin borib, cholga salom berdim.

– Xizmat, otaxon, qayerga oborib qoʻyay? – desam, chol negadir bosh chayqadi.

– Aytganim bilan baribir obormaysan, shoʻpir bolam, – dedi.

Hayron boʻldim.

– Nega obormas ekanman? – desam, kuldi.

– Negaligi shuki, qoʻy xarid qilaman deb bir tiyin ham pulim qolmadi, – deydi.

– Boʻpti, otaxon, uyingizga borganda hisob-kitob qilarmiz, – degan edim, bosh chayqadi.

– Ilojim yoʻq. Uydagilarning biri ishga, biri oʻqishga ketgan. Kampirimda xemiri yoʻq… Ammo uyim yaqin. Rozi boʻlib, tekinga olib borib qoʻysang, duo qilaman, – dedi.

Qarab tursam, cholning yuzida nur bor. Yolgʻondan hazar qilishi koʻrinib turibdi. “Savob ham kerak-ku odamga”, dedim oʻzimga oʻzim. Baribir shahar tomon yuraman. Yoʻl usti ekan, tashlab oʻtaqolay, dedim-da, ikkovlashib qoʻchqorning oyogʻini juftlab bogʻlab yukxonaga soldik.

Yoʻl-yoʻlakay gurunglashib ketdik. Chol yaqinda evarali boʻlgan ekan. Buning ustiga Navroʻz bayrami kelyapti. Shuning uchun mahalla-koʻyni yigʻib izdihom qilmoqchi ekan. Oqsoqolning uyi chindan ham uzoq emas ekan: narisi bilan toʻrt chaqirimcha. Zum oʻtmay manzilga yetib keldik. Chol bolaxonali uyning darvozasidagi qoʻngʻiroqni bosgan edi, ichkaridan yarashiqli kiyingan oʻttiz-oʻttiz besh yoshlardagi yigit chiqdi. Oldin oqsoqolga, keyin menga salom berdi. Tavoze bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi.

– Menga qara, datsent! – dedi chol zarda bilan. – Anavi qoʻyning oyogʻini yechgin-da, hovlidagi tutga arqonlab qoʻy! Boʻl tez!

Yigit “xoʻp boʻladi, otajon”, deb mashina tomon yugurdi. Ikkovlashib qoʻyni tushirdik. Yigit qoʻy yetaklab ketayotgan edi, chol tagʻin oʻsha zardali ohangda soʻradi:

– Akang qani?

– Uydalar, – dedi yigit.

– Tez chiqsin baqqa!

Yigit: “Xoʻp boʻladi, otajon”, degancha qoʻyni sudragudek boʻlib, hovliga kirib ketdi.

– Bunisi domla, – dedi oqsoqol tushuntirib. – Institutda dars beradi.

Chol gapini tugatmasidan ichkaridan melisa kiyimini kiygan podpolkovnik chiqib keldi. U ham xuddi ukasiga oʻxshab salom berdi. Ikkalamiz bilan qoʻshqoʻllab koʻrishdi.

– Endi bizga ruxsat, otaxon, – degan edim, chol “shoshmay tur”, deb imo qildi-da, podpolkovnikka buyurdi:

– Qani, qashlanmaysanmi, nachaynik!

– Xoʻp boʻladi, otajon, qancha kerak? – dedi podpolkovnik choʻntagidan hamyon chiqarib.

– Yigirma ming.

Oʻgʻli ming soʻmliklardan kerakligini ajratib cholga uzatgan edi, oqsoqol jerkib berdi:

– Mengamas, shoʻpir yigitga ber!

– Xoʻp boʻladi, otajon! – Podpolkovnik shunday deb, pulni menga uzatdi.

Hayron boʻpqoldim.

– Otaxon, – dedim tushuntirib, – boshida kelishganmiz: pul kerakmas, duo qilsangiz boʻldi.

– Duo ham qilaman. – Cholning chehrasi bir qadar yorishdi. – Sen buning savlatiga parvo qilma, – dedi oʻgʻlini koʻrsatib. – Bu padpalkovnik boʻlsa, men generalman! Bu xonadonning lashkarboshisi men boʻlaman!

Podpolkovnik pul uzatgan koʻyi jilmayib turar, men boʻlsam, kira haqini olishni ham, olmaslikni ham bilmay garangsib qolgan edim.

– Olaver, akangniki tabarruk, – dedi chol. Soʻng bir zum sukut saqladi-da, tushuntirdi. – Hali bozorda pulim yoʻq deganim bejiz emas edi. Qani, koʻray-chi, odamlarda insof, himmat, birovning hojatini chiqarish, degan narsalar bormi, bor boʻlsa, kimda – shuni bilmoqchi edim. Otangga rahmat, shoʻpir bolam! Sendaqalar borligiga shukr!

– Baribir bu pul koʻp, – dedim rostini aytib.

– Ishing boʻlmasin! – deb chol siltab tashladi. – Kam desang, akang yana qoʻshadi!

Podpolkovnik birpas tursa kira haqi “bolalab” ketishini bildi shekilli, pulni choʻntagimga tiqdi. Tagʻin “xizmatingizga rozi boʻling, ukajon”, deb ham qoʻydi.

– Mana endi duo qilaman, – dedi chol qoʻl ochib. – Topgan-tutganingga baraka bersin! Ulovingning tagidan doim shamol oʻtib tursin, shoʻpir bolam! Har xil balolardan Oʻzi asrasin! Sen ham menga oʻxshab, manavi akangga oʻxshab piri-badavlat boʻlib yurgin!

Mashina tomon yurgan edim, chol oʻgʻliga tayinladi:

– Menga qara, nachaynik! Mana shu mashinaning nomirini yozib ol! Yigitlaringga ayt: bu mashinani hech kim, hech qayerda toʻxtatmasin, uqdingmi?

– Xoʻp boʻladi, otajon! – dedi podpolkovnik.

Cholning oʻgʻli chindan ham DAN sohasida ishlaydimi-yoʻqmi, unisini bilmadim-ku, oʻshandan beri mashinamni biron joyda toʻxtatishgani yoʻq. Hatto bir-ikki marta koʻcha chetida turgan inspektor yigitlar menga chest berganini oʻzim koʻrdim!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.