Oqsoq mushukcha

0
169
marta koʻrilgan.

Kichkina bir doʻkon eshigiga “Mushukchalar sotiladi” degan eʼlon yopishtirildi. Bu yorliq birpasda bolalarning eʼtiborini tortdi. Koʻp oʻtmay doʻkonga bir bolakay kirib keldi. U doʻkonchi bilan salomlashgach, jurʼatsiz bir shaklda mushukchalarning narxini soʻradi.

– 30 soʻmdan 50 soʻmgacha, – deb javob berdi sotuvchi.

Bola choʻntagidan hamyonini olib, tangalarini sanay boshladi.

– Hozir ikki soʻmgina pulim bor ekan, xolos, – dedi xoʻrsinib. Soʻng: – Hech boʻlmasa, mushukchalarni koʻrishga ruxsat bering, – deb iltimos qildi.

Doʻkonchi jilmaydi va katta qutidan mushukchalarni chiqardi. Erkinlikni his qilgan mushukbolalar miyovlay boshlashdi va har yoqqa chopib ketishdi. Faqat bittasi hammadan ortda qolgan, orqa oyogʻini ichiga tortib harakatsiz turar edi.

– Bu mushukchaga nima qilgan? – deb soʻradi bola.

– Panjasida tugʻma nuqsoni bor. Veterinar aytdi, bu butun umr shunday oqsoqlanib oʻtar ekan.

Bu gapdan bola negadir qattiq hayajonga tushdi.

– Men mana shu mushukchani sotib olaman, – dedi u.

– Nima, mening ustimdan kulyapsanmi, bolakay? Axir bu noraso bir jonzot boʻlsa! Uning senga nima keragi bor? Ja-a shunaqa rahmdil boʻladigan boʻlsang, uni senga tekinga beraman.

Bu gapdan bolaning hafsalasi pir boʻlgani koʻrinib turardi.

– Yoʻq, men uni tekinga olmoqchi emasman, – dedi u qatʼiyat bilan. – Bu mushukchaning narxi boshqalari bilan bir xil! Hozir pul olib kelaman, haqini toʻla toʻlayman!

Bolakayga hayratlanib qarab turgan sotuvchining yuragi titradi.

– Oʻgʻlim, sen gapimni tushunmading. Bu bechora mushukcha boshqalariga oʻxshab yugurolmaydi, sakrolmaydi, sen bilan oʻynolmaydi. Hech qachon!

Bu gapdan soʻng bolakay chap oyogʻining pochalarini qayirishga tushdi. Uning oyogʻi burishib-mayishib yotar, unga qadalgan temir gardishlargina oyoqni tik tutib turardi.

Bola sotuvchiga qaradi:

– Men ham hech qachon yugura olmayman, sakray olmayman. Bu mushukchaga ham uni tushunadigan, qanaqa qiynalayotganini biladigan bir gʻamxoʻr kerak… – dedi bola mungli, titroqli tovush bilan.

Rasta ortida turgan doʻkonchi lablarini qattiq tishlab olgan, koʻzlariga jiqqa yosh toʻlgan edi.

Biroz jimlikdan soʻng u oʻzini zoʻrlab jilmaydi:

– Oʻgʻlim, men Xudodan har bir mushukchaning senga oʻxshagan mehribon, rahmdil egasi boʻlishini soʻrayman. Haqqingga duo qilaman, bolam.

 

Orif Tolib tayyorladi.

 

“Gulxan” jurnalining 2014 yil 10-sonida chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.