Oq marmar, qora marmar…

0
420
marta koʻrilgan.

Bahor devorlarning oftobroʻya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor goʻristondan boshlanadi. Ilk maysalar mungli doʻppaygan qabrlar yonboshidan unib chiqadi. Toʻngʻich chuchmomalar eng avval sukutga choʻmgan qabriston ustida mayus qoʻngʻirogʻini chaladi. Bagʻri qon qizgʻaldoqlar birinchi boʻlib mana shu yerda ochiladi.

Kim bilsin, tabiatning marhumlar ruhiga yilda bir marta koʻrsatadigan marhamati ehtimol shudir… Choʻgʻdek lovullagan qizgʻaldoqlar, saf tortgan gulsafsarlar orasida marmar toshlar koʻrinadi. Oq marmar, qora marmar, koʻk marmar… “Onajon, sizni to abad unutmaymiz”, “Onajon, qildingiz bizga jon fido, e voh, taqdir sizdan ayladi judo”, “Onajon, xotirangiz qalbimizda mangu yashaydi…”

Oq marmar, qora marmar… Bu soʻzlarning har bitta harfiga qanchadan-qancha koʻz yoshi tomganini bilaman. Ehtimol bular inson bolasining hayotda aytgan eng rost soʻzlaridir. Faqat… har gal ularni oʻqiganda bir narsani oʻylayman: mana shu soʻzlarni yurak-yurakdan, iztirob bilan aytgan farzand onasi hayot ekanligida qanchalik koʻnglini ololdi ekan? Xotiniga qimmatbaho poʻstin olib berayotganida, onasiga bir kiyimlik koʻylak qoʻshib olish yodidan chiqmadimikan? Oʻz uyini chet el mebeli bilan toʻldirib qoʻyganida onasiga aqalli boʻyradekkina gilamcha sovgʻa qilishni unutmadimikan? Qizini tugʻilgan kunida atlas koʻylak, oʻgʻlini velosiped bilan qutlaganida onasiga oddiy bir paypoq olib berishni esidan chiqarmadimikan?

Bilmadim… Faqat bir narsani aniq aytishim mumkin. Mabodo Tangri marhumlarga qayta jon ato qilsayu onalar tirilib qolsa, hayot paytida mehr berganmi, bermaganmi – baribir farzandlarini maqtab gapirgan boʻlardi. Onalar hatto vafotidan keyin ham onaligicha qoladi.

…Bahor devorining oftobroʻya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor mana shu yerdan boshlanadi. Qabrlar ustida qoʻngʻiroq chalgan chuchmomalar, lovillab yongan qizgʻaldoqlar onalarning farzandini yupatish uchun taqdim etgan chechaklari boʻlsa ajab emas…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Dunyoning ishlari”dan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.