Oq, oydin kechalar

0
258
marta koʻrilgan.

Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari koʻz oldimga keladi. Hovlimizda bir tup bodom boʻlardi. Erta bahorda qiygʻos gullardi-yu, hech meva tugmasdi. Onam: “Bodom yolgʻiz boʻlgani uchun meva qilmaydi”, deb tushuntirardi. Shu bodom tagida supa bor edi. Kun botishi bilan onam hovliga koʻloblatib suv separ, kunboʻyi oftobda qizigan yer hidi supa oldidagi rayhonlar isiga qoʻshilib ajib bir tarovat taratar, atrof jimjit boʻlib qolar edi.

Keyin yirik-yirik yulduzlar bilan toʻlgan osmonga tillaqoshdek ingichka oy suzib chiqardi. Oyim oyga tikilib turib ohista pichirlar edi:

 

Oymomaxon xulla,

Qanotlari tilla.

Subhonallo sizga,

Umr bersin bizga…

 

Shunday deb boshimni silardi. Oymoma esa bu sehrli qoʻshiqni yana bir eshitgisi kelgandek, muallaq toʻxtab qolar, yulduzlar oʻychan koʻzlarini tikib muloyim boqib turishar, onam ertak aytar edi.

Toshlar orasiga kirib gʻoyib boʻlgan baxtsiz qizcha yigʻlab-yigʻlab qoʻshiq aytardi:

Ochil-ochil, oq toshlar-a,

Men onamni koʻrayin-a,

Diydoriga toʻyayin-a.

– Men osmondan yulduzimni tanladim. Qarang, oyi, Yetti ogʻayni orasidagi eng yorugʻ yulduz – meniki…

– Mayli, oʻgʻlim. Oʻsha yulduz seniki. Anovi toʻrtinchisi – meniki.

– Nega, oyi, toʻrtinchisi eng kichkina yulduz-ku!

– Shuning uchun ham meniki… Toʻrtinchi yulduz – yetimcha yulduz. Koʻrdingmi, yaxshi oʻsmay qolgan. Yetimlarga rahm qilish kerak.

Yulduzlar sirli koʻz qisishar, tillaqoshdek ingichka oy sirli moʻralar, shabada sirli shivirlar, sadarayhon bilan tuproq sirli hid taratar, osmon ham, yer ham sirlarga toʻla edi.

Goho-goho osmonda birdan yulduz uchib qolardi. Hozirgina yonib turgan yulduz toʻsatdan lop etardi-yu, ingichka, nurli iz qoldirib gʻoyib boʻlardi. Onam choʻchib tushardi:

– Esiz… Bir bechoraning joni uzildi-ya…

Yuragim shuv etib, onamning pinjiga kirardim. Ishqilib, boshqa yulduz uchmasin!

…Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari koʻz oldimga keladi. Bilmadim, ehtimol oʻsha oq, oydin kechalarda onam ilk bor qoʻlimga qalam tutqazgan-dir.

Yulduz toʻla osmonga tikilaman. Ehtimol, osmondagi eng yorqin yulduzlar onalarning jonidir. Ehtimol, onalarning soʻngan yulduzlari birlashib quyoshga aylangandir. Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.